Galchinskaya volostida ko‘p zamonlardan beri eng yaxshi usta, ayni zamonda eng yomon erkak deb nom chiqargan tokar Grigoriy Petrov betob kampirini shahar kasalxonasiga olib ketyapti. U o‘ttiz chaqirimcha yo‘l bosishi kerak; yo‘l nihoyatda yomon, bundan hatto davlatning pochtachisi ham o‘tolmaydi-yu, tokar Grigoriy singari ish yoqmasga yo‘l bo‘lsin! Ro‘paradan urib turgan shamol burunni uchirib yuboray deydi. Qayoqqa qarama, hamma yoqda qor shunday charx urib yotibdiki, qorning osmondan yog‘ayotganini ham, yerdan chiqayotganini ham bilib bo‘lmaydi. Qordan na dala ko‘rinadi, na simyog‘och va na o‘rmon; shamol quturib kelib Grigoriyga urilguday bo‘lsa chananing do‘g‘asi ham ko‘rinmay ketadi. Shalvirab qolgan nimjon biya oyoqlarini zo‘rg‘a-zo‘rg‘a ko‘tarib bosadi. Bor kuchi oyoqlarini qordan so‘g‘urib olishga va kallasini siltashgagina ketadi. Tokar shoshiladi. Xavotirlanib, o‘tirgan yerida tipirchilaydi, ot sag‘riga nuqul qamchi uradi.
— Qo‘y, Matryona, yig‘lama… — deydi g‘udunglab tokar. — Picha sabr qil. Xudo xohlasa, kasalxonaga yetib borsak, bir zumda haligingni… Pavel Ivanich dori tomizib bersa yo qon quyinglar deb buyursa yo bo‘lmasa, shafqat qilib, badaningni spirt bilan ishqalatsa bormi… qarabsanki, soppa-sog‘ bo‘lib ketibsan-da. Pavel Ivanich qarab turmaydi… Oriy rost, picha baqirib ham beradi, yer tepinib o‘shqiradi ham, lekin tashlab qo‘ymaydi, harakat qiladi… Yaxshi xo‘jayin, birovning ko‘nglini qoldirmaydi, xudo umriga baraka bergur… Hozir kasalxonaga yetib bordikmi, darrov kabinetidan yugurib chiqadi, og‘ziga kelganni qaytarmay so‘kadi. «Xush? Nimaga bunaqa kech kelasan? Nima uchun barvaqt kelmading? Nima, men itmanmi sen muttahamlar bilan ertadan kechgacha ovora bo‘lgani? Nima uchun ertalab kelmading? Yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma! Ertaga kel!» deb baqirib beradi. Men bo‘lsam: «Hurmatli doktor! Pavel Ivanich! Janobi oliylari!» deb yalinaman. Yursangchi, xarom o‘lgir! Cho‘h!
Tokar biyaga qamchi bosadi-da, kampiriga qaramay, yana ping‘illaydi:
— Janobi oliylari! Yolg‘on aytsam xudo ursin… mana krest, yo‘lga saharda chiqqanman. Qanday qilib vaqtida yetib kelib bo‘ladi?.. Xudo shohid axir… g‘azabiga olib, bo‘ronini kyuorgandan keyin… O‘zlari ham ko‘rib turibdilar… Ot tuzukroq bo‘lganda ham, baribir, yetkazib kelolmas edi. Mening chanamdagi otmi, xudoning qahri-ku!» desam, Pavel Ivanich qovog‘ini solib: «Yaxshi bilamiz senlarni! Hamma vaqt bahona topasanlar! Ayniqsa sen shunaqasan, Grishka! Seni juda yaxshi bilaman! Bu yerga yetib kelguncha, qovoqxonaga besh marta kirib chiqqandirsan hali!» deydi. Men ham: «Janob oliylari! Nima, meni judavalo xudo uriptimi yo dindan chiqibmanmi? Kampirim xudoga omonatini beray deb yotsa-yu, men qovoqxonalarda sanqib yursam qalay bo‘ladi! Qo‘ying-e, bunaqa gaplaringizni, taqsirjon! Xudo ko‘tarsin o‘sha qovoqxonalarni!» deyman. Ana shundan keyin Pavel Ivanich seni kasalxonaga olib kiringlar deb buyuradi. Men bo‘lsam, darrov oyog‘iga yiqilib: «Pavel Ivanich! Janobi