Anton Chexov. Latta (hikoya)

Yaqinda men bolalarimning murabbiyasi Yuliya Vasilevnaga haqini berish uchun kabinetimga chaqirdim.
— O‘tiring, Yuliya Vasilevna! — dedim. — Sizga pul kerak bo‘lsa ham, soddadilligingizdan o‘zingiz so‘ragani uyalasiz… qani, o‘zaro hisoblashib chiqaylikchi. Biz sizning maoshingizni har oyga o‘ttiz so‘mdan gaplashgan edik..
— Qirq so‘mdan…
— Yo‘q, o‘ttiz so‘mdan… Menda yozilgan… Men murabbiyalarga hammavaqt o‘ttiz so‘mdan to‘lab kelganman. Xo‘-o‘sh, siz bizda ikki oy turdingiz…
— Ikki oy-u, besh kun…
— Menda yozilgan. Rosa ikki oy… Demak, sizga oltmish so‘m tegadi… Siz Kolya bilan yakshanba kunlari mashg‘ulot o‘tkazganingiz yo‘q, o‘sha kunlari dam oldingiz, shuning uchun to‘qqiz yakshanbani chiqarib tashlaymiz… Uch kun bayram…
Yuliya Vasilevna birdaniga qizarindi, ko‘ylak burmasini g‘ijimladi-yu, lekin g‘ing demadi!..
— Uch bayram kuni… Demak, o‘n ikki so‘m… Kolya kasal bo‘lib qolib, to‘rt marta dars bo‘lmadi, o‘sha kunlari siz mashg‘ulotni faqat Varya bilangina o‘tkazdingiz… Uch kun tishingiz og‘ridi, xotinim peshindan keyin uyga qaytishingizga ruxsat berdi… O‘n ikki so‘m va yetti so‘m, demak yana o‘n to‘qqiz so‘mni chiqarib tashlaymiz… Qoladi qirq bir so‘m. To‘g‘rimi?
Yuliya Vasilevnaning chap ko‘zi qizarib, yoshga to‘ldi. Iyagi titradi, asabiylashib yo‘taldi; burnini qoqdi, ammo g‘ing demadi.
— Yangi yil oldidan bir talinkacha bilan chashkani sindirdingiz. Buni ikki so‘m deylik, idishga familiya yozilgan edi. Qimmatroq bo‘lsa ham, mayli, roziman! Bizning haqimiz kimlarda ketmagan deysiz! So‘ngra sizning beparvoligingiz natijasida Kolya daraxtga chiqib, kamzilini yirtib tushdi, bu ham o‘n so‘m… yana sizning yaxshi qaramaganligingiz natijasida uy xizmatchisi Varyaning botinkasi o‘g‘irlangan. Axir, siz maosh olasiz, shularning ustidan nazorat qilib turishingiz kerak. Demak, yana besh so‘m… Uninchi yanvarda mendan o‘n so‘m qarz oldingiz…
— Men olganim yo‘q, — dedi Yuliya Vasilevna, sekingina.
— Menda hammasi yozilgan.
— Xayr, mayli… yaxshi.
— Qirq bir so‘mdan yigirma yetti so‘mni chiqarib tashlasak o‘n to‘rt so‘m qoladi…
Murabbiyaning ikki ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi… Uzun, chiroyli burni terlab ketdi. Bechora qiz!
— Men faqat bir martagina oluvdim, — dedi u, qaldiroq tovush bilan. — Bekachingizdan faqat bir marta uch so‘m olganman, xolos… Shundan boshqa pul olganim yo‘q…
— Hali shundaymi? Men buni yozib qo‘ymagan ekanman! O‘n to‘rt so‘mdan uch so‘mni chiqarsak — o‘n bir so‘m qoladi… Oling pulingizni jonim! Mana, uch… uch… uch… bir, tag‘in bir so‘m… oling!
Men unga o‘n bir so‘m berdim. Pulni titroq qo‘llari bilan olib, cho‘ntagiga soldi.
— Mersi! — dedi pichirlab.
Men o‘rnimdan sakrab turib ketib, uy ichida yura boshladim. Juda jahlim chiqib ketgan edi.
— Nega menga mersi deysiz? — dedim.
— Pulingiz uchun…
— Axir, pulingizni o‘g‘irlab o‘tiribman-ku, men sizni taladim-ku! Pulingizni o‘g‘irladim! Nega tag‘in menga mersi deysiz?
— Boshqa joylarda menga shuni ham berishmas edi…
— Berishmas edi? Ajab emas! Men sizga hazillashdim, sizga unutilmas saboq berdim. Men sizning sakson so‘m pulingizni beraman, ana, konvertga solib tayyorlab qo‘yganman. Odam ham shunaqa latta bo‘ladimi? Nega haqingizni talab qilmaysiz? Nega tek turasiz? Bu zamonda odam o‘tkir tishli bo‘lishi kerak! Odam shunday bo‘shang bo‘ladimi?
U bo‘shashib qoldi. Uning yuzidan: «bo‘lishi mumkin!» dsgan ma’noni o‘qidim.
Unutilmas saboq uchun undan kechirim so‘radim-da, qo‘liga sakson so‘mini berdim. U qo‘rqa-pisa chiqib ketdi… Uning ketidan qarab turib: bu dunyoda kuchli bo‘lish oson ekan! — deb o‘yladim.

O. Rahimiy tarjimasi