— Volodya keldi! — deb qichqirdi hovlida allakim.
— Volodichka keldilar! — deb baqirdi Natalya oshxonaga yugurib kirayotib. — E, xudoyim-e!
Volodyaning kelishini intizorlik bilan kutayotgan Korolyovlar oilasi deraza yoniga yugurdi. Darvoza oldida keng, pastak bo‘sh chana turar, unga qo‘shilgan uchta oq; otdan bug‘ ko‘tarilar edi. Volodya allaqachon dahlizga kirgan va sovuqdan qizarib ketgan qo‘llari bilan quloqchinini yechishga urinar edi. Volodyaning gimnaziya formasidagi paltosi, furajkasi, kalishi va ikki chekkasidagi sochlarini qirov bosgan bo‘lib, undan shunday yoqimli sovuq hidi kelar ediki, ko‘rgan kishining sovuqotgisi va «brrr» deb yuborgusi kelardi. Onasi bilan xolasi uni quchoqlab o‘pishdi, Natalya bo‘lsa uning oyog‘idan piymasini yecha boshladi, singillari baqirib-chaqirishdi; eshiklar g‘ichilladi, taraqladi. Volodyaning otasi esa egnida jiletka, qo‘lida qaychi, dahlizga yugurib chiqdi-da:
— Biz seni kecha keladi deb o‘ylagan edik! — deb baralla gapira boshladi. — Eson-omon keldingmi? Sog‘-salomatmisan? E xudoyim, xalaqit bermasalaring-chi, otasi bilan ham ko‘rishib olsin! Nima, men ota emasmanmi!
— «Vov! vov!» — deydi Milord nomli kattakon qora it devor va mebellarni dumi bilan urib.
Shov-shuv, sevinch-quvonch ikki minutcha davom etdi. Uchrashuv quvonchi biroz pasaygach, Korolyovlar dahlizda Volodyadan tashqari quloqchin kiygan, ro‘mol bilan o‘ralgan, hamma yog‘ini qirov bosgan yana bir kichkina odam turganini ko‘rib qolishdi. U bir burchakda, pochapo‘stin soyasida qimir etmay turardi.
— Volodichka, bu kim? — deb so‘raydi onasi shivirlab.
— Voy! — deydi Volodya to‘satdan eslab. — Tanishinglar, bu — mening o‘rtog‘im Chechevitsin, ikkinchi sinf o‘quvchisi… Men uni mehmon bo‘lib ketsin deb birga olib keldim…
— Juda xursandman, marhamat qilsinlar! — deydi otasi quvonib. — Kamzilsiz yurganim uchun kechirasiz… Marhamat qiling! Natalya, janob Cherepitsinning yechinishlariga yordam ber! E xudoyim-e, haydab yuborsalaring-chi bu itni, jonimga tegdi.
Birozdan so‘ng, kutib olish marosimidagi shov-shuvdan dovdiragan, sovuqdan hamon qizarib turgan Volodya bilan uning do‘sti Chechevitsin stol yonida choy ichib o‘tirishardi. Qish oftobi qor va derazalardagi sovuqdan tushgan naqshlarni yorib o‘tib samovarga shu’la sochar, bu ravshan shu’lalar esa barkashdagi suvda o‘ynoqlar edi. Uy issiqqina edi. Bolalar sovuqotgan tanalarida ikki kuch: sovuq bilan issiq bir-biridan bo‘sh kelmay kurashayotganini sezishdi.
— Ana, rojdestvo bayrami ham yaqinlashib qoldi! — deydi cho‘zib to‘q sariq tamakidan papiros o‘rayotgan otasi. — Yaqindagina yoz edi, onang seni kuzatib, yig‘lab qolgan edi… Ana, qarabsanki, kelib ham qolibsan… Vaqt shunaqa tez o‘tadi, og‘ayni! Ana-mana deguncha qarib ham qolasan. Janob Chibisov, oling, yeb o‘tiring, tortinmang! O‘z uyingizday, bemalol…
Volodyaning uch singlisi — Katya, Sonya va Masha, — ularning eng kattasi o‘n bir yashar edi, — stol yonida o‘tirar va yangi tanishdan ko‘z uzmas edilar. Chechevitsinning yoshi ham, bo‘yi ham Volodya bilan teng bo‘lsa-da, Volodya singari semiz va oppoqqina emas, oriq, qorachadan kelgan, yuzini sepkil bosgan bola edi. Uning sochlari tikanakka o‘xshar, ko‘zlari qisiqqina, labi qalin edi. Xullas u xunukkina bo‘lib, egnida gimnaziya kamzili bo‘lmasa, tashqi qiyofasiga qaragan kishi oshpaz xotinning o‘g‘li deb o‘ylardi. Uning qovog‘i soliq, hamma vaqt indamay o‘tirardi, biron marta bo‘lsin jilmaymadi ham. Chechevitsindan ko‘z uzmay o‘tirgan qizlar uni juda aqlli va dono odam bo‘lsa kerak deb o‘ylashdi. U hamma vaqt allanarsa to‘g‘risida o‘ylar va o‘z xayoli bilan shu qadar band ediki, undan biron narsani so‘raganda cho‘chib tushar, boshini silkitar va savolni takrorlashni so‘rar edi.
