
I
S… degan guberna shahriga kelganlar, bu yer juda zerikarli va hayoti bir shakldaligidan shikoyat qilganlarida, mahalliy aholi go‘yo o‘zini oqlaganday, yo‘q, aksincha, S. shahrimiz juda yaxshi, kutubxona, teatr, klub bor, bazmlar bo‘lib turadi, yana tanishsa arziydigan farosatli, yoqimli, ajoyib oilalar bor, deydi. Bu o‘rinda ular eng madaniy va iste’dodli oila deb, Turkinlarni tilga oladilar.
Turkinlar oilasi shaharning markaziy ko‘chasida, gubernator yonidagi o‘z uyida yashaydi. Ivan Petrovich Turkinning o‘zi to‘ladan kelgan, qora mag‘iz, chakka soqol qo‘ygan xushbichim odam. U xayr-ehson uchun havaskorlar spektakllari qo‘ydirar va ana shu spektakllarda keksa generallar rolini ijro etar, o‘yin paytida juda g‘alati yo‘talardi. Ivan Petrovich juda ko‘p latifalar, jumboqlar, maqollar bilar, hazil-mutoyibani sevar, o‘ziyam askiyani o‘rniga qo‘yardi, uning yuzida hamisha shunday ifoda o‘ynardiki, u hazillashyaptimi yo jiddiy gapira yotiptimi, bilib bo‘lmasdi. Uning xotini Vera Iosifovna esa ozg‘ingina, pince-nez taqqan xushro‘y juvon, qissalar va romanlar yozar, ularni mamnuniyat bilan o‘z mehmonlariga baland ovozda o‘qib berardi. Yoshgina qizi Yekaterina Ivanovna royal chalardi. Xullas, bu oilaning har bir a’zosida o‘ziga xos biron iste’dod mavjud edi. Turkinlar mehmonlarni g‘oyat xursandchilik bilan kutib olar va o‘z iste’dodlarini ularga xursandlik va soddalik bilan namoyish qilardi. Ularning katta g‘ishtin uylari keng, yoz oylarida salqin, derazalarning yarmi avval bahorda bulbullar navo qiladigan soya-salqin eski bog‘ tomonga qurilgan edi; uyda mehmonlar o‘tirgan pallada oshxonada pichoqlarning taraqlagani eshitilar, butun hovli yuzini piyozdog‘ isi tutib, har safar mo‘l-ko‘l va mazali kechki ovqat tayyorlanayotganini bildirar edi.
Doktor Dmitriy Ionich Startsev S. shahridan to‘qqiz chaqirim narida bo‘lgan Dyalijga zemstvo vrachi etib tayinlangan va bu yerga ko‘chib kelganda unga ham, ziyoli odam bo‘lgani uchun, Turkinlar oilasi bilan tanishish zarurligini aytishdi. Nima ham bo‘lib, qish kunlarining birida, uni ko‘chada Ivan Petrovich bilan tanishtirdilar, ob-havo to‘g‘risida, teatr to‘g‘risida, vabo to‘g‘risida gaplashdilar. Shundan keyin u uyga taklif etildi. Bahorda, Vozneseniye bayramida, Startsev kasallarni qabul qilib bo‘lgach, bir ozgina ko‘ngil ochish va shu bahona bilan o‘ziga ba’zi narsalar sotib olgani shaharga tushdi. U piyoda (bu mahalda doktorning o‘z ot-izvoshi yo‘q edi) yo‘l bosib:
Hali ichmaganman hayot jomidan ko‘z yoshlar…
qo‘shig‘ini xirgoyi qilib borardi.
Shaharga yetib kelgach, ovqatlandi, bog‘da sayr qilib yurdi, keyin Ivan Petrovichning uyiga taklif etgani esiga tushib qoldi. Doktor Turkinlar uyiga borishga va ular qanday odam ekanlarini ko‘rishga jazm qildi.
— Salomat bo‘lsinlar, qani marhamat, — deb eshik oldida uni kutib oldi Ivan Petrovich, — Sizday hurmatli mehmonni ko‘rganimga juda-juda xursandman. Qani kirsinlar, men sizni rafiqai muhtaramam bilan tanishtiray. Verochka, men unga aytdimki, — deb so‘zida davom etdi u xotinini doktor bilan tanishtirar ekan, — men unga aytdimki, sizning o‘z kasalxonangizdan jilmay o‘tirishingizga hech qanday asos yo‘q, siz bo‘sh vaqtingizni jamiyatga bag‘ishlashingiz kerak. To‘g‘ri aytibmanmi? Jonginam.
— Mana bu yerga o‘tiring, — dedi Vera Iosifovna mehmonni o‘z yoniga o‘tqazar ekan, — siz menga bemalol mulozamat qila berishingiz mumkin. Mening erim juda rashkchi, Otelloning xuddi o‘zginasi, lekin biz, o‘zimizni shunday tutamizki, u hech nimani sezmay qoladi.
— He, sen onaxonning sho‘xligini qara-ya… — deb sekingina shivirladi Ivan Petrovich va xotinining peshonasidan o‘pdi, — siz juda mavridida keldingiz-da, — deb yana mehmonga murojaat qildi, — mening rafiqai muhtaramam kattakon bir roman yozgan edi, shuni bugun baland ovozda o‘qib beradi.
— Janchik, — dedi Vera Iosifovna eriga qarab, — dites que l’on nous donne du the .
Startsevni onasiga o‘xshagan ozg‘in va xushro‘ygina, endi o‘n sakkiz yoshga kirgan Yekaterina Ivanovna bilan tanishtirishdi. U yuzidan bolalik ifodasi hali arimagan, ingichka bel, nozik bir qiz edi; endigina balog‘atga yetgan, musaffo, chiroyli ko‘kraklari uning bahoridan, chinakam bahori boshlanganidan xabar berib turardi. Keyin murabbo, asal, konfetlar va yesang og‘zingda erib ketadigan juda mazali pechenelar bilan choy ichildi. Kech kirishi bilan birin-ketin mehmonlar yig‘ila boshladi. Ivan Petrovich ularning har biriga o‘zining doimo kulib turuvchi ko‘zlarini tikib, alohida murojaat qilardi:
— Salomat bo‘lsinlar, qani marhamat.
Keyin hamma g‘oyat jiddiy qiyofada mehmonxonada o‘tirdi, Vera Iosifovna ularga romanini o‘qib berdi. Roman: «Sovuq borgan sari zo‘rayapti…» degan jumla bilan boshlanardi. Derazalar lang ochib qo‘yilgan edi, oshxonadan pichoqlarning tiqirlashi eshitilar, piyozdog‘ hidi dimoqqa urardi… yumshoq va chuqur kreslolarda botib o‘tirish g‘oyat huzur-halovatli edi, nimqorong‘i mehmonxona qo‘ynida chiroqlar yoqimli miltillardi; mana hozirgidek yoz kechasi, ko‘chadan sho‘x ovozlar va kulgi sadolari eshitilib turgan, hovlidan siren isi anqib esayotgan bir pallada sovuqning borgan sari zo‘rayishini va botib borayotgan quyosh o‘zining sovuq nurlari bilan qorli tekislikni hamda yo‘lda tanho ketayotgan yo‘lovchini qanday yoritayotganini tasavvur etish mushkul edi; Vera Iosifovna yosh, go‘zal grafinyaning o‘z qishlog‘ida qanday qilib maktablar, kasalxonalar, kutubxonalar ochgani to‘g‘risida, uning allaqanday sayyor rassomning qanday sevib qolgani haqida, hayotda sira-sira bo‘lmaydigan narsalar to‘g‘risida o‘qib bermoqda edi; lekin shunga qaramay eshitish ancha qulay va ko‘ngilli bo‘ldi, miyaga har qalay, yaxshi, osoyishta fikrlar kelardi, ishqilib, kishining turib ketgisi kelmasdi-da…
— Chakkimas… — dedi ohista Ivan Petrovich.
