N shahridagi erkaklar monastirining «Qizil darvoza» deb ataladigan katta darvozasiga to‘rtta chiroyli semiz ot qo‘shilgan soyavon arava kirib keldi; mehmonxona korpusining dvoryanlar xonasi oldida to‘dalanib turgan past darajali ruhoniylar va monax shogirdlari uzoqdan kucherni va otlarni ko‘rish bilanoq soyavon aravada o‘tirgan xonim o‘zlariga yaxshi tanish knyaginya Vera Gavrilovna ekanini darrov payqashdi.
Livreya kiygan chol aravadan sakrab tushdi-da, knyaginyani qo‘ltig‘idan olib, tushirib qo‘ydi. Xonim qora surtigini ko‘tardi-da, shoshmasdan, duo o‘qib turgan past darajali ruhoniylar oldiga bordi; keyin monax shogirdlariga muloyimgina bosh irg‘adi-da, oromgohga qarab yo‘l oldi.
— Ha, knyaginyasiz zerikib qoldinglarmi? — dedi u, narsalarini olib kirayotgan monaxlarga qarab. — Sizlarnikida bir oy bo‘lmadim. Mana, endi keldim, knyaginyangizga qarab to‘yib oling. Arximandrit ota qanilar? Vodarig‘, u kishini qachon ko‘raman deb, toqatim toq bo‘ldi-ku! Ajoyib bebaho chol! Sizlar shunday arximandritimiz bor deb faxrlansanglar arziydi!
Arximandrit kirib kelganida, knyaginya quvonganidan qichqirib yubordi, qo‘llarini ko‘kragiga qo‘yib, fotiha olmoq uchun oldiga bordi.
— Yo‘q, yo‘q! Sizni o‘pmasam bo‘lmaydi! — deydi knyaginya va arximandritning qo‘lini ushlab uch marta ehtiros bilan o‘padi. — Nihoyat, sizni ko‘rmoq nasib bo‘ldi-ya, padar buzrukvor, men juda xursandman! Siz-ku, o‘z knyaginyangizni unutib yuborgandirsiz-a, ammo men o‘zimni har daqiqa sizning mehribon monastiringizda yashayotganday xis etdim. Bu yer xo‘p yaxshi-da! Bu yerda, dunyoning g‘ovur-g‘uvuridan uzoqda, yolg‘iz tangri hayolida yashamoqning allaqanday latofati bor, padar buzrukvor, men bu latofatni butun vujudim bilan his etamanu, so‘z bilan ifoda qila olmayman!
Knyaginyaning yuzlari qizarib, ko‘zlarida yosh paydo bo‘ldi. U to‘xtovsiz, kuyib-pishib gapirar edi, yoshi yetmishlarga borgan, ko‘rimsiz, jiddiy va tortinchoq chol — arximandrit esa, jim turar, faqat har zamonda bir, bo‘lib-bo‘lib, harbiychasiga gapirib qo‘yardi:
— Xuddi shunday, xonim zoti oliylari… Eshitaman-n… Tushunyapman-n…
— Biz tomonga uzoq muddatga qadam ranjida qildilarmi? — deb so‘radi chol.
— Bugun shu yerda yotib qolaman, ertaga Klavdiya Nikolayevnaning oldiga boraman — u kishi bilan ham ko‘rishmaganimizga ancha bo‘ldi, indinga yana shu yerga qaytib kelib, uch-to‘rt kun turaman. Shu yerda, sizning huzuringizda ruhan orom olmoqchiman, padar buzrukvor…
Knyaginya N monastiriga kelib-ketib turishni yaxshi ko‘rardi. U keyingi ikki yil ichida bu joyga ishqivoz bo‘lib qoldi, yoz kunlari har oyda shu yoqqa kelib, ikki-uch kun, ba’zan esa haftalab ham turib ketadi. Tortinchoq xizmatkorlar, sokinlik, xonalarning pastak shiftlari, sarv daraxtining xushbo‘yi, jo‘ngina taomlar, arzongina darpardalar — hammasi ko‘ngliga ta’sir qilar ham shirin xayollar baxsh etar edi. Oromgohda yarim soat tursa kifoya, o‘zi ham go‘yo uyatchan va kamtarin bo‘lib qolganday, undan ham sarv daraxtining isi kelayotganday bo‘lardi; o‘tmish allaqayoqlarda qolib, o‘z qimmatini yo‘qotar, knyaginya esa, yigirma to‘qqizga kirgan bo‘lsa ham, keksa arximandritga juda o‘xshab qolayotganday bo‘lardi, mol-davlat uchun, hashamat, ulug‘vorlik va muhabbat uchun o‘sha chol singari emas, yorug‘ dunyodan chetda, oqshom kabi sokin xilvatda yashash uchun tug‘ilganday bo‘lardi…
