Yaqinda institutni tamomlagan yoshgina qiz — Mashenka Pavletskaya o‘zi tarbiyachi bo‘lgan Kushkinlar uyiga sayrdan qaytib kelib, ta’rifdan tashqari g‘alati g‘alva ustidan chiqdi. Unga eshik ochgan shveytsar Mixaylo hayajonlangan va qisqichbaqadek qizarib ketgan edi.
Yuqoridan shovqin-suron eshitilardi.
«Bekaning tutqanog‘i tutib qolganga o‘xshaydi… — deb o‘yladi Mashenka, — yoki eri bilan janjallashib qolgan…»
U oldingi xonada va dahlizda oqsochlarni ko‘rdi. Bir oqsoch yig‘lab yubordi. Keyin Mashenkaning ko‘zi o‘zi turgan xonadan chopib chiqqan xo‘jayini Nikolay Sergeichga tushdi. U jimitgina, salqigan yuzli, hali uncha qarimagan, kattakon tepakali bor odam edi. U ham qizarib ketgan, qaltirardi… Nikolay Sergeich yo‘l ustida turgan tarbiyachini sezmay, Mashenka yonidan o‘tib ketdi va qo‘llarini osmonga ko‘tarib xitob qildi:
— O, bu qanday dahshat! Qanday andishasizlik! Qanday telbalik, yovvoyilik! Bemazalik!
Mashenka o‘z xonasiga kirib keldi va umrida birinchi marta badavlat hamda otoqli odamlar uyida bir burda non uchun yashovchi itoatkor, mo‘min-qobil kishilarga juda tanish bo‘lgan achchiq his-tuyg‘ularni boshidan o‘tkazdi, uni ravshan sezdi. Uning xonasida tintuv o‘tkazishmoqda edi. Bekasi — Feodosya Vasilevna, to‘ladan kelgan, yelkalari keng, qalin qora qoshli, yuqori labining usti sezilar-sezilmas mo‘ylov qoplangan, qo‘llari qip-qizil, afti-basharasi va yurish-turishidan oddiy oshpaz ayollarga o‘xshaydigan beso‘naqay ayol, uning stoli yonida boshyalang turib, sumkacha ichidan olingan, koptok qilib o‘ralgan jun ip, latta-putta, qog‘ozlarni solib qo‘yardi… Chamasi, tarbiyachining kelib qolishini kutmagan bo‘lsa kerak, Mashenkaning oqarib ketgan va hayrat ifodasi kezgav yuziga ko‘zi tushishi bilan beka sal izza bo‘lib:
— Pardon , men… men bilmasdan sochib yubordim… yengim tegib ketdi… — deb g‘o‘ldiradi.
Kushkina xonim yana allanima deb, ko‘ylagi etaklarini shildiratgancha uydan chiqib ketdi. Mashenka hayron bo‘lib, o‘z xonasiga ko‘z yugurtirdi. Hech nimaga tushunmay, nima to‘g‘rida o‘ylashni bilmay, yelkasini qisdi va qo‘rqqanidan eti jimirlashib ketdi… Fedosya Vasilevna uning sumkasidan nimani axtardi? Bordi-yu, o‘zi aytganidek, chindan ham sumkaga yengi tegib ketib, buyumlarni sochib yuborgan bo‘lsa, nima sababdan Nikolay Sergeich bu xonadan hayajon ichida qip-qizarib chopib chiqdi? Nega stolning bir tortmasi sal ochiq qolgan? Tarbiyachi mayda pul bilan eski markalarni berkitib qo‘yadigan kopilka ochilipti-ku. Uni ochishga ochishipti-yu, lekin qulfni chaqa qilib, tirnaganlariga qaramay yopisholmapti. Kitoblar javoni, stol va o‘rin ustida hozirgina qilingan tintuv izi sezilib turardi. Ichki kiyim-bosh solingan savat ham titilgan. Kiyimlarni yana yaxshilab taxlab qo‘yishibdi, lekin, Mashenka uydan chiqib ketayotganda o‘zi taxlab ketgan tartib buzilibdi. Demak, haqiqiy tintuv bo‘lgan. Lekin, nega, sababi nima? Nima bo‘ldi? Mashenka, hayajonga tushgan shveytsarni, hamon davom etayotgan olag‘ovurni, boya yig‘lab yuborgan oqsochni esladi; ehtimol, bularning hammasi hozirgina uning xonasida o‘tkazilgan tintuvga aloqadordir? Allaqanday dahshatli ishga uni aralashtirishmaganmikin? Mashenkaning yuzi bo‘zday oqarib ketdi va a’zoyi-badani kesakka aylanib, kiyim solingan savatga o‘tirib qoldi.