Mehmonlardan biri romanni eshitib o‘tirib, xayoli juda uzoqqa, g‘oyat olisga olib qochib, zo‘r-bazo‘r eshitilar-eshitilmas:
— Ha… chindan ham… — deb qo‘ydi.
Orada bir soat, keyin yana bir soat o‘tdi. Qo‘shni shahar rohat bog‘ida orkestr chalar, qo‘shiqchilar xori ashula aytardi. Vera Iosifovna o‘qib bo‘lib, o‘z daftarini yopganida, hammalari besh minutcha jim o‘tirishdi, xor aytayotgan «Luchinushka» qo‘shig‘iga quloq solishdi, bu qo‘shiq romanda bo‘lmagan, ammo hayotdagi mavjud nodir hislarni tarannum etardi.
— Siz asarlaringizni jurnallarda bostirib turasizmi? — deb so‘radi Startsev Vera Iosifovnadan.
— Yo‘q, — deb javob qildi Vera Iosifovna, — men ularni hech qayerda bostirmayman. Yozaman-da, keyin ularni shkafimga solib, yashirib qo‘yaman. Bostirib ham nima qilaman? — deb izoh berdi u, — axir biz moddiy jihatdan muhtoj emasmiz-ku.
Negadir hamma chuqur tin oldi.
— Mana endi Kotik, sen ham bizga biron nima chalib ber, — dedi Ivan Petrovich qiziga.
Royalning qopqog‘ini ko‘tarishdi, shu yerda hozirlab qo‘yilgan notalarni ochishdi. Yekaterina Ivanovna royal yoniga o‘tirib, ikki qo‘llab klavishalarni bosdi; keyin shu zahoti kuchi boricha klavishalarni zarb bilan urdi, so‘ng yana, keyin yana; uning yelkalari bilan ko‘kragi titrab ketdi, u hamon qaysarlik bilan bir yerga urardi, baayni u klavishalarni urib, royal ichiga kiritib yubormaguncha to‘xtamaydigandek edi. Mehmonxona gumburlagan sadolarga to‘ldi; bu yerda hamma narsa: pol ham, shift ham, mebel ham gumburlardi… Yekaterina Ivanovna qiyin bir passajni, xuddi o‘zining ana shu mushkulligi bilan qiziq bo‘lgan uzun va bir xildagi passajni chalib berdi. Startsev muzikaga quloq solarkan, o‘zicha baland tog‘ tepasidan qulab tushayotgan toshlarni tasavvur etdi, toshlar tinmay qular va to‘xtamasdi; u tezroq ularning qulab bo‘lishini istardi, ayni mahalda, zo‘r berganidan qizarib ketgan, bir soch tolasi peshonasiga tushgan, baquvvat va epchil Yekaterina Ivanovna unga juda yoqib qoldi. Dyalijda, kasallar bilan mujiklar orasida o‘tkazilgan qishdan keyin hozirgidek mehmonxonada o‘tirib, nozik va navqiron, ehtimolki hali ma’suma bir jononga ko‘z solish, buning ustiga jonga tegsa ham, har qalay madaniy bo‘lgan ser shovqin ovozlarga quloq solish, nihoyatda ko‘ngilli va yangilik edi…
— Barakalla, Kotik, bugun hamma vaqtdagidan ko‘ra yaxshi chalding, — dedi ko‘ziga yosh olib Ivan Petrovich, qizi chalib bo‘lib o‘rnidan turganda, — Denis, o‘lsang ham bundan yaxshi yozolmaysan.
Hamma qizning atrofini o‘rab, uni tabriklardi, taajjubda qolganlarini izhor etishdi, ko‘p vaqtlardan beri bunday ajoyib mashq eshitmaganlarini ta’kidlashdi, qiz ham bu so‘zlarni jim turib tingladi, sal jilmaydi, butun vujudidan tantana yog‘ilib turardi.
— G‘oyat go‘zal! Juda soz!
— G‘oyat go‘zal! — dedi ko‘pchilikka qo‘shilib zavq bilan Startsev ham, — siz royal chalishni qayerda o‘rgangansiz? — deb so‘radi u Yekaterina Ivanovnadan — Konservatoriyadami?
— Yo‘q, men konservatoriyaga endi kirmoqchi bo‘lib turibman, royalni hozircha shu yerda, Zavlovskaya xonimdan o‘rgandim.
— Siz shu yerdagi gimnaziya kursini tamom qilganmisiz?
— Yo‘g‘-e! — deb qizi o‘rniga javob qildi Vera Iosifovna, — biz o‘qituvchilarni uyga taklif qilganmiz, axir o‘zingiz ham xo‘p deng, gimnaziyadami yoxud institutdami, baribir, yomon ta’sirning bo‘lishi mumkin-da, qiz o‘sib kamolga yetguncha birgina onasining ta’sirida bo‘lishi zarur.
— Men har qalay konservatoriyaga kirmoqchiman, — dedi Yekaterina Ivanovna.
— Yo‘q, Kotik onasini juda yaxshi ko‘radi. Kotik otasi bilan onasini xafa qilmaydi.
— Yo‘q, kiraman! Kiraman! — dedi hazil aralash injiqlik bilan Yekaterina Ivanovna va depsindi.
Kechki ovqat mahalida Ivan Petrovich o‘z iste’dodini ko‘rsatdi. Ivan Petrovich, bitta ko‘zi bilan kulib, latifalar aytib berdi, askiya qildi, o‘rtaga turli xil hazil-mutoyiba aralash topishmoqlar tashlab, ularni shu zahoti o‘zi yechib berdi. U hamma gapi davomida o‘ziga odat bo‘lib qolgan g‘alati bir tilda so‘zladi, chamasi bu odat uning askiya va hazil-mutoyiba bilan gapirishga uzoq vaqt mashq qilganidan tug‘ilgan va bu so‘zlarga Ivan Petrovich allaqachon o‘rganib keggan. Ayniqsa u: kap-katta, tuzukdan durustroq, jonim ustiga tashakkur so‘zlarini ko‘proq ishlatdi…
Bu hali bo‘lgan gapning hammasi emas. Qorinlari to‘q va vaqtlari chog‘ mehmonlar paltolarini kiyib, hassalarini olgani dahlizda uymalashar ekanlar, sochlari olingan, barkash yuzli, o‘n to‘rt yoshli xizmatkor Pavlusha (uni Pava deb atardilar) ular yonida girdikapalak yugurib yurdi.
Ivan Petrovich unga qarab:
— Pava, qani bir qiyofaga kirchi! — deb qichqirdi.
Pava darhol qiyofaga kirib, qo‘lini yuqori ko‘tardi-da, fojiali ovozda:
— Ul, bebaxt qiz! — deb baqirdi.
Hammalari xoxolab kulib yuborishdi.
Startsev ko‘cha tomon ketarkan, «qizig‘u» deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
U, bu yerdan chiqqach yana restoranga kirib, pivo ichdida, keyin Dyalijga, uyiga qarab piyoda ketdi. Startsev butun yo‘l davomida:
Sening ovozing men uchun huzur-halovat…
qo‘shig‘ini aytib bordi.
U to‘qqiz chaqirim piyoda yurib o‘rniga kelib yotarkan, o‘zining zarracha horib-charchamaganini sezdi. Buning aksicha, nazarida u yana yigirma chaqirim yo‘l bo‘lsa bajonu dil, xursandlik bilan bosadigandek tuyuldi.
Ko‘zi ilinarkan «tuzukdan durustroq…» so‘zini esladi va kulib qo‘ydi.