Ba’zan shunday bo‘ladi: ibodat qilib turgan ro‘zaog‘iz monaxning qorong‘u hujrasiga favqulodda bir yorug‘ nur tushib qoladi, yo bo‘lmasa hujra derazasiga biror parranda qo‘nib olib, sayrab yuboradi; badqovoq ro‘zaog‘iz monax beixtiyor iljayib qo‘yadi va uning gunohlar tufayli ko‘ksida to‘plangan og‘ir xasratlari ostidan, xuddi tosh tagidan chiqqan buloqday, sokin, pokiza shodlik qaynab chiqadi. Knyaginya ham bu yerga xuddi o‘sha nur yoki o‘sha parranda kabi, bir ovunchoqday bo‘ladi. Uning muloyim, dilxush tabassumlari, beozor boqishlari, ovozi, hazillari, oddiygina qora ko‘ylak kiyib olganida xushbichim jussasining ixchamligi, umuman knyaginyaning butun turish-turmushi oddiy, badfe’l odamlarning ham ko‘nglini eritib yuborishi, ularda shodlik hislari uyg‘otishi kerak edi. Uni ko‘rgan har bir monax: «xudo bizga farishta yuboripti…» deb o‘ylashi kerak edi. Har bir monax beixtiyor shunday o‘ylashini knyaginyaning o‘zi ham sezib, yanada muloyimroq tabassum qilar, o‘sha parrandaga taqlid qilishga urinar edi…
Knyaginya choy ichib, dam olib bo‘lgandan keyin sayr qilgani chiqdi. Kun botib qolgan edi. Monastir gulzoridagi hozirgina sug‘orilgan qalampir gulning xushbo‘y hidi dumog‘iga urar, cherkovdan erkaklar kuylayotgan hazin qo‘shiq eshitilar, bu qo‘shiq olisdan juda yoqimli va mungli tuyilardi. Kechki ibodat davom etmoqda edi. Shamchiroqlarning g‘ira-shira nurlari miltillayotgan qorong‘u derazalarda, qo‘lida xayr-ehson kosasini ushlab, ikonaning yonidagi supada o‘tirgan keksa monaxning qomatida shunday ajoyib sokinlik bor ediki, knyaginyaning negadir yig‘lagusi kelib ketdi.
Tashqarida esa, devor bilan qayinlar o‘rtasidagi skameykalar turgan xiyobonni allaqachon qorong‘ulik bosgan edi. Kun tobora qorong‘ulashmoqda… Knyaginya xiyobonda sayr qilib yurib, skameykaga o‘tirdi-da, xayolga cho‘mdi.
U shu monastirga ko‘chib kelib, butun umrini shu yerda, xuddi yoz oqshomi kabi sokin va beg‘ovg‘a yerda utkazish to‘g‘risida o‘ylardi; yomon yo‘lga kirgan noshukur knyazni, o‘zining behisob ko‘p mol-dunyosini, har kuni uzini bezor qiluvchi qarz beruvchilarni, o‘z sho‘r peshonaligini, vajohati bugun ertalab juda xunuk ko‘ringan oqsoch Dashani butunlay unutish yaxshi bo‘lur edi. Butun umr bo‘yi U skameykada o‘tirib, pastga, tog‘ etaklarida kechki parcha-parcha tumanning jimirlab yurganini yiroqlarda, o‘rmon ustidagi to‘r kabi bulut orasida tunashga ketayotgan qora qarg‘aning uchib ketayotganini, biri otliq va bir piyoda — ikki monax shogirdining otlarni otxonaga haydab ketayotganini, erkinlikda ularning xuddi yosh bolalarday sho‘xlik qilganini oq qayinlar tanasi orasidan tomosha qilib o‘tirish naqadar yaxshi bo‘lur edi, ularning sho‘x-quvnoq ovozlari sokin havoda shunday jaranglaydiki, har bir so‘zini tushunib olish mumkin. Jimjitlikka quloq solib o‘tirish qanday nash’ali: goh shamol esib, qayinlarning uchini tebratadi, goh quruq barglar orasida baqalar shitirlaydi, goh devordagi qo‘ng‘iroqli soat chorakka zang uradi… Qimir etmay o‘tirib, jimlikka quloq solsangu, muttasil o‘ylayversang, o‘ylayversang.
Shu yerdan yelkasiga xalta osgan bir kampir o‘tib qoldi. Knyaginya mana shu kampirni to‘xtatib, unga biror muloyim, ko‘nglini ko‘taradigan gap aytib, yordam bersam yaxshi bo‘lardi, deb o‘yladi… Biroq, kampir knyaginyaga biror marta ham o‘girilib qaramasdan, muyilishdan burilib ketdi.
Bir ozdan keyin xiyobonda, soqol mo‘ylovi oqargan, poxol shlyapa kiygan novcha bir kishi ko‘rindi. U knyaginyaning to‘g‘risiga kelgach, shlyapasini olib, ta’zim qildi; tepakalini va qanshari pastligini ko‘rib knyaginya uni tanidi: bu bundan besh yil muqaddam Dubovkada o‘z qo‘lida ishlagan doktor Mixail Ivanovich edi. Knyaginyaga kimdir bultur doktorning xotini o‘ldi, degan edi, hozir shu esiga tushib ketib, unga ta’ziya bildirish va tasalli berishni istab qoldi.
