I
Esimda bor, gimnaziyaning beshinchi yoki oltinchi sinfida o‘qib yurgan kezlarimda Don oblastidagi Bolshaya Krepka qishlog‘idan bobom bilan birga Rostov-Donga ketayotgan edim. Avgust oyining jazirama, tinka-madorni qurituvchi diqqi nafas kunlaridai biri edi. Kun qizig‘idan, quruq va issiq garmseldan hamda qarshidan urib turgan chang-to‘zondan ko‘z ochib bo‘lmas, tomoq qaqrardi; yon-veringga qaraging ham, gapirging ham, o‘ylaging ham kelmasdi; shuning uchun ham, mudrab borayotgan ukrain aravakash Karpo otlarga «chu» deb qamchi o‘ynatgan paytda qamchisi furajkamga tegib ketganda ham norozilik bildirmadim, miq etmadim, faqat mudrashdan ko‘zimni ochib, chang-to‘zon orasida qishloq ko‘rinmasmikan? deb olislarga ma’yuslik bilan qarardim. Otlarga yem berib olish uchun Baxchi-Salax degan bir katta arman qishlog‘ida, bobomning boy arman oshnasinikida to‘xtadik. Men umrimda bu armandan ko‘ra beo‘xshov g‘alati odamni ko‘rmaganman. Shunday bir odamni o‘zingiz tasavvur qiling, sochi qirtishlab olingan kichkina bosh, qalin, uzun qoshlari pastga osilib tushgan, to‘ti burun, oppoq uzun mo‘ylov, katta og‘zida gilos yog‘ochidan qilingan uzun trubka cho‘chchaygan; mana shu bosh, ajib bir kiyim bilan o‘ralgan qotma, bukchaygan tanaga farosatsizlik bilan yopishtirilgan; bu odam egniga kalta qizil kamzil, ko‘k keng chalvor kiygan; bu jussa oyoqlarini kerib, tuflilarini shaqirlatib yurardi, gapirganda ham og‘zidagi trubkasini olmas, o‘zini g‘irt armancha qiyofada tutardi: tishining oqini ko‘rsatmas, ko‘zlarini ola-kula qilib qarab va mehmonlariga mumkin qadar kamroq e’tibor berishga urinardi.
Armanning uyida shamol ham, chang ham yo‘q edi-yu, lekin uyi xuddi cho‘ldagi, yo‘ldagi singari befayz, dim va zerikarli edi. Yodimda bor, chang bosib va jaziramadan madorim qurib, burchakdagi ko‘k sandiqda o‘tirar edim. Bo‘yalmagan taxta devorlar, uy anjomlari va oxra surilgan pollardan oftobda qovjiragan quruq yog‘och isi kelib turardi. Qayoqqa qarasang, g‘uv-g‘uv pashsha… Bobom bilan arman pichirlashib, nuqul mol boqish, yaylov va qo‘ylar to‘g‘risida gapirishardi… Men samovar qaynaguncha bir soat o‘tishini, bobom kamida bir soat choy ichishini, keyin ikki soatcha uxlashini, mening chorak kunim kutish bilan o‘tishini, undan keyin yana jazirama oftob, chang va yo‘l azobi boshlanishini bilar edim. Men ikki odamning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplashishini eshitib turaman, keyin shu arman, idish-tovoq turgan shkaf, pashshalar, kun qizig‘i urib turgan derazalar uzoq vaqtdan beri ko‘z oldimda turganday va ular hali-veri ko‘z o‘ngimdan yo‘qolmaydiganday tuyilar, shundan keyin cho‘l, quyosh, pashshaga nafrat bilan qarayman…
Ro‘mol o‘ragan bir ukrain ayol patnisda idishlarni, keyin samovar olib kirdi. Arman sekin qimirlab dahlizga chiqib chaqirdi:
— Mashya! Bu yoqqa kel, choy quy! Qayoqdasan? Mashya!
Shoshib-pishib kelayotgan oyoq tovushi eshitildi va uyga yoshi o‘n oltilarga borgan bir qiz kirib keldi; uning egnida oddiy chit ko‘ylak, boshida oq durra bor edi. Qiz idishlarni yuvib, choy quyib, menga orqasini o‘girib turarkan, beli xipcha, oyoqyalang ekanini payqadim; tovonchalarini uzun lozim berkitib turardi.