Qizlar ilgari xushchaqchaq va sergap bo‘lgan Volodyaning ham bu gal kam gapirishini, butunlay jilmaymaganini, uyga kelganiga sevinmaganday ko‘ringanini ham payqashdi. Choy ichib o‘tirishganida u singillariga faqat bir marta murojaat qildi, o‘shanda, ham allaqayoqdagi gaplarni aytdi. U barmog‘i bilan samovarni ko‘rsatdi-da:
— Kaliforniyada choy o‘rniga djin ichishadi, — dedi.
U ham allaqanday xayollar bilan band edi. Ahyon-ahyonda do‘sti Chechevitsin bilan ko‘z urishtirib qo‘yishyga qaraganda, ularning fikri bir edi.
Choydan keyin hamma bolalar xonasiga kirdi. Qizlar otalari bilan stol yoniga o‘tirib, bolalar kelganda qolib ketgan ishni davom etdirishdi. Ular rang-barang qog‘ozlardan archa uchun gul va bezaklar yasashardi. Bu qiziqarli va serg‘ovg‘a ish edi. Har bir gul tayyor bo‘lganda qizlar zavqlanib qichqirishardi. Bu gul go‘yo osmondan tushayotgandek hatto vahima bilan baqirishardi, otalari ham zavqlanar, ba’zan qaychining o‘tmasligidan nolib, yerga uloqtirar edi. Goh onalari yugurib kirar va tashvishlanib:
— Qaychimni kim oldi? Yana sen oldingmi, Ivan Nikolayevich? — deb so‘rar edi.
— E xudoyim-e, hatto qaychini ham berishmaydi, — deb javob qaytarardi Ivan Nikolayevich yig‘lamsirab, stulning suyanchig‘iga o‘zini tashlab xafa bo‘lib o‘tirardi, lekin oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas yana zavqlanardi.
Oldingi gal kelganida Volodya ham archani bezashga ishtirok etgan yoki izvoshchi bilan cho‘ponning qordan tepalik yasaganini tomosha qilgani hovliga yugurar edi. Lekin bu gal u ham, Chechevitsin ham rang-barang qog‘ozlarga parvo qilishmadi, otxonaga biron marta ham borishmadi, deraza yoniga o‘tirib olib allanarsa to‘g‘risida shivirlashdi. Keyin ikkalovi geografiya atlasini ochib allaqanday kartani ko‘zdan kechirishdi.
— Avval Permga… — deydi sekingina Chechevitsin. — U yerda Tyumenga… keyin Tomskka… keyin… keyin… Kamchatkaga… U yerdan bizni samoyedlar qayiqda Bering bo‘g‘ozi orqali o‘tkazib qo‘yadi… Qarabsanki, Amerikaga borib qolibsan… U yerda mo‘ynali yirtqich hayvonlar ko‘p.
— Kaliforniya-chi? — deb so‘raydi Volodya.
— Kaliforniya pastroqda… Amerikaga yetib olsak bo‘ldi, undan Kaliforniyaga qo‘l uzatsang yetadi. Ovchilik va talanchilik bilan kun o‘tkazamiz.
Chechevitsin kechgacha o‘zini qizlardan chetga tsrtib yuradi, ularga faqat yer ostidan qarab qo‘yadi. Kechki choydan keyin u besh minutcha qizlar bilai yolg‘iz qoladi. Miq etmay turishga o‘ng‘aysizlanib yo‘talib qo‘yadi, o‘ng kafti bilan chap qo‘lini ishqalaydi, Katyaga xo‘mrayib qaraydi-da:
— Siz Mayn-Ridning kitoblarini o‘qiganmisiz? — deb so‘raydi.
— Yo‘q, o‘qimaganman… Menga qarang, siz konkida yurishni bilasizmi?
O‘z xayollari bilan band bo‘lgan Chechevitsin bu savolga javob bermaydi, faqat ikki lunjini shishirib juda isib ketgan kishidek uflab qo‘yadi. U yana Katyaga qaraydi-da:
— Bizonlar podasi pampas orqali yugurib ketayotganda yer titraydi, mustanglar esa qo‘rqqanlaridan yer tepinib kishnaydilar, — deydi.
Chechevitsin xomushlik bilan jilmayadi-da, qo‘shib qo‘yadi:
— Shuningdek hindlar poyezdlarga hujum qiladi. Lekin iskab toparlar bilan termitlar hammadan ham o‘tib tushadi.