— Doktor, siz meni taniyolmadingiz, shekilli? — deb so‘radi knyaginya muloyimgina tabassum qilib.
— Yo‘q, knyaginya, tanidim, — dedi doktor, yana bir bor shlyapasini boshidan olib.
— Hayriyat, rahmat, sal bo‘lmasa siz ham o‘z knyaginyangizni unutib yuborgandirsiz deb o‘ylagan edim. Odamlar o‘z dushmanlarini esda saqlab, do‘stlarini unutib yuborishadi. Siz ham ibodatga keldingizmi?
— Men har shanba kechasi shu yerda xizmat yuzasidan bo‘laman.
— Xo‘sh, ahvolingiz qalay? — deb so‘radi uh tortib. — Qallig‘ingiz qazo qilipti deb eshitdim! Qanday baxtsizlik!
— Ha, knyaginya, mening uchun bu katta baxtsizlik bo‘ldi.
— Ilojimiz qancha! Biz shukur qilib baxtsizlikka chidashimiz kerak. Xudodan beamr odamning bir tola sochi ham to‘kilmaydi.
— Ha, knyaginya.
Knyaginyaning ko‘ngilchanligi, yoqimtoy tabassumi va uh tortishlariga doktor quruqqina qilib: «Ha, knyaginya» deb qo‘yaqoldi. Uning yuzida quruqqina sovuq bir ifoda aks etar edi.
«Unga yana nima desamikan?» deb o‘yladi knyaginya.
— Siz bilan ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi-ya! dedi knyaginya. — Besh yil! Bu orada qancha suvlar oqib ketdi, qancha o‘zgarishlar bo‘ldi, buni o‘ylab ko‘rishning o‘zi bir dahshat! Xabaringiz bordir, men erga tegdim… Grafinya edim, knyaginya bo‘ldim. Erdan chiqdim ham.
— Ha, eshitgan edim.
— Boshimga xudo ancha-muncha mushkullarni soldi. Eshitgan bo‘lsangiz kerak, men butunlay deyarli xonavayron bo‘ldim. Bebaxt erimning qarziga Dubovkamni, Kiryakovoni, Sofinoni ham sotib yuborishdi. Qo‘limda faqat Baronovo bilan Mixaltsovo qoldi. O‘tmishga nazar solish dahshat: qancha o‘zgarishlar, qancha baxtsizliklar, qancha xatolar!
— Shundoq, knyaginya, xatolar juda ko‘p.
Knyaginya biroz xijolat tortdi. U o‘z xatolarini bilardi; bu xatolar shu qadar maxfiy ediki, bular haqida yolg‘iz o‘zigina o‘ylay olar va gapira olardi. Knyaginya o‘zini tutolmay so‘radi:
— Siz qaysi xatolarni o‘ylayapsiz?
— O‘zingiz aytib berdingiz-ku, demak, bilar ekansiz-da… — deb kuldi doktor, — Bularni gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi!
— Yo‘q, ayting-da, doktor. Men sizdan juda minnatdor bo‘laman! Keyin, marhamat qiling, tortinib o‘tirmang. Men haqiqatni eshitishni yaxshi ko‘raman.
— Men sudya emasman-ku, knyaginya.
— Sudya emasman? Ie siz bunday ohangda gapirishingizdan, demak, biror narsani bilar ekansiz-da, ayting.
— Agar istasangiz, unda ruxsat eting. Faqat, baxtga qarshi, men gapga usta emasman, ba’zan gapimga tushuni ham bo‘lmaydi.
Doktor o‘ylab turib, boshladi:
— Xatolar juda ko‘p, lekin to‘g‘risini aytganda bular orasida mening fikrimcha, eng kattasi haligi… Sizning butun mulklaringizda hukm surgan umumiy bir kayfiyat. Ko‘ryapsizmi, gapga no‘noqman-da. Ya’ni, bu xatolarning eng kattasi — shundan iboratki, hamma yerda odamlarga bemehrlik bilan, nafrat bilan qaralardi. Bu narsa deyarli hamma joyda, hamma ishda sezilib turardi. Hayotingizning butun qoidalari mana shu nafrat asosida qurilgan edi. Odamning ovozidan, basharasidan gardonidan, qadamidan… xullas, insonning hamma narsasidan nafratlanilardi. Kiyim-kechagi nobop odamlarni uyga kiritmaslik uchun hamma eshiklarda va zinalarda uqali kiyim kiygan semiz, dag‘al, ish yoqmas gayduklar turardi, bazm bo‘lgan kezlarda, qabul marosimlarida malaylar devordagi qog‘ozga gardoni bilan tegib dog‘ qilib qo‘ymasligi uchun dahlizda suyanchig‘i baland maxsus stullar turardi; odam yurganda qadam tovushi eshitilmasligi uchun hamma uylarga pat gilamlar solib qo‘yilgan edi; uyga kirib kelgan har bir odamni albatta ogohlantirib, sekinroq va kamroq gapirishini hamda xayolga va asabga yomon ta’sir etadigan gaplardan gapirmasligini tayinlab qo‘yishardi. Sizning bo‘lmangizda esa, xuddi hozir siz menga qo‘l bermaganingiz va o‘tirishga taklif etmaganingiz singari, hech kim birovga qo‘l bermasdi va o‘tirishga ham taklif etmasdi…
— Marhamat, o‘tira qoling bo‘lmasa! — dedi knyaginya, qo‘lini uzatib va jilmayib. — Shu arzimagan narsalarga ham xafa bo‘laverarkan-da odam..
