Anton Chexov. Mudhish hol (hikoya)

Mahkamaning dehqonlar ishi yuzasidan doimiy a’zosi bo‘lgan, o‘ttiz yoshlarga kirgan yosh Kunin Peterburgdan o‘z qishlog‘i Borisovoga qaytib kelishi bilanoq, Sinkovo qishloq ruhoniysi Yakov Smirnov hazratga otliq kishi yubortirdi.
Besh soatdan keyin Yakov hazrat yetib keldi. Kulin uni dahlizda qarshi olib:
— Tanishganimiz uchun behad xursandman, — dedi. — Bu yerga kelib xizmat qila boshlaganimga bir yil bo‘ldi, endi tanishib olsak ham bo‘ladi, shekilli. Marhamat qilsinlar. Ammo lekin siz juda yoshsiz-ku! — deb ajablandi Kunin — Necha yoshga kirganlar?
Yakov hazrat o‘ziga tomon cho‘zilgan qo‘lni asta qisib so‘rashar ekan, negadir qizarib:
— Yigirma sakkizga… — dedi.
Kunin mehmonni o‘z kabinetiga boshlab kirib, uni ko‘zdan kechira boshladi.
«Naqadar beo‘xshov, xotinchalish bashara!» deb o‘yladi u.
Darhaqiqat, Yakov hazratning yuzi ko‘p jihatdan xotin kishining yuziga o‘xshab ketar edi: burni cho‘chchaygan, ikki beti anorday, ko‘zlari ko‘kishga moyil, qoshlari siyrak va bilinar-bilinmas, qattiq, silliq uzun qo‘ng‘ir sochlari gardaniga uzun-uzun tayoqchadek bo‘lib tushib turardi. Mo‘ylovlari esa, endigina sabza urib, erlarnikiga o‘xshab kelayotgan edi. Soqoli esa, soqol deyishga arzimaydigan, seminaristlar nima uchundir «ko‘sa» deb ataydigan xilidan: juda siyrak, dakkam-dukkam edi. Bu soqolni taroq bilan tekislash va tarashning iloji yo‘q, faqat qo‘l bilan silab qo‘yiladi, xolos. Uning arzimas soqoli bir tekis emas, g‘uj-g‘uj bo‘lib o‘sganday go‘yo Yakov xazrat pop qiyofasiga kirmoq uchun grim qilib yelimlab, soqol yopishtira boshlagan-u, lekin tugatolmay aro yo‘lda qolgan. Ustiga och qahvarang rido kiygan, tirsaklariga katta yamoq tushgan.
Kunin uning loy sachragan etaklariga qarab: «Qiziq odam… Birovnikiga birinchi marta kelishi-yu, tuzukroq kiyinmapti» deb o‘yladi.
Kunin ochiq chehra bilan emas, qo‘polroq qilib:
— O‘tirivoling, otaxon, — deb stol yoniga kresloni surib qo‘ydi. — O‘tiring, marhamat qiling.
Yakov hazrat mushtumini og‘ziga qo‘yib yo‘taldi, so‘ngra iymanib, kresloning bir chetiga o‘tirdi va kaftlarini tizzalari ustiga qo‘ydi. Ko‘kragi cho‘kkan, basharasi qizarib, terlab pishgan bu pakana odam dastlab Kuninda yaxshi ta’sir qoldirmadi. Ilgarilari Kunin Rossiyada shunday basavlat, majmag‘il ruhoniylar bor deb hech bir o‘ylamas edi. Raftoridan, kaftlarini tizzalariga qo‘yib kresloning bir chetida o‘tirishidan Yakov hazrat unga o‘z qadrini bilmagan, hatto laganbardor bir kishiga o‘xshab ko‘rindi.
Kunin kresloga yaslanib olib:
— Otaxon, men sizni bir ish yuzasidan chaqirtirdim, — dedi. — Sizga taalluqli, foydali bir ishda kaminalariga yordam qilmoq kabi ko‘ngilli vazifa mening zimmamga tushdi. Voqea shundayki, men Peterburgdan qaytib kelib qarasam, stolimning ustida oqsoqoldan kelgan bir xat yotipti. Yegor Dmitriyevich Sinkovoda cherkov qoshida ochiladigan kishloq maktabiga vasiylik qilishimni taklif etipti. Men, taqsir, chin qalbimdan mamnunman… Hatto bundan ham ortiq. Bu taklifni bajonidil qabul qilaman.
Kunin o‘rnidan turib, kabinet ichida u yoqdan bu yoqqa yurdi.
— Albatta, Yegor Dmitriyevichga ham, ehtimol sizga ham ma’lum bo‘lsa kerakki, men unaqa puldor emasman. Mulkim garovda, faqat doimiy a’zolik sifatida oladigan maoshim bilan kun kechiraman. Binobarin mendan katta yordam kutmasangiz ham bo‘ladi, ammo qurbim kelganicha yordam qilaman… Xo‘sh, otaxon, maktabni qachon ochmoqchi bo‘lasiz?
— Pul bo‘lgan kuni… — deb javob qildi Yakov hazrat.
Hozir ixtiyoringizda hech bir mablag‘ bormi?
