Birinchi bob
YaRAMAS XULQ
Ko‘ppak bilan xonaki itdan bo‘lgan tulki tumshuq, sariq yosh it yo‘lkada u yoqdan bu yoqqa yugurar va tashvishlanib atrofiga alanglar edi. U har zamon-har zamonda to‘xtar va ingillar, goh sovqotgan bir oyog‘ini, goh ikkinchisini ko‘tarar, qanday adashib qolganini bilishga urinardi.
Shu kunni u qanday o‘tkazganini, bu yot yo‘lkaga qanday kelib qolganini yaxshi eslardi.
Bugungi kun shunday boshlandi: egasi duradgor Luka Aleksandrich shapkasini kiydi, yog‘ochdan yasalgan allaqanday narsani qizil ro‘molga o‘rab, qo‘ltig‘iga qistirdi-da:
— Kashtanka, yur! — deb qichqirdi.
Kashtanka o‘z nomini eshitib, yotgan yeridan — duradgorlik stoli tagidagi qirindi orasidan chiqdi-da, huzur qilib kerishib olgach, egasi ketidan yugurdi. Luka Aleksandrichga buyurtma bergan kishilar shu qadar uzoqda turardiki, ularning har birinikiga yetib borguncha duradgor yo‘l-yo‘lakay bir necha marta mayxonaga kirib, tomog‘ini ho‘llab chiqardi. Kashtanka yo‘lda o‘zini juda yomon tutganini esladi. Sayrga chiqqani uchun sevinib ketganidan irg‘ishlar, ot qo‘shilgan konkaning vagonlariga qarab hurar, begona hovlilarga kirib chiqar, boshqa itlarning ketidan quvlar edi. Duradgor uni yo‘qotib qo‘yar, to‘xtab, achchig‘lanib chaqirardi. Bir marta u g‘azab bilan itning tulkinikiga o‘xshagan shalpon qulog‘idan cho‘zib tortdi-da:
— He… o‘lib ketgur… rasvo! — deb koyidi. Buyurtmachilarga uchrashib, qaytishda Luka Aleksandrich singlisinikiga kirdi va u yerda yeb-ichib chiqdi; keyin tanish muqovasoznikiga bordi, muqovasoznikidan chiqib mayxonaga kirdi, u yerdan chiqib oshnasinikiga bordi va hokazo. Xullas, Kashtanka begona yo‘lkaga kelib qolganda kech kira boshlagan, duradgor esa g‘irt mast edi. U qo‘llarini havoda silkitar va chuqur nafas olib g‘o‘ldirardi:
— Gunohkor, osiy bandamiz! Gunohimizni o‘zing kechir! Mana hozir ko‘chada fonarlarni tomosha qilib yuribmiz. O‘lganimizda esa do‘zax o‘tida yonamiz…
U goh muloyimlashib, Kashtankani chaqirib olar va unga qarab shunday derdi:
— Sen-chi, Kashtanka, bir jonivor-hasharotdan boshqa narsa emassan. Duradgor bilan romsozning orasida qaicha farq bo‘lsa, sen bilan odam orasida ham shuncha farq bor…
U Kashtanka bilan shu tarzda gaplashib turganida, birdan muzika yangradi. Kashtanka alanglab qaradi va ko‘chada, bir polk soldatning to‘ppa-to‘g‘ri bostirib kelayotganini ko‘rdi. G‘ashiga tegayotgan muzika tovushiga chidayolmay o‘zini u yoqdan bu yoqqa urib vovulladi. Duradgorning qo‘rqib g‘inshish va hurish o‘rniga tirjayganini, qaddini rostlab, besh barmog‘ini chekkasiga taqab chest berganini ko‘rib, Kashtanka hayron bo‘lib qoldi. Egasining qarshilik ko‘rsatmaganini ko‘rgach Kashtanka boyagidan ham battar vovulladi va jon holatda ko‘chani kesib o‘tib, narigi yo‘lkaga yugurdi.
Kashtanka hushini yig‘ib olganda muzika tingan, polkdan esa asar ham qolmagan edi. U ko‘chani kesib o‘tib, xo‘jayinini qoldirib ketgan joyiga yugurdi, lekin, afsus! U yerda duradgor yo‘q edi. Kashtanka jon holatda oldinga otildi, keyin orqasiga qaytdi, ko‘chani yana bir kesib o‘tdi, lekin duradgordan nom-nishon qolmagan edi… Kashtanka egasining izini hididan topib olay deb yo‘lkani iskadi, lekin bundan sal ilgari yangi rezinka kalish kiygan allaqanday muttaham o‘tgan ekan, barcha nozik hidlar, o‘tkir kauchukning buriqsab turgan sassiq hidiga qo‘shilib, hech narsani ajratib bo‘lmadi.
Kashtanka goh oldinga, goh keyinga yugurdi, egasini topmadi. Bu orada qorong‘i tushib qoldi. Ko‘chaning har ikki tomonidagi fonarlar yoqildi, uylarning derazalarida chiroq ko‘rindi. Zudlab yog‘ayotgan laylak qor tosh ko‘chani, otlarning yag‘rinini, izvoshkachilarning shapkasini oqartirardi. Qorong‘i quyuqlashgan sari narsalar tobora oqroq ko‘rinardi. Kashtankaning yonida, uning oldini to‘sib, oyoqlari bilan uni turtib, begona buyurtmachilar u yoqdan bu yoqqa tinmay o‘tib turardi. (Kashtanka barcha odamlarni ikki toifaga: xo‘jayinlar va buyurtmachilarga ajratardi; bular o‘rtasida katta farq bo‘lib: xo‘jayinlar uni urishga haqli bo‘lsa, Kashtankaning o‘zi buyurtmachilarning boldiridan uzishga haqli edi). Buyurtmachilar qayoqqadir shoshilar, unga parvo ham qilmasdilar.
Juda qorong‘i bo‘lib qolgach, Kashtankaning yuragini qayg‘u hamda vahima bosdi; u allaqanday bir eshikka siqilib olib, zor-zor yig‘ladi. Kashtanka Luka Aleksandrich bilan kun bo‘yi sayohat qilib charchagan, qulog‘i va oyoqlari sovqotgan, buning ustiga qorni ham juda och edi. Kuni bo‘yi u atigi ikki marta ovqatlandi: muqovasoznikida ozginagina yelim, qovoqxonalarning birida kolbasaning po‘stlog‘ini topib oldi. Ana shu xolos. Agar u odam bo‘lganda edi, balki:
«Yo‘q, bunday yashab bo‘lmaydi! Undan ko‘ra o‘zingni otib o‘ldirganing yaxshi!» deb qo‘ygan bo‘lardi.
Ikkinchi bob
SIRLI BIR NOTANISh ODAM
Lekin Kashtanka hech narsani o‘ylamas, faqat g‘inshirdi. Endi orqa va boshini momiqday yumshoq qor qoplab olgan, madorsizlikdan mudray boshlagan ham ediki, birdan eshik shiqilladi, g‘ijillab ochildi va biqiniga urildi. Kashtanka irg‘ib turdi. Ochilgan eshikdan buyurtmachilar toifasidan allaqanday bir kishi chiqdi. Kashtanka angillab, uning oyog‘i tagida o‘ralashib qolgani uchun bu kishining e’tiborini o‘ziga jalb etdi. U engashdi-da:
— Ha, kuchukcha, bu yerga qanday kelib qolding, — dedi. — Eshik bilan ezib qo‘ydimmi? Voy bechoragina-e… Qo‘y, xafa bo‘lma, qo‘ya qol… Bilmay qoldim.
