(Bir sayohat bayoni)
I
Iyul oyining erta sahar paytida Z gubernasining N. uyezd shaharida daqiyonusdan qolgan shaloq, ressorsiz brichka shahardan chiqib, katta yo‘ldan shaldirab keta berdi. Rossiyada bunday aravalarda hozir faqat savdogarlarning gumashtalari, qo‘ychi poyko‘pchilar va qashshoq domlalar yuradi. Arava qimirladi deguncha olamni taqir-tuqur bosadi. Arava orqasiga osilgan chelakning tovushi taqir-tuqurga yana bir ovoz qo‘shadi. Bu tovushlar va shaloq aravaning u yon bu yonidan osilib yotgan uvada charmlar uning ko‘hnaligidan, o‘tin bo‘lishga allaqachon tayyor bo‘lganidan guvohlik beradi.
Brichkada N uyezdi fuqarolaridan ikki kishi o‘tiribdi: biri soqol-mo‘ylovi qirilgan, ko‘zida oynak, savat shapka kiygan ko‘pas Ivan Ivanovich Kuzmichov, bu kishining qiyofasi ko‘pas emas, sipohga o‘xshaydi; ikkinchisi N uyezdidagi Nikolay cherkovining bosh ruhoniysi past bo‘yli, sochlari o‘sgan chol Xristofor hazrat Siriyskiy. Bu kishining egnida qopga o‘xshagan qalin bo‘zdan kaftan, boshida soyaboni keng tsilindr, belida tikilgan, kashta kamar. Bularning birinchisi xomush o‘tirib, allanarsani o‘ylamoqda; goho o‘yqusini o‘chirmoqchi bo‘lib kallasini silkitib qo‘yadi. Buning basharasida yumush tashvishi bilan mashg‘ullik va hozirgina xesh-aqrabolari bilan xo‘shlashgan va me’yoriga yetkizib ichib olgan kishining beparvoligi aks etmoqda; ikkinchisi bo‘lsa, hayron qolib, namli ko‘zlari bilan yorug‘ dunyoni tomosha qilib, shunday iljayib boradiki, og‘zi qulog‘iga yetib, tsilindrining soyaboni ham og‘ziga kirib ketguday bo‘ladi; yuzi sovuq yegandek qip-qizil. Kuzmichov va Xristofor hazrat endi yung sotgani boryaptilar. Uylaridan xo‘shlashib chiqayotganlarida, shirmonni qaymoq bilan yeb, to‘yib olgan, ertalab bo‘lsa ham boplab ichishib olgan edilar. Ikkovlarining dimog‘lari juda chog‘.
Brichkada bu ikki kishi hamda bir par gijing jiyron otni qamchilab borayotgan Deniskadan bo‘lak, yuzlar oftobdan qoraygan va yig‘layverib shalabbo bo‘lib shishgan to‘qqiz yashar bola ham bor. Bu bola Kuzmichovning jiyani Yegorushka edi. Tog‘asining ruxsati va Xristofop hazratning fotihasi bilan allaqayoqqa borib, gimnaziyada o‘qish uchun ketyapti. Bolaning onasi Kuzmichoqning singlisi Olga Ivanovna uyezd mahkamasi mirzasi bo‘lmish eridan beva qolgan. O‘qimishli kishilarni va kiborlar jamiyatini yaxshi ko‘rganidan, yung sotgani ketayotgan akasiga yalinib, Yegorushkani gimnaziyaga o‘qishga yubordi. Bola qayoqqa va nega ketayetganidan bexabar, yiqilib tushmay deb, Deniskaning tirsagidan mahkam ushlab, samovar ustidagi konfrakda turgan choynakdek sakrab-sakrab o‘tiribdi. Arava chopib ketayotganidan Denisning qizil ko‘ylagi do‘mbira bo‘lib, ukki pari taqqan yangi qalpog‘i hadeganda orqasiga tushib boryapti. Bolaning ko‘ngli buzilib, xo‘rligi kelib, yig‘laguday bo‘lib ketyapti.