II
Startsev Turkinlar uyiga bormoqchi bo‘lar, lekin kasalxonada ish juda ko‘payib ketib, borishga fursat topa olmasdi. Shunday qilib, ish bilan va yolg‘izlikda bir yildan mo‘lroq vaqt o‘tib ketdi; mana, shahardan unga ko‘k konvertda xat olib kelishdi…
Vera Iosifovna ko‘pdan beri migren kasali bilan og‘rirdi, ammo, keyingi vaqtlarda har kuni Kotik konservatoriyaga o‘qishga kiraman, deb qo‘rqitayotgani tufayli tutqanog‘i tez-tez tutadigan bo‘lib qolgandi. Shaharning barcha vrachlari Turkinlar uyiga kelib ketishdi. Mana endi navbat zemstvo vrachiga kelgandi. Vera Iosifovna unga, ko‘ngilni eritadigan, ta’sirli xat yozib, bir kelishini va dardini yengillatishni iltimos qilgandi. Startsev Turkinlar uyiga keldi, shundan keyin tez-tez kelib turadigan bo‘lib qoldi… Chindan ham u Vera Iosifovnaga ozgina yordam berdi. Vera Iosifovna bo‘lsa barcha mehmonlarga bu juda ajoyib, g‘alati bir doktor deb maqtaydigan odat chiqardi. Startsev Turkinlar uyiga endi faqat migrenni davolash uchungina kelmayotgan edi…
Bayram kuni Yekaterina Ivanovna o‘zining royaldagi uzundan-uzoq, jonga teguvchi mashqini chalib bo‘ldi. Shundan so‘ng yemakxonada uzoq fursat o‘tirib choy ichishdi. Ivan Petrovich allaqanday kulgili bir voqiani so‘zlab berdi. Shu orada qo‘ng‘iroq ovozi eshitildi, dahlizga chiqib, kelgan allaqanday mehmonni kutib olish kerak edi; Startsev bir nafaslik taradduddan foydalanib, zo‘r hayajon ichida Yekaterina Ivanovnaga pichirlab:
— Xudo haqqi, o‘tinib so‘rayman, menga azob bermang, yuring bog‘chaga chiqamiz! — dedi.
Ekaterina Ivanovna bu kishiga nima kerakligini tushunmaganday va go‘yo bu gapdan hayron qolganday yelkasini uchirdi, lekin o‘rnidan turib, eshik tomon yurdi.
— Siz uch soatlab, to‘rt soatlab royal chalasiz, — dedi Startsev uning orqasidan yurarkan, — keyin oyingiz bilan birga o‘tirasiz, shu tufayli siz bilan gaplashishning sira imkoni bo‘lmaydi. O‘tinib so‘rayman sizdan, chorak soat vaqtingizni menga bag‘ishlang.
Kuz yaqinlashib kelmoqda edi, qadimiy bog‘ bo‘sh va ma’yus boqardi, xiyobonlarda qorayib ketgan barglar ko‘zga tashlanadi. Tez qorong‘i tushmoqda edi.
— Sizni ko‘rmaganimga naq bir hafta bo‘ldi, — deb so‘zida davom etdi Startsev, — buning qanday azob-uqubat ekanini bilsangiz edi! Keling, o‘tiramiz. Gapimga quloq soling.
Ikkilarining ham bog‘da o‘z sevgan joylari bor edi: keksa, sershox zarang daraxt ostida skameyka turardi. Ular hozir ham shu skameykaga kelib o‘tirishdi.
— Nima demoqchi edingiz? — dedi quruqqina qilib Yekaterina Ivanovna rasmiy ravishda.
— Sizni ko‘rmaganimga rosa bir hafta bo‘ldi, shunday uzoq vaqt ichida ovozingizni eshita olmadim, men tovushingizni eshitishni istayman, unga judayam mushtoqman. Gapiring.
Qiz o‘zining yoshligi, ko‘zlari va yuzidagi sodda ifoda bilai uni maftun etgandi. Hatto, ustidagi ko‘ylagi ham Startsev nazarida haddan ziyod yoqimli, xatti harakati esa o‘ta sodda va ta’sirli bo‘lib ko‘rinardi. Lekin, shu bilan bir mahalda Startsev uni bunday soddaligiga qaramay g‘oyat aqlli, yoshiga nisbatan saviyasi baland deb bilardi. Qiz bilan u adabiyot to‘g‘risida, san’at haqida, nima istasangiz shu haqda gaplasha olardi, unga hayotdan, odamlar ustidan shikoyat qilardi, qiz bunday jiddiy suhbat vaqtida, — ba’zan shunaqa bo‘lardi, — kutilmaganda kula boshlar, yoki uyiga qarab jo‘nab qolardi. S.ning barcha qizlari kabi u ham juda ko‘p kitob o‘qirdi. (Umuman olganda S.da kitobni juda kam o‘qishardi, bu yerdagi kutubxonada, yaxshi hamki shaharimizda kitob o‘qiydigan qizlar va keksayib qolgan yahudiylar bor, bo‘lmasa kutubxonani bemalol yopib qo‘ysak bo‘lardi, deb gapirishardi). Bu narsa Startsevga juda-juda yoqardi. Shu tufayli har safar ham u zo‘r hayajon ichida qizning keyingi kunlarda nimalar to‘g‘risida o‘qiganini so‘rar va uning javobini, o‘qigan kitobini so‘zlab berishni jon qulog‘i bilan tinglardi.
— Mana shu biz ko‘rishmagan so‘nggi hafta ichida qanday kitoblar o‘qidingiz? — deb hozir ham undan so‘radi. Startsev, — ayting, o‘tinib so‘rayman sizdan.
— Men Pisemskiyni o‘qidim.
— Uning nimasini o‘qidingiz?
— «Ming jon» romanini, — deb javob qildi Kotik. — Pisemskiyni juda g‘alati: Aleksey Feofilaktich, deb atasharkan!
— Qayoqqa axir? — yuragi chiqib ketib so‘raydi Startsev, qizning birdan o‘rnidan turib, uyga qarab ketayotganini ko‘rib. — Men siz bilan gaplashishim zarur, bor gapni aytishim kerak… Men bilan hech bo‘lmasa yana besh minut o‘tiring! Yolvoraman sizdan!
Qiz nimadir aytishni istagandek to‘xtadi, keyin beso‘naqaygina uning qo‘liga xat qistirib, o‘zi uyga qarab chopdi, u yerdan yana royal ovozi eshitildi.
«Bugun kechasi soat o‘n birda, — deb boyagi xatchani o‘qidi Startsev, — qabristonda, Demetti haykali yonida bo‘ling».
«Ana xolos, bu endi o‘ta ketgan laqmalik, — deb o‘yladi o‘ziga kelib u, — qabristonga balo bormi? Bunga nima hojat?».
Kotikning maynavozchilik qilayotgani ochiq-oydin ko‘rinib turardi. Bo‘lmasa, yarim kechasi, shahardan ancha olisda, qabristonda uchrashish chindan ham kimning boshiga kelishi mumkin? Axir, osongina shahar bog‘ining o‘zida yo ko‘chada uchrashilsa bo‘lmaydimi? Shunday bo‘lgach, esli-hushli zemstvo vrachi, jiddiy odamga oh-voh qilib yurish, maktubchalar olish, qabristonlarga borish, bema’nilik qilish yarashadimi, axir uning bu qilimishidan hatto gimnazistlar ham kulishadi-ku? Bu narsaning oxiri nima bilan tugaydi? O‘rtoqlari bilib qolsa nima deydi? Startsev klubda, stollar atrofida aylanib yurib, o‘zicha shunday o‘yladi. Soat o‘n yarim bo‘lganda birdan qabristonga qarab jo‘nab qoldi.
