Anton Chexov. Unter Prishibeev (hikoya)

— Unter-ofitser Prishibeev! Siz shuning uchun ayblanasizki, 3-sentyabr kuni so‘z va harakatingiz bilan uryadnik Jiginni, volost boshlig‘i Alyapovni, yuzboshi Yefimovni, guvohlar qatorida o‘tiruvchi Ivanov va Gavrilovni, yana oltita dehqonni haqorat qilgansiz. Shuni ham aytish kerakki, uryadnik, volost boshlig‘i va yuzboshini xizmat vazifalarini o‘tab turgan choqda haqorat etgansiz. Aybingizga iqrormisiz?
Yuzi burishgan, basharasini jun bosgan Prishibeev g‘oz turib, hirqiroq va bo‘g‘ilgan ovoz bilan, xuddi komanda berayotganday, har so‘zini bitta-bitta aytib, javob qaytaradi:
— Janobi oliylari, sud hazratlari! Demak qonunning butun moddalariga qaraganda, ishning sababini har yoqlama tekshiruv lozim edi. Ayb menda emas, boshqalarda. Bu ish hammasi xudo rahmat qilgur bir murda ustida kelib chiqdi. Shu oyning uchinchi kuni xotinim Anfisa bilan sekin, olijanoblik bilan ketayotgan edim, qarasam — suv bo‘yida bir to‘da har xil odam turipti. Xalqning to‘plangani qanday haqi bor? dedim. Nechun? Qonunda xalq poda singari to‘planib yursin deb aytilganmi? «Tarqalingiz!» deb qichqirdim. Uylariga tarqalsin deb odamlarni nari-beri itara boshladim, yuzboshiga, bo‘yniga urib haydashni buyurdim…
— Shoshmang, siz axir uryadnik ham, oqsoqol ham emassiz-a, xalqni haydash sizning ishingiz emas-ku?
Har burchakdan:
— Uning ishi emas! Uning ishi emas! — degan ovozlar eshitildi — Taqsir, u bizga kun bermay qo‘ydi! O‘n besh yildan beri undan ko‘rmagan ko‘rgiligimiz qolmadi, u xizmatdan qaytgandan buyon qishloqni tashlab ketguday holdamiz. Hammani jonidan bezdirdi.
— Xuddi shunday taqsir! — dedi guvohlik beruvchi oqsoqol, — Butun yurt bir bo‘lib, shikoyat qilamiz. U bilan murosa qilish qiyin bo‘lib qoldi… Ma’rakalarda ham, to‘y-tomoshalarda ham yoki boshqa bir marosimda bo‘lsa ham, xullas har qachon qichqiradi, shovqin soladi, o‘zicha tartib o‘rnatgan bo‘ladi. Bolalarning qulog‘idan cho‘zadi, bir gap chiqib qolmasmikin, deb xotinlarga sekin nazar solib yuradi, go‘yo qaynataga o‘xshaydi. Bir kuni, ashula aytmangiz, chiroq yoqmangiz, deb uyma-uy buyruq qilib yurdi. Qonunda ashula aytsin demagan, deb qichqirdi.
— Shoshmanglar, hali guvohlik berishga ulgurasiz, — dedi sudya, — Prishibeevning o‘zi gapirsin-chi. Qani, Prishibeev, gapingizni davom etdiring.