Brichka qamoqxona yonidan o‘tganida Yegorushka baland oq devor tagida yurib turgan soqchilarga, panjarali kichkina darchaga va tomda yarqirab turgan krestga qarab o‘tgan hafta Kazanskiy bojemater kuni onasi bilan xayit qilib, qamoqxona cherkoviga borgani esiga tushdi. Bundan avval, pasxa kuni, oq soch Lyudmila ham Denisk bilan qamoqxonaga kulcha non, tuxum, somsa va qovurdoq keltirgan edi. Qamoqdagilar duo qilib, keltirgan xudoyini olib qolgan va hatto, bittasi Yegorushkaga qalayi zaponkalar bergan edi.
Bola tanish joylarga qarab, hayron bulib bormoqda; la’nati brichka bo‘lsa, hamma narsani orqada qoldirib chopib ketmoqda. Qamoqxonaning orqasida qora kuya bosgan temirchilik, so‘ngra chag‘ir toshlardan atrofiga devor qilingan ko‘rkam go‘ristonlik orqada qoldi. Ko‘m-ko‘k olchalar ichiga yashiringan va yiroqdan oqarib ko‘ringan krestlar va haykallar devordan mo‘ralar edi. Olchalar gullaganda, oq krestlar olchalar guliga qo‘shilib, hamma yoq oppoq oqaradi. Olcha pishganda oq haykallarga va krestlarga qondek qip-qizil xol tushadi. Devorning narigi yog‘idagi olcha tagida Yegorushkaning otasi bilan buvisi Zinaida Danilovna kecha-kunduzni bilmay uyquda yotadilar. Buvisi o‘lganda uzun va ingichka tobutga solib, yumilmay qolgan ko‘zlarini besh tiyinlik chaqa bilan bekitib qo‘ygan edilar Buvisi o‘lmasdan oldinroq bozordan ko‘knor urug‘i sepilgan yumshoq non, teshik kulchalar keltirgan edi, endi uxlagani-uxlagan… Bularning hammasi Yegorushkaning xayolidan birma-bir o‘tdi.
Go‘riston orqasida xumdonlar tutab turibdi. Yer bag‘irlab yopilgan uzun qamish tomlardan buruqsab chiqqan tutun sekin yuqori chirmashib bormoqda. Xumdonlar bilan go‘riston ustidagi pag‘a-pag‘a tutundan tushgan ko‘lankalar ko‘cha va yerda sudralib bormoqda. Tomlarning yoni-verida odamlar, otlar qip-qizil to‘zon va tutun ichida g‘imirlashadi…
Zavodlarning orqasida shahar tugab, dala boshlandi. Yegorushka shaharga so‘nggi marta ko‘z tashlab, Deniskaning qo‘liga yuzini qo‘yib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi…
Kuzmichov bolaga qarab:
— Hali ham yig‘lab bo‘lganing yo‘qmi? Erka bola yana so‘lagingni oqizayotibsanmi! Bormasang borma, hech kim seni zo‘rlab olib ketayotgani yo‘q, — dedi.
Xristofor hazrat ham g‘o‘ldirab:
— Qo‘y, qo‘y chirog‘im… xudoga yolvor… yomonlikka ketayotganing yo‘q, xayrli ishga borayotibsan. O‘qigan kishining ko‘zi ochiq, o‘qimaganniki ko‘r deydilar. Bu to‘g‘ri gap.
— Uyga qaytasanmi? — deb so‘radi Kuzmichov.
Bola entikib-entikib:
— Qaytib… ketaman… — dedi.
— Qaytganing ham tuzuk edi. Baribir yetti chaqirim joyga halim yegani borgandek ovora bo‘lib ketayotibsan.
