Anna Frank. Chordoq hikoyalari (kundaliklar)

Dugonajonim Kitti!

Senga eng inja sirlarimni ishonaman va meni qo‘llab-quvvatlaysan degan umiddaman.

Anna Frank

1942 yil, 14 iyun, yakshanba

Xatimni tug‘ilgan kunimga berilgan sovg‘alar orasida seni ko‘rib qo‘limga olgan lahzadan boshlayman (aslida, sotib olingan kuningdan kundalik tuta boshlagandim, lekin bu hisob emas.)

12 iyun, ya’ni juma kuni soat oltida uyg‘ondim. Buning hayron qoladigan joyi yo‘q. Axir, bu tug‘ilgan kunim edi-da! Ammo barvaqt turishim mumkin emas, shuning uchun chorak kam yettigacha arang chidab yotdim. Oxiri bo‘lmadi – oshxonaga tushdim, mushugim Murji oyoqlarimga suykalib kutib oldi. Soat yettidan o‘tgach, dadajonim va oyijonimning oldilariga bordim. Keyin sovg‘alarimni ochish uchun mehmonxonaga kirdim – ana shunda, sen – men ko‘rgan birinchi sovg‘a bo‘lding, kim biladi, balki eng yaxshi sovg‘amdirsan.

Keyin bir dasta atirgul, piongul, kaktus berishdi. Dadajonim va oyijonimdan ko‘k kofta, o‘yinchoq, bir shisha uzum sharbati (ta’mi vinoga o‘xsharkan, ha-ya, vino uzumdan qilinadi-ku), boshqotirma, bir quti muzqaymoq, 2.50 guilder[1] pul, ikkita kitobga sertifikat va “Obskur kamerasi” kitobi – xullas, ko‘p sovg‘alar oldim. Buvijonimdan esa ayni vaqtida xat yetib keldi. Bu, albatta, tasodif edi.

So‘ng dugonam Annali keldi, u bilan maktabga ketdik. Tanaffusda o‘qituvchi va sinfdoshlarimga shirinliklar ulashdim. Darsdan so‘ng jismoniy tarbiya mashg‘ulotiga chiqqanligim sababli uyga soat beshlardan o‘tib kirib keldim.

Tug‘ilgan kunim bo‘lganligi tufayli o‘yinni men tanladim. Sinfdoshlarim atrofimda gir aylanishib, “Tug‘ilgan kuning bilan!” degan qo‘shiqni aytishdi.

Uyga kelganimda Sanna Lederman allaqachon shu yerda ekan. Ilse Vagner, Annali Hoslar va Jaklin Van Marsenlar ham kelishdi. Annali va Sanna – eng yaqin o‘rtoqlarim. Bizni birga ko‘rganlar “Anna, Hanna va Sannalar kelishyapti”, deyishadi.

Jaklin Van Marsen bilan yahudiy litseyiga borganimda tanishganman. Endi u ham yaqin do‘stim. Ilse – Annalining dugonasi. Sanna boshqa maktabga boradi, u yerda ham do‘stlari ko‘p. Ular “Golland ertaklari va rivoyatlari” degan ajoyib kitob sovg‘a qilishdi, lekin adashib ikkinchi jildini berishibdi, qolgan ikkita kitobimni birinchi jildiga almashtirib oldim. Helen xolam boshqotirma olib keldi, Stefani xolam esa chiroyli to‘g‘nag‘ich berdi. Leni xolam “Dezi toqqa chiqadi” degan qo‘rqinchli kitob hadya qildi.

Bugun tongda vannada yotib olib, Rin Tin Tindek kuchukcham bo‘lsaydi, deb xayol qildim. Bo‘lganda edi, uni “Rin Tin Tin” deb atardim, maktabga birga olib borardim. Havo ochiq bo‘lsa, qorovulxonaga – velosipedlar turadigan joyga bog‘lab qo‘yardim.

Anna

1942 yil, 15 iyun, dushanba

Ziyofat yakshanba kuni tushdan keyin bo‘ldi. Sinfdoshlarim orasida mashhur bo‘lgan “Rin Tin Tin” kinosini tomosha qildik.

Ikkita to‘g‘nag‘ich, ikkita kitob va xatcho‘p sovg‘a qilishdi.

Maktabim, sinfdoshlarim haqida ham ikki og‘iz gap yozay.

Betti Bloemedal juda kambag‘alga o‘xshaydi. U G‘arbiy Amsterdamning jinko‘chalaridan birida yashaydi, aniq manzilini hech qaysimiz bilmaymiz. Maktabda a’lo baholarga o‘qiydi. Judayam odamovi.

Jaklin Van Marsen eng yaxshi o‘rtog‘im, lekin u hech qachon yaqin do‘stim bo‘lmagan. Boshida u yagona va eng yaqin do‘stim bo‘ladi deb o‘ylagandim, ammo juda-juda adashgan ekanman.

Anna

 1942 yil, 20 iyun, shanba

Azizam Kitti!

Xo‘p, boshlay qolay. Hozir hammasi joyida, tinchlik. Dadam bilan oyim tashqarida. Margo do‘stlari bilan dugonasi Trinikiga ping-pong[2] o‘ynagani ketgan. Oxirgi paytlarda men ham bu o‘yinga qiziqib qoldim. Hatto beshta qiz birlashib, bu o‘yin bo‘yicha klub ham tashkil qildik. Uni “Kichkina ayiq- 2” deb nomladik. Juda ahmoqona nom.

Aslida klubimizga boshqacha nom bermoqchi edik. To‘satdan “Kichkina ayiq” g‘oyasi chiqib qoldi. Kichkina ayiq yulduz turkumi beshta yulduzdan iborat deb o‘ylagan edik, lekin yettita yulduz bor ekan, xuddi Katta ayiqdagidek. Keyin “ayiruv ikki” kelib chiqdi.

Ilse Vagnerning ping-pong avtomati bor. Qachon xohlasak, hatto tamaddixonalarda ham o‘ynayveramiz.

Beshta ping-pongchi, ayniqsa, yozda, muzqaymoqqa juda ham o‘ch bo‘lamiz. O‘yin payti rosa terlaymiz, shundanmi, o‘yinlarimiz ko‘pincha yahudiylarga ruxsat beriladigan “Oazis” yoki “Delfi” muzqaymoq do‘koniga borish bilan tugaydi.

Mana shunaqa. Hozircha sen bilan do‘stlik poydevorini qo‘yishga erishdik, azizim Kitti.

Ertagacha xayr!

Annang

1942 yil, 21 iyun, yakshanba

Aziz dugonam Kitti!

Bugun ertalabdan butun sinf zir-zir titrayapti. Chunki o‘quvchilarning sinfdan sinfga o‘tishiga yoki qolishiga qaror qiladigan majlis bo‘lishi kerak. Yarim sinf garov bog‘lagan. G.Z. bilan yiqqan pulining hammasini garovga tikkan C.N. va Jak Kekernutlar ustidan kulib o‘tiramiz. Ertadan kechgacha “Sen o‘tasan”, “Yo‘q, o‘tolmayman”, “Ha, o‘tasan”, “Yo‘q, o‘tolmayman” deganga o‘xshash gaplar. Hatto G.ning yolvorib qarashlari-yu mening g‘azab bilan qosh chimirishlarim ham ularni xotirjam qila olmaydi.

Menga qolganda, sinfning salkam chorak qismi bo‘lgan “qo‘g‘irchoqchalar” qoldirilishi kerak, lekin o‘qituvchilar – dunyodagi eng kutilmagan mavjudot. O‘zim va dugonalarim uchun uncha xavotir olmayapman. Biz uddalaymiz. Qo‘rqib turganim – faqat matematika.

Nima bo‘lganda ham, qo‘limizdan kelgani – kutish. Shunday ekan, bir-birimizga “bardam bo‘laylik”, deya dalda beryapmiz.

Hamma ustozlarim bilan yaxshi munosabatdaman. Ular to‘qqizta: yettita erkak va ikkita ayol. Matematika o‘qituvchisi eskicha fikrlaydigan, keksa janob Kising meni deb ancha sarson bo‘ldi, chunki juda ko‘p gapirardim. Bir nechta ogohlantirishdan so‘ng qo‘shimcha uy vazifa berdi – “Vaysaqi” mavzusida insho yozish. Vaysaqi. Bu haqda nimayam yozsa bo‘ladi? Mayli, keyin bosh qotirarman deb vazifani tezgina daftarimga yozib olgach, sumkaga soldim-da, jimgina o‘tirishga harakat qildim.

O‘sha oqshom uy vazifalarimni tugatgach, insho mavzusi yozilgan varaqqa ko‘zim tushdi. Mavzu haqida ruchkamning qalpog‘ini chaynab, o‘ylay ketdim. Boshqa birov ayyorlik qilib, sahifani to‘ldirish uchun so‘zlar orasini katta-katta ochib yozgan bo‘lardi. Lekin bu yerda muddao – gapirish zarurligini ishonarli dalillar bilan isbotlash. O‘ylab-o‘ylab, nihoyat, o‘yimga yetdim. Uch sahifa yozdim. Janob Kising imzo qo‘ygach, qoniqdim. Inshoda gapirish ayollarning qonida borligi, buni nazorat qilish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilishim, lekin bu odatni sira tashlay olmasligim haqida fikr yuritganman. Onam ham yoshligida mendek sergap bo‘lgan ekan. Gapdan o‘zimni tiyib turolmayman deb yozganman. Janob Kising o‘qib, rosa kuldi. Ikkinchi darsda gaplashib o‘tirganimda menga yana insho yozishni buyurdi. Bu safar insho mavzusi – “Vaysaqi xonim”.

Butun sinf gurra kuldi. Vaysaqilar haqida insho yozishdan bezgan bo‘lsam ham, qo‘shilib kulishga majbur edim. Endi yana nimadir o‘ylab topish, kutilmagan narsa yaratish kerak edi. Shoira dugonam Sanna inshoni boshdan-oyoq she’riy shaklda yozishga yordamlashishini aytdi. Quvonganimdan irg‘ishlay boshladim. Kising bu kulgili mavzu bilan menga hazillashayotgan ekan, lekin qarab tursin, o‘zi kulgiga qoladi.

She’rimni tugatdim, chiroyli chiqdi! She’r ota oqqush ko‘p chiyillagani uchun uch jo‘jasini cho‘qib tashlagani haqida edi. Baxtimga, Kising hazilni to‘g‘ri tushundi. U she’rni butun sinfga o‘qib berdi, ayrim joylariga o‘zi ham gap qo‘shdi. Qo‘shni sinflarga ham eshittirdi. Shundan so‘ng menga gapirishga ruxsat etildi, boshqa insho ham yozdirmadi. Aksincha, ustoz Kising bilan hazillashadigan bo‘lib oldim.

 Dugonang Anna

 1942 yil, 24 iyun, chorshanba

Dugonajonim Kitti!

Jazirama avjiga chiqdi. Hamma terlab-pishib yuribdi. Issiq bo‘lishiga qaramay, ko‘p joyga borishim kerak. Mashina qanchalar yaxshi narsa ekanligini endi tushunyapman, lekin yahudiylarga undan foydalanish ravo emas; bizga shu ikki oyoqchamiz ham yetib-ortadi.

Kecha tush payti Jan Luykenstratga tish doktorinikiga bordim. U Stadstimmertuiendagi maktabimizdan ancha uzoq.

Shifoxonada o‘tirgan joyimda uxlab qolay debman. Yaxshiyamki, ichishga suv berishdi. Yordamchi doktor judayam mehribon ekan.

Kunimiz aravaga qolgan. Aravakash Josef Israilkeyddan iltimos qilgandim, uyga eltib qo‘ydi.

Maktabga qatnamasam edi! Velosipedimni Pasxa ta’tilida o‘g‘irlatib qo‘ydim. Dadam oyimnikini yashirish uchun nasroniy do‘stiga bergan.

Xudoga shukur, yaqinda yozgi ta’til boshlanadi. Yana bir haftadan so‘ng barcha azoblar nihoyasiga yetadi!

Kecha ertalab kutilmagan voqea yuz berdi. Velosipedlar qatoridan o‘tib ketayotsam, kimdir meni chaqirdi. Qarasam, men kechqurun dugonam Vilmanikida ko‘rgan kelishgan bola. U – Vilmaning tog‘avachchasi. Vilmani yaxshi qiz deb o‘ylagandim, ha, rostdanam yaxshi, lekin nuqul yigitlar haqida gapirib, odamni chalg‘itadi.

Oldimga uyalibgina keldi. O‘zini Hello Silberberg deb tanishtirdi. Uning nima xohlayotganini bilmay, biroz hayron qoldim, ammo tezda anglab yetdim. Hello maktabgacha kuzatib borishga mendan ruxsat so‘radi.

− Yo‘limiz bir ekan, mayli, − dedim.

Birga ketdik. O‘n olti yashar Hello kuldirishga usta, quvnoq bola ekan.

Bugun ertalab u yana meni kutib turgan ekan. Bu yog‘i shunday davom etadi, chog‘i…

Anna

1942 yil, 1 iyul, chorshanba

Azizam Kitti!

Rosti, shu kungacha yozishga vaqtim bo‘lmadi. Payshanbada kun bo‘yi do‘stlarim bilan bo‘ldim, jumada ishim ko‘p edi. O‘tgan hafta Hello bilan yaqindan tanishib oldik. Helsenkirchendan bobosinikida yashagani kelibdi. Ota-onasi Belgiyada istiqomat qilarkan, o‘zi u yerga borishning yo‘lini qilolmayotgan ekan. Sevgan qizimning ismi Ursula, dedi. Taniyman, shiringina, lekin o‘lguday odamovi. Meni ko‘rgandan keyin Hello Ursulaning yonida juda zerikishini tushunib yetdi. Shunday qilib, uning kayfiyatini ko‘taradigan bo‘ldim.

Jak shanba kuni biznikida tunab, yakshanba kuni Annalinikiga ketdi, men zerikib o‘lay dedim.

Hello shomda kelishi kerak edi. Soat oltilarda qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni ko‘tardim. U:

− Bu – Helmuz Silberberg. Iltimos, Annani chaqirib bering, − dedi.

− Voy, Hello! Bu men, Annaman.

− Salom, Anna! Qalaysan?

− Yaxshi, rahmat.

− Uzr, kechqurun borolmayman, lekin senga gapim bor, shuning uchun hozir borsam bo‘ladimi?

− Ha, yaxshi, kelaver!

− Bo‘pti, hozir yetib boraman. Ko‘rishguncha.

Go‘shakni qo‘ydim, tezda ust-boshimni almashtirib, sochimni turmakladim. Asabiylashdim, derazani ochib, yo‘lini poyladim. Nihoyat, u ko‘rindi. Qo‘ng‘iroq bosishini kutdim. Eshikni ochishim bilan gapira ketdi:

− Anna, buvimning aytishicha, men bilan uchrashishga yoshlik qilar ekansan. Louenbaxlarnikiga borishim kerak emish, lekin Ursula bilan endi uchrashmasligimni bilsang kerak.

− Yo‘q, bilmasdim. Nima bo‘ldi? Urishib qoldinglarmi?

− Yo‘q-yo‘q. Ursulaga bir-birimizga mos emasligimizni, lekin u uyimga bemalol boraverishini aytdim. Aslida Ursula boshqa birov bilan uchrash­yapti, deb o‘ylovdim. Aniqlasam, unday emas ekan. Amakim uzr so‘rashing kerak, dedi. Xullas, orani ochdi qildim. Lekin bu – sabablardan faqat bittasi. Endi buvim sen bilan emas, Ursula bilan uchrashishimni xohlayapti, ammo men istamayman. Ba’zida keksalar sen bilan hisoblashishmaydi.

Oyim ulg‘aysam, kimga turmushga chiqishimni so‘raydi. Ammo ikki dunyoda ham Piterni nazarda tutmaydi, chunki o‘zim bu fikridan qaytarganman. Hech kimni Piterday sevmayman! Tuyg‘ularini sezdirmaslik uchun boshqalar bilan uchrashib yuradi deb o‘zimni ovutaman. Balki u Hello bilan sevishishgan deb o‘ylar, aslo unday emas. Hello shunchaki do‘st yoki oyimning ta’biri bilan aytganda – kavaler.

Annang

1942 yil, 5 iyul, yakshanba

Juma kuni yahudiy teatridagi so‘nggi qo‘ng‘iroq kechasi kutilganidek o‘tdi.

Tabelim unchalik yomon emasdi. Bitta “uch” baho, algebradan “uch yarim”, bitta “to‘rt+“ va “to‘rt–” dan boshqa hammasi “yaxshi”. Oilamdagilar bahoimdan tashvishlanishmaydi. Sog‘-salomat, baxtli bo‘lsam va shikoyat qilmasam, bas, shuning o‘zi kifoya, qolgan narsalar o‘z-o‘zidan hal bo‘lib ketaveradi. O‘zim esa, aksincha, notavon o‘quvchi bo‘lishni istamayman.

Meni yahudiy litseyiga shart bilan qabul qilishgan. Yettinchi sinfni ham Montessori maktabida bitirishim kerak edi, ammo yahudiy bolalar yahudiy maktabiga borishi kerak bo‘lgach, janob Elt uzoq qistovlardan so‘ng Lies Hoslar bilan meni qabul qilishga rozi bo‘ldi.

Keyingi paytlarda dadam ko‘pincha uyda. Ishxonada qiladigan ishi yo‘q: Janob Kleiman 1941 yilda ochilgan “Opekta”ni “Gies end Ko”ga almashtirdi. Janob Kugler hissador bo‘lib qo‘shildi.

Bir-ikki kun ilgari xiyobonni aylanib yurganimizda dadam yashirinish haqida gap ochdi. Dunyodan uzilib yashash biz uchun ancha qiyin bo‘lishini aytdi. Bu gapni nega hozir aytayotganini so‘radim.

− Anna, − deya gap boshladi dadam. − Bir yildan beri kiyim-kechak va jihozlarimizni boshqalarnikiga tashib yurganimizni bilasan. Nemislar talon-toroj qilmasin deymiz. O‘zimiz ham ularning changaliga tushishni istamaymiz. Shuning uchun surgun qilmaslaridan avval o‘z xohishimiz bilan ketamiz.

− Lekin qachon, dada?

Dadam shunchalar jiddiy ohangda gapirdiki, to‘satdan qo‘rqib ketdim:

− Tashvishlanma. Har narsaning tadorigini ko‘rib qo‘yamiz. Imkon borida betashvish hayotingdan bahra ol.

Mana shunaqa gaplar. Qaniydi, shu sovuq gaplar iloji boricha kechroq amalga oshsa.

Eshik taqilladi. Ana, Hello keldi! Bo‘ldi, shu yerda tugataman.

 Annang

 1942 yil, 8 iyul, chorshanba

Azizam Kitti!