Bu vaqtda u ikki otlik izvoshga va duxoba jiletka kiyib yuradigan Panteleymon ismli kucherga ega edi. To‘lin oy charaqlab suzib yuribdi. Atrof sokin va iliq, kuz kunining issiq nafasi kezadi. Shahar chetida, kushxona yonida itlarning uvillashi quloqqa chalinadi. Startsev izvoshini shahar chetida, tor ko‘chalardan birida qoldirib, o‘zi qabristonga piyoda ketdi. «Har kim o‘z bilganidan qolmaydi» deb o‘zicha o‘ylab borardi u, — Kotik ham g‘alati narsa, kim biladi deysiz, balki u hazillashmagandir, ehtimol kelib qolar» — u ana shu bo‘lmag‘ur, zaif ishonchga berildi, bu ishonch uning boshini aylantirib qo‘ydi.
U dala bo‘ylab yarim chaqirim yo‘l bosdi. Qabriston uzoqdan xuddi o‘rmon yoki katta bog‘ singari qorayib ko‘zga tashlandi. Shundan keyin oq toshdan qilingan devor, darvoza ko‘rindi.. Oy yorug‘ida darvozaga yozilgan: «Vaqt-soat yetganda…» degan lavhani ham o‘qish mumkin edi. Startsev eshikdan ichkari kirdi, birinchi bo‘lib uning ko‘ziga keng xiyobonning ikki tomonidagi oq krestlar va haykallar, ulardan hamda teraklardan tushayotgan qora soyalar ko‘rindi; atrof-tevarak olis-olislargacha oq va qora, olachalpak bo‘lib ko‘rinar, mudroq daraxtlar ana shu oq ustiga o‘zlarining shoxlarini egib turardi. Nazarida bu yer ochiq dalaga nisbatan yorug‘roqqa o‘xsharli; zarang daraxtining panjaga o‘xshash barglari xiyobonning sariq qumidan qat’iy ajralib turadi, qabr toshlaridagi va haykallardagi lavhalar ham ravshan ko‘rinib turibdi. Avvaliga Startsev hayotida birinchi marta ko‘rayotgani, ehtimol, boshqa safar ko‘rishga to‘g‘ri ham kelmas, boshqa narsaga sira o‘xshamovchi dunyoni ko‘rib, g‘oyat ajablandi, bu dunyoda oy nuri shunday yumshoq va yaxshiki, go‘yo uning belanchagi shu, bunda hayotdan asar yo‘q, har bir qorayib ko‘rinayotgan terakda, har bir qabrda sokin, go‘zal va mangu hayot va’da qiluvchi sir borligi yaqqol sezilib turardi. Qabr toshlaridan va kuz nafasi ingan barglar bilan so‘lib qolgan gullardan, qayg‘i-hasrat va osoyishtalik anqirdi.
Tevarak-atrof sokin, yulduzlar osmonda osoyishta termuladilar. Startsevning qadami quloqqa dag‘al chalinadi. Cherkovda soat zangi urilganda u o‘zini o‘lgan deb, bir umrga, mangu shu yerga ko‘milgan deb tasavvur etdi, uning nazarida kimdir qarab turganday tuyildi, bir lahza u bular — jimlik ham, osoyishtalik ham emas, o‘limni istash, chuqur umidsizlik degan fikrni ko‘nglidan o‘tkazdi.
Demettining haykali, tepasiga farishta shakli o‘rnatilgan kichik cherkov tarzda ishlangan edi; bir vaqtlari Italiya opera teatri o‘tib ketayotib S. shahriga qo‘ngandi, o‘shanda bir artistka vafot etgan, uni shu yerga ko‘mib, ana shu haykalni qo‘ygandilar. Shaharda u artistkani allaqachon hamma unutib yuborgan, ammo kiraverishdagi sham chiroq oy nurini o‘zida aks etdirib, yonayotganga o‘xshardi.
Hech kim yo‘q edi. Yarim kechada bu yerga kim kelardi? Ammo, Startsev bo‘lsa kutardi, go‘yo oy nuri uning ehtiroslarini yanada yallug‘lantirib yuborganday zo‘r ehtiros bilan kutar, o‘z ko‘nglida o‘pish va quchoqlashii tasavvur etardi. U, haykal yonida yarim soatcha kutdi, keyin shlyapasini qo‘liga olib, yonboshdagi xiyobonda yura boshladi. U kutib yurib, bu qabrlarga qanchadan-qancha go‘zal, jozibali, ishq-muhabbat qo‘ygan, kechalari erkalashlarga berilib, ehtiros bilan yongan xotinlar, qizlar ko‘milganini o‘ylardi. Aslini olganda, ona-tabiatning kishi ustidan bunday yomon hazil qilishi ko‘ngilsiz narsa, yana bunga iqror bo‘lish alam qiladi! Startsev ana shunday mulohaza qilar, ayni mahalda nima bo‘lsa hamki muhabbat kelishini kutayotganini, shuni juda-juda xohlashini bor kuchi bilan baqirib aytgusi kelardi. Uning ko‘z oldida oqarib ko‘rinayotgan marmar tosh emas, ajoyib badandek tuyular, u uyatchanlik bilan daraxtlar soyasiga o‘zini yashirgan qomatlarni ko‘rganday, issiq haroratni sezganday bo‘lardi, shuning uchun kutish unga g‘oyat og‘ir va azobli tuyilardi.
Go‘yo birdan parda yopildi-yu, oy bulutlar orasiga kirib, hamma yoq qop-qorong‘i bo‘lib ketdi. Startsev xuddi kuz kechalaridagi singari qorong‘i bo‘lib ketganidan darvozani ham zo‘rg‘a izlab topdi, keyin izvoshini qoldirgan tor ko‘chani qariyb bir yarim soatga yaqin qidirdi.
— Men juda charchadim, zo‘rg‘a oyog‘imda turibman, — dedi u Panteleymonga qarab.
Startsev zo‘r huzur-halovat bilan izvoshiga o‘tirarkan, ko‘nglidan: «Eh, ortiqcha semirmaslik kerak» degan xayolni o‘tkazdi.
III
Ertasi kun kechqurun Startsev qizga uylanmoqchi ekanini aytgani Turkinlar uyiga bordi. Lekin, buning mavridi emas ekan. Yekaterina Ivanovnani o‘z xonasida sartarosh sochini tarardi. Qiz klubga, tantsa kechasiga borishga tayyorlanmoqda edi.
Yana yemakxonada uzoq o‘tirishga, choy ichishga to‘g‘ri keldi. Ivan Petrovich mehmonning xayolga botganini va zerikib o‘tirganini ko‘rib, jiletkasi cho‘ntagidan ish boshqaruvchisi nemisning kulgili xatini olib, o‘qib berdi, xatda u mulkdagi barcha qulf-lo‘kidonlar ishdan chiqib, oriyatlar qulaganini ma’lum qilardi.
Startsev parishon xotirlik bilan eshitar, o‘zicha: «bular chamamda, bir dunyo sep bersalar kerak» deb o‘ylardi.
U kechagi uyqusiz tundan keyin birov unga uxlatadigan va allaqanday shirin bir narsa ichirganday karaxt, dovdirab o‘tirardi; ko‘ngli xira-yu, ammo shod va iliq bir tuyg‘uni sezib turardi, ayni mahalda allaqanday sovuq va og‘ir bir narsa miyasiga joylashib olib:
«Vaqt borida bu yo‘ldan qayt! Senga u munosibmi? U qiz erka, injiq, kunduz naq soat ikkigacha uxlaydi, sen bo‘lsang bir dyachokning o‘g‘lisan, o‘zing zemstvo vrachi…» derdi.
«Xo‘sh, shunday bo‘lsa nima qipti? — deb o‘ylardi u, — mayli-da».
«Buning ustiga, agar sen bu qizga uylansang, — deb boyagi miyaga joylashgan mulohaza ovoz berardi, — uning ota-onalari seni zemstvo xizmatini tashlashga va o‘zingni shaharda yashashga majbur qiladilar».