— U nima o‘zi?
— Chumoliga o‘xshagan narsa, lekin qanoti ham bor. Juda qattiq chaqadi. Mening kimligimni bilasizmi?
— Janob Chechevitsinsiz.
— Yo‘q. Men Montigomo Qirg‘iy Changal, yengilmaslar yo‘lboshchisiman.
Oiladagi eng kichik qiz — Masha avval unga, keyin derazaga qaraydi. Tashqarida qorong‘i tushmoqda edi. Qizcha biroz o‘ylanib turadi-da:
— Bizda kecha chechevitsadan ovqat pishirishgan edi, — deb qo‘yadi.
Chechevitsinning tushunib bo‘lmaydigan so‘zlari, doimo Volodya bilan shivirlashishi, Volodyaning esa o‘yinga aralashmay, nuqul allanarsani o‘ylashi, — juda g‘alati va sirli edi. Shuning uchun ham ikki katta qiz — Katya bilan Sonya bolalarni kuzata boshlashdi. Kechkurun bolalar uxlashga yotganda qizlar oyoq uchi bilan yurib ularning yotog‘i eshigi yoniga borib, gaplarini eshitib turishadi. U-ho‘, ular shunday gaplarni eshitishdiki! Bolalar oltin izlash uchun Amerikaga qochishni mo‘ljallagan edilar; yo‘l uchun kerakli narsalarning hammasi tayyorlab qo‘yilgan bo‘lib, pistolet, ikkita pichoq, suxari, o‘t yoqish uchun ishlatiladigan shisha, kompas va to‘rt so‘m pullari bor edi. Qizlar bolalarning bir necha ming chaqirim piyoda yurishlarini, yo‘l-yo‘lakay yo‘lbars va yovvoyi odamlar bilan kurashishlarini, keyin oltin va fil suyagi topishlarini, dushmanlarni qirib, dengiz yo‘lbosarlariga qo‘shilib ketishlarini, djin ichishlarini va oxirida go‘zal malikalarga uylanib, plantatsiyada dehqonchilik qilib kun kechirishlarini eshitishadp. Volodya bilan Chechevitsin gapirar, qizishib ketib bir-birlarining so‘zlarini bo‘lar edilar. Chechevitsin o‘zini «Montigomo Qirg‘iy Changal» deb atar, Volodyani esa «za’faron yuzli birodarim» deyardi.
— Yana oyimga aytib qo‘yma, — deydi Katya Sonyaga uxlash uchun o‘z xonalariga kirib keta turib. — Volodya Amerikadan bizga tilla bilan fil suyagi olib keladi. Agar aytib qo‘ysang, ularni yuborishmaydi.
Sochelnik bayrami arafasida Chechevitsin kun bo‘yi Osiyo xaritasini ko‘zdan kechirib, allanarsalarni yozish bilan shug‘ullanadi, xuddi asalari chaqqan kishiniki singari yuzi lo‘ppi Volodya g‘amgin bir tarzda xonadan xonaga o‘tar, hech narsa yemasdi. Hatto bolalar xonasiga kirib, ikona yonida to‘xtab, cho‘qinib oladi:
— E xudoyim, gunohlarimni kechir! Xudoyo xudovando bechora onamni o‘z panohingda saqla, —deydi.
Kechqurun bo‘lsa yig‘lab yuboradi. Uxlashga yotish oldidan esa otasi, onasi va singillarini quchoqlaydi. Katya bilan Sonya nega bunday qilayotganini bilishadi.
Kichkina Masha esa, hech narsaga, tushunmas, Chechevitsinga ko‘zi tushganda o‘ylanib qolar va:
— Enaga ro‘za kunlarida no‘xat bilan chechevitsa solingan ovqat yeyish kerak deydi, — deb qo‘yadi uh tortib.
Sochelnik kuni Katya bilan Sonya ertalab vaqtlik o‘rinlaridan turishadi va bolalarning Amerikaga qanday qilib qochishlarini tomosha qilmoqchi bo‘lib, pisib eshik yoniga kelishadi.
— Shunday qilib bormaysanmi? — deydi Chechevitsin achchig‘lanib. — Gapir: bormaysanmi?
— E xudo! — deb sekin yig‘laydi Volodya. — Qanday qilib ketay? Oyimga rahmim kelyapti.
— Za’faron yuzli birodarim, iltimos qilaman sendan, jo‘naylik! Boramiz deb meni toza ishontirgan eding-ku. O‘zing meni bu ishga boshlab, ketadigan vaqt yetganda endi qo‘rqoqlik qilyapsan.
— Men… Men qo‘rqayotganim yo‘q… Mening… Oyimga rahmim kelyapti.
— Qani menga shunisini ayt: borasanmi, yo‘qmi?