— Mayli, xafa bo‘lma og‘ayni, xudoga shukur qil. Lomonosov ham baliqchilar bilan safarda yurib, Yevropaga dong‘i ketgan odam bo‘lib chiqdi. Ixlos bilan olingan bilim, xudo sevgan mevalar beradi. Oyatda nima deyilgan? Yaratuvchiga shukur. Ota-onalarimizni xudo yarlaqasin, din ham vatan foydasiga… Ana shunaqa… — dedi Xristofor hazrat.
Kuzmichov arzon baho sigarini chekarkan:
— Foyda har xil bo‘ladi. Ba’zi odam yigirma yil o‘qisa ham odam bo‘lmaydi, — dedi.
— Tug‘ri, bunday ham bo‘ladi.
— Ba’zi odamga ilm foyda keltiradi, ba’zi odamning miyasini aynitadi. Singlim hech baloni fahmlamaydi-ku lekin juda baland parvoz. Yegorushkani mulla odam qilmoqchi bo‘ladi, ammo o‘z kasbi korim bilan o‘g‘lini umrbod baxtiyor qilish mening ham qo‘limdan keladi-yu, lekin bunga aqli yetmaydi. Bu gapni sizga aytishdan murodim shuki, agar hamma mulla bo‘lib martabaga minib ketsa, savdogarlikni kim qiladi-yu, bug‘doyni kim ekadi? Hamma ochidan o‘ladi.
— Agar hamma savdogarlik va dehqonlik qilsa, ilm kimga qoladi!
Kuzmichov bilan Xristofor hazrat ikkovlari ma’qul bir gap aytgandek, chehrasi jiddiy bir tus olib, birdaniga yo‘talishdi. Bularning so‘zlarini tinglab turgan va lekin hech narsa fahmlamagan Deniska kallasini qimirlatib andek ko‘tarilib, jiyronlarni bir qamchidan urib qo‘ydi. Sukut boshlandi.
Bu orada yo‘lovchilar ko‘z oldida, atrofi qirlar bilan o‘ralgan poyonsiz keng yaylov ochildi. Bir-birlari orqasidan mo‘ralashib turgan bu qirlar qo‘shilib, baland bir qirlikka aylandi. Bu qirlik yo‘lning o‘ng tomonidan boshlanib ko‘k aralash qizg‘ich ufuq ichiga kirib ketadi. Boraverib, boraverib, kishi bu qirlikning qayerdan boshlanib, qayerda tugashini bilmaydi… Quyosh orqadan, shaharning narigi yog‘idan ko‘rindi va jimgina o‘z yumushiga kirishdi. Avval yiroqda, osmon bilan yer qushilgan joydagi qo‘rg‘onchalar hamda yiroqdan qo‘llarini silikitib turgan kichkina odamga o‘xshagan shamol tegirmonlar yonida sap-sariq shu’la yerni silab o‘tdi. Bir ondan so‘ng bunday shu’la yiroqdan ko‘rinib, qirlardan oshio kela berdi. Yegorushkaning orqasiga iliq tekkanday buldi. Yorug‘ orqadan sekin kelib brichka bilan otning ustidan oshib o‘tib ketdi va birdan kunning yorug‘i bir-biriga qo‘shilib, keng sahro ertalabning nursiz libosini egnidan tashladi, shudring tovlanib, sahro jilvalandi.
O‘rib olingan qora bug‘doy, burganlar, sut o‘tlar, yovvoyi kunjut, kunning issig‘idan so‘lib, qovjirab sarg‘ayib qolgan o‘lanlar endi shudringdan so‘lib bo‘lib, kunning nuridan ochilib yana yashnadi. Qushlar yo‘l ustida bozor qilib aylanib yuradi, yumronqoziqlar chinqiradi, yiroqda, chap tomonda loyxo‘raklar chiyilliydi. Bir gala kaklik brichka to‘palonidan hurkib, pirillab uchib, qirlarga borib qo‘ndi. Ninachilar, chigirtkalar o‘tlar ichida bir xilda chirillab yuripti.