«Nima qipti? — derdi Startsev, — shaharda yasha deyishsa, shaharda yashay beramiz-da. Sep berishadi, uy-joy jihozlarini yaxshilab olamiz…»
Nihoyat balga kiyiladigan chuqur o‘yma yoqali ko‘ylakda, suluv va ozoda Yekaterina Ivanovna xonaga kirib keldi. Startsev unga mahliyo bo‘lib qoldi va shunday zavqlanib ketdiki, biron so‘z deyishga ham ojiz, faqat unga tikilib, jilmayardi, xolos.
Qiz xayrlasha boshladi, endi unga bu yerda o‘tirish kerak emas edi, — o‘rnidan turdi-da, uyiga ketishi kerakligini, uni bemorlar kutayotganini aytdi.
— Nima ham deymiz, — dedi Ivan Petrovich, — mayli, yo‘lakay Kotikni klubga tashlab o‘ting.
Tashqarida shivalab yomg‘ir yog‘ardi, g‘oyat qorong‘ilikdan izvoshning qayerda turganini faqat Panteleymonning yo‘talgan ovozidangina bilib olish mumkin edi. Izvoshning soyabonini ko‘tarib qo‘yishdi.
— Men gilamda yuribman, sen yolg‘onni suribsan, — derdi Ivan Petrovich qizini aravaga o‘tqizarkan, — u yo‘lda, yolg‘oni o‘ngu so‘lda… Qani jo‘nay ber! Salomat bo‘lsinlar, qani marhamat.
Jo‘nashdi.
— Men kecha qabristonga bordim, — deb so‘z boshladi Startsev, — siz tomondan qilingan bu shafqatsizlik va iltifotsizlik…
— Siz qabristonga bordingizmi?
— Ha, bordim, sizni qariyb soat ikkigacha kutdim, men g‘oyat iztirob chekdim…
— Mayli, hazilni bilmaganingizdan keyin, iztirob cheka bering.
Ekaterina Ivanovna sevgan odami ustidan ana shunday hazil qilgani va uni g‘oyat sevganidan mamnun va shod xoxolab kuldi-da, to‘satdan baqirib yubordi. Xuddi shu lahzada otlar klub darvozasi tomon to‘sat burilib, arava bir tomonga qiyshayib ketgan edi. Startsev Yekaterina Ivanovnani belidan quchoqlab oldi; qo‘rqqanidan esi chiqib ketgan qiz unga yopishdi, o‘zini tutib turolmagan Startsev zo‘r ehtiros bilan uning labidan, baqbaqasidan o‘pdi-da, uni mahkamroq quchoqladi.
— Bo‘ldi, — dedi qiz sovuqqina qilib.
U bir onda izvoshdan g‘oyib bo‘ldi, klubning charog‘on eshigi oldida turgan mirshab Panteleymonga qarab dag‘al, yo‘g‘on ovozda:
— Hoy, anqov, nega to‘xtab turibsan? Jo‘na yo‘lingga! — deb baqirdi.
Startsev uyiga ketdi, ammo oradan sal o‘tmay qaytib keldi. U birovning fragini kiyib keldi, bo‘yniga taqqan oq dag‘al galstugi do‘ppayib turar va yoqasidan sirg‘anib ketaverar edi. Startsev yarim kechada klubning mehmonxonasida o‘tirib, zo‘r ishtiyoq bilan Yekaterina Ivanovnaga gap ma’qullardi:
— O, muhabbat dardini tortmaganlar, bu haqda hech nima bilmaydilar? Mening nazarimda hech kim chin muhabbatni to‘la ifoda etolmagan, chindan ham bunday nozik, quvonchli va iztirob to‘la hisni ifoda etib bo‘larmidi, kimki muhabbatni biron marta boshidan kechirgan ekan, u sira-sira uni so‘z bilan ifoda qilolmaydi. Debochaning, ifodaning nima hojati bor? Bu befoyda so‘zamollik kimga kerak? Mening muhabbatim cheksiz… Iltimos qilaman, o‘tinib so‘rayman sizdan, — nihoyat jazm qilib dedi: — menga teging!
— Dmitriy Ionich, — dedi o‘ylab olib, juda ham jiddiy bir qiyofada Yekaterina Ivanovna, — Dmitriy Ionich, menga ko‘rsatgan iltifotingiz uchun chin yurakdan tashakkur bildiraman, men sizni hurmat qilaman, ammo… — u o‘tirgan o‘rnidan turib, tik turganicha so‘zida davom etdi, — ammo, meni kechiring, sizga tega olmayman. Jiddiy gaplashib olaylik. Dmitriy Ionich, o‘zingiz ham juda yaxshi bilasizki, men hayotimda hamma narsadan ko‘ra san’atni sevaman, muzikaga berilganman va hayotimni unga bag‘ishlaganman. Men artistka bo‘lishni istayman, shon-shuhrat, muvaffaqiyat va ozodlikni istayman, siz bo‘lsangiz, meni shu shaharda qolib yashashimni, ana shu bekorchi va befoyda, jonga tekkan, azob-uqubatdan iborat hayotda qolishimni istaysiz. Erga tegish, o, yo‘q, kechirasiz, aslo! Odam oliy maqsadga, yorqin niyatga intilmog‘i kerak, oilaviy hayot bo‘lsa bir umrga mening oyoq-qo‘limni bog‘lab qo‘yadi. Dmitriy Ionich (u «Dmitriy Ionich» deyar ekan «Aleksey Feofilaktich»ni eslab miyig‘ida kulib qo‘ydi), Dmitriy Ionich, siz olijanob, muruvvatli va aqlli, hammadan yaxshi odamsiz… — uning ko‘zida yosh ko‘rindi, — men sizga butun qalbim bilan achinaman, ammo… o‘zingiz ham tushunasiz-ku…
Shunday degach, yig‘lab yubormaslik uchun u yuzini chetga o‘girdi va mehmonxonadan chiqib ketdi.
Startsev yuragining dukillashi bosildi. U klubdan ko‘chaga chiqqanida eng avval bo‘ynidagi dag‘al galstukni yechib tashlab, ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi. U ozgina xijolat chekkan, izzati-nafsi koyigan edi. Startsev uning rad etishini kutmagan edi, u o‘zining butun orzu-istaklari, azob-uqubatlari va ishonch-umidlari havaskorlar qo‘ygan kichik pesadagi kabi bema’ni tarzda tugaganiga ishongisi kelmasdi. U o‘zining ana shu muhabbati, his-to‘yg‘ulariga shunday achindiki, alam qilganidan yig‘lab yuborishga yoki zont bilan Panteleymoniing keng yelkasiga tushirib qolishga tayyordek edi.
Uch kun mobaynida uning qo‘li ishga bormadi, ovqat o‘tmadi, tunlari mijja qoqmadi, ammo Yekaterina Ivanovnaning konservatoriyaga kirmoq uchun Moskvaga jo‘nab ketgani Startsev qulog‘iga yetgach, u butunlay ovinib, xotirjam bo‘lib qoldi va avvalgiday yashay boshladi.
Keyinchalik, ba’zi-ba’zida o‘zining qabristonda laqillab yurganini, yoki butun shaqarni aylanib, frak izlaganini eslar ekan, loqaydlik bilan kerishar va:
— Voy-bo‘y, bir dunyo ovoragarchilik edi-ya! — deb qo‘yardi.
IV
Oradan to‘rt yil o‘tdi. Startsev endi shaharda tajribali doktor bo‘lib qoldi. Har kuni ertalab u Dyalijda kasallarni shoshilib qabul qilar, keyin shaharga tushib, bu yerda bemorlarni ko‘rardi. Shaharga avvalgiday ikki ot qo‘shilgan emas, uch otli, qo‘ng‘irog‘i jiringlab turgan izvoshda keladigan bo‘ldi, uyiga kech, allamahalda qaytardi. O‘zi ancha semirib, yo‘g‘on tortgan, fe’li o‘zgarib, yumshab qolgan edi, nafas siqilish kasaliga yo‘liqib qolganidan piyoda yurishni jini sevmasdi. Panteleymon ham semirib ketdi. U tobora to‘lishib, og‘ir-og‘ir nafas olar, aravakashlik yomon jonga tegdi, deb o‘zining qismatidan shikoyat qilardi.