Xo‘jayin meni choyga taklif qildi. Stol yoniga kelib o‘tirayotib, menga stakan uzatayotgan qizning yuziga nazar tashlashim bilan qalbimda to‘satdan xuddi shamol turib, kunduzgi butun taassurotlar, zerikishlar, chang-to‘zonlarni uchirib ketganday bo‘ldi. Men bu qizning chehrasida umrimda va tushumda ko‘rgan go‘zallarning eng jozibali belgilarini ko‘rdim. Ko‘z o‘ngimda chaqmoqday yarqirab bir go‘zal turar edi.
Men Mashaning, yoki otasining tili bilan aytganda Mashyaning haqiqiy go‘zal ekanini tasdiqlash uchun qasam ichishga tayyorman, ammo buni isbot qilolmayman. Ba’zan shunday bo‘ladi: bulut ufqda betartib uymalashadi va uning orqasiga yashiringan quyosh bulutlarni ham, osmonni ham turli-tuman rangga bo‘yaydi: osmonda qizil, to‘q sariq, oltinsimon, binafsha, xira pushti ranglar hosil qiladi; bulutlarning biri monaxga, ikkinchisi baliqqa, uchunchisi esa sallali turkka o‘xshaydi. Shafaq havoning uchdan bir qismini qoplaydi, cherkov gumbazlari va boylarning deraza oynasida yarqiraydi, daryo va ko‘lmak suvlarda aks etadi, daraxtlar uchida jimirlaydi; bir gala yovvoyi o‘rdak juda olisda, shafaq qo‘ynida, yotgani allaqayoqlarga uchib ketadi… Sigirlarni haydab ketayotgan cho‘pon bola ham, brichkada to‘g‘ondan o‘tib ketayotgan yer o‘lchovchi ham, sayr qilib yurgan janoblar ham — hammasi kun botishiga qarab, bu manzaraning go‘zalligiga bir og‘izdan tan beradi, biroq buning go‘zalligi nimadan iboratligini hech kim bilmaydi ham, hech kim aytib berolmaydi ham.
Arman qizining go‘zalligini yolg‘iz men emas, xotin-qizlarga va tabiiy manzaralarga beparvo saksonga kirgan chol bobom ham payqadi; u Mashaga bir pas mahliyo bo‘lib qoldi-da:
— Bu sizning qizingizmi, Avet Nazarich? — deb so‘radi.
— Qizim, ha. Mening qizim… — deb javob berdi xo‘jayin.
— Yaxshi qiz ekan, — dedi bobom.
Arman qizini ko‘rgan rassom juda bejirim, antiqa go‘zal deb aytardi. Bu qizning xusniga bir nazar tashlasangiz, xudo bilsin, ko‘nglingizga butun soxti to‘g‘ri, sochi, ko‘zi, burni, og‘zi, bo‘yni, ko‘krak hamda yosh badanining barcha xatti-harakatlari bir-biriga monand va uni yaratishda tabiat hech qanday xato qilmagan, degan fikr keladi; negadir eng go‘zal xotinlarning burni xuddi Mashaniki singari to‘g‘ri va xiyol qirra bo‘lishi, qop-qora shahlo ko‘z, kipriklari shunday uzun, boqishlari xumor bo‘lishi kerak; uning qop-qora jingalak sochlari va qoshlari ham muloyim, oppoq manglayi va yuziga xuddi sokin anhor bo‘yidagi ko‘m-ko‘k qamishday yarashib turibdi; Mashaning oppoq bo‘yni va yaxshi yetilmagan nozik ko‘kragini tasvirlash uchun juda katta ijodiy talantga ega bo‘lish kerak. Unga qarab tursangiz yoqimli, samimiy, xuddi uning o‘zi singari go‘zal bir gap aytishni ko‘nglingiz tusab qoladi.
Mashaning menga butunlay e’tibor bermay, yerga qarab turishi dastlab menga alam qildi va xiyla izza bo‘ldim. Go‘yo allaqanday bir baxtiyor va mag‘rur havo uni mendan ajratib turar va rashk bilan uni mening nazarimdan himoya qilardi.
«Hamma yog‘im chang bo‘lgani, oftobda qorayib ketganim, o‘zim ham yosh bo‘lganim uchun shunday qilyapti» deb o‘yladim.
