Anor. Qo‘l qo‘lni yuvadi (hikoya)

Quyosh o‘zining ish kunini tugatib, shahar uzra yoyilgan oltinrang choyshabini yig‘ishtirib oldi. Boshlovchi romanist, o‘rtoq prozaik Lo‘tti Bozov xuddi ana shu paytda telefon trubkasini ko‘tarib, havaskor yosh tanqidchi, o‘rtoq olim Qorin Quliyevga qo‘ng‘iroq qildi.

Undan-bundan, o‘tgan-ketgandan gaplashishdi.

Suhbat so‘ngida o‘rtoq Lo‘tti Bozov o‘rtoq Qorin Quliyevni uyiga, bozbashga sidqidildan taklif etdi. Qorin Quliyev, yosh olim va shtatsiz tanqidchi, avvaliga biroz o‘zini bozorga soldi. Lekin telefon trubkasidan bozbashning yoqimli hidi urilib, dimog‘ini qitiqladi, ishtahasini karnay qilib yubordi. Natijada Qorin Quliyev bormaslikning ilojini topolmay qoldi.

Avvalo sizni Lo‘tti Bozov (do‘stlari hazillashib uni Lo‘ttibozov deyishadi) bilan tanishtiray. U juda ulfat yigit. Narda o‘ynashda uncha-muncha odam unga teng kelolmaydi. Qayerdaki oshxo‘rlik, umuman, ziyofat bo‘lsa, u tamadalikni qo‘lga oladi. Uning uslub-usuli, umuman aytganda, yaxshi, yangi, zamonaviy. Shunday takliflar aytadiki, qisqa, lo‘nda, biroq chuqur mazmunli. Barcha so‘zlari tagdor, yashirin mazmunga ega, abzatslari yirik-yirik, boblari esa ixcham – hammasi romanlarga xos. Agar Lo‘tti Bozov hayotni besh barmog‘iday biladi desak, xato qilgan bo‘lamiz. Nega? Chunki bu fikrda tugallik yo‘q. Nega endi besh barmoqday deyish kerak? Axir, uning qo‘llarida o‘nta barmog‘i bor-ku! (Oyoqlaridagi o‘nta barmoqni hisobga qo‘shmayapmiz haliyam.)

Bordi-yu Lo‘tti Bozov hayotni o‘n barmog‘i kabi biladi desak, u holda ham yanglishamiz. Binobarin, u o‘z asarlari mazmunini barmoqlarini so‘rib o‘ylab topmagan. Garchi u so‘nggi romanini “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘llar esa yuzni” deb atagan bo‘lsa-da, bunday deyishga haqqimiz yo‘q.

Endi Qorin Quliyev haqida gapiradigan bo‘lsak, u yosh olim, domla. Shunga qaramay aspirant, romantik qarashlarga boy. Qorin Quliyev janoza va boshqa marosimlarda fotihani juda o‘rniga qo‘yib, qiroat bilan o‘qirdi. Uning uch xonali uyi, qop-qora mo‘ylovi, sariq “Volga”si, tilla tishlari va pushti galstugi bor. Bulardan tashqari, Qorin Quliyev oz yeb, oz ichadigan yigitlar toifasiga mansub. Shunday qilib, hikoyamizni davom ettiramiz.

Qorin Quliyev gabardin paltosini kiyib to‘g‘ri yosh romanist Lo‘tti Bozovning uyiga yo‘l oldi. Lo‘tti Bozov ostonada unga peshvoz chiqarkan, “Xush kelibsan! Eshigimiz sen uchun doimo ochiq”, dedi.

Lo‘tti Bozovning hayot yo‘ldoshi, boshqacha aytganda, qonuniy xotini Savlatxonim oshxonadan chiqib, mehmonni, ya’ni hazilkash yosh yigitni qarshi oldi-da, dedi:

– Xush kelibsiz!

Lo‘tti Bozov Qorin Quliyevdan hol-ahvol so‘radi, sog‘lig‘i bilan qiziqdi, ishlarini surishtirdi. Keyin xotiniga yuzlandi:

– Ey, hayot yo‘ldoshim. Bizga tezroq biror narsa keltirsang-chi. Axir, ochlikdan qorin quldirayapti-ku.

Lo‘tti bu gapni aytishga aytdi-yu, darhol izoh berdi:

– E-e, do‘stim Qorin! Ochlikdan qorin quldirayapti, deganimga sen xafa bo‘lmagin, gap kepqoldi-da. Men hech narsaga sha’ma qilganim yo‘q. Tavba, rahmatli ota-onang senga boshqa tuzukroq ism topolmagan ekanda-a…

– Nimasini aytasan, – dedi Qorin.

Bu payt bozbashning xushbo‘y hidi butun koridorga tarqaldi. Qorin Quliyev astagina yutinib qo‘ydi. Lo‘tti Bozov dedi:

– Qani, stolga marhamat.

Qorin Quliyev: “Qo‘l yuvib olsak, yomon bo‘lmasdi”, dedi.

– Bizda negadir suv yo‘q, – dedi Lo‘tti Bozov. – Ammo tashvish chekma, men sening qo‘lingga suv quyib turaman.

Ular vannaxonaga kirishdi. Lo‘tti Bozov Qorin Quliyevning qo‘liga suv quydi, u yuvdi. Xuddi shu mahal Lo‘tti Bozov Qorindan o‘zining “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘llar esa yuzni” romani xususidagi fikrini so‘rab qoldi. Qorin Quliyev qo‘lini sochiqqa artar ekan, “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘llar esa yuzni” romanini o‘qib huzur qilishga hali ulgurmaganini afsus ila aytdi.

Lo‘tti Bozov sekin yo‘talib qo‘ydi. Ikki hamkasb xonaga kirib, stol atrofiga o‘tirishdi.

Do‘stlar o‘tirishi hamono Savlatxonim bug‘i chiqib turgan bozbash, ko‘katlar, qip-qizil rediska keltirib qo‘ydi. Lo‘tti Bozov va Qorin Quliyev yenglarini shimarib bozbash yeyishga tushdilar. Nafsi biroz orom olgach, Lo‘tti Bozov gap oqimini yana o‘sha mavzuga burdi.

– Mening romanimni hali o‘qimabsan, – dedi u. – Sog‘lig‘ing joyidami ishqilib? Gap shundaki… Inqilobdan oldingi chollar aytganday, Xudodan sir tutib bo‘lmagan narsani bandasidan yashirishga na hojat. Demak, sendan ham sir tutishning iloji yo‘q va men buni istamayman ham. Ertaga mening barcha dushmanlarim birlashib rosa savalamoqchi.

Shu mahal Savlatxonim kirib keldi va dedi:

– Azizim Qorin, bozbash qalay bo‘pti? Xom emasmi, olovimiz baland yonmayapti, pishmay qoldimi, deb qo‘rqdim. Xom emasmi ishqilib?

Qorin Quliyev:

– Yo‘q, yo‘q, – dedi. – Xom emas.

Savlatxonim oshxonaga qaytib ketdi, Lo‘tti Bozov so‘zida davom etdi:

– Demoqchimanki, ertaga mening romanim muhokama qilinadi. Oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari va studentlar, ilmiy institutlarning xodimlari, qisqasi, butun adabiy jamoatchilik hamda barcha qiziqqan o‘rtoqlar taklif etilgan.

Xuddi shu mahal Savlatxonim yana kirib keldi-da, Qoringa savol berdi:

– Azizim Qorin, ma’zur tutasiz, tuzi qalay? Kam tuz solmadimmi, deb xijolat bo‘lib o‘ldim toza.

O‘rtoq Qorin Quliyev:

– Yo‘q, yo‘q – dedi. – Tuzi joyida, kam emas.

Savlatxonim oshxonaga qaytib ketdi, Lo‘tti Bozov so‘zida davom etdi:

– Men ularni yaxshi bilaman. Agar birontani dabdala qilmoqchi bo‘lishsa, gapiruvchilar ro‘yxatini oldindan tuzib qo‘yishadi. Men ularning odatini juda yaxshi bilaman.

Xuddi shu paytda Savlatxonim yana kirdi.

– Azizim Qorin, kechirasiz, suvi ko‘p emasmi? Suvni ko‘p solvordimmi, deb qo‘rqdim-da.

Qorin Quliyev:

– Yo‘q, yo‘q, – dedi. – Hammasi joyida.

Savlatxonim oshxonaga qaytib ketdi, Lo‘tti Bozov so‘zida davom etdi:

– Ko‘rdingmi ularni, mening yolg‘iz paytimdan foydalanib, po‘stagimni qoqishmoqchi. Xolamning o‘g‘li Qo‘rs Qo‘polov kurortga, hamshahrim Maratelev qishloqqa to‘yga ketgan, qo‘shnim Grafomanskiy esa xasta. Ular buning hammasidan xabardor. Shu bois meni ko‘rolmaydiganlar paytdan foydalanib qolishmoqchi.

Xuddi shu payt Savlatxonim kirib, Qorindan bozbashning qalampiri ko‘payib ketmaptimi, achchiq emasmi, deb so‘radi. Qorin Quliyev:

– Ha, yaxshi, – dedi. – Joyida. Shirin, juda yaxshi. Mazali bo‘pti.

Savlatxonim:

– Azizim Qorin, kechirasiz, – dedi, – go‘shtdan yeb ko‘ring-a, juda yumshoq pishgan. Yaxshi hazm bo‘ladi.

– Ha-ha, yaxshi pishipti, yumshoq, tez hazm bo‘ladi, – dedi Qorin Quliyev.

Savlatxonim yana oshxonaga qaytib ketdi, Lo‘tti Bozov so‘zida davom etdi:

– Demak, sening sog‘lig‘ing uchun olaman, do‘stim Qorin. Sen menga aka-ukamdan ham yaqinsan. Rahmat senga, yuz yil yasha. Biz esa sening himmating, qo‘llab-quvvatlashing, bir so‘z bilan aytganda, soyangda yashayveraylik.

– Tashakkur.

Ichishdi:

– Pff!

– Sen mening gunohimdan o‘t, – dedi Lo‘tti Bozov. – Konyakni nazarda tutyapman. Buning uchun qarzdorman. Uchyulduzligi bor ekan, olmadim. Bo‘maydi u. Keyingi hafta, albatta, besh­yulduzligidan topib qo‘yaman. Bir o‘tiramiz.

…Ertasiga Qorin Quliyev muhokamaga kelib, so‘zlovchilar ro‘yxatiga yozildi. Ungacha ikki-uch kishi gapirdi. Ularning hammasi romanni dabdala qilishdi, titi-pitisini chiqarib tashladilar. “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘llar esa yuzni” romanida yozuvchining qo‘li ko‘rinmaydi, har jihatdan bo‘sh, sayoz, roman deyishga arzimaydi, degan fikr bildirishdi.

Lo‘tti Bozov Qorin Quliyev tomonga engashib, uning qulog‘iga shivirladi:

– Men halok bo‘ldim, endi sen mening jasadimni yerdan ko‘tarishing kerak. Ta’sirli qilib gapir. Obrazli tilda gapir. Hammasi dovdirab, aytgan so‘zlariga pushaymon bo‘lib qolsin.

Qorin Quliyev romanni o‘qimaganiga yarasha loaqal bosh qahramonning ismini ham bilmaydi. Bosh qahramon ayolmi-erkakmi – shundan ham bexabar. So‘rab olmaganiga pushaymon chekdi.

Biroq bo‘lar ish bo‘ldi, ishni boshladimi, oxiriga yetkazishi lozim.

Qorin Quliyev gapni nimadan boshlashni bilmas, og‘zi quruqshab, tili aylanmasdi. U grafindan stakanga suv quyib, bir qultum ichdi. Og‘zini sal namlab olib, nutqini boshladi:

– Hurmatli hamkasblar va adabiyot muxlislari. Mendan oldin so‘zga chiqqan o‘rtoqlarning fikriga sira qo‘shilmayman. Nima uchun? Bordi-yu, asar yaxshi bo‘lsa, nega endi uni qoralash, tanqid qilish kerak?

O‘rtoq yosh avtor Lo‘tti Bozovning “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘llar esa yuzni” romanining eng asosiy yutug‘i shundaki, ya’ni uning asosiy joyi… muvaffaqiyati shundan iboratki… u xom asar emas. Tayyor asar. Ha ha, xom emas, tayyor! Bu asarning olovi o‘tkir, baland bo‘lganini sezib turibmiz.

Baland olov, ha-ha, baland olov – yosh prozaik yuragining tafti. Bu yerda biz hech qanday kamtuzlilikni sezmaymiz. Asarda tuz yetarli, lekin sho‘r emas, mo‘tadil. Tili shirin, qaytarib aytaman, shirin, mazali. Suvi ko‘p emas, yo‘q-yo‘q, suvi kam, ba’zi bir boshqa o‘rtoqlarnikiday sersuv emas. Tabiat juda yumshoq tasvirlangan. Obrazlar pishiq, mazali, ha, juda pishiq va mazali… Umuman olganda, asar yangi, xushbo‘y, odamga rohat bag‘ishlaydi, yaxshi hazm bo‘ladi.

Nima, siz o‘ylaysizki, kamchiligi sira yo‘qmi? Bor, albatta. Bu mening shaxsiy fikrim, avtor qo‘shiladimi-yo‘qmi – ixtiyori. Mening nazarimda, o‘rtoq yosh prozaik Lo‘tti Bozov boblar orasiga uchta yulduz emas, beshta yulduz qo‘ysa, asar yana ham yutgan va maqsadga muvofiq bo‘lardi.

…Lo‘tti Bozov bilan Qorin Quliyev muhokamadan so‘ng birga qaytishdi. Shahar tun og‘ushida. Quyoshning vazifasini vaqtincha bajarib turgan oy erinchoqlik bilan atrofni yoritadi. Lo‘tti Bozov xirgoyi qilib bormoqda. Qorin Quliyev peshonasiga shart urib, birdan to‘xtadi.

– Vay, – dedi u, – mutlaqo esimdan chiqib ketipti. Afsus, aytmapman-a. Salgina yog‘lik bo‘lgan ekan-da.

– Nima?

Ozarbayjonchadan Mamatqul Hazratqulov tarjimasi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 12-son

“QO‘L QO‘LNI YuVADI”
YoHUD
QOVURDOQBOZLIK

Quyosh o‘z ishini tugatib qizil sochoqli ko‘rpasini shahar uzra tomlarga yopganida yangi romannavis Mana To‘g‘riyev go‘shakni ko‘tarib havaskor munaqqid, yosh olim do‘sti Qorin Quliyevga qo‘ng‘iroq qildi. Hush besh, o‘n besh, falon-pismadon. Gapning qisqasi Mana To‘g‘riyev birodari Qorin Quliyevni lutfan, chin ko‘ngildan o‘z kulbayi vayronasiga mehmonga, qovurdoqbozlikka chaqirdi.

Qorin Quliyev yosh olim va shtatdan tashqari tanqidchi kabi bolakaylarcha mis-misladi, biroq telefon dastagidan qovurdoqning hidi burniga urilganday tuyuldi, bormaslikning iloji qolmadi.

Agar avvaliga Mana To‘g‘riyev bilan (do‘stlar hazillashib unga Tulkibekov deyishardi), keyin esa ijodiy hamkori Qorin Quliyev bilan tanishadigan bo‘lsak, aytish joizki, Mana To‘g‘riyev ko‘pchilikni bezdirgan odam edi. Juda a’lo narda otar, qayga ketsa o‘sha yerda davraboshi bo‘lar va umuman aytganda stil-uslubi ham yaxshi, yangi, zamonaviy edi: bir muncha qisqa, uzuq-yuluq jumlalar, ammo te’ran ma’noli, so‘zlari ikki boshli, abzatslari yerli-yotoqli, matnlari ko‘rpa-to‘shakli, romanlari esa uzundan-uzun. Mana To‘g‘riyev hayotni besh barmog‘idek bilardi desak to‘g‘ri bo‘lmas, sababkim, bu ifodada bir kamchilik bor. Nega besh barmoq bo‘lsin, holbuki odamning o‘n barmog‘i bor axir (hali oyoq barmoqlarini sanamadik).

Lekin Mana To‘g‘riyev hayotga o‘n barmog‘idek mushtoq bo‘lsada, asarlari mavzusini barmoqlaridan so‘rib chiqaromagandi. Yaqinda yakunlagan yangi romanini “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘l esa yuzni” deb nomlagandi. Bir so‘z bilan aytganda, Mana To‘g‘riyev kam oshning tuzi emasdi.

Aytgancha, do‘sti Qorin Quliyev haqida ham to‘xtalib o‘tsak, u hali yosh, ko‘ngil unvoni romantik, ilmiy unvoni aspirant edi. Qorin Quliyev yaxshi yosin o‘qishni bilar, shahar markazida uch xonali uyi, qop-qora mo‘ylovi, sariq volgasi, qizil tishlari va rangbarang galstugi bor, kamiga yeb-ichishni kanda qilmaydigan odamlardan edi. Mayli, mavzudan chetga chiqmaylik.

Qorin Quliyev qabardin paltosini ko‘z-ko‘z qilib yolg‘iz o‘zi Mana To‘g‘riyevnikiga mehmonga keldi. Uni ko‘rgan Mana To‘g‘riyev:

– Eh, seniyey, kel, xush kelibsan, – dedi va qo‘shib qo‘ydi. – Doimgidek o‘zingsan.

Mana To‘g‘riyev rafiqasi, turkning so‘zi to‘g‘ri ayoli Nanam Nahra xonim oshxonadan chiqib mehmon, yaniki, yosh munaqqid Qorin Quliyevga kamoli-adab ila:

– Xush kelibsiz! – dedi.

Mana To‘g‘riyev Qorin Quliyevdan boshdan-oyoq hol-ahvol so‘ragach turkning to‘g‘ri so‘zli ayoliga xitob qildi:

– Ey turmushim o‘rtog‘i, tezda bizga dasturxon yoz, qorin ochlikdan g‘uldurab ketyapti.

Bu so‘zlarni aytgan zahoti Mana labini tishladi:

– Aa, – deya davom etdi, – aziz do‘stim Qorin, qornim g‘uldurayapti deganda xayolingga boshqa narsa kelmasin tag‘in, so‘z kelgani uchun aytdim. Birodar, rahmatlik ota-onang senga juda o‘zgacha ism topishganda…

Qorin:

– Ha, – dedi, – hech qisi yo‘q.

Shu payt qovurdoq hidi oshxonadan bu yerga hujumga o‘tib xonani bosib oldi, Qorin Quliyev ohista yutindi. Mana To‘g‘riyev uni “Qani dasturxonga o‘taylik”, deya stol atrofiga chorladi. Qorin Quliyev esa “Avval bir qo‘limni yuvib olsam yaxshi bo‘lardi”, dedi. Mana To‘g‘riyev “Suvimiz to‘xtab qoldi, o‘zim qo‘lingga suv qo‘yaman, yuvib olasan” deya uni oshxonaga olib o‘tdi. Mana To‘g‘riyev suv qo‘ydi, Qorin esa qo‘lini yuvdi. Shu payt Mana To‘g‘riyev yosh tanqidchidan “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘l esa yuzni” haqida nima fikrdaligini so‘radi. Qorin Quliyev qo‘llarini yuvdi va sochiqqa artayotib “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘l esa yuzni” romanini o‘qib lazzat ololmaganini ta’kidladi.

Mana To‘g‘riyev yengil tomoq qirdi, so‘ngra ikki hamkor mehmonxonaga kirib dasturxonga o‘tirishdi. Shu payt dasturxonga qovurdoq keldi, kamiga turli salatlar, turp va pomidor ham. Mana To‘g‘riyev va Qorin Quliyev ko‘rmagan ko‘zdek qovurdoqqa tashlanishdi. Bir muddat nafas rostlashganida Mana To‘g‘riyev darhol o‘sha asar haqida gap ochdi:

– Romanimni o‘qimading hali, – dedi, – ming rahmatey. Biroq bir ish bor, ikki amal. Eski dindorlar inqilobdan avval aytishganki, Allohdan yashirin emasmi, demak sendan ham yashirin emas. Bu oqshom men va barcha dushmanlarimiz, sir emaski, bizni yo‘q qilishni istashadi.

Shu payt Nanam Nahra xonim xonaga kirib:

– Qorinboy, qalay chiqibdi qovurdoq, chala pishmaptimi ishqilib? – deya so‘radi. – Biroz qattiqroq edi, balki yaxshi pishmagandir deb o‘yladim…

Qorin Quliyev:

– Yo‘q-yo‘q, – dedi yeyishdan bo‘shamay, – chala pishmagan, zo‘r.

Nanam Nahra xonim yana oshxonaga qaytdi va Mana To‘g‘riyev so‘zida davom etdi:

– Ha, shuni aytayotgandim men ham, bu kecha romanimning muhokamasi kuni belgilandi. Universitetning domla va talabalari, ilmiy instutlar hamkorlari, umuman aytganda, butun adabiy ijtimoiyat va qiziquvchilar chaqirilyapti.

Shu mahal Nanam Nahra xonim yana xonaga kirib:

– Qorinboy, ma’zur tuting, tuzi qanday chiqibdi? – deya so‘radi. Kam emasmi, kam deb o‘yladim…

Qorin Quliyev:

– Yo‘q-yo‘q, – dedi. – Tuzi juda maromida, kam emas.

Nanam Nahra xonim oshxonaga qaytdi va Mana To‘g‘riyev yana so‘zida davom etdi:

– Men bu guruhga yaxshigina muxlisman. Bittasini urishni istashganida avvaldan chiqishlarini hushtak chalib to‘xtatishadi, shuning uchunam unga muxlisman.

Shu lahzada Nanam Nahra xonim oshxonadan turib:

– Qorinboy, kechirasiz, qovurdoqning sho‘rvasi ko‘p bo‘lmaganmi? – dedi. – Ko‘payib ketdimi deb o‘yladim…

Qorin Quliyev:

– Yo‘q-yo‘q, – dedi, – sho‘rvasi joyida.

Nanam Nahra xonim oshxonaga, o‘zi ishiga qaytdi. Mana esa yana so‘zini davom qildirdi:

– Ko‘rib turganingdek, meni yolg‘iz qoldirishdi, bibimning o‘g‘li Mard Mozorov kurortga ketdi, bolalik do‘stim Haydarquli kasalannib yotibdi, katta o‘g‘lim Chizma Qorayev qishloqqa to‘yga ketdi, yon qo‘shnimiz Hataran Pataronov esa mendan ranjiganmish.

Shu daqiqada Nanam Nahra xonim yana kelib, ulardan xabar oldi:

– Qorinboy, xo‘sh, kartoshkasi shirin ekanmi?

Qorin Quliyev:

– Ha, juda hushta’m, – dedi.

Nanam Nahra xonim:

– Qorinboy, go‘shtlaridan oling, – dedi. – Yaxshilab chaynang, ta’mini yanada sezasiz. Antiqa hazm bo‘ladi.

Qorin Quliyev:

– Ha, – dedi, – antiqa hazm bo‘larkan rostan.

Nanam Nahra xonim yana oshxonaga qaytdi, Mana To‘g‘riyev esa yana so‘z juftladi:

– Sening sog‘ilig‘ing uchun ichaman, Qorin, sen menga qarindoshdan ham yaqinsan, joning sog‘ bo‘lsin, biz ham soyayi davlatingda kamol topaylik.

– Sog‘ bo‘l!

Ichishdi.

– Pff! Zahar! – deya Mana To‘g‘riyev yuz-ko‘zini burishtirdi. – Gunohimdan o‘t birodari aziz. Konyak jihatdan biroz yanglishibman. Juda arzon – “Uch yulduz”. Yodda tut, kelasi hafta “Uch yulduz” o‘rniga “Besh yulduz” mening bo‘ynimga.

…Oqshom muhokamaga kelgan zahoti Qorin Quliyev ro‘yhatga yozildi. Undan avval bir-ikki odam asar haqida gapirdi. Hammasi asar haqida yomon fikrlar bildirishdi. Ular bir ovozdan “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘l esa yuzni” romanida yozuvchi qo‘l ishlatmagan, oyoq bilan yozgan, deyishdi.

Mana To‘g‘riyev Qorin Quliyevning qulog‘isga asta egilib pichirladi:

– O‘lidirishdi meni, sen endi hech qursa mayitimni ko‘tar. Yaxshi gapir. Yaxshi fikrlar bildir…

Qorin Quliyev shu mahala asarni hali o‘qimagani, hatto bosh qahramonning ham ismini so‘rashni unutganini angladi. Bosh qahramon yigit yo qizliginiyam bilmasdi hatto. Biroq aytishganidek, minbarga chiqish bir hissa ayb, tushish ikki hissa ayb.

Qorin Quliyevning ichi yonar, tili-bo‘g‘zi qurigandi, grafindagi suvni boshidan quydi va nutqini boshladi:

– Muhtaram qalamkash do‘stlarim va adabiyot muhiblari! Mendan avval gapirganlarning fikrlariga qo‘shilolmayman. Nega deysimi? Chunki bu yaxshi asar. Uni qoralashdan naf yo‘q. Yosh muallif Mana To‘g‘riyevning “Qo‘l qo‘lni yuvadi, qo‘l esa yuzni” romanining asosiy va katta yutuqlaridan biri shuki, u… chala asar emas, pishgan asar. Ha-ha, xom emas. Bu asarda, shuningdek, kuchli olovni ham ko‘rish mumkin. Yosh nosirning, muallif qalbining otashin olovini, ha-ha, olovini. Bu yerda biz tuzsiz narsalarga duch kelmaymiz. Asarning tuzi ham maromida. Tili ham shirin, ha-ha, juda shirin. Ba’zi yozarlarning ba’zi asarlaridagidek uning suvi ko‘p emas, aksincha joyida. Tabiat tasvirlari ham yumshoq. Obrazlar ham lahm-qonli, ha-ha, lahm-qonli. Mana To‘g‘riyev chaynalmagan vositalarga qo‘l urmagan. Umuman aytganda asar tarovatli, xush iforli, totli, lazzatli, bir so‘z bilan aytganda, yaxshi hazm bo‘ladi. Nima, hech nuqsoni yo‘qmi demoqchimisiz? Albatta bor. To‘g‘ri, bu mening shaxsiy mulohazam, muallif balki mening fikrimga qo‘shilar, balki qo‘shilmas. Ammo menimcha yosh nosir Mana To‘g‘riyev fasllar orasida uch yulduz emas, besh yulduz qo‘ygani ma’qul.

Muhokamadan keyin Mana To‘g‘riyev va Qorin Quliyev birga qaytishdi. Shaharga oqshom tushgan, quyoshning vazifasini vaqtincha egallagan Oy dangasalarcha nur sochardi. Mana To‘g‘riyev qo‘shiq hirgoyi qila boshladi. To‘satdan Qorin Quliyev qo‘lini peshonasiga urib joyida taqqa to‘xtadi:

– Voy, esim qursin, – dedi, – butkul unutibman. Axir yog‘li demabmanku…

– Nima?

Ojiz Ovora

Fand Faraj

“Mulla Nasriddin – 66” hajviy asaridan parcha.

Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon tarjimasi