Startsev har kimlarning uyida bo‘lar, shu tufayli turli kishilar bilan uchrashardi, lekin shunga qaramay biron kishi bilan inoq bo‘lmadi. Obivatellar o‘zining mulohazalari, hayotga bo‘lgan qarashlari, hatto o‘z ko‘rinishlari bilan uning g‘ashini keltirar edi. Tajriba sekin-asta uni shunga o‘rgatdiki, agar obivatel bilan karta o‘ynayotgan yoki u bilan ichib o‘tirgan bo‘lsang, bunday paytda u sofdil, ko‘ngilchan, hatto anchayin bama’ni odam, ammo u bilan biron hazil qilib bo‘lmaydi, jumladan deylik, siyosat yoki fan to‘g‘risida gaplashib qolguday bo‘lsang, u darhol kalavasining uchini yo‘qotib, dovdirab qoladi yoki shunday bo‘lmag‘ur va ahmoqona bir falsafani gapira boshlaydiki, kishi noiloj undan qo‘l siltashga va bir chetga chiqib ketishga majbur bo‘ladi. Startsev hatto liberal obivatel bilan gaplashib qolib, unga jumladan; mana, xudoga shukurki, insoniyat olg‘a qarab ketyapti, shunday zamonlar keladiki, u pasportsiz va o‘lim hukmisiz ham tirikchilik qila oladi, degan edi, obivatel unga ishonmagan holda ko‘z qiri bilan qarab: «Demak, o‘sha mahalda har kim o‘zi istagan odamini ko‘chada so‘yib keta berar ekan-da?» dedi. Bir safar Startsev, jamoat orasida kechki ovqat mahalida yoki choy ichilib turganda mehnat qilmoq kerak, mehnatsiz yashab bo‘lmaydi desa, shu yerda o‘tirganlarning bari bizni ta’na qilyapti deb, jahllari chiqib ketibdi va jon-jahdlari bilan bahslashishga tushibdi. Shunday bo‘lsa-da, obivatel hech qanday ish bilan shug‘ullanmaydi, mutlaqo hech narsa qilmaydi, hech nimaga qiziqmaydi, shuning uchun ham ular bilan nima to‘g‘rida gaplashishni o‘ylab topish amri mahol. Shu sababdan Startsev ular bilan gaplashmaslikka harakat qilar, faqat birga ichar, karta o‘ynar, agar biron odamning uyidagi oilaviy o‘tirish ustiga kirib qolsa, uni dasturxonga taklif etishsa, u indamay o‘tirib, faqat o‘zining tarelkasiga qaraganicha jim ovqat yerdi; ana shu taom vaqtida nima to‘g‘ridaki gapirilgan bo‘lsa ularning bari uning uchun bo‘lmag‘ur, adolatsiz, ahmoqona bir gap bo‘lib ko‘rinar, g‘ashini keltirar va bezovta qilardi, shunda ham bir nima deb gapirmasdi. Shuning uchun ham hamisha tarelkadan ko‘z uzmay, qat’iyat bilan jim o‘tirishidan shaharda uni polyak bo‘lmaganiga qaramay «kekkaygan polyak» deb laqab qo‘yib olishgandi.
Teatr va kontsertlar singari ko‘ngil ochar joylarga u bormas, ammo har kecha karta o‘yinini uch soatlab huzur qilib o‘ynardi. Uning yana bir ko‘ngil ochar mashg‘uloti bor, bu mashg‘ulotga u, o‘zi sezmagani holda, asta-sekin ko‘nikib ketdi, ya’ni Startsev kechalari cho‘ntaklaridan bemorlardan tushgan qog‘oz pullarni olib sanardi, sariq va ko‘k qog‘ozlari ham bo‘lardiki, ulardan atir, sirka va buxo‘r isi, ba’zilaridan mol hidi kelardi. Barcha cho‘ntaklarga tiqib tashlangan bu pullar har kuni yetmish so‘mcha bo‘lardi; pullar bir necha yuz so‘mga yetganda Startsev ularni «o‘zaro kredit jamiyati»ga olib borib, joriy schyotga qo‘yib kelardi.
Ekaterina Ivanovna ketib qolganidan beri o‘tgan to‘rt yil ichida u Turkinlar uyida atigi ikki marta bo‘ldi, har ikkala safar ham hozirgacha bosh og‘rig‘i dardidan davolanayotgan Vera Iosifovna taklif qilgan edi. Har yili yozda Yekaterina Ivanovna ota-onalari uyiga kelar, ammo Startsev uni biron marta uchratmagandi; nimayam bo‘lib to‘g‘ri kelmasdi.
Shunday qilib oradan to‘rt yil o‘tib ketdi. Bir safar, sokin va iliq ertalabki pallada kasalxonaga maktub olib kelishdi. Vera Iosifovna Dmitriy Ionichga uni juda sog‘inganini, marhamat qilib albatta uylariga kelishini va o‘zining dardiga malham bo‘lib, tortayotgan azobini yengillatishni, ha aytganday xuddi shu kuni uning tug‘ilgan kuni ekanini yozib yuborgandi. Maktubning ostiga: «Oyimning bu iltimoslariga men ham qo‘shilaman. K » degan ilova qo‘shilgan edi.
Startsev o‘ylab ko‘rib, shu kuni kechqurun Turkinlar uyiga jo‘nab ketdi.
— A, marhamat qilib kelsinlar, — deb uni kutib oldi Ivan Petrovich bir ko‘zi bilan jilmayib. — Qadamlariga hasanot!
Sochlari oqarib ketgan, ancha qarib qolgan Vera Iosifovna Startsevning qo‘lini siqarkan odaticha chuqur tin oldi-da:
— Siz, doktor, meni davolashni istamaysiz, biznikiga mutlaqo kelmaydigan bo‘lib ketdingiz, men endi sizga qarilik qilaman. Mana, yoshrog‘i, hali o‘n gulidan bir guli ochilmagani keldi, ehtimol, u baxtliroq bo‘lar, — dedi.
Kotik-chi? Kotik ozib ketibdi, yuzlari oqaribdi, lekin o‘zi avvalgidan ancha chiroyli, qaddi-qomati yanada xushbichim bo‘libdi; ammo u endi avvalgi Kotik emas, Yekaterina Ivanovna bo‘lib ketgandi; bir vaqtlardagi qirchillamaligi, bolalarcha soddaligidan asar qolmagandi. Endi uning qarashida, o‘zini tutishida, allaqanday yangi bir narsa, tortinchoq gunohkorona bir ifoda mavjudki, go‘yo u bu yerda, Turkinlar uyida o‘zini begona odamdek his qilayotganga o‘xshardi.
— Necha yil, necha zamonlar o‘tib ketdi! — dedi u Startsevga ko‘rishmoq uchun qo‘lini cho‘zib; uning yuragi hayajon bilan urayotgani sezilib turardi; Kotik doktor yuziga qiziqsinib qararkan, so‘zida davom etdi: — Qarang, siz judayam to‘lishib ketibsiz! Ancha qorayibsiz, ulg‘ayibsiz, umuman aytganda, deyarli o‘zgarmabsiz.
Hozir ham u doktorga yoqardi, juda yoqmoqda edi, lekin unda allaqanday kemtik, yetishmovchilik borday, yoki nimadir ortiqchaday — qizda nima kemtik bor yo nima ortiq — doktorning o‘zi ham aytolmasdi, ammo, avvalgiday his qilishga endi nimadir xalaqit bermoqda edi. Unga qizning rangsizligi, chehrasidagi yangi ifoda, zaif tabassum, ovozi yoqmadi, saldan keyin ko‘ylagi ham, u o‘tirgan kreslo ham, nimasi bilandir bir vaqtlari uylanishiga oz qolgan o‘tmish ham unga yoqmay qoldi. Doktor o‘z muhabbatini, bundan to‘rt yil muqaddam uni hayajonga solgan orzu va umidlarini esladi va bu xotiralardan o‘ng‘aysizlandi.