Uyga oqsoch xotin kirdi.
— Liza, siz bilmaysizmi, mening uyimni, nega tintishdi? .. — deb so‘radi u oqsoch xotindan.
— Bekamizning ikki ming so‘m turadigan to‘g‘nog‘ichlari yo‘qolipti… — deb javob qildi Liza.
— Shundaymi, lekin nega mening uyimni tintishdi?
— Oyimqiz, hammani ham tintuv qilishdi. Mening hamma yog‘imni tintib ko‘rishdi… Bizlarning hammamizni qip-yalang‘och qilib yechintirib, tintishdi… Men bo‘lsam, oyimqiz, boshimizda xudo bor… U kishining to‘g‘nog‘ichlarini olish u yoqda tursin, hatto pardoz stollari yoniga yaqin yo‘lamagan edim. Politsiyaga borgandayam shunday deyman.
— Xo‘p, lekin… menikini nega tintishdi? — dedi tarbiyachi tushunolmay.
— Aytayapman-ku to‘g‘nog‘ich o‘g‘irlangan deb… Bekamizning o‘zlari o‘z qo‘llari bilan hamma yoqni axtarib chiqdilar. Hatto shveytsar Mixaylovni ham o‘zlari tintib ko‘rdilar. Juda uyat bo‘ldi! Nikolay Sergeich faqat o‘qrayib qaraydi-yu, tovuqday qaqag‘lab yugurib yeladi. Siz, oyimqiz, bekorga titrab o‘tiribsiz. Siznikidan hech nima topishmadi! To‘g‘nog‘ichni olmagan bo‘lsangiz qo‘rqib o‘tirishga hojat yo‘q.
— Liza, axir bu pastkashlik… Haqorat-ku! — dedi fig‘oni oshib, nafasi qisilib ketgan Mashenka. — Bu qabihlik, tubanlik! Mendan shubha qilishga, mening buyumlarimni titishga qanday haqlari bor?
— Oyimqiz, begona kishilar uyida turasiz, — dedi Liza, chuqur nafas olib, — oyimqiz bo‘lsangiz ham, harqalay… Cho‘ri sifatidasiz… Bu yer sizga ota-onaning bag‘ri emas…
Mashenka o‘zini o‘ringa otib ho‘ngrab yig‘ladi. Hech mahal unga bugungiday zo‘ravonlik qilmagan va hech qachon uni bugungiday og‘ir haqorat qilmagan edilar… Yaxshi tarbiya ko‘rgan, sezgir, o‘qituvchining qizi Mashenkadan shubhalanishdi, daydi ayolday, uning uyida tintuv o‘tkazishdi! Bundan ortiq haqoratni o‘ylab ham topib bo‘lmas! Ana shu ranjish va xafalik ustiga, bu yog‘i nima bo‘ladi? degan qo‘rqinchli savol ham qo‘shildi. Uning miyasiga yo‘q yerdagi turli-tuman xayollar kela boshladi. Agar undan shubhalanishgan ekan, demak, qamab qo‘yishlari ham, yechintirib qidirishlari ham mumkin. Keyin soqchilar ko‘chadan haydab knyaz qizi Tarakanova o‘tirgan kameradek qop-qorong‘i, eshakqurt bosgan, sichqonlar izg‘ib yurgan zax kameraga tiqib qo‘yishadi… Uni ajratib oladigani bormi? Ota-onasi uzoq viloyatda turishadi, bu yerga, uning oldiga kelishga pul qayda. Mashenkaning o‘zi esa poytaxtda, cho‘lu biyobonda o‘tirgandek, tanho o‘zi ota-onasiz, tanish-bilishsiz yashaydi. Uni nima qilishmoqchi bo‘lsa, shuni qilishlari mumkin.