— Yo‘q hisob… Mujiklar o‘z yig‘ilishlarida har yil har erkak, boshiga o‘ttiz tiyindan to‘lab turmoqqa qaror qabul qilishdi. Lekin bu hozircha va’da! Dastlab ish boshlash uchun kamida ikki yuz so‘m kerak…
— Ha… Afsuski, menda hozir shuncha mablag‘ yo‘q. — Kunin xo‘rsindi. — Safarda bor pulimni xarjladim va… hatto qarz ko‘tardim. Keling, birgalashib bir narsa qilaylik.
Kunin o‘ylanib, o‘z-o‘zicha gapirina boshladi. U o‘z fikrlarini aytib, Yakov hazratning basharasidan ma’qullash yoki rozilik alomatini qidirib, undan ko‘z uzmas edi. Biroq hazratning basharasi hissiz, bezdek edi, tortinchoqlik, tashvish va hadiksirashdan bo‘lak narsani ifoda qilmas edi. Uni ko‘rgan kishi Kunin shunday oqilona gaplar gapirayapti-yu, Yakov hazrat esa, hech narsa anglamayapti, lekin odob yuzasidangina quloq solib turibdi va tushunmaganlikda ayblamasinlar! deb qo‘rqib o‘tiribdi, deb o‘ylashi mumkin edi.
«Bu yigit aftidan juda ham aqllikka o‘xshamaydi, — deb o‘yladi Kunin, — Nihoyatda qo‘rqoq va ahmoq ko‘rinadi».
Kabinetga xizmatkor bir patnisda ikki stakan choy va likopchada teshik kulcha olib kirgandan keyingina Yakov hazratga biroz jon kirganday bo‘ldi. U oldiga qo‘yilgan stakanni ko‘tarib, darhol choy icha boshladi.
Kunin hamon o‘z-o‘zicha so‘zlanib muhokama qilar ekan: Hazratimning o‘zlariga xat-pat yozsakmikan? — dedi. — Sirasini aytganda cherkovlar qoshida maktablar ochish masalasini na zemstvo va na biz ko‘tarib chiqdik, uni oliy diniy mahkama ko‘tarib chiqdi. Mablag‘ni qayerdan olishni ularning o‘zi ko‘rsatishi lozim. Mening xotirimda bor va o‘qiganman ham: buning uchun qandaydir mablag‘ ham ajratilgan. Bundan sizning xabaringiz yo‘qmi?
Yakov hazrat choy ichishga kirishib ketganidan bu savolga darrov javob bera olmadi. U ko‘kka moyil ko‘zlarini ko‘tarib Kuninga qaradi va uning savolini xotirlagandai o‘ylanib, «yo‘q» degandek bosh chayqadi. Uning xunuk basharasida, zo‘r ishtaha bilan choy ichganidan, huzur qilayotgani aks etar edi, har qultumni yutganda tomog‘i taqillab qo‘yar edi. Stakandagi choyni batamom ichib bo‘lib, uni stolga qo‘ydi. So‘ngra stakanni yana qo‘liga olib, tagini ko‘rgach, tag‘in joyiga qo‘ydi. Huzur aks etish yuzidan aridi… Kunin mehmonning likopchadan bir bo‘lak suxarini olib, bir tishlagach, qo‘lida aylantirib, tezda cho‘ntagiga solib qo‘yganini ko‘rib qoldi.
Kunin jirkanib, yelka qisib:
— Bu ruhoniylarga hech ham yarashmaydigan qiliq. Nima bu, poplarga xos och ko‘zlikmi yo bachkanalikmi? — deb o‘yladi.
Kunin mehmonga yana bir stakan choy quyib berib, uni dahlizgacha kuzatib qo‘ygandan keyin, divanga cho‘zildi-da, Yakov hazratning o‘zinikiga kelishi orqasida tug‘ilgan ko‘ngilsiz fikrlarga g‘arq bo‘ldi.
«Zap g‘alati, yovvoyi odam ekan-da! — deb o‘yladi u. — Kir-chir, isqirt, qo‘pol, ahmoq, pyanista ham bo‘lsa kerak. Yo parvardigor, bu odam ruhoniy va xalq ustozi emish! Dyakonning har tushki ibodat oldidan unga murojaat qilib: «Duo qiling, hazrat!» deb nido qilishida qanchadan-qancha kinoya bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Shu ham hazrat emish! Hech qanday hislati va fazilati yo‘q hazrat! Tarbiyasiz, xuddi yosh boladay suxarini cho‘ntagiga uradigan odam… Tfu! Arxirey bu odamga fotiha berganda ko‘zi qayerda bo‘lgan ekan, yo piray? Agar xalqqa shunday odamlarni ustoz qilib qo‘ysalar xalq deb ular kimni tushunadilar? Bunda shunday odamlar bo‘lishi kerakki, ular…»
Kunin rus ruhoniylari qanday bo‘lishi kerak, degan o‘yga cho‘mdi.
«Masalan, men pop bo‘lsam… O‘qimishli va o‘z ishiga mehrli bo‘lgan pop ko‘p narsalarni qila oladi. Men allaqachon maktabni ochgan bo‘lardim. Va’z-nasihatchi? Agar pop pok va o‘z ishiga mehri balaid bo‘lsa, u ajoyib ta’sirli da’vatlar qila oladi!»
Kunin ko‘zlarini yumib, xayolan va’z to‘qidi. Bir pasdan keyin stol yonida o‘tirib, uni tez-tez yoza boshladi.
