Anton Chexov. Qora rohib (qissa)

I

Magistr Andrey Vasilich Kovrin, o‘ta toliqib ketganidan asab dardiga chalindi. U davolanishga bormadi. Ammo bir kuni vino olishga ketayotganida, shifokor oshnasini uchratib qoldi. Do‘sti unga bahor-yozni qishloqda o‘tkazishni maslahat berdi. Darvoqe, Tanya Pesotskaya ham uzundan-uzoq xat yozib, Borisovkaga taklif qilibdi – mehmon bo‘lib keling, debdi. Chindan ham fursat yetib qolibdi, shekilli, bir aylanib kelishga ahd qildi.
Avvalo – bu aprel oyida bo‘lgandi – ona yurtiga, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kovrinkaga borib, rosa uch hafta yolg‘iz yashadi; yo‘llar selgiguncha sabr qilib, keyin sobiq vasiysi hamda ustozi, Rossiyada dong‘i chiqqan bog‘bon Pesotskiynikiga ot aravada jo‘nadi. Kovrinkadan Pesotskiylar turadigan Borisovkagacha yetmish chaqirimdan ko‘pmas deyishadi, bahorning huzurbaxsh quyoshida yumshoq foytunda yurish haqiqatan dilga orom baxsh etdi. Pesotskiylar hovlisi suvog‘i ko‘chib tushgan bahaybat ustunlari, sherlar haykali-yu darvoza yonidagi frak kiygan darbonlari bilan juda mahobatli ko‘rinardi. Odmi, ammo vahimali, ingliz rusumida bunyod etilgan eski bog‘ uydan to daryogacha salkam bir chaqirimga yoyilib, yung bosgan panjasimon ildizi yer yuziga bo‘rtib chiqqan qarag‘aylar qoplagan giltuproq nishab qirg‘oqqa borib taqaladi; pastda oqayotgan daryo xilvatida to‘lqinlar jimirlab, baliqchi qushlarning yurakni ezadigan chiyillashi eshitiladi, bu go‘shada zavq-shavqqa to‘lib, dabdurustdan ballada yozib tashlaging keladi. Ammo uyning yonginasidagi tashqi hovlining ko‘chat yetishtiriladigan qismi bilan o‘ttiz botmoncha yerni egallagan mevazorda havo aynigan damlarda ham odamning ko‘ngli yozilib, dimog‘i chog‘ bo‘ladi. Nilufar, kameliya kabi g‘aroyib gullarni, turfa rangin, oqdan tortib qop-qora tusdagi ajabtovur lolalargacha, umuman, Pesotskiy bog‘idagiday rang-barang chamanzorni boshqa bir yerda ko‘rish Kovringa nasib etmagan. Navbahor pallasi chunonam barq urib ochilgan gullar hozircha issiqxonaga yashiringan bo‘lsa-da, xiyobon bo‘ylab ochilib yotgan yoki u yoq-bu yoqdagi tegara gulzorlarning o‘zi ham bog‘ oralab, o‘zingni nafis ranglar saltanatida yurganday his etishing uchun yetib-ortadi, ayniqsa, har yaproqda shudring tovlangan tonglarda. Bog‘ning, Pesotskiy nazarga ilmaydigan manzarali daraxtlar ekilgan tarafi Kovringa qachonlardir, olis bolalik dunyosida qolgan ertaklarni eslatadi. Bu go‘shada tabiatga qaratilgan ming turfa tahqir, bema’ni qilg‘iliklar bejamasining har turidan bor! Bunda mevali daraxtlar butab yasalgan panjaralar, ehromsimon, terak shaklidagi nok, jo‘ka; yumaloq, sharsimon eman; olma daraxtidan soyabon, ravoq, vanzel, qandil va hatto, olxo‘ri novdalarini kesib, 1862 – Pesotskiy ilk bor bog‘bonlikka qo‘l urgan sana yozilgan. Bu yerda xurmo singari tanasi tekis, chiroyli, xushbichim daraxtga ko‘zing tushsa, yaqinroq borib, sinchiklab qarasang, qorag‘at yoki krijovnik bo‘lib chiqadi. Barchasidan ko‘ra, bog‘ni yashnatib, unga qaynoq hayot nafasi baxsh etib turgan hodisa, bu – tinim bilmas harakat. Tong sahardan qorong‘u tungacha zambilg‘altak, belkurak, chelak tutgan odamlar daraxt-u ko‘chatlar tagida chumoliday g‘imirlaydi…
Kovrin Pesotskiylar uyiga kech soat o‘nlarda yetib keldi. Tanya bilan otasi Yegor Semyonich g‘am-tashvishga ko‘milgan bir ahvolda edi. Yulduzlar charaqlagan ochiq osmon ham, harorat o‘lchagich ham saharda ayoz tushishidan darak berardi, ustiga-ustak, bog‘bon Ivan Karlich ham shaharga tushib ketibdi, undan boshqa birovga ishonch yo‘q. Kechki ovqat ustida faqat saharda tushadigan qirov haqida gap ketdi va nihoyat, Tanya uxlamay, kechasi soat birga borganda bog‘ni aylanib, hammasi joyidami-yo‘qmi, ko‘rib chiqadi, Yegor Semyonich esa, soat uchda, hatto undan ham vaqtliroq uyg‘onadi – mana shunga kelishib olishdi.
Kovrin Tanya bilan oqshom davomida suhbatlashib o‘tirgach, yarim kechadan oshganda birgalashib boqqa chiqdi. Sovuq tushib qolgandi. Hovlini tutatqi isi bosib ketibdi. Yegor Semyonichga har yili jaraq-jaraq sof daromad beradigan, savdoga chiqariladigan mevalar yetishtiriladigan katta bog‘da yer bag‘irlab to‘shalgan qora, qalin, achchiq tutun daraxtlarni qoplab, o‘sha daromadlarni muzlab qolishidan saqlardi.
Shaxmat usulida ekilgan ko‘chatlar qaddini rostlab, bir tekis saf tortgan askarlarga o‘xshardi, qat’iy tartibda, bo‘ylari baravar, shoxlariga bir xil shakl berilganidan shunday manzara kasb etgandiki, hatto, odam ularga qarab zerikib ketardi. Kovrin bilan Tanya ot go‘ngi, poxol va boshqa chiqindilarning tutatqisi buruqsigan qator oralab asta yurib borisharkan, ahyon-ahyonda tutun ichida sharpaga o‘xshab ko‘ringan ishchilarga duch kelishardi. Olcha, olxo‘ri va olmaning ayrim navlari gullagan bo‘lsa ham, bog‘ boshdan-oxir tutunga g‘arq etilgan edi, Kovrin gulxona yaqiniga kelgandan keyingina ko‘ksini to‘ldirib chuqur nafas oldi.
– Bolalik chog‘imda ham shu bog‘da tutundan bo‘g‘ilib qolardim, – dedi u yelkasini qisib, – ammo haligacha tushunolmayman, qanday qilib tutun sovuqdan asrashi mumkin.
– Tutun bulut o‘rnini bosadi, u bo‘lmasa… – javob berdi Tanya.
– Bulutning o‘zi nega kerak?
– Havo bulutli bo‘lsa, saharda qirov tushmaydi.
– Shunaqami!
U kulib yubordi, so‘ngra qizning qo‘lidan tutdi. Qizning katta-katta ko‘zlari, o‘ta jiddiy, sovuqdan qizargan yuzlari, ingichka qalam qoshi, boshini yonga burishga xalal berayotgan paltosining tik yoqasi, butun borlig‘i, ozg‘in, xushbichim, shudring tegmasligi uchun yig‘ib olgan ko‘ylagining etagi ham yigitning ko‘nglini iydirib yubordi.
– Buni qarang-a, katta bo‘lib qolibsiz! – dedi u. – Besh yilcha avval bu yerdan ketganimda siz jajji qizcha edingiz. Shunaqangi ozg‘in, oyoqlaringiz uzun-uzun, boshyalang, kalta ko‘ylak kiyib chopib yurardingiz, sizni qarqara bilan qo‘rqitardim… Vaqt o‘tishini qarang!
– Chindanam, besh yil! – xo‘rsindi Tanya. – Orada qancha suvlar oqib ketdi. Rostingizni ayting, Andryusha, – dadil dedi qiz yigitning yuziga tik boqib, – bizdan uzoqlashib ketmadingizmi? Buni nega so‘rayapman o‘zi? Siz erkak kishisiz, jo‘shqin hayot kechirasiz, siz buyuksiz… Begonalashib ketishingiz tabiiy! Ammo, nima bo‘lganda ham, Andryusha, bizni o‘zingiznikidek qabul etishingizni istardim. Bunga bizning haqqimiz bor.
– O‘zingiznikiman, Tanya.
– Chin so‘zingizmi?
– Ha, chin so‘zim.
– Bugun biznikida suratingiz ko‘pligini ko‘rib hayron qolgandirsiz. Bilasiz-ku, axir, otam sizni juda yaxshi ko‘radi. Ba’zan mendan ham ortiq suyadiganday tuyuladi. Siz bilan faxrlanadi. Olimsiz, boshqalardan ajralib turasiz, yuqori martabaga erishdingiz, otam bu darajaga yetganingizni o‘zi bergan tarbiyadan deb biladi. Otamning fikriga monelik qilmayman. Mayli.
Tong yorisha boshladi, bu, ayniqsa, ochiq havoda daraxt shoxlaridan tutun parchalari ajralib chiqa boshlaganda aniq belgi berdi. Bulbullar sayradi va dala tomonlardan bedanalar pitpildiq otgani eshitildi.
– Endi uxlab olish kerak, – dedi Tanya. – Sovqotib ketdim. – Qiz yigitning qo‘lidan tutdi. – Rahmat, Andryusha, kelganingiz uchun. Bizning tanish-bilishlar odmi odamlar, bori ham ko‘p emas. Bizda faqat bog‘, bog‘, bog‘ – boshqa hech narsa. Daraxt tanasi, yarimtanasi, – kuldi qiz, – aport, ranet, borovinka, qalamcha, payvand… Bizning butun umrimiz bog‘da o‘tadi, hatto tushlarimda ham olma-anordan boshqasini ko‘rmayman. Albatta, bu juda yaxshi, foydali, ammo ba’zida ko‘ngling yana nimalarnidir tusab qolarkan. Yodimda bor, siz ta’til vaqtida yoki shunchaki biznikiga aylanib kelganingizda uyimiz yana-da musaffo bo‘lib, yanada yorishib ketardi, qandilu jihozlar g‘ilofi yechib olinardi. O‘sha paytda jajji qizcha bo‘lsam-da, har holda tushunardim.
Qiz to‘lib-toshib so‘zladi. Yigitning xayoliga, negadir, butun yozni mana shu kichkina, nimjon, gapi tugamaydigan mahbubaga xushtor bo‘lib, unga ovunib o‘tkazish fikri keldi – ikkisining yoshida bo‘lishi mumkin, tabiiy hol-ku bu! Yigitning ko‘ngli erib ketdi-yu ayni paytda kulgisi qistadi; u dilbar, tashvishli chehraga engashib, asta kuyladi:

Onegin, yashirib ne qildim,
Tatyanani telbavor suydim…

Uyga yetib kelishganda, Yegor Semyonich allaqachon uyg‘ongan ekan. Kovrinning uyqusi qochdi, qariya bilan gurunglashib yana boqqa qaytdi. Yegor Semyonich basavlat, yelkador, meshqorin bo‘lib, nafas qisish dardidan aziyat chekardi, ammo hamisha juda tez odimlardiki, ortidan yetib yurish qiyin edi. Yuzi juda tashvishli ko‘rinar, doimo qaygadir shoshar, bir daqiqa kech qolsang, bas, hammasi barbod bo‘ladi, degan vahimada tinim bilmas edi!
– Mana, og‘ayni, senga ortiqcha g‘alva… – gap boshladi u to‘xtab, ruhini ko‘tarib olish uchun. – Yerning yuzida, ko‘ryapsanmi, ayoz, yerning ostida harorat o‘lchagich tayoqchasiga ikki barobar chuqurroqda, iliq… Bu nimadan?
– To‘g‘risi, bilmayman, – dedi Kovrin jilmayib.
– Hm… Hamisha bilaverish mumkin emas, albatta… Dunyoqarashing qanchalik keng bo‘lsa ham, hammasini sig‘dira olmaysan. Axir, sen ko‘proq falsafa bobida…
– Ha. Ruhshunoslikni o‘rganyapman, umuman, falsafa bilan bandman.
– Jonga tegmadimi?
– Aksincha, shu bilan tirikman.
– Xudo yarlaqasin… – dedi Yegor Semyonich, keyin yon soqolini silab o‘ylanib qoldi. – Xudo yarlaqasin… Sendan xursandman… xursand, og‘ayni…
Ammo, u birdan butun diqqatini jamlab, nimagadir quloq tutdi, kutilmaganda yuzi vahimali tus olib, qayoqqadir yugurib ketdi, bir zumda daraxtlarni qoplagan tutun buluti ichra g‘oyib bo‘ldi.
– Kim bu olmaga ot boyladi, kim? – yurakni yorgudek vahimali ovoz eshitildi. – Bu ablah kim, qaysi jin urgur otni olmaga boyladi? Xudoyim-ey, Xudoyim-ey! Ishdan chiqarishibdi, sovuq urdirishibdi, rasvo qilishibdi, bulg‘ab tashlashibdi! Bog‘ payxon bo‘ldi! Bog‘ nobud bo‘ldi! Yo, Xudo!
Kovrinning yoniga qaytib kelgan cholning yuzida charchoq, xo‘rlanish alomatlari zohir bo‘ldi.
– Bu la’natilarni nima qilsang bo‘ladi? – dedi u yig‘lagudek bo‘lib, qo‘llarini ikki yoniga tashlab. – Styopka kechasi go‘ng olib kelgach, otni olmaga tushovlab ketibdi! O‘rab bog‘labdi, yaramas, arqon qattiq, olmaning tanasi uch joyidan zahalanibdi. Bu nimasi! Qancha gapirsang – shuncha kam, bilganidan qolmaydi, keyin ko‘zi mo‘ltirab turaveradi! Dorga ossang oz!
Chol o‘zini bosib olgach, Kovrinni quchib, yuzidan o‘pib qo‘ydi.
– Mayli, Xudo yarlaqasin… Xudo yarlaqasin… – ming‘irladi u. – Biznikiga kelganingdan xursand bo‘ldim. Qay so‘z bilan aytay… Rahmat.
Keyin u odatdagiday tez-tez odimlab, vahimali qiyofada butun bog‘ni kezib chiqdi; sobiq shogirdiga barcha oranjereya, issiqxona, tuproqsaroy, yana o‘zi aytganiday, yuzyilligimizning mo‘jizasiga aylangan ikkita asalari qutisini ham ko‘rsatdi.
Ular bog‘ni ko‘rib chiqquncha quyosh ko‘tarilib, chiroyli bog‘ni zarrin nurga ko‘mdi. Havo ilib ketdi. Tiniq, huzurbaxsh, uzun kunni dil-dilidan his etgan Kovrin shirin xayolga cho‘mdi: axir, may endi boshlandi, hali oldinda xuddi shunday ravshan, quvonchli, uzun kunduzlari ila butun yoz turibdi, shunda birdaniga ko‘ksida baxtiyor yoshlik tuyg‘usi jo‘sh urdi, bunaqasini u bolaligida, mana shu bog‘da chopqillab o‘ynab yurgan chog‘lari his etgan. U ham cholni quchib, asta o‘pib qo‘ydi. Ikkovlon hayajon og‘ushida uyga qaytib, qadimgi chinni idishda, qaymoqli, to‘yimli, yog‘li non bilan choy ichishdi – mana shu nonushta ham, boshqa ikir-chikirlar ham Kovringa yana bolaligini, yoshligini eslatdi. Ajoyib kayfiyati bilan qalbida uyg‘ongan o‘tmish taassurotlari bir bo‘lib, ko‘ksiga sig‘may, yorgudek bo‘lar, ammo yoqimli edi.
U Tanyaning uyg‘onishini sabr bilan kutdi, so‘ngra birga qahva ichib, sayr qilib keldi, shundan keyingina xonasiga kirib, ishga o‘tirdi. U kamoli diqqat bilan o‘qir, belgilar qo‘yar, gohida ochiq derazaga yoki stol ustiga terilgan guldonlardagi musaffo, hali yaprog‘idan shudring nuqralari ketmagan namchil gullarga ko‘z tashlay deb bosh ko‘tarar, so‘ngra yana kitobga egilardi. Uning tomir-tomirlari lazzatdan titrayotganday, jimirlayotganday edi.

II

U qishloqda ham shahardagi singari asabiy, bezovta hayotini davom ettirdi: tinimsiz o‘qir, yozar, italyan tilini hijjalab o‘rganar, hatto sayrga chiqqanda ham tezda yana ishga o‘tirishini orziqib o‘ylardi. U shunchalik kam uyqu bo‘lib qolgandiki, bundan atrofidagilar ajablanardi; mabodo kunduzi bexosdan yarim soatcha mizg‘ib qolsa, keyin tuni bilan uxlamas, ertasiga, uyqusiz o‘tgan tundan keyin ham hech narsa bo‘lmaganday o‘zini tetik, quvnoq his etardi.
U ko‘p gapirar, ko‘p vino ichar va qimmat sigara chekardi. Pesotskiylar xonadoniga tez-tez, deyarli har kuni Tanya bilan royal chalib, qo‘shiq aytgani qo‘shni qizlar chiqardi; ba’zida skripkani qoyilmaqom chaladigan qo‘shni yigitcha ham ko‘rinib qolardi. Kovrin kuy-qo‘shiqni ishtiyoq bilan tinglagan paytlari a’zoi badani bo‘shashib, ko‘zlari yumilib, boshi bir tomoniga egilib tushganda jisman horigani aniq sezilib qolardi.
Bir oqshom kechki choydan so‘ng balkonda kitob o‘qib o‘tirgandi. Mehmonxonada Tanya chinqirib, qo‘shni qizlardan biri yo‘g‘on ovozda baqirib, yigitcha esa skripkada Braganing mashhur serenadasining mashqini olayotgan edi. Kovrin qo‘shiqqa quloq tutdi, – ruscha, – ammo mag‘zini chaqolmadi. Nihoyat, kitobni bir chetga surib qo‘yib, diqqat bilan tinglagach, tushundi: xayolparastlik dardiga mubtalo bo‘lgan qiz tungi bog‘da shunchalar go‘zal, g‘aroyib, sirli navo eshitadiki, bu uyg‘un ohanglar ilohiy bo‘lib, biz, oddiy odamlar his etolmaganimiz uchun yana qaytib samoga ko‘tarilib ketar emish. Kovrinning ko‘zlari yumila boshladi. Shunda u o‘rnidan turib, mudrog‘ini yozish ilinjida mehmonxona, keyin zal bo‘ylab odimladi. Qo‘shiq tingach, Tanyaning qo‘lidan tutib, balkonga yetakladi.
– Bugun ertalabdan beri bir afsona xayolimdan ketmayapti, – dedi u. – Biron joyda o‘qiganmanmi yo eshitganmanmi, yodimda yo‘q, ammo bu afsona qandaydir g‘alati, tushuniksiz. Avvaldan aytib qo‘yay, uning mazmuni judayam aniq-tiniq emas. Bundan ming yillar oldin, Shomdami, Arabistondami… qora rido kiygan rohib sahro uzra yelib borardi. U o‘tib ketgan joydan bir necha chaqirim narida turgan baliqchilar ko‘l yuzida ohista borayotgan yana bir rohibni ko‘rib qolishadi. Ikkinchi rohib, bu – sarob edi. Endi, optikaning har qanday qonuniyatlarini bir chetga qo‘ya turaylik-da, zero, afsonalar bunga bo‘ysunmaydi, davomini eshiting. O‘sha sarobdan yana o‘zga bir sarob yaralibdi, keyin o‘sha o‘zgasidan uchinchisi, shunday qilib qora rohib sharpasi Yer qobig‘ining bir qatlamidan boshqasiga intihosiz o‘tib boraveribdi. Uni goh Afrikada, goh Ispaniya­da, goh Midiyada, goh Uzoq Shimolda… ko‘rishibdi. Nihoyat, u Yer qobig‘i chegaralaridan tashqariga chiqib, butun koinot bo‘ylab keza boshlabdi, hanuzgacha so‘nishi mumkin bo‘lgan dastlabki muhitiga qayta olmas ekan. Ehtimol, endi u Marsdami yoki Janubiy Xochning qay bir yulduzida ko‘rinar. Ammo, azizam, bu afsonaning asl mohiyati, mag‘zi shundaki, rohib sahroda ayon bo‘lganidan so‘ng roppa-rosa ming yil o‘tgach, yana qayta Yer qobig‘iga tushib, odamlarga ko‘rinish berar ekan. Xuddi o‘sha ming yillik vaqt endi yetib kelganday tuyulyapti… Afsonada aytilishicha, qora rohibni bugun emas – ertaga kutib olishimiz kerak.
– G‘alati sarob, – dedi afsona yoqinqiramagan Tanya.
– Ammo, hammasidan ham ajablanarlisi, – jilmaydi Kovrin, – bu afsona qaydan kelib miyamga o‘rnashib qolganini sira eslay olmayman. Qayerda o‘qidim? Eshitdimmi? Yoki, ehtimol, qora rohib tushimga kirganmi? Xudo haqqi, ont ichaman, yodimda yo‘q. Ammo, afsona fikru zikrimni band etdi. Bugun, kun bo‘yi shu haqida o‘yladim.
U Tanyani mehmonlar yoniga qo‘yib yuborgach, uydan tashqariga chiqdi, keyin xayol bilan odimlab, tegara gulzorga borib qoldi. Quyosh botayotgan edi. Endigina suv sepilgan gullardan namchil, dimoqni qitiqlovchi bo‘y taralardi. Uy tomonda yana kuylash boshlandi, skripka nag‘masi olisdagi odam tovushiday eshitilardi. Kovrin afsonani aynan qayerda eshitgan yoki o‘qiganini eslashga urinib, asta-sekin tomoshabog‘ sari odimlab, daryo bo‘yiga chiqib qolganini sezmay qoldi.
Tik qirg‘oq ustidan ketgan so‘qmoq bo‘ylab bo‘rtib chiqqan ildizlar ustidan o‘tib, pastga, suv yoqasiga tushganda baliqchi qushlar cho‘chib uchib ketishdi, ikkita o‘rdak potirlab uchdi. Vahimali qarag‘aylarning yaproqlarida botayotgan quyosh nurlari o‘ynar, ammo oqshom daryo yuzasini qoraytirib bo‘lgandi. Kovrin oqim bo‘ylab yurib, narigi qirg‘oqqa o‘tdi. Endi qarshisida hali to‘liq gullab bo‘lmagan javdarzor shovullagan bepoyon dala yastanib yotardi. Agar mana shu so‘qmoqdan ketaverilsa, u na odamzot makoni, na bir tirik jon duch kelmas ufqqa, quyosh botayotgan, oqshom shafag‘iday cheksiz alanga qoplagan sirli manzilga olib boradi.
“Bu yerlar naqadar bepoyon, erkin va sokin! – o‘yladi Kovrin, so‘qmoqdan odimlab borarkan. – Go‘yo butun olam meni pinxona kuzatib turganday, uni anglashimni, idrok etishimni kutayotganday…”
Ammo, mana, javdarzor yuzasi chayqalib, to‘lqinday jo‘shdi, namozshomning yengil shabadasi uning yalang boshini ham silab o‘tdi. Bir zumdan so‘ng yana shamol esdi, ammo bu shiddatli shamol edi – javdarzor shovqinlandi, orqa tarafdan qarag‘ayzorning bo‘g‘iq shovullashi eshitildi. Kovrin hayratga tushib, joyida qotib qoldi. Ufqda, xuddi uyurma yo quyun kabi yerdan to osmon toqiga qadar qop-qora ustun ko‘tarildi. Uning shakli noaniq, ammo bir joyda turmagani o‘sha zahoti bilindi, shu tomonga o‘qday uchib kelardi, yaqinlashgani sari tobora kichrayib, aniqroq shaklga kirib, dahshatli tezlikda to‘ppa-to‘g‘ri Kovrinning ustiga bos­tirib keldi. Uning yo‘lidan qochish uchun Kovrin yon tarafga, javdarzor ichiga o‘zini otdi, arang ulgurdi…
Sochi oppoq, qoshi, ridosi qop-qora rohib qo‘lini ko‘ksida qovushtirgancha yonidan o‘tib ketdi… Uning yalang oyoqlari yerga tegmasdi. Uch qadamcha nariga o‘tgach, Kovringa o‘girilib qaradi, boshini irg‘adi-da, muloyim, ayni paytda quvlik bilan jilmayib qo‘ydi. Ammo qanchalar oq, nihoyatda oppoq, oriq yuz! U yana kattalasha boshladi, so‘ngra daryoning ustidan yelib o‘tgach, giltuproq qirg‘oqqa, so‘ng qarag‘ayzorga sassiz urilib, daraxtzor orasida tutunday tarqab ketdi.
– Mana, ko‘ryapsizmi… – ming‘irladi Kovrin. – Demak, afsona zamirida haqiqat bor.
Bu g‘ayritabiiy hodisani anglab yetishga urinib o‘tirmay, nafaqat qora ridosini, hatto rohibning yuz-ko‘zini yaqindan aniq-tiniq ko‘rganidan mamnun bo‘lgan Kovrin yoqimli tuyg‘ular og‘ushida ortiga qaytdi.
Bog‘da ham, xiyobonda ham odamlar xotirjam, o‘z yumushlari bilan band, uyda kuy-qo‘shiq, o‘yin-kulgi avjida, – demak, rohibni bir o‘zi ko‘ribdi, xolos. U hamma-hammasi haqida Tanya va Yegor Semyonichga aytib berishni xohlardi, ammo, baribir gapini yolg‘onga yo‘yishadi, qolaversa, boshqalarni cho‘chitib qo‘yishi mumkin; yaxshisi, jim bo‘lgani ma’qul. U qahqaha otdi, qo‘shiq aytdi, raqs tushdi, rosa o‘ynab-kuldi, hamma, mehmonlar-u Tanya ham bugun uning chehrasi ochiq, nurliroq, ruhlanganroq va o‘zi ham qandaydir boshqacharoq bo‘lib qolganini aytishdi.