Yakshanba tongidan beri yillar o‘tib ketgandek. Shuncha voqea yuz berdiki, go‘yo dunyo to‘satdan ag‘dar-to‘ntar bo‘lganga o‘xshaydi. Lekin ko‘rib turganingdek, Kitti, hali ham tirikman. Bu eng muhimi, deydi dadam. Tirik va soppa-sog‘man, lekin qayerda, qanday qilib? Bularni so‘rama. Birorta so‘zimga ham tushunmayotgan bo‘lsang kerak. Kel, yaxshisi, yakshanba tushdan keyin nima bo‘lganidan boshlay qolay.

Soat uchda (Hello ketgan, lekin qaytib kelishi kerak edi) eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Ayvonda quyosh nurida toblanib, erinibgina kitob o‘qib yotgandim. Margo oshxona eshigi oldida paydo bo‘ldi, rangi quv o‘chgandi.

− Dadamga esesdan chaqiruv xati kelibdi, − pichirladi u. − Oyim janob van Dan bilan ko‘rishgani ketdi (janob van Dan – dadamning hamkori, qalin do‘sti.)

Qotib qoldim. Chaqiruv? Buning nimaligini hamma biladi. Kontslager, bir kishilik kamera ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. Dadamni shunday xavfga qanday yuboramiz?

− Albatta, dadam bormaydi, − dedi Margo oyimni kutib, mehmonxonada o‘tirganimizda. − Oyim janob van Dandan yashirin joyimizga ertaga ko‘chib o‘tish haqida so‘rab keladi. Van Danlar biz bilan ketishyapti. Hammasi bo‘lib yetti kishimiz.

Oraga sukunat cho‘kdi. Biz gapirolmasdik. Dadamning hech narsadan bexabar yahudiy kasalxonasiga kimnidir ko‘rishga ketgani, oyimni uzoq kutish, jazirama, sarosima − bularning bari bizni o‘ylantirib qo‘ydi.

To‘satdan eshik qo‘ng‘irog‘i yana jiringladi.

− Bu Hello, − dedim.

− Eshikni ochma! − deya qichqirdi Margo meni to‘xtatish uchun. Biz pastda oyim va janob van Danning Helloga gapirayotganlarini eshitdik, keyin ikkovlari kirib kelib, eshikni yopib qo‘yishdi. Har safar eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaganda Margo bilan oyoq uchida pastga tushib, dadammi, yo‘qmi, poylab kelardik.

Boshqa hech kimni uyga kiritmadik. Margo bilan xonadan chiqib ketdik. Oyim va janob van Dan yolg‘iz gaplashishmoqchi edilar-da.

Opam bilan yotoqxonada o‘tirganimizda chaqiruv qog‘ozi dadamga emas, o‘ziga kelganini aytdi. Shu lahza ikkinchi marta dahshatga tushib, yig‘lay boshladim. Margo o‘n olti yoshda − ko‘rinishdan u tengi qizlarni o‘z ixtiyorlari bilan jo‘natishadi. Lekin xudoga shukur, u ketmas ekan: oyim buni o‘zicha aytdi, balki dadam yashirinish haqida gapirganda, shuni nazarda tutgandir.

Yashirinish… Qayerda yashirinamiz? Shahardami? Qishloqdami? Uydami? Yoki kulbadami? Qachon, qayerda, qanday?..

Bularni so‘rashim mumkin emas, ammo shu savollar baribir miyamda aylanaverardi. Margo bilan eng zarur narsalarimizni maktab sumkamizga joylay boshladik. Birinchi olgan narsam kundalik bo‘ldi, keyin ro‘molcha, darsliklar, taroq va bir-ikkita eski xat. Yashirinish xayoli bilan bo‘lib, sumkaga har xil kerak-nokerak narsalarni solib tashlabman. Lekin achinmayman, chunki men uchun xotiralar ko‘ylaklardan-da qadrliroq!

Nihoyat, dadam uyga soat beshda kirib keldi. Janob Kleimanga telefon qilib, bugun kelishini so‘radik. Janob van Dan Miepni olib ketgani jo‘nadi. Miep kechroq kiyim-kechak olib kelishini aytdi-yu qaytib ketdi.

Uyimiz suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi; hech birimizning tomog‘imizdan ovqat o‘tmadi. Havo hali ham issiq, hamma narsa g‘alati edi…

Miep bilan Jan Giz soat o‘n birlarda kelishdi. Miep dadamning korxonasida 1933 yildan beri ishlab, o‘zi ham, eri ham biz bilan do‘stlashib ketgan. Yana bir marta oyoq kiyimlar, paypoqlar, kitoblaru ichki kiyimlar Miepning sumkasi va Janning chuqur cho‘ntaklariga joylandi.

O‘n bir yarimda ular ham ketishdi.

Holdan toygandim, o‘z yotog‘imda oxirgi marta tunayotgan bo‘lsam-da, darrov uxlab qoldim. Tonggi soat besh yarimda oyim o‘rnimdan turg‘azmaguncha uxlayveribman.

Yaxshiyamki, havo yakshanbadagidek issiq emas; tuni bilan iliq yomg‘ir shivalabdi. To‘rtovimiz ham bu kechasi sovuqda uxlaydigan kishilardek qavat-qavat kiyinib olgandik. Buni iloji boricha ko‘proq kiyim olish uchun qildik. Bizning o‘rnimizda birorta ham yahudiy kiyim to‘la jomadon ko‘tarib yurishga jur’at qilolmasdi. Men ikkitadan ichkiyim, ko‘ylak, ustidan yubka, jaket, plash, ikkitadan paypoq, og‘ir oyoq kiyim, shapka, sharf va yana allanimalarni kiyib oldim. Uydan chiqmasimdan nafasim bo‘g‘ilayotgandi, lekin ahvolimni hech kim so‘rab o‘tirmadi.

Margo sumkasini darsliklarga to‘ldirib, velosiped olib kelish uchun yo‘l oldi. Miep uni boshlab ketdi.

Baribir boradigan joyimizni tasavvur qilolmasdim, chunki uning qayerligini bilmasdim.

Soat yetti yarimda biz ham eshikni yopdik; mushugim Murji uyda qoladigan yagona tirik jon, u bilan vidolashdim. Qoldirgan xatimizga ko‘ra, biz janob Goldsmitnikiga ketyapmiz, mushukni qo‘shnilar asrab olishadi.

Tartibga solinmagan yotoqlar, stolda yig‘ishtirilmagan dasturxon, mushukka qoldirilgan bir bo‘lak go‘sht − bularning hammasi shoshilinch ketgandek taassurot qoldirardi. Lekin taassurotlar bilan ishimiz yo‘q edi. Faqat shu yerdan chiqib, omon-eson manzilga yetib olsak, bas.

Shoshilyapman. Qolganini ertaga yozaman.

Annang

 1942 yil, 9 iyul, payshanba

Azizam Kitti!

Shunday qilib, dadam, oyim va men jala ostida, har birimiz bittadan maktab sumka, og‘zigacha har xil narsalar bilan liq to‘la bozor xaltalarini ko‘targancha ketardik. Saharmardonda ishga otlangan odamlar bizga achinib qarashardi; ularga qarab, naflari tegmayotganidan afsuslanishayotganini payqasa bo‘lardi; axir, biz kiyimimizga sariq matodan majburan tikkan va uzoqdan ham ko‘zga yaqqol tashlanib turadigan olti qirrali katta yulduz ko‘p narsalarni anglatardi…

Ko‘chada ketarkanmiz, dadam bilan oyim aslida reja qanday bo‘lganini aytganday bo‘lishdi. Bir necha oylardan beri jihozlarimizni tashib, uyimizni bo‘shatayotgandik. 16 iyulda yashirinishga kelishilgan ekan. Margoga chaqiruv xati kelgani uchun reja o‘n kun oldinga ko‘chirilgan, bu esa tartibsiz xonalarni epaqaga keltirish kerak degani edi.

Yashirin joy dadamning ishxonasida joylashgan ekan. Keling, yaxshisi, aniqroq tushuntirib beray.

Dadamning ofisida ishchilar ko‘p emas, faqat janob Kugler, janob Kleiman, Miep va Bep Voskuijl degan yigirma uch yashar mashinkachi qiz bor, xolos. Birortasining ham kelishimizdan xabari yo‘q ekan. Bepning otasi janob Voskuijl ikkita yordamchisi bilan omborda ishlaydi, ular ham kelishimizdan bexabar ekan.

Binoning ko‘rinishi mana bunday. Birinchi qavatdagi bir necha qismga bo‘lingan katta ombor ishxona va do‘kon vazifasini o‘taydi. Masalan, omborda tegirmon ham bor, u yerda xantal, sarimsoqpiyoz, qog‘oz parchalari aralashib yotardi.

Ombor eshigidan keyin ofisga kirish uchun ham eshik bor. Ofis eshigi ortida esa zina. Zina tepasida derazasiga qora rangda “Ofis” deb yozilgan yana bir eshik bor.

Ofis behad katta, juda yorug‘ va liq to‘la mollar. Bep, Miep va janob Kleiman kunduzi shu yerda ishlashadi. Seyf, ombor va javon joylashgan ayvondan o‘tib kichkina, qorong‘i, mayda-chuydalar bilan to‘lib-toshgan orqa ofisga kiriladi. Bu xonadan janob Kugler va janob van Dan foydalanishgan, lekin janob Kugler unda vaqtincha turibdi. Uning ofisiga yo‘lakdan ham kirsa bo‘ladi, lekin u yerdagi oyna eshik ichkaridan ochiladi-yu, tashqaridan ochilishi qiyin. Agar janob Kuglerning xonasidan chiqib, uzun, tor yo‘lak orqali ko‘mir baki oldidan o‘tgach, to‘rt qadam yurilsa, shaxsiy ofisga kiriladi. Bu yerdan butun bino ko‘rinib turadi. Jihozlar pishiq qizg‘ish yog‘ochdan yasalgan, linoneumli polga sholchalar tashlangan. Radio, chiroyli lampa – hamma narsa asl. Keyingi eshikdan keng oshxonaga kiriladi, u yerda suv isitkich, ikkita gaz plita, orqasida esa vannaxona bor. Bu – ikkinchi qavat.

Yo‘lakdagi yog‘och zinadan uchinchi qavatga ko‘tarilamiz. Zina tepasida ozgina joy bor, ikki tarafida ham eshik. Chap tomondagisi uyning old tarafidagi omborga olib chiqadi. Avstriyacha baland, aylanma zinalar uyning old tomonidan ham o‘tgan, undan keyin ko‘chaga ochiladigan yana bir eshik bor.

O‘ng tomondagi eshikdan uyning orqasidagi “Sirli bino”ga o‘tiladi. Och kulrang eshik ortida shuncha xona borligi hech kimning xayoliga ham kelmaydi. Eshikdan bir qadam qo‘ysang, bas, ichkaridasan. To‘g‘ringda yana baland, burama zinalar. Chap tomondagi torgina yo‘lakdan Franklar uyi­ning mehmonxonasi va yotoqxonasiga chiqiladi. Keyingi xona kichikroq, ikki yosh xonimning darsxonasi va yotoqxonasi. Zinadan chap tomonda yo‘lakli, derazasi yo‘q vannaxona. Burchakdagi eshikdan hojatxonaga va Margo ikkimizning xonamizga chiqiladi. Zinadan tepaga chiqib, o‘rtadagi eshik ochilsa, bu eski uydagi katta, keng xonani ko‘rib, ajablanib qoladi kishi. Xonada pechka (shukurki, bu janob Kuglerning laboratoriyasi bo‘lgan ekan) va rakovina turibdi. Bu van Danlarning oshxonasi va yotoqxonasi. Shu bilan birga, umumiy mehmonxona, tamaddixona va darsxona ham bor.

Burchakdagi torgina xona – Piterniki. Uyning old tarafida bo‘lgani kabi bu yerda ham chordoq va omborxona bor.

Bori – shu.

Mana, seni ajoyib uychamiz bilan ham tanishtirdim!

Annang

1942 yil, 10 iyul, juma

Azizam Kitti!

Uyimizni ta’riflab seni zeriktirib qo‘ygan bo‘lsam kerak. Baribir, chala qolgan hikoyamni tugatib qo‘yay.

Prinsengraxtdagi 263-uyga yetib kelganimizdan so‘ng Miep bizni uzun yo‘lakdan boshlab, yog‘och zinadan yuqori qavatga – uyimizga olib chiqdi. Eshikni yopib, bizni yolg‘iz qoldirdi. Margo ancha oldin velosipedda kelib, bizni kutib turgan ekan. Barcha xonalar har xil narsaga to‘lib-toshgan. So‘nggi oylarda korxonaga jo‘natilgan karton qutilar polga, divanlarga terib tashlangan. Kichkina xona shiftgacha to‘shaklar bilan to‘ldirilgan. Bu tun ozoda yotoqda uxlashni xohlasak, uyni tozalash kerak.

Oyim bilan Margo, rosa sillalari qurigan ekan, birdan uxlab qolishdi. Lekin dadam ikkimiz supur-sidirga kirishdik.

Kechgacha qutilarni bo‘shatib, omborga joyladik, chiqindilarni to‘daladik. Oxiri holdan toyib, karavotlarda cho‘zilib qoldik.

Kun bo‘yi issiq ovqat yemadik, lekin bizga farqi yo‘q edi; oyim bilan Margo charchashgan, ishtahalari yo‘q. Dadam bilan men esa juda band edik.

Seshanba tongida kecha tugallanmagan ishimizni davom ettirdik. Bep bilan Miep kuponimizni olib, do‘konga ketishdi. Dadam yorug‘ni to‘sadigan pardalarimizni tuzatdi. Oshxona polini ham qirtishlab tozaladik.

Shunday qilib, azondan shomgacha band bo‘ldik. Chorshanbagacha hayotimda ro‘y bergan ulkan o‘zgarish haqida o‘ylashga fursatim bo‘lmadi. Keyin “Sirli bino”ga kelganimizdan buyon senga ilk bora bularni aytishga, nimalar bo‘lganini va yana nimalar bo‘lishini o‘ylashga imkon topdim.

Annang

1942 yil, 11 iyul, shanba

Azizam Kitti!

Dadam, oyim va Margo har o‘n besh daqiqada bong uradigan Uestrtoren soati shovqiniga hali ham ko‘nika olishmayapti. Lekin menga bu tovush juda yoqdi; ayniqsa, uning tundagi ovozi kishiga umid va ishonch beradi.

Yashirin hayot haqidagi fikrlarimni bilging kelayotgandir. Menimcha, bu yerda hech qachon o‘zimni uydagidek his qilolmasam kerak, ammo bu undan nafratlanaman, degani emas. Yashashimiz ta’tilga o‘xshab ketadi. Hayotni yashirinib kuzatish g‘alati ekan, ammo na iloj.

Chordoq – bekinish uchun eng yaxshi joy. Xonalar zax, qing‘ir-qiyshiq bo‘lishi mumkin, lekin butun Amsterdamda, yo‘q, butun Gollandiyada bundan qulay joy bo‘lmasa kerak.

Bugungacha bo‘m-bo‘sh devorlarimiz juda fayzsiz edi. Dadamga rahmat − u ajoyib plakatimni, kino yulduzlari suratlari to‘plamimni oldindan olib kelgan ekan − yopishtirishga bir quti yelim ham keltirgan, devorlarni plakatlar bilan qoplashim mumkin. Hozir devorlarga ancha ko‘rk kirib qoldi. Van Danlar kelganda, ayvon va boloxonadagi yog‘och g‘aramlarni ham tartibga solamiz.

Margo bilan oyim bir amallab o‘zlariga kelishdi. Kecha oyim ancha tuzuk bo‘lib, no‘xat sho‘rva pishirayotgandi, keyin gapga berilib ketib, ovqatni esdan chiqaribdi. No‘xatlar qorayib, kuyib ketibdi, qancha ishqalamasin, qozondan ajratib bo‘lmadi.

Oqshom to‘rtovimiz shaxsiy ofisga borib, radioda Angliya xabarlarini tingladik. Birov eshitib qoladi deb shunchalar qo‘rqdimki, dadamga “yuqoriga olib chiqib qo‘ying” deb rosa yalindim. Oyim xavotirimni tushunib, meni olib ketdi.

Nimaiki qilmaylik, odamlarning eshitib qolishidan hadiksiraymiz.

Birinchi kun ishni parda tikishdan boshladik. Rosti, ularni parda deb bo‘lmaydi, fabrikaning juda qattiq, har xil shakldagi latta-puttalarini dadam bilan uquvsizlarcha bir-biriga ulab, tikib chiqdik. Bu “san’at asari” derazalarga tortildi, endi erkinlikka chiqqunimizcha osilib turadi.

O‘ng tomonimizda – “Zandam” firmalaridan biri, “Keg” kompaniyasining shoxobchasi, chap tomonimizda – mebel ustaxonasi. U yerda ishlaydiganlar kirib-chiqib turishmasa ham, ovozimiz devordan eshitilishi mumkin. Margo qattiq shamollagan bo‘lsa-da, kunduzi yo‘talishni man qildik, ko‘p miqdorda kodein ichiryapmiz.

Seshanba kuni van Danlar kelishadi, bu kunni orziqib kutyapman. Ular bilan hayotimiz juda qiziq o‘tadi, zerikmaymiz. Ko‘rdingmi, oqshomlari, tunlari sokinlik meni qanchalar asabiylashtiradi, yordamchilarimizdan biri shu yerda yotib qolishi uchun hamma narsaga tayyor edim.

Bu yer unchalik ham yomon emas, o‘zimiz ovqat pishirishimiz, dadamning ofisida radio tinglashimiz mumkin. Janob Kleiman, Miep va Bep Voskuijl ham bizga juda ko‘p yordam qilishdi. Allaqachon rovoch, qulupnay, olchadan qishga murabbo tayyorlab ham qo‘ydik, endi bu yerda rosa zeriksak kerak. O‘qish uchun bir dunyo kitob ham bor, har xil o‘yinchoqlar sotib olamiz. Lekin hatto derazadan qaray olmaymiz, tashqariga chiqib bo‘lmaydi. Buning ustiga eshitib qolmasliklari uchun ovozimizni ham chiqarmasligimiz kerak, oyoq uchida yuramiz.

Kecha yumushimiz rosa ko‘p bo‘ldi. Janob Kugler murabbo tayyorlashi uchun ikki quti olchani danagidan ajratishga to‘g‘ri keldi. Bo‘sh qutilardan javon yasaymiz.

Kimdir meni chaqiryapti.

Annang

1942 yil 2 sentyabrda qo‘shilgan qayd

Tashqariga chiqa olmasligimiz meni shunchalar qattiq ranjityaptiki, buni so‘z bilan izohlay olmayman. Yashirin joyimiz fosh bo‘lishidan va bizni otib tashlashlaridan juda-juda qo‘rqaman!

Bu, albatta, yurakni ezadi.

1942 yil, 12 iyul, yakshanba

Mana shu oy tug‘ilgan kunim bo‘lganligi sababli hamma menga yaxshi munosabatda bo‘ldi, lekin shunday bo‘lsa-da, kundan-kunga o‘zimni oyim va Margodan uzoqlashib borayotganday his etyapman.

Bugun qattiq ishladim, maqtashdi, faqat besh daqiqa o‘tar-o‘tmas menga dam berishdi.