Ammo, bora-bora men o‘z to‘g‘rimda o‘ylashni unutib, bu go‘zalga butunlay mahliyo bo‘lib qoldim. Endi cho‘l azoblari, chang-to‘zonlarni ham unutdim, pashshalarning g‘uvullashi ham qulog‘imga kirmay qoldi, choyning ham mazasini sezmadim, faqat stolning naryog‘ida turgan chiroyli qizni sezardim, xolos.
Men go‘zallikka g‘alati bir tarzda mahliyo edim. Masha menda na orzu, na shavq-zavq va na huzur-halovat qo‘zg‘adi, aksincha, yoqimli bo‘lsa ham, og‘ir bir ma’yuslik keltirdi. Bu ma’yuslik xuddi g‘alati tush kabi noaniq va betayin edi. Negadir men o‘zimga ham, bobomga ham, armanga ham, arman qiziga ham achinib ketdim; qalbimda shunday bir tuyg‘u bor ediki, go‘yo to‘rtalamiz ham hayotimiz uchun muhim va zarur bo‘lgan narsani yo‘qotib qo‘yganmiz-u, endi uni hech qachon topib bo‘lmaydi. Bobom ham ma’yus bo‘lib qoldi. Endi u o‘tloq va qo‘ylar to‘g‘risida gapirmay, indamay, hayolga cho‘mib, Mashaga qarab o‘tirardi.
Choydan keyin bobom yotdi, men eshik oldidagi zinapoyaga chiqib o‘tirdim. Baxchi-Salaxdagi hamma uylar singari bu uy ham kunning tig‘ida; bu yerda na daraxt, na pesh ayvon va na soya bor edi. Armanning, olabutalar o‘sib, bir-biriga tutashib ketgan katta hovlisi, jazirama oftob bo‘lsa ham gavjum va obod edi. Katta hovlining u yer va bu yeriga tortilgan pastakkina chetan devorlardan biri ichida g‘alla yanchilmoqda. Xirmonning o‘rtasiga o‘rnatilgan xoda atrofida qator bog‘langan o‘n ikkita ot katta doira olib, to‘xtovsiz aylanmoqda. Otlarni uzun nimcha va keng chalvor kiygan bir ukrain haydab yurar, u qamchisini o‘ynatib baqirar, go‘yo otlarni cho‘chitmoqchi va o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lar edi.
— A-ha-ha, ho ha, la’natilar! A-ha-ha-ho… Ha, joning chuqqurlar! Qo‘rqmas ekansanlar?
To‘riq, oq va chavkar otlar nega nuqul bir joyda aylantirib, bug‘doypoyani payxonlashga majbur qilayotganlarini tushunmagandek istar-istamas, zo‘rg‘a yurishar va go‘yo ranjib dumlarini silkishar edi. Shamol otlarning tuyog‘i ostidan bulut singari ko‘tarilayotgan sap-sariq oltinday to‘ponlarni havoga uchirib, chetan devordan nariga, olis-olislarga olib ketardi. Baland yangi g‘aram oldida qo‘liga xaskash ushlagan ayollar g‘imirlar va shu yerda kelayotgan aravalar ham ko‘rinardi; shu g‘aramning nariyog‘ida, boshqa hovlida, yana bir to‘da ot xoda atrofida aylanmoqda edi; bu otlarni ham boyagidaka bir ukrain qamchilab, ularga o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lardi…
Men o‘tirgan zinapoyalar qaynoq edi; siyrakkina panjaralar va deraza romlarining ba’zi joylaridan issiqdan yog‘ochning yelimi chiqib ketibdi; zinapoyalar va darcha eshiklari ostiga tushib turgan soyada qizil qo‘ng‘izchalar qator tizilib qolibdi. Kuyosh mening boshimni, ko‘kragimni, belimni qizdirar, lekin men payqamay, faqat orqamdagi soya joyda va uylardagi taxta polda yalangoyoq yurganlarni sezardim. Masha choynak-piyolalarni yig‘ishtirib, yugurganicha zinadan tushib, o‘z shamoli bilan meni yelpib ketdi, u xuddi qushday uchib borib, tutundan sarg‘ayib ketgan kichik bir bostirmaga kirdi, u yer oshxona bo‘lsa kerakki, qo‘y go‘shti