Kashtanka kiprigiga yopishgan qor uchqunlari orasidan notanish kishiga qaradi va ro‘parasida soqoli qirilgan lo‘ppi yuzli, boshiga tsilindr kiygan, egnidagi po‘stinining oldi ochiq, pakana va baqaloq odam turganini ko‘rdi.
— Nega g‘inshiysan? — deb so‘radi u kishi qo‘li bilan Kashtankaning ustidagi qorlarni qoqib. — Egang qani? Adashib qoldingmi? Eh, bechora kuchukcha-ya! Endi nima qilamiz-a?
Notanish kishining ovozidagi mehribonlik ohangini sezgan Kashtanka uning qo‘lini yaladi va avvalgidan qattiqroq g‘inshidi.
— Juda g‘alati yoqimtoy kuchuk ekansan-ku! — dedi notanish kishi. — Tulkining o‘zginasisan-a! Mayli endi, nima ham qilardik, men bilan yura qol. Biron narsaga yarab qolarsan… Mah-mah!
U kishi labini cho‘pilatdi va Kashtankaga qo‘li bilan «yur» degan ishora berdi. Kashtanka unga ergashdi.
Oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas Kashtanka katta yorug‘ xonada, stol oldida, notanish kishining ovqatlanishini, boshini bir tomonga egib, iydiradigan tarzda maroq bilan kuzatib o‘tirardi. U kishi ovqatlanar, Kashtankaga ham ovqatdan tashlab qo‘yardi… Avval u Kashtankaga bir burda non va pishloqning ko‘k po‘stlog‘ini tashladi. Keyin bir parcha go‘sht, yarimta somsa va tovuq suyagini berdi. Kashtanka och bo‘lgani uchun ularning hammasini shu qadar tez yamlab yutardiki, mazasini ham bilmay qolardi.
Qancha ko‘p yesa ham to‘ymasdi.
— Egang yaxshi boqmas ekan! — dedi notanish kishi itning ovqatni och ko‘zlik bilan chaynamay yutayotganini ko‘rib. — Muncha ozg‘insan! Qoq suyaksan…
Kashtanka ko‘p ovqat yedi, lekin to‘ymadi, faqat huzur qildi, xolos. Ovqatdan keyin uyning o‘rtasiga yotib, oyog‘ini uzatdi va rohat qilganidan dumini likillatdi.
Yangi egasi kresloda yalpayib o‘tirib, sigara chekayotganda Kashtanka dumini likillatib: bu yer yaxshimi yoki duradgorniki yaxshimi, deb o‘yladi. Bu yerda jihozlari oz va buning ustiga xunuk: kreslo, divan, lampa va gilamlardan boshqa hechnarsa yo‘q. Shuning uchun ham uy bo‘shga o‘xshab ko‘rinadi. Duradgorning uyi esa har xil narsalar bilan to‘la: unikida stol, duradgorlik dastgohi, bir uyum qirindi, randalar, iskanalar, arralar, sa’va qamalgan qafas, tog‘ora bor… Notanish kishinikida hech qanaqa hid yo‘q, duradgornikida esa doim yelim, lak va qirindilarning xushbo‘y hidi anqiydi. Lekin shunisini ham aytish kerakki, notanish kishining ko‘pgina yaxshi tomoni bor: u ovqatni ko‘p berdi, Kashtanka stol oldida dumini likillatib, iydiradigan tarzda termulib turganda biron marta ham urmadi, yer tepinib: «yo‘qol la’nati!» deb ham qichqirmadi.
Yangi egasi sigarasini chekib bo‘lgach, chiqib ketdi va ko‘rpacha olib kirdi. Ko‘rpachani devor yoniga, burchakka solar ekan:
— Hoy ko‘ppak, bu yoqqa kel! Bu yerda yot. Uxla! — dedi.
Keyin u lampani o‘chirib, chiqib ketdi. Kashtanka ko‘rpachada yotdi va ko‘zini yumdi. Ko‘chadan itning vovullagani eshitildi, u ham javob qaytarmoqchi bo‘lgan edi, lekin birdan ko‘nglini g‘ussa bosdi.
U Luka Aleksandrichni, uning o‘g‘li Fedyushkani va duradgorlik dastgohi tagidagi shinamgina o‘rnini esladi… Kashtanka qishning uzoq kechalarida duradgor yog‘och randalayotganda yoki ovozini chiqarib gazeta o‘qiyotganda, Fedyushka bilan o‘ynashini esladi… Fedyushka Kashtankaning orqa oyog‘idan tortib dastgoh tagidan sudrab chiqarar va u bilan shunday fokuslar qilar ediki, ko‘z oldi qorong‘ilashib, a’zoyi badani og‘rirdi. Fedyushka uni orqa oyog‘ida yurishga majbur qilar, Kashtankani qo‘ng‘iroq qilar, ya’ni dumidan qattiq tortar, natijada u angillar, ham vovullardi. Kashtankaga tamaki hidlatardi… Ayniqsa mana bu fokus juda azob berardi: Fedyushka bir parcha go‘shtni ipga bog‘lab Kashtankaga tashlar, u yutib yuborgach esa, qah-qahlab kulib, uni me’dasidan tortib chiqarardi. Xotiralar ko‘z oldiga ravshanroq kelgan sari Kashtanka qattiqroq va g‘amginroq g‘inshiy boshladi.
Lekin ko‘p o‘tmay horg‘inlik va issiq qayg‘udan ustun keldi… U uxlab qoldi. Xayolida itlar yugurishib yurardi; bular orasida Kashtanka bugun ko‘chada uchratgan ko‘ziga oq tushgan, tumshug‘ining yonini tikanakday jun bosgan, baroq qari xonaki it ham bor edi. Fedyushka bo‘lsa, qo‘liga iskana ushlab uni quvlab yuribdi, keyin Fedyushka ham birdan it qiyofasiga kirib, baroq jun bosdi, quvonib-quvonib vovulladi-da, Kashtankaning yoniga kelib qoldi. Qashtanka ikkalasi oqko‘ngillik bilan bir-birlarining tumshuqlarini iskashdi-da, yugurib ko‘chaga chiqib ketishdi…
Uchinchi bob
YaNGI YoQIMTOY TANIShLAR
Kashtanka uyg‘onganda tong yorishgan, ko‘chadan esa faqat kunduzlari bo‘ladigan g‘ovur-g‘uvur eshitilardi. Uyda hech kim yo‘q. Kashtanka kerishdi, esnadi va achchig‘lanib xonada u yoqdan bu yoqqa kezib yurdi. U burchaklarni va jihozlarni iskadi, dahlizga kirib chiqdi, lekin bironta qiziqarli narsa topmadi. Dahlizga chiqiladigan eshikdan tashqari yana bir eshik bor edi. Biroz o‘ylab ko‘rgach, Kashtanka ikki oyog‘i bilan eshikni timdalab ochdi va ikkinchi xonaga chiqdi. Krovatda buyurtmachi toifasidagi odam bayko adyol yopinib uxlab yotardi. Kashtanka kechagi notanish kishini tanidi.
— Rrrr… — dedi Kashtanka, lekin shu zahoti kechagi ovqatni eslab, dumini likillatdi va iskay boshladi.