«O‘sha sariq popga beray, cherkovda o‘qisin…» deb o‘yladi Kunin. Kelar yakshanba kuni Kunin ertalab, maktab xususidagi masalani biryoqlik qilib kelish va shu bilan birga o‘zi qatnashi kerak bo‘lgan cherkovni ko‘rib kelish uchun Sinkovo qishlog‘iga jo‘nadi. Loygarchilik bo‘lishiga qaramasdan ertalab kun juda yaxshi edi. Oftob ko‘zlarni qamashtirib, erimay yotgan qor qatlamlarini o‘z nurlari bilan teshib o‘tmoqda edi. Yer bilan xayrlashayotgan qor olmosdek tovlanganidan kishining ko‘zlarini jimirlashtirib yuborardi, qorning yonginasida bahori bug‘doy eldan burun ko‘m-ko‘k bo‘lib turardi. Qarg‘alar yer ustida parvoz qilib yurar, yer bag‘irlab kelib, qo‘nishdan oldin sakrab-sakrab ketardi…
Kunin oldiga kelib to‘xtagan yog‘och cherkov omonat va ko‘rimsiz edi. Bir vaqtlar oq bo‘yoq bilan bo‘yalgan ibodatxona ayvonidagi ustunlar endi butunlay nursizlanib, ikki xunuk arava shotisiga o‘xshab qolgan. Isoning eshik ustidagi surati qora dog‘ bosib ketgan. Ammo cherkovning bunday qashshoqligidan Kunin ta’sirlanib, o‘pkasi to‘lib ketdi.
U ma’yuslik bilan ko‘zlarini yerga tikib, cherkovga kirdi-da, eshik yonida to‘xtadi. Ibodat marosimi endigina boshlangan edi. Qartayib, ikki bukilib qolgan dyakon g‘o‘ng‘illab, qiroat qilmoqda edi. Marosimni dyakonsiz ado etgan Yakov hazrat cherkov ichida isriq tutatib yurardi. Agar Kuninning qashshoq cherkovga kirish bilan ko‘ngli buzilib ketmaganda edi, Yakov hazratni ko‘rishi bilan, albatta, kulib yuborgan bo‘lar edi. Pakana pop ustiga qandaydir nuragan sariq matodan tikilgan g‘ijim va ro‘dapo rido kiygan edi. Ridoning etaklari yerda sudralib yurardi.
Cherkovda odam siyrak edi. Kunin qavmlariga nazar tashlab, qiziq ahvolni ko‘rib hayron qoldi: cherkovda qariyalar bilan bolalargina bor edi… Ishga yaroqli yoshdagilar qayoqda ekan? O‘spirinlar bilan erlar qayda qoldi! Ammo birpas turgandan keyin keksa yuzlarga tikilib qarab, Kuninning ko‘ziga yoshlar qari bo‘lib ko‘ringanini payqadi. Lekin ko‘zining bunday arzimas aldashiga u alohida e’tibor berdi.
Cherkovning ichi ham tashqarisi singari omonat va ko‘rimsiz edi. Mehrobda va qoraygan devorlarda vaqt o‘tishi bilan is bosmagan va nuramagan biror joyi qolmagan edi. Cherkovning derazalari ko‘p bo‘lsa-da, umumiy tusi xira, shuning uchun ichi qorong‘iroq edi.
«Ko‘ngli pok kishilar uchun bu yerda ibodat qilish yaxshi, — deb o‘yladi Kunin. — Rim shaharidagi avliyo Petr ibodatxonasi o‘zining dabdaba-yu as’asasi bilan kishini hayratda qoldirsa, bu yerdagi miskinlik va soddalik ham kishiga zo‘r ta’sir etadi».
Yakov hazrat mehrobga o‘tib, ibodat marosimini boshlaganida Kunining ibodat qilish havasi tutundek tarqalib ketdi. Yakov hazrat yoshligidan, seminariyadan to‘ppa-to‘g‘ri ruhoniylik mansabiga o‘tganidan hali ibodat marosimlarini egallab olganicha yo‘q edi. Qiroat qilar ekan, u g‘ing‘illabmi yoki do‘rillabmi xonish qilish uchun xuddi ovoz tanlab, bosh qotirganday bo‘lardi. U uquvsiz ta’zim qilar, pitillab yurar, cherkovning to‘ridagi eshikni qattiq ochib yopar edi…
Keksa dyakon betob va garang bo‘lsa kerak, uning nidolarini yaxshi eshitmas, shu vajdan andek anglashilmovchilik bo‘lmay iloji yo‘q edi. Yakov hazrat kerakligini o‘qib bo‘lmasdan turib, dyakon o‘zinikini boshlab yuboradi yoki pop allaqachon o‘qib tamomlagan bo‘lsa hamki, keksa dyakon mehrob tomonga qulog‘ini berib, to etaklaridan tortib qo‘ymagunlaricha jim turaverardi. Keksa dyakonning ovozi bo‘g‘iq va harsillab, qaltirab, kemshiklanib chiqar edi… Ibodat marosimining nuqsonini kliros srqasidan boshi zo‘rg‘a ko‘rinib turgan pastak bolaning chiyillab cho‘zib aytgan xonishi kuchaytirardi. Bola atayin umumiy ohangga jo‘r bo‘lishni istamagandek juda chinqiroq ingichka ovoz bilan xonish qilar edi. Kunin bir pas eshitib turdi-da, chekmoq uchun eshikka chiqdi. U endi ko‘ngli qolib: ko‘rimsiz bu cherkovga xushlamay boqar edi.