III

Kechki taomdan so‘ng mehmonlar uylariga tarqalgach, u ham xonasiga kirib, divanga yonboshladi: rohib haqida maroq bilan xayol surishni xohlardi. Ammo oradan bir zum o‘tmay, Tanya kirib keldi.
– Andryusha, otam yozgan mana bu maqolalarni o‘qib ko‘ring, – dedi qiz unga bir taxlam risola-yu bosma qog‘ozlarni uzatib. – Ajoyib maqolalar. Otam zo‘r yozadi.
– Qanaqasiga zo‘r bo‘lsin! – dedi qizining ortidan shoshib kirgan Yegor Semyonich zo‘raki jilmayib xijolat bo‘lgandek. – Uning gaplariga quloq solma, yaxshisi, o‘qib o‘tirma! Agar tezroq uxlamoqchi bo‘lsang, mayli, o‘qiy qol: bu ajoyib uyqu dorisi.
– Meningcha, ajoyib maqolalar, – dedi Tanya kamoli ishonch bilan. – Siz o‘qib chiqing, Andryusha, o‘shandan keyin, albatta, otamni ko‘proq yozishga undab qolasiz. Bog‘dorchilikdan darslik yozishga ham otamning kuchi yetadi.
Egor Semyonich butun vujudi bilan qahqaha otib yubordi, so‘ngra yuzlari qizarib, xijolat bo‘lganidan kalovlanib, odatda mualliflar aytadigan iboralarni takrorlay boshladi. Nihoyat, chol yon berganday bo‘ldi.
– Shunday ekan, avval Goshe maqolasini o‘qi, keyin mana bu ruscha maqolalarni ham, – ming‘irladi u qo‘li qaltirab risolalarni birma-bir uzatarkan, – yo‘qsa, tushunmaysan. Mening e’tirozimni o‘qishdan oldin nimani inkor etganimni bilishing kerak-ku. Ammo, arzirmikan… zerikarli. Mayli, endi uxlash payti bo‘ldi, shekilli.
Tanya tashqariga chiqib ketdi. Yegor Semyonich divanga, Kovrinning yoniga o‘tirib, chuqur xo‘rsindi.
– Ha, sen mening qadrdonimsan… – deb gap boshladi u biroz sukut saqlagach. – Shunaqa, suyukli magistrim. Mana, maqolalar ham yozyapman, ko‘rgazmalarda ham qatnashyapman, medallar ham olyapman… Pesotskiyning olmalari boshidan oshib-toshib yotibdi, deyishadi, Pesotskiy bog‘dan jaraq-jaraq pul topyapti, deyishadi… Bir so‘z bilan aytganda, boy va sharafli Kichikbey. Ammo savol tug‘iladi: bularning hammasi nima uchun? Bog‘, haqiqatan ajoyib, ibrat bo‘larlik… Bu bog‘ emas, yuksak davlat ahamiyatiga molik butun boshli yirik muassasa, chunki bu, ta’kidlash joizki, rus ishlab chiqarishi hamda rus xo‘jaligi taraqqiyotidagi yangi davr. Ammo, kim uchun? Maqsad nima?
– Ishning o‘zi aytib turibdi.
– Men bu ma’noda aytayotganim yo‘q. Bir narsani so‘ramoqchiman: men olamdan o‘tgandan keyin bog‘ nima bo‘ladi? Mensiz o‘zing ko‘rib turgan mana shu bog‘ning ko‘rku chiroyi bir oyga yetib bormaydi. Muvaffaqiyat siri nimada, bog‘ning kattaligi, xizmatchining ko‘pligida emas, gap shundaki, men o‘z kasbimni sevaman, tushunyapsanmi? Sevaman, ehtimol, hayotimdan ham ortiq ko‘rarman. Menga qara: hamma ishni o‘zim bajaraman. Ertadan kechgacha tinmayman. Payvand qilaman, butayman, kesaman, hammasiga – o‘zim. Yordam berishmoqchi bo‘lishsa, qizg‘anaman, g‘azablanaman, qo‘rslik qilaman. Hamma sir mehrda, ya’ni xo‘jayinning o‘tkir nigohida, xo‘jalik boshlig‘ining dastida; qachonki bir soat bo‘lsa ham qayoqqadir mehmonga borsam, xotirjam o‘tirolmayman, bog‘im nima bo‘ldiykin, deb ko‘nglim alag‘da yuraman. Men o‘lsam, boqqa kim qaraydi? Kim ishlaydi? Bog‘bonlarmi? Xizmatchilarmi? A? Mana shunaqa gaplar, xullas, nima demoqchiman, muhtaram do‘stim: bizning ishimizdagi birinchi dushman quyon emas, tillaqo‘ng‘iz emas, ayoz emas – begona odam.
– Tanya-chi? – so‘radi Kovrin kulimsirab. – U quyonchalik zararkunanda bo‘lmasa kerak. U ishning ko‘zini biladi, mehnatsevar…
– To‘g‘ri, bilag‘on, mehnatsevar bo‘lib ulg‘aydi. Agar mendan keyin bog‘ unga qolsa, u bosh bo‘lsa, albatta, nur ustiga a’lo nur. Qani, ayt-chi, Xudo asrasinu erga tegib ketsa-chi? – pichirladi Yegor Semyonich Kovringa qo‘rqa-pisa ko‘z tashlab. – Mana shunday bo‘lishi aniq! Erga tegadi, bola tug‘adi, o‘shanda boqqa qarashga qo‘li tegmaydi. Men eng avvalo nimadan qo‘rqaman: qandaydir yigitchaga turmushga chiqsa, uning nafsi hakalak otib, bog‘ni savdogarlarga ijaraga bersa, bir yildayoq hammasi payhon bo‘ladi. Bizning ishga xotin kishi aralashsa – Xudo urgani bu!
Egor Semyonich xo‘rsinib, biroz jimib qoldi.
– Balki, bu xudbinlikdir, ammo rostini aytaman: Tanyaning turmushga berishni istamayman. Qo‘rqaman! Qayoqdandir bir olifta uyimga kelib, skripkasini g‘iyqillatib yurishidan qo‘rqaman; bilaman, Tanya unga tegmaydi, juda yaxshi bilaman, chunki mening o‘sha yigitchani ko‘rarga ko‘zim yo‘q! Umuman, og‘ayni, shunaqa gaplar, men hiyla g‘alatiroqman. Tan olaman.
Egor Semyonich hayajonini yashirolmay o‘rnidan turib ketdi va xona bo‘ylab odimlay boshladi, aftidan, jiddiy gap aytmoqchi-yu, ammo bir qarorga kela olmayotgani ko‘rinib turardi.
– Seni juda yaxshi ko‘raman, sen bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchiman, – o‘ylab o‘yiga yetdi nihoyat u qo‘lini cho‘ntagiga solib. – Ayrim qaltis masalalarga ham to‘g‘ri yondashadigan odatim bor, nimani o‘ylasam, shuni aytaman, ko‘ngilda kin saqlashga toqatim yo‘q. Ochiq aytaman: men qo‘rqmasdan qizimni berishim mumkin bo‘lgan yagona odam faqat sensan! Aqllisan, ko‘ngling toza, men boshlagan ishlarni barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaysan. Eng asosiysi – seni yaxshi ko‘raman, xuddi o‘z o‘g‘limday… faxrlanaman. Agar Tanya ikkingizni bir-biringizga ko‘nglingiz bo‘lsa, unda men nima ham qila olardim? Xursand bo‘laman, hatto o‘zimni baxtli sanayman. Bo‘yab-bejamasdan, to‘g‘riko‘ngil odam sifatida senga aytishim lozim bo‘lgan ochiq-oshkora gapim shu!
Kovrin kulib yubordi. Yegor Semyonich tashqariga chiqish uchun eshikni ochdi-yu bo‘sag‘ada turib qoldi.
– Agar sen bilan Tanyadan o‘g‘il tug‘ilsa, uni zo‘r bog‘bon qilaman, – dedi u xayolga cho‘mib. – Ehtimol, barchasi puch orzudir… Xayrli tun.
Yolg‘iz qolgach, Kovrin qulayroq yonboshlab olib, maqolalarni o‘qishga tutindi. Birining sarlavhasi shunday: “Oraliq ekinlar haqida”, boshqasi: “J.Z.ning yangi bog‘ tagidagi tuproqni kurak kengligida yumshatish haqidagi qaydlari xususida bir necha og‘iz so‘z”, uchinchisi: “Yana yumuq ko‘zlarni payvandlash haqida” – qolgani ham shu taxlit. Ammo naqadar zardali, notekis ohanglar, naqadar asabiy, deyarli achchiq piching­lar! Mana, sarlavhasi eng beozor, mazmunan ola-quroq maqola: rus antonov olmalari haqida yozilgan. Ammo Yegor Semyonich maqolani “audiatur altera pars” so‘zlari bilan boshlab, “sapienti sat” bilan tugatgan, bu ikki ibora orasida esa, “O‘zi turgan minbar balandligidan tabiatni kuzatuvchi bizning patent olgan bog‘bonlarimizning beodob olimi” sha’niga turfa zaharxandalarning butun boshli favvorasi otilgan yoki “Ishqivozlar va noshudlar tomonidan muvaffaqiyati ta’minlangan” j. Goshe borasida, yana, shu yerning o‘zida meva o‘g‘irlayotib daraxt shoxini sindirgan mujiklarni savalash bilan cheklanib qolmaslik haqida bemavrid, soxta va nosamimiy kesatiqlar yozilgan.
“Maqola chiroyli, yoqimli, foydali, ammo jizzakilik bor, mojaroli o‘rinlar ko‘p, – o‘yladi Kovrin. – Hamma yerda ham maslagi bor kishilar asabiyligi, o‘ta ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. Balki, shunday bo‘lishi kerakdir”.
U negadir Yegor Semyonichning maqolalarini jon-dilidan sevadigan Tanyani eslab qoldi. O‘rtabo‘y, rangpar, qotmadan kelgan, to‘g‘rirog‘i, eti suyakka yopishgan: ko‘zlari katta-katta, qora, aqlli, hamisha atrofiga alanglab turadi, nimalarnidir qidiradi; otasi kabi odimlaydi – maydaqadam, shoshqaloq. Sergap qiz, bahs-munozarani xush ko‘radi, har bitta, hatto arzimas iborani aytganida, bir yo‘la yuz ifodasi, imo-ishora bilan ham uqtiradi. Borib turgan jizzaki bo‘lsa kerak.
Kovrin o‘qishni davom ettirdi, ammo hech baloni tushuna olmay, maqolani chetga otdi. Ko‘nglida kecha oqshom raqsga tushganda, musiqa ting­laganda bosgan yoqimli hayajon uyg‘onib, xayolidan ajoyib fikrlar o‘ta boshladi. O‘rnidan turib, qora rohib siymosini eslashga harakat qilib xona ichida yura boshladi. Agar o‘sha g‘alati, g‘aroyib qora rohib birgina unga ko‘ringan bo‘lsa, demak, dardga chalingani aniq, yo‘q narsani ko‘rish darajasigacha yetib boribdi-da. Bu fikridan o‘zi ham biroz qo‘rqib ketdi.
“Axir, men o‘zimni binoyiday his qilyapman, atrofdagilarga ziyonim tegmaydi; demak, mening gallyutsinatsiyalarim xavfsiz,” deb o‘yladi u tinchlanib.
U divanga cho‘kdi, so‘ng boshini kaftlari orasiga olib, butun borlig‘ini qamragan qandaydir shirin baxtni tuygandek bo‘ldi, keyin yana ishga o‘tirdi. Ammo kitobdagi fikrlar uni qoniqtirmasdi, qandaydir ulkan, aql bovar qilmas, hayratlarga chulg‘aguvchi nimanidir istardi. Tong oqarib qolganda ust-boshini yechib, istar-istamas ko‘rpacha orasiga kirdi: axir, uxlash kerak edi-da!
Bog‘ tomon yo‘l olgan Yegor Semyonichning qadam tovushlari eshitilganda Kovrin qo‘ng‘iroqchani chalib, malayga vino keltirishni buyurdi. U bir necha qadah lafit sipqorgach, joyiga cho‘zilib, boshini ko‘rpacha bilan burkab oldi; shundan keyingina ongi xiralashib, uxlab qoldi.