Shirin pirog bilan choy ichishdi. Shundan keyin Vera Iosifovna baland ovozda ro‘y bermaydigan narsalar yozilgan romanini o‘qib berdi, Startsev bo‘lsa uning kumushdek oqargan sochi, chiroyli boshiga qarab o‘tirib quloq soldi va qachon o‘qib bo‘larkin deb tugatishini kuta boshladi.
«Qobiliyatsiz odam, povestlar yozishni bilmagan odam emas, yozsa ham uni yashira olmagan odam» deb o‘yladi u.
— Chakkimas, — dedi Ivan. Petrovich.
Keyin Yekaterina Ivanovna uzoq vaqt sershovqin royal chaldi, tamom qilganida hamma ancha mahalgacha tashakkur aytib, minnatdorchilik bildirdi va uni maqtadi.
«Yaxshiyam unga uylanmagan ekanman» deb ko‘nglidan o‘tkazdi Startsev.
Qiz hadeb unga qarar, chamasi, hozir yuring bog‘chaga chiqib sayr qilamiz deb taklif etishini kutardi, ammo Startsev indamay o‘tirardi.
— Keling, gaplashamiz, — dedi qiz uning yoniga kelib. — Qanday yashayapsiz? Men keyingi kunlarda nuqul sizning to‘g‘ringizda o‘yladim, — asabiy ravishda so‘zida davom etdi u. — Men sizga xat yozmoqchi bo‘ldim, keyin Dyalijga, sizning oldingizga o‘zim kelmoqchi bo‘ldim, hatto kelishga qat’iy jazm qildim. Keyin aynidim — xudo biladi, siz endi menga qanday qaraysiz. Butun men sizning kelishingizni zo‘r hayajon bilan kutdim. Xudo xayringizni bersin, yuring boqqa chiqaylik.
Ular boqqa chiqib, xuddi bundan to‘rt yil avvalgiday keksa zarang daraxti ostidagi skameykaga o‘tirishdi. Qorong‘i tushib qolgandi.
— Turish-turmushingiz qalay? — deb so‘radi Yekaterina Ivanovna.
— Tuzuk, bir amallab qimirlab turibmiz, — deb javob qildi Startsev.
Boshqa biron nima deyish esiga kelmadi. Yana jim qolishdi.
— Men hayajonlanib ketyapman, — dedi Yekaterina Ivanovna qo‘llari bilan yuzini berkitib. — Ammo, siz bunga parvo qilmang. Uyga kelganimdan juda xursandman, hammani ko‘rib rosa quvondim, mana endi ko‘nikolmay turibman. Qanchadan-qancha xotiralar! Men o‘zimcha, siz bilan bir daqiqa tinmay, tong otguncha gaplashsak kerak, deb o‘ylagan edim.
Doktor shu topda uning yuzini, charaqlab turgan ko‘zini yaqindan ko‘rdi, bu yerda, qorong‘ilikda u uydagiga nisbatan ancha yosh ko‘rindi, hatto uning chehrasiga avvalgi bolalarcha sodda ifoda qaytib kelganday bo‘ldi. Chindan ham u sodda qiziqish bilan tikilib turardi. Go‘yo bu bilan u bir vaqtlari o‘zini otashin, g‘oyat nozik tuyg‘u va baxtsiz bir muhabbat bilan sevgan kishisini yaqindan ko‘rmoqchi-yu, uning fnkrini go‘yo bilmoqchi edi; uning ko‘zlari ana shu muhabbat uchun doktorga minnatdorlik izhor etmoqda edi. Doktor ham orada nimaiki o‘tgan bo‘lsa barini, hatto mayda-chuydasigacha esladi, o‘zining qabristonda ertalabgacha laqillab yurgani, o‘lguday horib-charchab uyiga qaytib kelgani xotirasidan o‘tdi, negadir to‘satdan xafa bo‘lib, o‘tmishiga achinib ketdi, qalbida iliq his uyg‘ondi.
— Esingizdami, men sizni klubga kuzatib borganim? — deb so‘rab qoldi u. — O‘shanda yomg‘ir yog‘ib turgandi, hamma yoq qop-qorong‘i edi…
Qalbdagi iliq his tobora avj olib, alangalandi, unda gapirish, hayotdan shikoyat qilish istagi tug‘ildi…
— Eh! — dedi u chuqur tin olib. — Mana, siz mendan turish-turmushing qalay, deb so‘rayapsiz. Biz bu yerlarda qanday turmush kechiramiz? Hech qanday. Qariymiz, to‘lishamiz, shu bilan tamom bo‘lamiz, tong otadi, kun botadi — ko‘ribsizki, bir kun o‘tib ketibdi, hayot ana shunday — hech qanday taassurotsiz, fikr-o‘ysiz, bir xilda, rangsiz o‘tib bormoqda… Kunduzi o‘lib pul topamiz, kechqurun klubga boramiz, u yerda jining sevmaydigan kartabozlar, aroqxo‘rlar, xirildoqlar bilan ulfat bo‘lamiz. Buning qanday yaxshi tomoni bor.
— Axir siz ishlaysiz, hayotingizda olijanob maqsad bor. Siz o‘z kasalxonangiz to‘g‘risida maroq bilan gapirardingiz. Men u mahalda allaqanday g‘alati qiz edim, o‘zimni olamda tengi yo‘q pianinochi deb his etardim. Hozir bo‘lsa qizlarning royal chalishi rasm bo‘lib ketdi, men hamma qatori chalardim. Menda hech qanday alohida bir nima yo‘q; oyim qanchalik yozuvchi bo‘lsa, men ham shunchalik pianinochiman. Albatta, u mahalda men sizga tushunmas edim, keyinchalik Moskvada sizning to‘g‘ringizda tez-tez o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Faqat sizning to‘g‘ringizda o‘ylardim. Zemstvo vrachi bo‘lish, azob-uqubat chekuvchi jafokashlar dardini yengillatish, xalqqa xizmat qilish qanday baxt bu! Qandayin zo‘r baxt! — deb takrorladi Yekaterina Ivanovna ko‘tarinki ruh bilan. — Men Moskvada, sizning to‘g‘ringizda o‘ylaganimda siz menga g‘oyat olijanob va ideal bir odam bo‘lib ko‘rinardingiz…
Startsev kechqurunlari cho‘ntaklaridan qog‘oz pullarni zo‘r mamnuniyat bilan olishini esladi-da, yuragidagi alanga so‘ndi.
U uyiga ketmoqchi bo‘lib, o‘rnidan turdi. Qiz uni qo‘ltiqlab oldi.
— Umrimda ko‘rgan odamlarim ichida eng a’losi sizsiz — deb so‘zida davom qildi qiz. — Biz siz bilan ko‘rishib, gaplashib turamiz, to‘g‘rimi? Menga shuni va’da qiling. Men o‘zim to‘g‘rimda endi xato fikr qilmaydigan bo‘lib ketganman, pianinochi ham emasman, sizning huzuringizda uni chalmayman ham, muzika to‘g‘risida gapirmayman ham.
Uyga qaytib kirishganda Startsev kechqurungi chiroqda uning g‘amgin yuziga, sinovchan va minnatdor nazar bilan o‘ziga boqib turgan ko‘zlariga qaradi-da, besaranjom bo‘lib qolganini sezib, yana: «yaxshiyam o‘shanda bu qizga uylanmagan ekanman» deb ko‘nglidan o‘tkazdi.
U xayrlasha boshladi.