— Ha, men xafa bo‘lyapmanmi? — deb kulib yubordi doktor, lekin shu ondayoq jig‘i-biyroni chiqib, shlyapasini boshidan olib, uni silkitib gapirib ketdi: — ochig‘ini aytsam, ko‘pdan buyon sizga butun gapni gapirmoqchi bo‘lib, payt poylab yurgan edim… Ya’ni men demoqchimanki siz Napoleonga o‘xshab odamlarga to‘p yemi deb qaraysiz. Ammo Napoleonda har holda biror g‘oya bor edi, sizda-chi, sizda nafratdan boshqa hech balo yo‘q!
— Menda odamlarga nafrat! — Hayrat bilan yelkasini qisib iljaydi knyaginya. — Menda-ya!
— Ha, xuddi sizda! Xo‘sh, dalillar kerakmi? Marhamat! Mixaltsevongizda sizning uchta sobiq oshpazingiz tilanchilik qilyapti, ular sizning o‘choq boshingizda xizmat qilib, olovda ko‘zlari ko‘r bo‘lgan. O‘n minglab desyatina yeringizdagi sog‘lom, baquvvat odamlarning hammasini o‘zingiz, sizning haromxo‘rlaringiz xizmatkor, qo‘shchi, aravakash qilib olgansizlar. Bu ikki oyoqli vujudlarning hammasi malaylikda ta’lim oldi, birovga qaram bo‘lib, yeb-ichib, qo‘pol odamlarga aylandi, qisqasini aitganda, insonlik qiyofasini yo‘qotdi. Yosh mediklarni, agronomlarni, o‘qituvchilarni, jamiki ziyolini ishidan ajratib, e xudo-ey, halol mehnatidan mahrum etishadi, bir burda non uchun har xil qo‘g‘irchoq o‘yinlarida masxaraboz bo‘lishga majbur qiladilar, bu holdan har bir esi bor odam xijolat tortadi! Ba’zan yoshgina yigitchalar uch yil ishlamasdan riyokor, pismiq, chaqimchi bo‘lib qoladi… Xo‘sh, shu yaxshimi? Sizda ish boshqaruvchi bo‘lib turgan polyaklar eng razil ayg‘oqchilarning o‘zi-ku; bu Kazimirlar, bu Kaetanlar ertalabdan kechgacha yerlaringizda izg‘ib yurib, sizga yaxshi ko‘rinish uchun bir ho‘kizdan uchta teri shilib olishga urinadi. Ruxsat eting, men tartibsiz gapiraveraman, ammo hechqisi yo‘q! Sizlarda oddiy kishilar odam hisoblanmaydi. E, qo‘ying-chi, siznikiga kelgan knyazlar, graflar va ruhoniylarni ham odam sanamasdingiz, ularga qo‘g‘irchoq deb qarardingiz. Ammo eng muhimi… Menga eng yomon ta’sir qilgani shuki, million-million boylikka ega bo‘la turib, odamlarga zarracha foydangiz tegmasa-ya!
Knyaginya o‘zini qanday tutishni bilmay, ranjib, cho‘chib, nima deyishini bilmay, hayron bo‘lib, o‘tirardi. Ilgari u bilan hech kim bu ohangda gaplashmagan edi. Doktorning yoqimsiz, jahl bilan duduqlanib, poyintar-soyintar gapirishi knyaginyaning qulog‘ini bitirib, miyasini g‘ovlatib yubordi; keyin nazarida, imo-ishoralar bilan gapirayotgan doktor uning boshiga xuddi shlyapasi bilan urayotganday bo‘ldi.
— Yolg‘on! — dedi knyaginya arang, yalingan bir ohangda. — Men odamlarga ko‘p yaxshilik qilganman, buni o‘zingiz ham bilasiz!
— E qo‘ying! — dedi jerkib doktor. — Nahotki, hali ham o‘zingizning bergan sadaqalaringizni masxarabozlik emas, foydali bir jiddiy ish deb hisoblasangiz? Axir uning turgan-bitgani maynavozchilik edi-ku, bu ishlaringizning hammasi o‘yinchoq, ochiqdan-ochiq o‘yinchoq edi-da, buni yosh bolalar ham, anqov ayollar ham tushunardi, axir! Mana anavi joyingizniyoq olaylik, ha, oti qurg‘ur, nimaydi? G‘arib kampirlar uchun g‘alati uyingiz bor edi-ku, meni o‘sha yerga allaqanday bosh doktorga o‘xshash bir nima qilib qo‘yib, o‘zingiz faxriy vasiy bo‘lgan edingiz. Yo tavba, yo parvardigor, bu qanday mahkama bo‘ldi! Poliga parket to‘shab, tunukalarini jimjimador qildirib, uy qurdirdingiz, qishloqlardan o‘ntacha kampirni yig‘ib, ularni bayko odeyali yopib. Gollandiya polotnosidan qilingan choyshabda yotish va novvot yeyishga majbur qildingiz.
