Anton Chexov. Qiyshiq oyna (hikoya)

(Bayram hikoyasi)

Xotinim bilan ikkimiz mehmonxonaga kirdik. U yerdan mog‘or va zax hidi kelardi. Butun asr davomida bir marta ham chiroq yoqilmagan mehmonxona devorlariga sham yoqib qaragan edik, million-million kalamush va sichqonlar haryoqqa qochib ketdi. Eshikni yopganimizda tashqaridan kirgan shamol burchak-burchakda taxlanib yotgan qog‘ozlarni shitirlatdi. Sham yorug‘i shu qog‘ozlarga tushdi, qog‘ozlar qadim zamondan qolgan yozuvlar va o‘rta asrda chizilgan rasmlardan iborat ekan. Ko‘m-ko‘k ko‘karib ketgan devorlarda ota-bobolarimizning rasmlari osig‘liq edi. Ota-bobolarimyz bizga qovoqlarini solib, kibr bilan qarar va xuddi:
— Seni bir yaxshilab savalab qo‘yish kerak edi-ya, og‘ayni! — demoqchi bo‘lganday edi.
Biz bosgan har qadamimiz butun uy ichida aks sado yangratar edi. Mening yo‘talishim natijasida eshitilgan aks sado ota-bobolarimiz zamonida ham xuddi shunday eshitilgan bo‘lsa ksrak, deb o‘ylab qo‘ydim…
Shamol esa uvillar, ingrar edi. Tosh mo‘rida allakim yig‘laganday, uning yig‘isida umidsizlik ohanglari eshitilganday bo‘lardi. Qatta-katta yomg‘ir tomchilari is bosib ketgan xira deraza oynalariga kelib urar, bu esa, kishining yuragini siqib yuborar edi.
— E, ota-bobolarim! — dedim, ma’noli uzoq uh tortib. — Agar men adib bo‘lganimda, shu rasmlarga qarab turib, bitta katta roman yozar edim. Axir, shu keksalarning har biri bir vaqtlar yosh bo‘lgan, har birining o‘ziga yarasha sarguzashtlari bo‘lgan… Bo‘lganda ham qanday sarguzashtlar! Hov anovi kampirga bir qara! U mening katta buvim bo‘ladi. Bu badbashara, xunuk ayolning ta’rifi nihoyatda ajoyibdir. Hov anovi burchakdagi osig‘lik oynani ko‘rdingmi? — deb so‘radim xotinimdan.
Men xotinimga, bir burchakda, katta buvim rasmi yonida osig‘liq turgan gardishi qora bronzadan ishlangan katta oynani ko‘rsatdim.
— O‘sha sehrgar oyna, katta buvim o‘sha tufayli o‘lib ketgan. Shu oynani u juda katta pulga sotib olgan va to o‘lgunicha undan hech ajralmagan ekan. Kechasi ham, kunduzi ham, hatto yegan va ichgan chog‘larida ham shu oynaga qarab o‘tirar ekan. Yotganida ham oynani o‘zi bilan olib yotar ekan, jon berayotganda, oynani men bilan birga ko‘minglar degan ekan. Oyna tobutga sig‘maganidan, katta buvimning amri bajarilmay qolgan.
— Katta buving satangmidi? — deb so‘radi xotinim.
— Balki. Ammo uning bundan boshqa oynasi yo‘q ekanmi? Nega endi u boshqa oynani emas, shu oynani yaxshi ko‘rib qoldiykin? Uning bundan ham yaxshiroq oynalari yo‘q edi, deb o‘ylaysanmi? Yo‘q, azizim, buning tagida biron dahshatli sir bo‘lsa kerak. Sir bo‘lmasdan iloji yo‘q. Rivoyatlarga ko‘ra, bu oynaning ichida jin bormish, katta buvim esa jinlardan qo‘rqar ekan deyishadi. Albatta, bu quruq va bo‘lmag‘ur gap, ammo brodaa gardishli oynaning qandaydir sirga ega ekanligi aniq.
Oyna yuzini qoplagan changni artib tashladim-da, qaradim, qaradimu, xaxolab kulib yubordim. Butun uy ichini kulgimning aks sadosi bosib ketdi. Oyna — qiyshiq oyna ekan, butun afti-basharam har tomoiga qiyshayib, taltayib ketdi: burnim chap yuzimga o‘tib qolgan, engahim esa ikkiga bo‘linib, ikki tomonga tirtayib ketgan edi.