«Jamiki sudyalar bilan himoyachilar oldiga boraman… — deb titrab-qaqshab o‘yladi Mashenka. — Ularga voqiani tushuntiraman, qasam ichaman… Mening o‘g‘ri emasligimga ishonadilar!»
Institutda o‘qib yurganidagi odatiga ko‘ra, ovqat vaqtida, uyiga yashirib, shirinliklar olib kelib qo‘yardi. Savat korzinkadagi choyshablar ostida ana shunday shirinliklar borligi Mashenkaning esiga tushib qoldi. Ana shu kichik siri xo‘jayinlarga oshkora bo‘lgan deb o‘ylab, Mashenkaning kapalagi uchib ketdi, o‘larday uyaldi. Qo‘rqinchdan, uyatdan, ranjish va xafalikdan — uning yuragi o‘ynab, chakka tamirlari, qo‘llari, ich-ichida allaqanday tomirlar lorsillab urdi.
— Ovqatga marhamat! — deb Mashenkani chaqirishdi.
«Boraymi yo bormaymi?»
Mashenka sochlarini tekislab, nam sochiq bilan yuz-ko‘zini artib, oshxonaga kirib keldi. Ovqat boshlangan edi… Stolning bir boshida gerdayib, jiddiy va befahim bashara Fedosya Vasilevna, ikkinchi boshida Nikolay Sergeich o‘tirardi. Stolning boshqa tomonlarida mehmonlar bilan bolalar o‘tirishibdi. Qo‘liga oppoq qo‘lqop, ustiga frak kiygan ikki malay ovqat tashirdi. O‘yda alg‘ov-dalg‘ov bo‘lganini, bekaning xafaligini hamma bilardi, shu uchun hamma jim o‘tirardi. Faqat ovqat chaynashu, qoshiqlarning tarelkaga urilgani eshitilardi.
Bekaning o‘zi gap boshladi.
— Ovqatimizning uchinchisi nima? — deb so‘radi u malaylardan, toliqqan va azob chekkan bir ohangda.
— Esturjon alya ryuss! — deb javob berdi malay.
— Fenya, uni men buyurgan edim… — dedi shoshib Nikolay Sergeich. — Baliq yegim keldi. Ma chere , agar senga yoqmasa, mayli, olib kelishmasin. Men o‘zimga haligi… shunchaki…
Fedosya Vasilevna o‘zi buyurmagan ovqatni yomon ko‘rardi, shu tufayli hozir uning ko‘zi yoshga to‘ldi.
— Qani, asablarimizni buzmaylik, — dedi mayin va yoqimli tovushda uning uy doktori Mamikov va Fedosya Vasilevna qo‘liga sal tegib, yana o‘shanday mayin va yoqimli jilmaydi. — Busiz ham asablarimiz buzilgan. To‘g‘nog‘ichni ham unutaylik! Kishining sog‘ligi ikki ming so‘mdan qimmat!
— Men ikki ming so‘mga achinayotganim yo‘q! — deb javob berdi beka va yirik yosh tomchisi uning yuziga oqib tushdi. — O‘g‘irlikning o‘zi meni g‘azablantirmoqda! Men o‘z uyimda o‘g‘ri bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman. Pulga achinayotganim yo‘q, hech narsaga achinmayman, lekin, mening buyumimni o‘g‘irlash — shunday nonko‘rlikki, bunga chidab bo‘lmaydi. Barcha qilgan yaxshiliklarim evaziga-ya…
Hamma o‘z oldida turgan tarelkasiga qarab o‘tirardi. Lekin Mashenkaga bekaning so‘zidan keyin hamma unga karagandek tuyildi. Allanima tomog‘iga tiqildi va u yig‘lab yuborib, ro‘molchasini yuziga bosdi.