Men va Margoga bo‘layotgan munosabatning farqini payqash oson. Masalan, Margo changyutgichni buzib qo‘ydi, shuning uchun hammamiz kun bo‘yi chiroqsiz qoldik. Oyim: “Xo‘sh, Margo, ish qilishni bilmasliging ko‘rinib turibdi; bo‘lmasa, shlangni siltarmiding”, dedi. Margo nimadir deb o‘zini oqladi, muammo o‘z yechimini topdi. Lekin bugun tushdan keyin oyimning bozor-o‘char ro‘yxatidagi narsalarni qayta yozmoqchi bo‘ldim, chunki yozuvini sira o‘qib bo‘lmaydi, u esa ruxsat bermadi. Yana baqirib berdi, bunga butun oila aralasha ketdi.

Onam va Margo bilan umuman chiqisha olmayman, buni o‘tgan bir necha hafta ichida yanada aniqroq sezdim. Ular birgalikda shunchalar hissiyotga berilishadiki, asti qo‘yavering! Men esa faqat yolg‘izligimda o‘yga cho‘maman. Ular doim to‘rtovimiz naqadar yaxshi yashayotganimiz, bir-birimizga naqadar mos ekanligimizni ta’kidlashadi. Men unday deb o‘ylamayman. Garchi oyim bilan Margoning tarafini olsa-da, dadam – oilada meni tushunadigan yagona kishi.

Oyim bilan Margoning yana bir odatiga sira toqat qilolmayman. Ular doim begonalarni deb qanday ko‘z yosh to‘kkanimni, hissiyotlarga berilishimni gapirib yurishadi. Bunga chidab bo‘lmaydi. Ba’zida mushugim Murji haqida ham gapirib qolishadi, bunga sira toqat qilolmayman. Murji yaqin do‘stim edi. Men uni kunning har daqiqasida qo‘msayman, u haqda nimalar o‘ylashimni hech kim bilmaydi; qachon Murji haqida xayol sursam, ko‘zlarim yoshga to‘ladi. Murji shunchalar yoqimtoy, uni shunchalar yaxshi ko‘ramanki, yonimizga qaytib kelishini orziqib kutaman.

Bir olam orzularim bor, lekin haqiqat shuki, biz urush tugaguncha shu yerda yashashga majburmiz. Hatto tashqariga ham chiqa olmaymiz, mehmonlarimiz esa faqat Miep, uning eri Jan, Bep Voskuijl, janob Voskuijl, janob Kugler, janob Kleiman va Kleiman xonim (garchi u biznikiga biror marta kelmagan bo‘lsa-da). Chunki biznikiga kelishga qo‘rqadi.

1942 yili, sentyabrda qo‘shilgan qayd

Dadam biram yaxshiki! U meni nihoyatda yaxshi tushunadi. Ba’zida dildan gaplashsagu yig‘lab yubormasam, deb orzu qilaman. Lekin hammasiga sabab – yosh ekanligim kundek ravshan. Har doim yozib o‘tirsam deyman, ammo bundan tez zerikaman.

Shu damgacha butun o‘y-xayollarimni kundaligimga ishondim. Hali keyin­chalik baland ovozda o‘qishim mumkin bo‘lgan ancha shaxsiy narsalarni yozishim kerakligiga sira ko‘nika olmayapman.

Kelajakda hissiyotlarga kamroq berilib, ko‘p vaqtimni haqiqatni ang­lashga bag‘ishlamoqchiman.

Anna

1942 yil, 14 avgust, juma

Azizam Kitti!

Bir oy davomida seni sog‘intirib qo‘ydim, lekin hayotimiz shu qadar osoyishta o‘tmoqdaki, har kuni yozishga arzigulik yangilik topolmayman.

Van Danlar 13 iyulda kelishdi. O‘n to‘rtinchida kelishar deb kutgandik. Lekin nemislar o‘n uchinchidan o‘n oltinchi iyulgacha har yoqqa chaqiruv xati jo‘nataverib, hammani vahimaga solayotgan ekan. Shuning uchun kech bo‘lmasin deb, harna bir kun bo‘lsa ham, ertaroq yo‘lga chiqishibdi.

Piter van Dan ertalab to‘qqiz yarimda yetib keldi (biz nonushta qilayotgandik). Piter deganlari odamovi, tortinchoq, o‘n oltiga qadam qo‘ygan yigitcha. Ota-onasi esa yarim soatdan keyin kelishdi.

Van Dan xonim katta shlyapa qutisida tuvak ko‘tarib olgandi.

− Tuvagimsiz o‘zimni uydagidek his qilolmayman, − dedi u. Tuvak divan ostidan joy egallagan birinchi buyum bo‘ldi. Janob van Dan esa yig‘ma stol qo‘ltiqlab olgandi.

Ilk bor birga ovqatlandik. Uch kun o‘tib esa yettovimiz ham katta oilaga aylanganimizni his qila boshladik. Tabiiyki, ular dunyodan uzilib qolganimiz haqida ko‘p gapirishdi. Biz uyimiz va janob Goldsmitga nima bo‘lganiga juda qiziqayotgandik. Janob van Dan hammasini gapirib berdi:

− Dushanba kuni ertalab to‘qqizda janob Goldsmit qo‘ng‘iroq qilib, kela olasizmi, deb so‘radi. Yetib borsam, u xunob bo‘lib o‘tiribdi. Sizlar tashlab ketgan xatni ko‘rsatdi. Xatdagi iltimoslaringga ko‘ra, mushukni qo‘shnilarga topshiradigan bo‘ldi, uning fikriga qo‘shildim. Janob Gold­smit uyni tintuv qilishadi deb xavotirlangani uchun hamma xonalarni birma-bir qarab chiqdik, ochiq qolgan dasturxonni yig‘ishtirdik. Tasodifan stol ustida Frank xonimning yon daftarchasiga ko‘zim tushdi, unda Maastrixtdagi allaqanday manzil yozilgandi. Frank xonim uni ataylab tashlab ketganini bilsam ham, o‘zimni go‘yo hayron qolgandek, qo‘rqib ketgandek tutdim. Janob Goldsmitdan bu daliliy ashyoni yoqib yuborishini iltimos qila boshladim. Avval o‘zimni go‘llikka solayotgandim, keyin shu yozuvni ko‘rib miyamga zo‘r fikr keldi. “Janob Goldsmit, − dedim, − o‘lay agar, mana shu manzil kimnikiligini bilaman. Bundan yarim yilcha oldin ishxonaga mansabdor bir zobit kelgandi. Janob Frankning bolalikdagi do‘sti, chamamda. Kerak bo‘lsa, yordam berishini aytgandi. O‘sha zobit Maastrixtda yashardi. Menimcha, shu zobit so‘zida turib, Franklarni Belgiya orqali Shveytsariyaga qochirmoqchi, shekilli. Franklarning yor-birodarlari so‘rab kelishsa, buni aytib qo‘yishning zarari yo‘q. Albatta, Maastrixt haqida hech narsa deb o‘tirmang”. Shundan keyin ketdim. Bu gap tanish-bilishlarga tarqab ketdi, keyin uni o‘zim ham ko‘pchilikning og‘zidan eshitdim.

Bu gaplarni eshitib rosa kuldik, lekin janob van Dandan tanishlarimiz tarqatgan mish-mishlarni eshitganimizda ichaklarimiz uzilay dedi. Masalan, dahamizdagi bir oilaning aytishicha, biz tong-saharda uylari yonidan velosipedda o‘tib ketibmiz, yana bir ayol yarim kechasi harbiy mashinaga o‘tirib ketganimizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganmish.

Anna

1942 yil, 21 avgust, juma

Azizam Kitti!

Bekingan boshpanamiz rostdan ham sirli bo‘lib qoldi. Yashirilgan velosipedlarni qidirib, hamma uylarni tintib chiqishayotgani uchun janob Kugler boshpanamiz eshigiga kitob javoni o‘rnatdi. Bu aylanma javon biz uchun eshik vazifasini bajaryapti. Javonni janob Voskuijl yasabdi, unga yashirinadigan boshpanamiz haqida aytganimizdan buyon ancha yordami tegdi.

Endi pastga tushish uchun avval egilib, keyin sakrashimiz kerak. Past eshikka urilaverib, uch kunda peshonalarimiz ko‘karib, momataloq bo‘lib ketdi. Zarbani biroz yengillatish uchun Piter eshik tepasiga cho‘tka qoqib qo‘ydi. Ko‘ramiz, nafi tegarmikan!

Dadam menga dars o‘tmoqchi, lekin avval hamma kitoblarni sotib olishimiz kerak. Ko‘p dars tayyorlamayapman. Sentyabrgacha o‘zimga ta’til e’lon qildim.

Bu yerdagi hayotimizda aytarli hech narsa o‘zgarmayapti. Piter bugun boshini yuvdi. Shu ham arzigulik yangilikmi? Janob van Dan bilan chiqishib ketdim. Ammo oyimning menga xuddi yosh boladek munosabatda bo‘lishi asablarimni buzadi. Qolgan hammasi izga tushib boryapti. Menimcha, Piter sira ham o‘zgarmagan. Kun bo‘yi karavotda cho‘zilib yotadigan, o‘lgudek dangasa bola. Ozgina duradgorlik qilgandek bo‘ladi-da, yana cho‘zilib oladi. Qanday ahmog‘-a!

Bugun tongda oyim menga yana nasihat qila boshladi. Hamma narsaga qarashlarimiz bir-biriga zid. Dadam shunday yaxshiki: ba’zida jahl qiladi, biroq bu uzog‘i bilan besh daqiqaga cho‘zilishi mumkin, xolos.

Bugun havo ajoyib bo‘ldi, lekin shunday issiq havoda chordoqda yotishdan boshqa choramiz yo‘q.

Annang

1942 yil, 21 sentyabrda qo‘shilgan qayd

Oxirgi paytlarda janob van Dan menga tobora yaxshiroq muomala qilyapti, bundan juda xursandman.

1942 yil, 2 sentyabr, chorshanba

Azizam Kitti!

Janob van Dan xotini bilan qattiq janjallashib qoldi. Dadam bilan oyim bir-birlariga hatto ovozlarini ko‘tarib gaplashganini ham eslolmayman. Bunaqa janjalni esa umrimda ko‘rmaganman. U aslida arzimagan narsadan chiqdi. Ha, mayli, hamma o‘zicha haq, hech kimni ayblab bo‘lmaydi.

Bechora Piterga qiyin, ikki o‘t orasida qolib ketgan, lekin o‘ta nozik, dangasa bo‘lgani uchun hech kim uni jiddiy qabul qilmaydi. Kecha, masalan, tili ko‘karib ketganiga rosa xavotirlandi. Bu kishibilmas kasallik qancha tez paydo bo‘lgan bo‘lsa, shuncha tez o‘tib ketdi. Bugun qalin sharf bog‘lab olibdi, yelkasi sanchayotganmish. “Hazrati oliylari” yurak, buyrak, o‘pka og‘rig‘idan ham aziyat chekadilar. Shunaqa noziklarki! (To‘g‘ri ta’rif, shunday emasmi?)

Oyim bilan van Dan xonim unchalik chiqisha olishmayapti. Kelishmovchiliklarga sabablar bir talay. Bir kichik misol. Van Dan xonim umumiy javonimizdan o‘zining choyshablarini olib qo‘yibdi, faqat uchtagina qoldirgan. O‘zicha oyimning choyshablari hammaga yetadi deb o‘ylayapti. Oyim ham xuddi shunday qilganini bilsa, rosa hayron qoladi. Bundan tashqari, van Dan xonim uning chinni idishlaridan foydalanayotganimizga xunob bo‘lyapti. Idishlarimizni qayerga yashirganimizni bilib olmoqchi; ularni xonim o‘ylagandan ancha yaqinroqda, ayvondagi karton qutilarga joylab, ustidan “Opekta” e’lon qog‘ozlarini yopib qo‘yganmiz. Biz shu yerda ekanmiz, idishlarimiz uning qo‘liga tushmaydi. O‘zim ham juda noshudman-da! Kecha van Dan xonimning bitta kosasini sindirib qo‘ydim.

− Ehtiyot bo‘lsang-chi! − dedi u jig‘ibiyron bo‘lib. − Bor-yo‘g‘im shu edi-ku!

Kitti, bilsang edi, uyimizdagi ikki xonim golland tilini shu qadar buzib gapirishadiki (janoblarni aytmay qo‘ya qolay, juda qattiq ranjishadi). Agar ularning gapirishlarini eshitsang edi, kulaverib, qotib qolarding. Xatolarini tuzatmay ham qo‘ydik, buning foydasi yo‘q. Ularning gaplarini yozsam ham, aynan emas, adabiy tilda yozaman.

O‘tgan hafta bir xil hayotimiz maromi biroz buzildi. Bunga sabab – Piter va ayollar haqidagi kitob. Izoh beray. Margo va Piterga janob Kleiman bergan deyarli hamma kitoblarni o‘qish mumkin. Lekin bu jiddiy kitobni kattalar o‘zlariga olishdi. Bu esa darrov Piterning e’tiborini tortdi. Ularda qanaqa taqiqlangan narsalar yozilgan ekan? Oyisi pastda gaplashib turganda Piter kitobni bildirmasdan olib, xonasiga kirib ketdi. Ikki kun hammasi joyida edi. Van Dan xonim buni bilardi, lekin janob van Dan xabar topmaguncha, hech narsa demadi. Uning jahli chiqib, kitobni tortib oldi, shu bilan masala tamom deb o‘ylovdi. Lekin o‘g‘lining qiziqib qolganiga e’tibor bermabdi. Piter otasining vajohatiga parvo ham qilmadi, o‘sha qiziqarli kitobni oxirigacha o‘qib qo‘yishning boshqa yo‘llarini qidira boshladi. Shu orada van Dan xonim oyimdan maslahat so‘radi. Oyim aynan shu kitob Margoga to‘g‘ri keladi deb o‘ylamasdi, lekin boshqa kitoblarni o‘qishning zarari yo‘q deb bilardi.

− Ko‘ryapsizmi, − deya gap boshladi oyim. − Margo bilan Piterning orasidagi farq juda katta. Birinchidan, Margo qiz bola, qizlar o‘g‘il bolalardan ko‘ra tezroq voyaga yetadi. Ikkinchidan, u juda ko‘p jiddiy kitoblar o‘qigan, shuning uchun uni taqiqlanadigan narsalar ko‘p qiziqtirmaydi. Uchinchidan, Margo ancha noziktabiat, to‘rt yil yaxshi maktabda o‘qigani uchun fikrlashi ham ancha durust.

Van Dan xonim oyimning fikriga qo‘shildi, lekin qoidaga ko‘ra, kattalar uchun yozilgan kitoblarni bolalarning o‘qishiga ruxsat berish noto‘g‘ri dedi.

Piter hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib, kitob bilan ishlari bo‘lmay qoladigan paytni poylardi. Kechqurun yetti yarimda ofisda hammamiz radio eshitib o‘tirardik, u esa “xazina”sini yana javondan o‘g‘irlab ketdi. Soat sakkiz yarimda joyiga qo‘yishi kerak edi, ammo kitobga shunchalar sho‘ng‘ib ketibdiki, vaqtni unutibdi, mehmonxonaga otasi bilan bir paytda kirib keldi. Shu payt baqir-chaqir boshlandi, oxiri kitob stol ustida qoldi, Piter esa xonasiga chiqib ketdi.

Kechki ovqat paytida Piter xonasidan chiqmadi. Hech kim u haqda o‘ylab ham o‘tirmadi; u och uxlab qolishga majbur edi. Biz esa chaqchaqlashib ovqatlanaverdik, shu payt qo‘rqinchli hushtak ovozi eshitildi. Hammamiz bir-birimizga tikilib qoldik, hammamizniing yuzimizda bir xil qo‘rquv!

Keyin quvurdan Piterning: “Pastga tushib bo‘pman!” – degan ovozi eshitildi.

Janob van Dan o‘rnidan irg‘ib turdi, sochig‘i ham polga tushib ketdi, qizarib-bo‘zarib: “Bunisi endi oshib tushdi!” – deya baqirdi.

Yuz berishi mumkin bo‘lgan voqeadan xavotir olgan dadam uning qo‘lini ushlab oldi, ikkovlari yuqoriga chiqib ketishdi. So‘kish, urishishdan keyin Piterni qamab qo‘yishdi, biz esa ovqatlanishda davom etdik.

Van Dan xonim arzandasiga bir bo‘lak non bermoqchi bo‘ldi, lekin janob van Dan hech yumshamadi:

− Agar kechirim so‘ramasa, ayvonda uxlaydi!

Biz yalina boshladik, och uxlashning o‘zi yetarli jazo edi. Piter shamollab qolsa-chi? Shifokor chaqira olmaymiz-ku.

Piter kechirim so‘ramadi, xonasiga qaytib chiqdi. Shundan keyin janob van Dan o‘g‘lini tinch qo‘ydi, lekin ertasi tongda Piter o‘z xonasida uxlaganini sezdi. Keyin soat yettida yana ayvonga chiqib ketdi. Dadam bir-ikki og‘iz yaxshi gapirgan edi, pastga tushdi. Uch kun ota-bola bir-biriga yovqarash qilib, jim yurishdi, keyin hammasi joyiga tushib ketdi.

Annang

1942 yil, 21 sentyabr, dushanba

Azizam Kitti!

Dadam bilan oilaviy shajaramizni tuzyapmiz. U har bir ajdodimiz haqida erinmay gapirib beradi.

Dars tayyorlashni boshladim. Frantsuz tilini berilib o‘rganyapman, har kuni beshtadan noto‘g‘ri fe’l yodlayman. Maktabda o‘rganganlarimning ko‘pi yodimdan chiqibdi. Piter esa ingliz tiliga berilib ketdi. Bir-ikkita darsliklarim yetib keldi, daftar-qalamlar yig‘ib qo‘yganman. Dadam golland tilini o‘rgatishimni istayapti. O‘zi menga frantsuz tilidan va qolgan fanlardan yordam beradi. Lekin uning gollandcha xato gaplari odamni hayratga soladi!

Ba’zida Angliya radiosida golland tilidagi yangiliklarni tinglayman. Yaqinda shahzoda Bernard va malika Juliana yanvarda farzandli bo‘lishlarini e’lon qilishdi. Menimcha, bu ajoyib yangilik. Qirollik oilasiga bunchalar qiziqishimni bu yerda hech kim tushunmaydi.

Kecha gaplashib o‘tirganimizda, hamma meni ahmoqqa chiqarib qo‘ydi. Ertasi kuniyoq berilib dars tayyorlashga kirishdim. O‘n to‘rt, o‘n beshga kirsam ham, sinfdan sinfga qolavermayman-ku! Menga deyarli hech qanday kitob o‘qish mumkin emasligi haqida ham gaplashdik. Hozir oyim “Janob­lar, ayollar va xizmatkorlar” degan kitob o‘qiyapti, menga, albatta, buniyam o‘qish mumkin emas (Margoga esa mumkin!) Avval, dono opajonimga o‘xshab aqlan yetilishim kerak emish. Yana falsafa, psixologiya va fiziologiyadan umuman bexabar ekanligim ham muhokama qilindi. Bu so‘zlarni keyin lug‘atdan ko‘rib oldim. Haqiqatan ham, ular haqida hech vaqoni bilmayman. Ha, mayli, kelasi yil aqlliroq bo‘larman!

