Tong payti. Hali soat yetti ham bo‘lmagan, ammo Makar Kuzmich Blestkinning sartaroshxonasi ochiq. Sartarosh yigirma uchlarga kirgan, yuz-qo‘llari kir, ustivoshi isliqi, ammo olifta kiyingan yigit — sartaroshxonani yig‘ishtirmoqda. Yig‘ishtiradigan narsa ham yo‘q-ku, shunday bo‘lsa ham, sartarosh terlab pishib ketgan. Sartaroshxonaning ba’zi yerini latta bilan artadi, ba’zi yeridagi kirni tirnog‘i bilan tirnab ko‘chiradi, devorning bir yerida qandala ko‘rib qolsa, latta bilan urib tushiradi.
Sartaroshxonaning ichi tor, ensiz, iflos. Yog‘och devorlarga rang-barang qog‘ozlar yopishtirilgan, bu qog‘ozlar xuddi yamshikning terlab, aynib ketgan ko‘ylagiga o‘xshaydi. Oynalari xira, ter bosgan ikki kichik deraza o‘rtasida yupqa va qiyshiq, g‘ijirlaydigan eshikcha, eshikcha tepasida zaxlikdan ko‘karib ketgan qo‘ng‘iroqcha; qo‘ng‘iroqqa hechkim tegmasa ham jiringlayveradi. Devorlardan biriga osilgan oynaga bir qarang: basharangiz o‘zidan o‘zi qiyshayib haryonga tirtayib ketadi. Shu oyna oldida soch-soqol olinadi. Makar Kuzmichning o‘ziga o‘xshagan kir va yog‘ bosib ketgan stoli ustida har narsa topiladi, bunda taroq, qaychi, ustara, sochni yaltiratadigan bir tiyinlik moy, yana bir tiyinlik upa, bir talay suv qo‘shidgan atir va boshqa balo-battarlar terib qo‘yilgan. Aslini surishtirganda, butun ustaxonaning o‘zi ham besh miriga arzimaydi.
Eshik tepasidagi qo‘ng‘iroq jiringlaydi, sartaroshxonaga po‘stin va piyma kiygan qariroq bir kishi kiradi; uning boshi, bo‘yni xotinlarning shol ro‘moli bilan o‘rilgan.
Bu kishi Erast Ivanich Yagodov, Makar Kuzmichning otaxoni . Bir vaqtlar Erast Ivanich konservatoriyada qorovullik qilardi, endi Krasniy prud yonidan joy olib, slesarlik qiladi.
— Makarushka, yaxshimisan, qo‘zim, — dedi Erast Ivanich sartaroshxonani yig‘ishtirish bilan ovora bo‘lgan Makar Kuzmichga.
Ular o‘pishib ko‘rishadilar. Yagodov boshidan ro‘molini yechib cho‘qinadi, keyin o‘tiradi.
— Yo‘lni aytmaysanmi, yo‘lni! Bay-bay-bay! Bir uzoqki, asti qo‘yaver! — deydi, yo‘tala-yo‘tala. — Krasniy pruddan Kaluga darvozasiga yetib kelish hazil gapmi?
— Tinch-omonmisizlar?
— Biroz mazam yo‘qroq, uka. Isitma bo‘lib yotdim. — Yo‘g‘e, xudo saqlasin! Isitma!
— Ha, isitma. Bir oy yotdim, nari borib, beri keldim. O‘lishimga sal qoldi. Endi sochim to‘kilayapti. Doktor sochingni oldirib tashla deydi. Yangi o‘sgan soch baquvvat bo‘ladi deydi. O‘ylab-o‘ylab Makarga borib kelaqolay dedim. Begonaning oldiga borgandan ko‘ra o‘zimnikiga boray dedim. Sochni ham boplab olib qo‘yadi, pul ham olmaydi dedim. Uzoqlikka uzoq-ku, ammo uzoq bo‘lsa nima qipti? Sayr qilganim qoladi.
— Marhamat, bajonudil! Qani, buyoqqa o‘tiring! Makar Kuzmich ikki tovonini bir-biriga urishtirib, kursiga taklif qiladi. Yagodov kursiga o‘tirib, oynaga qaraydi, oynada aftini ko‘rib, xursand bo‘lib ketadi: lablari xuddi qalmoq labiga o‘xshar, burni esa to‘mtoq va yapaloq bo‘lib qolgan, ko‘zlari peshonasiga chiqib ketgan edi. Makar Kuzmich usti sapsariq dog‘ bosib ketgan oq choyshabni mijozining yelkasiga yozib, qaychini chiqirlata-boshladi.
— Top-toza qilib qirsam deyman! — deydi u.
— Top-toza qilib qiraver! Xuddi tatarning boshiga, tarvuzga o‘xshasin. Soch qalin o‘sadi.
— Xolam tinch-omonmilar?
— Yomon emas, yuripti. Qaysi kuni mayorning xotini tuqqan edi, borib doyalik qildi. Bir so‘m ishlab keldi.
— Ha-ha. Bir so‘m deng. Qulog‘ingizni ushlab turing.
— Ushlab turibman… Kesib olma, ehtiyot bo‘l. Voy, bunaqa og‘ritma-da. Sochimni yulib olayapsan.
— Zarari yo‘q. Bizning ishda busiz bo‘lmaydi. Anna Erastovna qalaylar?
— Qizimizmi? Yomon emas, o‘ynab-kulib yuripti. O‘tgan hafta seshanba kuni, Sheykinga unashdik. Nega bormading?