qovurdog‘ining isi anqib, armancha so‘zlar qattiq-qattiq eshitilib turardi. Masha g‘oyib bo‘lishi bilan yuzlari qip-qizil, chalvor kiygan bukchaygan bir arman kampir ko‘rindi. Kampir jahli chiqib birovni qarg‘ardi. Ko‘p o‘tmay ostonada Masha ko‘rindi, oshxona issig‘idan yuzlari qizarib ketgan, yelkasiga katta buxanka qora non qo‘yib olgandi; Masha non og‘irligidan nozik niholday egilib-bukilib g‘irillagancha hovlidan xirmon tomon ketdi, lip etib chetan devordan o‘tdi va bulutday ko‘tarilgan tilla rang to‘ponga sho‘ng‘ib, aravalar orqasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bug‘doy yanchayotgan ukrain qamchisini yerga tushirib, jim bo‘lib qoldi va bir pas shu zayilda aravalar tomon tikilib qoldi, keyin arman qizi yana otlar oldidan yo‘rg‘alab borib, chetan devordan xatlab o‘tguncha uni kuzatib, keyin ranjiganday, otlarga:
— Ha, joning chiqqurlar! — deb baqirdi. Shundan keyin men qizning qadam tovushlarini eshitib, jiddiy va tashvishli bir qiyofada hovlida u yoqdan bu yoqqa yugurib yurganini ko‘rib o‘tirdim. Masha o‘z shamoli bilan meni yelpib zinadan yugurib tushar, dam-badam oshxonaga, xirmonga, darvoza tomonga g‘irillab o‘tar, men bo‘lsam olazarak bo‘lib uni zo‘rg‘a kuzatib turardim.
Qiz ko‘z oldimda xusnini namoyish qilgan sari mening ma’yusligim orta borardi. Men, o‘zimga ham, qizga ham, u har safar bulutday ko‘tarilgan g‘alla to‘poni orasidan arava tomonga yugurib o‘tgan paytda tikilib turgan ukrainga ham achinib ketdim. Men uning xusniga xasad qilyapmanmi, yoki bu qiz meniki bo‘lmagani uchun va hech qachon meniki bo‘lmasligi uchun va men unga begona bir odam bo‘lganim uchun afsus qilyapmanmi, yoki uning nodir go‘zalligi tasodifiy va keraksiz bir narsa hamda yer yuzidagi barcha narsalar singari boqiy emas, deb bezovta bo‘lyapmanmi, yo bo‘lmasa, mening ma’yusligim haqiqiy go‘zalni ko‘rish bilan kishida paydo bo‘ladigan ayrim bir tuyg‘umi ekanini bilolmas edim!
Shu zayilda uch soat o‘tib ketganini bilmay qoldim. Men Mashani to‘yib ko‘rolmagandek edim. Karpo anhorga borib, otlarni cho‘miltirib kelibdi, mana endi aravani ham qo‘shyapti. Cho‘miltirilgan ot huzur qilib pishqirar va tuyoqlari bilan shotini taqillatib qo‘yardi. Karpo unga «no!» deb baqiradi. Bobom uyqudan turdi. Masha bizga darvozani g‘iqillatib ochib berdi, biz aravaga o‘tirib, hovlidan chiqib ketdik. Biz xuddi bir-birimizdan arazlaganday indamay borar edik.
Oradan ikki-uch soat o‘tgach, uzoqdan Rostov hamda Naxichevan ko‘ringandan keyin, g‘iq etmay kelayotgan Karpo yarq etib bizga o‘girilib:
— Armanning rost qizi bor ekan-da! — dedi-da, otlarga qamchi bosdi.
II
Boshqa bir safar, studentlik vaqtimda, temir yo‘ldan janubga qarab ketayotgan edim. May oyi edi. Stantsiyalardan birida, chamasi Belgorod bilan Xarkov o‘rtasida bo‘lsa kerak, platformani bir aylanib kelay deb, vagondan chiqdim.
Stantsiya bog‘chasi, platforma va dalalarga kech ko‘lankasi yastangan edi; vokzal binosi botayotgan kunni to‘sib turar, ammo parovozdan chiqayotgan pag‘a-pag‘a tutun havoga ko‘tarilib, nim pushti rangga belanib ko‘rinishidan hali kun botib ketmagani bilinar edi.