— Boraman, boraman… Faqat shoshmay tur. Uyda biroz turaylik.
— Bo‘lmasam o‘zim ketaman! — deydi Chechevitsin qat’iyat bilan. — Sensiz ham ishim bitadi. Yana bu kishi yo‘lbarslarni ovlamoqchi, jang qilmoqchi edilar. Bormaydigan bo‘lsang pistonlarimni qaytarib ber!
Volodya shu qadar alam bilan yig‘laydiki, singillari ham o‘zlarini tutolmay yig‘lab yuborishadi. Jimlik cho‘kadi.
— Shunday qilib bormaysanmi? — deb yana so‘raydi Chechevitsin.
— Bo… boraman.
— Bo‘lmasa kiyimlaringni kiy!
Chechevitsin Volodyani ko‘ndirish uchun Amerikani maqtar, yo‘lbarsga o‘xshab o‘kirar, paroxod bo‘lib vishillar, so‘kinar, fil suyagining hammasini, arslon va yo‘lbars terilarining hammasini Volodyaga berishga va’da qilar edi.
Qorachadan kelgan, tikanak soch, sepkilli ozg‘ingina bola qizlarning nazarida ajoyib bo‘lib ko‘rinadi. Qizlar uni hech narsadan tap tortmaydigan qahramon deb o‘ylashadi. Buning ustiga u shunday ustalik bilan o‘kiradiki, eshik orqasida turgan odam haqiqatan yo‘lbars yoki arslon o‘kiryapti deb o‘ylaydi.
Qizlar o‘z xonalariga qaytib, kiyina boshlaganlarida Katya ko‘ziga jiqqa yosh olib:
— Juda qo‘rqyapman! — deb qo‘yadi.
Soat ikkigacha, tushki ovqat yegani o‘tirganlarida hammayoq jimjit edi. Faqat ovqatga o‘tirganlarida bolalarning yo‘qligini sezib qolishadi. Xizmatkorlar uyiga, otxonaga, prikazchiklar turadigan uyga odam yuborishadi — bolalar u yerlarda yo‘q edi. Qishloqqa odam yuborishadi — u yerdan ham topisha olmaydi. Keyin choy ichayotganlarida ham bolalar yo‘q edi. Kechki ovqatga o‘tirganlarida esa onalari juda xavotirlanadi, hatto yig‘lab yuboradi. Kechasi yana qishloqqa borib qidirishadi, fonar bilan daryo bo‘yini axtarishadi. Uyda toza olag‘ovur ko‘tariladi!
Ertasiga uryadnik keladi, oshxonada o‘tirishib, allaqanday qog‘oz yozishadi. Ona o‘shanda ham yig‘lab o‘tlradi.
Mana darvoza oldida keng, pastak chana to‘xtadi, unga qo‘shilgan uchta oq otdan quyuq bug‘ ko‘tarilar edi.
— Volodya keldi! — deb qichqiradi hovlida allakim.
— Volodichka keldilar! — deb baqiradi Chatalya, yugurib ovqatxonaga kirib.
Milord yo‘g‘on tovush bilan: «vov! vov!» deydi. Bolalarni shaharda, gostiniy dvorda tutib olishibdi (ular porox sotadigan joyni surishtirib yurishgan ekan). Volodya dahlizga kirgan hamono ho‘ngrab yig‘lab yuboradi va onasining bo‘ynidan quchoqlab oladi. Qizlar dir-dir titrab nima bo‘lar ekan deb turishadi. Ular otalari Volodya bilan Chechevitsinni kabinetiga olib kirib ketganini, ular bilan uzoq gaplashtanini eshitishadi; ona ham gapiradi va yig‘laydi.
— Shunaqa qilib bo‘ladimi axir? — deb uqdirardi otasi. — Xudo ko‘rsatmasin, buni gimnaziyada bilib qolishsa, haydab yuborishadi-ku. Uyalmaysizmi, janob Chechevitsin! Yaxshi emas! Shu ishlarni siz boshlagansiz. Ota-onangiz, albatta, adabingizni berishar! Shunaqa qilib bo‘ladimi axir? Qayerda tunadingiz?
— Vokzalda, — deb javob beradi Chechevitsin gerdayib. Keyin Volodya yotib qoladi va uning boshiga sirkaga ho‘llangan sochiq bosib turadilar. Allaqayoqqa telegramma yubordilar. Ertasiga bir xotin — Chechevitsinning onasi kelib o‘g‘lini olib ketdi.
Jo‘nab ketayotganda Chechevitsinning chehrasi shiddatli va mag‘rur edi. Qizlar bilan xayrlashayotib hech narsa demaydi; faqat Katyaning daftarchasini olib esdalik uchun:
«Montigomo Qirg‘iy Changal» deb yozib qo‘yadi.
H. Ahrorova tarjimasi