Anton Chexov. Uch opa-singil (drama)

UCh OPA-SINGIL

To‘rt pardali drama

QATNAShUVChILAR:
Prozorov Andrey Sergeevich.
Natalya Ivanovna. Avval qallig‘i, keyin xotini.
Olga. Uning singlisi.
Masha. Uning singlisi.
Irina. Uning singlisi.
Kuligin Fedor Ilich. Gimnaziya o‘qituvchisi, Mashaning eri.
Tuzenbax Nikolay Lvovich. Baron, poruchik.
Soleniy Vasiliy Vasilevich. Shtabs-kapitan.
Chebutikin Ivan Romanovich. Harbiy doktor.
Fedotik Aleksey Petrovich. Podporuchik.
Fera pont. Zemstvo idorasinshg qorovuli, chol.
Anfisa. Enaga, 80 yoshlardagi kampir.

Voqea guberna shahrida bo‘lib o‘tadi.

BIRINChI PARDA

Prozorovlar uyi. Kolonnali mehmonxona, kolonnalar ortidan keng zal ko‘rinadi. Tush vaqti: tashqarida quyosh charaqlab turibdi, kishining bahri-dili ochiladi. Zalda nonushta uchun stol tuzatilmoqda. Olga qizlar gimnaziyasining o‘qituvchilari kiyadigan ko‘k forma ko‘ylak kiygan, u hamma vaqt, yurganda ham, turganda ham o‘quvchilarning daftarlarini tuzatadi; Masha qora kiyimda, shlyapasini tizzasiga qo‘ygancha kitob o‘qib o‘tiribdi; Irina oq kiyimda, xayol surganicha tik turibdi.

Olga. Otamiz bundan rosa bir yil burun, xuddi shu kuni, beshinchi mayda, sening imeninang kuni vafot etgan edi, Irina. Havo juda sovuq, qor yog‘ib turgan edi. Men boshimizga tushgan bu musibatga chidolmasman, deb o‘ylovdim, sen ham hushingdan ketib, xuddi murdadek yotarding. Oradan atigi bir yil o‘tdi-yu, go‘yo hech narsa bo‘lmaganday, endi biz buni osongina eslayapmiz, mana sen oh kiyib olding, yuzlaring esa kulib turibdi.

Soat o‘n ikkiga zang uradi.

O‘shanda ham soat xuddi shunday zang urgan edi.

Pauza.

Hali ham esimda, otamizni muzika bilan olib borishdi, go‘ristonda esa miltiq otishdi. U general edi, brigadaga qo‘mondonlik qilar edi, shundoq bo‘lsa hamki, ko‘mishga kam odam bordi. Lekin o‘sha kuni yomg‘ir yog‘ib turuvdi. Qor aralash qattiq yomg‘ir yog‘ib turuvdi.

Irina. Buni eslashning nima hojati bor?

Kolonnalar ortida, zaldagi stol yonida baron Tuzenbax, Chebutikin va Soleniy ko‘rinadi.

Olga. Bugun havo iliq, derazalarni lang ochib qo‘ysa ham bo‘ladi, lekin qayinlar esa hali yaproq yozganicha yo‘q. Bundan o‘n bir yil burun otam brigadaga tayinlangach, bizni olib Moskvadan chiqib keldi, hali-hali esimda, may oyining boshlari edi, o‘sha vaqtda Moskvada hamma narsa qiyg‘os gullagan, havo iliq, borliq quyosh nuriga g‘arq bo‘lgan edi. Oradan o‘n bir yil o‘tib ketibti-yu, men hammasini, xuddi kechagina bo‘lganday xotirlanman. Yo tavba! Bugun ertalab uyg‘onsam, olam charaqlab turibdi, bahor gurkurab turibdi, ko‘nglimda sevinchlarim to‘lib-toshdi, yuragim yurtimizni qo‘msab, orziqib ketdi. Chebutikin. Bo‘lmagan gap!
Tuzenbax. Albatta, behuda gap.

Masha kitobga qarab o‘y surganicha bir kuyni ohista hushtak qilib chaladi.

Olga. Chalma, Masha. Bu nima qiliq!

Pauza.

Har kuni gimnaziyada bo‘lganim, keyin kechgacha dars berganim uchunmi, doim boshim og‘riydi, xayolimga allaqanday fikrlar keladi, xuddi qarib qolganga o‘xshayman. Chindan ham, mana shu to‘rt yil ichida, gimnaziyada xizmat qila boshlaganimdan beri kundan-kunga kuchim, yoshligim tomchima-tomchi ado bo‘layotganini sezmoqdaman. Yuragimda faqat bittagina orzu alanga olib zo‘raymoqda…
Irina. Moskvaga ketish orzusi. Uyni sotib, bu yerdagi hamma narsani bir yoqli qilib Moskvaga ketsang…
Olga. Ha! Tezroq Moskvaga ketsam.

Chebutikin bilan Tuzenbax kuladi.

Irina. Akam, professor bo‘lar, u baribir bu yerda turmaydi. Hamma gap faqat bechora Mashaga qarab qoldi!
Olga. Masha har yil yozda Moskvaga borib turadi.

Masha ohista hushtak chalib kuylaydi.

Irina. Xudo xohlasa, hammasi bo‘ladi. (Derazaga qarab.) Bugun havo juda yaxshi. Dilim biram ravshanki, sababini o‘zim ham bilmayman! Ertalab uyg‘onib, bugun imeninam ekanini esladim-u, yuragimda birdan quvonch paydo bo‘ldi, oyim hayotligidagi bolalik choqlarim esimga tushdi. Xayolimga biram ajoyib o‘ylar, biram ajoyib o‘ylar keldiki!..
Olga. Bugun guldek ochilibsan, nihoyatda chiroyli ko‘rinasan. Masha ham chiroyli. Andrey ham chiroyli bo‘lar edi-yu, lekin juda semirib ketdi, semizlik unga yarashmaydi. Men esa qaridim, juda ozib ketdim, bu balki gimnaziyada qizlarga hadeb achchig‘lanaverganimdan bo‘lsa kerak. Bugun mana bo‘shman, uydaman, boshim ham og‘rimayapti, o‘zimni kechagiga qaraganda yoshroq sezyapman. Men yigirma sakkizga kirdim, biroq… Hammasi yaxshi, hammasi xudodan, agar men erga tegib, kuni bo‘yi uyda o‘tirsam, bu juda yaxshi bo‘lar edi chog‘imda.

To‘liq o‘qish