«Xaloyiq orasida diniy hissiyotning pasayganidan zorlanadilar, — deb uh tortdi u. — Bo‘lmasa-chi! Ular bunaqa poplardan bu yerga yana ko‘proq yuborsalar bo‘lar edi!»
Kunin cherkovga yana uch bor kirsa ham, har safar eshikka chiqib ketgusi kelib turardi. Marosim tamom bo‘lgandan keyin u Yakov hazratning uyiga jo‘nadi.
Popning uyi tashqaridan dehqonlarning uyidan hech bir farq qilmas, faqat tomiga yopilgan poxoli tekis turar, derazalariga esa oppoq pardalar tutilgan edi. Yakov hazrat Kuninni tagi yer va devorlariga arzon gul qog‘ozlar yopishtirilgan kichkina yorug‘ hujraga boshlab kirdi. Jihozlanishida ba’zi bir chiranganlik: ya’ni ramka ichiga solingan suratlar va toshiga qaychi osilgan soatga qaramay, jihozi juda kambag‘alligi bilan kishini taajjublantirdi. Mebellariga nazar solsangiz, Yakov Hazrat ularning har bir parchasini hovlima-hovli yurib terib olgan deb o‘ylash mumkin edi: bir joydan unga uch oyoqli yumaloq stol berganlar, boshqa bir joydan taburetka, yana bir joydan suyanchig‘i qiyshayib ketgan stul, yana boshqa bir joydan suyanchig‘i to‘g‘ri, lekin o‘tirgichi cho‘kib ketgan stul, beshinchi bir hovlidan suyanchig‘i yassi, o‘tirg‘ichi teshik-teshik divansimon jihoz in’om qilganlar. Bu divan tahlit narsa to‘q qizil bo‘yoqqa bo‘yalgan bo‘lib, bo‘yoq isi anqib turar edi. Kunin boshda stullardan biriga o‘tirmoqchi bo‘ldi-yu, keyin o‘ylanib turib, taburetkaga o‘tirdi. Yakov hazrat shlyapasini beso‘naqay, katta bir mixga osar ekan:
— Ibodatxonaga birinchi kelishingizmi? — deb so‘radi.
— Ha, birinchi marta. Taqsir, ish boshlashdan ilgari meni choy bilan siylasangiz, chunki tashnalikdan yuragim kuymoqda.
Yakov hazrat ko‘zlarini pir-piratib, tomog‘ini qirib, to‘siqning nari yog‘iga o‘tdi. Pichir-pichir eshitildi.
«Ehtimol ayoli bilan bo‘lsa kerak, — deb o‘yladi Kunin. Bu mallaning ayoli qanaqa ekan, bir ko‘rsak bo‘lardi…»
Bir pasdan keyin Yakov hazrat to‘siqning nari yog‘idan terlab-pishib, qip-qizarib chiqib keldi. Zo‘rma-zo‘raki jilmayib, Kuninning ro‘parasiga — divanning bir chekkasiga o‘tirdi. U mehmonning aftiga qaramasdan:
— Hozir samovar qo‘yadilar, — dedi.
«Yo piray, hali samovar qo‘yishmapti, — deb quti uchdi Kuninning. — Endi kutib o‘tir!»
— Men sizga, dedi u, — arxireyga yozgan xatimning asl nusxasini keltirdim. Choydan keyin o‘qib beraman. Balki biror narsa qo‘sharsiz…
— Juda soz.
Sukunat boshlandi. Yakov hazrat to‘siq tomonga qo‘rqibroq nazar tashladi-da, sochlarini to‘g‘rilab, burnini qoqdi.
— Zap havo bo‘pti-da-.. — dedi u.
Ha. Bilsangiz, kecha men bir narsa o‘qidim. Volost zemstvosi hamma maktablarini ruhoniylarga topshirishga qaror beripti. Bu qiziq gap.
Kunin o‘rnidan turib, tagi yer uy ichida u yoqdan bu yeqqa yurib, o‘z fikrlarini gapira boshladi:
— Buning hech qisi yo‘q, — dedi u, — ruhoniylar o‘z martabalari darajasida tursalar va o‘z vazifalarini aniq tushunsalar, bas. Baxtga qarshi men shunday ruhoniylarni bilamanki, ular o‘z saviya va axloq sifatlari jihatidan ruhoniy bo‘lish u yoqda tursin, hatto askariy kotiblikka ham yaramaydilar. Ishonaveringki, yomon ruhoniyga qaraganda yomon muallim maktabga ozroq zarar yetkazadi…
Kunin Yakov hazratga qarab qo‘ydi. U esa, bukchayib o‘tirib, bir nima to‘g‘risida zo‘r berib o‘ylar, mehmonping gapi qulog‘iga kirmayotgan bo‘lsa ham kerak.
To‘siq orqasidan xotin kishining:
— Yasha, bu yoqqa qara, — degan tovushi eshitildi.
Yakav hazrat sapchib o‘rnidan turib, to‘siq orqasiga o‘tdi. Yana shivir-shivir boshlandi.