IV

Egor Semyonich bilan Tanya tez-tez janjallashib qolar, o‘shanda bir-birini ayamay dilozor gaplar aytishdan ham toyishmasdi.
Sahar-mardonda ikkisi qaysidir masalada kelisholmay mojaro chiqarishdi. Tanya yig‘lab xonasiga kirdi-da, qamalib oldi. Keyin na tushlikka, na choy ichgani chiqdi. Tartib-intizom, adolat dunyodagi har narsadan ustunligini isbotlab qo‘yishni istagan Yegor Semyonich avvaliga gerdayib, boshini tik tutib yurdi, ammo tez orada shashti pasayib, boshi xam bo‘lib, ruhan tushkunlikka tushdi. U xiyobon bo‘ylab g‘amgin odimlar ekan, nuqul xo‘rsinib: “Oh, Xudoyim, Xudoyim-ey!” deya takrorlardi, hatto tushlikda tuz totmadi. Nihoyat, o‘zining aybdor ekanini tan olib, vijdon azobidan qutulish ilinjida yopiq eshikni qoqib, hadiksirab chaqirdi:
– Tanya! Tanya!
Eshik ortidan kuchsiz, yig‘lab-yig‘lab holdan toygan qizning keskin ohangdagi javobi keldi:
– O‘tinib so‘rayman, meni tinch qo‘ying.
Butun xonadon ahliga, bog‘dagi xizmatchilarga ham uy egalari orasidagi xafagarchilik nuqsi urdi. Kovrin qiziqarli ishlarga ko‘milib yotgan bo‘lsa ham, oxir-oqibat atrofidagilarni ko‘rib, noqulay ahvolga tushib qoldi. Yigit nimadir qilib bo‘lsa ham boshqalarning kayfiyatini ko‘tarish niyatida ularning o‘rtasiga tushishni ma’qul topdi va oqshomga borib Tanyaning qulflab olgan eshigini taqillatdi. Qiz uni ichkariga kiritdi.
– Voy-voy, uyat-e! – hazillashib gap boshladi yigit, yig‘layverib ko‘zlari shishib ketgan Tanyaning mumsiragan yuziga boqib. – Nahotki, shunchalikka borsangiz? Qo‘ying-e!
– Siz bilmaysiz-da, meni qanchalik azoblashini! – dedi qiz katta-katta ko‘zlaridan qaynoq ko‘z yoshini duv-duv oqizib. – U meni qiynab yubordi! – davom etdi qiz kuyunib. – Men unga hecham yomon gap aytganim yo‘q… hech narsa… Faqat, ortiqcha ishchilarni… tutib turishga zarurat… yo‘q dedim xolos… agar… agar kerak bo‘lsa, kunbay ishchi yollaymiz, dedim. Axir… axir ishchilar bir haftadan beri bekorchi, hech balo qilgani yo‘q… Men… shuni aytdim, xolos, u bo‘lsa, o‘shqirib berdi, xafa qildi, haqorat qildi. Nega?
– Bas endi, yetar, – dedi Kovrin qizning soch turmagini to‘g‘rilab. – Tergashib, yig‘lashib olganimiz yetarli, bas. Arazlab yurish yaramaydi, yaxshimas… axir, otangiz sizni juda yaxshi ko‘radilar-ku!
– U meni… mening butun hayotimni zaharladi, – davom etdi Tanya hiqillab. – Eshitganim faqat tahqiromuz gaplar… dilsiyohlik. O‘zining uyida meni ortiqcha deb hisoblaydi. Nimaga? U haq. Men ertaga bu yerdan ketaman, telegrafistkalikka kiraman… Mayli…
– Qani, qani… Yig‘lamang, Tanya. Keragi yo‘q, azizam… Ikkingiz ham qiziqqon, jahldorsiz, ikkingizda ham ayb bor. Yuring, o‘zim sizlarni yarashtirib qo‘yaman.
Kovrin muloyim, ammo ishonch bilan gapirdi, qiz esa, yelkalari silkinib, mushtumini tugib yig‘layverdi, go‘yo chindanam dahshatli baxtsizlikka duchor bo‘lgandek edi. Arzimagan gap uchun shunchalik chuqur qayg‘uga botgan qizga achinib ketdi. Axir, bu hilqatni kun bo‘yi, hatto bir umr baxtsiz qilishi mumkin bo‘lgan cho‘pchaklar to‘lib-toshib yotibdi bu dunyoda!
Tanyani yupatgach, Kovrin xayolga toldi: bu yorug‘ olamda mana shu qiz bilan otasidan boshqa uni o‘zinikiday, tug‘ishganidan ortiq ko‘radigan, sevadigan odam zotini kunduzi chiroq yoqib topolmasa kerak; agarda shu ikki inson bo‘lmaganda, ehtimol, ota-onasidan erta ajralib mehrga zor o‘tgan bolaligidan to umrining oxirigacha eng yaqin kishilar, qarindosh-urug‘lar orasidagina bo‘ladigan chinakam mehr, oddiy, beminnat muhabbat neligini bilmay o‘tib ketarmidi. O‘zining xastahol, buzilgan asabiga ohanrabo temirni tortgan kabi mana shu yig‘layotgan hurkak qizning fe’ligina mos kelishini biladi. U hech qachon durkun, baquvvat, ikki yuzi qip-qizil sog‘lom qizlarga ko‘ngil qo‘ymagan bo‘lardi, unga rangpar, nimjon, baxtsiz Tanya yoqardi.
U qizning sochlari, yelkalarini mehr bilan siladi, qo‘lini siqib, ko‘z yoshini artib qo‘ydi… Nihoyat, qiz yig‘idan to‘xtadi. Yana anchagacha ota­sidan, bu uydagi chidab bo‘lmas turmush tarzidan arzini davom ettirdi, Kovrinni o‘zining o‘rniga qo‘yib ko‘rishini aytib yolvordi; keyin oz-ozdan hiqillab, jilmaya boshladi, undan keyin Xudo o‘ziga tentakona fe’l-atvor berganidan yozg‘irib, nihoyat, birdan xushchaqchaq kulgisi jarangladi-da, xonadan chopib chiqib ketdi.
Oradan biroz o‘tib, Kovrin boqqa chiqqan payti Yegor Semyonich bilan Tanya orada hech gap o‘tmaganday xiyobon bo‘ylab sayr qilishar ekan, javdar nonga tuz sepib paqqos tushirishardi, chunki ikkalasi ham kun bo‘yi tuz totmagan edi-da.