— Pardon, — deya g‘o‘ldiradi Mashenka, — men o‘tirolmayman. Boshim og‘riyapti. Ketaman.
Shunday deb u o‘rnidan turdi va stullarni beso‘naqay taraqlatib, bundan o‘zi badtar uyalib, yugurgancha chiqib ketdi.
— Tavba, bu nimasi? — dedi Nikolay Sergeich yuzini burishtirib. — Uning uyini tintimasak bo‘larkan. Bularning hammasi, rost gap… Juda o‘rinsiz bo‘ldi.
— Axir men to‘g‘nog‘ichni u olgan deb aytayotganim yo‘q-ku, — dedi Fedosya Vasilevna, — Lekin, sen uni olmagan deb kafil bo‘la olasanmi? O‘zim iqror bo‘lay, bunday o‘qimishli qashshoqlarga ishongim kelmaydi.
— Rosti bilan, Fenya, juda o‘rinsiz bo‘ldi… Meni kechir Fenya, lekin, qonunga muvofiq tintuv qilishga hech haqing yo‘q.
— Sizlarning qonunlaringizni bilmayman. Bilgan narsam shuki, mening to‘g‘nog‘ichim yo‘qoldi, gap shu, vassalom. Men to‘g‘nog‘ichni topmay qo‘ymayman! — U shunday deb vilkani tarelkaga urdi, ko‘zlari g‘azabdan chaqnab ketdi. — Sen ovqat yeyishingni bil, mening ishimga aralashma!
Nikolay Sergeich muloyimlik bilan yerga qaradi va chuqur nafas oldi. Bu orada Mashenka xonasiga qaytib kelib, o‘zini o‘ringa otdi. Endi u qo‘rqmasdi ham, uyalmasdi ham, hozir uning butun vujudini oshxonaga borish-u, mana shu toshko‘ngil, befahm, takabbur va baxtiyor xotinning basharasiga tarsaki tortish orzusi qiynardi.
Yostiqqa muk tushib, hozir magazinga borsam-u, eng qimmatbaho to‘g‘nog‘ichni sotib olib, uni zo‘ravon va o‘zboshimcha xotin basharasiga otsam, deb orzu qilardi. Qani endi xudodan bo‘lib, Fedosya Vasilevna bor bisotidan ayrilib, xonavayron bo‘lsa, tilanchilik qilsa, qashshoqlik, gadolik va birovga qaram bo‘lishning butun azobini totsa, ana o‘shanda, haqoratlangan Mashenka unga xayr-ehson qilsa. O, qani endi u birdan boy merosga ega bo‘lsa-yu, qo‘shotli arava sotib olib, uning derazasi yonidan shovqin-suron solib o‘tsa, u bemaza xotin xasad ko‘zi bilan tikilib qola bersa!
Bularning hammasi faqat orzu-xayol edi. Hahiqatda esa birgina yo‘l qolgandi, u ham bo‘lsa, bu dargohda bir soat ham turmay jo‘nab ketish edi. Rost, ishlab turgan o‘rindan ajraladi, hech vaqosi bo‘lmagan ota-onasi yoniga qaytib boradi, lekin, iloj qancha? Mashenkaning ko‘ziga endi bekasi ham, o‘zining kichkina uychasi ham ko‘rinmas, bu yerda nafasi bo‘g‘ilib, vujudini vahima bosmoqda edi. O‘zining go‘yo betobligi va oqsuyakligi bilan hammaning joniga tekkan Fedosya Vasilevna Mashenkaning ko‘ngliga shunday tekkan ediki, nazarida ana shu xotinning hayot ekanidan olamdagi barcha narsalar qo‘pol hamda ko‘rimsiz tusga kirib qolganga o‘xshardi. Mashenka krovatdan sakrab tushib, buyumlarini yig‘ishtira boshlaladi.