Kashtanka notanish kishining kiyimlarini, etigini iskadi va ulardan ot hidi kelayotganini aniqladi. Yotoqxonada allaqayoqqa chiqiladigan yana bir eshik bo‘lib, u ham yopiq edi. Kashtanka shu eshikni timdaladi, ko‘kragi bilan itarib ochdi va shu zamonoq g‘alati, juda shubhali hidni sezdi. Ko‘ngilsiz bir uchrashuvni oldindan his qilgan Kashtanka irilladi va atrofiga alanglab, devorlariga yopishtirilgan qog‘ozlar kir bo‘lib ketgan kichik uyga kirdi-da, qo‘rqqanidan tislandi. Kashtanka ro‘parasida sira kutilmagan va qo‘rqinchli bir narsani ko‘rdi. Kulrang bir g‘oz bo‘yni va boshini yerga egib, qanotlarini yozib va qig‘illab to‘g‘ri Kashtankaga qarab bostirib kelardi. Undan sal narida kichkinagina ko‘rpachada oppoq mushuk yotardi; Kashtankani ko‘rishi bilanoq u irg‘ib turdi, belini kamalak qilib, dumini ko‘tardi, yungini hurpaytirdi va u ham pixilladi. Kashtanka juda qo‘rqib ketdi, lekin sir boy bermaslik uchun qattiq vovulladi va mushukka tashlandi… Mushuk belini boyagidan ham battarroq egdi, pixilladi va panjasi bilan Kashtankaning boshiga bir urdi. Kashtanka o‘zini chetga oldi, cho‘nqaydi, mushuk tomon tumshug‘ini cho‘zib g‘inshidi va qattiq vovulladi; shu vaqt orqa tomondan kelgan g‘oz Kashtankaning orqasini cho‘qidi. Kashtanka sapchib tushdi va g‘ozga tashlandi…
Shu vaqt birdan:
— Bu nima degan gap? — deb jahl bilan aytilgan qattiq ovoz eshitildi va egniga chopon kiygan, sigara tishlagan kechagi notanish kishi kirib keldi. — Nima gap o‘zi? Joy-joyingga bor!
U kishi mushukning yoniga keldi, egilib turgan beliga bir turtdi-da:
— Fedor Timofeich, bu nima? Janjal qo‘zg‘adinglarmi? Eh, qari tentak! Yot! — dedi.
Keyin g‘oz tomonga o‘girilib baqirdi:
— Ivan Ivanovich, bor joyingga!
Mushuk itoatkorlik bilan ko‘rpachasiga yotdi va ko‘zini yumdi. Qizishib ketib, janjalga aralashganidan o‘zi ham norozi ekani tumshuq va mo‘ylovidan sezilib turardi. Kashtanka ranjib g‘inshidi, g‘oz esa bo‘ynini cho‘zib, nima to‘g‘ridadir tez-tez, qizg‘in va ravshan gapirdi, lekin uning nima deganiga hech tushunib bo‘lmas edi.
— Xo‘p, xo‘p! — dedi xo‘jayin esnab. — Ahil bo‘lib, do‘st bo‘lib yashash kerak. — U Kashtankani silab qo‘ydi va gapini davom etdirdi: — Sen, sariq, qo‘rqma… Bular yaxshi, seni xafa qilishmaydi… Shoshma, otingni nima qo‘yamiz? Otsiz yurib bo‘lmaydi-ku, og‘ayni.
Notanish kishi o‘ylab turgach:
— Topdim… — dedi. — Sening oting — Tyotka bo‘ladi… Tushundingmi? Tyotka.
U «Tyotka» so‘zini bir necha bor takrorladi-da, chiqib ketdi.
Kashtanka o‘tirdi va atrofini kuzata boshladi. Mushuk ko‘rpachasida qimir etmay o‘tirar va o‘zini uyquga solar edi. G‘oz esa bo‘ynini cho‘zib va turgan joyida yer tepinib, allanarsa to‘g‘risida tez va qizg‘in gapirardi. Aftidan juda aqlli g‘oz ko‘rinardi; har gal uzundan-uzoq gapirgandan keyin, hayron bo‘lib, orqasiga tislanar va o‘z so‘zidan zavqlanayotganday ko‘rinardi… Kashtanka uning gapiga quloq soldi, «rrr…»deb javob qaytardi-da, burchaklarni iskay boshladi. Bir burchakda kichkina tog‘ora turar, unda no‘xot va non ivitib qo‘yilgan edi. Kashtanka no‘xotni yeb ko‘rdi — bemaza ekan, nondan yeb ko‘rdi — durust ekan, indamay yeyaverdi. G‘oz begona bir it ovqatini yeb qo‘yayotgani uchun xafa bo‘lmadi, aksincha, boyagidan ham qizg‘inroq gapirdi va o‘zining ishonchini ko‘rsatish uchun tog‘ora yoniga keldi-da, no‘xotdan bir necha donasini terib yedi
To‘rtinchi bob
ChAMBARAKDAGI MO‘’JIZA
Birozdan keyin notanish kishi yana kirdi. Uning qo‘lida darvozaga va P harfiga o‘xshagan g‘alati bir narsa bor edi. Yog‘ochdan qo‘pol qilib ishlangan P harfining tepasiga qo‘ng‘iroq osilgan va to‘pponcha bog‘lab qo‘yilgan; qo‘ng‘iroqning tiliga va to‘pponchannng tepkisiga kanop bog‘langan edi. Notanish kishi P ni uyning o‘rtasiga qo‘ydi, anchagacha allanarsalarni yechdi, boyladi, keyin g‘ozga qaradi-da:
— Qani, Ivan Ivanovich, marhamat! — dedi.
G‘oz P ning yoniga keldi va allanarsani kutgan vaziyatda to‘xtadi.
— Qani, — dedi notanish kishi, — boshlaymiz. — Avval bir salom qilib qo‘y! Tez bo‘l!
Ivan Ivanich bo‘ynini cho‘zdi, har tarafga qarab bosh chayqadi va panjasi bilan yer tepinib qo‘ydi.
— Yasha, balli… Qani endi, o‘l!
G‘oz oyog‘ini osmonga ko‘tarib chalqancha tushib yotdi. Ana shunday bir necha ahamiyatsiz fokuslardan keyin notanish kishi birdan boshini changalladi va yuzida qo‘rquv aks etdirib qichqirdi:
— Qorovul! O‘t ketdi! Yonib ketdik!
Ivan Ivanich P ning yoniga yugurib bordi, kanopni tishlab tortdi-da, qo‘ng‘iroqni chalib yubordi.
Notanish kishi juda mamnun bo‘ldi. U g‘ozning bo‘ynini siladi-da:
— Barakalla, Ivan Ivanovich! — deb qo‘ydi. — Endi, o‘zingni zargar deb faraz qil, oltin va brilyantlar bilan savdo qilasan. Magaziningga kelsangki, o‘g‘rilar yuripti. Shunda nima qilarding?
G‘oz ikkinchi kanopni tishlab tortdi, to‘pponcha paqillab otildi. Qo‘ng‘iroqning jaranglashi Kashtankaga juda yoqdi, to‘pponchaning paqillab otilishi esa uni shu qadar zavqlantirib yubordiki, P ning atrofida yugurib vovulladi.
— Tyotka, joyingga bor, — deb qichqirdi notanish kishi. — Tek tur.
Ivan Ivanichning ishi to‘pponcha otish bilan tugamadi. Notanish kishi xipchinini shipillatib uni bir soatcha o‘z atrofida yugurtirdi, g‘ozni g‘ovdan sakrashga, chambarak ichidan sakrab o‘tishga, dumini yerga tirab, panjalarini silkitishga majbur qildi. Qashtanka Ivan Ivanichdan ko‘z uzmas, zavqlanganidan g‘inshirdi, bir necha marta qattiq vovullab, uning ketidan yugurdi. G‘oz ham, o‘zi ham charchagandan keyin notanish kishi peshonasining terini artdi-da:
— Marya Xavronya Ivanovnani chaqir! — deb qichqirdi.
Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas hurillagan ovoz eshitildi… Kashtanka vakilladi, o‘ziga qahramonona tus berdi-da, har ehtimolga qarshi notanish kishining yoniga borib turdi. Eshik ochildi, allaqanday kampir mo‘raladi va bir nimalar dedi-da, qop-qora juda xunuk bir cho‘chqani kiritib yubordi. Cho‘chqa Kashtankaning irillaganiga parvo qilmay tumshug‘ini ko‘tardi-da, xursandlik bilan hurilladi. U egasini, mushukni va Ivan Ivanichni ko‘rganiga juda sevinib ketganga o‘xshardi. U mushukning yoniga borib, tumshug‘i bilan qorniga turtib qo‘yganda va g‘oz bilan allanarsa haqida gaplashganda uning harakatlari, ovozi hamda dumining titrashidan ancha ko‘ngilchanligi sezilib turardi. Bunaqa shaxslarga qarab irillash va vovullash foydasizligini Kashtanka darrov tushundi.
Xo‘jayin P ni olib qo‘ydi va:
— Fedor Timofeich, marhamat! — deb qichqirdi. Mushuk erinchoqlik bilan o‘rnidan turdi-da, istar-istamas yurib, xuddi bir katta ish ko‘rsatayotgandek cho‘chqaning yoniga keldi.
— Qani, misr piramidasidan boshlaymiz, — dedi xo‘jayin.
U anchagacha allanarsalarni tushuntirdi, keyin: «Bir… ikki… uch!» deb komanda berdi. «Uch» deyilishi bilanoq Ivan Ivanich qanotlarini qoqdi va sakrab cho‘chqaning ustiga chiqib oldi… G‘oz qanotlarini yoyib, bo‘ynini cho‘zib, muvozanatni saqlab, cho‘chqaning ustiga joylashgach, Fedor Timofeich erinchoqlik bilan shalvirab yurgyu, ularning yoniga bordi va o‘z san’atini nazar-pisand qilmagan bir qiyofada avval istar-istamas cho‘chqaning ustiga chiqdi, keyin g‘ozning ustiga chiqdi-da, oldingi oyoqlarini ko‘tarib turdi. Notanish kishi aytgan misr piramidasi hosil bo‘ldi. Kashtanka zavqlanganidan chiyillab yubordi, lekin shu mahal keksa mushuk esnadi va muvozanatini yo‘qotib, g‘ozning ustidan ag‘inab tushdi. Notanish kishi baqirdi, qo‘llarini silkidi va yana allanarsani tushuatira boshladi. Xullas xo‘jayin piramida bilan bir soatcha ovora bo‘lgandan keyin Ivan Ivanovichga mushukka minib yurishni o‘rgata boshladi, keyin mushukka chekishni o‘rgatdi va hokazo.
Notanish kishi peshonasining terini artib chiqib ketishi bilan ta’lim tugadi. Fedor Timofeich jirkanib pix-pix qilib qo‘ydi-da, ko‘rpachasiga yotib ko‘zini yumdi.
Ivan Ivanich tog‘ora yoniga bordi, kampir cho‘chqani olib chiqib ketdi.
Juda ko‘p yangi taassurotlar tufayli Kashtankaga kun juda tez o‘tib ketganday tuyildi, kechqurun esa devorlariga yopishtirilgan qog‘ozlari kir bo‘lib ketgan uyga ko‘rpachasi bilan ko‘chirib qo‘yildi-da, u yerda Fedor Timofeich va g‘oz bilan birgalikda tunadi.
Beshinchi bob
TALANT! TALANT!
Oradan bir oy o‘tdi.
Kashtanka har kuni kechqurun yaxshi ovqat bilan boqishlariga va Tyotka deb chaqirishlariga o‘rganib qoldi. U notanish kishiga ham, yangi hamrohlariga ham ko‘nikdi. Umr silliq va ravon o‘tardi.
Kunlar bir xilda boshlanardi. Odatda Ivan Ivanich hammadan avval uyg‘onar va Tyotka yoki mushuk yoniga borar, bo‘ynini egib allanarsalar to‘g‘risida qizg‘in va berilib gapirar, lekin uning nima deyayotganiga avvalgidek sira tushunib bo‘lmas edi. Ba’zan u boshini baland ko‘tarib uzun monologlar o‘qirdi. Dastlabki tanishgan kunlarida Kashtanka g‘ozni aqlli bo‘lgani uchun ko‘p gapiradi deb o‘ylagandi, lekin ko‘p o‘tmay uni butunlay izzat qilmaydigan bo‘ldi; g‘oz uning yoniga kelib, uzun nutqini boshlaganda, Kashtanka avvalgidek dumini likillatmas, aksincha hadeb gapiraverib hech kimni uxlatmagani, ezmaligi uchun sira mensimas va iymanib o‘tirmay «rrr…» deb qo‘yardi.
Fedor Timofeich esa butunlay boshqacha edi. U uyg‘onsa ham damini chiqarmas, qimirlamas, hatto ko‘zini ham ochmas edi. Unga qolsa sira uyg‘onmas edi, chunki hayotni uncha yaxshi ko‘rmasa kerak. Uni hech narsa qiziqtirmas, hamma narsaga beparvo qarar, hamma narsadan nafratlanar, hatto mazali ovqatni yeb turib ham jirkanib, «pix-pix»lab qo‘yardi.
Kashtanka uyg‘onganidan keyin uydan-uyga o‘tib yurar va burchaklarni iskar edi. Faqat unga va mushukka hamma uylarga kirib yurishga ruxsat berilgandi; g‘oz bo‘lsa, devorlariga yopishtirilgan qog‘ozlari kir bo‘lib ketgan uyning ostonasidan hatlashga ham haqsiz edi. Xavronya Ivanovna hovlining allaqayerida, og‘ilda yashar va ta’lim paytlaridagina paydo bo‘lardi. Xo‘jayin kech uyg‘onar va choyini ichib bo‘lishi bilanoq fokuslarini boshlardi. Har kuni uyga P, qamchi va chambarak olib kirilar, har kuni shu fokuslar takrorlanardi. Ta’lim uch-to‘rt soat davom etar, hatto ba’zan shunday bo‘lardiki, Fedor Timofeich, horiganidan xuddi mastlarga o‘xshab gandiraklar, Ivan Ivanovich tumshug‘ini ochib og‘ir nafas olar, xo‘jayin esa qip-qizarib ketib, hadeb peshonasining terini artardi.
Ta’lim va ovqatlanish tufayli kun juda xursandchilik bilan o‘tar, kechqurunlari esa Tyotka zerikar edi. Odatda kechqurun xo‘jayin allaqayerga jo‘nar, g‘oz bilan mushukni ham o‘zi bilan olib ketardi. Yolg‘iz qolgan Tyotka ko‘rpachasiga yotar va g‘ussaga botar edi. G‘ussa, xuddi uyni bosayotgan qorong‘ilik singari sekin-asta butun borligini qamrab olardi. Shunday bo‘lardiki, itning vovullashga ham, ovqat yeyishga ham, uydan-uyga yugurib yurishga ham, hatto, qarashga ham xushi kelmay qolardi; keyin itmi, odammi ekanligi noaniq ikki gavda xayoliga kelardi. Ularning istarasi issiq, yoqimtoy, lekin kimligini anglab bo‘lmasdi; ularni ko‘rganda Tyotka dumini likillatar, nazarida allaqayerdadir ko‘rganday va sevganday bo‘lardi… Uxlab ketar ekan, ulardan har gal yelim, qirindi va lak hidi kelayotganday tuyilardi.