Bir ozdan so‘ng shudring ko‘tarilib, havoda yana jimlik qaror topdi. Aldangan sahro yana iyul oyidagi ma’yus holiga tushdi. O‘tlar so‘lidi, hayot o‘chdi. Uzoqdan qip-qizilday ko‘ringan, issiqdan kuyib ketgan qora qirlarning ko‘lankadek o‘lik bag‘ri, yiroqlarga qaraganda tuman bosgandek ko‘rinadi. Yayla va bu yayla ustiga to‘nkarilgan va o‘rmonlari, baland tog‘lari bo‘lmagan sahroda tag-tugi, poyoni yo‘qday ko‘ringan tip-tiniq osmon endi xafalikdan, qayg‘u va hasratdan qaqshagan tubsiz, poyonsiz bir bo‘shliqqa o‘xshaydi…
Havo dim, hamma yoq so‘nuk. Brichka yugurib ketmoqda, lekin Yegorushka osmon, yayla va qirlardan boshqa hech narsani ko‘rmaydi… O‘lanlar ichidagi xush ovoz tindi. Qushlar uchib ketdi, kakliklardan asar qolmadi. So‘ligan o‘tlar ustida quzg‘unlar bekorga uchib yuradi. Quzg‘unlarning hammasi bir-biriga o‘xshaganligidan sahroning g‘urbatini yana oshiradi.
Kalxat qanotlarini sekin-sekin qoqib, yer bag‘irlab uchadi; birdan yerdagi hayotning shunchali zerikarli ekanligidan andishaga tushgandek, havoda bir oz to‘xtab, so‘ngra qanotlarini qoqib, o‘qdek uchib ketdi. Uchib nima qiladi, maqsadi nima, noma’lum. Uzoqda shamol tegirmon aylanmoqda…
Sahro tusini o‘zgartirib unda-bunda o‘t ichida oq kalla suyagi yoki oq tosh, yo‘lga tosh qoziqlar yoki yuqorigi shoxiga ko‘k qarg‘a qo‘ngan quruq tol ko‘rinib qo‘yadi, yo‘ldan yumronqoziq yugurib o‘tadi-da, yana o‘sha burganlar qir va quzg‘unlar ko‘z o‘ngingizdan o‘ta beradi…
Xudoga shukurki, bog‘langan bug‘doy ortgan bir arava ro‘paradan kelyapti. Bug‘doy ustidan ko‘zini uyqi bosgan, issiqdan tinkasi qurigan bir qiz boshini ko‘tarib, yo‘lda uchraganlarga qaraydi. Deniska qizga qarab esi og‘ib ketdi. Jiyron otlar bug‘doyga qarab bo‘yinlarini cho‘zdilar, brichka g‘ijirlab, bug‘doy ortgan arava bilan go‘yo o‘pishdi, bug‘doyning tikanli boshog‘i Xristofor otaning tsilindrini supurib o‘tdi.
— Hay, ko‘zingga qara, lo‘ppi! — deb qichqirdi Deniska. — Odamlarni bosib ketasan! — Basharangni qara-yu, ari chaqqanday shishib ketibdi.
