Mebel bilan jihozlangan «Lisabon» mehmonxonasining eng arzon nomerlaridan birida uchinchi kurs studenti medik Stepan Klochkov xonaning u burchagidan bu burchagiga yurib, darsini zo‘r berib yodlardi. Tinmay jon-jahdi bilan jovrayverganidan tomoqlari qaqrab, peshonasini ter bosgan edi.
Sovuqdan oynasining chetlariga gul tushib qolgan deraza tagida u bilan bir uyda turuvchi, yigirma beshlarga kirgan mittigina, ozg‘in, qorachadan kelgan, rangi-ro‘yi o‘chgan, quralay ko‘zlari yuvoshgina Anyuta taburetkada o‘tirardi. U bukchayib, erkaklar ko‘ylagi yoqasiga qizil ip bilan gul tikardi. Ish shoshilinch edi. Koridordagi soat ikki marta xirillab zang urdi, hamon nomer ichi yig‘ishtirilmagan edi. Tuzatib qo‘yilmagan odeyallar, betartib yotgan yostiqlar, sochilib yotgan kitob hamda ko‘ylaklar, katta tos to‘la mag‘zavada suzib yurgan papiros naychalari, polning iflosligi — hammasi, ataylab bir joyga to‘dalab qo‘yilganga, aralash-quralash qilib, g‘ijimlab tashlanganga o‘xshardi…
— O‘ng o‘pka uch qismdan tashkil topgan… — deb yodlardi Klochkov, — Chegaralari! Yuqori qismi ko‘krak qafasining oldingi tomonida bo‘lib, 4-5 qovurg‘aga yetadi, yonbosh sirtida esa 4 qovurg‘aga qadar yetadi… Orqa tomonda spina scapulaega qadar…
Klochkov, hozirgina o‘qiganini tasavvur qilmoqchi bulib, boshini ko‘tarib shipga tikiladi. Aniq bir tasazvur ololmagach, jiletkasi ustidan o‘zining yuqori qovurg‘alarini paypaslab ko‘radi.
— Bu qovurg‘alar xuddi royalning klavishlariga o‘xshaydi, — deydi u. — Hisobdan adashmaslik uchun ularga ko‘nikmoq kerak. Yaxshilab bilib olaman desam skeletga xam tirik odamga ham qarab mutolaa qilishim lozim… qani, Anyuta, beri kel-chi, men qovurg‘alaringni bir paypaslab ko‘ray!
Anyuta tikib o‘tirgan ishini yig‘ishtirib, koftochkasini yechadi-da, qaddini rostlab turadi. Klochkov uning ro‘parasiga o‘tirib, qovog‘ini soladi va Anyutaning qovurg‘alarini sanaydi.
— Hm… Birinchi qovurg‘a qo‘lga ilinmayapti… u o‘mrov suyagi orqasida bo‘lsa kerak… Mana bu ikkinchi qovurg‘a… Xo‘sh, demak… Mana bu uchinchi qovurg‘a deilik… Bu to‘rtinchi… Hm… Xo‘sh, demak… Nega muncha junjayasan?
— Barmoqlaringiz sovuq ekan!
— Kel, qani… o‘lib qolmassan, ko‘p qimirlayverma! Demak, bu uchinchi qovurg‘a-yu, bu to‘rtinchisi. Ko‘rinishdan ozg‘inga o‘xshaysan-u, lekin qovurg‘alaringni topib bo‘lmaydi-ya! Bu ikkinchi… Bu uchinchisi… yo‘q, bu holda sanoqdan adashib, hammasini chalkashtirib yuborish hech gap emas. Keyin aniq tasavvur ham qilib bo‘lmaydi… Chizib yo belgi qo‘yib olish kerak… Haligi yozadigan ko‘mirim qayoqda?
Klochkov qo‘liga ko‘mir olib, qovurg‘alar joylashganiga qarab Anyutaning ko‘kragiga bir necha yondosh chiziqlar chizdi.
— Juda soz. Mana endi kaftdagidek ko‘z oldimda… Xo‘sh, endi barmoq bilan urib ko‘rsam ham bo‘ladi. Qani, o‘rningdan tur-chi!