V

Ota bilan qizni yarashtiruvchi vazifasini qoyillatib uddasidan chiqqanidan mamnun bo‘lgan Kovrin tomoshabog‘ tarafga ketdi. Endigina skameykaga o‘tirib, o‘yga cho‘mgandiki, uzoqdan foytunning taraq-turug‘i va qizlar kulgisi eshitildi – bu uyga mehmonlar kelganidan darak berardi. Oqshomda soyalari yerga cho‘zilgan bog‘ uzra skripka sadosi taralib, qo‘shiq yangraganday bo‘ldi, bularning barchasi bir bo‘lib, uning xotirasi puchmoqlariga yashiringan qora rohibni uyg‘otib yubordi. Qayerda, qaysi mamlakatda yoki qay bir sayyorada ekan hozir bu mo‘jiza?
U afsonani arang eslab, xayolida javdarzorda ko‘rgan o‘sha qora sharpa siymosini tikladi, shu payt ro‘parasida, xuddi qarag‘ay tanasidan ajrab chiqqanday, hech bir sas-sadosiz boshyalang, o‘rta bo‘y, qora rido kiygan darvishnamo odam paydo bo‘ldi, uning rangsiz, murdanikiga o‘xshash yuzida qop-qora qoshi bo‘rtib turardi.
Boshini do‘stona irg‘agan gado yoinki darvishsifat odam skameykaga sassiz borib o‘tirdi, shundagina Kovrin o‘zining yoniga qora rohib kelganini anglab yetdi. Ikkovlon oniy lahza bir-biriga tikilib qolishdi – Kovrin hayratda, rohib esa muloyim, avvalgidek, ozgina quvligi bor, ko‘nglidan o‘tdi yigitning.
– Axir, sen sarobsan-ku, – ming‘irladi Kovrin. – Nima uchun bu yerda, bir joyda o‘tiribsan? Bu afsonaga o‘xshamaydi.
– Hammasi bir, – javob berdi rohib shoshilmay, unga yuzini burib past ovozda. – afsona, sarob va men – barchasi tasavvuringda uyg‘ondi. Men – sharpaman.
– Demak, sen aslida yo‘qsan, to‘g‘rimi? – so‘radi Kovrin.
– Qanday istasang, shunday o‘ylayver, – dedi rohib muloyim jilma­yib. – Men xayolingda yashayman, tasavvuring ham olamning bir zarrasi, demak, men borman.
– Yuz-ko‘zingdan juda keksa, donishmand va jonliday ko‘rinasan, yoshing mingdan o‘tgan bo‘lsa kerak, – dedi Kovrin. – Tasavvurim shu qadar favqulodda hodisani yaratadi deb o‘ylamagandim. Ammo, nega buncha ajab­lanib qarayapsan? Senga yoqamanmi?
– Ha. Sen adolatan nazarkarda deya sharaflangan kamdan-kam odamlardan birisan. Sen mangu haqiqatga xizmat qilgaysan: fikring, maqsading, hayratomuz biliming – butun umringga samoviy muhr bosilgan; nazarkardalarning barchasi aql va go‘zallikka, ya’ni mangulikka daxldor.
– Sen, mangu haqiqat, dedingmi… Ammo, odamzodga mangu haqiqat kerakmi, axir, mangu hayotning o‘zi bo‘lmasa?!
– Mangu hayot bor, – dedi rohib.
– Sen odam zotining boqiyligiga ishonasanmi?
– Ha, albatta. Siz, odam zotini buyuk, porloq kelajak kutmoqda. Yer yuzida sen kabilar qanchalik ko‘p bo‘lsa, kelajak shunchalik tez ro‘yobga chiqadi. Sizsiz, oliy ibtido xizmatchilarisiz, ongli va ozod kishilarsiz insoniyat notavon bo‘lib qolur edi; u tabiiy tamaddun orqali o‘zining yer yuzidagi tarixining intihosini juda uzoq kutishiga to‘g‘ri kelardi. Sizlar bir necha ming yil oldin abadiy haqiqat mulkiga yetkazib borgaysiz – sizning yuksak a’molingiz mana shu. Siz Xudoning marhamatiga sazovor bo‘lgaysiz, bu oddiy odamlarga nasib etmagay.
– Mangu hayotning mohiyati nimada? – so‘radi Kovrin.
– Boshqa hayotlar singari – huzur-halovatda! Chinakam halovat ilmda, mangu hayot esa bilish uchun son-sanoqsiz, bitmas-tuganmas ilmu fan buloqlarini ato etadi, aynan shu ma’noda: Otamning uyi bori mohiyat manzili, deyilgan.
– Sening suhbating qanchalar yoqimli ekanini o‘zing bilmaysan-da! – dedi Kovrin, mamnun ekanidan qo‘llarini ishqalab.
– G‘oyat mamnunman.
– Ammo bilasanmi, ketganingdan keyin seni bor-yo‘qliging haqidagi savollar qiynayveradi meni. Sen sharpasan – xayolot hosilasi. Demak, men ruhan xastaman, aqldan ozgan deyisharmidi?
– Hech bo‘lmaganda, shunday. Nega ajablanasan? Sen xastasan, chunki haddan ortiq ishlab charchading, ya’ni, sog‘ligingni g‘oyaga qurbon qilding, hayotingni fido etadigan kunlarga ham oz qoldi. Nima, yaxshi emasmi? Bu – o‘sha, dunyodagi ulug‘ zotlar intilgan maqsad.
– Ruhiy xastaligimni bila turib ham o‘zimga ishonsam bo‘laveradimi?
– Xabaring bormi, bu dunyoda sharaf topgan daholarning ko‘pi sharpani ko‘rgandir? Olimlar aytishadi-ku, daholik telbalikka monand, deb. Do‘stginam, o‘rtamiyona odamlar – olomon sog‘lom bo‘ladi. Asabiy asarni idrok etish, qattiq toliqish, nasl buzilishi kabi fikr-mulohazalar hayotdagi maqsadini aniq bilmaganlarni yoki olomonnigina jiddiy hayajonga solishi mumkin.
– Rimliklar aytgan ekan: mens sana in corpore sano.
– Rimliklar yoki yunonlar aytgan gaplarning hammasi ham to‘g‘ri emas. Ko‘tarinki kayfiyat, hayajonlanish, jazava – bularning barchasi payg‘ambarlar, shoirlar, g‘oya qurbonlarini omilardan, odamzotning yoqimsiz hayvoniy odatlaridan, ya’ni jismonan sog‘lomlardan ajratib turadi. Takror aytaman: sog‘misan, es-hushing joyidami – podaga qo‘shilib chopaver.
– Ajabo, sen xayolimga tez-tez kelib turadigan fikrlarni takrorlayapsan, – dedi Kovrin. – Xuddi ko‘nglimdagini bilib turganga o‘xshaysan. Ammo, kel, yaxshisi, men haqimda gaplashmaylik. Mangu haqiqat deganda nimani tushunasan?
Rohib javob bermadi. Kovrin unga tikilgan edi, tanimay qoldi: yuzi xiralashib, havoga sochilib ketdi. Keyin rohibning boshi, qo‘llari g‘oyib bo‘la boshladi; jismi o‘tirg‘ich va shomning xira pardasiga aralashib, nihoyat, tamomila ko‘zdan yo‘qoldi.
– Gallyutsinatsiya tugadi! – dedi Kovrin jilmayib. – Essiz…
U uyga quvnoq, ko‘tarinki kayfiyatda qaytdi. Qora rohib aytgan gap­lar uning qalbida, butun borlig‘ida xudbinlik emas, balki oz bo‘lsa-da, yoqimli tuyg‘ular uyg‘otgan edi. Nazarkardalik, mangu haqiqatga xizmat qilish, odamlarni Xudo dargohiga bir necha ming yil avval yetkazuvchilar qatoridan joy olish, ya’ni odamlarni bir necha ming yillik benaf urushlar, gunoh, azoblardan xalos etish; yoshligini, kuch-quvvatini, sog‘ligini, borlig‘ini g‘oyaga qurbon qilish – umum baxt-saodati yo‘lida o‘limning yuziga tik qarash – qanchalar yuksak, qanchalar iqbol! Uning xotirasida pokiza, halol mehnat bilan o‘tgan kechmishi jonlandi, nima maqsadda ilm o‘rgangani ham, boshqalarga nima uchun ta’lim berganini ham bir-bir xayoldan o‘tkazdi va nihoyat, rohibning so‘zlarida mubolag‘a yo‘q, degan xulosaga keldi.
Tomoshaboqqa yetganda qarshisidan Tanya chiqib qoldi. Endi egniga boshqa ko‘ylagini kiyib olibdi.
– Shu yerdamidingiz? – so‘radi qiz. – Biz bo‘lsak, sizni qidiryapmiz, qidiryapmiz… Sizga nima bo‘ldi? – ajablandi yigitning hayratlangan, barq urgan yuziga, jiqqa yosh to‘la ko‘zlariga boqib. – Andryusha, g‘alati ko‘rinib ketyapsiz!
– Men mamnunman, Tanya, – dedi Kovrin qizning qo‘llarini yelkasiga qo‘yib. – Men benihoya shodman, baxtiyorman! Tanya, azizam Tanya, siz favqulodda yoqimli hilqatsiz. Azizam Tanya, shunchalar mamnunmanki, shunchalar mamnun!
U jo‘shib, qizning qo‘lini o‘pib, davom etdi:
– Men hozirgina nurli, samoviy, mo‘jizali lahzalarni boshdan kechirdim. Ammo hammasini aytib berolmayman, chunki meni aqldan ozibdi deb o‘ylaysiz yoki gapimga ishonmaysiz. Keling, yaxshisi, siz haqingizda gaplashaylik. Azizam, latofatli Tanya! Sizni sevaman, sevishga ko‘nikib ham qoldim. Bizning yaqinligimiz, kuniga o‘n martalab uchrashuvimiz qalbim ehtiyojiga aylanib bo‘ldi. Bilmadim, uyimga qaytgandan keyin sizsiz holim ne kechar ekan.
– Qani, hali ko‘ramiz! – kuldi Tanya. – Ikki kundayoq hammasini unutib yuborarsiz. Biz kichkina odamlarmiz, siz buyuksiz.
– Yo‘q, keling, jiddiyroq gaplashib olaylik! – dedi yigit. – Sizni o‘zim bilan olib ketaman, Tanya. Xo‘pmi? Men bilan ketasizmi? Meniki bo‘lishni istaysizmi?
– Qani, ko‘ramiz! – dedi Tanya yana kulmoqchi bo‘lib, ammo kulolmadi, yuzida qizil dog‘lar paydo bo‘ldi.
Qiz tez-tez nafas olarkan shoshib nariga ketdi, uy tomonga emas, boshqa yoqqa, tomoshaboqqa.
– Men bunday bo‘ladi deb o‘ylamagandim… o‘ylamagandim! – derdi u umidsizlikka tushib qolganday qo‘lini siqib.
Kovrin esa qizning ortidan o‘sha-o‘sha, yuzlari hayratomuz barq urgan alpozda tinmay so‘zlab borardi:
– Men muhabbat istayman, butun borlig‘imni yondirguvchi muhabbatni, buni menga faqat Tanya, siz hadya eta olasiz. Men baxtliman! Baxtiyorman!
Tanya aqldan ozganday qaddi kamon kabi egildi, go‘yo birdaniga o‘n yoshga qarib ketgandek ko‘rindi, yigit esa, qizning faqat go‘zalligini ko‘rib, qalb hayratlarini baralla aytardi:
– Siz naqadar sohibjamolsiz!