— Xo‘p, taqsir! — deb xirilladi unter, — Siz janob oliy, xalqni tarqatish mening ishim emasligini gapirdingiz… Yaxshi… Xo‘sh, agar, tartibsizlik qiluviga yo‘l qo‘yib berish kerakmi? Qaysi qonunda xalqni o‘z erkiga qo‘yib berilsin deyilgan? Men bunga yo‘l qo‘ya olmayman: Men ularni haydamasam, jazo bermasam, buni kim qiladi? Chinakam tartibni hech kim bilmaydi. Aytish mumkin, taqsir, oddiy fuqaro bilan qanday muomala qilishni, butun qishloqda faqat men o‘zim bilaman, o‘zim, taqsir. Hamma narsani tushuna olaman. Men mujik emas, men unter-ofitserman, xizmatdan bo‘shab kelgan kaptenarmusman. Men Varshavada, shtabda ishlaganman… Agar bilishni istasangiz, undan so‘ng o‘t o‘chiruvchilik xizmatiga kirdim. Shundan keyin notobligim, zaifligim sababli o‘t o‘chiruvchilikdan bo‘shab ketib, ikki yilgacha erlar klassik progimnaziyasida shveytsar bo‘lib xizmat qildim… Men butun tartibni bilaman. Mujik esa sodda odam, u hech narsani tushunmaydi, mening aytganlarimga quloq solishi lozim, chunki o‘ziga foyda bo‘ladi. Misol uchun shu ishni olaylik… Men odamlarni hayday boshladim. Suv bo‘yidagi qum ustida bo‘lsa o‘lgan kishining gavdasi yotipti. Xo‘sh, qaysi asosga binoan u kishi u yerda o‘lib yotadi, dedim. Shu ham tartib bo‘ldimi? Nimaga uryadnik indamay qarab turadi. Sen, uryadnik, nimaga bu to‘g‘rida kattalarga xabar qilmading, dedim. Balki bu odam o‘zi suvga cho‘kib o‘lgandir. Balki, birov qilgan jinoyat bo‘lib, jinoyatchini Sibir kutayotgandir. Jinoyatkor qotil bo‘lsa ham ajab emasdir… Uryadnik Jigin bo‘lsa parvo qilmay papiros chekib o‘tiribdi. «Bu qanaqa buyruqchi o‘zi? Uning o‘zi qayerdan paydo bo‘lib qoldi? — deydi. — Usiz biz qiladigan ishimizni bilmaymizmi?» deydi. Demak dedim men, sen ahmoq, bu yerda hech narsaga e’tibor bermasdan g‘o‘dayib turibsan, hech narsani bilmaysan. «Men, — dedi u, — kecha kechqurunoq stanovoy pristavga xabar qilganman». Stanovoy pristavga nima uchun xabar qilasan, deb so‘radim. Qonunlar majmuasiniig qaysi moddasiga asosan? Axir, chunonchi, birov suvga botganda, yoki o‘zini bo‘g‘ib o‘ldirganda va shuning singari hodisalarda, xullas bunday ishlarda stanovoy qo‘lidan bir narsa keladimi? Bu jinoiy ish, grajdan ishi… Tezlik bilan tergovchi va sudya janoblariga chopar yubormoq kerak. Hammadan avval sen akt tuzib mirovoy sudya janoblariga yuborishing lozim dedim. Uryadnik bo‘lsa mening gapimni eshitib kula berdi, mujiklar ham kuldilar. Hamma kuldi, taqsir. Qasamyod qilib bularni ko‘rsata olaman. Mana bu ham kuldi, anavi ham kuldi. Jigin ham kuldi. Nega iljayasiz. Uryadnik: «Mirovoy sudya, bunday ishlarni qarolmaydi» deydi. Bunday so‘zlarni eshitib, juda qizishib ketdim: Uryadnik, sen shunday deb aytmadingmi? — dedi unter, uryadnik Jiginga qarab.
— Ha, aytdim.
— Oddiy xalq oldida: «Bunday ishlarni mirovoy sudya qarolmaydi» deb aytganingni hamma eshitdi. Bu gapni hamma eshitgandan so‘ng, desangiz, taqsir, men qizishib ketdim. Jon-ponim chiqib ketdi. «Nima deding, qani qaytarib ayt!» dedim. U menga tag‘in o‘sha so‘zlarni takrorladi. Men unga o‘shqirdim. Qanday qilib, dedim sen mirovoy sudya janoblari to‘g‘risida shunday so‘zlarni ayta olasan… Sen politsiya uryadnigi bo‘la turib, hukumatga qarshimisan, a? Bilasanmi, dedim, agar mirovoy sudya janoblari istasalar, bunday so‘zlaring uchun seni ishonchsiz deb ayblab, guberna jandarmi idorasiga yuborishlari mumkin? Axir bunday siyosiy so‘zlar uchun mirovoy sudya janoblari seni qayerlarga haydab yuborishini bilasanmi? dedim… Oqsoqol bo‘lsa «Sudya o‘z haddidan tashqari hech narsaga qo‘l ura olmaydi. U faqat mayda ishlarnigina qaraydi» dedi. Xuddi shunday deb aytdi, hamma eshitdi… Axir qanday qilib sen ma’muriyatning obro‘yini tushirasan, dedim. Hazilingni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘y, dedim, bo‘lmasa ishing yomon bo‘ladi, birodar. Varshavada yoki erlar progimnaziyasida xizmat qilganimda birorta noqulay so‘zni eshitsam, jandarm ko‘rinmasmikin deb, darrov ko‘chaga qarar edim, ko‘rinib qolsa: «Bu yoqqa kel, yigit» der edim-da, eshitgan hamma gapimni aytardim. Bu yerda bo‘lsa, qishloqda bunday gaplarni kimga aytasan?.. Jonim chiqib, yuragim tars yorilib ketdi. Hozirgi xalq o‘zboshimcha va itoatsiz bo‘lib, o‘zini unutib qo‘yganidan juda koyindim, aylantirib bir soldim… Albatta, uncha qattiq urganim yo‘q, siz janob oliyning sha’nilariga ikkinchi bunday qattiq so‘z aytmasligi uchun urdim. Uryadnik bo‘lsa oqsoqolning tarafini olib qoldi. Shundan so‘ng, albatta, men uryadnikka ham tarsaki tortib yubordim. Shu bilan boshlanib ketdi… Qizishib ketgandan keyin, taqsir, axir urmasdan bo‘lmaydi-da. Agar ahmoq kishini urmasang, o‘zing gunohiga qolasan. Ayniqsa ish ustida, tartibsizlik ustida.
