Grisha, bundan ikki yilu sakkiz oy ilgari dunyoga kelgan do‘ndiqqina bola, enagasi bilan bulvarni sayr qilib yuradi. Egnida paxtalik to‘n, bo‘ynida sharf, boshida cho‘qqisiga kattakon paxmoq tugma tikilgan qalpoq, oyog‘ida esa issiq kalish. U isib ketganidan nafasi siqilib, terlab pishadi, buning ustiga aprelning sho‘x quyoshi ko‘zlarini qamashtiradi.
Uning qo‘pol, cho‘chibroq bitta-bitta qadam tashlab boruvchi gavdasida hayrat alomati zohir edi.
Shu mahalgacha Grisha faqat to‘rt burchakli olamni bilar edi; bir burchakda o‘zining krovati, ikkinchi burchakda — enagasining sandig‘i, uchinchi burchakda — stul, bo‘lib, to‘rtinchisida shamchirog‘ yonib turardi. Krovat tagiga engashib qarasa, bir qo‘li sindirilgan qo‘g‘irchoq bilan do‘mbirani ko‘rardi, enagasi sandig‘ining orqasidagi narsalarning sanog‘i yo‘q: g‘altaklar, qog‘oz parchalari, qopqog‘i yo‘q qutichalar, siniq masxaravoz qo‘g‘irchoq va boshqalar yotadi. Bu olamda Grisha bilan enagadan boshqa ko‘pincha onasi va mushugi ham bo‘lib turadi. Onasi qo‘g‘irchoqqa o‘xshaydi, mushuk esa dadasining po‘stiniga o‘xshaydi, ammo po‘stinining ko‘zi bilan dumi yo‘q. Go‘daklar bo‘lmasi deb atalgan olamning eshigidan kattakon bo‘shliqqa chiqiladi, u yerda ovqat yeyiladi, choy ichiladi. Bu yerda Grishaning baland stuli turadi, devorda esa soat osig‘liq bo‘ladi, bu soatning kapgirchasini silkitish va jom chalishdan boshqa ishi yo‘q. Ovqatxonadan qizil kreslolar tizilib turgan bo‘lmaga o‘tish mumkin. Yerga solingan gilamning o‘rtasida kattakon dog‘ bor, bu dog‘ uchun hamon Grishaga barmoq o‘qtalishadi. Undan keyin yana bir bo‘lma bor, u yerga hech kim kiritilmaydi. U yerda faqat dadasi turadi, u nihoyat darajada sirli shaxs ko‘rinadi. Enaga bilan onasi ma’lum: ular Grishani kiyintirishadi, unga ovqat yegizishadi, krovatga yotqizib uxlatishadi, ammo dadasining nimaga kerak ekanligi — noma’lum! Yana bir sirli shaxs bor bu dunyoda: u — Grishaga do‘mbira olib bergan xolasi. U goh paydo bo‘ladi, goh g‘oyib bo‘ladi. Qayoqqa g‘oyib bo‘lar ekan u? Grisha ko‘pincha krovat tagini qaraydi, sandiqning orqasini, divanning tagini qidiradi — yo‘q…
Bu yangi, ko‘zni qamashtiruvchi quyoshli olamda esa dadalar, onalar, xolalar shu qadar ko‘pki, qaysi birining oldiga chopib borishingni bilmaysan. Ammo hammadan qizig‘i va g‘alatisi — otlar. Grisha yurib borayotgan otlarning oyoqlariga tikiladi, ammo hech narsa tushuna olmaydi. O‘zini ajablantirgan narsani tushuntirib berish uchun enagasiga qaraydi, ammo enaga indamaydi.
Birdan unga dahshatli gursillash tovushi eshitiladi… Qo‘ltiqlariga hammom supurgilari qistirgan, yuzlari qip-qizil bir to‘da soldat bulvardan to‘g‘ri uning ustiga bostirib kelmoqda edi. Grishani vahima bosib, badani jimirlashib ketadi. Qo‘rqinchli emasmi, deb enagasiga qaraydi. Enagasi yig‘lamaydi ham joyida turadi, demak, xavf yo‘q. Grisha soldatlarni ko‘zi bilan kuzatadi va o‘zi ham ularning qadamiga moslab qadam tashlaydi.
Ikkita uzun tumshuq katta mushuk tilini osiltirib, dumlarini xoda qilib, bulvardan chopishib o‘tdi. Grisha men ham chopsam bo‘lar ekan deb, mushuklar ketidan yuguradi.
— To‘xta! — deb qichqiradi enaga uning yelkasidan siqib ushlab, — Qayoqqa chopasan? Kim aytdi senga sho‘xlik qilsin deb!
Bir joyda qandaydir enaga tog‘orada apelsin olib o‘tirardi. Grisha uning yonidan o‘tib bora turib, imdamasdan bir apelsin oladi.