Doktor zaharxanda qilib shlyapasiga pirq etib kuldi-da, yana tez-tez, tutilib-tutilib gapida davom etdi:
— Mayna qilingan edi! Kampirlar iflos qilib qo‘ymasin deb, yetimxonadagi past amaldorlar odeyal va choyshablarni qulflab, yashirib qo‘yardilar — jin urgan kampirlar yerda yotaversin deyardilar! Kampirlarning na krovatga o‘tirishiga, na kofta kiyishga, na silliqqina poldan yurishga haddi bor. Bu narsalarning hammasi xo‘ja ko‘rsinga bo‘lib, kampirlardan xuddi o‘g‘ridan asraganday asralardi, ularni xudo yo‘liga, o‘lmasning kuni boqilardi, kiyintirilardi; lekin kampirlar esa, kechayu-kunduz xudoga nola qilib, bu iflos avaxtaxonadan, sizning nazoratchilaringiz qo‘lidan qutilish yo‘lini axtarishardi. Xo‘sh, yuqori mansabdorlar nima qilishdi? Ularniki hammadan oshib tushadi! O‘ttiz besh ming chopar haftasiga ikki martaba kechqurun duvullashib kelib: «Ertaga yetimxonaga knyaginya (ya’ni siz) tashrif buyuradilar» deb e’lon qilishardi. Bu degan so‘z, ertaga kasallarni tashlab, kiyinib paradga borish kerak. Yaxshi, keldim ham. Kampirlarga top-toza, yangi kiyim-boshlar kiydirib, radlab qo‘yilgan, ular kutib turishipti. Garnizondan iste’fo berib chiqqan chaqimchi ayyor kalamush nazoratchi ularning oldida tirjayib aylanib yuradi Kampirlar esnab, u yoq bu yoqqa alanglashadi-yu, lekin biror narsa deyishga qo‘rqishadi. Kutib turaveramiz. Kichik boshqaruvchi g‘irillab keladi. Oradan yarim soat o‘tgach, katta boshqaruvchi, undan keyin mulk kontorasining bosh boshqaruvchisi keladi, undan keyin yana bittasi, xullas, ketma-ket kelishaveradi! Hammaning yuzida allaqanday sirli, tantanali bir ifoda. Kutib turganimiz-turgan, oyoqlar tolib, hali unisini — hali bunisini almashtiramiz, soatga qaraymiz — xuddi tobut ustida motam tutib turganday jimlik hukm suradi, chunki hammamiz bir-birimizni o‘lguday yomon ko‘ramiz. Bir soat o‘tar, ikki soat o‘tar, nihoyat, mana uzoqdan soyavon arava ko‘rinadi va… va…
Doktor ingichka tovush bilan xiringlab kulib, ingichka ovoz bilan gapirdi:
— Soyavon aravadan siz chiqib kelasiz, shu on garnivon kalamushining komandasi bilan jodugar kampirlar qo‘shiq boshlab yuborishadi: «Kol slaven nash gospod v Sione, ne mojet iz’yasnit yazыk…» Durustmi?
Doktor yo‘g‘on ovoz bilan xaxolab yubordi va kulgidan o‘zini tiyolmay gapira olmayotganini bildirish uchun qo‘llarini qimirlatib qo‘ydi, U xuddi shum odamlar singari og‘zini yumib-yumib, qattiq kuldi, uning ovozidan, aftidan va chaqnab turgan andek behayo ko‘zlaridan knyaginyadan ham, yetimxonadan ham, kampirlardan ham g‘oyat nafratlanayotgani sezilib turardi. Doktorning noshudlik bilan qo‘poldan-qo‘pol qilib aytib bergan narsalarida birorta kulgili va ko‘ngilli joyi yo‘q edi, lekin u huzur qilib, hatto xursand bo‘lib kulardi.