U yangi hayotga juda ko‘nikib, ozg‘in, suyaklari chiqib turgan xonaki itdan to‘q va sho‘x ko‘ppakka aylangach, egasi odatdagi ta’lim oldidan uni silab qo‘ydi-da, shunday dedi:
— Tyotka, endi ishni boshlasak ham bo‘lar. Bekor yurish yetar. Seni artist qilmoqchiman… Xo‘sh, artist bo‘lging keladimi?
Shunday qilib unga turli hunar o‘rgata boshladi. Birinchi darsda u keyingi oyoqlarida tik turishni o‘rgandi. Bu hunari o‘ziga ham juda yoqdi. Ikkinchi darsda keyingi oyoqlarida sakrab, egasi ushlab turgan qandni og‘zi bilan ilib olishi kerak edi. Keyingi darslarda esa o‘yin tushishni, egasining atrofida tizginlangan holda yugurishni, muzikaga jo‘r bo‘lib uvillashni, ko‘ng‘iroq chalishni, to‘pponcha otishni o‘rgandi. Oradan bir oy o‘tgach misr piramidasida bemalol Fedor Timofeichning o‘rnini bosadigan bo‘ldi. U jon-dili bilan ta’lim olar, muvaffaqiyatlaridan esa nihoyatda xursand edi; tilini osiltirib egasi atrofida tizginlangan holda yugurish, chambarak orasidan sakrash va keksa Fedor Timofeichga minib yurish unga juda xush yoqardi. Har bir muvaffaqiyatli chiqqan fokusdan zavqlanib qattiq vovullar, egasi esa hayron bo‘lar va zavqlanganidan qo‘llarini bir-biriga ishqab:
— Talant! Talant! — Haqiqiy talant! Bu o‘yinlaring, albatta, hammaga manzur bo‘ladi! — deb qo‘yardi.
Shunday qilib Tyotka «talant» degan so‘zga o‘rganib qoldi va har gal egasi shu so‘zni aytganda irg‘ib turar, go‘yo bu so‘z o‘z ismi bo‘lib qolganday, atrofga alanglab qo‘yardi.
Oltinchi bob
NOTINCh KEChA
Tyotka tush ko‘rdi, tushida qorovul supurgi ko‘tarib, quvlab yurgan emish. Tyotka qo‘rqqanidan uyg‘onib ketdi.
Xona jimjit, qop-qorong‘i va juda dim edi. Burgalar talardi. Tyotka ilgari qorong‘idan hech qo‘rqmasdi, lekin endi negadir yuragini vahima bosdi, vovullagisi keldi. Qo‘shni xonada xo‘jayinning chuqur nafas olgani eshitildi, oradan biroz vaqt o‘tgach, og‘ilxonadagi cho‘chqa xurilladi, yana jimlik cho‘kdi. Ovqat haqida o‘ylasang ko‘ngling ancha yengil tortadi. Shuning uchun ham Tyotka bugun Fedor Timofeichning ovqati orasidan tovuqning oyog‘ini o‘g‘irlab olganini, va mehmonxonada shkaf yonidagi o‘rgimchak in qo‘ygan va chang bosgan burchakka yashirganini o‘yladi. Hozir borib xabar olib kelsa bo‘lardi-ya: tovuq oyog‘i turganmikan, yo yo‘qmikan? Egasi topib olib, yeb qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Lekin tong otmasdan u uyga kirib bo‘lmaydi; bu yerning tartibi shunday. Tyotka tezroq uxlay deb ko‘zini yumdi, chunki qanchalik tez uxlasa, shunchalik tez tong otishini u tajribada bilardi. Lekin shu vaqt undan sal nariroqda g‘alati bir tovush eshitildi. Tyotka seskanib ketdi va irg‘ib o‘rnidan turdi. Bu Ivan Ivanichning tovushi edi. Lekin bu tovush odatdagidek ezma va ishonarli bo‘lmay, eshikning g‘ijillashiga o‘xshash g‘ayri tabiiy, juda dahshatli chinqiriq edi.
Tyotka qorong‘ida hech narsani ko‘rmadi ham, tushunmadi ham. Shuning uchun boyagidan battar qo‘rqib ketdi-da, g‘o‘ldirab:
— Rrrrr… — deb qo‘ydi.
Oradan yaxshi bir suyakni tozalaguncha kerak bo‘lgan bir muddat o‘tdi; qichqiriq takrorlanmadi. Tyotka asta-sekin tinchlandi va mudrab ketdi. Tushida soni va yonboshida bulturgidan qolgan yunglari osilib turgan ikkita katta qora itni ko‘rdi; ular katta tog‘oradagi oppoq bug‘i osmonga ko‘tarilayotgan va juda mazali is kelayotgan yuvindini ochko‘zlik bilan ichishardi; ular ba’zi-ba’zida Tyotkaga qarar va tishlarini irjaytirib: «Senga bermaymiz!» deb g‘o‘ldirashadi. Lekin uydan po‘stin kiygan kishi chopib chiqdi-da, ularni qamchi bilan urib, haydab yubordi; shundan keyin Tyotka tog‘ora yoniga borib, icha boshladi, boyagi kishi darvozadan chiqib ketishi bilan haligi qora itlar o‘kirishib unga tashlandi. Shu vaqt yana qig‘illagan tovush eshitildi.
— Q-g‘o‘! Q-g‘e-g‘e! — deb qichqirdi Ivan Ivanich. Tyotka uyg‘ondi, irg‘ib o‘rnidan turdi-da, ko‘rpachasidan tushmasdanoq ulidi. Unga Ivan Ivanich emas, boshqa birov qichqirayotganday tuyildi, og‘ilxonadagi cho‘chqa ham negadir yana xurillab qo‘ydi.
Birdan tuflining shipillashi eshitildi va chopon kiygan, sham ko‘targan xo‘jayin kirib keldi. Lip-lip etgan nur devorlarga yopishtirilgan kir qog‘ozlarni va shipni yoritib, qorong‘ilikni quvib chiqardi. Tyotka qarasa, uyda begona kimsa ko‘rinmaydi. Ivan Ivanich yerda, uxlamay o‘tirardi. Uning qanotlari yoyilgan, tumshug‘i ochilgan, juda charchab, suvsab qolganga o‘xshardi. Qari Fedor Timofeich ham uxlamasdi. Boyagi tovush uni ham uyg‘otib yuborgan bo‘lsa kerak.
— Ivan Ivanich, senga nima bo‘ldi? — deb so‘radi xo‘jayin g‘ozdan. — Nega baqirasan? Tobing yo‘qmi?
G‘oz javob bermadi.
Xo‘jayin uning bo‘ynini ushlab qo‘ydi, orqasini siladi-da:
— Voy, tentakvoy-ey. O‘zing ham uxlamaysan, boshqalarni ham uxlatmaysan, — deb qo‘ydi.
Xo‘jayin shamni olib chiqib ketgach, uy yana qorong‘i bo‘lib qoldi. Tyotkani vahima bosdi. G‘oz qichqirmas, lekin itning nazarida qorong‘ilikda allakim turganday bo‘lardi. Hammasidan dahshatlisi shu ediki, o‘sha begonaning o‘zi ko‘rinmas, shakli bo‘lmagani uchun qopib ham bo‘lmas edi-da. Negadir Tyotkaning nazarida shu kechasi biron yomon hodisa yuz beradigandek sezilardi. Fedor Timofeich ham notinch edi. Tyotka uning o‘z ko‘rpachasida ivirsilayotganini, esnab boshini silkitayotganini eshitardi.
