(Ko‘rinish)
N. degan bir uyezd shaharidagi iflos qovoqxonalardan birida oqooqol Shelma yog‘liq bo‘tqa yeb o‘tiradi. U bo‘tqadan uch qoshiq yegandan keyin bir ryumka araq ichadi-da, «bo‘ldi, endi boshqa ichmayman» deb qo‘yadi.
— Shunday, azizim, dehqonlarning mojarolarini biryoqlik qilish nihoyatda mushkul ish, — deydi u qovoqxona egasiga murojaat qilib. U, tugmalari hadeb yechilib ketaverganidan qadab qo‘yish uchun stol tagiga engashdi. — Shunaqa, azizim! Dehqonlarning ishi butun bir siyosat, bunga Bismark ham ojizlik qilgan. Bunaqa ishlarni olib borish uchun o‘tkir aqlli va epchil bo‘lmoq kerak. Mana, nega meni mujiklar hurmat qilishadi? Ne sababdan ular menga pashshadek yopishaveradilar? Nega? Nega men yog‘lik bo‘tqa yeb o‘tiribman-ku, boshqa advokatlarning yegan bo‘tqasi yog‘siz bo‘ladi? Buning sababi nimada? Sababi shundaki, mening miyamda talant, idrok bor.
Shelma pishqirib yana bir ryumka ichdi-da, kirlanib ketgan bo‘ynini cho‘zib, kekkayib o‘tirdi. Bu odamning bo‘yingina emas, balki qo‘llarini, ko‘ylagini, shimini, qo‘lidagi ro‘molchasini, quloqlarini kir bosib sahtiyon bo‘lib ketgandi.
— Men donishmand emasman. Yolg‘onning nima keragi bor? Advokatlar kursida o‘qimaganman, bilimdonlar singari olijanob liboslar kiymayman, ammo maqtanchog‘lik bo‘lsa ham, deymanki, million so‘m bersang ham mendek advokatni bir umr topolmaysan. Albatta, Skopinning ishini biryoqlik qilish qo‘limdan kelmaydi, Sarra Bekker ishini ham eplay olmayman, ammo dehqonlarning ishiga kelganda hechqanaqa o‘tkir himoyachi, prokuror… hechkim menga bas kelolmaydi. Rost aytaman! Dehqonlarning ishini mendan bo‘lak hechkim biryoqlik qila olmaydi. Xoh Lomonosov bo‘l, xoh Betxoven bo‘l, mendagi talant senda bo‘lmasa bu ishga urina ko‘rma ham! Mana, Replovodagi oqsoqolning ishini misol qilib ol. Replovo oqsoqolining mojarosini eshitgandirsan?
— Yo‘q, eshitganim yo‘q.
— Juda yaxshi mojaro, siyosiy ish! Plevakovning ham tishi sinar edi, faqat mening kuchim yetdi bu ishga. Mana shunaqa. Men senga aytsam, birodari aziz, Moskvadan sal narida qo‘ng‘iroq zavodi bor. O‘sha zavodda, men senga aytsam, bizning replovolik Yevdokim Petrov degan bir mujik starshiy master bo‘lib ishlaydi. Yigirma yildan buyon o‘sha zavodda ishlaydi. Pasportiga qarasang mujikning o‘zginasi, yalangoyoq, ammo aftiga qarasang sira mujikka o‘xshamaydi. Yigirma yil ichida siyqalanipti, odamga o‘xshab qolgan-da. Xoh inon, xoh inonma, egnida trinka kostyum, qo‘llarida uzuk, ko‘kragida tilla zanjir, xullas, olijanobday! Hech mujikka o‘xshamaydi. Oyligi bir yarim ming bo‘lsa, uy-joy bergan bo‘lsa, yegani oldida, yemagani ketida bo‘lsa, zavod egasi bilan inoq bo‘lsa, shunday darajaga ham yetmasinmi. O‘zingdan-o‘zing olijanob bo‘lib ketasan kishi… Afti-basharasi ham, mea senga aytsam, mana bundoq (u yana bir ryumka ko‘tardi)… Kunlardan bir kun o‘sha Yevdokim Petrov, men senga aytsam, o‘z vataniga, bizning Replovo qishlog‘imizga kelmoqchi bo‘pti. O‘sha zavodda turaverib, o‘z qishlog‘ini sog‘inib qopti. Qo‘ng‘iroq zavodida-ku starshiy masterning turmushi yaxshi-ya, zerikib nima qilasan, tinch turavermaysanmi? Ammo men senga aytsam, Amerikaga borsang ham yuz so‘mliging ko‘p bo‘lsa, baribir qovoqxonani sog‘inasan, ko‘ngling ketadi. Harholda sog‘inganidan, bir kelgusi kelipti. Xo‘-o‘sh! Xo‘jayinidan bir haftaga javob opti-da, Replovoga jo‘napti. Eng oldin tug‘ilib o‘sgan uyiga qo‘nipti. «Men yoshligimda shu yerda turgan edim, hov anovi yerda otamning podasini boqardim, mana buyer — yotadigan joyim edi» depti. Xullas yoshligi esiga tushib shunga o‘xshash gaplarni qilipti. Tag‘in maqtanib ham qo‘yipti: «Mana, ko‘rdilaringmi birodarlar! Men ham sizlarga o‘xshash yalangoyoq edim, mehnat qilib, ter to‘kib martabaga yetdim, badavlat bo‘ldim. Sizlar ham mehnat qilsalaring…» deb vaysapti. Yalangoyoqlar oldiniga uning nasihatlarini eshitib, hurmat qilib yurishipti, keyin o‘ylab qolishipti. «Gapirgan gaplaring joyida, rost, hammamizga ham yoqadi, ammo sendan bizga qanday foyda tegadi? Kelganingga bir hafta bo‘ptiyu, hanuzgacha bir qultum araq ichirmading» deyishipti, uyiga yuzboshini yuborib.