— To‘xtangchi! Tartibsizlikni tekshiradigan kishi bor, buning uchun uryadnik, oqsoqol, yuzboshi bor.. .
— Uryadnik hamma narsaga qarab ulgura olmaydi, axir uryadnik men tushungan narsani tushunmaydi…
— Axir bu sizning ishingiz emasligini tushunsangizchi!
— Nega endi? Qanday qilib bu mening ishim bo‘lmasin! Ajab… Odamlar tartibsizlik qilsin-u, mening ishim bo‘lmasin! Nima qilay, ularni shu qilig‘i uchun maqtaymi? Anavilar bo‘lsa, meni ashula aytgirmaydi, deb sizga chaqadi… Xo‘sh, ashulaning nima yaxshi joyi bor? Ish o‘rniga ular ashula aytadilar… Bu ham yetmaganday, kechasi chiroq yoqib o‘tirish odat bo‘lib qolipti; yotib uxlash payti kelgan, ular bo‘lsa gap sotishib, hiring-hiring kuladilar. Bu narsalarning hammasini yozib qo‘yganman.
— Nimani yozib qo‘ygansan?
— Chiroq yoqib o‘tirgan kishilarni yozib qo‘yganman. — Prishibeev cho‘ntagidan yog‘ bosgan qog‘oz chiqarib, ko‘z oynagini taqib o‘qidi.
— Chiroq yoqib o‘tiradigan dehqonlar Ivan Proxorov, Savva Mikiforov, Pyotr Petrov, soldat xotini Shustro va o‘zi tul, Semyon Kislovni o‘ynash tutgan. Ignat Sverchok jodugarlik qiladi, uning xotini Mavra bo‘lsa, kechalari birovlarning sigirlarini sog‘ib oladi.
— Bas! — dedi sudya va guvohlardan so‘ray boshladi. Unter Prishibeev ko‘z oynagini peshonasiga ko‘tarib ajablangan holda, sudyaga qaraydi. Sudya uning tarafini olmaydiganga o‘xshaydi. Uning shoxsoqqaday irgib chiqqan ko‘zlari yaltiraydi, burni qip-qizarib ketadi. U dam sudyaga, dam guvohlarga qaraydi. Sudya nega munchalik hayajonlanganini, nima uchun burchaklardan, goho norozilik bayon qilgan, goho sekingina kulgan ovozlar eshitilganini anglolmaydi. Bir oy qamalsin, deb chiqarilgan hukmni ham u anglolmadi…
— Nima uchun? — dedi unter, hayron bo‘lib. — Qaysi qonunga asosan?
Va shu onda unga ma’lum bo‘ldiki, dunyo o‘zgargan, endi yorug‘ jahonda yashash hech ham mumkin emas. U, ko‘ngilsiz va g‘ussali fikrlar ichida qoldi. Biroq, sudya oldidan chiqib mujiklarning to‘planib allanimalar gapirib turganini ko‘rgach, tark etolmaydigan odati bo‘yicha, Prishibeev yana g‘oz turib, hirqiroq va g‘azabli tovush bilan qichqirdi:
— Xaloyiq, tarqal! To‘planma! Uy-uyingga jo‘na!

Abdulla Qahhor tarjimasi