Ko‘chaning allaqayerida darvoza taqilladi. Og‘ilxonadagi cho‘chqa xurilladi. Tyotka g‘inshidi, oldingi oyoqlarini cho‘zib, ustiga boshini qo‘ydi. Darvozaning taqillashi, negadir uxlamagan cho‘chqaning xurillashi, qorong‘ida va sukunat ichida Tyotkaga Ivan Ivanichning ovozidagi singari, juda ham g‘amgin va dahshatli ohang eshitildi. Hamma yoq vahima va tashvish ichida edi. Nima bo‘layotgan ekan-a? Ana shu ko‘rinmagan kim ekan-a? Mana, Tyotkaning yonida ikkita ko‘k uchqun bir on yiltillab ketdi. Bu Fedor Timofeich bo‘lib, tanishganlaridan beri uning yoniga birinchi marta kelishi edi. Unga nima kerak? Tyotka panjasini yaladi-da, uning nega kelganini ham so‘ramay, har xil ovoz chiqarib g‘inshib qo‘’ydi.
—Q-g‘e! — deb qichqirdi Ivan Ivanich. — Q-g‘e-g‘e!
Yana eshik ochildi-da, sham ko‘targan xo‘jayin kirdi. G‘oz boyagidek tumshug‘ini ochib, qanotini yozib o‘tirardi. Uning ko‘zlari yumuq edi.
— Ivan Ivanich! — deb chaqirdi xo‘jayin.
G‘oz qimir etmadi. Xo‘jayin uning yoniga, yerga o‘tirib bir pas indamay qarab turdi-da:
— Ivan Ivanich, — deb chaqirdi— Senga nima bo‘ldi? O‘zi nima gap. O‘layapsanmi? Ha, endi esimga tushdi! — deb qichqirib yubordi u birdan boshini changallab. — Nega bunaqa bo‘layotganingga tushundim? Bugun seni ot bosib olgan edi! Eh, xudoyim, eh xudoyim!
Tyotka xo‘jayinining nima deyayotganiga tushunmas edi. Lekin shunga qaramay uning biror dahshatli hol yuz berishini kutayotganini payqadi. Tyotkaning nazarida qorong‘i derazadan allaqanday begona mo‘ralayotganga o‘xshab ko‘rinardi. U deraza tomonga tumshug‘ini cho‘zib uvladi.
— Tyotka, g‘oz o‘lyapti, — dedi xo‘jayin va qo‘llarini yozdi, — ha, ha, o‘lyapti! Uyingizga o‘lim kirib keldi. Endi nima qilamiz? — Rangi o‘chgan, zo‘r tashvishga tushgan bechora xo‘jayin uh tortdi, boshini chayqay-chayqay yotoqxonasiga chiqib ketdi. Tyotka qorong‘ida qolishdan qo‘rqib uning ketidan ergashdi. Xo‘jayin krovatiga o‘tirdi-da:
— E, xudoyim-ey, endi nima qilamiz? — dedi bir necha marta.
Tyotka uning oyog‘i tagida o‘ralashar, nima uchun yuragi siqilayotganini va boshqalar nega tashvishga tushayotganini tushunmay, sababini bilish niyatida xo‘jayinning har bir harakatini kuzatib turardi. Ko‘rpachasidan turmaydigan Fedor Timofeich ham xo‘jayinning xonasiga kirdi va oyog‘iga suykala boshladi. U tashvishli xayollarni chiqarib tashlamoqchi bo‘lganday, boshini silkitar va krovat tagiga xavotirlanib qarab-qarab qo‘yardi.
Xo‘jayin bir likopchaga umivalnikdan suv qo‘ydida, yana g‘oz oldiga chiqdi.
— Ich, Ivan Ivanich! — dedi u, muloyimlik bilan likopchani g‘oz yoniga qo‘yaturib. — Icha qol, jonim.
Lekin, Ivan Ivanich qimir etmas, hatto ko‘zini ham ochmas edi. Xo‘jayin uning boshini likopchaga engashtir-i va tumshug‘ini suvga tegizdi, ammo g‘oz suvdan ichmadi, qanotini yana ham kengroq yozdi, boshi likopchada qolaverdi.
— Tamom, vassalom! — deb uh tortdi xo‘jayin. — Tamom. Ivan Ivanichdan ajralib qoldik!
Xo‘jayinning yuzidan yaltiroq tomchilar oqib tushdi, bunaqa tomchilar yomg‘ir yoqqanda deraza oynalarida ko‘rinadi. Tyotka bilan Fedor Timofeich nima bo‘layotganiga tushunmay, uning oyog‘iga suykalishar va qo‘rqib g‘ozga qarashardi.
— Bechora Ivan Ivanich, — dedi xo‘jayin g‘amginlik bilan uh tortib. — Men bo‘lsam seni bahorda dachaga olib ketaman, birgalashib ko‘m-ko‘k maysazorda sayr etamiz, deb o‘ylagan edim. Bechora jonivor, sodiq o‘rtoq, sendan ayrilib qoldim-ku! Sensiz endi nima qilaman?
Tyotkaning nazarida o‘zi ham xuddi shunaqa bo‘ladigandek, ya’ni nima uchundir ko‘zi yumilib, oyoqlari cho‘zilib, og‘zi ochilib qoladigandek, hamma unga qo‘rqib qaraydigandek tuyildi. Fedor Timofeichning miyasi ham shunday fikrlar bilan band bo‘lsa kerakki, hech qachon qari mushuk bu qadar g‘amgin va ma’yus bo‘lmagan edi.
Tong yorisha boshladi. Tyotkani qo‘rqitib chiqqan begona narsa ko‘rinmas edi. Tong otgandan keyin qorovul keldi, g‘ozning oyog‘idan ko‘tarib allaqayoqqa olib ketdi. Bir ozdan so‘ng kampir kirdi va tog‘orani ko‘tarib chiqib ketdi.
Tyotka mehmonxonaga chiqdi va shkaf orqasiga qaradi: xo‘jayin tovuq oyog‘ini yeb qo‘ymapti, suyak o‘sha joyda, changda, o‘rgimchak ini orasida yotardi. Ammo Tyotkaning yuragi siqilar va yig‘lagisi kelardi. U tovuq suyagini aqalli hidlab ham ko‘rmadi. Divanning tagiga kirib o‘tirdi va ingichka ovoz bilan sekin-sekin:
— Ing-ing-ing… — qilib g‘inshidi.
Ettinchi bob
MUVAFFAQIYaTSIZ ChIQISh
Bir kun kechqurun xo‘jayin devorlariga yopishtirilgan qog‘ozlari kir bo‘lib ketgan uyga kirdi-da, qo‘llarini bir-biriga ishqab.
— Xo‘-o‘sh… — deb qo‘ydi.
U yana bir nima demoqchi edi-yu, hech nima demay chiqib ketdi. Ta’lim vaqtlarida xo‘jayinning qiyofasi va ovozining ohangini yaxshi o‘rganib olgan Tyotka uning hayajonlanayotganini, tashvishlanayotganini va jahli chiqayotganini sezdi. Birozdan keyin u qaytib keldi-da:
— Bugun Tyotka bilan Fedor Timofeichni olib ketaman, — dedi. — Tyotka, misr piramidasida bugun sen marhum Ivan Ivanichning o‘rnini bosasan. Nima bo‘larkan endi! Tayyorgarlik ko‘rilmagan, mashq qilinmagan, repetitsiya ham juda oz bo‘ldi! Sharmanda bo‘lamiz! Mayna qilishadi!