Qaychining chiqirlashi birdan to‘xtaydi. Makar Kuzmichning ikkala qo‘li pastga osilib tushadi.
— Kimni unashdik dedingiz? — deb so‘raydi, yuragi hovliqib.
— Annani-da, kimni bo‘lardi!
— Bu qandog‘ bo‘ldi? Kimga unashdingiz?
— Prokofiy Petrovich Sheykin degan odamga. Xolasi Zlatoust ko‘chasida bir boynikida xizmatchi ekan. Juda yaxshi ayol. Hammamizga yoqdi, hammamiz xursandmiz, xudoga shukur. Bir haftadan keyin to‘y, borgin, o‘ynab kelasan.
— Iye, bunisi qandog‘ bo‘ldi, Erast Ivanich? — deydi rangi oqarib ketgan, ajablangan Makar Kuzmich va kiftini uchiradi. — Bunisi qandog‘ bo‘ldi? Yo‘-o‘q, bunday bo‘lishi sira mumkin emas. Axir, Anna Erastovna… axir, men… mening u kishiga muhabbatim bor edi… mening niyatim bor edi axir… Bu qandog‘ bo‘ldi endi?
— Shundoq bo‘ldi-da, qandog‘ bo‘lardi! Unashdik, qo‘ydik. Yomon odam emas.
Makar Kuzmichning yuzidan sovuq ter chiqib ketdi. Qaychini stol ustiga qo‘yadi-da, mushti bilan zo‘r berib burnini ishqalaydi.
— Axir, mening niyatim bor edi… — deydi u, — buning sira bo‘lishi mumkin emas, Erast Ivanich! Men… men Anna Erastovnani yaxshi ko‘raman, chin yurakdan taklif etganman… Xolam ham rozi bo‘lgan edilar. Men sizni o‘z otamday hurmat qilardim… hamisha sochingizni tekinga olib kelganman. Mendan sira yomonlik ko‘rganingiz yo‘q, otam o‘lganlarida ham bizning divanni va o‘n so‘m pulimizni olgan edingiz, haligacha bermay yuribsiz. Esingizdami?
— Nega esimda bo‘lmasin? Esimda! Ammo, o‘zing ayt: ssn ham kuyov bo‘laolasanmi, Makar? Kuyovlik nimang bor? Na puling bor, na noming; kasbing ham bir pulga arzimaydi…
— Sheykin badavlat ekanmi?
— Sheykin artelda ishlaydi. Bir yarim ming so‘m pulini ko‘paysin deb ijaraga berib qo‘yipti. Buyog‘ini ham o‘ylagin-da, uka! Endi bo‘lar ish bo‘ldi, Makarushka. Boshqa qiz qidirasan endi o‘zingga, Makarushka. Qiz qurib ketgan yo‘qdir… Ha, olmaysanmi sochni! Nega turib qolding?
Makar Kuzmich indamay qaqqayib turaveradi, keyin cho‘ntagidan dastro‘mol olib, yig‘laydi.
— He, uka, qo‘y, yig‘lama! — deb ovuntiradi uni Erast Ivanich. — Qo‘y, yig‘lama! Xotinlarga o‘xshab yig‘lash uyat bo‘ladi! Oldin sochimni olib bo‘l, keyin qancha yig‘lasang mayli. Ol qaychingni!
Makar Quzmich qo‘liga qaychini olib bir on qaychiga tikilib qaraydi, keyin qaychi qo‘lidan tushib ketadi, qo‘llari dir-dir titraydi.
— Yo‘q, ololmayman! — deydi u. — Hozir hech ololmayman, madorim yo‘q! Men bechora, sho‘rpeshona ekanman! U ham sho‘rpeshona ekan! Bir-birimizni yaxshi ko‘rib kelgan bo‘lsak, bir-birimizga va’dalashgan bo‘lsag-u, ikkimizni bir-birimizdan judo qilibsiz, berahm odam ekansiz, yuragingiz tosh ekan. Keting, Erast Ivanich! Sizni ko‘rarga ko‘zim yo‘q!
— Bo‘lmasa ertaga kelarman, Makarushka. Qolganini ertaga olib qo‘yarsan.
— Mayli.
— Ungacha o‘zingni bosib ol, men ertaga barvaqtroq kelaman.
Erast Ivanich sochining yarmi olinganidan xuddi surgun qilingan jinoyatchiga o‘xshaydi. Bunday kalla bilan yurish yaramaydi, ammo na chora? Boshini va bo‘ynini shol-ro‘mol bilan o‘raydi-da, sartaroshxonadan chiqadi. Makar Kuzmich yolg‘iz o‘zi qolib, o‘z holicha sekin-sekin yig‘lab o‘tiradi.
Ertasi kuni ertalab yana Erast Ivanich keladi.
— Xizmat? — deb so‘raydi Makar Kuzmich, sovuqqina qilib.
— Qolganini ham olib qo‘y, Makarushka. Sochimning yarmi qolgan edi.
— Pulini oldin cho‘zib qo‘yasiz. Tekinga soch olinmaydi.
Erast Ivanich g‘ing demasdan chiqib ketadi, hanuzgacha sochlarining yarmi kalta, yarmi uzun. Pul berib oldiray desa pulni ko‘zi qiymaydi, shuning uchun boshining qirilgan tomonidan soch o‘zi o‘sib chiqishini kutadi, to‘yni ham shu ahvolda o‘tkazdi.
O. Rahimiy tarjimasi