— Siz, biz bilan kechki ovqatni yemay turib ketishga hech qanday huquqingiz yo‘q, — dedi uni kuzatarkan Ivan Petrovich. — Bu narsa siz tomondan g‘oyat teskari. Xo‘sh, qani, bir qiyofaga kirchi! — dedi u dahlizda turgan Pavaga qarab.
Endi yosh bola emas, mo‘ylovi sabza bo‘lib qolgan Pava darhol qiyofaga kirdi, qo‘llarini baland ko‘tarib, fojiali tovushda:
— Ul bebaxt! — deb baqirdi.
Bularning hammasi Startsevning g‘ashini keltirmoqda edi. U izvoshga o‘tirar ekan, bir vaqtlari o‘ziga g‘oyat yoqimli va qimmat bo‘lgan, qorayib ketgan uy bilan bog‘chaga qaradi-da, darhol barcha narsani: Vera Iorifovnaning romanlarini, Kotikning qattiq royal chalishini, Ivan Petrovichning askiyalarini, Pavaning fojiali qiyofaga kirishini esladi, agar butun shahar bo‘yicha eng qobiliyatli deb atalgan kishilar mana shunday no‘noq bo‘lsa, bu holda shaharning o‘zi qanday bo‘lishi mumkin, deb o‘yladi.
Oradan uch kun o‘tgach Pava Yekaterina Ivanovnadan xat olib keldi.
«Siz biznikiga kelmay qo‘ydingiz. Nima uchun? — deb yozgan edi qiz. — Men sizning bizga boshqacha munosabatda bo‘lib qoldingizmi deb qo‘rqaman, men bundan cho‘chiyman, ana shu fikrning o‘ziyam meni qo‘rqitmoqda. Menga tasalli bering, biznikiga keling va menga hamma narsa joyida, avvalgiday yaxshi deb, tinchiting.
Men siz bilan, albatta, gaplashishim zarur. Sizning Ye. T.».
U xatni o‘qib chiqdi-da, o‘ylab turib, Pavaga:
— Menga qara, azizim, borib aytginki, bugun borolmayman, men juda bandman, — dedi. — Aytgin boraman, taxminan uch kunlardan keyin.
Uch kun o‘tdi, bir hafta o‘tdi, undan darak bo‘lmadi. Bir safar, nimayam bo‘lib Turkinlar uyi yonidan o‘tib ketayotib, bir minutga bo‘lsa ham kirib chiqish kerak, deb eslab qoldi. Eslab qoldi-yu… kirmay o‘tib ketaverdi.
Bundan keyin u Turkinlar uyida boshqa hech qachon bo‘lmadi.
Oradan yana bir necha yil o‘tib ketdi. Startsev avvalgidan badtar semirib, jir boylab, og‘ir nafas oladigan, kekkayib yuradigan bo‘lib qoldi. Dumaloq, qip-qizil Startsev o‘zining qo‘ng‘iroqchalar osilgan uch otlik izvoshida ketarkan, dumaloq, qizargan, bo‘ynini yog‘ bosgan Panteleymon ham oldinda o‘tirib, yog‘och singari qotib turgan qo‘llarini oldinga uzatganicha ro‘para kelib qolganlarga: «O‘ng qo‘ldan yur» deb qichqiradi, bu manzara shunday salobatli ediki, kishi nazarida go‘yo odam emas, majusiylar xudosi kelayotganga o‘xshardi. Shaharda uning ishi g‘oyat yurishib ketgan, qo‘li-qo‘liga tegmaydi, bosh qashlashga fursati yo‘q, lekin endi u yer-mulkka, shaharda ikki uyga ega, hozir uchinchi uyni sotib olishni mo‘ljallab, arzonroq tushirib olish payida yuribdi. Unga «O‘zaro kredit jamiyati»da sotishga belgilangan biror uy borligi to‘g‘risida gapirib qolishguday bo‘lsa, u hech taptortmay o‘sha uyga to‘g‘ri kirib boradi-da, hali kiyinmagan ayollar va bolalarni nazar-pisand qilmay, butun xonalarni aylanib chiqadi, ularning hayrat va qo‘rquv ichida tikilib qolganlariga hech bir e’tibor qilmay, barcha eshiklarni hassasi bilan turtib:
— Bu yer nima, kabinetmi? Bu-chi, yotoqxonami? Bu yerda nima? — deb surishtiradi.
Shunday deb yurib, nafasi bo‘g‘iladi, peshonasidan terlarini artadi.
Uning tashvishi boshidan oshib yotibdi. Lekin u, zemstvodagi vazifasini tashlamaydi; och ko‘zlik dardiga uchragan: u yerdan ham, bu yerdan ham quruq qolmay, deydi. Dyalijda ham, shaharda ham endi uni oddiygina qilib Ionich deb atashadi. «Bu Ionichimiz qayoqqa qarab ketyapti?» yoki «Ionichni vrach maslahatiga chaqirsakmikin?» deyishadi.
Ehtimol, tomog‘ini yog‘ bosib ketgandir, uning ovozi ham o‘zgarib, ingichka tortib, chiyillab qoldi. Xarakteri o‘zgardi: salga jahli chiqib ketadigan, badfe’l bo‘lib qoldi. Kasallarni qabul qilayotganda ham jahli chiqadi, hassasi bilan polga do‘qillatib uradi-da, yoqimsiz tovush bilan:
— Faqat savollarimga javob qiling! Gap sotmang, — deb baqiradi.
O‘zi hamon yolg‘iz, zerikarli hayot kechiradi, uni hech narsa qiziqtirmaydi.
O‘zining mana shu Dyalijda o‘tgan butun umri ichida uning yakka-yu yagona quvonchi, ehtimol oxirgisi ham, Kotikka bo‘lgan muhabbati edi. Kechqurunlari klubda karta o‘ynaydi, keyin yolg‘iz o‘zi kattakon stol yonida o‘tirib ovqatlanadi. Unga eng keksa va hurmatli lakey Ivan xizmat qiladi. Startsevga lafit 17 degan vino berishadi, chunki, bu yerda hamma — klub starshinasi ham, oshpaz ham, lakey ham uning nimani yaxshi ko‘rib, nimani yoqtirmasligiii yaxshi biladi, butun jon-jahdlari bilan unga yoqishga, xursand qilishga tirishadilar, bo‘lmasa, xudo ko‘rsatmasin, birdan jahli chiqib ketib, hassasi bilan polni uradi.
Ovqat yeb o‘tirib, ba’zida u orqasiga o‘girilib qaraydi-da, bo‘layotgan gapga aralashib:
— Siz nima to‘g‘risida gapirayotibsiz? A? Kimni? — deydi.
Ba’zan o‘tirgan stoli yonida kimdir Turkinlar to‘g‘risida gap ochib qolsa, u:
— Siz qaysi Turkin to‘g‘risida gapirayotibsiz? Haligi qizi fortepyano chaladigan Turkinmi? — deb so‘raydi.
Mana, Turkin oilasi to‘g‘risida shunigina biladi.
Turkin oilasi endi qanday? Ivan Petrovich qarigani yo‘q, unda hech qanday o‘zgarish yuz bermagan, avvalgiday hamon askiya qiladi va latifalar aytadi; Vera Iosifovna mehmonlarga ilgarigiday samimiy, soddalik va maroq bilan o‘z romanlarini o‘qib beradi. Kotik bo‘lsa har kuni, to‘rt soatcha royal chaladi. U sezilarli darajada qarigan, kasalmand, har yili kuzda onasi bilan Qrimga boradi. Ularni vokzalga kuzatgani chiqqan Ivan Petrovich poyezd yo‘lga tushganda ko‘z yoshlarini artib, ular orqasidan:
— Marhamat qilib, xayr! — deb qichqiradi.
Va ro‘molchasini silkitadi.
Sami Abduqahhor tarjimasi