oliylari! Qulluq, xudo umringizga baraka bersin! Biz ahmoq bedavolardan xafa bo‘lmang, biz mujiklardan koyinmang! Bizni bo‘ynimizga tushirib, chiqarish kerak edi, siz bo‘lsangiz, tashvish yeb, oyoqlaringizni qorga bulg‘ab yuribsiz!» deyman. Pavel Ivanich, xuddi urib yuboradiganday, o‘qrayib qaraydi-yu: «Birovlarning oyog‘iga yiqilib yurguncha, araq ichishingni qo‘yib, kampiringni parvarish qil, ahmoq. Seni boplab kaltaklash kerak!» deydi. Men ham qarab turmayman: «To‘g‘ri aytasiz, kaltaklash kerak, Pavel Ivanich, ur, xudo haqi, ur! Bizga shafqat qilasizlar, otalik qilasizlar-u, tag‘in oyoqlaringizga yiqilib, qulluq qilmaylikmi? Janobi oliylari! Xo‘p deyavering… mana, tepamda xudo turipti… Yolg‘on aytsam betimga tupuring! Matryona tuzalib, haligi, asli holiga kelsachi, ha, nima desangiz qilaman, gapingizni yerda qo‘ymayman! Koreliya qayinidan qo‘ling o‘rgilsin portsigarmi… kroket soqqasimi, xohlasangiz chet elnikiga o‘xshatib juda ajoyib kegl qilib beraman… Sizdan xech nimani ayamayman! Bir tiyin ham olmayman. Moskvada bo‘lsa bunaqa portsigarga to‘rt so‘mingizni oladi, men bir pul ham olmayman» desam, doktor kuladi-yu: «Bo‘pti, bo‘pti… Bildim. Lekin piyanistasan-da, shunisiga achinaman…» deydi. Men, kampirvoy, xo‘jayinlar bilan gaplashishni ana shunaqa qotirib yuboraman! Mening gapimni eshitib erimaydigan xo‘jayin yo‘q dunyoda. Ish qilib, xudo yo‘ldan adashtirmasin-da! Qorning elashini qara-ya! Ko‘zni ochirmay qo‘ydi.
Tokar shu xilda valaqlab boraveradi. Yuragini qayg‘udan ozgina bo‘lsa ham bo‘shatish uchun hech tilini tiymaydi, nima gapirayotganini o‘zi ham bilmaydi. Tilida gap ko‘p, miyasida esa fikr va masala unday ham ko‘p. Tokarning boshiga qayg‘u to‘satdan tushib, g‘aflatda qoldi, mana endi o‘ziga kelolmay, hayron bo‘lib yuradi. Shu mahalgacha mast kishining uyqusiday tinch yashab kelardi; qayg‘u bilan ham, shodlik bilan ham ishi yo‘q edi, mana endi qalbida yomon bir og‘riq paydo bo‘lganini sezib qoldi. Dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydigan, ichkilikdan boshqasini nazariga ilmaydigan bu ishyoqmas, hech narsadan hech narsa yo‘q, ishi ko‘p, jonsarak, qayoqqadir shoshib turgan, hatto tabiat bilan kurashayotgan kishi ahvoliga tushib qoldi.
Qayg‘usi kecha kechqurun boshlanganini tokar yaxshi biladi. Kecha kechqurun uyiga, odatdagicha, kayfi vang kechdi-da, eski qilig‘ini qilib, kampirini so‘kdi va unga musht o‘xtaldi. Ana shunda kampir to‘polonchi choliga shunday bir qarash qildiki, ilgari hech vaqt bunday qaramas edi. Qampirning keksa ko‘zlarida har mahal ko‘p kaltaklanib, kam boqiladigan it ko‘zlaridagi mazlumlik va mo‘minlik bo‘lar edi, endi esa ikonalardagi avliyolar yo joni uzilayotgan odamlar singari qimirlamay, qovog‘ini ochmay qarab turdi. Tokarning qayg‘usi ana shu g‘alati ko‘zlarning xunuk qarashidan boshlandi. Tokarning yuragi chiqib ketdi; qo‘shnisining otini so‘rab olib, endi u kampirini Pavel Ivanich dori-darmon bilan yana avvalgiday qaraydigan qilib beradi, degan umidda kasalxonaga olib ketyapti.