— Katta buvimning didiga tushunolmay qoldim-ku, — dedim.
Xotinim ham qo‘rqa-pusa oyna oldiga kelib qaradiyu, falokat bosdi! Yuzi oppoq oqarib, butun a’zoyi-badani dir-dir titray boshladi, birdan chinqirib yubordi. Qo‘lidagi shamdon yerga tushib, dumalab ketdi, sham o‘chib qoldi. Qop-qorong‘i zimistonlikda qoldik. Shu topda bir narsa yerga gursillab tushdi: xotinim hushidan ketib yiqilgan edi.
Shamol ilgarigidan battarroq uvillardi, uy ichida kalamushlar yugura boshladi, sichqonlar esa qog‘ozlarni shitirlatardi. Bir derazaning darpardasi uzilib, pastga taraqlab tushgan edi, tepa sochim tikka bo‘lib ketdi. Derazadan oy mo‘ralab turardi.
Xotinimni ko‘tardim-da, ota-bobolarim uyidan olib chiqib ketdim. Xotinim faqat ertasi kuni kechqurun o‘ziga keldi.
— Oyna! Oynani keltiringlar! — dedi u, hushiga kelishi bilanoq. — Oyna qani?
Bir haftagacha yemadi, ichmadi, kechalari. ham uxlamay chiqdi: nuqul o‘sha oynani keltiringlar, deyaverdi. Sochlarini yular, ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, o‘zini har yonga tashlab talpinar edi, axir doktor ochidan o‘lib qoladi, ahvoli og‘ir degandan keyin men, qo‘rquvni zo‘rg‘a yengib, pastga tushdim-da, katta buvimning oynasini keltirdim. Oynani ko‘rishi bilanoq xotinim baxtiyorlikdan kulib yubordi va oynani bir o‘pib, so‘ngra o‘zini oynaga soldi.
Shundan beri o‘n yilcha o‘tdi, xotinim hamon oynadan ko‘zini uzmaydi.
— Nahot shu men bo‘lsam-a? — deb shivirlaydi; uning yuziga qizil yugurib, rohat va shodlik aks etardi. — Ha, men, xuddi men o‘zim! Hamma meni aldab yurgan ekan, yolg‘iz shu oyna haqiqatni bildirdi! Hamma meni aldab kelgan, erim ham shu mahalgacha yolg‘on gapirib kelgan! Eh, agar men o‘zimning bunaqaligimni bilganimda sirayam bu odamga tegmagan bo‘lardim! U mening jimjilog‘imga ham arzimaydi! Mening oyog‘imga eng chiroylik, eng olijanob bahodirlar tiz cho‘kishi kerak!..
Bir kuni xotinimning orqasida turgan edim, birdan ko‘zim oynaga tushib qoldi, shu ondayoq dahshatli sir menga ham ayon bo‘ldi. Oynada nihoyatda go‘zal bir xotinni ko‘rdim, bunaqangi chiroylik xotinni umrimda ko‘rmagan edim. Bu — xotin emas, tabiat mo‘jizasi, go‘zallik, nafislik va ishq siymosi edi. Ajabo, ne hol bu? Qanday hodisa yuz berdi? Nega mening hunuk, beso‘naqay xotinim oynada nihoyatda ko‘xlik bo‘lib ko‘rinadi? Nega?
Shunipg uchunki, qiyshiq oyna xotinimning badburush aftini har tomonga qiyshaytirib, uning butun qiyofasini o‘zgartirib, tasodifan go‘zal qilib yuborgandi. Minus minusga qo‘shilib, plyus bo‘ldi!
Shundan beri xotinim ikkimiz oynadan ko‘zimizni uzmay qaraganimiz qaragan: mening burnim chap yuzimning allaqayeriga o‘tib qolgan, engahim esa ikkiga ajralib, ikki tomonga tirtayib ketgan; ammo xotinimning chehrasi pihoyatda go‘zal bo‘lib ko‘rinadi: buni ko‘rib, butun vujudimni zo‘r ehtiros chulg‘aydi.
— Ha-ha-ha! — deb kulaman, xuddi telba odamga o‘xshab.
Xotinim esa tinmay:
— Naqadar go‘zalman! — deydi, shivirlab.

O. Rahimiy tarjimasi