Keyin u yana chiqib ketdi va bir daqiqadan keyin po‘stin va tsilindrda qaytib kirdi. Mushukning yoniga kelib, uni oldingi oyoqlaridan ushlab ko‘tardi va qo‘yniga, po‘stinining ichiga tiqib qo‘ydi. Fedor Timofeich esa juda beparvo ko‘rinar, hatto ko‘zini ochishga ham erinardi. Unga yotadimi, xo‘jayini oyog‘idan ko‘taradimi, ko‘rpachasida cho‘ziladimi yo xo‘jayinning qo‘ynida po‘stin tagida orom oladimi, baribirga o‘xshardi…
— Tyotka, yur, — dedi xo‘jayin.
Tyotka hech narsaga tushunmasa ham, dumini likillatib, egasiga ergashdi.
Oradan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas u chanada, egasining oyog‘i ostida o‘tirar va uning sovuqdan junjikib hayajon bilan:
— Sharmanda bo‘lamiz! Mayna qilishadi! — deyayotganiga quloq solardi.
Chana to‘nkarilib qo‘yilgan tog‘oraga o‘xshagan kattakon, g‘alati bir bino yonida to‘xtadi. Binoga kiraverishdagi uchta oynavonlik eshik ichkarisidagi uzun yo‘lakda o‘n-o‘n beshta ravshan yonayotgan fonar nur sochardi. Eshiklar jaranglab ochilar va shu yerda o‘ralishib yurgan odamlarni xuddi og‘izlar singari yutardi. Bu yerda odamlar juda ko‘p, eshik oldiga tez-tez otlar kelib to‘xtardi, lekin itlar ko‘rinmasdi.
Xo‘jayin Tyotkani ko‘tardi va qo‘yniga, po‘stin ichiga Fedor Timofeich oldiga tiqib qo‘ydi. Bu yer qorong‘i va dim, lekin issiq edi. Shu mahal ikkita ko‘k uchqun miltillab ketdi. Bu esa Tyotkaning sovuq va qattiq oyog‘i tegib ketganidan bezovtalangan mushukning ochilgan ko‘zi edi. Tyotka uning qulog‘ini yaladi va joylashib olish uchun g‘ivir-g‘ivir qila boshladi, sovuq oyoqlari bilan mushukni tagiga bosib, to‘satdan po‘stindan boshini chiqardi-yu, shu zamonoq jahl bilan irillab, yana boshini tortib oldi. Turli-tuman bahaybat mahluqlar bilan to‘lgan, xiragina yoritilgan kattakon uyni ko‘rganday bo‘ldi; uyning ikki tomoniga tortib qo‘yilgan to‘siq va panjaralardan badbashara kallalar: ot kallalari, shoxli, shalponquloq kallalar ko‘rindi; yana burun o‘rniga dum osilgan va og‘zidan uzun ikkita suyak chiqib turgan semiz va bahaybat bosh ko‘rindi.
Tyotkaning oyog‘i ostida mushuk bo‘g‘iq ovoz bilan miyovladi, lekin shu vaqt xo‘jayin po‘stinini yozib: «Xo‘ppa!» degan edi, Fyodor Timofeich va Tyotka sakrab yerga tushdi.
Ular kulrang taxta devorli kichik bir uyda turishardi; bu yerda oyna qo‘yilgan kichikroq stol, taburetka va burchaklarga ilib qo‘yilgan latta-puttalardan boshqa hech qanday jihoz yo‘q edi; lampa yoki sham o‘rniga, trubkaga ulab devorga qoqib qo‘yilgan, yelpug‘ichsimon, yorug‘ narsa nur sochib turardi. Fedor Timofeich Tyotkaning oyog‘i ostida g‘ijim bo‘lgan po‘stinini yaladi-da, taburetkaning tagiga borib yotdi.
Xo‘jayin hamon hayajonlanar edi, qo‘llarini ishqab yechina boshladi… U odatdagidek yechindi, ya’ni ichki kiyimlaridan boshqa hamma narsani yechdi. Keyin taburetkaga o‘tirdi-da, oynaga qarab basharasini g‘alati bir qiyofaga sola boshladi. Eng avval boshiga farqi ochilgan, ikkita kokili shoxga o‘xshab dikkayib turgan parik kiydi. Keyin yuziga allaqaiday oq narsa surdi, oppoq bo‘yoqning ustidan qosh qo‘ydi, mo‘ylov chizdi va ikki betiga qizil surdi. Shu bilan u kifoyalanmadi. Yuzini va bo‘ynini bo‘yagach allaqanaqa kiyimlarni kiya boshladi. Tyotka bunaqa kiyimlarni ilgari uyda ham, ko‘chada ham hech qachon ko‘rmagan edi. Meshchanlarning uyida deraza pardalari yoki mebel qoplash uchun ishlatiladigan parcha gulli chitdan tikilgan haddan tashqari keng, qo‘ltig‘idan tugmalanadigan cholvorni tasavvur qiling; cholvorning bir pochasi jigarrang bo‘lsa, ikkiichi pochasi och sariq chitdan. Xo‘jayin cholvorni kiyib bo‘lgach, kattakon kungira yoqali, orqasiga xaldan yulduz rasmi tushirilgam chit kamzilni ildi, oyog‘iga ikki turli paypoq bilan kovush kiydi…
Tyotkaning ko‘zi qamashib, taraddudlanib qoldi. Oppoq yuzli, qo‘pol gavdali odamdan xo‘jayinning isi keladi, ovozi ham tanish — xo‘jayinning ovozi, lekin ba’zan Tyotka ikkilanar, ana shunday paytlarda, chipor odamdan qochmoqchi va unga qarab vovullamoqchi bo‘lardi. Yangi joy, yelpug‘ichsimon nur va xo‘jayinida yuz bergan bu o‘zgarish, yuziga surgan moylarning isi — mana shularning hammasi uning yuragiga g‘ulg‘ula solardi. Nazarida burun o‘rnida dum o‘sgan badbashara maxluqqa o‘xshagan biron narsa bilan to‘qnash keladiganday tuyilardi. Buning ustiga devorning narigi tomonidan yoqimsiz bir muzika sadosi kelar, goho allaqanday g‘uvillagan tovush eshitilardi. Unga faqat bir narsa tasalli berardi, — u ham Fedor Timofeichning beparvoligi edi. Mushuk taburetkaning tagida pinagini buzmay yotar, hatto taburetka surilganda ham ko‘zini ochmas edi.
Frak va oq jilet kiygan bir kishi eshikdan qaradi va:
— Hozir Miss Arabella chiqadi. Undan keyin sizning navbatingiz, — dedi.
Xo‘jayin indamadi. U stol tagidan kichkina bir chemodanni tortib oldi-da, taburetkaga o‘tirib kuta boshladi. Qo‘li va lablarining harakatidan hayajonlanayotgani sezilib turardi. Tyotka uning nafas olishi bejo ekanini eshitdi.
— Mister Jorj, marhamat! — deb qichqirdi allakim eshik orqasidan.
Xo‘jayin o‘rnidan turdi, uch marta cho‘qindi, keyin taburetka tagidan mushukni olib chemodaniga soldi.
— Tyotka, bu yoqqa kel! — dedi u sekin.
Tyotka hech narsaga tushunmasdan uning yoniga keldi; xo‘jayin uning boshidan o‘pdi va Fedor Timofeichning yoniga solib qo‘ydi. Keyin hammayoq qorong‘i bo‘lib qoldi… Tyotka mushukning ustida tipirchilar, chemodanning devorini timdalardi, qo‘rqqanidan ovozi chiqmas edi. Chemodan esa xuddi to‘lqinda chayqalayotganday bo‘lar va titrardi…
— Mana, men ham kelib qoldim! — deb qichqirdi xo‘jayin. — Mana, men ham keldim!