Buni qaraki, qishda kiyishga bittagina yengi uzun ko‘ylagim, uchta koftam bor ekan, xolos. Dadam junli, oq sviter to‘qishimga ruxsat berdi; unchalik chiroyli emas, lekin issiq, shuning o‘zi yetadi. Kiyim-kechaklarimizning ko‘pi do‘stlarimiznikida qolgan, urush tugamaguncha ularni ololmaymiz (butun turgan bo‘lsa, albatta). Van Dan xonim haqida bir narsa yozib bo‘luvdim hamki, o‘zi kelib qoldi. Qo‘rqib, daftarni yopib oldim.

− Hoy, Anna, bitta ko‘rsat daftaringni!

− Yo‘q, xonim.

− Oxirgi betini ko‘rsata qol!

− Yo‘q, oxirgi betini ham ko‘rsata olmayman.

Qo‘rquvdan jon-ponim chiqib ketdi. Axir, oxirgi betda u haqda noxush gaplar yozilgan edi-da.

Har kuni nimadir yuz beryapti, ammo buning hammasini yozishdan charchadim, erinyapman.

Annang

1942 yil, 25 sentyabr, juma

Dugonajonim Kitti!

Dadamning janob Drexer degan yetmishga kirib qolgan bir tanishi bor. Kasal, kambag‘al, qulog‘i ham tom bitgan. O‘zidan yigirma yetti yosh kichik xotini ham bor. U ham nochor, lekin qo‘l va oyoqlarini taqinchoqlar bilan bezab yuradi. Ular yaxshi kunlaridan yodgorlik. Xullas, o‘sha janob Drexer dadamning boshiga ko‘p noxushliklar solgan. Doim dadamning sabr bilan o‘sha qari nusxaga nimalarnidir tushuntirishiga qoyil qolardim. Hali uyda yashagan paytlarimizda oyim dadamga telefonning oldiga har uch daqiqada “Ha, janob Drexer” va “Yo‘q, janob Drexer” deb turadigan grammofon qo‘yishni maslahat bergan. Cholga nima farqi bor, u baribir dadamning uzundan-uzoq javoblarini yaxshi eshitmaydi.

Bugun janob Drexer ishxonaga qo‘ng‘iroq qilib, janob Kuglerni uyiga chaqirdi. Janob Kuglerning shashti past edi, Miepni jo‘nataman deya javob berdi. Miep esa uchrashuvni bekor qildi. Drexer xonim uch marta qo‘ng‘iroq qildi, Miep chiqib ketgan kishi bo‘lib, Bepning ovoziga taqlid qilishiga to‘g‘ri keldi. Pastdagi ishxonada ham, chordog‘imizda ham gur-gur kulgi ko‘tarildi. Endi har safar telefon jiringlaganda Bep: “Bu janob Drexer”, – deydi, Miep kulib qo‘yadi, bunday beodoblikdan mijozlar ham hayratda. Tasavvur qilolmaysan-a? Bu dunyodagi eng yaxshi ishxona bo‘lsa kerak. Boshliqlarga kotibalar shunday hazil qilishsa-ya!

Ba’zan oqshomlari gaplashgani van Danlarning xonasiga kirib turaman. Kuyadori hidli pishiriq yeymiz (pishiriqlar saqlangan javonga qurt-qumursqa tushmasligi uchun kuyadori sepilgan), vaqtimiz chog‘ o‘tadi. Yaqinda Piter haqida gaplashdik. Piter yonoqlarimdan chimchilashini, bu esa menga umuman yoqmasligini aytdim. Ular kattalarga xos tarzda Piterni akadek yaxshi ko‘ra olish-olmasligimni so‘rashdi, u meni xuddi singlisidek yaxshi ko‘rarmish! Ichimda “Yo‘q, yo‘q!” desam ham, ularga “Yo‘g‘-e!” dedim. Bir tasavvur qilib ko‘r! Yana Piterning, qizlar bilan ko‘p gaplashmaganligi uchunmikan, uyatchanligini qo‘shib qo‘ydim.

Aytishim joizki, “Chorbog‘ komissiyasi” (erkaklar) juda kashfiyotchi! Qara-ya, ular narsalarimizni saqlab turgan “Opekta”ning boshlig‘i janob Broksga qanday qilib xat jo‘natish yo‘lini o‘ylab topishibdi. Ular shimoliy Zelandiyada[3] yashaydigan bir mijozga xat jo‘natishadi, konvertga ishxonaning manzili yozilgan bo‘ladi. Manzilni dadamning o‘zi yozadi. Javob kelgach, dadam konvertga o‘zi yozgan xatni joylab qo‘yadi.

Shu yo‘l bilan janob Broks bizdan xat oladi, manzilimiz qayerdaligini esa baribir bilmaydi. Ular o‘sha yerni Belgiyaga yaqin bo‘lganligi uchun tanlashdi (u yoqda ruxsatnomasiz ham xat yuborsa bo‘ladi). Lekin Zelandiyaga maxsus ruxsatsiz borish mumkin emas. Janob Broksga o‘xshagan oddiy savdogarga ruxsat tegishi amrimahol.

Kecha dadam yana bir qiziq ish qildi. Charchab uxlab qolgan edi, oyoqlari muzlab ketibdi, paypog‘imni kiydirib qo‘ydim. Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas paypoqni yechib, polga otdi. Chiroq ko‘ziga tushayotgan ekan, boshini ko‘rpaga burkab oldi. Chiroqni o‘chirganimizdan keyin sekin ko‘rpadan boshini chiqardi. Qizig‘-a!

Keyin Piter Margoni nega “buvijon” deyishi haqida gap ketdi. Shu payt dadamning: “Kampirlardek o‘tiravergani uchun”, degan bo‘g‘iq ovozi eshitildi.

Van Danlarning mushugi Mushi borgan sari menga yaqinlashyapti, ammo hali ham undan qo‘rqib turibman.

Annang

1942 yil, 27 sentyabr, yakshanba

Azizam Kitti!

Bugun oyim bilan tortishib qoldik, lekin yig‘lab yuborganim alam qilyapti. Hech o‘zimni bosolmadim. Dadam doim yaxshi munosabatda bo‘ladi, u meni yaxshiroq tushunadi. Bunday paytlarda oyimni yomon ko‘rib ketaman. Oyimga tamomila begonaman; u eng oddiy narsalar haqidagi fikrimni ham bilmaydi.

Biz xizmatkorlar haqida gaplashayotgandik. Ularni hozir “uy ishlariga ko‘makchi” deb atash urf bo‘lgan. Oyim urush tugasa, ularni bunday atashmaydi, dedi. Bu fikrga qo‘shilmadim. Shu payt u kelajak haqida xonimlardek o‘ylashimdan o‘pkaladi. Unday emasman, havoyi qasrlar qurish, menimcha, yomon emas, buni jiddiy qabul qilmasam bo‘ldi-da. Yaxshiyamki, dadam meni himoya qiladi. U bo‘lmaganda, bularga bir daqiqa ham chiday olmasdim. Margo bilan ham kelisha olmayman. Oilamizda van Danlarnikidek janjallar bo‘lmasa ham, bu yerda yashashim juda og‘ir. Oyim bilan Margoning tabiati mendan juda-juda uzoq. O‘z oyimdan ko‘ra dugonalarimni yaxshiroq tushunaman. Bu uyat emasmi?

Van Dan xonimning kayfiyati yo‘q. Yana avvalgidek o‘z narsalarini qulflab qo‘yyapti. Lekin bizning sharoitda narsalar umumiy ishlatilishi kerak-ku! Oyim unga o‘xshab narsalarini yashirmayotgani yomon-da. Van Danlarga o‘xshagan odamlar faqat o‘z bolalarini o‘stirib, boshqalarga yordam bermay zavqlanishadi. Margoga buning keragi yo‘q, u shundoq ham muloyim, aqlli, mening kamchiliklarim esa ikkovimizga ham yetadi. Van Danlar necha martalab dasturxon ustida tanbeh berishadi, oyim bilan dadam doim tarafimni olishadi. Dasturxon ustida ko‘p gapirmay, kattalarga luqma tashlamay o‘tirishni qanchalar o‘rgatishmasin, baribir, qulog‘imga kirmaydi. Agar dadam bunchalar sabrli bo‘lmaganda, qachondir ota-onamni baxtli qila olishim haqidagi umidim allaqachon puchga chiqardi.

Ba’zi sabzavotlar yoqmagani uchun o‘rniga faqat kartoshka yeyman, bu esa, albatta, van Danlarga yoqmaydi. Ayniqsa, van Dan xonim erkaligimni hazm qilolmaydi.

− Qani, Anna, sabzavotlardan ham ol, − deydi u.

− Yo‘q, rahmat, xonim. Shu sabzavotlar ham yetib ortadi.

− Sabzavotlar foydali, oying ham shunday deydi. Qani, olaqol, − deya turib oladi u. Bu holat dadam tarafimni olmaguncha davom etaveradi. Keyin van Dan xonim quyushqondan chiqadi:

− Sizlar bizning uyga bir borishinglar kerak. Bizda bolalar risoladagidek tarbiyalanadi. Anna judayam erka, men bunga yo‘l qo‘ymasdim. U qizim bo‘lganda edi…

Suhbat doim shunday boshlanib, shunday tugaydi: “Anna qizim bo‘lganda edi…” Xudoga shukur, uning qizi emasman.

Farzand tarbiyalash masalasiga kelsak, kecha van Dan xonimning nav­batdagi qisqa “nutqi”dan so‘ng oraga jimlik cho‘kdi. Keyin dadam javob berdi:

− Menimcha, Anna juda yaxshi tarbiyalangan. Nima bo‘lganda ham, u sizning aql o‘rgatishlaringizga javob bermayapti-ku. Sabzavotlarga keladigan bo‘lsak, gap egasini topadi.

Van Dan xonim mag‘lub bo‘ldi. “Gap egasini topadi” degan ibora xonimning o‘ziga qaratilgan, chunki u kishi oqshomlari no‘xat ham, karam ham yemaydi, qornini bezovta qilarmish. Men ham shunday bahona topsam bo‘lardi. Naqadar bema’nilik, shundaymi? Nima bo‘lganda ham, u meni turtkilayverishini qo‘yar deb umid qilaman. Van Dan xonimning darrov qizarib ketishini ko‘rsang edi, biram kulgili! Men esa hecham qizarmayman, bu esa uni o‘lgudek xunob qiladi.

Annang

1942 yil, 29 sentyabr, seshanba

Sirli chordog‘imizda juda g‘alati voqealar yuz berdi! O‘zing tassavur qilib ko‘r. Vannamiz yo‘q, tog‘orada cho‘milamiz, issiq suv esa faqat pastdagi ofisda bor. Cho‘milish uchun yettovimiz ham navbatda turamiz. Hammamiz har xilmiz, turli darajada uyatchanmiz, shuning uchun cho‘milishga hamma har xil joyni tanlagan. Piter eshigi oynavand bo‘lsa ham, oshxonada yuvinadi. Cho‘milishdan oldin hammaga yarim soat oshxonaga yaqin yo‘lamaslikni bittalab tayinlab chiqadi. Unga shu ogohlantirishning o‘zi yetarli. Janob van Dan o‘z xonasida cho‘miladi, tepaga suv tashishdan ham erinmaydi. Van Dan xonim hali biror marta ham cho‘milgani yo‘q, hanuz yaxshiroq joy qidirib yuribdi. Dadam shaxsiy kabinetida, oyim oshxonadagi plitaning orqasida yuvinadi. Margo ikkimiz ishxonaning zalini tanlaganmiz. Shanba tushdan keyin pardalarni yopamiz-da, cho‘milaveramiz. Derazadan mo‘ralab, o‘tgan-ketganlarni tomosha qilamiz.

Bir hafta oldin menga bu joy umuman yoqmay qoldi, cho‘milishga boshqa joy qidira boshladim. Piter hojatxonada yuvinishni maslahat berdi. Juda zo‘r fikr, o‘tirib cho‘milish mumkin, chiroq ham bor. Birovning yordamisiz ishlatilgan suvni oqizib yubora olaman, eng yaxshisi, birov ko‘rib qoladi deb qo‘rqmaysan. Yangi “vanna”dan ilk bor yakshanba kuni foydalandim, hayron qolishing turgan gap, lekin menga bu joy yoqdi.

Chorshanba kuni pastdagi issiqxonaga santexnik keldi. Kabinetdagi suv quvurlari qishda muzlab qolmasligi uchun yo‘lakka ko‘chirdi. Santexnikning “tashrifi”, albatta, biz uchun yoqimsiz kechdi. Kun bo‘yi suv ishlatmaganimiz mayliku-ya, lekin hojatxonaga ham kirolmaganimiz yomon bo‘ldi. Bu muammoni qanday yechganimizni aytib beray; buni yozishga arzimaydi deb o‘ylashing mumkin. Ammo bunday masalalarda judayam uyatchan emasman. Santexnikning “tashrifi” mobaynida bizga tuvaklarimiz xolis xizmat qildi. Biroq eng dahshatlisi, kun bo‘yi qimirlamay, ovoz chiqarmay o‘tirdik, shundoq ham doim pichirlashib yuramiz, lekin bunisi mendek vaysaqi uchun ancha qiyin kechdi. Uch kun bir joyda jim o‘tiraverganimdan orqalarim og‘rib ketdi. Yaxshi hamki, mashqlar ancha yordam berdi.

Annang

1942 yil, 1 oktyabr, payshanba

Azizam Kitti!

Kecha judayam qo‘rqib ketdim. Soat sakkizda eshik to‘satdan taqillab qoldi. Xayolimga birinchi bo‘lib “bizni olib ketishadi” degan fikr keldi. Kimni nazarda tutayotganimni bilasan. Lekin hamma pochtalon yoki shunchaki o‘tib ketayotgan yo‘lovchi deb o‘yladi, shundan keyin men ham biroz o‘zimga keldim.

Bu yerda kunlar juda sokin o‘tadi. Janob Levinsoxn pastdagi oshxonada Kuglerning qo‘lida ishlayapti, uning yahudiylar uchun kichkinagina dorixonasi bor, o‘zi kimyogar. Bu binoni besh barmog‘idek biladi, biror kun chorboqqa kirib qoladi deb hammamiz yuragimizni hovuchlab yashayapmiz. Axir, bu yerda uning eski laboratoriyasi joylashgan-ku! Sichqonga o‘xshab sekin timirskilanib yuramiz. Vaysaqi Annaning soatlab bir joyda mum tishlab o‘tirishi uch oy ilgari kimning ham xayoliga kelardi, ammo bechora nima ham qilsin?

1942 yil, 9 oktyabr

Azizam Kitti!

Bugun faqat salbiy yangiliklar eshitdim. Ko‘plab yahudiy yor-birodarlarimizni to‘da-to‘da qilib lagerlarga haydab ketishayotgan ekan. Gestapo ularni hayvondan battar qiynab, Vesterborkka poda tashiydigan vagonlarda jo‘natayotgan ekan. Vesterbork Drentedagi[4] eng katta lager. Miep u yerdan qochib ketgan kishi haqida gapirib berdi. Vesterbork juda dahshatli bo‘lsa kerak. Odamlarga yeyishga hech vaqo berishmasmish. Suv esa kuniga faqat bir soat tarqatilarkan, minglab odamlarga bir jo‘mrak va bitta hojatxona. Ayol, erkak – hammasi bir joyda yotib turisharmish, ayollar va bolalarning ham sochi qirib tashlanarmish. Qochish deyarli imkonsiz ekan; ularni yahudiy qiyofasidan, qirilgan boshidan payqab qolisharkan. Gollandiyada ahvol shunchalar yomon bo‘lsa, nemislar yahudiylarni jo‘natayotgan odam oyog‘i yetmagan joylarda ahvol qanday ekan-a? Ko‘pchilikni o‘ldirib yuborishsa kerak. Britaniya radiosining aytishicha, ularni gazlashayotganmish. Balki bu tezroq o‘ldirish usulidir.

Ularga achinib ketyapman. Miep bu dahshatli voqealarni shu qadar kuyinib gapirib berdiki, asti qo‘yaverasan. O‘zi ham juda xafa. Masalan, boshqa bir kuni uning ostonasida bir keksa yahudiy kampir gestapo mashinasini kutayotgan ekan. Boyoqish osmonni yoritgan projektorlar va inglizlarning samolyotlariga qarata otilayotgan o‘q ovozlaridan dahshatga tushib o‘tirgan emish. Shunday bo‘lsa ham, Miep uni uyiga kiritishga jur’at qila olmabdi. Bunga kimning ham haddi sig‘ardi deysiz. Jazolashga kelganda nemislardan vahshiysi yo‘q.

Bep ham g‘amga botgan. Uning qallig‘i Germaniyaga xizmatga jo‘natilgan. Har safar samolyotlar uchib o‘tganda, bomba borib Bertrudning boshiga tushadi deb xavotirlanadi. “Bombalarning hammasi uning boshiga tusholmaydi, bittasi ham yetib ortadi”, deya tuturuqsiz hazil qilib bo‘lardimi bu vaziyatda? Bertrud Germaniya uchun ishlashga majbur qilingan yagona odam emas, albatta. Har kuni vagon-vagon navqiron yigitlar jo‘natiladi. Ba’zilari poyezd kichikroq bekatda to‘xtaganda qochishga harakat qilishadi. Faqat bir-ikkitasi sezdirmasdan qochishga, yashirin joy topishga muvaffaq bo‘lishadi.

Ezgin hisobotim hali tugamadi. “Asirlar” degan so‘zni hech eshitganmisan? Bu isyonchilarga eng oxirgi jazo. Menimcha, u dahshatli narsa! Oddiy fuqarolar − begunoh odamlar − qatlni kutish uchun qamoqqa olib ketiladi. Gestapo isyonchini topa olmasa, beshta asirni devorga tirab qatorlashtiradi. Ertasi kuni ularning “tasodifan o‘lganligi” haqidagi xabarni gazetalarda o‘qiysan.

Nima ham derdim, bu nemislar juda “insonparvar” xalq-da! Men ham shulardan biriman! Yo‘q, unday emas! Gitler janoblari bizni ancha oldin ro‘yxatdan o‘chirib tashlagan. Shunga qaramay, yer yuzida nemislar uchun yahudiylardek dahshatli dushman yo‘q.

Annang

1942 yil, 14 oktyabr, chorshanba

Azizam Kitti!

Judayam bandman. Kecha “Beqiyos Nivemiz” degan kitobning bir bobini tarjima qildim, yangi so‘zlarni lug‘at daftarimga yozib qo‘ydim. Keyin matematikadan qiyin bir masalani yechdim, frantsuz tilidan uch betlik grammatik mashqni tarjima qildim, tarixni o‘qidim. Matematikani ko‘rarga ko‘zim yo‘q. Dadam ham shunday deydi. Matematikani dadamdan durustroq bilaman, lekin aslida ikkovimiz ham bitta masalani eplab yecholmaymiz, shuning uchun Margoni yordamga chaqirishga majburmiz.

