L. I. Palminga bag‘ishlanadi
— Tsss! Yuringlar, shveytsarskiyga kiraylik, bu yer noqulay… Eshitib qolishi mumkin…
Shveytsarskiyga kirishdi. Shvetsar Makarni, gaplarini eshitib, chaqimchilik qilmasin deb, kaznacheystvoga yubordilar. U kaznacheystvoga bormasdan, zina tagiga berkinib oldi: u, isyon chiqishini aniq bilar edi.. Oldin gapni Kashalotov boshladi, uning ketidan Dezdemonov, undan keyin Zrachkov gapirdi… Tomirdagi qonlar qizishib ketdi! Qipqizargan yuzlar tirishdi, ko‘kraklariga uraboshladilar…
— Biz daqqiyunus zamonlarida emas, XIX asrning ikkinchi yarmida yashaymiz! — deb gap boshladi Kashalotov. — Qorni yo‘g‘onlarga ilgari yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, endi qo‘yilmaydi. Axir, joiimizga tegdi-ku bu! U zamonlar o‘tib ketgan! Va hokazolar…
Dezdemonov ham taxminan shunday gaplarni gapirdi. Zrachkov hatto beodoblik bilan so‘kinib ham oldi… Chug‘ur-chug‘ur boshlanib ketdi. Ammo ichlaridan aqli raso bir kishi ham chiqib qoldi. Aqli raso kishi yuzini g‘amginlikka soldi-da, burun qoqaverib ho‘l bo‘lib ketgan ro‘molchasi bilan betini artib, dedi:
— Bu gaplarning nima keragi bor-a? Eh… Xo‘p deyaylikki, gapirilgan hamma gaplar to‘g‘ri, ammo nima keragi bor? Birovga otgan tosh o‘zlaringga kelib tegishi ham mumkin: o‘zlaring mahkamaga boshliq bo‘lganlaringda sizlarga ham qarshi isyon chiqishi mumkin. Rost aytaman! Faqat o‘z boshlaringga yetasizlar, xolos.
Biroq, aqli rasoning gapiga hechkim quloq solmadi.
Uni gapirib bo‘lishiga ham qo‘ymay, eshik yoniga surib qo‘ydilar. U aqli rasolik bilan hech narsaga erishaolmasligini ko‘rib, aqli pastlik qila boshladi va o‘zi ham qizishib, kirishib ketdi.
— Biz ham uning singari odam ekanligimizni ko‘rsatib qo‘yish vaqti yetdi endi! — dedi Dezdemonov. — Yana takror aytamanki, biz malay yoki avomlardan emasmiz! Biz gladiator emasmiz! Biz o‘zimizni tahqir qilishga yo‘l qo‘ymaymiz! Bizni sensirasa, salomimizga alik olmasa, huzuriga kirib biron gap aytib tursak yuzini teskari o‘girsa, so‘kinsa… Bu nima degan gap? Hozirgi zamonda olijanob odamlar uyoqda tursin, hatto malaylarni ham sensirash mumkin emas! Kirib, o‘ziga xuddi shunday deb aytish kerak!
— Qaysi bir kuni bo‘lsa menga qarab: «Nega tumshug‘ing bunday bo‘yalib qopti, bor Makarning oldiga, tumshug‘ingni supurgi bilan tozalab qo‘ysin!» deydi. Shu ham hazil bo‘ptimi! Yana bir kuni bo‘lsa…
— Bir kuni men xotinim bilan ketayotgan edim, u uchrab qoldi!.. — deb uning gapini bo‘ldi Zrachkov. — «Ha, do‘rdoqlab, doim qizlar bilan yurganing yurgan, tag‘in kuppa-kunduz kuni-ya!» deydi. Bu mening xotinim bo‘ladi, janobi oliylari, — dedim. Kechirim ham so‘ramadi, faqat labini cho‘pillatib ketaverdi, deng! Shu tahqirlanishdan keyin xotinim boyqish uch kungacha yig‘layverib xum bo‘ldi. U qiz emas, aksincha… O‘zlaring bilasizlar-ku…
— Xullasi kalom, janoblar bunga ortiq chidab bo‘lmaydi! Yo u tursin, yo biz, birga ishlolmaymiz. Yo u ketsin, yo biz ketaylik! Obro‘yni to‘kib yurgandan ko‘ra ishsiz yurganimiz yaxshiroq! Hozir XIX asr bo‘ladi! Har kimning o‘ziga yarasha izzati-nafsi bor! Garchi men o‘zim kichik bir odam bo‘lsam ham, biron sub’ekt emasman, hatto ko‘nglimda o‘z uslubim bor! Bunga yo‘l qo‘ymayman! To‘g‘ri, shunday deb aytish kerak betiga! Oramizdan biron kimsa kirsin-da, bunday bo‘lishi yaramaydi, desin! Hammamizning tilimizdan gapirsin! Qani kim kiradi? Shunday deb, to‘ppa-to‘g‘ri betiga qarab aytaberish kerak! Qo‘rqmangiz, hech narsa bo‘lmaydi! Kim kiradi? Tfu… qurib ketgur… rosa bo‘g‘ilib qolibman…
Vakil saylashga kirishdilar. Uzoq mojarolar va sen kir, sen kirdan keyin aqlli, notiq va eng jasoratli deb Dezdemonovni saylashdi. O‘zi kutubxonaga a’zo, ma’lumoti baland, oyim qizlar bilan tanish, demak shundan ma’lumki, aqlli odam, gapini topib gapira oladi. Dadilligi to‘g‘risida gapirib o‘tirishning hojati ham yo‘q: hammaga ma’lumki, bir kun mahalla nazoratchisi uni «hoy malay!» deb chaqirgani uchun undan afv so‘rashni talab qilgan; mahalla nazoratchisi bu da’voni eshitib, qovog‘ini solmasdanoq, Dezdemonovning jasorati butun olamga yoyilib ketgan edi…
— Kiraver, Senya! Qo‘rqma! Shunday deb aytaver! Mana, kerak bo‘lsa, degin! Sen aytgan odamlar biz emas, janobi oliylari, degin! Bo‘ldi, yetar! Kerak bo‘lsa, boshqa malaylarni topib ol, biz unaqangilardan emas, janobi oliylari, biz o‘zimiz ham oliftalikni bilamiz, degin. Bunday qiliqlaring yaramaydi, deb ayt. Xuddi shunday deyaver… Kir oldiga! Senya.. do‘stim… Oldin sochlaringni tarab ol… To‘g‘ri shunday deb aytaver betiga.