— Xo‘sh, maktab-chi? — deb gapida davom etdi u kulgidan entikib. — Esingizda bormi, mujiklarning bolalarini o‘zingiz o‘qitmoqchi bo‘lgan edingiz? O‘qitishni ham juda qotirgan bo‘lsangiz kerak, sal kunda hamma bolalar qochib ketib bo‘ldi, keyin ularni urib-so‘kib, pul berib, sizning oldingizga olib kelishga to‘g‘ri keldi. Xo‘sh, esingizda bormi, dalada ishlovchi ayollarning emizukli bolalarini o‘z qo‘lingiz bilan so‘rg‘ich berib boqmoqchi bo‘lgan edingiz? Ayollar emizikli bolalarini sizning marhamatingizga topshirmay, dalaga ko‘tarib ketganlari uchun qishloqda yurib, ko‘z yosh qilgandingiz. Keyin oqsoqol sizga ermak bo‘lsin uchun onalarga yosh bolalarini navbatma-navbat tashlab ketish to‘g‘risida buyruq berdi. Ajib ishlar ekan-da! Xuddi mushukdan qochgan sichqonday, sizning marhamatingizdan hamma qochardi. Xo‘sh, nega bunaqa? Sababi ma’lum! Xalqimiz siz aytgancha nodon, yaramas emas, sizning butun qilmishlaringizda, meni kechirasiz-u, tirnoqcha ham shafqat va muhabbat degan narsa yo‘q edi! Siz faqat bir maqsadni ko‘zlardingiz, ya’ni, jonli ko‘g‘irchoqlar bilan o‘zingizni ovuntirdingiz, xolos, shundan o‘zga emas… Odam bilan laychani farq qilmagan kishiga hayri-ehson qilishning mutlaqo hojati yo‘q. Men sizni ishontirib aytaman, odam bilan laycha o‘rtasida juda katta farq bor!
Knyaginyaning yuragi dukillab, quloqlari shang‘illab ketdi, nazarida doktor xuddi shlyapasi bilan boshiga urayotgandek bo‘ldi. Doktor jig‘ibiyron bo‘lib juda tez gapirar, ba’zan duduqlanib, ortiqcha harakatlar qilib yuborardi; knyaginyaga faqat shu narsa ayon ediki, u bilan qo‘pol, beodob, johil, yaramas bir odam gaplashyapti, lekin bu odam undan nima istaydi va nimalar to‘g‘risida gapiryapti — bunga tushunolmasdi.
— Jo‘nang! — dedi u yig‘lamsiragan ovoz bilan; knyaginya doktorning shlyapasidan boshini pana qilmoq uchun qo‘llarini ham ko‘tarib olgan edi. — Jo‘nang, deyman!
— Siz o‘z xizmatkorlaringiz bilan qanday munosabatda bo‘lasiz! — gapida davom etaverdi doktor kuyib-pishib. — Siz ularni odam sanamaysiz, yana xuddi eng yaramas fribgar singari kamsitasiz. Mana masalan, ruxsat eting-chi so‘rashga, meni nega ishdan bo‘shatdingiz? O‘n yil otangizda, keyin sizda ishladim, na bayramni, na otpuskani bilmay halol xizmat qildim, hammaning muhabbatini qozondim, bir kuni to‘satdan kelib, e’lon qilishdiki, men ishdan bo‘shagan emishman! Nima uchun? Haligacha tushunolmayman! Men meditsina doktori, dvoryan, Moskva universitetining studenti, bir oilaning otasi bo‘lsam-u, hech narsaga arzimas, kichkina bir maxluqday, sababini aytmay haydab yuborishaversa-ya! Ha, meni deb bosh qotirib o‘tirishning nima hojati bor? Keyinchalik eshitishimcha, xotinim mendan beso‘roq, men uchun yashirincha uch marta sizga iltimos qilib borgan ekan, siz biror marta ham qabul qilmapsiz. Dahlizda o‘tirib yig‘lab kelipti, deb eshitdim. U marhumning bu ishi uchun hech qachon kechirmayman! Hech qachon!
Doktor jim bo‘lib biror gap aytmoq uchun tishlarini battar qisib qo‘ydi. Bir narsa uning esiga tushib qolgan edi, xo‘mraygan sovuq chehrasi birdan ochilib ketdi.