Stenografiyani ham katta qiziqish bilan o‘rganayapman. Uchovimizdan men kattaroq natijalarga erishyapman. “Bo‘ron” asarini o‘qib chiqdim. Yaxshi kitob ekan, lekin baribir “Yup te Hul”ga yetmaydi. Ikkita kitobda ham bir xil so‘zlarni uchratish mumkin, ikkoviniyam bir kishi yozgan-da. Kissi van Marksveld – ajoyib yozuvchi, katta bo‘lsam, bolalarimga uning hamma kitobini o‘qib chiqishga ruxsat beraman. Bundan tashqari, Kornerning ko‘plab pesalarini mutolaa qildim. Menga uning yozish usuli yoqadi. Masalan, “Hedvig”, “Bremenlik jiyan”, “Xizmatkor”, “Yashil domino” kabi asarlarini o‘qib chiqdim.

Oyim va Margo bilan yarashib oldim. Shunday bo‘lgani ancha yaxshi. Kecha oqshom Margo bilan yotog‘imda birga uxladik. Rosa siqilib qoldim, ha, mayli, shunisi bilan qiziq bo‘ldi-da. U kundaligimni ba’zida o‘qib turishga ruxsat so‘radi. “Ba’zi joylarinigina o‘qiysan”, dedim. Unikini o‘qishga ham ruxsat so‘radim. U ham berib turadigan bo‘ldi.

Gap kelajakka kelib taqaldi. Undan kelajakda kim bo‘lmoqchiligini so‘radim. Hali bilmasligini aytib qutuldi. Menimcha, bu o‘qituvchilikka o‘xshagan biror ish bo‘lsa kerak, lekin anig‘ini bilmayman. Bunchalik qiziquvchan bo‘lish ham yaramaydi.

Bugun tongda Piterni yotog‘idan chiqardim-da, o‘zim yotib oldim. Uning tepa sochi tikka bo‘ldi, menga esa baribir edi. Ba’zida men bilan do‘stlashishga harakat qilayotgandek tuyuladi. Nima bo‘lsayam, kecha oqshom bitta olma berdim.

Bir safar Margodan xunukmanmi-yo‘qmi, deb so‘ragan edim, juda yoqimtoyligimni, ko‘zlarim chiroyli ekanligini aytdi. Biroz noaniq javob, shundaymi? Mayli, ko‘rishguncha!

P.S. Bugun tongda hammamiz tarozida vaznimizni o‘lchadik. Margo 60 kg, oyim 62 kg, dadam 70 kg, men 44 kg, Piter 67 kg, van Dan xonim 54 kg, janob van Dan 75 kg chiqdik. Qara-ya, bu yerdagi uch oy hayotimiz davomida sakkiz yarim kiloga to‘lishibman. Ko‘p-a?

1942 yil, 20 oktyabr, seshanba

Azizam Kitti!

Vahima bosilganiga ikki soat o‘tgan bo‘lsayam, haligacha qo‘lim qaltirayapti. Biz turgan binoda beshta o‘t o‘chiruvchi moslama bor. Ishxonadagilar esa mana shu moslamalarni quvvatlagani usta kelishini aytishni unutib qo‘yishibdi. Natijada biz xabarsiz qoldik. Pastda bolg‘aning taqillagan ovozini eshitmagunimizcha jimjitlikka rioya qilmabmiz. Darrov usta ekanligini bildim, tushlikka biznikiga chiqqan Bepni pastga tushma, deya ogohlantirdim. Dadam bilan men usta qachon ketarkan, deb quloqlarimizni ding qilib turdik. O‘n besh daqiqadan so‘ng u ishini tugatib, bolg‘asini eshik-javonimizga qo‘ydi, balki bizga shunday tuyulgandir. Qo‘rquvdan hammamizning rangimiz quv o‘chgandi. Balki biror narsani eshitib qolib, sirli javonimizni tekshirib ko‘rmoqchidir? Shunday deb o‘yladik, u eshikni taqillatishda davom etar, o‘ziga tortar, itarardi.

Tasodifiy bir kishi bizni topib oladimi deya yuragim qinidan chiqdi. Endi hammasi tamom deb o‘yladim. Shu payt janob Kuglerning “Ochsanglar-chi, bu menman” degan ovozi eshitildi. Darrov eshikni ochdik. Nima bo‘ldi ekan?

Buni qaraki, eshigimiz qotib qolibdi. Usta keladi deb ogohlantirish uchun hech kim kira olmabdi. Usta ketgandan so‘ng janob Kleiman Bepni olib ketgani kelibdi, ammo javonni ocholmabdi. Qanday yengil tortganimni tasavvur qilolmaysan. Xayolimda sirli chordog‘imizga kirmoqchi bo‘layotgan kishi tobora kattalashib borar, bora-bora u nafaqat ulkan, balki dunyodagi eng vahshiy fashistga aylangandi. Xudoga shukur, unday emas ekan, hammasi joyida.

Annang

1942 yil, 29 oktyabr, payshanba

Aziz dugonam Kitti!

Qattiq xavotirdaman. Dadam og‘rib qoldi. Qaltiraydi, isitmasi baland. Bir tasavvur qil, biz hatto shifokor ham chaqira olmaymiz! Oyim uni yaxshilab o‘rab tashladi. Terlagandan keyin isitmasi tushar…

Bugun Miep kelib, van Danlarning Janubiy Amstellanda joylashgan uyidagi hamma jihozlar olib ketilganini aytdi. Van Dan xonimga buni hali aytganimiz yo‘q. O‘zi so‘nggi paytlarda asabiy bo‘lib qolgan, hamma jihozlari-yu chinnilari qolib ketganligi haqidagi dod-voylarini eshitishga sira toqatimiz yo‘q. Endi dod-voydan nima foyda?

Dadam Hebbel va boshqa taniqli nemis yozuvchilarining asarlarini o‘qishimni istayapti. Rostini aytsam, nemischa matnlarni hozir ancha ravon o‘qiyapman, lekin so‘zlarni ichimda o‘qish o‘rniga nuqul pichirlayman. Bu ham o‘tib ketadi. Dadam katta kitob javonidan Gyote va Shillerning kitoblarini olib tushdi, har oqshom menga o‘qib bermoqchi. Mutolaani “Don Karlos”dan boshladik. Dadamdan o‘rnak olib, oyim ham duolar yozilgan kitobini tutqazdi. Odobsizlik bo‘lmasin, deya bir-ikkita duolarni o‘qib ko‘rdim. Eshitilishi juda chiroyli, lekin hech vaqoni tushunmadim. Nega endi oyim meni dindor qilmoqchi?

Ertaga pechka yoqiladi. Mo‘ri anchadan beri tozalanmagan, hammayoq tutab ketsa kerak.

Annang

1942 yil, 2 noyabr, dushanba

Azizam Kitti!

Juma kuni Bep biznikida tunashga qoldi. Maza qildik, lekin vino ichgani uchun Bep yaxshi uxlay olmadi. Boshqa aytarli yangilik yo‘q. Kecha boshim qattiq og‘rib, ertaroq uxlab qoldim.

Margo yana asabimni o‘ynayapti.

Bugun firmaning kartotekalarini tartibga keltira boshladim. Tortmadan tushib ketib, to‘zigan ekan. Bir o‘zim qiynalib ketdim. Margo bilan Piterdan yordam so‘radim. Ammo ular erinishdi, men ham ishni yig‘ishtirib qo‘ydim. Bir o‘zim shuncha ishni qilib esimni yebmanmi!

Anna Frank

P.S. Muhim yangilikni aytish xayolimdan ko‘tarilibdi. Yaqinda rostdan ham voyaga yetaman…. Buni sezib turibman. Bu yerdagi sharoitning yomonligi chatoq bo‘ldi-da.

1944 yil, 22 yanvarda Anna yozgan izoh

Bunday narsalarni endi yoza olmayman.

Bir yarim yil o‘tib kundaligimni o‘qiyapman-u, bu bolalarcha beg‘uborlikdan hayratga tushyapman. Ich-ichimdan endi beg‘ubor bo‘la olmasligimni bilib tursam-da, yana o‘sha bolalikka qaytgim keladi. Oyim, dadam, Margo haqidagi gaplarni xuddi kechagina yozgandek bo‘lyapman. Lekin bunchalar shaxsiy mavzularda ham bemalol yozaverganimdan o‘zim ham uyalib ketyapman. Yozganlarim odob doirasidan chiqib ketgan.

Bitiklarim ichida hozir menga eng yaqini bu – uyimni, mushugim Murjini qo‘msashim haqidagilari. Bu yerda qanchadan beri yashayotgan bo‘lsam, shuncha paytdan beri bilib-bilmay ishonchga, muhabbatga, mehrga intildim. Ular esa doim men bilan.

1942 yil, 5 noyabr, payshanba

Azizam Kitti!

Nihoyat Buyuk Britaniya Afrikadagi janglarda bir-ikki muvaffaqiyatga erishdi. Stalingrad ham hali taslim bo‘lmadi. Uydagilar xursand. Bugun tongda miriqib choy ichdik. Qolgan hammasi – o‘sha-o‘sha.

Bu hafta faqat mutolaa bilan bandman, mayli, shunisiga ham shukur. Oxirgi paytlarda oyim bilan munosabatim yaxshilanib boryapti, lekin hech qachon yaqin bo‘lolmaymiz deb o‘ylayman. Dadam esa negadir tuyg‘ularini oshkor qilmayapti, ammo u men uchun doim sevimli bo‘lib qolaveradi.

Bir-ikki kun oldin pechkani yoqdik, xona haliyam tutab yotibdi. Bundan ko‘ra, isitkichlar durust, ammo iloji yo‘q-da.

Yaramas Margo, uni boshqacha atab bo‘lmaydi, oxirgi kunlarda jig‘imga tegib yuribdi.

Anna Frank

1942 yil, 9 noyabr, dushanba

Azizam Kitti!

Kecha Piter o‘n olti yoshga to‘ldi. Soat sakkizda uning xonasiga chiqdim, sovg‘alarini tomosha qildik. Unga “Monopoliya” o‘yini, soqol oladigan ustara va zajigalka sovg‘a qilishibdi. Ko‘p chekkani uchun emas, aksincha, umuman chekmaydi – shunchaki, zajigalka juda qimmatli sovg‘a-da!

Eng katta xushxabarni janob van Dandan eshitdik. Inglizlar Tunis, Jazoir, Kasablanka va Oranni olishibdi. “Bu nihoyaning boshi” deyayotgandi hamma, lekin Buyuk Britaniya bosh vaziri Cherchill: “Bu nihoya emas. Bu hatto uning boshlanishi ham emas”, – dedi. Ha, quvonishga yana bir sabab bor. Rossiyaning Stalingrad degan shahri uch oydan beri qamalda, ammo hali ham nemislarga taslim bo‘lmadi.

Endi chordog‘imizdagi kundalik tashvishlardan biri – oziq-ovqat haqida gapirib beray. Nonni har kuni janob Kleimanning tanishi bo‘lgan ajoyib novvoy yetkazib beradi. Uydagidan kamroq yeyapmiz, ammo shuning o‘zi ham yetadi. Chayqov bozoridan oziq-ovqat taloni ham sotib olamiz. Narx tobora ko‘tarilib boryapti. Muhrlangan shu bir parcha qog‘oz 27 guilderdan 33 guilderga chiqibdi! Konservadan tashqari, 150 kilo loviya ham g‘amlab qo‘yganmiz. Faqat bir o‘zimizga emas, albatta, ishchilar ham yeyishadi. Qoplarni yo‘lakdagi ustunlarga osib qo‘ygandik, biroq yuk og‘irligidan qoplar so‘kila boshlabdi. Keyin ularni chordoqqa tashib chiqishdek “sharafli” vazifa Piterga topshirildi. Beshta qopni eson-omon olib chiqdi, oxirgisiga kelganda, qop yirtilib ketdi, yigirma besh kilo loviya pastga yomg‘ir bo‘lib sochildi. Ishchilar tom bosib qoldi deb o‘ylashgani aniq. Pastda men turgandim, hammasi ustimga tushdi. Piter qotib qolgandi, keyin meni ko‘rib kulib yubordi – go‘yo loviya dengizida suzardim. Keyin birdaniga yig‘ishtira boshladik. Loviya kichkina narsa emasmi, har teshikka kirib ketgan. Keyinchalik biror dona topib olsak ham, tantanali ravishda van Dan xonimga topshirardik.

Darvoqe, aytish xayolimdan ko‘tarilibdi – dadam tuzalib qoldi.

Annang

P.S. Hozirgina radiodan Jazoir taslim bo‘lgani, Kasablanka, Marokash va Oran ikki-uch kun ilgari to‘lig‘icha inglizlar qo‘liga o‘tganligi e’lon qilindi. Faqat Tunis qoldi.

1942 yil, 10 noyabr, seshanba

Azizam Kitti!

Ajoyib yangilik! Yashirin chordog‘imizga sakkizinchi kishi kelib qo‘shiladi! Ha, bu rost. Albatta, yana bir kishiga bemalol boshpana ham, ovqat ham topiladi. Faqat janob Kugler va janob Kleimanni ortiqcha urintirishni istamagandik. Yahudiylar boshiga tushayotgan savdolarni ko‘rib turgan dadam o‘z fikrini aytdi. Ular ham “etti kishi nima-yu, sakkizta bo‘ldingiz nima” deya ma’qullashdi. Shundan keyin hamma tanishlarimizga yana bir kishi kerakligini aytib chiqdik. Bu ish qiyin bo‘lmadi. Dadam van Danlarning qarindoshlarini rad etgach, Alfred Dyussel degan tish doktorini topdik. U o‘zidan biroz yoshroq, yoqimtoygina nasroniy ayol bilan yasharkan. Rasman nikohdan o‘tishmagan, lekin buning ahamiyati yo‘q. Juda bosiq yigit deyishdi, garchi yaxshi tanimasak ham, xushmuomala bo‘lsa kerak, deb o‘ylayapmiz.

Miep uni yaxshi taniydi, zarur narsalarni tayyorlab qo‘yishi mumkin. U kelgach, Margo bilan mening xonamda yotadi. Margo esa dadam bilan oyimning xonasidagi yig‘ma karavotda uxlaydi.

Dyusseldan tishimiz kovaklarini yopish uchun biror narsa olib kelishni iltimos qilamiz.

Annang

1942 yil, 12 noyabr, payshanba

Azizam Kitti!

Miep janob Dyusselnikiga borganini aytish uchun keldi. Ostona hatlagan zahoti Dyussel biror yashirin joyni bilasanmi, deb so‘rabdi. Miep javob berganda, uning quvonchi ichiga sig‘may ketibdi. Miep Dyusselga iloji boricha tezroq, shanba kuni yashirinishi kerakligini tayinlabdi. Ammo doktor bunchalar tez ketolmas, chunki hali ikkita mijozini ko‘rib qo‘yishi, keyin kassani topshirishi lozim ekan.

Orqaga surib, yaxshi ish qilmabdi. U erkinlikda qancha ko‘p yursa, bizni sotib qo‘yishi yoki o‘zining qo‘lga tushish xavfi shuncha katta bo‘ladi. Miep shanba kuni ko‘chishga ko‘ndirmoqchi bo‘libdi. U esa dushanba kuni deb turib olibdi.

Darrov kela qolmay, ahmoqlik qilyapti. Bordi-yu, qo‘lga tushib qolsa bormi, na kassasi, na mijozlari yordam bera oladi. Qiziq, nega orqaga suryapti? Menimcha, dadam bunga rozi bo‘lib, xato qildi-yov, chamamda.

Boshqa yangilik yo‘q.

Annang

1942 yil, 17 noyabr, seshanba

Dugonajonim Kitti!

Janob Dyussel keldi. Hammasi silliq ko‘chdi. Miepning buyrug‘iga ko‘ra, soat o‘n birda pochta yoniga kelibdi. U yerda bir janob uni aytilgan vaqtda, aytilgan joyda kutardi. Janob Kleiman oldiga kelib, u kutgan janob kela olmasligini, janobni Miepning ishxonasida kutishlarini aytibdi. Janob Kleiman ishxonaga tramvayda, janob Dyussel esa piyoda jo‘nabdi. Soat o‘n birdan yigirma daqiqa o‘tganda, janob Dyussel ishxonaga keldi. Miep undan paltosini olti qirrali sariq yulduz ko‘rinmaydigan qilib ilishini iltimos qildi. Farrosh ketgunicha janob Kleiman unga u-bu ish buyurib turdi. Keyin shaxsiy kabinetni bo‘shatish kerak, deb uni boshqa xonaga taklif qildi. Javonni itarib, uning orqasidagi yashirin eshikdan hududimizga kirishdi. Janob Dyussel hayratdan qotib qolgandi. Bu payt yettovimiz oilamizning sakkizinchi a’zosini dasturxon yozib, qahva va konyak bilan kutib turardik. Janob Dyussel stulga o‘tirib, tili aylanmay, bizga tikilib qoldi, xuddi bor gapni yuzimizdan uqib oladigandek. Keyin boyoqish nemischa, gollandcha aralashtirib tutila-tutila:

– Axir… sizlar Belgiyada edinglar-ku? Ofitser, mashina kelmadimi? Qochib ketolmabsizlar-da? – dedi.

Biz unga hammasini tushuntirib berdik. Qochish haqidagi mish-mishlar, ofitser, mashina – hammasini o‘zimiz o‘ylab topib, nemislarni chalg‘itganmiz. Janob Dyussel ajoyib g‘oyamizdan hayratda, bir so‘z deyolmay, faqat shinamgina chordog‘imizni ko‘zdan kechirardi. Hammamiz birga tushlik qildik. Biroz dam olib, biz bilan choy ichgach, Miep oldindan olib kelgan narsalarini joylashtirdi.

Janob Dyussel, ayniqsa, “Sirli chordog‘imiz qonun-qoidalari”ni qo‘liga tutqazganimizdan keyin (muallif – janob van Dan) bu yerga darrov moslashib oldi.

Qonun-qoidalar matni:

Sirli chordoq joylashuvi va unga eltuvchi yo‘llar:

Yahudiylar va yor-birodarlar uchun maxsus yashirin bino yil davomida ochiq. U go‘zal va sokin bog‘da, Amsterdamning qoq markazida joylashgan. Manzilga 13- va 17-tramvaylarda yoki velosipedda kelish mumkin. Nemislar tomonidan bunday transport man qilingan kishilar esa piyoda kelishlari kerak.

Jihozlangan va jihozlanmagan xonalar yil davomida ochiq.

Narxi: Tekin.

Oziq-ovqat: Yog‘siz, quvvati past.

Suv: devor tashqarisida ham, ichkarida ham oqib turibdi (afsuski, hammom yo‘q).

Oziq-ovqat saqlanishi uchun bitta ombor, ikkita katta, zamonaviy seyf.