Qiz unqisirab jilmaydi, lablarini qimirlatib, bir narsa deganday bo‘ldi-da, yana yotdi… Qir ustida yakka tup terak ko‘rinadi; uni kim va nega o‘tqazganini xudo biladi. Uning uzun bo‘yidan, ko‘m-ko‘k to‘nidan ko‘zni olib bo‘lmaydi. Bu chiroylik daraxt baxtiyormi? Yozda issiq, qishda sovuq va bo‘ron, kuzda dahshatli kechalar va bu kechalarda qorong‘ilikdan boshqa narsa ko‘rinmaydi, qahrli shamolning izg‘ishidan boshqa narsa quloqqa eshitilmaydi. Bu ham mayli-ku, lekin butun umri yakka-yu yagona, tanho o‘tadi… Terak orqasidan qir tepasidan yo‘lga tushkuncha sap-sarig‘ oltindek bug‘doy gilam yoygan. Qir tepasidagi bug‘doy o‘rilib xirmon qilingan. Pastroqda endi o‘ryaptilar… Olti o‘roqchi qatoriga chalg‘i bilan o‘ryaptilar. Chalg‘ilarning oltovi birdaniga yarqillab, barovariga «vij-vij» degan tovush chiqaradi. O‘rilgan bug‘doylarni bog‘layotgan ayollarning, o‘roqchilarning basharalaridan, chalg‘ilarning harakatlaridan, yarqillashidan kunning issiqlig‘i va dimligi ko‘rinib turibdi. Qora it tilini chiqarib o‘roqchilar tomonidan brichkaga qarab kelyapti. Kelishdan niyati akillash bo‘lsa ham, yarim yo‘lga kelib, qamchisini o‘xtalgan Deniskaga qarab mo‘ltayib qoldi, go‘yo issiqdan akillagisi ham kelmaydi. Ayollardan biri o‘rnidan turib, uvishib, qotib qolgan belini ikki qo‘li bilan ushlab, Yegorushkani alvon ko‘ylagiga qaraganicha qoldi. Ko‘ylakning qizil rangi yoqdimi yoki bolalari esiga keldimi, harholda xiyla vaqtgacha qarab tikilib turdi…
Endi bug‘doylar ham orqada qoldi. Yana qip-yalang‘och yalangliklar, oftobdan kuygan qirlar, misdek qizigan osmon va bu osmoida baland parvoz kalxat; yiroqda hali ham tegirmon qanotlarini qoqadi, hali ham qo‘lini aylantirib turgan kichkina odamga o‘xshaydi. Unga qaray berib charchaydi kishi, unga hech yetib bo‘lmaydiganday, sahro brichkadan qochib ketayotganday ko‘rinadi.
Xristofor hazrat va Kuzmichov jim bormoqdalar. Deniska jiyronlarini qamchilab goho baqirib ham qo‘yadi. Yegorushka bo‘lsa, yig‘isini to‘xtatib, atrofga qarab hayron bo‘lib ketyapti. Havoning issig‘i va sahroning zerikarli manzarasi uni charchatdi. Uning nazarida allaqachondan beri yo‘l yurib kelyapti, allaqachondan beri brichka qoqmoqda, oftob ham allaqachondan beri orqasini qizitmoqda. Biroq hali o‘n chaqirim ham yurganlari yo‘q-ku. U «qachon dam olamiz!» deb o‘ylaydi… Tog‘asining basharasidagi beg‘amlik asta-sekin yo‘qolib, yumush tashvishi bilan mashg‘ullikkina qoldi. Qirilgan, ozg‘in yuzi,
xususan ko‘zoynagini taqqanda, burni bilan chakkasini chang bosganda, undagi xomushlik uning qiyofasini shafqatsiz va marhamatsiz qilib ko‘rsatadi. Xristofor hazrat bo‘lsa yorug‘ dunyoning ajoyibotlarini tomosha qilib, hayron bo‘lib, kulimsirab bormoqda. U ko‘nglida allaqanday narsani o‘ylab, xursandligidan yoqimli tabassum yuzidan ketmay qotib qoldi. Yaxshi quvonchli fikr ham issiqdan miyasida qotib qolganday ko‘rinadi…
— Deniska, bugun aravalarga yetib olamizmi? — deb so‘radi Quzmichov.