— Yevdokim, yuz so‘m pul ber!
— Ha, nega endi?
— Yurtga, araq uchun… yurt sening sog‘liging uchun ichmoqchi…
Evdokimning o‘zi bama’ni, odobli, xudojo‘y odam, araq ham ichmaydi, tamaki ham chekmaydi, boshqalarga ham ichirmaydi.
— Araq uchun sariq chaqa ham bermayman.
— Nega endi bermas ekansan? Nima haqing bor bermaslikka? Sen bizning odamimiz emasmi?
— Sizning odam bo‘lsam nima qipti? Sizlardan qarzim yo‘q… Oramiz ochiq. Shunday bo‘lgandan keyin, nega pul beray?
Ana gapu, mana gap! Yevdokim o‘z aytganida turib oldi, yurt esa o‘z aytganida. Keyin yurtning g‘azabi qo‘zg‘ab ketdi. Ahmoqlarni bilasan-ku o‘zing! Ming gapir — baribir tushunmaydi. Yurtning ichgisi kelgandan keyin o‘n ikki xil tilda gapir, zambarakka solib ot, baribir tushunmaydi. Ichgimiz keldi deb turib olishadi. To‘g‘rida! O‘zi hamqishloq bo‘lsayu, himmati bo‘lmasa! Bu nima degan gap? Shundan keyin Yevdokimdan harqanday yo‘l bilan bo‘lsa ham yuz so‘m olish uchun har xil ig‘vo to‘qishga kirishishdi. Shuncha tirishsalar ham to‘qiy olmadi hechkim. Eshigi yoniga kelib, «Senimi, shoshmaytur!» deb qo‘rqitishadi. Yevdokim bo‘lsa uyida bemalol o‘tiraveradi. «Xudoning oldida ham, bandaning oldida ham, qonun oldida ham sofman, nimadan qo‘rqay? Erkin qushman, qayoqqa uchsam — uchaveraman!» depti. Xo‘sh. Mujiklar puldan umidlarini uzadilar, ammo ularning hurmatini qilmagan o‘sha erkin qushning qanotlarini yulib olish chorasini izlay boshladilar. Kallalarida zig‘ircha aql yo‘qligidan, menga odam yuborishdi. Darhol men Replovoga bordim. «Ish xurjun Denis Ssmsnich, pul bermayotir. O‘zing buning chorasini ko‘r!» deb arz qilishdi menga. Qanday chora topib bo‘lardi deysan? Chora topishning sira iloji yo‘q, hamma gap ravshan: barcha qonun Yevdokim tomonida. Mana men degan prokuroring ham ming yil bosh qotirsin, — chorasini topolmaydi… Bunga shaytonning ham aqli yetmaydi-da.
Shelma yana bir ryumkani ko‘tarib, ko‘zini qisib qo‘ydi.
— Chorasini men topdim, mening aqlim yetdi! — dedi kulib u. — Men topdim! Qanday qilganimni o‘ylab topchi, qani! Ming o‘ylasang ham topolmaysan! Men mujiklarga, «Xaloyiq, uni o‘z qishloqlaringga oqsoqol qilib saylanglar» dedim. Ular darhol gapning tagiga yetib, uni o‘zlariga oqsoqol qilib saylashdi. Bu yog‘ini eshit. Yevdokimga oqsoqollik muhrini keltirib berishdi. U bo‘lsa kulib-qotib yotipti. «Hazilni qo‘yinglar, men sizlarga oqsoqol bo‘lishni istamayman!» deb javob berdi.
— Sen istamasang, biz istaymiz!
— Istamayman dedim, istamayman! Ertagayoq qishloqni tashlab ketaman!
— Ketolmaysan! Haqing yo‘q ketishga. Qonun bo‘yicha oqsoqol oqsoqollikni tashlab ketaolmaydi.
Bunga Yevdokim:
— Bu lavozimni ustimdan soqit qilaman, — deb javob qipti.
— Haqing yo‘q. Oqsoqol kamida uch yil oqsoqollik qilishi kerak, o‘shanda ham sud hukm chiqarsa soqit qilinadi. Biz seni oqsoqol qilib sayladikmi, bo‘ldi, na o‘zing, na biz o‘rindan tushiraolmaymiz!