London, Nyu-York, Tel-Aviv va boshqa ko‘plab shaharlarning to‘lqinlarini tutuvchi radioni har kuni kech soat oltidan keyin ishlatish mumkin. Barcha radio to‘lqinlarini tinglash mumkin. Faqat klassik kuylar qo‘yiladigan nemis to‘lqinini eshitish man etiladi. Yer sharining qayeridan bo‘lmasin, nemislar uzatayotgan xabarlarni tinglash, boshqalarga gapirib berish qat’iyan man etiladi.

Uyqu payti: kechqurun o‘ndan ertalab yetti yarimgacha. Yakshanba kunlari ertalab o‘n yarimgacha. Favqulodda holatlarda qo‘shimcha dam olish soatlari e’lon qilinadi, umumiy xavfsizlik uchun unga rioya qilish majburiy!!!

Bo‘sh vaqtlarda: tashqariga chiqish hammaga vaqtincha qat’iyan man etiladi.

Tillar: barcha madaniylashgan odamlar tilida gaplashish mumkin, demak, nemis tilida gaplashish man etiladi.

Mutolaa: nemis adabiyotini o‘qish mumkin emas, ilmiy va mumtoz adabiyotlardan tashqari, albatta. Boshqa adabiyotlarni o‘qish ixtiyoriy.

Badantarbiya: har kuni.

Kuylash: faqat past ovozda, kechqurun soat oltidan keyin.

Kino: tomoshaga sharoit yo‘q.

Darslar: haftada bir marta stenografiya darsi. Frantsuz va ingliz tillari, matematika va tarix bilan sutkaning istalgan paytida shug‘ullanish mumkin. “O‘qituvchi”larga golland tilini o‘rgatgani uchun haq to‘lansin.

Mayda uy hayvonlari uchun alohida parvarish.

Ovqatlanish payti: nonushta soat to‘qqizda. Yakshanba va bayram kunlari soat o‘n bir yarimda.

Tushlik: yengil taom. Soat 1:15 − 1:45.

Kechki ovqat: issiq yoki yaxna taom bo‘lishi mumkin.

Homiylarimizga hurmat va minnatdorchilik sifatida: ishxonadagi yumushlarni bajarishga tayyor bo‘lish.

Cho‘milish: tog‘ora yakshanba kunlari soat to‘qqizdan keyin xizmatingizga tayyor. Hojatxonada, oshxonada, shaxsiy kabinetda yoki asosiy ofisda cho‘milish mumkin.

Spirtli ichimliklar: faqat tibbiy maqsadda ishlatiladi.

Tamom.

Annang

1942 yil, 19 noyabr, payshanba

Dugonam Kitti!

Janob Dyussel, o‘ylaganimizdek, juda xushmuomala kishi ekan. Albatta, u men bilan bir xonada uxlashga qarshilik qilmadi, lekin rostini aytsam, birovning narsalarimni ishlatishi menga yoqmaydi. Ammo yaxshi narsa uchun nimadandir voz kechish kerak. Men ham kichkinagina qurbonlik qilayotganimdan mamnunman. “Bir kishining bo‘lsa ham, hayotini asrab qololsak, qiyinchiliklarning ahamiyati yo‘q”, − deydi dadam. Ha, u tamomila haq.

Birinchi kuni janob Dyussel meni savollarga ko‘mib tashladi. Qachon farrosh keladi? Qachon yuvinish mumkin? Hojatga qachon chiqiladi? Kulgili tuyulishi mumkin, ammo yashirinishda bu masalalar u qadar oson emas. Kunduzi balandroq ovozda gapirolmaymiz. Pastdagilar eshitib qolishi mumkin. Farroshmi, boshqasimi kelganda, yanada ehtiyot bo‘lish kerak. Bularni yotig‘i bilan janob Alfredga tushuntirdim, biroq uning xotirasi pastligidan rosa hayron qoldim. U hamma narsani ikki martadan so‘rasa ham, esida qolmas ekan. Balki keyinroq hammasi joyiga tushib ketar. Yashirinish va biz bilan uchrashuvdan so‘ng u hali o‘ziga kelmagan. Janob Dyussel biz uzilib qolgan tashqi dunyo haqida ko‘p narsalar gapirib berdi. Yangiliklar juda achinarli edi. Son-sanoqsiz do‘stlarimiz, tanishlarimiz noma’lum, ammo dahshatli joylarga surgun qilinibdi. Har tunda yashil, kulrang harbiy mashinalar izg‘ib yurarkan. Har bir eshikni qoqib, yahudiylar bormi, deya tekshirib chiqisharkan. Agar shunday bo‘lsa, darhol butun oilani olib ketisharkan. Vaqtida yashirinib olmasang, qochish imkonsiz. Politsiya ba’zida yahudiylar yashaydigan manzil ro‘yxati bilan chiqib, faqat o‘sha eshiklarni taqillatishadi. Ba’zan har bir odam uchun garov puli so‘rashadi. Xuddi quldorlik zamoniga qaytgandekmiz. Lekin hozir hazilning mavridi emas, hammasi juda jiddiy.

Kechalari deraza burchagidan mo‘ralab, o‘nlab, yuzlab begunoh odamlarni, chirillab yig‘layotgan go‘daklarni bir-ikki yaramas politsiyachi qiynab, azob­lab, yiqilgunicha do‘pposlab haydab ketishayotganini kuzataman. Hech kimga shafqat yo‘q. Kasalmi yoki sog‘mi, yoshmi yoki qarimi, bolami yoki homilador ayolmi − hammalari o‘lim vodiysi tomon haydaladi. Biz juda baxtlimiz, shinamgina joyda, bu dahshatlardan uzoqda yashayapmiz. O‘zimizdan tashvishlanmasak ham bo‘ladi, ammo yaqinlarimizdan, azizlarimizdan juda xavotirdamiz, afsuski, yordam berishga ojizmiz. Men issiqqina to‘shakda uxlayapman, qayerlardadir do‘stlarim charchoqdan yiqilib qolishgandir yoki ularni tepkilab qulatishgandir.

Hozir yaqin do‘stlarim allaqanday razillar qo‘lida qolib, yashash uchun kurashishga majburligini o‘ylasam, o‘zim ham qo‘rqib ketaman. Ularga bu azob faqat yahudiy bo‘lganliklari uchun berilayapti!

Dugonang Anna

1942 yil, 21 noyabr, shanba

Azizam Kitti!

Elektr energiyasini ko‘p ishlatib yuboribmiz. Mana endi chiroqsiz o‘tiribmiz. O‘ylamasdan isrof qilaversak, chiroqni o‘chirib tashlashadi. O‘n to‘rt kun chiroqsiz o‘tiramiz endi, judayam “yoqimli”, shunday emasmi? Kim bilsin, balki unchalik cho‘zilmas! Soat to‘rt-to‘rt yarimlardan keyin sira kitob o‘qib bo‘lmaydi, qorong‘i tushib qoladi. Shuning uchun vaqtimizni har xil bema’ni mashg‘ulotlar bilan o‘tkazamiz. Qorong‘ida badantarbiya qilamiz, ingliz, frantsuz tilida gaplashamiz, o‘qigan kitoblarimizni muhokama qilamiz − biroz o‘tib, hammasi jonga tegadi.

Kecha o‘zimga yangi ovunchoq topdim, chiroqlari yoniq qo‘shnilarimizni durbinda kuzataman. Kunduzi pardalarni ocholmaymiz, ammo kechasi qiya ochib qo‘ysak ham bo‘ladi. Qo‘shnilarni kuzatish qiziq bo‘lishini sira bilmas ekanman. Bir-ikkita oila ovqatlanishayotganini, boshqalari kino ko‘rishayotganini, bir tish doktori qo‘rqoq kampirning tishini olayotganini ko‘rdim.

Janob Dyussel bolalar bilan yaxshi chiqishadi, ularni yaxshi ko‘radi deb eshitgandim. Lekin hadeb odob-axloqdan va’z o‘qiyveradiganlar xilidan ekan. Janob bilan bir xonada turish “baxti” menga nasib qildi. Bundan tashqari, chordoqdagi yosh avlodning eng quloqsiz va beadabi ekanman, tanbeh va ma’ruzalarning eng katta hissasi ham kaminaga to‘g‘ri keladi. Men esa uning gaplarini eshitmaganlikka olib turishga majburman. Janob Dyussel oyimga hisob berib, chaqib turmaganda ham mayli edi. Uning ma’ruzasidan keyin oyimdan bir dunyo tanbeh eshitaman. “Omadim chopib” van Dan xonim ham eshitib qolsa bormi, besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, uning so‘zlaridan ham benasib qolmayman.

Ishonaver, oiladagi tarbiyachilar diqqat markazida bo‘lish unchalar ham yoqimli emas.

Kechalari gunohlarim, kamchiliklarim haqida o‘ylab yotib, chalkashib ketaman. Kulishimni ham, yig‘lashimni ham bilmay qolaman. Keyin o‘zgarishni, istaganimdan boshqacha bo‘lishni, o‘zimni boshqacha tutishni o‘ylab, g‘alati bir hissiyot bilan uxlab qolaman.

Dugonajon, sening ham miyangni g‘ovlatib yubordim. Kechirasan, yozganlarimning ustidan chizib tashlashga odatlanmaganman, hozirgi vaziyatda esa, varaqni yirtib, uvol qilolmayman. Yagona maslahatim – yuqoridagi hozirgina yozganlarimni o‘qib o‘tirma, tushunishga harakat ham qilma, baribir chalkashib ketasan.

Anna

1942 yil, 7 dekabr, dushanba

Azizam Kitti!

Hanuka[5] va avliyo Nikolas kuni bu yil ustma-ust keldi; orasida bir kungina farq bor. Hanukani dabdabali nishonlamadik, mayda-chuyda sovg‘alar ulashib, sham yoqdik, xolos. Sham tanqis bo‘lganligi uchun o‘n daqiqadan keyin o‘chirib qo‘ydigu, baribir qo‘shiq aytib, vaqtimizni chog‘ o‘tkazdik. Bundan tashqari janob van Dan taxtadan shamdon yasadi. Shanba kungi avliyo Nikolas bayramini esa zo‘r nishonladik. Kechki ovqat payti Bep va Miep ichimizni qizdirib, dadam bilan shivirlashib o‘tirishdi. Soat sakkizda pastga tushdik, qorong‘i yo‘lakda yuragim qinidan chiqayozdi. Yuqorida qolmaganimga ming pushaymon yedim. Keyin oradagi derazasiz xonaga kirdik. U yerda bemalol chiroq yoqsa bo‘ladi. Chiroq yongach, dadam shkafni ochdi. Hammamiz: “Voy, qanday zo‘r!” − deb yubordik. O‘rtada Qora Pitning[6] niqobi tushirilgan chiroyli qog‘ozga o‘ralgan savat turardi. Savatni olib chordoqqa chiqib ketdik. Savat ichida hammamizga kichkina sovg‘a bor edi. Sovg‘alarga qo‘shib barchamizga alohida tabrik she’r yozilgan. Bunaqa she’rlarni bilsang kerak, yozib o‘tirishim shart emas. Menga qo‘g‘irchoq, dadamga lavh va yana ko‘p narsalar sovg‘a qilishdi. Ha, ajoyib ish bo‘ldi, hech qaysimiz ilgari avliyo Nikolas kunini nishonlamagandik, mana endi bayram qildik.

Anna

P.S. Biz ham sovg‘a tayyorlagandik: yaxshi kunlardan qolgan u-bu mayda-chuydalar. Ustiga-ustak Bep va Miep ozgina puldan bosh tortishmaydi. Dadamning lavhini, janob van Danning kuldonini, janob Dyusselning ramkasini janob Voskuijlning o‘zi yasagan ekan. Naqadar dono, qo‘li gul inson!

1943 yil, 13 yanvar, chorshanba

Dugonam Kitti!

Tashqarida dahshatli voqealar yuz bermoqda. Bechora odamlarni istagan vaqtida uylaridan sudrab olib ketishyapti. Faqat kiyim-kechak solingan sumka bilan hamyon olishga ruxsat etiladi, xolos. Ularni ham, baribir, yo‘lda o‘g‘irlatib qo‘yishadi. Oilalar bo‘linib ketadi, er-xotinlar, ona-bolalar bir-biridan ayriladilar. Bolalar maktabdan qaytishganda, qarashsaki, ota-onalari yo‘q, qayergadir olib ketilgan. Ayollar bozordan qaytishganda uylari, bor bisotlari sotib yuborilgan bo‘ladi.

Gollandiyada nasroniylar ham yurak hovuchlab yashashyapti, chunki ularning o‘g‘illari Germaniyaga jo‘natilgan. Hamma qo‘rquvda. Har tun Gollandiya ustidan Germaniyani bombardimon qilish uchun samolyotlar uchib o‘tadi. Har soat Rossiya va Afrikada minglab insonlar halok bo‘lyapti. Kulfat hech kimni chetlab o‘tmayapti, butun dunyo urishmoqda. Ittifoqchilarimiz muvaffaqiyatga erishayotgan bo‘lsalar ham, urushning nihoyasi ko‘rinmaydi.

Bizga kelsak, millionlab odamlardan ko‘ra baxtliroqmiz. Bu yer tinch, bexavotir, ovqatni o‘z pulimizga olyapmiz. Shu qadar xudbinmizki, “urushdan keyingi” hayotimiz haqida gapirganimizda, yangi kiyim-kechaklar sotib olishni xayol qilamiz, aslida buning o‘rniga, bir tiyin bo‘lsa ham tejab, muhtojlarga yordam berishni o‘ylashimiz kerak.

Ko‘chada bolalar yupun kiyinib, yog‘och boshmoqlarda yugurib yurishibdi. Na paltolari, na telpaklari, na paypoqlari va na bir yordam bera oladigan kishilari bor. Och qorinlarini sabzi bilan aldab, sovuq uylaridan yanada sovuqroq ko‘chaga chiqishadi, muzlab yotgan sinfxonalarga kirishadi. Gollandiyada ahvol shunchalar ayanchli bo‘lib qoldiki, ko‘chalarda to‘da-to‘da bolalar o‘tkinchilarga bir bo‘lak bo‘lsa-da, non tilanib mo‘ltirashadi.

Urush keltirgan ayanchli kulfatlar haqida soatlab gapirishim mumkin, faqat dilim xufton bo‘lgani qoladi. Iloji boricha, ovozimizni ham chiqarmay, jimgina urush tugashini kutishdan boshqa choramiz yo‘q. Yahudiylar ham, nasroniylar ham kutishyapti – butun dunyo kutyapti.

Ko‘pchilik esa o‘limini kutib yotibdi.

Annang

1943 yil, 30 yanvar, shanba

Azizam Kitti!

Aqldan ozay deyapman, lekin buni ko‘rsata olmayman. Dodlasam, oyoqlarim bilan yer tepkilasam, oyimning yelkasini changallab, yaxshigina silkitsam, to‘yib-to‘yib yig‘lasam!

Kundan-kun oyim berayotgan dashnomlar, pisandali qarashlar, ayblovlar tarang tortilgan yoydan otilgan o‘qlar kabi yuragimga sanchilyapti. Ularni sug‘urib olishning esa iloji yo‘q. Oyim, Margo, van Danlar va hatto dadamga ham: “Tinch qo‘yinglar! Bir kechagina yig‘idan yostig‘im nam bo‘lmasdan, ko‘zim shishmasdan, boshim og‘rimasdan uxlay! Hammasi jonimga tegdi, to‘yib ketdim!” deya baqirsam. Lekin bunday qila olmayman. Ularga o‘zlari ruhimga singdirgan iztirob, yaralarni ko‘rsatmayman. Achinishlariga, mehribonchilik qilishlariga ham toqatim yo‘q. Bundan battarroq baqirgim keladi.

Gapirsam, maqtanchoq deyishadi, jim tursam beo‘xshovman, javob bersam – surbet, yaxshi g‘oyam bo‘lsa – ayyor, charchasam – dangasa, bir bo‘lak ortiqcha yesam – xudbin, ahmoq, qo‘rqoq, hisob-kitobchiman. Kun bo‘yi naqadar betavfiqligim haqida tanbeh eshitaman, parvo qilmagandek bo‘lib, kulib ketaveraman-u, aslida, yuragimga toshdek botadi. Xudo boshqacha yaratganida edi, bunchalar turtkilashmasdi. Lekin bu − imkonsiz. Fe’l-atvorni o‘zgartirib bo‘lmaydi, ammo imonim komil, uncha ham yomon odam emasman. Hammaning ko‘nglini olish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qilaman, ular buni million yilda ham bilishmaydi. Yuqoriga chiqib, to‘yib-to‘yib yig‘layman, dardimni hech kim bilmasin deyman.

Oyim hadeb niqtayvergach, bir necha marta “Nima deyishingizning ahamiyati yo‘q. Nega mendan qo‘l yuvib qo‘ya qolmaysiz-a, baribir, o‘zgarmayman”, deganman. Onam gap qaytarma, derdi-da, bir-ikki kun menga umuman e’tibor bermay yurardi. Keyin hech narsa bo‘lmagandek, yana gaplashib ketaverardi.

Bir kuni mo‘min-qobil bo‘lib, ertasi kuni urishqoq bo‘lolmayman-ku! Yaxshisi, o‘rtamiyona bo‘laqolay. Hamma xayollarimni sir tutaman, balki birov jig‘imga tegsa, men ham shunday qilarman. Qaniydi, qo‘limdan kelsa…

Anna

1943 yil, 5 fevral, juma

Azizam Kitti!

Janjallarimiz haqida yozmay qo‘ygan bo‘lsam ham, o‘zgarish yo‘q. Boshida janob Dyussel dahanaki janglarimizni jiddiy qabul qilgandi, hozir esa ko‘nikib qoldi, tarafkashlik ham qilmaydi.

Margo bilan Piterni yosh deb ham bo‘lmaydi; ikkovlari ham kamgap. Men bo‘lsam ularning g‘irt teskarisiman, shuning uchun “Margo va Piterdan o‘rnak olsang-chi”, degan dashnomlarni eshitaverib, qulog‘im qotib ketdi.

Margoga o‘xshashga sira ham xohishim yo‘qligidan, rosti, xursand bo‘laman. Irodasi juda bo‘sh, harakatchan emas; uni biror narsaga ko‘ndirish oson, hech qachon o‘z fikrida turmaydi. Men esa qat’iyroq bo‘laman! Lekin bu rejalarimni sir saqlab turaman. Rejalarimni bilishsa, ustimdan rosa kulishadi! Ovqat payti igna ustida o‘tirgandek bo‘laveraman. Yaxshiyamki, pastdan mehmonlar tushlikka chiqib turishadi, shunda janjal to‘xtaydi.

Bugun tushlik payti janob van Dan Margoning kam ovqat yeyishidan shikoyat qila boshladi. “Qomatingni saqlayapsan, shekilli”, – deya piching ham qildi. Doim Margoning tarafini oladigan oyim esa ovozini balandlatib: “Tuturuqsiz gaplaringizga chidab bo‘lmaydi”, – dedi. Van Dan xonim sholg‘omday qizarib ketdi. Janob van Dan esa bir so‘z deyolmay angrayib qoldi.