Deniska osmonga qarab olib, o‘rnidan andek ko‘tarilib, otlarga bir-ikki qamchi urgach, javob berdi:
— Xudo xohlasa, tungacha yetib olamiz…
Itlar vovullashi eshitildi. Oltita katta-katta sahro ovcharkasi go‘yo pusib yotgan joydan irg‘ib chiqqachday to‘satdan yugurishib chiqib, vovullashganicha brichkani quvlashdi. Hammasi ham qopong‘ich, ko‘zlari g‘azabdan qizargan, tumshuqlarini jun bosgan itlar brichkani o‘rab olib, bir-birlarini itarishib irillay boshladilar. Itlarning g‘azabi shunday zo‘r ediki, otlarni ham, brichkani ham, odamlarni ham tilka-pora qilgunday bo‘lardi… Itlarni bir-biriga olqishlashni va qamchilarni yaxshi ko‘rgan Deniska, payt kelganiga xursand bo‘lib, chehrasida quvonch alomatlarini ko‘rsatib, engashib turib, qamchi bilan itni bir urdi. Itlar battar irillab, otlar qattiqroq chopib berdi. Yegorushka yiqilib tushguday bo‘lsa itlar darhol tilka-pora qilishlarini fahmlab, aravani mahkam ushlab, itlarning tishlari va ko‘zlariga tikilganicha qoldi, lekin qo‘rqmadi, Deniskaga o‘xshab quvondi, qo‘lida qamchisi yo‘qligiga achindi.
Brichka qo‘ylar qo‘toniga yaqin keldi. Kuzmichov:
— Shoshma. To‘xta! Dirrr… — dedi.
Deniska o‘zini orqaga tashlab, otlarni to‘xtatdi.
Kuzmichov cho‘ponni chaqirib:
— Beri kel. Padar la’nati itlarning tovushini o‘chir, — dedi.
Chuvrindi, oyoqyalang, boshida qalpog‘i, belida iflos to‘rvasi, qo‘liga ilmoqli uzun tayoq ko‘targan, qadimgi «avliyo»larga o‘xshagan qari cho‘pon, itlarni jim qilib, boshidan qalpog‘ini olib, brichkaga yaqin keldi. Qo‘tonning narigi yog‘ida ham xuddi shunga o‘xshagan yana bir kishi yo‘lovchilarga qarab ag‘rayib turibdi.
— Bu qo‘ton kimniki? — deb so‘radi Kuzmichov.
— Varlamovniki! — deb qichqirdi chol.
Qo‘tonning narigi tomonida turgan cho‘pon ham:
— Varlamovniki, — dedi.
— Kecha bu yerdan Varlamov o‘tdimi?
— Yo‘q, o‘tgani yo‘q. Gumashtalari o‘tdilar, bu to‘g‘ri…
— Yur.
Brichka jo‘nadi, cho‘ponlar qopog‘on itlari bilan orqada qoldi. Yegorushka yiroqdagi ko‘kalamzorga istar-istamas qarab ketyapti. Qanotlarini aylantirib turgan tegirmon yaqinlashib qolganday ko‘rinadi. Tegirmon borgan sari ulg‘ayib, kattakon bo‘lib, qanotlari ham aniq ko‘rinadi. Bir qanoti eski va yamoq solingan, ikkinchisi yaqinda yangi yog‘ochdan qilinganidan oftobda yarqirab turibdi.
Brichka to‘g‘riga qarab ketdi, tegirmon esa negadir chap tomonga o‘ta boshladi. Brichka yo‘l bosgan sari tegirmon chapga qarab ketyapti-ku, lekin ko‘zdan g‘oyib bo‘lmayapti.
— Boltva o‘g‘liga xo‘p yaxshi tegirmon qilib beriptida, — deb qo‘ydi Deniska.
— Nega uning qo‘rg‘onchasi ko‘rinmaydi.
— Adirning nariyog‘ida.
Bir ozdan so‘ng Boltvaning qo‘rg‘onchasi ham ko‘rindi, shamol tegirmon hali ham g‘oyib bo‘lmay, yarqiragan qanotlarini qoqib Yegorushkaga qaraydi, xolos. Qanday jodugar ekan!