— Sizning, loaqal mana shu monastirga bo‘lgan munosabatingizni olaylik! — deb gap boshladi g‘azab bilan. — Siz hech qachon hech kimga shafqat qilmagansiz, bu joy qancha muqaddas bo‘lsa, sizning marhamatingiz va muloyimligingizdan «bahramand» bo‘lishi uchun go‘yo imkon mavjud edi. Siz nega bu yoqqa kelasiz? Bu yerdagi manaxlardan sizga nima kerak? Gekuba sizga nima bo‘ladi va siz Gekubaga nima bo‘lasiz? Yana sizga shu ovunchoq, o‘yinkulgi, odamlarni masxara qilish, boshqa hech narsa emas. Axir, siz monaxlarning xudosiga ishonmaysiz-ku, sizning dilingizda o‘zingizning xudoyingiz bor, siz spiritizm seanslarida o‘z aqlingiz bilan o‘shangacha borib qolgansiz; cherkovdagi ibodatlarga takabburluk bilan qaraysiz, tushki va kechki ibodatlarga bormaysiz, allamahalgacha uxlab yotasiz… Xo‘sh, nega bu yoqqa qatnaysiz?.. Begona monastirga o‘z xudoyingiz bilan borasiz, yana buni monastir o‘zi uchun ulug‘ sharaf deb bildi, deb o‘ylaysiz! Koshki edi, hech kelmasangiz! Voqiani so‘rab ko‘ring-chi, sizning tashriflaringiz monaxlarga qanchaga tusharkin? Siz bu yerga bugun kechqurun qadam ranjida qildingiz, uch kun muqaddam chopar kelib sizning kelishingiz to‘g‘risida xabar berib ketdi. Kecha kun bo‘yi siz uchun oromgoh tayyorlash bilan ovora bo‘lib, rosa kutishdi. Bugun avangard — bezbet oqsoch keldi, u goh hovlidan yugurib qoladi, goh u yoq bu yoqda pitirlaydi, odamlarga har xil savol beradi, buyruq qiladi… Toqatim toq bo‘lib ketdi! Bugun monaxlar kun bo‘yi oyoqda turishdi; axir sizni tantana bilan kutib olishmasa — sho‘ri quriydi-ku! «Janobi oliylari, meni monaxlar yoqtirishmaydi. Bilmadim nega jahlilarini chiqardim. Rost, men katta gunohkorman, axir men baxtsiz ayolman-da!» deb arxiyereyga shikoyat qilib qolasiz! Sizning dastingizdan monastir ham jazosini tortadi-ku. Arximandrit juda band, o‘qimishli odam, bir minut ham bo‘sh vaqti yo‘q, siz bo‘lsangiz hadeb uni chaqirtiraverasiz. Na yoshini, na mansabini hurmat qilasiz. Mo‘lroq iona bersangiz ham mayli edi, uncha alam qilmasdi-ya, axir shuncha vaqtdan beri monaxlar sizdan yuz so‘m ham olgani yo‘q!
Knyaginyani bezovta qilishgan, uning gapiga tushunishmagan kezlarda, ranjitishgan paytlarda, u nima deyishini va nima qilinishini bilmay qolgan paytlarda hamisha yig‘lardi. Hozir ham u yuzini bekitib, bolalarcha ingichka ovoz bilan yig‘lab yubordi. Doktor birdan jim bo‘lib unga qarab qoldi. Yuzlari burishib, g‘azabga to‘lib:
— Meni kechiring, knyaginya, — dedi u sekingina. Men yomon xayolga berilib ketib, o‘zimni yo‘qotib qo‘yibman. Bu yaxshi emas.
Shundan keyin doktor xijolat tortib yo‘taldi-da, shlyapasini kiyishni ham unutib, tezda knyaginyaning oldidan jo‘nadi.
Osmonda yulduzlar jimirlab qoldi. Monastirning narigi tomonidan oy chiqqan bo‘lsa kerak, chunki osmon charaqlagan, tiniq va nozik edi. Monastirning oppoq devorlari ustida ko‘rshapalaklar jimgina uchib yurardi.
Soat nechchigadir, astagina uch chorakka zang urdi, sakkizdan oshgan bo‘lishi kerak. Knyaginya o‘rnidan turib, asta-sekin darvozaga qarab yurdi. U juda ranjigan va yig‘lab borardi, nazarida shu yerdagi daraxtlar, yulduzlar va ko‘rshapalaklar unga achinayotganday tuyildi; soat ham go‘yo unga achinganday mungli zang urdi. U yig‘lab turib, endigi umrini butunlay monastirda o‘tkazish to‘g‘risida xayol qilardi: yoz faslining sokin oqshomlarida yolg‘iz o‘zi xiyobonlarda sayr qilib yuradi, ranjigan, tahqirlangan, odamlar tushunolmagan jafokash ayolning kuz yoshlarini faqat bir xudo-yu, yulduzlar jimirlab turgan osmon ko‘radi. Cherkovda kechki ibodat davom etmoqda edi. Knyaginya to‘xtab, qo‘shiqqa quloq soldi; bu qo‘shiq qorong‘u, jimjit havoda qanday yaxshi yangrayapti! Mana shu qo‘shiq ostida yig‘lash va azob chekish qanday lazzatli!
Knyaginya o‘z oromgohiga kelgach, ko‘z yoshlari bilan yuvilgan yuzini oynada ko‘rdi va upa surib oldi-da, kechki ovqatga o‘tirdi. Uning ziravor qo‘shib sirkalangan sterlyad , mayda zamburug‘, malaga , asal qo‘shib pishirilgan pryaniklarni yaxshi ko‘rishini monaxlar bilardi, bu narsalarni yegandan keyin og‘zidan hamisha sarv hidi kelib turardi; har safar knyaginya kelganda shu taomlarni berishardi. Knyaginya zamburug‘chalarni yeb, malagani ichib o‘tirib, xayolga cho‘mdi: uni xonavayron qilib, ko‘chaga uloqtirib tashlashlari, uning ishboshilari, gumashtalari, idora xodimlari va oqsochlari (knyaginya bularga ko‘p yaxshilik qilgan) aldashayotgani va qo‘pol muomala qila boshlaganlari, yer yuzidagi bor odamlarning hammasi unga hamla qilib qolishi, g‘iybat qilishi, uning ustidan kulishi to‘g‘risida o‘ylab ketdi; u o‘zining knyazlik unvonidan, hamma dabdabalaridan va jamoatdan voz kechib monastirga ketsa, birov bir og‘iz ta’na ham qilmas; o‘z dushmanlari uchun ham ibodat qilsa, balki shunda uni odamlar tushunib qolar, uzr aytgani uning huzuriga kelishar, ammo endi vaqt o‘tgan bo‘ladi…
Kechki ovqatdan keyin knyaginya burchakka borib, Yevangeldan ikki bobini o‘qidi. So‘ngra oqsoch uning o‘rnini solib berdi, u yotdi. Knyaginya oq choyshabni ustiga tortayotib, xuddi yig‘idan keyin xo‘rsinganday huzur qilib, chuqur nafas oldi-da, ko‘zini yumib uyquga ketdi.