Kunin juda choy talab bo‘lib turar edi.
«Yo‘q, bu yerda kutib o‘tirganim bilan choy icholmaydiganga o‘xshayman! — Soatiga qarab o‘yladi u. — Aftidan, men bu yerda nomatlub mehmonga o‘xshayman. Mezbon men bilan bir og‘iz gaplashishga tobi bo‘lmay, ko‘zlarini baqraytirib o‘tirgani o‘tirgan».
Kunin shlyapasini qo‘liga olib, Yakov domlaning chiqishini kutib turdi-da, keyin u bilan xayrlashdi.
Yo‘l-yo‘lakay xunob bo‘lib: «Ertalabki vaqtim bekor ketdi-ya, — deb o‘yladi. — Baayni xoda! To‘nka! Erib ketgan bulturgi qorga men qancha qiziqsam, u ham maktabga shuncha qiziqar ekan. Yo‘q, u bilan ish bitirib bo‘lmaydi! U biron ishni uddalay olmaydi! Basharti oqsoqol bu popning qanaqaligini bilganda, maktab ochish to‘g‘risida urinmay qo‘ya qolgan bo‘lar edi. Avval yaxshi popning g‘amini yeyish kerak, keyin maktabning!»
Kuninning endi Yakov hazratni ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi. Bu odam, uning uzun va g‘ijimlangan rido kiygan betayin va g‘alati jussasi, xotinchalish basharasi, ibodat qilish tarzi, hayot kechirishi va mahkama xizmatchilariga xos qizarib-bo‘zarib, xushomadgo‘ylnk qilishi Kuninning qalbida saqlanib qolgan va enagasi aytib bergan ertaklar bilan birga iliqqina saqlanib kelgan bir parchagina diniy hissiyotni tahqirlar edi. O‘ziga daxldor bo‘lgan ishga Kuninning samimiy ravishda, chin yurakdan aralashishiga e’tiborsizlik bilan sovuq qarashi uning izzat-nafsiga qattiq tekkan edi…
O‘sha kuni kechqurun Kunin uy ichida uzoq vaqt u yoqdan bu yoqqa yurdi va o‘ylab-o‘ylab, keyin shartta stolning yoniga o‘tirib, arxireyga xat yozdi. Kunin maktab uchun pul va fotiha berishni so‘rab, shu orada farzandlik samimiyati bilan Sinkovo qishlog‘ining ruhoniysi haqida o‘z fikrini bayon qildi: «U yosh, — deb yozdi Kunin, — saviyasi past, aftidan ichkilikka ruju qilganga o‘xshaydi, rus xalqida o‘z ruhoniy yetakchilariga nisbatan asrlardan beri hosil bo‘lgan talablariga umuman javob berolmaydi». Kunin bu xatni yozib bo‘lib, yengil tortganday bo‘ldi va xayrli bir ish qilgan kishiday yotib uxladi.
Dushanba kuni ertalab o‘rnidan hali turmagan paytda unga Yakov hazratning kelganini xabar qildilar. Turgisi kelmaganidan, uyda yo‘q deb qo‘ya qolinglar deb buyruq berdi. Seshanba kuni u majlisga ketdi, shanba kuni kelib xizmatchisidan, u yo‘g‘ida Yakov hazrat har kuni kelib turganini bildi. «Mening suxarilarim unga yoqib qolibdi-da!» deb o‘yladi Kunin.
Yakshanba kuni kechqurun Yakov hazrat yana keldi. Bu safar etaklari tugul, hatto shlyapasiga ham loy sachragan edi. U dastlab kelgan vaqtdagidek terlab-pishgan va qizargan, o‘sha vaqtdagidek kresloning bir chekkasiga o‘tirdi. Kunin maktab to‘g‘risida gap ochmaslikka, vaqtni zoye ketkizmaslikka jazm qildi.
— Men sizga, Pavel Mixaylovich, o‘quv kitoblarining ro‘yxatini keltirdim… — deb gap boshladi Yakov hazrat.
— Tashakkur.
Ammo Yakov hazratning ro‘yxat tufayli kelmaganligi har jihatdan bilinib turardi. Uning butun vujudi qattiq xijolat bo‘lganini ko‘rsatar, ammo shu bilan birga basharasida miyasiga to‘satdan ravshan bir fikr kelgan kishi singari dadillashganlik alomati bor edi. U allaqanday muhim va juda kerakli bir narsani aytmoqchi bo‘lib, o‘zining yuraksizligini yengishga harakat qilardi.
«Nega mum tishlaganday o‘tiribdi bu? — deb Kuninning jahli chiqdi. — Yalpayib o‘tirib oldi! U bilan ovoragarchilikka vaqtim bormi!»
O‘zining o‘ngg‘aysiz bir holda jim o‘tirishini xaspo‘shlash va ko‘nglida yuz berayotgan kurashni yashirish uchun pop zo‘rma-zo‘raki jilmaydi, terlab-pishgan va qizargan yuzidan uzoq arimagan va ko‘kka moyil ko‘zlarining harakatsiz boqishlari bilan kelishmagan bu sun’iy kulgi Kuninni teskari o‘girilishga majbur qildi. Unda jirkanish hosil bo‘ldi.
— Kechirasiz, otaxon, men jo‘nashim kerak… — dedi u.