— Kirsam maylimi? — deb so‘radi eshik orqasida turgan Nikolay Sergeich; u ohista tovushsiz qadam bosib eshik yoniga kelgan edi. Mayin va yumshoq ovozda yana so‘radi: — Mumkinmi?
— Kiring.
Ichkari kirib, eshik yonida to‘xtadi. Uning xira ko‘zlari jonsiz boqar, qip-qizil burni yaltirab ketgandi. Tushki ovqatdan keyin pivo ichgani qadam bosishidan va shalvirab, bo‘shashib qolgan qo‘llaridan sezilib turardi.
— Bu nimasi? — deb so‘radi u savatga ishora qilib.
— Buyumlarimni yig‘ishtirayotibman, Nikolay Sergeich, meni kechiring, lekin uyingizda bundan ortiq turishga toqatim qolmadi. Tintuv qilingani menga ortiq darajada tahqir bo‘lib tushdi!
— Tushunib turibman… Lekin bu ishingiz chakki bo‘lyapti… Ketib nima qilasiz? Tintuv qilingan bo‘lsa, siz unga… bundan nima? Bir yeringiz kamib qolmaydi.
Mashenka indamay, buyumlarini yig‘ishtiraverdi. Nikolay Sergeich go‘yo yana nima to‘g‘rida gapirsamikin degandek, mo‘ylovini silab qo‘ydi, keyin mulozamat bilan:
— Men tushunaman, albatta, — deb davom etdi, — lekin, odam degan sal rioya-andishali bo‘ladi. Bilasiz-ku, xotinim juda asabiy, hovliqma, undan qattiq xafa bo‘lishning foydasi yo‘q…
Mashenka indamadi.
— Agar siz o‘zingizni tahqirlangan deb bilsangiz, — yana davom etdi Nikolay Sergeich, — marhamat qiling, men sizdan uzr so‘rashga tayyorman. Kechiring.
Mashenka indamadi, faqat chemodan ustiga pastroq engashdi. Bu ichkulik ado qilgan mujmal odamning o‘z uyida bir mirilik qimmati yo‘q edi. Uning o‘zi ortiqcha bo‘lib, hatto malaylar orasida ham beobro‘ edi; shu tufayli uning uzr so‘rashi sarig‘ chaqaga arzimasdi.
— Hm… haliyam indamaysizmi? Bular sizga kamlik qiladimi? Unday bo‘lsa men xotinim uchun ham kechirim so‘rayman. Xotinim nomidan kechirim so‘rayman… U beadablik qildi, dvoryanin sifatida bunga iqrorman…
Nikolay Sergeich u yoqdan bu yoqqa yurdi, chuqur nafas oldi, keyin yana so‘zlay boshladi:
— Demak, sizga mening bu yerim, ya’ni qalbimning yaralanishi kerak ekan-da… Sizga, meni vijdon azobi qiynashi lozimmi…
— Nikolay Sergeich, men ayb sizda emasligini bilaman, — dedi Mashenka yoshga to‘la shahlo ko‘zlarini uiing yuziga tikib. — Nega axir siz azob chekasiz?
— Albatta-da… Lekin, har qalay siz haligi… Ketib qolmang… o‘tinib so‘rayman.
Mashenka uning taklifini rad etib, bosh qimirlatdi. Nikolay Sergeich deraza oldida to‘xtab, oynani tiqillatdi.
— Bunday anglashilmovchilik — mening uchun jon qiynog‘ining o‘zginasi, — dedi u. — Nima qilay, oldingizda tiz cho‘kaymi? Sizning g‘ururingizpi tahqir etishdi, siz yig‘ladingiz, endi jo‘nab ketmoqchisiz. Axir menda ham g‘urur bor, siz uni pisand qilmayapsiz. Yoki gunohlarimga tavba qilganda ham birovga aytmaydigan sirni so‘zlashimni istaysizmi? Shuni xohlaysizmi? Menga qarang, men hatto o‘lim oldida bo‘ynimga olmaydigan sirni aytishimni istaysizmi?