Evdokim dod soldi, faryod ko‘tardi, darrov volostnoy oqsoqolga yugurdi. Volostnoy va uning mirzasi hamma qonunlarni olib unga ko‘rsatishdi.
— Falon-falon moddalarga binoan uch yilgacha oqsoqollik qilishing kerak. Uch yil xizmatni bajar, keyin ketaver.
— Qanaqa uch yil! Buyerda bir oy turishimning ham iloji yo‘q. Xo‘jayinning mensiz uyi kuyadi-ku! Necha minglab zarar ko‘radi! Zavoddan tashqari uy-joyim, bola-chaqalarim ham o‘shatda!
Hech iloji bo‘lmadi. Oradan bir oy o‘tib ketdi, Yevdokim yurtga yuz so‘m emas, uch yuz so‘m berishga rozi bo‘ldi. Ularku pulni jon deb olardilar, faqat vaqti o‘tgan edi. Yevdokim, janobi hazrat huzuriga borib unga arz qildi.
— Sizga arzim bor, janobi oliylari. Oilaviy sabablar vajidan xizmat qilolmayman. Meni bo‘shattiring, xudo xayringizni bersin!
— Haqim yo‘q. Seni bo‘shatishga qonuniy asos yo‘q. Avvalo, o‘zing soppa-sog‘ odamsan, ikkinchidan seni qoralaydigan material yo‘q. Xizmat qilishga majbursan.
Senga shuni ham aytib qo‘yayki, uyerda kim bo‘lmasin hammani sansirab gapirishadi. Volostnoy oqsoqollar, qishloq oqsoqollari poshsholikning martabali odamlari hisoblanadi, mahkama chinovniklaridan ham baland turadi, shunday bo‘lsada ularni qorol singari sansirashadi. Triko kostyum kiygan Yevdokimning bunday sansirashni eshitishga toqati bor deysanmi? Janobi hazratga yalindi, yolbordi.
— Haqim yo‘q, — dedi u. — Inonmasang uyezd mahkamasidan borib so‘ra. Hamma ham senga shunday deydi. Faqat men emas, gubernator ham seni bo‘shatolmaydi. Xalqning hukmi, agar qoida asosida chiqarilgan bo‘lsa, uni hechkim bekor qilolmaydi. — Yevdokim to‘raga arz qilib bordi. To‘radan ispravnikka yugurdi. Butun uyezdni kezib chiqdi, hamma yerda — haqimiz yo‘q, xizmat qil, degan javobni qildilar. Ahvoli tang. Zavoddan bo‘lsa ketma-ket xat kelib turipti. Yevdokimning qavmi-qarindoshlari ham meni chaqirtirishga maslahat berishipti. Xoh inon, xoh inonma, odam yubormasdan, o‘zi ot qo‘yib keldi. Kela-solib gap-so‘z yo‘q, qo‘limga yuztalikni tutqizdi. «Umidim sizdan» deb yalindi.
— Xo‘p, mayli, yuz so‘lkavoyga sizni bo‘shatdirishim mumkin, — dedim.
Yuz so‘lkavoy olib, uning ishini darrov to‘g‘riladim.
— Qanday qilib? — deb so‘radi qovoqxona egasi.
— Topkin-chi! Oppo-oson. Butun gap — qonunning o‘zida.
Shelma, uning yoniga kelib, qahqahlab kula-kula, qulog‘iga shivirladi.
— Biron narsani o‘g‘irlab, qo‘lga tushib, ishining sudga oshirilishini maslahat berdim. Qalay? Joyidami? Men senga aytsam, oldiniga u shoshib qoldi. Qanday qilib o‘g‘irlay, deydi. Mana shunday o‘g‘irlayverasan-da, — dedim. — Mana, mening ichi bo‘sh hamyonim, shuni o‘g‘irla, bir yarim oy avaxtada yotib chiqasan, vassalom. Oldiniga u, nomim bulg‘anadi deb, ko‘nmadi. Pokiza nomning senga nima keragi bor, dedim. Nima, sening bitilgan nomayi amoling bormidi? Bir yarim oy avaxtada yotib chiqasan, vassalom, ish bitadi ketadi. Seni qoralovchi material ham tayyor, oqsoqollik medalini ham sendan tortib olishadi! O‘ylab turib-turib, rozi bo‘ldi-da, meiing quruq hamyonimni o‘g‘irlab ketdi. Bir yarim oy avaxtada yotib chiqdi, meni haligacha duo qiladi. Mana, aqlni ko‘rdingmi endi, og‘ayni! Butun dunyoni axtarib chiqsang ham, dehqonlar mojarosiday siyosatni topolmaysan, bunaqa ishlarni mendan bo‘lak hechkim yecholmaydi. Hechkim bekor qilolmaydi, faqat mening qo‘limdan keladi. Shunaqa.
Shelma yana bir butilka araq chaqirdi-da, boshqa bir hikoya, Replovo mujiklarining birovning o‘rilmagan bug‘doyini sotib, ichib yuborganlari haqida. hikoya boshladi.
O. Rahimiy tarjimasi