— Ha-da, Matryona, haligi… — deb g‘o‘ldiraydi u. — Pavel Ivanich mabodo meni urdimi deb so‘rab qolsa, urmadi, de! Endi hech urmayman. Ishonmasang, mana krest. Nima, seni urgan bo‘lsam, yomon ko‘rganimdan uribmanmi? Yo‘q, shunday, bekordan bekorga urganman. Senga rahmim keladi. Bo‘lak odam bo‘lsa pinagini ham buzmas edi, menchi? Mana… kasalxonaga olib ketyapman. Obbo, qorning elashini qara-ya! E xudo, sen shuni xohlagansan-ku! Ish qilib, xudo, yo‘ldan adashtirma-da… Ha, biqining og‘riyaptimi. Matryona, nimaga indamaysan? Men sendan so‘rayapman: biqining og‘riyaptimi?
Kampirning yuzidagi qor erimayotgani unga g‘alati tuyiladi; yuzining juda ham cho‘zilib ketgani, mum tusiga kirib, salobatli, vazmin bo‘lib qolgani g‘alati ko‘rinadi.
— Voy nodon-e! — deb do‘ng‘illaydi tokar, — Men senga rostini aytyapman, mana, xudo tepamda… sen bo‘lsang, haligi… Voy nodon-e! Jahlimni chiqaraversang, Pavel Ivanichning oldiga obormayman!
Tokar tizginni yoniga qo‘yib, o‘ylanib qoladi. Kampiriga qaray, desa, yuragi betlamaydi — juda vahimali! Savol bersa-yu, javob ololmasa, — bu ham vahimali. Dudmal ahvolga xotima berish uchun kampirga qaramasdanoq, paypaslab borib, sovuq qo‘lni topadi. Ko‘tarib turib qo‘yib yuborilgan qo‘l tayoq singari taqillab tushadi.
— O‘lib qopti. E, sho‘rim qursin!
Tokar yig‘laydi. Qampirning o‘lib qolgani uchun emas, alam qilgani uchun yig‘laydi. Bu dunyoda xamma narsa muncha tez bo‘ladi-ya! Boshiga tushgan qayg‘usi cho‘zilmasdanoq tugab qoldi. Kampiri bilan totuv yashashga yuragidagi gaplarni aytishga, ayashga ulgurmasdan o‘lib qoldi… Kampiri bilan qirq yil umr qildi-yu, lekin shu qirq yilning hammasi tushday o‘tib ketdi. Mastlik kunining qanday o‘tganini ham bilmay qoldi. Hammasidan ham unga shunisi alam qilardiki, u kampirini ayash kerakligini, usiz yashay olmasligini, uning oldida qattiq aybdorligini endi sezganda, kampiri birdan o‘lib qoldi.
— Boyaqish tilanchilik ham qilardi, — deb eslaydi u. Ha, odamlardan non tilab kel, deb o‘zim chiqarardim e, sho‘rim qursin! Nodon bo‘lmasa, yana o‘n yilgina o‘lmay turmaydimi? Meni chindan ham shunaqa rasvo odam deb o‘ylagan-da. E, xudo, qayoqqa ketyapman? Endi buni tuzatish emas, ko‘mish kerak-ku! Qayt!
Tokar chanasini qaytaradi va kuchining boricha otga qamchi uradi. Yo‘l tobora yomonlashib boradi. Axiri do‘g‘a ham ko‘rinmay qoladi. Chana goho yosh archaga borib uriladi, ana shunda allaqanday qoramtir narsalar tokarning qo‘lini tiladi, ko‘zlari oldida lip etib ko‘rinadi, keyin ko‘z o‘ngini yana pirpirab uchayotgan oppoq qorlar to‘sib oladi.
«Umrni yana boshdan boshlashshing iloji bo‘lsa-yu…» deb o‘ylaydi u.
Matryonaning qirq yil oldin yosh, chiroyli, dilkash, boy qizi bo‘lganini eslaydi. Grishkaning hunariga uchib, Matryonani unga bergan edilar. Yaxshi umr kechirishsa bo‘lardi, buning uchun hamma zamin bor edi, lekin bitta kasofat ish bo‘lib qoldi-da: tokar to‘ydan keyin qattiq mast bo‘lib keldi-yu, pechkaga chiqib yotib oldi, ana shundan beri haligacha uyg‘onmaganday, uyquda yashaganday yashab keladi. To‘y bo‘lgani esida, lekin to‘ydan keyin nima bo‘lganini urib o‘lasi qilsang ham eslay olmaydi, faqat aroq ichganlarini, kayf qilib yotganlarini, mushtlashganini biladi xolos. Qirq yillik umr shu zaylda qulog‘ini ushlab ketdi.