— Nega bunday qilasan? — deb qichqiradi enaga va Grishaning qo‘liga bir urib, apelsinni tortib oladi. — Tentak.
Endi Grisha, oyog‘i tagida shamchirog‘day yaltirab yotgan siniq shishani olgusi keladi, ammo yana qo‘limga uradi deb qo‘rqadi.
Grisha xuddi qulog‘ining ustida bir kimsaning:
— Salom! — degan yo‘g‘on ovozini eshitadi va tugmalari yaltiroq novcha kishini ko‘radi.
U kishining enagaga qo‘l berishidan va tuxtab gapirishidan Grisha nihoyatda xursand bo‘ldi. Quyoshning nuri izvoshlarning taraqa-turuqi, otlarning chopishi, yaltiroq tugmalar, — bularning barisi shu qadar yangi va hech qo‘rqinchli emas ediki, Grisha xaxolab kuladi.
— Yur! Yur! — deb qichqiradi u, yaltiroq tugmali kishining etagidan tortib.
— Qayoqqa yuramiz? — deb so‘raydi kishi.
— Yur! — deb undaydi Grisha.
Uning onamni ham, dadamni ham, mushukni ham birga olib kelsak yomon bo‘lmasdi degusi keldi, biroq tilidan butunlay boshqa narsalar chiqadi.
Bir pasdan keyin enaga bulvardan burilib, Grishani qor bosib yotgan katta qo‘raga yetaklab kiradi. Yaltiroq tugmali kishi ham ular bilan birga. Qor uyumlarini va ko‘lmaklarni aylanib o‘tishadi, keyin iflos va qorong‘u pillapoyadan chiqib, uyga kirishadi. Uyni tutun bosgan, piyozdog‘ hidi keladi, qandaydir bir xotin pechka yonida turib kotlet pishirmoqda. Kuxarka bilan enaga o‘pishib ko‘rishadi, birga kelgan kishi bilan skameykaga o‘tirib sekin-sekin gapirishadi. Burkab o‘ralgan Grisha isib ketib, nafasi bo‘g‘iladi.
«Bu nimadan ekan?» deb o‘ylaydi va atrofga ko‘z tashlaydi.
Tepada is bosgan qora shipni, yerda kattakon otashkurakni, o‘chog‘i katta pechkani ko‘radi…
— A-ya! — deb qichqirdi u cho‘zib.
— Ha, bo‘ldi! Bo‘ldi! — deydi enaga, — Bir pas tursang hech narsa bo‘lmas!
Kuxarka stolga bir shisha, ikki ryumka va somsa keltirib qo‘yadi. Ikkala xotin va yaltiroq tugmali kishi ryumkalarni urishtirib, bir necha marta ichishadi. Haligi kishi bo‘lsa goh enagani, goh kuxarkani quchoqlaydi. Keyin uchchovlashib sekin qo‘shiq aytishadi.
Grisha somsaga qo‘lini cho‘zadi, unga bitta somsa berishadi. U, somsani chaynab, enaganing ichishiga qarab turadi… Uning ham ichgusi keladi.
— Menga ham ber! Enaga, ber! — deydi.
Kuxarka o‘z ryumkasidan unga bir qultum ichkizadi. Grishaning ko‘zlari olayib ketadi, yo‘taladi, qo‘llarini silkitadi, kuxarka bo‘lsa unga qarab kuladi.
Uyga qaytishgandan keyin Grisha qayerlarga borganini, nimalarni ko‘rganini onasiga, devorlarga, krovatiga gapirib berdi. Butun gapni u so‘z bilan emas, ko‘pincha qo‘llari va yuzi bilan aytdi. Quyoshning yaltiraganini, otlarning chopishini, baqaybat pechkani, kuxarkaning ichishini ko‘rsatdi…
Kechqurun u hech uxlay olmadi. Supurgi ko‘targan soldatlar, katta mushuklar, otlar, siniq shisha, apelsin solingan tog‘ora, yaltiroq tugmalar bir yerga yig‘ilib, uning boshini aylantiradi, u yoqdan bu yoqqa ag‘anaydi, vijirlaydi va nihoyat hayojonlanishni ko‘tarolmay, yig‘lab yuboradi.
— Bolamning issig‘i bor, — deydi onasi, uning peshonasini ushlab ko‘rib. — Nimadan issiq chiqdi ekan-a?
— Pechka! — deb yig‘laydi Grisha. — Ket bu yerdan, pechka!
— Bo‘kib qolgandir… — deb taxmin qildi onasi.
Yaqinda o‘zi ko‘rgan yangi olam taassurotlari bilan to‘lib toshgan Grisha onasi qo‘lidan bir qoshiq kasyurka ichadi.
Abdulla Qahhor tarjimasi