VI

Kovrindan, nafaqat bir-biriga ko‘ngil qo‘ygani, hatto nikoh to‘yini tezroq o‘tkazish haqidagi xushxabarni eshitgan Yegor Semyonich hayajonini bosish uchun u burchakdan bu burchakka uzoq yurdi. Qo‘llari titrab, bo‘yni shishib, yuzi qizarib usti ochiq yengil aravani tayyorlashni buyurdi-da, qayoqqadir shitob bilan jo‘nab ketdi. Tanya, otlarga qamchi bosishi, furajkasini deyarli qulog‘igacha bostirib kiyib olganini ko‘rib, otasining ko‘tarinki ruhini his etdi va xonasiga kirib, ichkaridan qulflab olgancha kun bo‘yi yum-yum yig‘ladi.
Oranjereyalardagi shaftoli-yu olxo‘rilar yetildi; bu nozik va ajo­yib mahsulotni qutilarga joylab, Moskvaga jo‘natish ko‘p e’tibor, mashaqqat va ovvoragarchiliklarni taqozo etadi. Yoz issiq, quruq kelgani sababli har bir nihol o‘z paytida sug‘orildi, bunga esa juda ko‘p ishchi kuchi, vaqt ketdi, Kovrinning nafratini qo‘zg‘atgan kapalak qurtini xizmatchilar, hatto, Yegor Semyonich-u Tanya ham qo‘lda bo‘lsa ham ezg‘ilab tugatishdi. Mana shunday yumushlar orasida ko‘chat va meva yetkazib berish bo‘yicha kuzga buyurtmalarni qabul qilish, talay yozishmalar olib borish zarur bo‘ldi. Ish ayni avjiga chiqqanda, hammaning qo‘li-qo‘liga tegmay qolgan bir paytda bog‘da ishlayotganlarning teng yarmini safarbar etish lozim bo‘lgan, sira kechiktirilmas dala ishlari kuchaygandan-kuchayib ketdi; oftobda qorayib, kuyib-pishgan asabiy Yegor Semyonich goh boqqa, goh dalaga ot choptirar, xunob bo‘lib, o‘zini bo‘laklab tashlashni yoki shart peshonasidan otib, hammasidan qutulib qo‘ya qolishini aytib yozg‘irardi.
Ustiga ustak, Pesotskiylar hazilakam e’tibor qilmaydigan sep-sidirg‘a dahmazasi; qaychining shiqirlashi, tikuv mashinasining shaqillashi, dazmol isi va jahldor, darrov arazlab qoladigan tikuvchi xonimning injiqligidan uydagilarning boshi aylanib ketardi. Xuddi atay qilganday, har kuni mehmon bosib kelardi, ularga mulozamat ko‘rsatish, ziyofat uyushtirish kerak, hatto, ular ba’zida tunab qolishardi. Ammo bu tashvishlarning barchasi tumandagiday sezilmay kechardi. Negadir Kovrin aynan o‘ziga uylanishiga o‘n to‘rt yoshidayoq ishonch hosil qilgan bo‘lsa-da, Tanya kutilmaganda bosib kelgan muhabbat va baxtdan hayajonga tushmay qolmadi. Qiz o‘ylab o‘yiga yetolmas, hayronu lol, ne qilarini bilmas, o‘z ko‘zlariga ishonmasdi… Goho baxt shunchalar og‘ushiga olardiki, bulutlardan baland uchgisi, o‘sha yuksaklarga chiqib tangriga iltijo qilgisi kelardi, ammo birdaniga avgustga borib, tug‘ilgan uyi bilan vidolashib, otasini yolg‘iz tashlab ketishini o‘ylasa yoki Xudo biladi, negadir o‘zining notavon ekani, Kovrinday ulug‘ odamga arzimas, munosib emasligi haqidagi xayolga botsa – darrov xonasiga kirib, ichidan zulfinni tushirib, ancha vaqtgacha achchiq ko‘z yosh to‘kardi.
Mehmonlar ko‘payganda, qizning ko‘ziga Kovrin chiroyli ko‘rinib ketar, hamma ayollar uning yoriga mahliyo boqayotganday, o‘ziga esa hasad bilan qarayotganday tuyulardi, shunda barcha kibor xonimlar ustidan g‘olib bo‘lgandek qalbi g‘urur, hayratlarga to‘lib-toshar, ammo yigit biror qizga jilmayib boqsa, rashk o‘tida jizg‘anagi chiqib, xonasiga chopardi – yana ko‘z yoshi. Man shunday yangi his-tuyg‘ular to‘foni uni tamomila holdan toydirdi, otasiga bir navi madadkor bo‘ldi-yu, ammo shaftoli, kapalak qurti, xizmatchilar tashvishi – hech biriga tuzukroq e’tibor qaratolmay, vaqt qanchalar tez o‘tib ketganini sezmay qoldi.
Egor Semyonich ham deyarli shu ahvolda edi. U ertadan kechgacha ishlar, doimo qaygadir shoshar, ba’zan nima qilayotganini o‘zi ham bilmas, jahlini bosolmas – bularning barcha-barchasi qandaydir sehrli mud­rashga o‘xshardi. Uning jismiga go‘yo ikkita odam kirib olgandek: biri asl Yegor Semyonich – bog‘bon Ivan Karlichning betartibliklar haqidagi hisobotini eshitib g‘azablanuvchi, mushkul ahvolga tushib qolganday boshini changallovchi, yana bir boshqasi, aslidan o‘zga, ishning borishi haqidagi gapni yarmida kesib, bog‘bonning yelkasiga turtib qo‘yib, valaqlovchi:
– Nima desang de, ammo naslda gap ko‘p. Uning rahmatli onasi ajo­yib, marhamatli, aqlli ayol edi. Farishtaday tiniq, mehrli, pokiza yuziga boqishning o‘zi bir rohat bo‘lgan. Chiroyli surat chizardi, she’r yozardi, beshta chet tilini bilardi, qo‘shiq aytardi… Bechora, joyi jannatda bo‘lsin, sil bo‘lib o‘lib ketdi.
Asliga o‘xshamagan Yegor Semyonich xo‘rsinib qo‘yib, bir dam sukut saqlagach, gapini davom ettirdi:
– Kichkinaligida, menikida yurgan davrida uning yuzi ham farishtaday tiniq, yoqimtoy edi. Qarashi ham, yurish-turishiyu, gap-so‘zi ham muloyim va bejirim, xuddi onasiga o‘xshardi. Aqli-chi? U aqli bilan doimo bizni hayratga solgan. Ha, aytmoqchi, hozir magistr! O‘z-o‘zidan bo‘lmaydi bu! Qarab tur, Ivan Karlich, o‘n yildan keyin u kim bo‘ladi! Qo‘l uzatsang, yetmaydi!
Ammo haqiqiy Yegor Semyonich birdan nimalar deb valaqlayotganini fahmlab qolib, yuzi vahimali tus olib, boshini changallab qichqirardi:
– Shaytonlar! Rasvo qilishibdi, bulg‘ab tashlashibdi, sovuq urdirishibdi! Bog‘ barbod bo‘ldi, bog‘ payhon bo‘ldi!
Kovrin esa avvalgidek qunt bilan ishlarkan, bo‘layotgan to‘s-to‘polonlarni ko‘pda payqamadi. Muhabbat yurakdagi olovga moy sepib, battar gurillatdi, xolos. Tanya bilan navbatdagi visoldan baxtiyor, hayratlarga chulg‘anib qaytar, yana xuddi o‘sha ehtiros bilan, hozirgina Tanyadan bo‘sa olgandagi, dil izhor qilgandagi ishtiyoq bilan kitob yoki qo‘lyozmasini o‘qishga kirishardi. Qora rohibning nazarkardalar, mangu haqiqat, insoniyatning porloq kelajagi va hokazolar haqidagi gaplari qilayotgan tadqiqotida o‘zgacha, g‘aroyib ahamiyat kasb etar, qalbini g‘ururga to‘ldirib, o‘zining yetukligini teran his etardi. Haftada bir-ikki marta tomoshabog‘da yoki uyda qora rohib bilan uchrashib turar, u bilan uzoq suhbatlashar, ammo bundan qo‘rqmas, aksincha, qalbi zavq-shavqqa to‘lib, sharpa faqat tanlangan, borlig‘ini g‘oyaga bag‘ishlagan fidoyi insonlarga ayon bo‘lishiga ishonchi ortib boraverardi.
Bir kuni rohib choshgohda paydo bo‘ldi-da, asta kelib oshxona derazasining tokchasiga o‘tirdi. Bundan mamnun bo‘lgan Kovrin rohibni qiziqtirgan mavzuga to‘xtalib, Yegor Semyonich bilan Tanyaga zukkolarcha o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, qora mehmon ajoyib suhbatni tinglab, bosh irg‘ab ma’qullab qo‘yardi. Yegor Semyonich va Tanya jilmayishardi, ammo Kovrin sharpa ko‘ngliga qarab so‘zlayotganini ota bilan qiz xayollariga ham keltirishmasdi.
Xash-pash deguncha Uspenskiy hayiti kelib qoldi, orqasidan to‘y kuni ham; tantana Yegor Semyonich orzu-havas qilgandek “qasira-qusur bilan”, ya’ni ikki kecha-yu ikki kunduz cho‘zilgan telva-teskari sayrlari bilan bo‘lib o‘tdi. To‘yguncha yeb-ichishdi, ammo uquvsiz yollanma mashshoqlar nag‘masi, baqirib, valdirab aytilgan qadah so‘zlari, malaylarning chop-chopi – ola-g‘ovur to‘polonda olomon Moskvadan olib kelingan qimmatbaho vinolar, tansiq taomlar ta’mini bilishmadi, e’tibor ham berishmadi.

VII

Qishning uzun kechalaridan birida Kovrin o‘rnida yonboshlab olib allanechuk frantsuz romanini o‘qirdi. Shahar shovqiniga moslasha olmay, tuni bo‘yi bosh og‘riqdan qiynalib chiqadigan bechora Tanya allaqachon uyquga yotgan, gohida uzuq-yuluq alahsirarab qo‘yardi.
Soat tungi uchga zang urganda Kovrin shamni o‘chirib, o‘ringa cho‘zildi; uzoq ko‘zini yumib yotdi, ammo Tanyaning bezovtalanishi, ustiga-ustak yotoqxona dimligidan uyqusi qochdi. Soat to‘rt yarimga borganda yana turib sham yoqqan edi, kutilmaganda qarshisidagi kresloda yastanib o‘tirgan qora rohibga ko‘zi tushdi.
– Salom, – dedi rohib, keyin biroz sukut saqlagach, so‘radi: – Endi nimalarni o‘ylayapsan?
– Shon-shuhrat haqida, – javob berdi Kovrin. – Hozirgina o‘qidim, mana bu frantsuz romanida yozilishicha, yosh olim ahmoqlik qilib, shon-shuhrat orzusida sog‘ligidan ajraldi. Men o‘sha shuhrat kasalligini his etmayman.
– Chunki sen aqllisan-da! Maqtovlarga befarqsan, ular xuddi bolalikda o‘ynagan o‘yinchog‘ingga o‘xshaydi, bu seni hech qachon qiziqtirmagan.
– Ha, gaping to‘g‘ri.
– Mashhurlik senga kulib boqmaydi. Buning yoqimli tomoni, yoki ajo­yibligi va yoki ibrati shundaki, kun kelib ismingni qabr toshiga o‘yib yozadilar, keyin vaqt bu yozuvni zarhali bilan qo‘shib o‘chirib tashlasinmi? Ha, insoniyat nomingizni xotirasida saqlab qolishi uchun, baxtimizga, siz kabilar ko‘plik qiladi.
– Tushunarli, – deya rozi bo‘ldi Kovrin. – Xo‘p, xotirlash nega kerak? Kel, yaxshisi, boshqa mavzuda gaplashaylik. Masalan, baxt haqida. Baxt nima o‘zi?
U soat millari beshni ko‘rsatganda karovatda bemalol o‘tirib olib, oyog‘ini gilamga osiltirgancha rohibga qarab so‘z qotardi:
– Qadim zamonda bir baxtli kishi bo‘lgan ekan, xullas, u o‘zining iqbolidan qo‘rqib ketibdi – u judayam ulkan ekan-da! Shunda ma’budlardan rahm-shafqat qilishlarini so‘rab sevimli uzugini qurbonlik qilibdi. Bilasanmi? Polikrat singari meni ham baxtiyorligim biroz bezovta qilyapti. Menga g‘alati tuyuladi, nega endi, ertadan kechgacha faqat baxtliman, baxt butun vujudimni chulg‘ab olib, boshqa his-tuyg‘ularimga yo‘l bermayapti. Men g‘am-tashvish yoki zerikish nimaligini bilmayman. Mana, uyqusizlik dardim bor, kechasi uxlamayman, ammo zerikmayman. Jiddiy aytyapman: o‘zimga o‘zim hayron qolib boryapman.
– Nega, axir? – ajablandi rohib. – Nahotki, baxt g‘ayritabiiy tuyg‘u bo‘lsa? Baxtiyorlik odamning tabiiy holati bo‘lishi kerak emasmi? Odamzod aqliy-axloqiy jihatdan taraqqiy etib borgan sari yanada erkinroq yashab, hayoti huzur-halovatga to‘lib boraveradi. Suqrot, Diogen, Mark Avreliylar g‘am-tashvishni emas, baxtni his etishgan. Va havoriy aytar: doimo shodlaning. Shodlansang-chi, axir, baxtli bo‘l.
– Ma’budlarning qahri kelsa-chi? – hazillashdi Kovrin kulib. – Agar ular meni bor-budimdan mahrum etishsa, sovuqda och qoldirishsa, ko‘nglim vayron bo‘ladi.
Shu payt uyg‘onib ketgan Tanya avvalo ajablandi, so‘ngra dahshatga tushib eriga tikilib qoldi. Eri kresloga qarab gapirar, imo-ishora qilar, jilmayardi: ko‘zlari yonib, kulishida qandaydir g‘ayri ohanglar tajassum topgan edi.
– Andryusha, kim bilan gaplashyapsan? – so‘radi Tanya, uning rohib tomonga cho‘zgan qo‘lini ushlab. – Andryusha! Kim bilan?
– A? Kim bilan? – esankirab qoldi Kovrin. – Ana, u bilan… Ana, o‘tiribdi, – dedi u qora rohib tomonga ishora qilib.
– Bu yerda hech kim yo‘q-ku… hech kim! Andryusha, sen kasalsan!
Tanya xuddi sharpadan himoya qilmoqchi bo‘lganday erini quchoqlab, bag‘riga bosdi, qo‘llari bilan uning ko‘zlarini yopdi.
– Sen kasalsan! – ho‘ngrab yubordi ayol vujudi titrab. – Kechir meni, azizim, do‘stim, ammo ko‘pdan buyon sezib yuribman, ko‘ngling bezovta… Sen ruhan xastasan, Andryusha…
Xotinining titrog‘i Kovringa ham ko‘chdi. U kresloga yana qaradi, endi joy bo‘m-bo‘shligini ko‘rib, oyoq-qo‘li bo‘shashib ketganini his qildi, qo‘rqqanidan apil-tapil kiyina boshladi.
– Hechqisi yo‘q, Tanya, hechqisi yo‘q… – g‘o‘ldiradi u titrab. – Aslida, biroz tobim qochib turibdi… ochig‘ini tan oladigan payt keldi.
– Ko‘pdan buyon sezib yuribman… otam ham payqabdi, – dedi u ho‘ngrab yubormaslik uchun o‘zini tutib. – O‘zing bilan o‘zing gaplashasan, qandaydir g‘alati kulasan… uxlamaysan. O, Xudoyim, Xudoyim, o‘zing asra! – dedi u dahshatga tushib. – Ammo, qo‘rqma Andryusha, qo‘rqma, xudo haqqi, qo‘rqma…
Tanya ham kiyina boshladi. Faqat endigina, xotiniga qarab turib, Kovrin mushkul ahvolga tushib qolganini anglab yetdi, qora rohib nimaligini, u bilan bo‘lgan suhbatlar xayoliy ekanini tushundi. Aqldan ozgani kunday ravshan bo‘ldi.
Ikkisi ham nima qilarini bilmay, kiyinishib katta xonaga chiqishdi: xotin oldin, er keyin. U yerda yig‘i ovozidan uyg‘onib, egniga xalat tashlab, qo‘lida sham tutgan Yegor Semyonich serrayib turardi. U mehmonga kelgan edi.
– Sen qo‘rqma, Andryusha, – dedi Tanya titrab, bezgak tutganday, – qo‘rqma… ota, bu o‘tib ketadi… hammasi o‘tib ketadi…
Kovrin hayajon titrog‘idan tili kalimaga kelmas edi. U qaynotasiga hazil ohangida:
– Tabrik eting meni, aftidan, aqldan ozganga o‘xshayman, – demoqchi bo‘ldi, ammo faqat labini qimirlab, g‘alati jilmaya oldi, xolos.
Ertalab soat to‘qqizda unga palto-po‘stin kiydirishib, sholro‘molga o‘rab-chirmashib faytonda kasalxonaga olib kelishdi. U davolanadigan bo‘ldi.