Yakov hazrat mudrab o‘tirganda turtki yegan kishiday bir cho‘chib tushdi va iljayganicha xijolat ichida ridosining etaklarini o‘rab-chirmadi. Kunin bu kishidan har qancha nafratlansa ham birdan unga rahmi keldi. U qahri-g‘azabini yumshatmoq istadi.
— Taqsir, kelasi safar, o‘tinaman… — dedi u, — xayrlashish oldidan sizga bir iltimosim bor. Bilsangiz, menga bir vaqt ilhom kelib, ikkita xutba yozib qo‘ydim… Sizga havola qilaman… Kerak bo‘lganda o‘qirsiz…
Yakov hazrat Kuninning stol ustida yetgan xutbasini kafti bilan bekitib turib:
— Yaxshi, men opketaman… — dedi.
u bir pas ikkilanib turib, ridosiga hamon o‘ranar ekan, to‘satdan zo‘rma-zo‘raki kulishdan to‘xtab, shartta boshini ko‘tardi.
U qattiq va ravshan qilib gapirishga urinib:
— Pavel Mixaylovich, — dedi.
— Nima deydilar?
— Men eshitdimki, siz o‘sha… o‘z kotibingiz bilan hisob-kitobni tugatib, yangisini qidirayotgan emishsiz deb.
— Shundog‘… Siz biror kishini tavsiya qilmoqchimisiz?
— Men, bilsangiz… Men… Shu vazifani menga bera qolmaysizmi?
— Siz, nainki, ruhoniylikni tashlamoqchisiz? — dedi hayron bo‘lib Kunin.
Yakov hazrat negadir bo‘zarib va butun vujudi titrab tez-tez gapirdi:
— Yo‘q, yo‘q, xudo asrasin meni! Basharti gumonsirasangiz, u vaqtda hojati yo‘q. Men o‘z daromadimni ko‘paytirish uchun shunday ish orasida… Hojati yo‘q, xotirjam bo‘ling!
— Hm, daromad… Men kotibga har oyna atigi yigirma so‘m to‘layman, axir!
Yakov hazrat atrofiga qaranib shivirladi:
— E voh, men o‘niga ham rozi bo‘lardim. O‘n so‘m ham yetar edi! Siz… siz bo‘lsangiz, hayron bo‘layapsiz, hamma ham hayron qoladi. Ochko‘z, qurumsoq bu pop pulni qayerga qo‘yar ekan? Ochofatligimni o‘zim ham bilaman… Shuning uchun o‘zimni o‘zim koyiyman, qoralayman… Odamlarning basharalariga qaray olmayman… Sizga, Pavel Mixaylovich, men vijdonan… Xudoni shohid qilaman…
Yakov hazrat o‘zini o‘nglab, gapida davom etdi.
— Azizim, men sizga butun yurak sirimni aytishga hozirlanib edim, lekin… hammasini unutdim, tilim qovishmay qoldi. Men yilda yuz ellik so‘m maosh olaman, shuncha pulni qayoqqa qo‘yar ekan, deb hamma taajjublanadi. Lekin men sizga hammasini vijdonan gapirib beraman… Qirq so‘mini har yili ukam uchun, Petr umun diniy maktabga to‘layman. U yerda hamma narsa bilan ta’min etishadi, lekin qog‘ozu qalam mendan…
Kuninga mehmonning bunday ochiq iqror bo‘lishi qattiq malol kelib, bu yosh g‘iltillab turgan ko‘zlardan o‘zini qayerga qo‘yishini bilmay qo‘l siltab:
— Ishonaman, ishonaman, — dedi, — bu gaplarning nima hojati bor?
So‘ngra men diniya nazoratiga o‘z mansab o‘rnim uchun bari haqni to‘laganim yo‘q. Har oy o‘n so‘m to‘lashim sharti bilan shu o‘rinni ikki yuz so‘mga bergan edilar… O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, menga nima qoladi? Bundan tashqari taqsirim Avraamiyga juda bo‘lmasa, oyda uch so‘mdan to‘lab turishim kerak!
— Qaysi Avraamiy taqsirga?
Men kelguncha Sinkovo qishlog‘ida poplik qilgan Avraamiy taqsirga. Uni… darmondan qolgani uchun joyidan mahrum qildilar. Shunday bo‘lsa ham u hozir Sinkovoda yashab turipti. Qayoqqa ham borsin? Uni kim boqadi? Garchi keksarib qolgan bo‘lsa-da, unga boshpana, non va kiyim-bosh kerak-ku, axir! Tilanchilik qilish uning sha’niga yarashmaydi. Men ham bunga yo‘l qo‘yolmayman! Bir narsa bo‘lib qolsa, men gunohkor bo‘laman, axir! Gunohkor! U hammadan qarzdor bo‘lib qolgan, qarzini to‘lamasam gunohkor bo‘laman, axir.
Yakov hazrat sapchib o‘rnidan turib, o‘qraygan ko‘zlarini yerga tikib, uyning u burchidan bu burchiga yura boshladi.
U qo‘lini ko‘tarib, goh pastga tushirib, g‘o‘dirlab:
— Yo parvardigor, yo parvardigor! O‘z panohingda saqla, rahm qil, yo xudo! — der edi. — E’tiqoding mahkam bo‘lmasa, kuch-quvvating bo‘lmasa, bunday lavozimni o‘z ustingga nega olasan, a? Benihoya noumidlikka tushdim! O‘zing saqlagin, Bibi Maryam ona!