U ertalab turib soatiga qaradi: soat to‘qqiz yarim bulibdi. Derazadan tushib, uyni xiyol yoritib turgan quyosh nuri gilamdan krovat atrofiga cho‘zilmoqda, derazaga tutilgan qora parda orqasida pashshalar g‘uvullar edi.
Knyaginya «hali vaqt erta!» deb o‘yladi-da, yana ko‘zini yumdi.
O‘rinda kerishib yotib, doktor bilan bo‘lgan kechagi uchrashuvni esladi, kecha qanday fikrlar bilan uxlagan bo‘lsa hali ham o‘sha fikrlar xayolidan ketmaydi; o‘zining bebaxtligini esladi. Keyin, hozir Peterburgda turgan eri, o‘z mansabdorlari, doktorlar, qo‘ni-qo‘shnilari, tanish-bilishlari, chinovniklar yodiga tushdi… Uning tasavvurida o‘ziga tanish bo‘lgan bir qancha erkaklar jamoli gavdalandi. Knyaginya iljayib qo‘yib o‘yladi: agar shu odamlar uning qalbiga kirsa-yu, uni tushunsa, shunda hammasi oyog‘iga bosh urgan bo‘lardi…
Soat o‘n birdan chorok oshganda knyaginya oqsochni chaqirdi.
— Dasha, kiyimlarimni olib bering, — dedi horg‘in bir ovozda. — Ha, aytmoqchi avval borib ayting, aravani qo‘shishsin. Klavdiya Nikolayevnanikiga borish kerak.
Knyaginya aravaga tushish uchun oromgohdan chiqishi bilan yorug‘dan ko‘zlarini qisib oldi-da, huzur qilib kuldi: kun nihoyatda yaxshi edi! U suzilgan ko‘zlari bilan atrof ga qarab, kuzatmoq uchun to‘plangan monaxlarga muloyimlik bilan bosh irg‘atib xayrlashdi:
— Xayr, do‘stlarim! Indingacha xayr!
Kuzatuvchi monaxlar bilan birga doktorning ha borligi uni ajib bir hayratga solib qo‘ydi. Doktorning rangi o‘chgan va g‘azabi qo‘zg‘algan edi.
— Knyaginya, — dedi u shlyapasini olib va gunohkordek iljayib. — Men sizni anchadan beri shu yerda kutib turibman. Xudo haqi kechiring… Kecha meni har xil yaramas xayollar bosib ketib, sizga ko‘p bo‘lmag‘ur gaplarni aytib yubordim… Qisqasini aytganda, uzr so‘rayman.
Knyaginya yoqimtoygina iljayib, uning labiga qo‘lini cho‘zgan edi, doktor qo‘lidan o‘pib, qizarib ketdi.
Knyaginya bedana yurish qilib, aravaga chiqdi. Atrofga bosh irg‘atib, hamma bilan xayrlashdi. Uning ko‘ngli ochiq-yoriq, xursand edi. O‘z tabassumining naqadar yoqimli va mayinligini o‘zi ham sezardi. Arava darvozaga borib, keyin chang ko‘cha bo‘ylab qator uylar va bog‘lar yonidagi kir-chir yuk ortib qator ketayotgan aravalar va monastirga kelayotganlar yonidan o‘tib borayotganda knyaginya hamon mayin tabassum bilan suzilib o‘tirardi. U shunday deb o‘ylardi: borgan yeriga fayz kiritish, shod-xurramlik bog‘ishlash, xafaliklarni kechirish va dushmanlarga mayin tabassum bilan qarashdan ko‘ra ulug‘roq lazzat yo‘q. yo‘lda duch kelgan mujiklar unga ta’zim qilib o‘tishadi, kolyaska ohista g‘ichirlaydi g‘ildirak ostidan o‘ynab ko‘tarila yotgan chang bulutlarini shamol uchirib, oltinday bug‘doyzorlar ustiga olib ketmoqda; knyaginyaning nazarida go‘yo tanasi kolyaskadagi yostiq ustida emas, bulutlar orasida tebranib yuribdi, o‘zi esa xuddi yengil, shaffof bulut parchasiga o‘xshaydi.
— Qanday baxtiyorman-a! — deydi shivirlab, ko‘zlarini yumib. — Qanday baxtiyorman!
A. Aliyev tarjimasi