Anyuta o‘rnidan turib, iyagini yuqori ko‘taradi. Klochkov barmoqlari bilan uning qovurg‘alarini urib ko‘radi, u, bu mashg‘ulotga shunday berilib ketadiki, sovuqdan Anyutaning lablari, burni, barmoqlari ko‘karib borayotganini ham sezmaydi. Anyuta bo‘lsa qaltirar va medik qaltirayotganimni ko‘rib qolmasin, deb tashvish tortardi. Ko‘rib qolsa ko‘mir bilan chizmaydi va qovurg‘alarga urib ko‘rmaydi, shu sababli imtihonini yaxshi topshirolmaydi, deb o‘ylardi.
— Mana endi hamma narsa ravshan, — deydi Klochkov qovurg‘alarni urib ko‘rishdan to‘xtab. Sen chizgan chiziqlarni o‘chirmay, shunday o‘tir. Ungacha men yana ozgina yodlab olay.
Medik yana u yoqdan bu yoqqa yurib yodlaydi. Anyuta ko‘kragidagi qora chiziqlar bilan bo‘yalgan odamday, sovuqdan junjayib o‘tirardi va o‘ylardi. U umuman kam gapirar, hamisha jim o‘tirar va doim o‘ylardi…
Anyuta mebel bilan jihozlangan bir necha uydan-uyga ko‘chib yurib, olti-etti yil ichida, Klochkovga o‘xshagan besh kishini ko‘rdi. Hozir ularning hammasi o‘qishlarini tamom qilib, odam qatoriga kirgan. Ma’lumki, har qanday odam qatoriga kirganlar singari ular Anyutani allaqachon unutib yuborganlar. Ulardan biri Parijda yashaydi, ikkitasi doktorlik qiladi, to‘rtinchisi rassom, beshinchisi, aytishlariga qaraganda, hatto professor emish. Oltinchisi mana shu Klochkovning o‘zi… Tez orada bu ham o‘qishini tamomlaydi-da, odam qatoriga kiradi… Hech shubhasiz, uning kelajagi porloq, hatto katta odam bo‘lib chiqsa ajab emas, lekin, hozir ahvoli juda yomon: Klochkovning papirosi ham, choyi ham yo‘q, shirinlikdan atigi to‘rt chaqmoq qandi qolgan. Nima bo‘lsa ham tikayotgan ishni tezda tugatib, ko‘ylakni buyurtma bergan kishiga topshirish va undan olgan 25 tiyinga ham choy, ham tabak sotib olish zarur.
Shu choq eshik orqasidan:
— Kirsam maylimi? — degan ovoz eshitildi.
Anyuta shoshilib, tivit ro‘molini yelkasiga tashladi. Rassom Fetisov kirdi.
— Men oldingizga iltimos bilan keldim, — dedi u Klochkovga va peshonasiga tushib turgan sochlari ostidan o‘qrayib qaradi. — Bir iltifot qilib, bu go‘zal qizni menga ikki soatga berib tursangiz, rasm solayotgan edim, ko‘z o‘ngimda qiz turmagani uchun chiqmayapti.
— Mayli, marhamat! — deb rozilik berdi Klochkov, — Anyuta boraqol.
— U yerda nimalarni ko‘rmadim! — dedi Anyuta ohistagina.
— Qo‘y, yetar! Bu kishi arzimas bir ish uchun emas, san’at uchun iltimos qilyapti. Qo‘lingdan kelsa, yordam bermay nima qilasan?
Anyuta kiyina boshladi.
— Qanaqa surat solyapsiz? — deb so‘radi Klochkov.
— Psixeya degan. Mazmuni juda ajoyib, lekin, sal chiqmay turipti; bir qancha qizlarga qarab ishlashga to‘g‘ri kelyapti. Kecha oyoqlari ko‘karib ketgan bir qizga qarab ishladim. Men undan nima uchun oyoqlaring ko‘karib ketgan, deb so‘rasam, paypog‘im ayniydi, deb javob qildi. Siz, hali ham yodlab yotibsizmi? Baxtli odamsiz, sabr-toqatingiz bor.
— Meditsina shunday narsaki, yodlamay aslo iloj yo‘q.
— Hm Klochkov, meni kechiring, lekin, cho‘chqaday xayot kechirar ekansiz! Shu ham turmush bo‘ldi-yu!
— Bu nima deganingiz? Boshqacha iloj yo‘q… Otamdan har oyda o‘n ikki so‘m olib turaman. Bu pulga hayot kechirish osonmi?
— Shunday-ku… — dedi rassom va jirkanib yuzini burishtirdi, — har qalay tuzukroq yashasa bo‘ladi-yu… O‘qimishli odam albatta nafosatli bo‘lishi kerak. To‘g‘ri emasmi, a? Siznikidagi ifloslikni aql bovar qilmaydi! O‘rin yig‘ishtirilmagan, mag‘zava, axlat… Tarelkada kechagi bo‘tqa qotib yotipti… Tfu!