— O‘zingizni bosvoling, otaxon, — dedi Kunin.
— Ochlik qiynab qo‘ydi, Pavel Mixaylovich! — Yakov hazrat hamon g‘o‘dirlab.
— Olijanoblik qilib kechiring, axir darmondan ketdim… Bilamanki, ikki bukilib so‘ransam, har kimsa yordam qiladi, lekin, bo‘yin egolmayman! Uyalaman. Qanday qilib mujiklardan sadaqa so‘rayman… O‘zingiz shu yerda xizmat qilasiz va ko‘rib turibsiz. Gadodan xayr so‘rash uchun qanday qilib qo‘l cho‘zib bo‘ladi? Boyroqlardan, pomeshchiklardan so‘rashga uyalaman! Bo‘yin yor bermaydi. Yuzim chidamaydi.
Yakov hazrat qo‘l siltab, asabiy ravishda qo‘llari bilan boshini qashidi.
— Nomus! Yo rabbim, naqadar nomus. So‘rolmayman, kekkayganman, odamlar mening qashshoqligimni bilsinlarmi?.. Menikiga tashrif etganingizda quruq choy ham yo‘q edi, Pavel Mixaylovich! Yuqi ham yo‘q edi. Sizga ochiq aytish uchun bo‘yin yor bermadi. Kiyimlarimdan, bu yamoqlardan uyalaman… Ustimdagi ridoyimdan, ochligimdan uyalaman… Popga takabburlik yarashadimi?
Yakov hazrat uyning qoq o‘rtasida to‘xtalib, go‘yo Kunin bu yerda yo‘qday, o‘z-o‘zicha gapira boshladi.
— Faraz qilaylik, men ochlikka ham, sharmandalikka ham chiday, lekin men xotinlik kishiman, axir! Men yaxshi xonadondan uylanganman, axir! Ayolim nozik-nihol, choyga, oq nonga, oppoq choyshabga odatlangan… Ota-onasinikida pianino chalardi… O‘zi yosh, yigirmaga ham kirgani yo‘q… Kiyingisi, o‘yin-kulgi qilgisi, mehmonga borgisi keladi, axir… Mening qo‘limda u har qanday xizmatkor xotindan ham xarob, ko‘chaga opchiqishga ham uyalaman. Yo xudo, yo parvardigor! Mehmondan birorta olma yoki teshik kulcha opkelib ovitaman uni.
Yakov hazrat qo‘llari bilan yana boshini qashladi.
— Bundan chiqadiki, sevgi o‘rniga bir-birimizga achinamiz… Ko‘rganimda yuragim ezilib ketadi! Yo piray, bu olamda nima hodisalar bo‘layapti! Shunday hodisalar bo‘layaptiki, agar gazetaga yozilsa, odamlar ishonishmaydi… Buning qachon piravardi bo‘lar ekan?
Kunin uning tovushidan cho‘chib:
— Bas qiling, domla, — deb qichqirdi, — hayotga nima uchun bu qadar koyinib qaraysiz?
Yakov hazrat xuddi mast odamday g‘o‘ldiradi:
— Marhamat qilib kechiring, Pavel Mixaylovich, afv eting. Bu gaplar hammasi behuda, siz bularga e’tibor bermang… Men yolg‘iz o‘zimni ayblayman va ayblaydirman. Shunday qilaman!
Yakov hazrat atrofga qarab shivirladi:
— Bir kuni ertalab Sinkovodan Luchkovoga ketayotgan edim, qarasam soy bo‘yida turgan bir xotin bir nimalar qilyapti… Yaqin kelib qarab ko‘zlarimga ishonmadim… Dahshat! Doktor Ivan Sergeevichning xotini suvga kir chayqab o‘tiripti. Doktor xotin, institutni tamomlagan! Demak, odamlar ko‘rmasin deb sahar paytida turib, qishloqdan bir chaqirim nariga ketipti… O‘taketgan takabburlik! Mening yoniga borib, kambag‘alligini ko‘rib qolganimni bilib qip-qizarib ketdi… Men qo‘rqib, esankirab qolganimdan uning oldiga chopib borib, yordam qilmoqchi bo‘ldim. U mendan kiyimlarini yashirdi, yirtiq ko‘ylagini ko‘rib qolishimdan qo‘rqqan bo‘lsa kerak…
Kunin o‘rniga o‘tirib va Yakov hazratning bo‘zargan yuziga qo‘rqib tikilib:
— Bu narsalar hammasi haddan tashqari… — dedi.
— Darhaqiqat, haddan tashqari! Pavel Mixaylovich, doktor xotinlarining soyda kir chayqash hodisasi hech qachon bo‘lgan emas. Hech bir mamlakatda bunday qilmaydilar! Men ruhoniy yetakchi bo‘lishim sifatida uni bu ahvolga tushishiga yo‘l qo‘ymasligim kerak edi. Lekin na chora? Nima ham qila olaman. O‘zim ham uning erida bepul davolanishning payida bo‘laman! Siz bularning haddan tashqariligini to‘g‘ri aytdingiz. Kishi ko‘zlariga ishongisi kelmaydi. Ibodat chog‘ida, bilsangiz, mehrobdan qarab qavmga, och Avraamiyga va ayolimga ko‘zim tushsa, doktor xotinni, sovuq suvdan ko‘karib ketgan qo‘llarini eslasam, so‘fi luqma tashlamaguncha anqov-tentakdek adashib turib qolaman… Dahshat!