— Jahlim tez-da, janoblar… Yana ortiqcha gap aytib qo‘ysam… Zrachkov, sen o‘zing kirsang yaxshiroq bo‘lar edi!
— Yo‘q, Senya, o‘zing kiraver… Zrachkoving faqat qo‘y og‘zidan cho‘poladi, o‘shanda ham mast bo‘lsa… U ahmoq odam o‘zi, sen bo‘lsang har holda… Kiraver, azizim, kiraver…
Dezdemonov sochlarini taradi, jeletkasining uyoq-buyog‘ini tortib qo‘ydi, qo‘li bilan og‘zini berkitib, bir yo‘talib oldi-da, kabinetga kirdi. Hamma nafas olmay kuta-boshladi. Dezdemonov kabinetga kirib, eshik oldida to‘xtadi va titroq qo‘li bilan lablarini siladi, gapni nimadan boshlashini bilmasdan sarosimalanib qoldi. O‘ziga tanish qop-qora holli tepakalga ko‘zi tushgan edi, yuragi shuv etib, eti jimirlashib ketdi… Orqasidan chumoli o‘rmalab ketayotganday bo‘ldi… Buning zarari yo‘q, albatta; o‘rganmaganlikdan, harkim ham shunaqa bo‘ladi, faqat yurak dov bersa bo‘lgani… Tetik bo‘l!
— E-e-e… Xo‘sh nima deb kelding?
Dezdemonov oldinga bir qadam tashladi, tilini qimirlatgan edi, biroq hech tovush chiqmadi: tili tanglayiga yopishib qolgan edi. Shu bilan birga vakil, ichining ham allaqanday bo‘lib ketganini sezdi… Uning mardligi yuragidan chiqib, qorniga o‘tdi, u yerda g‘uldirab, sonlari orqali tovoniga o‘tib ketdi-da, etik tagiga kirdi… Afsuski, etigi yirtiq edi!
— E-e-e… Nima ishing bor edi! Eshitmayapsanmi o‘zing? — Him… Men o‘zim… O‘zim, shunday. Men, janobi oliylari, qulog‘imga kiruvdiki!..
Dezdemonov tilini to‘xtatib olmoqchi bo‘lgan edi, biroq itoat qilmay, davom etdi:
— Men, janobi rafiqangiz tashqil etgan lotoreyaga soyavon arava ham chiqarmish deb eshituvdim… Bitta bilet bo‘lsa… Janobi oliylari… Him… Janobi oliylari…
— Bilet deysanmi? Xo‘p bo‘ladi… Atigi beshta bilet qoldi… Beshalasini ham olasanmi?
— Yo‘… yo‘… yo‘q, janobi oliylari… Bittagina bo‘lsa bas…
— Beshtasini ham olasanmi deb so‘rayotibman.
— Juda yaxshi, mayli, janobi oliylari!
— Bittasi olti so‘mdan… Sen besh so‘mdan beraqol… Mana, qo‘lingni qo‘y… Ilohim toleing kelib yutgin…
— He-he-he… Rahmat, janobi oliylari… Him… Juda xursand qildingiz…
— Jo‘na endi!
Bir minutdan keyin Dezdemonov qorovulxona o‘rtasida qisqichbaqaday qip-qizarib turar va yig‘laguday bo‘lib, o‘rtoqlaridan 25 so‘m qarz so‘rar edi.
— 25 so‘m pulimni berib chiqdim, og‘aynilar, o‘zi meniki emas edi! Ijara haqini to‘lab kel deb qaynanam bergan edi… Berib turinglar, og‘aynilar! O‘tinaman sizlardan!
— Nega yig‘laysan endi? Soyavon aravada yurasan, maza qilib!
— Soyavon aravada… Soyavon arava-ya! Soyavon arava bilan odamlarni qo‘rqitib yuramanmi endi? Men ruhoniy emasman! Mabodo yutib olganimda ham, qayerga qo‘yaman uni?
Ancha vaqtgacha gapirishib turdilar; ular gapirishar ekan, Makar (uning xat-savodi bor) hamma gapni birma-bir yozib olmoqda edi, yozib bo‘lgandan keyin… uyog‘i ma’lum. Aytaman desang juda uzun, janoblar! Harholda bu qissadan kelib chiqadigan hissa shuki, isyon qilmaslik kerak.
O. Rahimiy tarjimasi