Bir-ikki kun ilgari van Dan xonim hammamizni yana bir kuldirdi. Xonim o‘zlarining yoshlik yillarini esladilar, dadalariga mehrlari bo‘lakcha bo‘lgan emish, xushtorlar izlaridan quvib yurganmish.

− Bilasizlarmi, dadam biror yigit senga qo‘l yugurtira boshlasa, janob, men siz o‘ylagan xonimlardan emasman, deya javob ber, deb tayinlagan, − xonim bu so‘zlarni shu qadar berilib aytdilarki, hammamiz xandon otib kulib yubordik.

Juda-juda kamgap Piter ham gohida qiziq-qiziq ishlar qilib yuradi. Ko‘pincha chet tillardagi so‘zlarni ma’nosini bilmay ishlatadi. Bir kuni ishxonada keldi-ketdi ko‘paydi, hojatxonaga kirolmay qoldik. Piter esa chiday olmay vannaga kirib ketdi. Keyin eshikka “Mersi, badbo‘y hid”, deb yozib qo‘yibdi, aslida “Pardon, badbo‘y hid” demoqchi bo‘lgan-u, o‘zi bilmagan holda “rahmat” aytib qo‘ygan.

Annang

1943 yil, 27 fevral, shanba

Dugonajonim Kitti!

Dadam har kuni ittifoqchilarning hujumini kutyapti. Cherchillning o‘pkasi shamollagandi, hozir ancha tuzalib qolibdi. Hind ozodligi kurashchisi Gandi, mana, nechanchi marta ochlik e’lon qildi.

Van Dan xonim o‘zini xavf-xatarga tik qaraydigan jasur deyapti. Biroq otishmalardan eng ko‘p qo‘rqadigan kim? Petronella van Dan xonim-da!

Jan yepiskopning dindorlarga yo‘llangan maktubini olib keldi. Juda go‘zal, ruhlantiruvchi so‘zlar ekan: “Niderlandiya fuqarolari, vatandoshlar, o‘rningizdan turib, hoziroq harakatni boshlang! Har birimiz vatanimiz, xalqimiz va dinimiz erki uchun kurashishga o‘z qurollarimizni tanlaylik! Qo‘llab-quvvatlang, yordamlaringizni darig‘ tutmang. Hoziroq qo‘zg‘aling!”

Minbardan turib bunday otashin so‘zlarni aytish oson. Buning foydasi bormi? Yahudiylarga yordam berishga ancha kech.

Bilasanmi, yaqinda nima bo‘ldi? Xo‘jayin janob Kugler va Kleimanni ogohlantirmay, binoni boshqa kishiga sotib yuboribdi. Bir kuni yangi xo‘jayin muhandis bilan kelib qolishdi. Xudoga shukur, janob Kleiman shu yerda edi. U janoblarga chordoqdan tashqari hamma joyni ko‘rsatdi. Chordoq kaliti uyda qolib ketdi, deb bahona qildi, ular ham ortiqcha savol berishmadi. Chordoqni ko‘raman deb qaytib kelmasa yaxshi edi. Kelsa, boshimizga og‘ir savdo tushadi!

Dadam Margo ikkimizga orqasiga yozilmagan kartotekalar ajratib berdi. Unga o‘qigan kitoblarimizning nomini, muallifini, o‘qigan sanamizni yozib boramiz. “Brotel” va “kokket” degan ikkita so‘z o‘rgandim. Yangi so‘zlar uchun alohida daftar tutdim.

Sariyog‘ va margarinni taqsimlashning yangi yo‘lini topdik. Har bir odamning ulushi nonga surtib beriladi. Adolatsizlik: van Danlar nonushta payti bizdan bir yarim baravar ko‘proq sariyog‘ yeyishadi. Ota-onam esa shu arzimagan narsani deb janjal chiqmasin deydi. Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymaslik kerak-da, bunaqalarga xuddi o‘zlaridek javob qaytarish lozim.

Anna

1943 yil, 10 mart, chorshanba

Azizam Kitti!

Kecha oqshom “qisqa tutashuv” bo‘ldi. Ko‘chada kun botguncha otishmalar bo‘lyapti. Haliyam uchib yurgan samolyotlaru otishmalardan qo‘rqaman. Har tun dadamning quchog‘iga kirib olaman. Balki bu kulgilidir, boshingga tushganda bilarding! O‘q ovozlari shu qadar quloqni qomatga keltiradiki, hatto o‘z ovozingni ham eshitolmaysan. Vahimachi “Bieverbruk xonim” esa ko‘z yoshi qilib, zaif ovozda:

– O, bu – dahshat! Ovoziga chidab bo‘lmaydi, – deydi. Bu esa “Juda qo‘rqyapman” degan gap. Sham yorug‘ida qorong‘idagidek qo‘rqinchli emas. Titrab-qaqshab dadamga:

– Shamni yoqing, – deya yalindim. U esa parvo qilmadi: chiroq yoqish mumkin emasdi. To‘satdan pulemyotlar o‘q uza boshladi, bu oddiy miltiqlardan beshbattar. Oyim o‘rnidan turdi-da, dadamning jahli chiqishiga qaramay sham yoqdi.

– Anna sobiq askar emas, harqalay, − deya izoh berib qo‘ydi, xolos.

Van Dan xonimning yana nimalardan qo‘rqishi haqida gapirib berdimmi? Sirli chordog‘imizda sodir bo‘layotgan so‘nggi sarguzashtlardan seni boxabar qilish uchun ularni ham aytishim kerak. Bir kuni kechasi van Dan xonim ayvonda oyoq tovushlarini eshitibdi, o‘g‘ri deb o‘ylab, erini uyg‘otibdi. Janob turganda esa hammayoq jimib qolibdi, u faqat xotinining yurak urishini eshitibdi, xolos.

− Voy, Putti! (U erini shunday chaqiradi) Kolbasalarimizni, quritilgan loviyamizni o‘g‘irlashdi! Piter-chi? Piter joyidamikan?

− Piterni o‘g‘irlashmaganlari aniq. Tinchgina uxlaylik! Bo‘lar-bo‘lmasga vahima qilma!

Ishonib bo‘lmaydi, lekin van Dan xonim tun bo‘yi kiprik qoqmadi. Bir-ikki kundan keyin butun van Dan oilasining uyqusini arvohlar shovqini buzdi. Piter fonus bilan ayvonga chiqib ketdi, nima ko‘rganini bilasanmi? Ko‘rshapalak to‘dasini! O‘g‘rilarimiz kimligini bilgach, mushugimiz Mushini ayvonga chiqarib qo‘ydik, shundan keyin kutilmagan mehmonlarni sira ko‘rmadik… Bir ikki kun oldin esa (soat yetti yarim, hali kun botmagandi) Piter bir-ikkita eski gazeta olaman deb ayvonga chiqdi, narvondan ko‘tarilayotganda dastani qo‘yib yuboribdi. Qo‘rqqanidan taxta bo‘lib qolibdi, katta ko‘rshapalak qo‘lini tishlab olibdi. Oldimizga oqarib-bo‘zarib, oyoq-qo‘llari qaltirab, kiyimi qonga belanib kirib keldi. Albatta, qo‘rqadi-da, qoningni so‘rib olsa.

Anna

1943 yil, 18 mart, payshanba

Azizam Kitti!

Turkiya urushga kiribdi. Hamma hayajonda. Radio xabarlarini intiqib kutyapmiz.

1943 yil, 19 mart, juma

Azizam Kitti!

Quvonchimiz bor-yo‘g‘i bir soatga cho‘zildi. Turkiya hali urushga kirmabdi. Turkiya Bosh vaziri shunchaki betaraf holatdan chiqish kerak, debdi. Dam maydonidagi gazetachi esa “Turkiya Angliya tomonida!” deya rosa qichqirdi, natijada gazetalari birdaniga talash bo‘lib ketdi. Shu gap bizning ham qulog‘imizga yetib kelgandi.

Ming guilderlik banknotlar yaroqsiz deb e’lon qilindi. Bu chayqov bozoridagilarga, chayqovchilarga va hatto yashirinib yurganlarga ham qattiq zarba bo‘ldi. Ming guilderlik banknotni almashtirish uchun avval bu pul qanday qilib qo‘lingga tushib qolganini tushuntirish lozim. U bilan faqat soliq to‘lash mumkin, shu ham kelasi haftagacha. Besh yuz guilderlik pullarni ham muomaladan olib tashlashadi. Korxonada ham ming guilderliklar yig‘ilib qolgan, lekin soliqlarni allaqachon to‘lashgan.

Janob Dyusselga eski, tepkili tish apparati jo‘natishdi. Tez orada, tishlarim jiddiy tekshiruvdan o‘tadiganga o‘xshaydi.

Janob Dyussel chordoq qoidalariga sira bo‘ysunmaydi. Sharlottaga xat yozgani mayliku-ya, hamma tanish-bilishlari bilan ham yozishma qiladi. “Golland tili o‘qituvchimiz” Margo uning xatolarini tuzatib beradi. Dadam xat yozishni man qildi. Margo ham yordamlashmay qo‘ydi. Endi yozishmalar to‘xtadi-yov.

Fyurer oddiy askarlar bilan ko‘rishdi. Suhbatni radiodan eshitdik, juda ayanchli. Savol-javob taxminan quyidagicha edi:

− Ismim Genrix Shennel.

− Qayerda jang qilding?

− Stalingrad yaqinida.

− Jarohating qanday?

− Oyog‘im muzlab, chap qo‘lim singan.

Mana radiodagi yasama eshittirishlardan biri. Askar o‘z yaralaridan g‘ururlanar, go‘yo qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshidek. Bittasi fyurerning qo‘lini siqqanidan hayajonlanib, tili aylanmadi (qo‘li omon qolganiga shukur qilsin)!

Janob Dyusselning sovunini bexosdan tushirib yubordim, tag‘in bosib ham oldim. Dadamdan sovun pulini to‘lashni iltimos qildim, axir, boyoqish Alfred bir oyda bitta sovun olish imkoniyatiga ega-da.

Anna

1943 yil, 25 mart, payshanba

Azizam Kitti!

Oyim, dadam, Margo va men kecha oqshom birga berilib suhbatlashib o‘tirgan edik, birdan Piter kirib, dadamning qulog‘iga allanimalar deb shivirladi. “Ombordagi bochka ag‘nab ketdi. Eshik oldida kimdir yuribdi”, degan gaplarini eshitib qoldim. Margo ham eshitdi, lekin dokadek oqarib ketganimni ko‘rib, tinchlantirishga urina boshladi. Dadam bilan Piter pastga tushishdi. Bir-ikki daqiqadan keyin radio tinglayotgan van Dan xonim kelib, dadam radioni o‘chirib, oyoq uchida tepaga chiqishimizni tayinlaganini yetkazdi. Sekin yuraman deganda nima bo‘lishini bilasan-ku, aksiga olib, ikkita zinapoya qattiq qarsilladi. Picha o‘tib, rang-quti o‘chib dadam bilan Piter kirib kelishdi. Ular zinapoya tagiga joylashib, kuta boshlashibdi. Jimjitlik emish.

Keyin birdan ikki marta qarsillagan ovozni eshitishibdi, xuddi ikkita eshik ichkaridan yopilgandek. Dadam tepaga yuguribdi, Piter esa janob Dyusselni ogohlantiribdi. U ham rosa ivirsib, nihoyat tepaga chiqibdi.

Hammamiz oyoq uchida van Danlarning yuqoridagi xonasiga kirdik. Janob van Danning tobi yo‘q, kun bo‘yi to‘shakda edi. Uning boshida tizilib olib, pichirlab gumonlarimizni ayta boshladik. Har safar janob van Dan qattiqroq yo‘talib yuborganda, xotini bilan mening yuragimiz qinidan chiqib ketay derdi. Nihoyat, kimningdir kallasi ishlab ketib, bemorga kodein ichirdi, yo‘tal taqqa to‘xtadi.

Uzoq kutdik… jimjit. Keyin o‘g‘rilar qadam tovushini eshitib qochishdi, degan xulosaga keldik. Pastda esa radio Angliya to‘lqinida turibdi, atrofiga stullar tizib qo‘yilgan. Agar o‘g‘rilar eshikni buzishgan bo‘lishsa-yu, signalizatsiya ishlab ketib, politsiya yetib kelsa, ahvolimizga maymunlar yig‘laydi. Shunday qilib, janob van Dan kiyinib, dadam va Piter bilan birga bolg‘a ko‘tarib pastga tushib ketishdi. Biz esa tepada qoldik. Besh daqiqa go‘yo bir asrdek cho‘zildi, so‘ng ular qaytib, hech qanday xavf yo‘qligini aytishdi. Harqalay, jo‘mrakni ochmaslikka, hojatxonadan suv oqizmaslikka kelishib oldik, ammo bunday hayajondan keyin hammada “zarurat” paydo bo‘ladi, albatta.

Tashvish qo‘sha-qo‘sha keladi, deganlari bor gap ekan. Birinchidan, Uestrtoren kuranti bong urmay qo‘ydi, u meni doim tinchlantirib turardi. Ikkinchidan, janob Voskuijl ertaroq ketdi. Bepga kalitni berdimikan, u eshikni qulfladimi yoki esidan chiqdimi, buni ham bilolmasdik. Hozir bu gap unchalik vahimali emasdir, lekin o‘sha tun ignaning ustida yotgandek bo‘ldik.

Shubhalarga qaramay, ko‘nglimiz xotirjam edi. Soat sakkizdan to o‘n yarimgacha hammayoq tinch bo‘ldi. Bu haqda qancha ko‘p o‘ylasak, o‘g‘rining eshik buzib kirishi shunchalar imkonsiz ko‘rinardi. Chunki hali kun botmagan, ko‘chada odamlar yurishardi.

Albatta, shovqin qo‘shni binodan eshitilgan bo‘lishi mumkin, ular hali ishni tugatishmagandi. Devorlarimiz qog‘ozdek yupqaligidan har qanday tovush vahimali tuyuladi. Xavfsiragan paytda tasavvur ham odamni ko‘p chalg‘itadi.

Hammamiz yotdik, lekin mijja qoqmadik. Dadam, oyim, janob Dyussel umuman uxlashmadi, men zo‘rg‘a mizg‘ib oldim desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tongda erkaklar eshikni tekshirgani pastga tushishdi, hammasi joyida ekan! Albatta, uncha yoqimli bo‘lmagan bu voqeani do‘stlarimizga oshirib-toshirib gapirib berdik. Bunday voqealar o‘tib ketgach, kulib eslash maroqli. Yolg‘iz Bep bizni tushunadi.

Annang

1943 yil, 27 mart, shanba

Azizam Kitti!

Stenografiya saboqlarini tugatdik, endi tez o‘qish va yozish ustida ishlayapmiz. Qanchalar zehnlimiz-a! Ermaklarim haqida batafsil to‘xtalay (darslarni shunday atayman, chunki bu yerda darslar faqat kun o‘tishi uchun tayyorlanadi).

Menga mifologiya juda yoqadi, ayniqsa, yunon va Rim ilohlari. Hamma buni shunchaki o‘tkinchi qiziqish deb o‘ylaydi, o‘smir qiz afsonalarni yoqtirishiga kim ham ishonadi deysan. Mayli, birinchi bo‘laqolay!

Janob van Danning tobi yo‘q, tomog‘i og‘rib qolibdi. Arzimas narsa uchun pashshadan fil yasaydi. Tomog‘ini moychechak suvida chayqaydi, o‘ranib oladi, kompress qiladi, ustiga-ustak kayfiyati chatoq!

Nemis mansabdorlaridan biri Rauter nutq so‘zladi. “1 iyulgacha Germaniya bosib olgan hududlardagi yahudiylar mamlakatni tark etishi lozim. Utrext provintsiyasi 1 apreldan 1 maygacha yahudiylardan tozalanadi”. (Yahudiylar suvarakmi?) “1 may va 1 iyun oralig‘ida esa shimoliy va janubiy Gollandiya yahudiylari mamlakatni tark etishlari shart.”

Bechora odamlarni qatl maydoniga podadek haydab borishyapti. Mayli, bu mavzuda boshqa gapirmayman. O‘z xayollarimdan o‘zim ham dahshatga tushyapman!

Yaxshi yangilik ham bor. Nemis idorasini bosqinchilarga qarshi kurashayotganlar yoqib yuborishibdi. Bir-ikki kundan keyin ro‘yxatga olish markazi ham olov ichida qoldi. Nemis askarlari kiyimini kiyib olgan kishilar soqchilarni yorib o‘tib, muhim hujjatlarni yo‘q qilishgan.

Annang

1943 yil, 1 aprel, payshanba

Dugonajonim Kitti!

Hozir hazilning vaqti emas (sanaga qara). Bugun “g‘am kelsa, qo‘sha keladi” degan maqolga yana bir bor iqror bo‘ldim.

Birinchidan, kecha mehribonimiz janob Kuglerning oshqozonidagi yara yana ochilib ketibdi, endi uch hafta qimirlamay yotadi. Oshqozoni anchadan beri bezovta qiladi, lekin davo yo‘q. Ikkinchidan, Bep shamollab qolibdi. Uchinchidan, kelasi hafta janob Voskuijl kasalxonaga yotadi. Uning ham oshqozonidagi yarani, operatsiya qilish kerak. To‘rtinchidan, “Opekta” shartnomasini muhokama qilish uchun frankfurtlik hamkorlar kelishadi. Dadam janob Kleimanga hammasini ipidan-ignasigacha tushuntirgan edi. Endi janob Kuglerga ularni boshidan izohlashga vaqt yo‘q.

Hamkorlar yetib kelishdi. Dadam muhokama qanday o‘tadi, deya hayajondan ich-etini yeyapti. “Men ham pastga tusholganimda edi”, deya afsuslanardi.

− Polga yotib, qulog‘ingizni ding qiling, shaxsiy kabinetdagi hamma gap eshitilib turadi, − deya maslahat berdik.

Uning chehrasi yorishdi, ertasi kuni soat o‘n yarimda Margo bilan (bittadan ikkita quloq afzalroq) polda o‘z o‘rinlarini egallashdi. Muhokama tushda ham tugay demasdi, bukchayib yotaverganidan dadamning beli qotib qoldi. Soat ikki yarimda ovozlar mehmonxonadan eshitila boshladi. Dadamning o‘rnini men egalladim. Lekin suhbat shunaqangi zerikarli ediki, sovuq, qattiq linoliumda uxlab qolibman. Margo eshitib qolishadi, deb meni uyg‘otishga qo‘rqibdi. Yarim soat maza qilib mizg‘ib olibman, uyg‘onganimda esa muhim munozaraning birorta so‘zini ham eslolmadim. Yaxshiyamki, Margo eshitib olgan ekan.

Annang

1943 yil, 27 aprel, seshanba

Azizam Kitti!