Yakov domla yana yura boshladi.
— Yo Iso payg‘ambar! — deb qo‘llarini silkitdi. — Yo aziz-avliyolar! Toatga ham madorim yo‘q… Siz bo‘lsangiz, menga maktab to‘g‘risida gapirasiz. Men bo‘lsam hech narsa tushunmay qaqqayib turib, yolg‘iz yemoq-ichmoqni o‘ylayman… Hatto ibodatxonada ham… Nima qilib bular to‘g‘risida gapiryapman, a? — Yakov hazrat xatosini anglab qoldi. — Siz jo‘nab ketishingiz kerak edi. Kechiring, men shunchaiki… Kechiring…
Kunin Yakov hazratning qo‘lini siqib, indamay dahlizgacha uzatib qo‘ydi. Qaytib o‘z kabinetiga kirib, deraza oldida turib qoldi. U Yakov hazratning uydan chiqib, katta va dog‘ bosgan shlyapasini boshiga bostirib olib, go‘yo rost gapirganidan uyalganday asta boshini egib yo‘ldan yurib ketganini ko‘rdi.
«Oti ham yo‘qqa o‘xshaydi» deb o‘yladi Kunin.
Popning shu kunlarda uning uyiga piyoda qatnaganini o‘ylashga ham yuragi betlamas edi: Sinkovoga yo‘l yetti-sakkiz chaqirim kelar, o‘lguday loygarchilik edi. Keyin Kunin kucher Andrey bilan Paramon degan bolaning ko‘lmak suvlardan xatlab, Yakov hazratga loy sachratib, duo olish uchun uning oldiga chopib borganlarini ko‘rdi. Yakov hazrat boshidan shlyapasini olib, asta Andreyni duo qildi, keyin bolani duo qilib, boshini silab qo‘ydi.
Kunin qo‘li bilan ko‘zini silagan edi, qo‘lining ho‘l bo‘lib qolganini sezdi. U derazaning oldidan nari ketib, xiralashgan ko‘zlarini ochib-yumib uy ichiga qaradi, uy ichida, xayiqib chiqqan, bo‘g‘iq ovoz hamon eshitilib turganday bo‘ldi. U stol usgiga nazar tashladi. Baxtiga Yakov hazrat shoshganidan uning yozgan xutbasini unutib qoldiribdi. Kunin uni changallab olib, parcha-parcha qilib yirtib, stolning tagiga irg‘itdi.
— Bilmagan ekanman, — deb divanga o‘zini tashlab, ingradi. — Bir yildan oshiq vaqtdan beri men bu yerda mahkama a’zosi va faxriy mirovoy sudya, maktab kengashining a’zosi bo‘lib xizmat qilaman. So‘qir qo‘g‘irchoq! Olifta! Tezdan ularga yordam bermoq kerak. Tezdan!
Kunin qiynalib to‘lg‘anar, chekkalarini qisar, qattiq o‘ylar edi.
— Yigirmanchida ikki yuz so‘m maosh olaman… Yaxshi bir bahona bilan unga ham, doktor ayoliga ham pul beraman… Uni chaqirtirib, duoyi-fotiha qildiraman, doktor uchun yolg‘ondaka og‘riyman. Shu yo‘l bilan ularning izzati-nafsini tahqirlamagan bo‘laman. Avraamiyga ham yordam qilaman.
U pulni barmoqlari bilan sanab chiqdi, gumashtaga, xizmatkorlarga, go‘sht keltiradigan mujikka ikki yuz so‘mning arang yetishini o‘ylashga ham qo‘rqar edi. Yaqin o‘tmishda, hali ona suti og‘zidan ketmagan yigirma yoshlik chog‘ida otasidan meros qolgan mulkni sovurgani, fohishalarga qimmat baho yelpug‘ichlar tortiq qilgani, har kuni izvoshchi Kuzmaga o‘n so‘mdan to‘lagani, maqtanchoqlik qilib aktrisalarga sovg‘alar olib borgani beixtiyor esiga tushib ketdi. Oh, bu sovurilgan uch so‘mlik va o‘n so‘mliklar hozir bekor kelmasmi edi?
«Avraamiy hazrat oyda uch so‘mga tirikchilik qiladi, — deb o‘yladi Kunin. — Popning xotini bir so‘mga ko‘ylak tiktirib oladi, doktorning xotini esa kirchi yollaydi. Ammo men har qalan yordam qilaman. Albatta, yordam qilaman.»
Shunda arxireyga pop ustidan yozgan chaqiq xati Kuninning esiga tushdi, to‘satdan tushgan sovuqdan junjigandek g‘ujanak bo‘lib qoldi. Buni xotirlash uni o‘z oldida va ko‘zga ko‘rinmagan haqiqat oldida sharmandai-sharmisor qildi…
Yaxshi niyatli, lekin haddan tashqari to‘q va mulohazasiz odamlardan birining foydali ishga chin ko‘ngildan intilishi shunday boshlanib, shunday tugallandi.

Mirkarim Osim tarjimasi