VIII

Yana yoz yetib keldi, yana shifokor uni qishloqqa borishini maslahat berdi. Kovrin endi davolangan, qora rohib ham ko‘zdan yo‘qolgan, faqat ozroq kuch yig‘ib olishi kerak, xolos. Qishloqda, qaynotasining uyida yashab, rosa sutga to‘ydi, bir kecha-kunduzda faqat ikki soat ishladi, vino ichmadi, chekmadi.
Ilin kuni arafasida kechqurun uyda ibodat marosimi bo‘ldi. Chaqqon yordamchisi ruhoniyga isiriqdonni uzatayotgan payti eski, o‘sha hayxotday zaldan mozor hidi anqiganday bo‘ldi, Kovrin diqqinafaslikka chiday olmay boqqa chiqdi. Muhtasham gullarga e’tiborsiz bog‘ aylandi, biroz skameykada o‘tirdi, keyin tomoshabog‘ oralab ketdi; daryoning bo‘yiga yetib borib, pastlikka tushdi, o‘sha yerda suvga tikilgancha uzoq xayolga toldi. O‘tgan yili yosh, farahbaxsh va tetik ko‘ringan ildizi baroq ulkan qayrag‘ochlar endi shivirlamas, xuddi uni tanimaganday, qilt etmay, soqovday turishardi. Aslida o‘zi ham taqirbosh, uzun chiroyli sochlari yo‘q, qadam olishi ham sust, yuzi o‘tgan yilgiga qaraganda to‘lishib, biroz oqargan. Oqim bo‘ylab yurib narigi qirg‘oqqa o‘tdi. O‘tgan yilgi javdarzor o‘rniga egat tortib, suli ekishibdi. Quyosh allaqachon botgan, ufqda ertaga shamol bo‘lishidan darak beruvchi poyonsiz qizg‘ish shafaq lovullardi. Atrof jimjit. O‘tgan yili qora rohib ilk bor ko‘ringan tarafga tikilgan Kovrin yigirma daqiqacha, oqshom shafag‘i xiralashguncha tek turib qoldi…
U lanj, dili xufton bo‘lib uyga qaytganda ibodat marosimi tugab bo‘lgan edi. Yegor Semyonich va Tanya ayvondagi zinada o‘tirib choyxo‘rlik qilishardi. Ular muhim bir masalada qizg‘in gaplashayotgan edi, ammo Kovrin ko‘ringach, birdan jimib qolishdi, u esa, ota bilan qizning yuz ifodasiga qarab, gap o‘zi haqida borayotganini fahmladi.
– Sut ichadigan vaqting bo‘ldi shekilli, – dedi Tanya eriga.
– Yo‘q, bo‘lmadi… – javob berdi u eng pastki zinaga o‘tirib olgach. – O‘zing ichaver. Men ichmayman.
Tanya otasi bilan tashvishli ko‘z urishtirib olgach, yolvorish ohangida dedi:
– O‘zing aytding-ku, axir, sut foydali ekan deb.
– Ha, juda foydali! – zaharxandalik bilan dedi Kovrin. – Sizni tabriklayman: jumadan keyin vaznimga yana bir funt qo‘shildi. – U qo‘llari bilan boshini mahkam siqib, alamli ming‘irladi: – Nega, nega siz meni davoladingiz? Bromli malhamlar, bekorchilik, iliq vannalar, har qadam bosilganda, har qultum yutilgandagi xavotir, nazorat, qo‘rquv – bularning bari, oxir-oqibatda meni ovsarga aylantirib qo‘ydi. To‘g‘ri, aqldan ozdim, buyuklik vasvasasiga tushdim, ammo quvnoq, tetik, hatto baxtli edim, boshqalarga o‘xshamagan, ajoyib edim-ku! Endi esa, og‘ir-bosiq, mulohazali bo‘lib qoldim, ammo el qatori, ko‘pning biriga aylandim: men – o‘rtamiyonaman, yashash jonga tegdi… O, siz menga naqadar shafqatsizlik qildingiz! Men gallyutsinatsiyalarni ko‘rardim, ammo bu kimga xalal berardi? Sizdan so‘rayapman: kimga xalal berardi?
– Tavba, nimalar deyapsan! – xo‘rsindi Yegor Semyonich. – Hatto, odamning eshitgisi kelmaydi.
– Siz esa, eshitmang.
Boshqalar borligi, ayniqsa, Yegor Semyonichning shu yerdaligi Kovrinning yanada g‘azabini qo‘zg‘adi, u qaynotasining savollariga quruq, sovuqqon, hatto qo‘rslik bilan javob berar, uning yuziga qaramas, masxara qilar, xullas, yomon ko‘rardi. Yegor Semyonich esa, ensasi qotib, xijolat bo‘lib tomoq qirib, o‘zini zarracha aybdor sanamasdi. Yaqin kishilari orasidagi munosabatlar nima sababdan bunchalik o‘zgarib ketganini anglab yetolmagan Tanya otasiga achinib, uning ko‘zlariga mungli boqardi; bechora ayol erini tushunishni istar, ammo aqli bovar qilmasdi, faqat shuni yaxshi bilardiki, kundan-kunga oradagi munosabatlar sovuqlashib boryapti, keyingi paytlarda otasi birdan qarib qolganday, eri esa g‘azabnok, injiq, tirnoq orasidan kir qidiradigan, yuzi ham xunuklashib borardi. Tanya o‘yin-kulgini unutdi, qo‘shiq kuylamay qo‘ydi, bugun tushlikda tomog‘idan qil ham o‘tmadi, qandaydir dahshatli voqea yuz berishidan hadiksirab, kechalari uxlamay chiqadi, shunchalar g‘am-tashvishga botdiki, bir kuni choshgohdan shomgacha o‘zini bilmay behush yotdi. Bugun ibodat marosimida otasining ko‘zlarida yosh miltiraganini sezib qoldi, hozir esa, uchalasi ayvonda o‘tirishganda o‘tgan bu voqealarni eslamaslikka tirishar edi.
– Budda, Muhammad yoki Shekspir qanchalar omadli bo‘lishgan; ularni jazava tutganda, zavq-shavqqa tushganda marhamatli qarindosh-urug‘lari, tabiblari malham izlashmagan! – dedi Kovrin. – Agarda payg‘ambar asabiylikka qarshi bromli kaliy qabul qilib, bir kunda ikki soat ishlab, sut ichganda, bu buyuk inson o‘zidan keyin juda kam narsa qoldirgan bo‘lardi. Tabiblar-u marhamatli qarindoshlar shunchalik mehribonki, oxir-oqibat, insoniyatning miyasi aynib, o‘rtamiyonalik ham daholikka aylanib, taraqqiyot barbod bo‘ladi. Agar bilsangiz edi, – dedi Kovrin alam bilan, – sizdan qanchalar minnatdorligimni!
U o‘zining quyushqondan chiqib ketganini sezib qoldi, yana ortiqcha gap aytib qo‘ymaslik uchun o‘rnidan turdi-da, xonasiga jo‘navordi. Atrof jimjit, bog‘ tomonga ochilgan derazadan tamaki va yalapa hidi ufurardi. Kattakon qorong‘u zalning poli, royal ustida yashil dog‘lar paydo qilib oy shu’lasi jimirlaydi. O‘tgan yozning hayratlari yana Kovrinning yodiga tushdi, o‘shanda ham yalapa hidi ufurganda derazada oy jilolangan. O‘tgan yilgi zavqini qayta his etish ilinjida xonasiga shoshib kirdi, achchiq sigara chekdi, malayga vino keltirishni buyurdi. Ammo sigara tomog‘ini achitdi, yoqmadi, vinodan ham o‘tgan yilgi ta’mni topmadi. Unutib yubordimikin! Sigara tutuni va ikki qultum vinodan boshi aylanib, yurak o‘ynog‘i boshlandi, zudlik bilan bromli kaliy qabul qilishga majbur bo‘ldi.
Uyquga yotishdan oldin Tanya gap boshladi:
– Otamning senga hurmati baland. Sen esa, unga negadir qo‘rslik qilasan, bu qilig‘ing uning umrini yemirib, ado qiladi. Qara: kun emas, soat sayin qariyapti. Yolvoraman, Andryusha, xudo haqqi, rahmatli otang hurmati haqqi, mening xotirjamligim uchun otamga xushmuomalada bo‘l!
– Bo‘lmayman, istamayman ham.
– Ammo, nega? – so‘radi Tanya qaltirab. – Menga tushuntirib ber-chi, nega?
– Shuning uchunki, menga yoqmaydi, vassalom, – dedi behafsala yelka qisib, – kel, u to‘g‘rida gaplashmaylik: u sening otang.
– Tushunmayman, tushunolmayman! – to‘ng‘illadi Tanya qo‘lidagi viski quyilgan qadahni siqib va bir nuqtaga tikilib qoldi. – Uyimizda aql bovar qilmas dahshatli voqealar sodir bo‘lyapti. Sen o‘zgarib ketding, o‘zingga o‘xshamaysan… Aqlli, ajoyib odam eding, endi arzimagan narsadan jahling chiqadi, janjal ko‘tarasan… ikir-chikirlarga ham asabiylashaverasan, keyin esa, afsus chekasan, o‘zingga ishonmaysan: sen o‘zi o‘shamisan? Ha, ha, achchiqlanma, jahling chiqmasin, – davom etdi u, aytgan gapidan o‘zi ham cho‘chib ketib erining qo‘lini o‘pdi. – Sen aqlli, marhamatli, oliyjanobsan. Otamga adolatli bo‘l. U juda marhamatli!
– U marhamatli emas, ko‘ngli ochiq, xolos. Otangga o‘xshagan ajoyib amakilar o‘ziga to‘q, olashovul, odatdan tashqari mehmondo‘st, tentaksimon bo‘ladi, bir vaqtlar ko‘nglimga yoqib, qissalarda ham, hajvlarda ham, hayotda ham meni xursand qilishgan, endi esa, ularni ko‘rarga ko‘zim yo‘q. Ular tish-tirnog‘igacha xudbin. Ayniqsa, bo‘kib ovqat yesalar yomon ko‘rib ketaman, meshqoringa o‘xshab qoladilar, ho‘kiz yoki to‘ng‘izdek ko‘rinadi.
Tanya ko‘rpachaga o‘tirib, boshini yostiqqa qo‘ydi.
– Bu azob, – dedi u, ovozidan juda toliqqani, gapirishga majoli qolmagani sezildi. – Qishdan beri tinch o‘tgan kunim yo‘q… Axir, bu dahshat-ku, Xudoyim! Qiynalib ketdim…
– Ha, albatta, men – Irodman, sen bilan otang esa, misr bolalarisiz. Albatta!
Kovrinning yuzi Tanyaga o‘ta xunuk, yoqimsiz ko‘rinib ketdi. Unga naf­rat, istehzo yarashmas edi. Ha, avval ham uning yuzida nimadir yetishmasligini payqagan, ayniqsa, sochini qirdirgandan keyin tamomila o‘zgarib qoldi. Uni ranjitadigan biror gap aytgisi keldi, ammo o‘sha zahoti ko‘ngli noxush bo‘lib, hadiksirab, yotoqxonadan chiqib ketdi.

