Tun oydin, havo izg‘irinli edi. Aleksey Ivanich Romansov yashil ustunni surib, hovli eshigidan ohista kirib keldi.
– Odamzod….chang to‘zon, kukun, kul!! – deya falsafa so‘qib, axlat chelaklar atrofida aylana boshladi va ehtiyotlik bilan to‘xtadi.
Pavel Nikolavich – gubernator, ammo… uyam kukun Bari bir. Bir hovuch kukun. Mahobatini ko‘rsang naq ro‘yo, tutunga o‘xshaydi. Bir puflasang… u ham yo‘q.
– Rrrr…
Faylasuf kutilmaganda qulog‘iga chalingan bu tovushdan sergak tortdi.
Romansov atrofga alanglab, o‘zidan ikki qadam narida yotgan haybatli qora itni ko‘rdi. Uning nasli cho‘l ovcharkasidan bo‘lib, bo‘risimon hayotga o‘rgangan edi. It hovlining qorovulxonasi yonida zanjirini shaqirlatib o‘tirardi. Romansov itga tikilib, xayol surib qoldi. So‘ng yuzida hayrat belgisini aks ettirishga urindi. Keyin esa yelkasini qisib, boshini chayqadi va ayanchli kulimsiradi.
– Rrrr… – deya it yana irrilladi.
– T-tushunmayapman! – deb qo‘lini qulochladi Romansov. – Sen ham… sen ham odamlarga qarab irrillayapsanmi, a? Bunaqasini endi ko‘rib turibman. Xudo ursin… Sen qay go‘rdan bilardingki, odamni mo‘jizalar ichidagi gultojligini. Qara. Yoningga boraman… Mana ko‘r… Odammanmi axir? Nima deb o‘ylaysan? Men odammanmi yo yo‘qmi? Anglat!
– Rrrr… Vov!
– Qo‘limni tegizay! – deb Romansov itga qo‘lini cho‘zdi. – Qo‘lim bilan ushlab ko‘raman! Yo‘qmi? Xohlamaydilarmi? Keragiyam yo‘q. Mayli, eslab qolaman. Har holda, yuzingizdan ushlasam bo‘lardi… Men qiziq-a…
– Vov! Vov! Rrr… vov! Avov!
– Aaaa…tishlamoqchiman de? Juda yaxshi. Bo‘pti. Shunday eslab qolamiz. Demak, odamzod tirik jonzotlarning gultoji ekaniga tupuryapsan… shunaqami? Demakki, Pavel Nikolaichni ham tishlay olasan, to‘g‘rimi? Uni oldida hammaning tizzasi yer o‘padi-yu, senga Bari bir ekan-da? Nima u sen uchun oddiy buyummi? Seni angladimmi? Haaa… Sen sotsialist bo‘lsang kerak! Shoshma, javob ber-chi, sotsialistmisan?
– Rrr… Vov! Vov!
– To‘xta, tishlama… Nima haqda so‘ylayotuvdim?.. E ha, kul to‘g‘risida edi. Puflaysan va qarabsanki, u yo‘q! Puff!.. Aslida, yashashdan ma’no nima degan savol tug‘iladi? Kasalmand onadan tug‘ilamiz, ulg‘ayib yura boshlaymiz, yeb-ichamiz, bilim olamiz, o‘lamiz… bundan nima ma’no? Sarob! Insonning sariq chaqalik qiymati yo‘q! Mana, sen itvachchaga Bari bir, hech baloni tushunmaysan, agar yurakka yo‘l topa olsang edi! Qani edi, ruhiyat nimaligini bilsang!
Romansov boshini aylantirib, atrofiga tupurib qo‘ydi.
– Jirkanchlik… Mana men, kollej kotibi Romansov… seningcha tabiat hukmdorimanmi. Adashasan! Men tekinxo‘r, poraxo‘r, ikkiyuzlamachiman! Ablahman men!
Aleksey Ivanich ko‘kragiga mushtlab, yig‘lay boshladi.
– Chaqimchi, g‘iybatchi… Yegor Kornyushkinni kim tufayli ishdan haydashdi, seningcha? A? Komitetning ikki yuz so‘m pulini kim o‘zlashtirdi, Surguchovni kim o‘rnidan yiqitdi? Men emasmi axir? Razil, munofiq… Yaxudiy! Laganbardor, sudxo‘r… ablah!
Romansov qo‘li bilan ko‘zini artib, ho‘ngrab turdi.
– Tishla! Kemir! Umr bo‘yi hechkim menga bama’ni so‘z aytmagan…Hamma ich-ichidan meni pastkash deb hisoblaydi, ko‘zidan bilinadi, faqat kulgulari soxta!.. Nihoyat birov yuzimga solyapti, urushyapti! E, kuchuk, tishla meni! Tavqi lan’atni sug‘urib tashla! Xoinni burdalab tashla!
Romansov engashdi-yu, o‘zini itni ustiga tashladi.
– Shunday, ana shunday! Basharamni buzaver! Achinish yo‘q! Og‘riq bor, ammo ayama. Mana, qo‘limniyam tishla. Ha, qon oqyapti! Shunday! Mersi, Juchka… oting shunaqami? Mersi… Po‘stinimniyam yirt. Hammasi bir go‘r, poraga kelgan. Yaqin odamimga sotqinlik qilib, keyin uni qutqardim. Shu pulga oldim po‘stinimni. Nishonli furajkamniyam… Nima demoqchi edim o‘zi? Bo‘pti endi boraqolay… Alvido, kuchukvoy… yaramasvoy.
– Rrrr.
Romansov itga termulib turdi va yana o‘zini tishlatib oldi. Va po‘stiniga o‘ranib, gandiraklagancha uyi tomon ketdi…
Ertasi kuni peshin paytida ko‘zini ochgan Romansov ajib bir holatning shohidi bo‘ldi. Boshi, qo‘llari va oyoqlari o‘rab, chirmab tashlangandi. Karovati yonida esa yig‘layotgan xotini va jonkuyar doktor o‘tirgandi.
Ruschadan Temur Tangriberganov tarjimasi
«Ijod olami» jurnali, 2017 yil, 3-son