Mashenka indamadi.
— Xotinimning to‘g‘nog‘ichini men olganman! — dedi shoshilib Nikolay Sergeich. — Mana endi ko‘nglingiz joyiga tushdimi? Endi qanoat hosil qildingizmi? Ha, men… Men olgandim… Albatta, sizning sir saqlashingizga ishonaman… Xudo haqi, birovga og‘iz ochmang, shama ham qilmang!
Hayron qolgan va qo‘rqib ketgan Mashenka buyumlarini yig‘ishtiraverdi; u buyumlarini jahl bilan olar, g‘ijimlab chemodan va savatning duch kelgan yeriga tiqib tashlardi. Endi, Nikolay Sergeich iqror bo‘lganidan keyin Mashenka bu yerda bir minut ham tura olmaydi, ana shu uyda ilgari qanday yashab kelganiga sira tushunolmaydi.
— Bu yerda hayron qoladigan hech nima yo‘q… — dedi Nikolay Sergeich biroz sukutdan keyin. — Bu oddiy bir gap! Menga pul kerak, xotinim bo‘lsa… bermaydi. Mana shu uy, bor narsalarni, Marya Andreevna, mening otam topgan! Bularning bari meniki, o‘sha to‘g‘nog‘ich ham mening oyimniki… Hammasi meniki! Lekin u hammasini qo‘liga oldi, bari uniki bo‘lib qoldi… Axir, o‘zingiz bilasiz, u bilan sudlashib yura olmayman-ku… Qattiq o‘tinib so‘rayman sizdan, kechiring va… va shu yerda qoling. Tout comprendre, tout pardonner . Qolasizmi?
— Yo‘q! — dedi Mashenka qat’iy ravishda va qaltirab ketdi, — Meni o‘z holimga qo‘ying, o‘tinaman sizdan.
— Bo‘lmasa, bilganingizni qiling, — dedi Nikolay Sergeich, og‘ir nafas olib chemodan yonida turgan skameykaga o‘tirarkan. — Gapning ochig‘ini aytsam, men tahqir qilinganini bilgan va bundan nafratlangan odamlarni yaxshi ko‘raman. Sizning g‘azabli yuzingizga umr bo‘yi tikilib o‘tira olardim… Shunday qilib, qolmayman deysizmi? Tushunib turibman… Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas… Ha, to‘g‘ri albatta… Sizga yaxshi, lekin menga-chi, men endi tamom bo‘ldim!.. Bu yerto‘ladan bir qadam ham jilolmayman. O‘z qo‘rg‘onlarimizdan birontasiga jo‘nab ketsam bo‘lardi-yu, lekin u yerlarning barida xotinimning laganbardorlari… boshqaruvchilar deysizmi, agronomlar deysizmi, qurib ketgurlarning bari o‘tiribdi. Garovga qo‘yishadi, qaytib olib yana qo‘yishadi… Baliq tutib, o‘tni bosib, daraxtni kesib bo‘lmaydi u yerda.
— Nikolay Sergeich! — zaldan Fedosya Vasilevnaning tovushi eshitildi. — Agniya, barinni chaqir!
— Shunday qilib qolmaysizmi? — deb so‘radi Nikolay Sergeich darrov o‘rnidan turib, eshik tomon yurarkan. — Xudo haqi, iloji bo‘lsa qoling. Kechqurunlaoi oldingizga kirib turardim… Biror to‘g‘rida gaplashib o‘tirardik. A? Qolasiz-a! Agar siz ham ketib qolsangiz, butun xonadonda, bironta odamshavanda inson zoti qolmaydi. Axir bu dahshat-ku!
Nikolay Sergeichning oqarib ketgan, ichkulik ado qilgan chehrasi iltimos nazari bilan boqardi, lekin, Mashenka rozi bo‘lmay, bosh silkidi, Nikolay Sergeich qo‘l siltab, uydan chiqib ketdi.
Yarim soatdan keyin Mashenka yo‘lda ketib borardi.
S. Abduqahhorov tarjimasi