Platformada u yoq bu yoqqa yurib, bunday qarasam, sayr etib yurgan yo‘lovchilarning ko‘pchiligi faqat bitta ikkinchi klass vagoni oldiga to‘planishardi va ularning chehrasida «bu vagonda allaqanday bir mashhur odam bor» degan ma’no aks etib turardi. Bu vagon oldida turganlar orasida, buni qarangki, mening yo‘ldoshim — ziyrak artilleriya ofitseri ham bor ekan; uning yo‘lda tasodifan tanishib, tezda ajrashib ketiladigan hamma odamlar singari yoqimtoy va istarasi issiqqina edi.
— Bu yerda nimani tomosha qilyapsiz? — deb so‘radim.
U hech qanday javob qaytarmay, ko‘zlari bilan bir qizning qomatiga ishora qilib qo‘ydi. Bu o‘n yetti yo o‘n sakkizlarga kirgan yoshgina qiz edi; kiyim-kechaklari ruscha, boshyalang va bir yelkasiga mantilka tashlab qo‘yibdi, o‘zi yo‘lovchi emas, chamamda, stantsiya boshlig‘ining qizi yoki singlisi bo‘lsa kerak. Qiz vagon darchasi oldida bir yo‘lovchi kampir bilan gaplashib turar edi. Men hozir ko‘rib turgan qiz to‘g‘risida biron fikrga kelmasimdanoq, bir vaqtlar arman qishlog‘ida duch kelgan go‘zalni ko‘rganimdagi singari tuyg‘u butun vujudimni chulg‘ab oldi.
Qiz chindan ham benihoyat go‘zal edi, bunga menda ham va men bilan birga qizni tomosha qilib turgan kishilarda ham shak-shubha yo‘q edi.
Agar bu qizning sirtqi ko‘rinishini odatdagicha qismlarga bo‘lib tasvir etish joiz bo‘lsa, haqiqatan undagi eng go‘zal narsa faqat jingalak, qalin malla sochi va boshiga hurpaytirib bog‘lagan qora lentasi edi; qolganlarining hammasi kelishmagan, yo bo‘lmasa juda sodda edi. Noz-karashma uchunmi, yoki uzoqni ilg‘amasligi uchunmi ko‘zlarini suzib turardi. Burni xiyol cho‘chchaygan, og‘zi kichkina, yonidan qaraganda ko‘rimsizday, yoshiga qaraganda yelkalari xiyol torroq edi, shunday bo‘lsa ham bu qiz chinakam go‘zalday taassurot qoldirardi; men unga qarab rus qizining chiroyli ko‘rinishi uchun yuz tuzilishi to‘ppa-to‘g‘ri bo‘lishi shart emas ekan, degan fikrga keldim. Chamamda qizning cho‘qqaygan burni o‘rniga arman qiziniki singari qirra burun qo‘yilsa, chehrasidagi go‘zallik yo‘qolar edi.
Go‘zal qiz vagon derazasi oldida kechki shabnamdan junjib gaplashib turib, goh biz tomonga qarab qo‘yar, goh ikki qo‘lini beliga tirab olar, goh sochlarini to‘g‘rilash uchun qo‘llarini boshiga ko‘tarar, gapirar, kular, chehrasida goh hayrat, goh dahshat alomatlari aks etar va men uning badani hamda chehrasi bir on tinch turganini ko‘rmadim. Undagi go‘zallikning butun siri va sehri mana shu mayda, nihoyatda nozik harakatlar, jilmayish, yuz harakatlari, biz tomonga tez-tez nazar tashlashlar, bu nozik harakatlarning yoshlik, ma’sumlik, sofdillik bilan mos kelishida, kulgan va gapirgan chog‘laridagi mayinlikda edi; uning butun qiliqlari, bizga yoqadigan yosh bolalar, parrandalar, yosh kiyiklar va yosh daraxtlar singari nozik edi.
Unda parvona go‘zalligi bor ediki, bog‘larda guldan gulga uchib-qo‘nib, o‘ynab-kulib, xursand bo‘lib yurishgina yarashar, jiddiy o‘y, qayg‘u-hasrat va bir yerda jim turish unga munosib emasdi; bu nozik vujudning birdan so‘lib qolishi va noz-karashmalarning xuddi gul changiday sochilib ketishi uchun platformani yaxshigina shamol yelpib o‘tishi yoki yomg‘ir tomchilashi kifoyadek edi.
Ikkinchi qo‘ng‘iroqdan keyin biz o‘z vagonimizga qarab jo‘naganimizda:
— Shunday… — deb g‘o‘ldiradi ofitser, chuqur nafas olib.
Nega «shunday» deb qo‘yganiga tushunolmayman.
Ehtimol, go‘zal qizning yonidan, bahor oqshomidan uzoqlashib, dim vagonga kirgisi kelmay uni qayg‘u-hasrat bosgandir, ehtimol, u ham menga o‘xshab go‘zal qizga, o‘ziga, menga va oyoqlari tortmasdan, o‘z vagonlariga sudralib ketayotgan hamma yo‘lovchilarga nihoyatda achinib ketgandir. Ofitser stantsiya derazalari oldidan o‘tib ketayotgan paytda, ichkarida bir rangpar, malla soch telegrafist o‘z apparati yonida o‘tirgan edi; uning jingalak sochi hurpaygan, rangi o‘chgan, yonoq suyaklari turib chiqqan edi, ofitser o‘shanga qarab turib uh tortdi va:
— Garov o‘ynayman, mana shu telegrafist o‘sha nozaninni yaxshi ko‘radi — dedi. — Dala joydagi yolg‘iz uyda shunday parivash bilan birga o‘tirib, unga oshiq bo‘lmaslik uchun nihoyatda kuchlik iroda kerak. Oh do‘stim, qaddi-qomati ko‘rimsizgina bo‘lsa ham, risoladagi odam bo‘la turib, o‘zini sariq chaqaga olmaydigan chiroylikkina va yengiltak bir qizga oshiq bo‘lish naqadar baxtsizlik, naqadar kulgili! Undan ham yomoni shuki, bu telegrafist qizni yaxshi ko‘rib qolgan, buning ustiga xotini ham bor va xotini ham xuddi o‘ziga o‘xshagan ko‘rimsizgina bo‘lsa ham risoladagi ayol… Bu holning turgan-bitgani azob!
Bizning vagonimiz oldida maydonchaning panjarasiga suyanib o‘sha nozanin tomonga qarab konduktor turar-di; uning horg‘in, salqi, uyqusiz kechalar hamda vagondagi urunishlar tufayli tolgan lo‘ppi yuzida g‘am-g‘ussa va ma’yuslik aks etmoqda ediki, go‘yo u o‘sha go‘zal qiz siymosida yoshligi, baxti, tetikligi, pokizaligi, xotin bola-chaqalarini ko‘rayotganday, go‘yo bu qiz uniki bo‘lmagani uchun o‘zi bilan oddiy odamlar, yo‘lovchilar baxti orasida, uning barvaqt qarib qolgan, beo‘xshov va lo‘ppi yuzlari orasida yer bilan osmoncha farq borligiga o‘ksinar hamda uni butun vujudi bilan xis etar edi.
Uchinchi zang urildi, hushtak chalindi va poezd asta qo‘zg‘aldi. Bizning oynadan dastlab konduktor, stantsiya boshlig‘i, keyin bog‘ hamda ajib bir qiyofada boladay iljayib turgan go‘zal qiz lip etib o‘tdi…
Men vagondan boshimni chiqarib, orqaga qaradim, go‘zal qiz poezdni kuzatib, telegrafist o‘tirgan xona derazasi oldidan platforma bo‘ylab o‘tdi-da, sochlarini to‘g‘rilab, g‘irillaganicha boqqa kirib ketdi. Endi g‘arb tomonni vokzal binolari to‘sib turmas, sayxonlik ochiq, ammo kun botgan va pag‘a-pag‘a bo‘lib burqirayotgan qop-qora tutun ko‘k duxoba singari mavj urib turgan kuzgi ekinlar uzra yopilmoqda edi. Bahor havosi ham, qorayib borayotgan osmon ham, vagon ichi ham g‘amgin edi.
Vagonimiz konduktori kirib, shamlarni yoqa boshladi.
A. Aliyev tarjimasi
______________
Hikoya dastlab «Novoye vremya» gazetasida bosilgan, 1888, №4513, 21 sentyabr. Imzo: An Chexov. Tuzatishlar bilan «Artist» jurnali nashri — «Mejdu prochim» nomli to‘plamga, 1894, Moskva, yana tuzatishlar bilan avtor 1901 yilda chiqqan 3-tom Asarlar to‘plamiga kiritgan.