Bulutday turgan oppoq qor asta-sekin kulrang tusga kirib boradi. G‘ira-shira qorong‘i tushadi.
— Qayoqqa ketyapman? — deydi tokar, esi o‘ziga kelib. — Ko‘mish keragu, men buni kasalxonaga olib borayapman… Nima balo, esimni yeb qo‘ydimmi?
Tokar chanani tag‘in orqaga qaytarib, otga yana qamchi bosadi. Biya kuchanadi, chnranadi, pishqiradi, keyin mayda qadamlar bilan yo‘rtib ketadi. Tokar bo‘lsa biya sag‘riga ustma-ust qamchi uraveradi… Orqadan allanimaning taqirlagani eshitiladi. Tokar qayrilib qaramasa ham, u marhumaning chanaga urilayotgan boshi ekanini biladi. Qorong‘i tobora quyuqlashib, shamol kuchayib, izg‘irin turadi…
«Umrni yangidan boshlashning iloji bo‘lsa-yu… — deb o‘ylaydi tokar. — Asboblarni yangilasam, buyurtmalar olsam… pullarni kampirga berib tursam… Eh?»
Shu payt qo‘lidan tizgini tushib ketadi. Qaraydi, uni tushgan yeridan olmoqchi bo‘ladi, lekin ololmaydi: qo‘llari qimirlamaydi…
«Baribir, ot o‘zi topib boradi, yo‘lni biladi, — deb o‘ylaydi u. — Picha mizg‘ib olsammi… Kampirni ko‘mib, azasini tutib bo‘lgunlaricha yotib tursammi…»
Tokar ko‘zlarini yumadi-yu, mudrab ketadi. Biroz borgandan keyin otning to‘xtab qolgangani sezadi. Ko‘zlarini ochmb qarasa: oldida kulbaga yo g‘aramga o‘xshagan birnima qorayib turibdi…
Chanadan tushib, nima gapligini bilmoqchi bo‘lgan edi, qarasa: butun vujudi toliqib, qimirlagisi kelmay qolibdi, shuning uchun joyidan jilgandan ko‘ra muzlab qolishni afzal ko‘radi… Ana shundan keyin uyquni bahuzur uraverdi…
Bir vaqt uyg‘onib qarasa: devorlari bo‘yalgan kattakon uyda yotibdi. Derazalardan oftob charaqlab tushib turibdi. Tokar oldida odamlar borligini ko‘rib, o‘zini eng avval tuzuk, fahm-farosatli kishi qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.
— Kampirga aza tutsak bo‘lardi, og‘aynilar, — deydi u. — Popni chaqirtirsak…
— Bo‘pti, bo‘pti! Valaqlama ko‘p, jim yot! — deb kimdir unint so‘zini bo‘ladi.
— Otaxonim! Pavel Ivanich! — deb hayron bo‘ladi tokar, oldida doktor turganini ko‘rib. — Yaxshiligingizni esdan chiqarmayman, taqsir!
U yotgan yeridan irgib tushmoqchi, doktorning oyoqlariga o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan edi, qo‘llari bilan oyoqlari bo‘ysunmayotganini sezib qoldi.
— Taqsirjon! Oyoqlarim qani? Qo‘llarim-chi?
— Oyoqlaring bilan ham, qo‘llaring bilan ham endi xayr-ma’zur qilaver… Muzlatib qo‘yibsan! Iya, iya… nimaga yig‘laysan? Shuncha umr ko‘rding, xudoga shukur qilgin-da! Oltmishni urib qo‘ygandirsan hali? Yetadi-da shu!
— Musibat!.. Musibat-da, taqsir! Mehribonlik qilib kechiring! Yana besh-olti yil umr ko‘rsam deyman…
— Nega?
— Ot birovniki, egasiga berardik… Kampirni ko‘mardim…. Tavba, bu dunyoda hamma narsa muncha ham tez bo‘ladn-ya! Taqsirjon! Pavel Ivanovich! Kareliya qayichidan yasalgan portsigar ajabsara bo‘ladi-da! Soqqa yo‘nib berardim…
Doktor, qo‘lini siltab, palatadan chiqib ketdi. Tokarning tuprog‘i yengil bo‘lsin!
Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi