“Telefon raqamlari
hech o‘xshamas bir-biriga
biroq barchasida
inson ovozi bor…
…yomon kunlar
hech o‘xshamas bir-biriga
birida o‘zing jim qolasan
birida telefon…”
Voqif Vakilov
O‘tgan kuni sening telefoning vafot etdi. O‘ylama, faqat insonlar o‘lmaydi, telefon raqamlari ham o‘ladi.
Umr bo‘yi ko‘plab raqamlarni unutasan: pasport raqamingni, oxirgi ishingda olgan maoshingni, do‘stingning ulovi nomerini, oyga qadar bo‘lgan masofani, yashayotgan shahringning aholisi miqdorini… Shuningdek, boshqa ko‘pgina raqamlarni, barchasini unutasan.
Birgina bu besh raqamdan boshqa barchasini. Bu besh raqam sen uchun eng aziz hadyalardan biri edi. Besh raqam, uning ovozi va telefon dastagidan kelgan binafsha ifori…
Ba’zida men bu qora telefonning dastagini nafis ovozli bir royalning qopqog‘ini yopgan kabi qo‘ysam, ba’zida tobut qopqog‘ini yopgandek chuqur g‘amginlik bilan joyiga qaytaraman.
Endi bu raqam yo‘q. Yo‘q-yo‘q, aslida bor, biroq men uchun yo‘q. Men uchun bu raqam endi ta’qiqlangan hududdir.
Shundoq barmoqlarim yonida, telefon qornining ostida joylashgan bu besh raqam endilikda men uchun bosib o‘tib bo‘lmas bir masofa — qanchadir kilometr, qanchadir mil yohud chaqirimdir.
Men bu masofaning beshdan to‘rtini kechib o‘ta olaman, ya’ni to‘rt raqamni to‘plashim mumkin, ammo hech qachon so‘nggi raqamni — beshinchisini bosa olamayman. Sening raqaming qulflangan eshikdir — men esa kalitni yo‘qotganman.
Seni ko‘rmasam ham qo‘ng‘iroq qilardim, mas’um ovozingni eshitar va shunday derdim: “Azizim, qo‘llaring nega bunchalar sovuq?”
Seni ko‘rmasam ham, olisdan bo‘lsa-da barchasini his qilardim. Sohil yonidagi qishloqliklar dengizni ko‘rmasalar ham uni his qilishgani kabi.
Endi esa dengiz g‘oyib bo‘ldi. Yo‘qqa chiqdi, yo‘qqa.
Ming martalab takrorlanayotgan narsa men, sen, shuningdek, u. Biroq telefon ham bor.
Barchasi Rasimning to‘yidan boshlandi.
Feruz unda qadahso‘z aytardi:
“Biz besh og‘ayni edik. Xuddi o‘sha filmdagidek, esingizdami, ular ham besh nafar edi. Men, Kamol, Murod, Rasim va Seymur. Bizni birma-bir ishg‘ol qilishdi, birma-bir ushlab, kishanlashdi. Kim qildi bu ishni deysizmi, albatta mana bu xonimlar. Uydagi kulfatni aytmasa ham bo‘ladi — bolalarni. Ha, shunday, bizni kulfat bosdi, bosgandayam yomon bosdi”.
Hamma kuldi. U so‘zida davom etdi:
“Mana bugun Rasimni ham yo‘qotdik. Borgan joyingda toshday qot, og‘ayni. Albatta, bular bir hazil. Baxtli bo‘ling Farida, Rasim. Men sizga uzoq umr, saodat, salomatlik tilayman. Farzandlaringiz mo‘l bo‘lsin. Sizning sog‘ligingiz uchun ichdik, yana ichamiz ham. Biroq qo‘limdagi ushbu qadahni jon jigarimiz Seymurning sog‘ligi uchun ko‘tarishni taklif qilmoqchiman. Seymur o‘z-o‘ziga xon, o‘z-o‘ziga sulton. Sog‘ bo‘l do‘stim, bulbul bo‘l, qafasda bo‘lma”.
Hamma menga termular, idishlar orasidan tanish yuzlarni ko‘ryapman — do‘stlarimning yuzlarini. Ularning yuzida sevinch bilan bir qatorda hayrat ifodasi ham bor.
Mehmonlar bir-bir tarqalishni boshlaganda biz ham — Feruz, Kamol, Murod ayollari va men ko‘chaga chiqdik. Tun qo‘ynida mudrayotgan shaharning sokin ko‘chasidan yurib borarkanmiz, Feruzning ayoli biqinimdan turtdi:
— Seymur, sening to‘yingni qachon qilamiz?
— Olis kelajakda.
— Nega axir? Yo men mana bu bekorchi oshnangning so‘zlariga ishonasanmi? — u kulimsirab erining qo‘yniga suqildi, — u aytgandir, oilam jahannam, deb.
Feruz:
— O‘ziga loyiq qiz topolmayapti, — dedi.
— Rostanmi? Eshitdingizmi bolalar? Kelinglar, Seymurga bir qiz topaylik. Seymur, sen uchun Bokuning eng go‘zal qizini topsak, uylanasanmi?
— Albatta, — dedim qat’iyat bilan, — faqat bir sharti bor. Shunday ekan, hozir, ayni daqiqada topsangiz roziman. Yo‘qsa fikrimni o‘zgartiraman.
Kamol:
— Voy nozikoyimey, — dedi, — yarim tunda senga qayerdan qiz topamiz? Ko‘chadan topmasak kerak… Yoki sen tunning bunday pallasida yurgan qizga uylanaverasanmi?
— Albatta, — dedim, — nima desangiz shu. Bu suhbatdan uyam boxabar bo‘lsin faqat.
— Mening bir taklifim bor, kelinglar Seymurga telefon orqali qiz topamiz. Ana, anavi yerda avtomat ham bor ekan.
— Juda yaxshi fikr, — dedim, — biroq tangam yo‘q.
Har tarafdan menga tanga uzatishdi. Butkaga kirdim.
— Qani, raqamni aytinglar, — dedim.
Feruz:
— Jo‘ra, aqlingga kelgan raqamni ter, — dedi. — Masalan…
U so‘zini yarim qoldirdi.
— Yo‘q, do‘stim, bo‘sha kema suvga ketmasin. Yomon qaynona chiqib qolsa mening yoqamdan olasan. — dedi biroz xayol surgach.
— Qo‘rqoq, — dedim, — muammo ham shunda. Uylanmoq jiddiy ish, hazilmas. Hech kim mas’uliyatni bo‘yniga olishni istamaydi. Kamol, ehtimol sen aytarsan-a?
— Mening bir taklifim bor, — dedi Feruzning xotini suhbatga qo‘shilib, uning o‘zi hamisha bir fikri bo‘ladi, — hech kim bo‘yniga bunday og‘ir mas’uliyat olishni istamaydi. Keling, yaxshisi mas’uliyatni hammaga teng bo‘laylik. Har kim bir raqam aytsin.
Feruz:
— Ma’qul, — dedi. To‘g‘risini aytsam, u hamishi ayolining so‘zini ma’qullaydi. — Ikki, — dedi Feruz menga istehzoli qarab.
Feruzning ayoli:
— To‘qqiz, — dedi.
Kamol:
— Raqammi… — deya o‘ylanib xotiniga boqdi, — sen aytaqol xotinjon.
— Men? Men nima dey, bilmayman… Mayli, to‘rt.
Murod chaqqonlik bilan:
— Besh, — dedi.
Men aytilgan raqamlarni terdim, Murodning ayoli son aytishga ulgurmadi, chunki telefondan qisqa signallar kela boshlagandi.
— Jufti halolim uyquga ketgan shekilli, — dedim.
Hamma kuldi. Go‘shakni joyiga qaytardim.
So‘ngra yo‘limizda davom etdik, bir-bir uy-uyga tarqaldik. Men negadir o‘zimni yolg‘iz his qilardim…
Sekin-asta yurib dengiz tarafga qaytdim, uzoq vaqt kimsasiz bulvarda sayr qildim, qorong‘ulik ko‘rpasini yopib olgan dengiz va olisdagi rangbarang chiroqlarga termuldim, to‘satdan o‘sha raqamlar esimga tushdi. Tunggi soat ikki edi.
So‘ngra yaqindagi avtomat butkasiga kirdim, tanga tashladim va raqamlarni sharaqlatib terdim.
Go‘shakdan ayol ovozi eshitildi. Ovoz uxlayotgan emas, biroz horg‘in va hayratlangan odamning ovozi edi:
— Labbay.
— Salom.
— Salom. Kim bu?
— Menman. Keling, tanishamiz.
Bu gapdan keyin yuzimga urilgan tarsakidek qattiq javob kutardim. Yoki haydab chiqarilgan odam eshigi kabi telefonning g‘azab bilan o‘chirilishi haqida o‘ylardim. Biroq u na qattiq javob qildi, na g‘azablandi. Ovozi avvalgi sokinlik bilan yangradi:
— Menimcha tanishish uchun vaqt allamahal bo‘ldi.
— Allamahal? Yo‘q, aslo. Ayni vaqti hozir. Men biroz avval bir yaqin do‘stimning to‘yidan chiqdim. U mening eng oxirgi bo‘ydoq og‘aynim edi. Fikrimcha, bugun uning to‘yi emas, azasi bo‘ldi.
— Vay, vay, vay. Nimalar deyapsiz? O‘zingiz uylanmaganmisiz?
— Albatta yo‘q. Sizchi, siz turmushga chiqqanmisiz?
U kuldi.
— Tanishishning ilk daqiqasidanoq hamma narsani bilishni istaysizmi?
— Ma’zur tuting. Meni telefon xuliganlaridan, deb o‘ylamang tag‘in. Men, shunchaki, yolg‘izlikdan ko‘ksi o‘t olgan bir odamman xolos. Balki shuning uchunam raqamlarni terdim, birov bilan tanishay dedim.
— Shundaymi, raqamimni qayerdan oldingiz?
— Tasodifan. Xayolimga kelgan raqamlarni terdim, vassalom.
— Ajablanarli juda.
— Sezganingizdek, biroz sarhushman, ehtimol shu tufayli o‘zimni juda yolg‘iz sezayotgandirman.
— Mayli, hech qisi yo‘q.
— Siz bilan uchrasha olamizmi?
— Yo‘q, bu to‘g‘ri ish emas. Keling, yaxshisi bunday qilamiz. Hozir kech bo‘ldi, uyingizga borib dam oling, tongda, meni aytdi dersiz, barchasi unutiladi.
— Axir siz bilan ko‘rishishni xohlayman, hech qursa tanishishni…
— Raqamimni bilasiz, ertaga o‘zingizga kelgandan keyin, tanishishni istasangiz telefon qiling, qarshiligim yo‘q.
— Rostanmi?
— Rost. Yaxshi dam oling.
— Baxtga qarshi ertalab albatta qo‘ng‘iroq qilaman.
Juda kulguli ko‘rinsa ham, go‘shakni joyiga ilib odamsiz ko‘chada yurib borarkanman, o‘ylardimki, endi men yolg‘iz emasman. Go‘yoki endi kimimdir bor.
Ertasi kun telefon qilmadim. Kun davomida kundalik ishlarga qorishib, hammasini unutdim. Bir necha kundan so‘ngra majlisdan chiqib laborotoriya mudirimiz bilan janjallashib qoldim. U mening ilmiy rahbarim ham edi.
Muzokaradan keyin Feruz meni uyiga olib ketdi. Biz u bilan bir oliy o‘quv yurtida ishlardik. Yo‘lda u menga maslahatlar berdi, g‘azablanmasligimni, o‘zimni bosib gapirishim kerakligi haqida ma’ruza qildi. Aytdiki, hayotda agar haq bo‘lsang o‘z haqiqatingni himoya qilishning minglagan usuli bor. Hammani o‘zingga dushman qilgan bilan birovni ishontira olmaysan. Biroz kelishgan ma’qul, biroz yengilgan ham. Tasavvur qil, birov to‘g‘ri gapirmayapti. Aytaylik unga, har tarafdan nazar solsang, menga shunday tuyuladi, bu masalaga bir taraflama boqsang, har kim bilan ham kelisha olasan. Yo‘qsa o‘zing kabi hech narsaning tarafini ololmaysan, nodonsan, johilsan. Shuning uchun ham…
— Shuning uchun ham… — dedim. — Sening bu siyosating jonimdan to‘ydiirib yubordi.
— Tushundim do‘stim, tushundim, senday odam bilan kelishib bo‘lmaydi. Ketdik yaxshisi choy-poy ichaylik.
Feruzning ayoli:
— Bilasanki, — dedi, — hech birimiz bu so‘zlarni unga o‘rgatmaganmiz. Bilmayman bu so‘zlarni qayerdan biladi, o‘zi topgan, deydiki: “o-o-yi, da-a-da”.
Feruzning ayoli hali bir yoshga ham kirmagan o‘g‘li haqida gapirardi. Shu mahal Feruz kiyimlarini alishtirib yonimizga keldi.
— Haqiqatdan g‘alati, — dedi. — Bilasan men yaqinda yangi bir nazariyani kashf qildim. Nazariyamga asosan, tilni bolalar yaratishgan. Kattalar emas, yo‘q, aynan bolalar. Biz, kattalar ular yaratgan so‘zlardan foydalanamiz. Seymur amakisi, ayt qani, qayerda shunday shirin bolani ko‘rgansan, kimning shunday o‘g‘li bor, to‘g‘rimi gapim?
Qancha urunsam ham o‘sha raqamni eslay olmasdim. Deyarli yarmi esimda, boshidagi ikki sonni aniq bilaman, uchinchi raqami nol edi, qolganini ming urunsam ham yodimga tushurolmadim.
— Menga qara, Samoya, o‘sha kechasi sen qaysi raqamni aytganding?
— Qaysi kecha? Qanaqa raqam?
Unga eslatdim: “O‘shanda, to‘ydan chiqib menga maslahat berdingizlar uylanish haqida, keyin telefon orqali tanishtirmoqchi bo‘ldingizlar bo‘lajak ayolim bilan, birma-bir raqam aytdingizlar, eslayapsanmi, sen o‘shanda qaysi raqamni aytgan eding?”
Eshikdan chiqarkanman u ortimdan baqirdi:
— Ha, esladim, to‘qqiz edi, trolleybusimning raqami.
Uydan chiqishim bilan yaqindagi butkadan raqamlarni terdim. Go‘shak ko‘tarildi.
— Alo. Salom. Menman.
— Salom. Kim bu?
— Nega darrov unutdingiz. Esingizda bo‘lsa, men sizga bir oqshom telefon qilgandim, bundan uch kun avval, aynan hozirgiday vaqt edi o‘shanda…
— Unda ovozingiz boshqacha edi, — dedi va istehzo bilan qo‘shib qo‘ydi, — yoki bu gapirayotgan odam boshqa birov. O‘tgan safar yolg‘izlikdan qiynalgan, bir telefon mojarosiga qo‘shilib qolgandingiz.
U qat’iy ohangda gapirardi.
— Ont ichaman, bu menman. O‘shanda ovozim mast odamniki edi, shuning uchun ham tanimayapsiz hozir. Endichi, endi taniyapsizmi, eshiting.
— Ha, endi tanidim. Men boshqa odam deb o‘ylabman, ma’zur tuting, — u bemalol kuldi, — demak, bugun o‘zingizdasiz.
— Yuz foiz. Mast emas vaqtimda qo‘ng‘iroq qilishimning sababi men haqda faqat yomon tasavvurga ega bo‘lib qolmang, dedim. Siz o‘ylamang tag‘in, bu g‘irt ichkilikboz, deb. O‘zi oyda-yilda bir marta ichaman.
— Yaxshiyam qo‘ng‘iroq qildingiz, bo‘lmasa bu oqshom zerikib o‘lardim. Radiom buzilib qoldi.
— Siz har doim shunday kech uxlaysizmi?
— Ha, shunday, tun yarmigacha radio tinglayman. Biroq bugun radioning ahvoli chatoq, tentakka o‘xshab qoldim usiz.
Go‘shakdan ajoyib bir kuy, pianinoning ovozi eshitilardi, biroq juda uzoqdan.
— Siz savollarga javob berishni xush ko‘rmaysiz, bilaman, ammo mumkin bo‘lsa aytsangiz, kim u tun yarmida pianino chalayotgan?
— Ha, — u sekingiga kuldi. — Ovoz bizning uydan emas, qo‘shnilarnikidan kelyapti. Shunday san’atsevar qizki, ertalabdan kechgacha pianino chalish bilan mashg‘ul. Devorlar qalin emas, ovoz to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tib turadi, xuddi ikki uy o‘rtasida hech narsa yo‘qdek. Hech qursa radio ishlaganida uning ovozini eshitmasdim.
— Xo‘sh, nega radio tinglaysiz?
— Radio xuddi uyimga mengzaydi. Masalan, mana bu paytda tunggi eshittirish bo‘ladi, mana bu vaqtda esa eng sara qo‘shiqlar qo‘yiladi… — Men uning radio tugmalari uzra kezayotgan barmoqlarini his qildim, u kanallarni bir-bir o‘tkazardi, — Bu yerda hamisha bo‘ron guvillaydi, bu yerda har doim men anglolmas tilda gapirishadi, bu yerda esa hamisha xursandchilik, bu yerda suhbatlar uyushtiriladi, xalq kuladi, olqishlaydi, men so‘zlarni tushunolmayman, biroq mendan boshqa hamma kuladi, yana qarsak chaladi, men ham qo‘shilaman. Bu yerda tunggi suhbat, boshlovchilar bir-biri bilan pichirlab gaplashishadi, mikrafondan hatto ularning nafas olishi ham eshitilib turadi… Radio deyish ham g‘alati, go‘yoki butun dunyo mening xonamga qamalib olgan. Barcha tunlarim shunday kechmoqda. Osmon, ashulalar, odamlar, tayyoralar…
— Tayyoralar?
— Quloq tuting, — dedi u. So‘ngra oraga jimlik cho‘kdi. Men ham quloq soldim va birozdan so‘ng tayyora shovqinini eshitdim. Demak, hozirgina qo‘ngan uchoq bizning uy ustidan ham uchib o‘tadi. Uning uyi qayerda ekan-a, shaharning qaysi burchagida ekan?
— Radio va tayyoralar bir-biriga qo‘shni, shundaymi? — deya to‘satdan so‘radi u.
— Qanaqasiga qo‘shni bo‘lishadi axir?
— Samodan, — dedi va yana sukutga cho‘mdi. Endi go‘shakdan uchoq ovozi emas, pianino sasi eshitilardi. — Menga qo‘yib bersangiz gapirib o‘tiravaraman, siz ham nimadir deng axir?
O‘zim o‘zimga hayron qoldim, bilmadim, negadir men bu begona odamga hech birovga aytmaganlarimni gapira boshladim. Ishdagi muammoyu tashvishlar, eski do‘stim Feruz bilar kundan-kunga uzoqlashib borayotganimiz, ilmiy rahbarimni nega yoqtirmasligim, diplom himoyasida har narsa deganim va boshqa shunday ko‘plab narsalar haqida oqizmay-tomizmay aytib berdim. Zero, bularning birortasini unga dahli yo‘q edi. Biroq, tushunmasdim, nega aynan unga bular haqida gapirdim? O‘zimni nega to‘xtatolmadim?
To‘satdan to‘xtab, darrov u bilan xayr-ma’zur qildim, go‘shakni shiddat ila joyiga qaytardim.
Uy tarafga odimlab borar ekanman, “Buni kimga aytib berishimdan qat’iy nazar aniq ishonmaydi”, deb o‘yladim. Haqiqatdan ham, tanimagan, hatto yuzini ko‘rmagan odamga qanday qilib ko‘nglingni ochish mumkin?
Men u haqida nima bilardim? Hech narsa.
Yagona bilgan narsam, u kechalar radio tinglashni xush ko‘radi, san’atsevar qo‘shnisi esa tun bo‘yi pianino chaladi.
Bu hikoyaning yani bir ishtirokchisi — telefondir. Telefon haqida bir-ikki jumla aytishni istardim. Ayniqsa so‘nggi paytlarda telefonlar menga juda g‘aroyib va begona tuyulardi. Laborotoriya mudirimizning xonasida, stoli ustida bir qora telefon bor. Hamisha unga boqqanimda u xonaga qo‘yilgan minadek ko‘rinadi ko‘zimga. Mudirning doimo mahzun, o‘ynab turuvchi, qo‘rquv ichida boquvchi ko‘zlariga qaraganimda bu telefon uning uchun vaqtli bombadek tuyulishini o‘ylardim. Chunki u har qo‘ng‘iroqdan, har harakatdan sakrab tushardi. Go‘yoki bu telefon har daqiqada noxush xabar sababli harakatga kelishi mumkin. Go‘yoki bir kun unga qo‘ng‘iroq qilib “Seni ishdan bo‘shatishdi yoki xotining boshqasi bilan qochib ketdi” deyishadi.
Kanselariyamizda ham telefon bor edi. Biroq diskidagi raqamlar tushib qolgan, qora bir doira edi. Mening tasavvurimcha u chambaraksiz mashina, mazilsiz maktub kabi madadga zor va ojiz edi. U go‘yoki mute’likning, erksizlikning, passivlik va baxtsizlikning ramzi edi, ya’nikim, senga qo‘ng‘iroq qila olishadi, sen esa yo‘q.
Bunday telefonlar qatorida telefon avtomatlar ham bor. Telefon avtomatlar disksiz telefonlarning butunlay aksi. Sen qo‘ng‘iroq qila olasan, ular esa yo‘q. Kimgadir telefon qilib og‘zingga kelgani ayt, qarg‘a, kim ham seni topa olardi? Telefon avtomatlari — jazosizlikning, mas’uliyatsizlikning, o‘zboshimchalikning ramzi. Ularning ustun tarafi bombardimonchi uchoqlarning qurolsiz kema ustida g‘olib kelganiga o‘xshaydi.
Ko‘rmagansizda, uyimizga telefon kelmaguncha qanchalik hasis edim. Qo‘limga tushgan tangalarni Hoji Qora kabi hasislarcha yig‘ar, yashirib qo‘yardim. Tanish-bilishdardan, do‘stlardan tanga olar va bir joyga to‘plar, imkon bo‘lishi bilanoq kupyuralarni ham tangaga almashtirardim.
Har kecha unga telefon qilardim, faqatgina kechalar, bu xuddi bir odatga aylangandi.
Bu suhbatlarni yaxshi ko‘radim — uning biroz horg‘in, biroz istehzoli, biroz g‘amgin ovoziga, devor ortidan eshitilib turuvchi pianinoga, radioga, tayyora shovqiniga, bari-bariga shaydo edim.
Endilikda u haqda ba’zi narsalarni ham bilib olgandim, biroq juda kam edi ma’lumot. Bilishimcha, uning ismi Madina, bir o‘zi yashaydi, ko‘zlari qo‘ng‘ir rangda, uyining raqami 35. Shulardan boshqa hech narsani bilmayman.
Bir safar undan:
— Nechchi yoshdasiz? — deya so‘radim.
— Eh, yoshim o‘tib qolgan, nabiralarim, evaralarim bor, — dedi u kulimsirab. Sezdimki hazil qilyapti.
U na hayotidan, na ishidan, na oilaviy ahvolidan so‘z ochardi.
Men ham undan bular borasida so‘ramasdim. Uning o‘zi ham bunday narsalarni so‘ramasdi mendan. Biroq, yoshim, 29 daligi, bo‘ydoqligim hamda ilmiy tashkilotda ishlashimni bilardi. Faqatgmna ismimni bilmasdi. Chunki tanishganimizda unga o‘z ismimni emas, boshqa bir ismni aytgandim: Rustam. Nega unday deganman? Bilmayman. Ehtimol uning ham asl ismi Madina emas, boshqadir.
— Axir biz qachon ko‘rishamiz, — dedim uzoq jimlikdan so‘ng.
— Nima qilasiz ko‘rishib? — dedi u javoban, — Yaxshi fikr emas bu. Sizni bilmaymanu menga telefondagi suhbatlar ma’qulroq. Hayotimga yangi nasimlar olib kiradi unda kechgan suhbatlar, ustiga-ustak ma’lum vaqtlardagina telefonda gaplashaman, o‘sha vaqtni kutib yashayman. Qo‘ng‘iroq qilgan odamni tanimayman, yuzini ham ko‘rmaganman, shu tufayli u bilan bemalol gaplasha olaman, u ham qo‘rqmay-netmay menga ko‘nglini ochadi. Deylik, meni hech qachon ko‘rmagan, qandayligimni tasavvur ham qilmagan. Bu yomonmi? Aslo. Mabodo ko‘rishsak, bir-birimizni yoqtirmaymiz, keyin barchasi buziladi. Agar bir-birimizni yoqtirgan taqdirimizda ham hamma narsa o‘zgaradi, soddalashadi, o‘z asl ma’nosini yo‘qotadi. Keling munosabatlarimiz yaxshisi shunday qolsin. Ishoning, eng to‘g‘ri yo‘q shu. Bu gaplarni qo‘yaylik, yaxshisi ishingizdan gapiring. O‘sha masala qanday bo‘ldi? Arizangiz? Hal bo‘ldimi?
— Yo‘q. Ariza berganman, ketaman yaqin orada u yerdan.
— Qayerga?
— Ochig‘i, qayergaligini bilmayman. Siz nima maslahat berasiz?
U bu savolga javob qaytarmadi, go‘shakdan faqatgina uchoq shovqini eshitildi.
Yangi yilni Feruzgilda kutib olayotgan edik. Yangi kelin-quyov — Rasim va Farida ham kelgandi. O‘n ikkiga o‘n daqiqa qolganida bayram stoli yoniga tizilishdik. Bu stolni Feruzning ayoli va boshqa xotinlar shunday chiroyli bezashgan edi.
Bu yerga eng oxirda kelgan men edim, tashqari juda sovuq bo‘lgani uchun ichkaridagi qaynoq taft odamga xush yoqardi albatta.
Soat o‘n ikkiga bong urdi, bir-birimizni quchoqlab, og‘iz-burun o‘pishdik, bir-birovga baxt va omad tilab qadah ko‘tardik. Feruz o‘z so‘zida bu yil tarixiy yilligini, bu yilda mening to‘yim bo‘lishini ham so‘ziga qistirib o‘tdi. Bir qadah sharobdan keyin Feruz meni bir chekkaga olib chiqdi.
U kechadan beri ichayotgani uchun mast edi, qo‘lidagi qadah bilan bir menga qadah so‘zi aytardi. Buni mendan boshqa birov eshitmasdi.
— Sening sog‘liging uchun ichaman. Sen doim xuddi hozirgidek bo‘lgansan, mard, qat’iyatli, shuningdek, biroz sho‘x, tutqichbermas va beshafqat. Hayotga hamisha ochiq ko‘z bilan qaraysan. Bilaman, bilaman, bu so‘zlarimga ichingdan kulyapsan hozir, ehtimol nafratlanayotgandirsan ham. Yaxshi bilasan, men ham, qara, bularning barchasidan, — u yaltirab turgan yangi mebelini ko‘rsatdi, — yoki Samoyaning shubasidan avval o‘zimni sotganman. Yo‘q-yo‘q, men hech qachon vijdonimga xilof ish qilmaganman, hech qachon vada bermaganmanki, vijdonim uni qabul qilsin. Bunga ishonishing mumkin. Ammo… — u biroz to‘xtadi, — Odamning aqli joyida bo‘lsin ekan. Xo‘roz kabi otilavermasin ekan har doim o‘rtaga. Shunday yerlar bo‘ladiki, taslim bo‘lish lozim, yana shunday yerlar borki, so‘zingda qat’iyan tura olish shart. Ba’zi ishlarda kelishgan ham ma’qul ammo.
— Ehtimol, haqlisan. Lekin shaxsan men uchun haq-hisob qiyin masaladir, bu yerida ortga qayt, u yerida olg‘a yur, men bunday erksizlikda yashay olmayman.
U qo‘lini irg‘itdi:
— Ay-hay, kel, yaxshisi ichamiz, yangi yildan qayerda ish boshlaysan?
— Gazetada, — dedim dadil ovozda. — O‘tgan kuni buyrug‘im chiqdi.
— O‘zing tushunadigan, yaxshi ish, biroq mendan so‘rasang, bekor ketding…
U royalning orqasiga o‘tdi, chalishni boshladi, ayoli esa qo‘shiq kuyladi. Ular aytayotgan qo‘shiq radiomizning so‘nggi qo‘shiqlaridan biri edi. To‘satdan pianino, so‘ng esa radio yodimga tushdi.
— Qadah so‘z aytmoqchiman, — dedim, ovozim battar do‘rillab ketdi.
Hamma taajjubla menga qaradi, chunki, shu paytgacha qadah so‘z aytgan odam emasdim.
— Qarang, biz hammamiz shu yerdamiz, bir joyda, hammasi joyida, kayfimiz ham chog‘. Biroq keling, bir bora o‘ylab ko‘raylik, bu oqshom yolg‘iz qolganlar nima qilishmoqda ekan? Deylik, navbatchilar, yo‘l kuzatuvchidalari.
— Kim, kim? — deya har tarafdan savol keldi.
— Yo‘l kuzatuvchilar deyapman. Shunday, ular poyezdlar jadvalini yoddan bilishadi, yop-yolg‘iz xonasidan chiqib ayni tun yarmida qoru ayozda poyezdlarni kutishadi.
Rasim:
— Tegmanglar, bugun og‘aynimiz mast, dunyo uniki, — dedi. Hamma kuldi. Feruz darrov menga qarab o‘rnidan turdi:
— To‘xtanglar, bir zumga to‘xtanglar, — dedi. Aytaylik, gaping rost. Iltimos do‘stlar, kulmaylik, masala jiddiy. Demak, bugun yo‘l kuzatuvchilarining sog‘ligi uchun ichamizmi Seymur?
Qadahlar ko‘tarildi.
— Yo‘q, — dedim, — yo‘l kuzatuvchilarining sog‘ligi uchun deyishni istamasdim. Gapimni og‘zimdan oldingiz. Men tamoman boshqa bir odamning sog‘ligi uchun ichishni istar edim va qarang, agar tushunmasangiz…
— Xo‘sh-xo‘sh, mayli, aytchi…
— Men faqat bir insonning, tanho qalbning, yolg‘iz ko‘ngilning sog‘ligi uchun ichishni istayman bugun. Hozir u o‘z xonasida radio tinglamoqda. U barcha radiolarning kunlik jadvalini yoddan biladi. Yo‘l kuzatuvchilari poyezdlar oldiga chiqqanidek u ham efirga ketgan har bir eshittirishning oldiga chiqadi. Butun dunyo uning xonasida, butun olam u bilan bo‘lishiga qaramay u juda yolg‘iz…
Qadahdan bir qultum xo‘plab, boshim uzra ko‘tardim. Qolganlar ham indamaygina ichishdi, so‘zlarimga hayratlanishdi, lekirn birorta savol berishmadi. Birozdan keyin esa umuman boshqa narsalar haqida suhbatga kirishishdi.
Sekingina dahlizga chiqdim, raqamlarni terib, jimgina quloq soldim. Telefon ko‘tarilmadi. “Bu ham sening yo‘l ko‘zlovching”, deya o‘yladim. Bekorga uning g‘amini yeyapsan. U hammaga o‘xshab qayerdadir yangi yil kutayotgan bo‘lsa kerak, ehtimol, shoddir ham. Nega quvonmasin, nega bayram qilmasin axir?
Xayoldan o‘zimni tortib yana qo‘ng‘iroq qildim. Moskva vaqti bilan yangi yilni qutlashni istadim. Baribir telefon ko‘tarilmadi. Bir soat o‘tar-o‘tmay yana qo‘ng‘iroq qildim, bu safar Praga vaqti bilan tabriklashni o‘yladim, yana javob yo‘q. Bir soatdan ko‘proq vaqt o‘tdi, yana uning raqamlarini terdim, bu safar qayerning vaqt bilan yangi yil edi, bilmayman, ehtimol Grinvich vaqti bilandir.
Nihoyat, saharga yaqin ko‘chadagi avtomatdan qo‘ng‘iroq qilganimda u telefonni ko‘tardi.
— Sizni Atlantik vaqtidagi yangi yil bilan qutlayman, — dedim. U nima demoqchiligimni tushunmadi, men ham izohlamadim.
— Yaxshimisiz? Hozrgina kirgandim o‘zi eshikdan.
— O‘zim ham hali kelmagan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Tun bo‘yi sizga telefon qilib chiqdim.
— Rafiqamgilda edim.
— Hech qisi yo‘q, — dedim, — yangi yil sovg‘asi o‘laroq ajoyib bir so‘zni aytmoqchiman sizga… Men sizni sevaman. Telbalarcha sevaman, ha-ha, juda yaxshi ko‘raman sizni.
— Iya, shundaymi? — U ohista kuldi. — Qanday ajoyib xushxabar. Yangi yil yomon boshlanmayapti.
— Ishoning, siz mening azizim, ko‘zlarimning nurisiz, qanday aytsam ekan-a, men hech kimni bunchalik sevmaganman. Ehtimol sizga kulguli tuyular, bir-birovni hech ko‘rmaganmiz. Biroq nima ham qilardik, qismat ekan, uchrashdik. Men endi sizsiz yasholmayman.
— Yanayam to‘g‘rirog‘i, mening qo‘ng‘irog‘imsiz, — deya so‘zimni to‘g‘irladi u. — Bilaman, bu so‘zlar hammasi havoyi gaplar, ammo ularni eshitish odamga juda xush yoqadi.
Birinchi marta suhbatimizni pianino ovozi buzmas, olisdan quyosh ko‘rinayotgandi. Qachonlardir musiqa maktabida o‘qiganim sabab shekilli, xayolimga shunday tashbehlar keldi — hayotning xromotik ovozlari — oq va qora pardalarning — kunduz va kechalarning, yaxshi, porloq kunlarning hamda yomon, zulmatli tunlarning kurashi….
— Men qachon sizni ko‘raman axir? Hamisha bir gapni qaytarasiz: “Ko‘rishmaganimiz yaxshi”. Sizning fikringizcha, bu muhabbatning eng go‘zal ko‘rinishidir, biz bir-birimizga telefon orqali bog‘langanmiz. Go‘zal aloqa bu.
— Faqat bir tarafli aloqa, — dedi u, — ya’ni, siz menga qo‘ng‘iroq qila olasiz, men esa yo‘q.
— Shunday, shuning uchun ham sizni ko‘rishni istayapman. Manzilni ayting oyog‘imni qo‘limga olib hoziroq yetib boraman.
— Iltimos qilaman… — dedi u qandaydir g‘amgin ohangda, — Iltimos, bu sevinchni mendan tortib olmang. Ko‘pchilik menga bunday taklifni bergan. Siz ham ularga o‘xshab buni so‘rayversangiz, salom-aligimiz uziladi.
Biroz jim qoldi, so‘ngra yana so‘zida davom etdi,
— Ammo sizga juda suyanaman, turmush o‘rtog‘im o‘lganidan keyingi eng yaqin odam sizsiz menga…
Yanvar boshida yangi joyda ish boshladim. Kuni bilan bir materialni tahrirladim, ishni yakunlab ko‘chirish uchun mashinkachiga berdim.
“Tongda tayyor bo‘lishi shart”, dedim jiddiy ohangda. Ishga kiraverishdagi devorga qora plakat osilgan, unda gazeta xodimlarining ism-familyasi hamda telefon raqamlari yozib qo‘yilgandi.
Bildirmaygina uni ko‘zdan ko‘chirdim, so‘ngra birdan sovuq ter bosdi butun badanimni. Chunki notanish odamlar orasida tanish bir odamning ismiga ko‘zim tushgandi.
— Valizoda kim? —deya so‘radim xodimlarning biridan.
— Bizning mashinkachimiz. Hozirgina unga material berdingiz. Tinchlikmi?
Sekingina derazadan qaradim. Qo‘ng‘ir ko‘zli mashinkachi zinalardan pastga tushardi. Baland poshnalarining ovozi shunday eshitilib turardi: taq-tuq, taq-tuq…
Bu xuddi ertakka mengzradi. Qismat bizni bir ishxonada uchrashtirgandi, lekin u bu haqida umuman bilmasdi. U yozuv mashinkasida men bergan materialni ko‘chirarkan buni men berganimni aqliga ham keltirmasdi. U biladiki, buni men berganman, biroq bilmaydiki, men — o‘shaman, yo‘q, yanayam to‘g‘riroq aytsak, men — menman.
Hech chidayolmasdim, bu yangilikni yetkazishni istardim, unga avtomatdan qo‘ng‘iroq qildim. Bu birinchi marta unga vaqt yetmasidan telefon qilishim edi, telefon ko‘tarilmadi. “Hech qisi yo‘q, har doimgi vaqtda telefon qilaman, surpriz bo‘laqolsin, mayli”, degan xayol kechdi ichimdan.
Kechqurun unga qo‘ng‘iroq qildim va:
— Yaxshimisiz? Ikki soat avval telefon qilgandim, ko‘tarilmadi.
— Bugun ancha erta telefon qilibsizmi? Rafiqamgilda edim. Boshim ishdan chiqmadi, shunga bugun kech chiqdim.
Kulgumni zo‘rg‘a to‘xtatib:
— Nima ish ekan o‘sha? — deya so‘radim.
— Tugatolmadim, qolganini uyda qilarman olib keldim, yangi bo‘lim boshlig‘imizning topshirig‘i.
— Yangi bo‘lim boshliq?
— Shunday, bugun ishxonamizga yangi bo‘lim boshlig‘i tayinlandi.
— Yo‘g‘e, ajoyibku, — deya yana o‘zimni zo‘rg‘a tutib turdim kulishdan. — Yaxshi-yaxshi, qanday ekan u yangi bo‘lim boshlig‘i?
— Nima desam ekan, o‘zi ko‘pam gaplashmadik, judayam manman ko‘rindi ammo, ilk taassurot bilan nimadir deyish mushkul, har holda…
Nima deyishimni bilmay qoldim. Uning bunday deyishi xayolimga ham kelmagandi.
— Nega, sizga manzur kelmadimi? — dedim.
— Xullasda, odatda ilk taassurot xato bo‘ladi. Ehtimol, yaxshi odamdir, o‘zini juda yomon tutgani yo‘q harqalay. Uzun bo‘yli, baquvvat yigit, ham kelishgan. Ammo ozroq qattiqqo‘l. Odamga tepadan qaraydi. Gapirganida ham qandaydir jahl bilan gariradi “Tonggacha tayyor bo‘lsin”, deb.
Bu uning birinchi marta kasbi haqida so‘z ochishi edi. Biroq bu safar uning kasbi bilan qiziqmadim, axir shusiz ham yaxshi bilardimda chunki.
— Xo‘sh, o‘zingizning ish nima bo‘ldi? — deya so‘radi. — Yangi ishga o‘tdingizmi?
Har holda oldindan rejalashtirib qo‘yganim yo‘q edi o‘yin boshlashni, biroq qandaydir kuch meni majbur qildiyu shunday dedim:
— Yo‘q, fikrimni o‘zgartirdim. Eski joyimda qoldim.
Ertasiga ertalab Madinani, mening Madinamni ko‘rdim. To‘g‘ri, o‘tgan kun ham ko‘rgandim uni. Ammo o‘sha kun u boshqacha ko‘rinishda edi, aslida uning har bir ko‘rinishi o‘ziga xos va go‘zal. Oddiy bir ko‘rinish… Ehtimol uning go‘zalligi ham shunda edi, lekin qandaydir parishon va homush go‘zallik edi u. Bular o‘tgan kunning fikrlari. Bugun esa har narsa tamoman boshqacha. U ko‘chirgan qog‘ozlarni ko‘rish bilan birga o‘ziga ham ko‘z ostidan nazar solardim. Uning menga butkul yot bo‘lgan zohiriy ko‘rinishi bilan bu qadar yaqin, tanish ovozi orasida, bu yerdagi Madina bilan telefondagi Madina orasida bir ohang, uyg‘unlik axtarardim.
Ishxonada u bilan mehribon, sekin ovozda gaplasha boshladim va qiziqardimki, qani ko‘ray, u bu o‘zgarishni sezibdimi? Buni bilish uchun esa oqshomni kutardim. Qo‘ng‘iroq soatini.
— Aytgandima sizga, ilk taassurot xato bo‘ladi deb. — dedi u bugungi suhbatda. — Bugun sezdim, u juda xushko‘ngil, mehrli inson ekan…
— Ikkinchi taassurot ham aldashi mumkin axir, — dedim jiddiy ohangda. — Ko‘pam ishonmang.
— Yo‘q-yo‘q, birinchi uchrashuvda uning ko‘zlariga qaray olmagandim. Bugun yaxshilab qaradim, ko‘zlarida poklik bor, ham dono…
Ichimdan qachon, qaysi mahal boqdi ekan deya o‘yladim.
— Qizg‘onaman-a sizni, — dedim.
Xullas kalom, bu o‘yin shunday boshlandi. Men endi bu o‘yinning qoidalarini yaxshi bilardim. U esa hammasidan bexabar edi. Endi qo‘limdan boshqa narsa kelmasdi, pochta qutisiga otilgan maktub kabi voqealar mening nazoratimdan chiqqandi. Faqat oldga yurish kerak edi.
Bu o‘yinning o‘ziga xos qiyinchiligi ham bor bo‘lib, barcha so‘zlarni, so‘zlash ohangini, fikrlashni o‘zgartirish darkor edi. Ya’ni telefonda boshqa, ishxonada boshqa odam bo‘lish kerak. Har birining o‘z olami, o‘z xatti-harakati, o‘z psixologiyasi bor edi.
Ishxonada tamomila boshqa odam edim. Xayrixoh, biroq o‘rtada masofa saqlagan, bir muncha uyalchang. Hech kecha telefonda u menga o‘zim haqda gapirib berar, har bir harakatimni, har bir qadamimni, yuzimning har bir ifodasigi tahlil qilardi.
Ko‘p vaqtlarda o‘zim haqda suhbatni o‘zim ochardim, lekin so‘nggi paytlar sezdimki, endi bunday qilishga ehtiyoj yo‘q. U o‘zi hayajon bilan Seymur muallim haqida so‘zlar, bu Rustam bilan kechgan uzundan-uzun suhbatlarda yuz berardi.
Biroq Seymur bilan hech qachon Rustam haqida gaplashmasdi. Umuman aytganda, uning telefon hayoti haqida hech kimning tasavvuri yo‘q edi. Men bilmasdim, bunga sevnishim kerakmi yoki kadarlanishim. Ba’zan menga uning bu borada hech kim bilan gaplashmasligiga sabab butun loqaydligi, begonaligi, degan fikr kelardi. Ba’zida esa aksincha tushunardim.
U buni xuddi eng hayajonli, eng aziz, eng sirli tuyg‘u kabi yashirar, hech kimga ochishni istamasdi. Mening hislarim esa bir-biriga qarama-qarshi edi.
Tasavvur qiling, Seymur sifatida men uni kechqurungi telefondagi o‘zimdan qizg‘anardim. Telefondagi suhbatlarda esa Rustamni uning Seymur haqidagi uzundan-uzun suhbatlari asabiylashtirardi.
Bu safar unga:
— Keling, — dedim, — bir-birimizga “sen” deb murojaat qilaylik. Axir ko‘pdan beri tanishmiz.
— Mayli, kel, — degan javob keldi go‘shakdan.
— Rahmat, xayrli kechalar tilayman, — dedim va yosh boladay sevindim, endi Madina men bilan “sen” deb, u bilan esa “siz” deya gaplashadi.
To‘satdan xayolimga birinchi marta o‘zim haqda, o‘zimning ikkinchi “Men”im borasida xuddi begona odam kabi tushunayotganim keldi.
— Menimcha sening yoshing kichik undan. — dedim.
— Qayerdan bilasan? — o‘ziga yarashgan noz bilan javob qaytardi, — ehtimol, u mendan kichkinadir.
G‘azabim qo‘zib go‘shakni qo‘ydim. Uch kun davomida biror marta unga telefon qilmadim.
Ishxonada esa har kun u bilan ko‘z urishtirardik. Ishxonaning eski ishchilaridan biri menga yaqinlashdi:
— Qo‘y, o‘zingni qiynama, — dedi va kulimsiradi, — hali biror odam bu yosh xonimning qalbini fath etolmagan.
Uchalamiz ham kuldik. Madina ketganidan keyin musahhihim dedi:
— Xuddi rohibaga o‘xshaydi. Birorta inson uning yuragiga yo‘l topolmadi. Sadoqatli rafiqa ekan. Eri ko‘p yillar avval vafot etgan…
Uning aytishiga qaraganda, turmush o‘rtog‘i uchuvchi bo‘lgan emish, osmonda halok bo‘lganmish.
Bir kun ishdan kech chiqdim. Eshikdan chiqayotib Madinaning mashinkasidv nimanidir yozayotganini eshitdim. Uning nozik barmoqlari mashinka tugmalari uzra harakat qilar ekan, bu chetdan xuddi pianino chalayotganga o‘xshardi.
Kechqurun, vaqt bo‘lganida unga qo‘ng‘iroq qildim.
— Salom.
— Salom. Demak sening jahling tez. Tunov kun nega telefonni qo‘yib yubording? Sening sharofating bilan bugun Seymur meni uyga kuzatib qo‘ydi.
— Nima? — deya taajjubla so‘radim, hayratim juda ishonarli chiqdi.
— Ishim juda ko‘payib ketdi. Shu tufayli kech chiqdim. U meni kuzatib qo‘ydi. Chunki juda iltifotli, yaxshi odam.
“Yanayam to‘g‘rirog‘i, aqlsiz, ahmoq odam u, — deya o‘yladim. — Kallam qursin, rostanam kech edi axir, xayrlashib ketib qoldim, xayolimga kelmabdi, kuzatib qo‘ysam o‘larmidim”.
Uning so‘zlaridan angladimki, demak men uni kuzatib qo‘ymoqchi bo‘lsam albatta yo‘q demaydi, qaytanga unga yoqib tushadi. Ehtimol achchig‘ bilan aytayotgandir, meni — Rustamni jahlini chiqarish uchun aytayotgandir. Demak, u menga — Rustamga ham beparvo, yot deb bilmaydi o‘zini. Biroq buning qay biri haqiqat? Qachon buning tagiga yetaman?
Gumonu farazlar ichida garang qoldim. Biroq bir narsani aniq va tiniq bilib oldim, kelasi safar ishdan kech chiqsa nima qilishni ya’ni. Biz bordi-keldisi ozaygan shaharning sokin ko‘chalaridan o‘tib borardik, men undan so‘radim:
— Ish yo‘q paytlari, aynan kechalar nima bilan mashg‘ul bo‘lasiz?
— Uyda o‘tiraman, — dedi.
— Yolg‘iz, bir o‘zingiz o‘tirasizmi uyda?
— Shunday, tinchlikmi? Kitob o‘qiyman, radio tinglayman.
Qani ko‘ramiz, radio haqida Rustamga aytganlarini Seymurga ham aytib berarmikan. Ammo u umuman boshqa narsa haqida so‘z ochdi, bundan o‘zimda shod edim.
— Anavi mening derazam — uchinchi qavatni ko‘rsatdi.
— Ehtimol padezd qorong‘udir, keling, o‘zim eshikkacha chiqarib qo‘yaman.
— Yo‘q, — dedi.
Biroq ortga qaytishnn istamadim.
— Balki meni uyingizga taklif etarsiz? — dedim.
— Albatta, — dedi u. — Lekin hozir vaqt allamahal bo‘ldi, — u soatiga qaradi, sezdimki, asabiylashyapti.
— Allamahal deysizmi? Shunchalik erta uxlashga yotasizmi?
— Yo‘q, ammo… — u juda bezovta edi, tili kalimaga kelmasdi.
— Mayli, menga bir stakan choy berishni istamas ekansiz, keling, unda yaxshisi biroz ko‘chada sayr qilamiz, havoni qarang, qanday bahavo.
U rozi bo‘lmadi. Sayr qildik. Bir necha marta uning uyi yonidan o‘tdik. Men uning uyini juda ko‘rishni istardim. Faqatgina telefon orqali tanish bo‘lgan uyni, radioni, yumshoq o‘rindiqni ko‘rish yakka istagim edi.
Ehtimol o‘sha kun meni uyiga takliq qilsaydi, hammasini unga aytib berardim.
Padezd eshigi oldida xvyralashar ekanmiz u menga shoshilib qo‘lini uzatdi.
— Bo‘pti, yaxshi boring Seymur muallim. Juda minnatdorman sizdan. Oqshomingiz xayrli bo‘lsin.
Shunday dedi va mayingina jilmaydi, so‘ngra ortga qaramay kirib ketdi. Uning qadam ovozlarini eshitar ekanman, to‘satdan hammasini angladim. Tushundimki, u nega bunchalik shoshildi, asabiylashdi, tez-tez soatiga qaradi. U telefonni ko‘tarishga kechikishdan qo‘rqardi. Mening telefonimni.
Bir necha kundan so‘ng mas’ul kotibimiz majlisda bo‘lmag‘ur nutq so‘zladi.
Uning so‘zlarini kesdim va ayovsiz tanqid qildim. U menga qarshilik ham bildirmadi, javob ham bermadi. Unga rahmim keldi. Qancha yillardan beri gazetada ishlaydi, shu paytgacha biror odam u bilan bu ohangda gaplashmagan ekan. Kamiga shuncha odam orasida.
Majlis tugagandan keyin o‘zimni juda o‘ng‘aysiz his qildim, birinchi sababi men tamoman haq emasdim, ikkinchi, Feruzning maslahatlari yodimga tushgandi, uchinchisi esa, ishxonadan bo‘shatishidan qo‘rqardim. Aslida, qo‘rqadigan odam emasman. Biroq Madina bu yerda ishlaydi, undan ayrilgim yo‘q. Nima bo‘lsa bo‘lar deb mas’ul kotibning xonasiga bordim, uzr so‘radim.
Kechqurun Madinaga telefon qilar ekanman, nima haqida so‘zlashini bilardim.
U so‘z boshladi:
— Rustam, yaxshi bilasan, — uning ovozida jonlanish, hayajon bor edi, — bizning Seymur qanchalik mard inson. O‘z ko‘zim bilan ko‘rganim yo‘q, lekin boshqalarning so‘ziga qaraganda, bugun u majlisda mas’ul kotibimizni uyaltiribdi. Suvsiz olib borib, suvsiz olib qaytibdi. Og‘ziga kelganni aytibdi. Xullas, hammaning og‘zida shu gap. Axir kotibimizni shu paytgacha biror odam ikki qilmagandi. Ustiga-ustak, shuncha odamning ichida, tasavvur qilyapsanmi.
— Bilaman, — dedim, — bunday kishilarni juda yaxshi bilaman. Ular majlislarda olovli nutqlar so‘zlashadi, odamlar ichida o‘zini ko‘rsatishadi, biroq keyin borib uzr so‘rashadi. Ehtimol Seymur ham majlisdan chiqib uning yoniga borgan, oyoqlariga yiqilib yolvorgan, uzr so‘ragandir.
U g‘amgin ovozda:
— Nega bunaqa deysan-a? — dedi. — Nega sen uni bunchalik yoqtirmaysan.
— Buning sababi bitta, chunki sen uni yoqtirasan. Men esa seni.
— Qanday yaxshi, zo‘r. Hammamiz bir-birimizni yoqtiramiz, yaxshi ko‘ramiz.
— Albatta, sen e’tibor berma. Eng yomoni sen u bilan har kun ko‘rishasan, yuzma-yuz suhbatlashasan, kinogayam borasan hattoki.
— Kinoga? Sen qayerdan bilasan, nega u bilan kinoga ketarmishman?
— Nega ketmasliging kerak ekan?
U kuldi. Demak bu fikr unga yoqib tushdi.
— Men bilan esa faqatgina telefonda gaplashasan.
— Axir bu haqida sen bilan gaplashgandikku.
— Aytchi, men haqda unga biror narsa aytganmisan?
— Nimalar deyapsan? Men bu haqida nafaqat u, balki hech kimga, hech qachon biror so‘z ham aytmayman. Mening uchun bu xuddi, nima desam ekan, — u biroz jim qoldi, chamamda, so‘z axtardi, — muqaddas narsadir.
Ertasi kun biz u bilan kinoga bordik. Film fidokor uchuvchilar borasida edi, bundan Madining jahli chiqqandi. Ehtimol shuning uchun ham ko‘nglini bo‘shatib olishni istadi, halok bo‘lgan umr yo‘ldoshi haqida so‘z ochdi:
“Bizning butun umrimiz osmonda o‘tdi. Osmonda tanishdik. U uchuvchi edi, men esa oddiy bir uchoq xizmatkori. Keyinchalik meni stuardessalikka qo‘yishdi, o‘shanda menda hamisha u bilan bo‘lish imkoni paydo bo‘ldi. Biz turmush qurdik. Bokudan — Msokvaga, Moskvadan — Bokuga uchradik, tinch va ko‘zdan pana joy topishimiz bilan o‘pishardik. Keyin homilador bo‘ldim, ta’tilga chiqdim. Oxirgi marta uni tayyoragohga kuzatib qo‘ydim…”
Darhaqiqat, ayrilishganida ularning lablari orasida masofa yo‘q edi, biroq bilishmasdiki, bu masofa hayot va o‘lim orasidagi masofa, abadiy ko‘k, u hech qachon qaytib kelmaydigan samo va yer, Madinaning uni hamisha kutguvchi yer o‘rtasidagi masofa edi u. Uchoq joyidan qo‘zg‘olganida Madina uning orqasidan suv sepgan. Yaqin o‘tmish tarixida birinchi marta, zamonaviy havo qushining ortidan, xuddi bundan ming yil ilgarigi odat bo‘yicha suv sepishardi. Keyin uchoq falakka ko‘tarildi. Keyin esa yomg‘ir yog‘di…
Madina bir joyida qotib nimanidir tinglashni boshladi. Birozdan so‘ng bu shovqinni men ham eshitdim va tushundimki, u bu ovozni hammadan avval eshitadi. Osmondagi harakatlanayotgan rangbarang nurlarga boqar ekanmiz, Madina:
— Uning qabri huv o‘sha yoqda, — dedi. — Qolgan bevalar erini yod aylab qabristonga borishadi, men esa osmonga qarayman.
So‘ngra Madina ba’zida kechalari tayyorgohga kelishi, bir burchakda o‘tirib uchib-qo‘nayotgan uchoqlarni kuzatishi haqida so‘zlab berdi. “Farzandimiz ham o‘lik tug‘ildi…” dedi u battar mayus ovozda.
Barmoqlarim bilan ohista yonoqlariga oqib tushayotgan ko‘zyoshlarini artdim, keyin jinnidek o‘pishni boshladim.
U:
— Yo‘q, yo‘q, yo‘q, kerakmas, — derdi, anglardimki, bu so‘zlarni juda katta dard bilan, hasrat bilan aytardi.
Uni kuzatib qo‘ydim, uyga tez bordimu qo‘ng‘iroq qildim. Ovozi bir qadar hayajonli va g‘amgin edi, mening butun romantiklarga — havoda, yerda, dengizda halok bo‘lgan barcha bechoralarga rahmim keldi.
— Bilasan, — dedim, endilikda ishda ham u bilan sensirashni boshlagandik, — o‘tgan kun ajralganimizdan keyin senga telefon qildim, telefoning band dedi. Tunda kim bilan gaplashayotganding?
Kutilmaga bu gapdan uning rangi oqardi, qoshlari chimirildi. Biroq o‘zini darhol qo‘lga olib:
— Adashib boshqa joyga tushgandirsan, — dedi. — Men uyga kirishim bilan yotdim.
— Tunoqv kun seni tushimda ko‘rdim, — dedim bu kech ham telefonda gaplashar ekanmiz.
— G‘alati, — dedi u kulimsirab, — hayotda biror marta ko‘rmagan odamingni qanday qilib tushda ko‘rish mumkin?
— Ovozingni ko‘rdim tushimda, shuningdek, “Neringa” radioni ham.
— Radioku mayli, ammo ovozimni qanday ko‘rding, hech aqlimga sig‘dirolmayapman. Seningcha, men qandayman? Tasavvur qila olasanmi?
Unga umuman teskari sifatlarni aytdim:
— Albatta. Uzun bo‘yli, uzun sochli, ozg‘in, qora ko‘zli.
— Ofarin sengayey, — dedi u. — Qoyil. To‘ppa-to‘g‘ri tasavvur qilyapsan. Endi har tun tushlaringga kiraman.
— Ehtimol bir mening tushlarimga kirmassan…
— Yana boshladingmi?
— Bilsang kerak, aytishlaricha Mahin Bonu har oqshom yuz kishining tushiga kirarmish. Sening qamroving qancha?
— Men yagona nushaman va faqatgina sening tushingga kiraman, ishonaver, — dedi u shan ovozda. — Sen ko‘zlarimning nurisan.
— O‘o‘-o‘, rahmat, rahmat, — dedim.
— Menga qara ko‘zimning nuri, bir masala haqida sen bilan maslahatlashishni istayman. Biroq, o‘zingni bos, darrov darg‘azab bo‘lma, telefonni otib yuborma.
Men bu suhbatni uch kundan beri kutayotgandim. Nega bu borada gap ochmayapti deb taajjubga tusha boshlagandim.
— Quloq sol. To‘xta, yaxshisi avval yoningga volidol keltirib qo‘y.
— Xo‘p, xo‘p, ayt, yuragimni siqaverma.
— Xo‘p, bundan uch kun oldin Seymur unga turmushga chiqishimni so‘radi. Eshityapsanmi, yaxshimisan?
— Yo‘q, — dedim. — Nima javob berding unga?
— Hali hech qanday javob aytmadim, avval sen bilan maslahatlashishni istadim. Axir sen mening eng aziz, eng yaxshi do‘stimsan, eng yaqin odamimsan.
“Ayol psixologiyasini tushunish mushkul. Boshqasiga oshiq bo‘lishi bilanoq sen uning eng yaqin insoniga aylanasan”.
— Kerakmas, — dedim, eng qiziq tarafi bu so‘zni juda samimiy aytardim. — Hech kimga ketma yoki menda qol. Seni sevaman axir. Oh Xudoyim, qaniydi telefon bilan turmush qurib bo‘lsa.
U qahqaha otdi. Qahqahasi bir muncha yasama va asabiy edi.
— Aqlli bola bo‘l. Sen axir hali juda yoshsan, bolasan.
— Menmi? Qayerdan bilasan, axir meni ko‘rmagansanku.
— Ko‘rmasam-da his qilaman. Hamma narsadan his qilaman, ovozingdan, felingdan, menga bo‘lgan munosabatingdan. Iltimos sendan, hamisha shunday qol, hech qachon o‘zgarma, hech qachon ulg‘ayma.
— Qayerdan bilasan, ehtimol men sening Seymuringdan kattadirman.
— Yo‘q-yo‘q, azizim. Ayol hislari hech qachon aldamaydi…
Bu xuddi latifaga o‘xshardi, biroq mening kulishga hech havasim yo‘q, negadir ichimda g‘alati bir ichikish, og‘riq va hasratni tuyardim.
— Hecham kerakmas Madina, — dedim. — Sensiz men nima qilaman? Axir ering gaplashishimizga ruhsat bermaydiku. Kechalari doimgidek hasratlasholmaymiz…
— Bir ilojini qilamiz, siqilma. Telefonda gaplashish xiyonat emas, gunoh emasku axir. U payt sening uyingda ham telefon bo‘ladi, o‘zim senga telefon qilaman.
Unga qanday tushuntirishni bilmasdim, axir buning umuman imkoni yo‘q.
— Meni tushun, — dedi u, ovozi jiddiy va g‘amgin edi, — Qara, siz erkaklar hamisha yolg‘izlikdan, tanholikdan shikoyat qilasiz. Mening kulgum qistaydi, chunki sizlar asl yolg‘izlikning nimaligini hech qachon bilolmaysiz. Shunday yolg‘izlikki, uni faqatgina yolg‘iz ayol anglay olishi mumkin. Tunlari to‘satdan uyg‘onib ketasan, devorlar ustingga yiqilayotganday tuyuladi… Kel, yaxshisi, bunday narsalar haqida gaplashmaylik. Sen nima desang, shuni qilaman, istasang “yo‘q” deyman.
Men nima deyishim ham mumkin edi? U sukutga cho‘kdi, so‘ngra men tayyora shovqinini eshitdim va angladimki, shuning o‘zi aniq javobdir. Hech qachon bizning hech birimiz — na men Rustam, nada men Seymur uning bevaqt vafot etgan erining o‘rnini bosolmaymiz.
O‘sha oqshom ishdan keyin birinchi marta u meni uyiga taklif qildi. Men dahliz va qavatini bilardim, biroq aynan uning uyi eshigini bilmasdim. Qorong‘uda boshqa birovning eshigini taqillatdim shekilli, hech kim ochmadi.
Gugurt yoqdim va eshik peshonasiga yopishtirilgan “Kalit qo‘shnida” degan yozuvli qog‘ozni ko‘rdim. Bu yozuvni o‘qishim bilan pianino esimga tushdi, demak bu o‘sha san’atsevarning uyi. O‘girilib orqadagi eshikni chertdim.
“Neringa” radiosi, yumshoq o‘rindiq, yelpig‘ich — hamma narsa xuddi men tasavvur qilganday edi.
— Hozir senga, Seymur, antiqa bir qo‘shiqni eshittiraman, — dedi u xonadan chiqar ekan. — Sen tinglab tur, men choy qo‘yib kelaman.
U qaytgach sekin-asta qo‘llaridan ushladim, quchog‘imga oldim, sochlaridan siladim. Bu onda unga ayolligi xush va mushkul og‘riq bilan qaytayotganini his qilib turardim.
Shundoq quloqlarim ostida pianino chalishni boshlashdi, birdan u mening qo‘llarim orasidan chiqdi va nimagadir quloq sola boshladi.
Men ham quloq tutgandim. Bir necha daqiqadan keyin shovqinni, uchoq shovqinini eshitsam kerak, deb o‘yladim. Lekin na tayyora, na shovqindan darak bor edi. To‘satdan Madina nimani eshitishga bunchalik mushtoq ekanini angladim, u telefon ko‘zlardi. Bunday vaqtda u qo‘ng‘iroq qilardi. “U” — ya’ni men.
Bilardimki, u endi hech qachon telefon qilmaydi, ha-ha, hech qachon, ammo men ham shubhalandim, men ham kutdim, men ham mo‘jiza yuz berishini istadim, istadimki, telefon jiringlasin.
Telefon esa jim edi.
Ozarchadan Rahmat Bobojon tarjimasi