IX

Kovrin mustaqil kafedra oldi. Kirish ma’ruzasini o‘qish ikkinchi dekabrga tayinlandi, bu to‘g‘rida universitet yo‘lagiga e’lon osib qo‘yildi. Ammo o‘sha kuni u kasal bo‘lib qolgani sababli ma’ruza o‘qiy olmasligi haqida talabalar nazoratchisiga telegramma orqali xabar berdi.
Uning og‘zidan qon kelardi. Qon tupurar, ammo dard oyda ikki marta zo‘rayib, azobdan tinka-madori qurib, hushini yo‘qotib yotib qolardi. U kasaldan cho‘chimasdi, chunki rahmatli onasi shu dardga chalingandan ke­yin ham o‘n yil, hatto undan ko‘proq umr ko‘rgan; bu dardning yengilligiga shifokorlar ham kafolat berishdi, faqat hayajonlanmasligi, sog‘lom turmush kechirib, kam gapirish kerak.
Yanvar oyida ham shu sabab bilan ma’ruza ortga surildi, fevralda esa, kursni boshlash uchun kech bo‘lgan edi. Ma’ruza o‘qishni keyingi yilga qoldirishga to‘g‘ri keldi.
Endi Tanya bilan emas, o‘zidan ikki yosh katta, uni xuddi yosh boladay parvarish qiladigan boshqa ayol bilan turmush kechirardi. Endi taqdirga tan berib, itoatli bo‘lib qolgan: bajonidil bo‘ysunadi, Varvara Nikolayevna – do‘stini shunday atashadi – uni Qrimga olib borishga ahd qilganda Kovrin bu safardan hech bir naf chiqmasligini bilaturib rozilik berdi.
Ular kechqurun Sevastopolga yetib kelishgach, hordiq chiqarib, kuch yig‘ib, kelasi kun Yaltaga yetib olish uchun bir kecha mehmonxonada qolishdi. Ikkisini ham yo‘l horitgan edi. Varvara Nikolayevna choy ichib bo‘liboq, joyiga cho‘zilib, uxlab qoldi. Ammo Kovrin yotmadi. Hali uyidaligida, vokzalga chiqmay turib, Tanyadan xat olgandi, ammo ochishga jur’at etolmadi, hozir o‘sha xat yon cho‘ntagini cho‘g‘dek kuydirar, u haqidagi noxush o‘ylar tinchlik bermasdi. Hozir samimiy ravishda, qalbining tub-tubida Tanyaga uylanganini xato deb hisoblaydi, u bilan uzil-kesil ajralishganidan mamnun, uning timsoli esa, bor-yo‘g‘i tirik murdaga aylandi-qoldi, faqat sinchkov tikiladigan katta-katta ko‘zlari hamon yodidan o‘chmaydi, endi bu xotiralar ayolga nisbatan achinish, o‘ziga esa, nafrat tuyg‘ularini uyg‘otadi, xolos. Xatjilddagi yozuv unga ikki yil oldin o‘zining dilgirligi, yolg‘izligi, hayotdan noroziligiga hech bir sababchi bo‘lmagan odamlarga tuxmat qilganda o‘ta nohaq, shafqatsiz bo‘lganini yodiga soldi. O‘shanda, bir kuni kasallik paytida yozgan dissertatsiyasiga qo‘shib hamma maqolalarini yirtib, mayda-mayda qilib derazadan uloqtirgani, qog‘oz parchalari shamolda daraxt shoxi, gullarga ilinib qolgani yodiga tushdi; yozgan har satrida g‘alati, hech bir asossiz e’tirozlar, yengiltabiatlik bilan qilingan piching, qo‘rslik, buyuklik vasvasasi yaqqol sezilib turardi, ilmiy izlanishlaridan faqat nuqsonlarni eslaydi, xolos; so‘nggi daftarni ham parchalab, derazadan uloqtirgandan so‘ng nima sababdandir ko‘ksida chidab bo‘lmas alam uyg‘ongan, keyin to‘g‘ri xotinining oldiga yo‘l olgan, borib, unga ko‘p dilozor gaplar aytib tashlagandi. Oh, Xudoyim, uni qanday xo‘rladi-ya! Bir kuni xotinining dilini og‘ritish uchun unga, ikkisining turmush qurishida otasi munofiqlik, ustamonlik qilgani, ya’ni aldab, nikoh uyushtirganini aytib yubordi; tasodifan shu yaqindan o‘tayotgan Yegor Semyonich bor gapni eshitib, xonaga yugurib kirib mushkul ahvolda qoldi, tili kalimaga kelmay faqat bir joyda turgancha yer tepinib, g‘o‘ldirardi, xolos, Tanya bo‘lsa, otasiga qarab, titrab, qichqirgancha behush yiqildi. O‘taketgan betamizliklar qildi o‘shanda.
Bularning hammasi tanish yozuvni ko‘rgani asno xayolidan birma-bir kechdi. Kovrin balkonga chiqdi; sokinlik, iliq havo, dengiz hidi ufurar edi. Ajoyib ko‘rfazda oy va chiroqlar aksi jilolanar, unda so‘z bilan ifodalash mushkul ranginlik mujassam. Bu moviy, ko‘k ranglarning nozik, yoqimli uyg‘unligi hosilasi; ayrim joylarda suv rangi moviy tusga, ayrimlarida esa, oy nuri quyuqlashib, suv o‘rniga ko‘rfazni nur qoplaganday, umuman, uyg‘un, sokin, ranglar tajallisi va ajoyib kayfiyat!
Pastki qavatda, balki balkon tagidagi deraza ochiq bo‘lsa kerak, ayollarning kulgusi baralla eshitilardi. Aftidan, bazmi jamshidga o‘xshaydi.
Kovrin bor kuchini jamlab, xatni ochdi va xonasiga kirib o‘qiy boshladi:
“Hozir otam vafot etdi. Buning uchun sendan minnatdorman, chunki uni sen o‘ldirding. Endi bog‘imiz payhon bo‘ladi, begonalar egallab xo‘jayin chiqishdi, bechora otam qo‘rqib yurgan mudhish voqea sodir bo‘ldi. Buning uchun ham sendan o‘ta minnatdorman. Sendan butun borlig‘im bilan naf­ratlanaman, tez orada o‘lib ketishingni tilayman. O, men qanchalar azob chekyapman! Ko‘ksimni alam kuydiryapti… Ming la’nat senga! Men seni ajoyib inson, daho debman, seni sevibman, ammo sen jinni ekansan…”.
Kovrin davomini o‘qiy olmadi, xatni yirtib tashladi. Butun vujudini qo‘rquvga o‘xshash bezovtalik qamrab oldi. Parda ortidan uxlayotgan Varvara Nikolayevnaning pishillagani eshitilib turar; pastki qavatdan esa, ayollar qiyqirig‘i, kulgisi jaranglab turgan bo‘lsa ham, butun boshli mehmonxonada u o‘zidan boshqa tirik jon yo‘qdek his etdi.
Chunki baxtiqora, g‘am ado qilgan Tanya yozgan xatida uni qarg‘ab, o‘lim tilabdi, nogoh ko‘nglini vahima bosib eshikka ko‘z tashladi, keyingi ikki yil ichida o‘zi va yaqinlari hayotida haddan ortiq buzg‘unchiliklar qilgan o‘sha yovuz ruhning eshikdan kirib, yana o‘z izmiga solishidan qo‘rqib ketdi.
U endi boshidan o‘tgan tabibday, asabi qaqshaganda, darddan xalos bo‘lishning yagona yo‘li – ishga andarmon bo‘lish kerakligini yaxshi bilardi. Nima bo‘lsa ham stolga o‘tirib biron fikr bilan xayolini chalg‘itishga urindi. Qizil portfelidan uncha katta bo‘lmagan qurama ishlar tafsiloti yoziladigan daftarchasini chiqardi, buni Qrimda bekorchilikdan zerikib qolishini o‘ylab olgan edi. U stolga o‘tirib, yozuvlar bilan mashg‘ul bo‘ldi, yana ko‘nglida xotirjam, beparvo, itoatkor kayfiyat qayta uyg‘onganday tuyuldi. Tafsilotlar yozilgan daftarcha, hatto bevafo dunyo­ning benaf ikir-chikirlarini ham o‘ylashga undadi. Hayot insonga berishi mumkin bo‘lgan arzimas ne’mat evaziga qanchalar ko‘p narsa talab qilishini o‘ylab ketdi. Masalan, qirq yoshni qoralay deganda mustaqil kafedra olish, oddiy professor bo‘lishi uchun lanj, zerikarli, og‘ir, sodda tilda, ustiga-ustak, o‘zgalar fikrini bayon qilish, – bir so‘z bilan aytganda, o‘rtamiyona olim darajasiga yetish uchun u – Kovrin o‘n besh yil tinimsiz o‘qib-o‘rgandi, tunu kun ishladi, og‘ir ruhiy xastalikni boshdan kechirdi, tolesiz nikohga duch keldi va eslashni ham istamaydigan qancha nohaqlik, telbaliklarni yengib o‘tdi. Oxir-oqibat, anglab yetdiki u – o‘rtamiyona odamlardan biri ekan, xolos, va bunga bajonidil rozi bo‘ldi, shukr qildi, uning fikricha, har bir kishi, kim bo‘lsa ham, o‘z taqdiriga bo‘ysunishi, peshonada borini ko‘rishi lozim.
U daftarcha bilan andarmon bo‘lib qolardi, ammo maydalab yirtilgan xat parchalari polni oqartirib, fikrini jamlashga xalal berdi. U stoldan turdi, xat parchalarini yig‘ib olib, derazadan sochib yubordi, ammo dengizdan esgan yengil shabada parchalarni qaytarib tokchaga urdi.
Yana uning borlig‘ini qo‘rquv hissi qamrab oldi, yana butun boshli mehmonxonada o‘zidan boshqa tirik jon yo‘qday tuyula boshladi… U balkonga chiqdi. Ko‘rfaz xuddi jonliday, uning sanoqsiz moviy, ko‘k, feruza va olovli ko‘zlari unga tikilib, o‘ziga imlayotganday ko‘rindi. Aslida, havo issiq, dim edi, cho‘milsa ham zarar qilmasdi.
Birdan balkon tagidagi pastki qavatda skripka ovozi yangrab, ovozi nozik ikki ayol kuylay boshladi. Bu qo‘shiq tanishday tuyuldi. Pastdagilar kuylayotgan romans parishonxayol qiz haqida: u kechasi bog‘da sirli ohanglarni tinglab, bu uyg‘un navo muqaddas, biz bandalar uchun tushunarsiz degan qarorga keladi…
Havo yetishmay, hasratdan yuragi xun bo‘lgan Kovrinning ko‘ksini allaqachon unutilgan g‘aroyib, shirin orziqishlar titratdi. Ko‘rfazning narigi sohilida baland qora ustun – yo uyurma, yo quyun – paydo bo‘ldi. U dahshatli tezlikda ko‘rfaz ustidan mehmonxona tarafga bostirib kelaverdi, yaqinlashgan sari tobora kichrayib, qorayib borardi, unga yo‘l berish uchun Kovrin o‘zini arang chetga olib qoldi… Rohib yalangbosh, yalangoyoq, sochi oq, qoshi qora, qo‘lini ko‘ksiga qovushtirgancha yonidan o‘tib, xona o‘rtasida to‘xtadi.
– Nima uchun menga ishonmading? – ginaxonlik qildi u Kovringa yoqimli jilmayib. – O‘shanda sen dahosan, deb aytgan gapimga ishonganingda keyingi ikki yiling bunchalik qayg‘uli, zerikarli o‘tmas edi.
Kovrinning ishonchi komil, u – Xudo nazariga tushgan daho, u qora rohib bilan orada bo‘lib o‘tgan gaplarni darrov eslab, nimadir demoqchi edi, ammo og‘zi to‘la qon ko‘kragiga oqib tushdi, u nima qilarini bilmay ko‘ksini changalladi, shunda yoqasi jiqqa ho‘l ekanini payqadi. Parda ortida uxlayotgan Varvara Nikolayevnani uyg‘otmoqchi bo‘lib, bor kuchini to‘plab, chaqirdi:
– Tanya!
U polga yiqildi, qo‘liga suyanib qayta turishga urinarkan, yana chaqirdi:
– Tanya! – deb qichqirdi.
U Tanyani chorladi, shudring tushgan munaqqash gullarni, yam-yashil muhtasham bog‘ni chorladi, tomoshabog‘ni chorladi, baroq ildizli qarag‘ayzorni, to‘lqinlangan javdarzorni, mo‘jizakor ilmni, navqiron yoshligini, mardligini, baxtini chorladi, go‘zal hayotni chorladi. U polda yuziga tegay deb turgan qon ko‘lobiga ko‘zi tushgach, madori qurib, boshqa biron so‘z aytolmadi, ammo butun vujudini ifodalab bo‘lmas, tuganmas baxt chulg‘adi. Pastda, balkon tagida serenada yangrar, qora rohib esa, uning daholigini, odamzodning nimjon jismi muvozanatini yo‘qotgani, endi dahoga tan bo‘lolmasligi, shuning uchun jon berayotganini shivirlab aytdi.
Varvara Nikolayevna uyg‘onib, parda ortidan chiqqanda Kovrin o‘lib yotar, yuzida tabassum qotib qolgan edi.

1894

Rus tilidan Humoyun tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 10-son