— Bu to‘g‘ri, — dedi medik va uyalib ketdi. — Bugun Anyutaning yig‘ishtirishga qo‘li tegmadi. Hamma vaqt ish bilan band bo‘ldi.
Rassom bilan Anyuta chiqib ketishgach, Klochkov divanga borib yotdi va darsini yodlashga tushdi. Keyin uxlab qoldi. Bir soatdan so‘ng uyg‘onib, boshini mushtlari ustiga quyib, g‘amginlik bilan o‘yladi. Uning esiga rassomning o‘qimishli odam, albatta, nafosatli bo‘lishi kerak, degan so‘zi keldi, lekin o‘zining turmushi chindan ham yoqimsiz, kishi nafratlanadigan tarzda tuyildi. U, porloq istiqboliga nazar tashladi-yu, o‘z kabinetida kasallarni qabul qilayotganini, keng yemakxonada latofatli ajoyib xotini bilan choy ichayotganini tasavvur etdi. Shu topda tos to‘la mag‘zava, unda suzib yurgan papiros naychalari ko‘ziga benihoyat jirkanch bo‘lib ko‘rindi. Anyuta esa xunuk, befarosat, rasvo tuyildi… Hozirning o‘zidayoq u bilan ajralishga jazm qildi.
Anyuta rassom oldidan qaytib kelib, po‘stinini yechayotgan edi, Klochkov o‘rnidan turib, unga jiddiy vaziyatda:
— Gap bundoq, azizim… — dedi, — Manavi yerga o‘tirib, so‘zimni eshit! Biz ajralishimiz kerak. Qisqasi, ortiq men sen bilan yashashni istamayman.
Anyuta rassom oldidan g‘oyat charchab, madori qurib qaytdi. Rassom qarshisida uzoq fursat tik turgandan yuzlari so‘lib, iyagi ingichka tortib ketgan edi. Klochkovning gapiga Anyuta bir nima demadi, faqat lablari pirpirab ketdi.
— O‘zing ham bilasan, qachon bo‘lmasin, baribir, ajralishamiz, — dedi medik. — Sen yaxshi, ko‘ngilchan aqlli odamsan, shuning uchun tushunasan…
Anyuta po‘stinini qaytib kiydi, indamay ishini qog‘ozga o‘radi, ip bilan ignalarini yig‘ishtirdi; to‘rt bo‘lak qand o‘ralgan qog‘ozni deraza tokchasidan topib, stolga, kitoblar yoniga qo‘ydi.
— Bu qand… Sizniki… — dedi u sekingina va ko‘z yoshlarini yashirish uchun yuzini chetga burdi.
— Xo‘sh, nega yig‘laysan? — deb so‘radi Klochkov.
U xijolat tortib, u yoqdan bu yoqqa o‘tdi.
— O‘zing ham g‘alatisan-da… — dedi u. — Bizning ajralishimiz kerakligini yaxshi bilasan! Umr bo‘yi birga yashamaymiz-ku!
Anyuta tugunchalarini olib, xayrlashmoq uchun endi Klochkov tomon o‘girilgan edi, qizga uning rahmi kelib ketdi.
«Yana biron hafta yashay qolsinmi? — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Klochkov. Rost, ke mayli, yana bir hafta yashay qolsin, hafta o‘tgach, endi ketaqol deyman».
Shundan keyin o‘zining bo‘shangligidan jahli chiqib, Klochkov qizga qarab o‘dag‘ayladi:
— Ha, nega serrayib turibsan! Ketmoqchi bo‘lsang, ket, bo‘lmasa po‘stiningni yech-da, qolaver! Qol!
Anyuta indamay, sekingina, po‘stinini yechdi, sekingina burnini qoqdi, bir xo‘rsinib, o‘zining doimiy o‘tiradigan joyiga — deraza yonida turgan taburetka tomon yurdi.
Student darslikni qo‘liga olib, uyning u burchidan bu burchagiga yana yura boshladi.
— O‘ng o‘pka uch qismdan tashkil topgan… — deb Klochkov yana yodlashga tushdi, — Yuqori qism ko‘krak qafasining oldingi tomonida bo‘lib, 4-5 qovurg‘aga yetadi.
Koridorda kimdir ovozining boricha:
— Grigoriy, samovar! — deb baqirdi.
S. Abduqahhorov tarjimasi