Tyotka bu so‘zdan keyin chemodan allaqanday qattiq. narsaga tekkanini va chayqalmay qolganini payqadi.
Qattiq va kuchli o‘kirish eshitildi: allakimni olqishlashar, ana o‘sha allakim esa o‘kirar va shu qadar qattiq qah-qah urardiki, chemodanning qulfi jingillab ketdi. Bu haligi burni o‘rnidan dum o‘sib chiqqan badbashara maxluq bo‘lsa kerak. Bu o‘kirishga javoban xo‘jayin chiyillagan ovoz bilan kulib yubordi. U uyda hech qachon bunday kulmas edi.
— Ha! — dedi u qichqirib o‘kirgan tovushni bostirib yuborish uchun — Muhtaram xaloyiq! Men hozir to‘ppa-to‘g‘ri vokzaldan kelyapman! Buvim o‘lib, menga meros qoldirib ketdi! Chemodan juda og‘ir — ichida tilla bo‘lsa kerak… Ha-ha! Birdan ichidan million so‘m tilla chiqsa-ya! Hozir ochib qaraymiz…
Chemodanning qulfi shiqilladi. O‘tkir nur Tyotkaning ko‘zini qamashtirdi; u chemodandan sakrab chiqdi va guldiragan ovozlardan qulog‘i batang bo‘lib, xo‘jayinning atrofida gir aylanib qattiq vovilladi.
— Ha! — deb qichqirdi xo‘jayin. — Fedor Timofeich, tog‘a! Qimmatli xolajon. Mehribon qarindoshlar, sizlarni qaranglar-a!
U qumga qorni bilan yiqilib mushuk bilan Tyotkani ushlab olib quchoqlay boshladi. Tyotka xo‘jayinning quchog‘ida turib, taqdir keltirgan bu yangi bir olamga ko‘z yugurtirib chiqdi, bu olamning hashamatini ko‘rib, avval hayratda, zavq ichida qotib qoldi, keyin esa egasining qo‘ynidan otilib chiqib, taassurotning zo‘rligidan pildiroq singari gir-gir aylana boshladi. Bu yangi olam juda hashamatli va juda yorug‘ edi; qayerga qarama, hamma yoqda, yerdan tortib to shipgacha faqat odamlarning yuzi, yuzi, yuzi, boshqa hech narsa ko‘rinmadi.
— Xolajon, marhamat, o‘tiring! — deb qichqirdi xo‘jayin.
Tyotka bu gapning ma’nosini esladi-da, irg‘ib stulga chiqib o‘tirdi. Keyin u egasiga qaradi. Uning ko‘zi hamma vaqtdagidek, jiddiy va muloyim boqardi, ammo basharasi, ayniqsa og‘zi va tishlari harakatsiz tabassumdan qiyshaygan edi. O‘zi bo‘lsa qah-qah urib sakrar, kaftini qoqar va minglab kishilar to‘lgan bu yerda vaqti choq ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘lardi. Tyotka uning quvonchiga chippa-chin ishondi, birdan minglab odamlarning o‘ziga qarab turganini butun vujudi bilan his qildi-da, tulki tumshug‘ini osmonga ko‘tarib, shodlik bilan uvladi.
— Xolajon, siz o‘tira turing, — dedi unga egasi, — biz tog‘am bilan kamarinskayaga o‘yin tushamiz.
Fedor Timofeich noma’qulchilik qilishni qachon buyurisharkan, deb kutib turar va beparvolik bilan atrofiga qarab qo‘yardi. Uning dumidan, mo‘ylovidan va harakatlaridan bo‘shashib, qovog‘ini solib, pala-partish o‘ynashidan, to‘plangan xaloyiqqa ham, o‘tkir nurga ham, egasiga ham, hatto o‘ziga ham tahqir ko‘zi bilan qarayotgani bilinib turardi… O‘z hissasini o‘ynab bo‘lgach, u esnadi va o‘tirdi.
— Xo‘-o‘sh, xolajon, — dedi xo‘jayin, —avval biz qo‘shiq aytamiz, keyin o‘yin tushamiz. Xo‘pmi?
U cho‘ntagidan surnaycha chiqarib chala boshladi. Tyotka chiyillashga chiday olmay betoqatlik bilan stulda tipirchiladi va uvladi. G‘ovur va gulduros ko‘tarildi.
Xo‘jayin ta’zim qildi va gulduros tingach, yana chala boshladi. Muzika avjiga chiqqanda yuqorida o‘tirganlardan allakimning «Voy» degani eshitildi.
— Dada! — deb qichqirdi bir bola. — Bu Kashtanka-ku!
— Ha, Kashtankaning o‘zginasi! — deb tasdiqladi g‘o‘ldiragan ovoz bilan mast. — Kashtanka! Fedyushka xudo ursin agar. Kashtankaning o‘zginasi. Ma, ma!
Allakim galereyadan turib hushtak chaldi, bir yosh bola va bir katta kishi baravariga:
— Kashtanka! Kashtanka! — deb chaqirdi.
Tyotka cho‘chib tushdi va o‘sha ovoz kelayotgan tomonga qaradi. Soqol bosgan, iljayib turgan mast basharaga va do‘mboqqina, qizil yuzini qo‘rquv bosgan bolaga ko‘zi tushib, boya yorug‘ shu’laga duch kelgandagidek ko‘zi qamashdi…
U birdan o‘tmishini esladi, stuldan yiqilib tushib, qumda pitprlab qoldi, so‘ng quvonchidan vangillaganicha ular tomonga otildi. G‘ovur va gulduros ko‘tarildi. Ora-sira hushtak tovushi va bolaning:
— Kashtanka! Kashtanka! — deb qichqirgan ovozi eshitilib turardi.
Tyotka g‘ovdan sakrab o‘tdi, keyin allakimning yelkasidan oshib o‘tdi-da, lojaga chiqib qoldi: keyingi yarusga o‘tish uchun baland devordan oshishi kerak edi; Tyotka bir sakradi, oshib o‘tolmay devordan sirg‘anib tushdi. Keyin u qo‘ldan-qo‘lga o‘tdi, allakimlarning qo‘li va yuzini yalab, tobora yuqoriga ko‘tarilardi. Nihoyat galerkaga ham o‘tdi…
Oradan yarim soat o‘tgach, Kashtanka yelim va lak hidi keladigan kishilar ketidan ko‘chada borardi. Luka Aleksandrich chayqalar va tajribada ko‘rib-bilib qolgani uchun ariqlardan nariroqda yurishga harakat qilardi.
— Gunohkor bandangman… — deb g‘o‘ldirardi u. — Sen bo‘lsang Kashtanka — g‘alatisan, duradgor bilan romsoz orasida qancha farq bo‘lsa, sen bilan odam orasida ham shuncha farq bor.
Uning yonida otasining shapkasini kiyib olgan Fedyushka borardi. Kashtanka ularning orqasidan qarar, nazarida ularning ketidan ko‘pdan beri ketayotgandek, ulardan hech qachon ajralmagandek, quvonch bilan borardi.
U devorga yopishtirilgan qog‘ozlari kir bo‘lib ketgan uyni, g‘ozni, Fedor Timofeichni, mazali ovqatlarni, ta’limni, tsirkni eslar, lekin endi bularning hammasi uzundan-uzoq, chalkash, tashvishli tushdek tuyulardi.
H.Ahrorova tarjimasi