Chordog‘imiz hanuz janjallardan qaqshamoqda. Hammaning kimdandir jahli chiqqan: oyim va men, janob van Dan va dadam, oyim va van Dan xonim. Ayanchli manzara, shunday emasmi? Annaning qusurlari yana bir bor muhokama qilindi.

Nemis mehmonlarimiz shanba kuni qaytishdi. Soat oltigacha ishlashdi. Hammamiz qimirlashga jur’at etolmay o‘tirdik. Binomizda yoki qo‘shni binoda hech kim ishlamasa, har bir bosgan qadamimiz shaxsiy kabinetda eshitilib turadi. O‘tiraverganimdan yana oyoqlarim uvishib ketdi.

Janob Voskuijl kasalxonaga yotibdi, lekin janob Kleiman ishga chiqdi. Bu safar oshqozoni tezda tuzalibdi. Nemis ro‘yxatxonasini yo‘q qilishga o‘t o‘chiruvchilarning ham hissasi qo‘shilibdi. Ular olovni o‘chiramiz deb, butun binoni suvga bo‘ktirishibdi. Zap ish bo‘libdi-da!

“Karlton” mehmonxonasi vayron bo‘libdi, ikkita ingliz samolyoti to‘g‘ri nemis zobitlari klubiga bomba tashlabdi. Vijzelstrat va Singl ko‘chalari yonib kul bo‘lgan. Nemis shaharlarini bombardimon qilish avjiga chiqmoqda. Tuzukroq uxlolmaganimdan qovoqlarim salqib, ko‘zlarim qizarib ketgan.

Ishtahamning ham mazasi yo‘q. Nonushtamiz quritilgan nonu qahva kukunidan iborat bo‘lib qoldi. Ikki haftadan beri tushlikka ismaloq yoki shirin ta’mli kartoshka qo‘shilgan karamli salat yeymiz. Ozish niyating bo‘lsa, chorbog‘imizga kelaver! Yuqoridagilar nolishgani-nolishgan, biz esa chidab turibmiz. 1940 yilda jangga ketgan gollandlarni endi mehnat lagerlariga jo‘natishdi. Garov bog‘layman, bu – bosqin boshlanib qolsa, ehtiyot chorasi!

Anna

1943 yil, 2 may, yakshanba

Bu yerdagi hayotimizni boshqa yahudiylarnikiga solishtirganda biz, jannatda yashayapmiz. Hayot yana o‘z iziga tushib ketsa, hayronman qanday ko‘nikib ketarkanmiz. Hozir shunchalar ivirsib ketganmizki, avvalgi saranjom-sarishtalikdan, tozalikdan asar ham qolmagan. Masalan, kelganimizdan beri hali stol ustidagi kleyonkani almashtirmadik. Ishlatilaverganidan rangida rang qolmagan. Tozalashga rosa harakat qildim, ammo dazmolimiz ilma-teshik bo‘lib ketgan, qancha tozalamay, baribir, foydasi yo‘q. Van Danlar qishdan bitta ko‘rpa-to‘shak bilan chiqishdi: bu yerda uni yuvishga sharoit yo‘q.

Dadam kiygan shimning ohori to‘kilgan, bo‘yinbog‘i ham titilib qolgan. Bugun esa oyimning korseti uzilib ketdi, endi tuzatib bo‘lmaydi. Margo ikki o‘lcham kichkina ichkiyim kiyib yuribdi. Qish bo‘yi oyim ikkovlari uchta sviterni almashib kiyishdi. Sviterlarim kichkinaligidan arang qornimni yopadi. Hech aqlim yetmaydi, mening ichkiyimimdan tortib, dadamning ustarasigacha hammasi eski-tuskiligiga hayron qolaman. Bu ahvolda urushdan keyingi yaxshi hayotimizga yana qayta olarmikanmiz?

Sirli chordoq fuqarolarining urush haqidagi fikrlari:

Janob van Dan. Bu janob siyosatni hammadan yaxshi tushunadi degan to‘xtamga keldik. Harqalay, uning taxminicha, bu yerda 1943 yilning oxirigacha o‘tirar ekanmiz. Bu ancha uzoq muddat bo‘lsa-da, chiday olamiz. Ammo faqat azob-uqubat keltirgan bu urush bir kun kelib tugashiga kim bizni ishontira oladi? Ungacha bizga yoki yordamlashayotgan do‘stlarimizga biror kor-hol bo‘lmasligiga-chi? Hech kim! Shu sabab hammamiz har kuni xavotirdamiz. Kutyapmiz, umid qilyapmiz, qo‘rqyapmiz: bino ichida, tashqarisida biror ovoz eshitsak, gazetada biror xabar o‘qisak, yurak hovuchlab qolamiz, yordamchilarimiz ham yashirinishga majbur bo‘lishlari mumkin.

Shu kunlarda hammaning og‘zida yashirinish haqidagi gap-so‘zlar. Albatta, yashiringanlar sonini bilmaymiz; ammo ular umumiy aholi soniga nisbatan juda kam, shubham yo‘q, urush tugagach, qanchadan-qancha oilalar yahudiylarni, nasroniylarni o‘z uylariga yashirishni istashganini bilib hayratlanamiz. Qanchadan-qancha odamlar soxta hujjatlar bilan yurishgandir.

Van Dan xonim. Bu go‘zal (o‘zining fikricha) xonim qalbaki pasport olish juda oson deb eshitibdi, shundan beri hammamizga bitta pasport sotib olaylik degani-degan. Xuddi dadam bilan janob van Dan pulni yerdan supurib olishadigandek gapiradi-ya.

Van Dan xonim doim ahmoqona narsalarni gapirib yuradi, erining esa bundan fig‘oni falakka chiqadi. Hayron qolmasa ham bo‘ladi, chunki xonim bir kuni “Hammasi tugagach, nasroniylikni qabul qilaman” desa, boshqa kuni “Esimni taniganimdan beri Quddusga borishni orzu qilaman. Yahudiylar orasida yashasamgina rohat topaman!” deb qoladi.

Dadam. U judayam nekbin inson, lekin bunga doim sabab topiladi.

Janob Dyussel. Janob, odatda, bo‘lmag‘ur narsalar haqida gapiradi. “Hazrati oliylari”ga qarshilik bildirishdan oldin esa yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak. Alfred Dyusselning uyida uning har bir gapi – qonun, ammo bu Anna Frankka to‘g‘ri kelmaydi.

Chordog‘imizning qolgan a’zolari urush haqida nima deb o‘ylashlarining sira qizig‘i yo‘q. Siyosatni faqat shu to‘rtovlari tushunishadi, xolos. Aslida, faqat ikki kishi, lekin van Dan xonim va Dyussel ham o‘zlarini shu qatorga qo‘shishadi.

Anna

1943 yil, 18 may, seshanba

Dugonajonim Kitti!

Yaqinda nemis va ingliz uchuvchilarining havodagi to‘qnashuviga guvoh bo‘ldim. Afsuski, inglizlarning samolyoti yonib ketdi, ikkita uchuvchi parashyutda sakradi. Xalfveg ko‘chasida yashaydigan sutchimiz yo‘l yoqasida to‘rtta kanadalik askarni ko‘ribdi. Bittasi gollandchada bemalol gaplashar ekan. Askar undan chaqmoqtosh so‘rabdi. Keyin esa aslida oltita bo‘lishganini, uchuvchi yonib ketganini, bitta askar yashirinib olganini aytibdi. Nemis xavfsizlik politsiyasi tirik qolgan to‘rt askarni olib ketgani kelibdi. Boshlariga shunday kulfat tushsa ham, xotirjam yurishlariga hayronman.

Havo juda issiq bo‘lishiga qaramay, chiqindilarni yoqib yuborish uchun har kuni kaminni ishlatyapmiz. Chiqindini quvurga tashlolmaymiz, ishchilar ko‘rib qolishi mumkin. Bir marta ehtiyotsizlik qildingmi, tamom, hammasi tugaydi!

Barcha talabalar “Nemislarning yangi tuzumini qo‘llab-quvvatlash haqida”gi hujjatga imzo qo‘yishlari shart. Sakson foiz talaba o‘z vijdoniga qarshi borolmay, imzo qo‘ymagan, endi esa jazo muqarrar. Imzo chekishdan bosh tortgan har qanday talaba mehnat lagerlariga surgun qilinishi turgan gap. Agar yoshlar bu taxlit Germaniyaga surgun qilinaversa, Gollandiyaning kelajagi nima bo‘ladi?

Kecha tunda otishmalar shu qadar baland bo‘ldiki, oyim derazalarni yopib qo‘ydi; dadam bilan birga yotgandim. Dabdurustdan van Dan xonim dodlab o‘rnidan sapchib turgani eshitildi. Mushuk tishlab olgan bo‘lsa-ya? Shundan keyin bomba portlabdi, yotog‘im ustiga qulagandek bo‘ldi. “Chiroqni yoqing! Chiroqni yoqing!” deya dodlab yubordim. Dadam lampani yoqdi. Endi o‘t-olov ichida qolsak kerak deb o‘ylovdim, xudoga shukur, hech narsa bo‘lmadi. Nima bo‘ldi ekan, deya hammamiz tepaga otildik. Er-xotin ochiq derazadan alanga ko‘rishibdi. Janob van Dan yaqin o‘rtada yong‘in bo‘lyapti deb o‘ylasa, xotini uyimiz yonyapti deb o‘ylabdi. Bomba portlaganda esa qo‘rquvdan a’zoyi badani qaltiray boshlabdi. Janob Dyussel chekib olay deb yuqorida qoldi, biz esa joy-joyimizga qaytdik. Van Dan xonim panoh izlab Dyusselning xonasiga otildi. Dyussel janoblari xonimni “Kelaqol, bolajonim!” deya qarshiladi. Kulaverib ichaklarimiz uzilay dedi, otishmalar ham bir zumda xayolimizdan ko‘tarilgan, qo‘rquvimiz tarqab ketgandi.

Dugonang Anna

1943 yil, 15 iyun, seshanba

Azizam Kitti!

Qanchadan-qancha voqealar sodir bo‘ldi, lekin ba’zida uzundan-uzoq xatlarim bilan zeriktirib qo‘ydimmi deyman. Shuning uchun yangilik­larni qisqacha yozib o‘taman. Janob Voskuijl nihoyat jarrohlik stoliga yotibdi, shifokorlar ichini yorib ko‘ribdi-yu, yarasini olib tashlashmabdi, u saratonga chalingan ekan. Kasallik shunchalar og‘irlashib ketibdiki, operatsiyadan foyda yo‘qmish. Kesilgan joyini qaytib tikishibdi, uch hafta kasalxonada yaxshi parvarish qilib, keyin uyiga ruxsat berishibdi. Lekin shifokorlar katta xatoga yo‘l qo‘yib, boyoqishga dardini ochiq-oydin aytib qo‘yishibdi. U endi ishlay olmaydi, uyda sakkiz bolasi qurshovida o‘limini kutib o‘tiribdi. Janob Voskuijlga juda achinaman, tashqariga chiqa olmasligimdan esa xunobim ortadi; bo‘lmasa, har kuni uni ko‘rgani borardim. Endi tashqarida, ishxonada nima bo‘layotganidan doim xabardor qilib turadigan do‘stimiz bilan boshqa ko‘risha olmasligimiz biz uchun haqiqiy fojia bo‘ldi. Xavfsizlik masalalariga kelganda janob Voskuijl beqiyos yordamchimiz, homiyimiz edi. Uni juda sog‘inamiz.

Kelgusi oy radioni yangi boshliqlarga topshirishimiz kerak. Janob Kleiman radiomiz o‘rniga bozordan kichkina radiopriyomnik topib kelarkan. “Filipp” radiosini kichkina priyonikka almashtirayotganimiz alam qilyapti-da. Hechqisi yo‘q, bitta radioni deb hammada shubha uyg‘ota olmaymiz-ku! Kichkina radioni esa yuqoriga o‘rnatamiz. Noqonuniy yahudiylar noqonuniy talonga yashayotganda, noqonuniy priyomnik bo‘lsa, nima qipti?

Butun mamlakat bo‘ylab hamma “erkaklik sha’ni”ni bir chetga surib, eski radio topish ilinjida. Bu bor gap: tashqaridan eshitilayotgan ovozlar kundan-kun battar tus olgani sayin, radioning yoqimli ovozi bizga najot bag‘ishlaydi. O‘z-o‘zimizga “Ruhni cho‘ktirmaylik, hammasi yaxshi bo‘ladi!” deya takrorlaymiz.

Anna

1943 yil, 11 iyul, yakshanba

Bir necha bor takrorlangan bola tarbiyasi masalasiga yana murojaat etar ekanman, aytishim joizki, qo‘limdan kelgancha mehribon bo‘lishga, chiroyimni ochib yurishga harakat qilyapman. Faqat dashnomlar yomg‘iri boshimdan yog‘masa bo‘lgani. Umuman, jining suymaydiganlarga yaxshi muomalada bo‘lish juda qiyin, ayniqsa, ikkiyuzlamachilik qilganingda qiynalib ketasan. Ammo ikkiyuzlamachilik qilib, eski odatimga binoan, rost gapirganimdan ko‘ra ko‘proq narsaga erishyapman (mening fikrim bilan aslida kimning nima ishi bor?). Albatta, bu rolimni adolatsizlik bo‘lgan paytda o‘ynay olmayman. Keyin yana hamma kamida bir oy qo‘polligimdan noliydi. Ba’zida ayashsa bo‘lardi, shundaymi? Yaxshiyamki, arazchi emasman, bo‘lmasa, ta’na-malomatlardan boshim chiqmasdi. Odatda janjallarning kulgili tomonini izlab topaman, boshqalarni urishishayotganda mayliku-ya, o‘zimga dashnom berishayotganda ham shunday qilaman. Bu ancha qiyin kechadi. Bundan tashqari stenografiya mashg‘ulotlarini (chuqur o‘ylab ko‘rgan holda) yig‘ishtirib qo‘yishga qaror qildim. Birinchidan, boshqa darslarim ham qalashib yotibdi, ikkinchidan, ko‘zim toliqib qolyapti. Ko‘z nurim zaiflashib, yaqindan ko‘rishim sustlashib qolgan. Allaqachon ko‘zoynak taqa boshlashim kerak edi (g‘irt ovsarga o‘xshab qolaman!). Lekin o‘zingga ma’lum – yashiringanmiz…

Kecha hamma tinmay Annaning ko‘zlari haqida gapirdi, chunki oyim meni Kleiman xonimga qo‘shilib, shifokorga borsin, deya maslahat bergandi. Buni eshitiboq oyoqlarim bo‘shashib ketdi, axir, hazil gapmi? Tashqariga chiqish! Bir o‘ylab ko‘r, ko‘chaga chiqsam-a! Aqlimga sig‘dirolmayman. Boshida qo‘rqib ketdim, keyin quvonchim ichimga sig‘madi. Biroq bu unchalik oson emas; hamma ham darrov rozi bo‘lmadi, ammo Miep o‘sha zahotiyoq olib chiqishga tayyor edi. Men esa kulrang paltomni javondan chiqarib, kiyib oldim. Judayam kichik kelib qolibdi, xuddi singlimning paltosini kiygandekman. Paltoni kengaytirdik, lekin baribir tugmasini o‘tkaza olmayapman. Qanday qarorga kelisharkan-a? Menimcha, ular biror to‘xtamga kelishga ulgurishmaydi.

Britaniya Sitsiliyani egallabdi, dadam urush tez orada tugashini bashorat qilyapti.

Bep Margo ikkimizga juda ko‘p yozuv-chizuvli ish beryapti. Ikkovimiz ham bu ishga sidqidildan kirishdik, harna ancha yordam bo‘ladi. Oldi-sotdi daftarini hamma ham to‘ldira oladi, ammo biz buni alohida e’tibor bilan bajaryapmiz.

Miep shunchalar ko‘p narsa tashib kelyaptiki, eshakka o‘xshab qolgan. Deyarli har kuni sabzavot, oziq-ovqat to‘latilgan xaltalarni velosipediga osib keladi. Har shanba kutubxonadan beshta kitob ham keltiradi. Shanbani doim yosh bola sovg‘a kutgandek intizorlik bilan kutamiz. Bizga o‘xshab yashirinib o‘tirganlarga kitob naqadar muhimligini oddiy odamlar bilishmaydi. Dars tayyorlab, kitob o‘qib, radio eshitib, bir amallab qosh qoraytiramiz.

Dugonang Anna

1943 yil, 19 iyul, dushanba

Kitti!

Yakshanba kuni Shimoliy Amsterdam qattiq bombardimon qilindi. Hammayoq vayron bo‘lgan. Ko‘chalar xarobaga aylangan, murdalarni yig‘ishga ancha vaqt ketsa kerak. Bugungacha ikki yuz kishi vafot etibdi, yaralanganlar esa son-sanoqsiz; gospitallar liq to‘la. Yosh bolalar vayronalar ostidan ota-onalarining jasadlarini qidirib yurishgan ekan. Uzoqdan eshitilayotgan vahimali otishmalar yanada kattaroq kulfat keltirishini o‘ylasam, a’zoyi badanim titrab ketadi.

1943 yil 23 iyul, juma

Aziz dugonam Kitti!

Hisobchi opajonim uchun Bep daftarlar, aniqrog‘i, jurnallar topib keldi. Boshqachalari ham sotilyapti, lekin qanday va qanchaga yetishini so‘rama. Hammasining ustiga “Talon shart emas!” deb yozilgan. Talonsiz olish mumkin bo‘lgan hamma narsaga o‘xshab ular ham mutlaqo yaroqsiz. O‘n ikki varaqli, zich kataklari kulrang qog‘ozda zo‘rg‘a ko‘rinadi.

Margo husnixat bilan shug‘ullanmoqchi. Unga, albatta, shug‘ullanishini tavsiya etdim. Oyim ko‘zlarim sababli menga ruxsat bermaydi, menimcha, bu bema’nilik. Aslida, nimaiki qilmay, natija baribir bir xil. Kitti, sen sira urush ko‘rmagansan, xatlarimga qaramay, yashirin hayot haqida deyarli hech narsa bilmaysan. Senga ozodligimizning ilk kunida hamma nima qilmoqchiligini so‘zlab beray.

Margo va janob van Danning xohishi bir xil, issiq, bug‘lanib turgan hammomni orzu qilishyapti. Van Dan xonim shirinlik istaydi, janob Dyussel esa Sharlottasining oldiga yuguradi. Dadam janob Voskuijldan xabar oladi, Piter shahar aylanadi, menga kelsak, xursandligimdan dovdirab qolardim. Hammasidan ham ko‘proq, o‘z uyimda bo‘lsam, erkin nafas olsam, uy vazifalarimga kimdir yordam bersa deyman. Aniqrog‘i, maktabga qaytishni istayman!

Bep meva-cheva olib kelaman dedi. Narxlari “juda arzon”: yarim kilo uzum – 2.50 guilder, yarim kilo qorag‘at – 70 tsent, bir dona shaftoli – 50 tsent, yarim kilo qovun – 75 tsent. Har hafta gazetalarda “Narxlarni tushiring!” deb jar solishlari bekorga emas ekan.

Anna

1943 yil, 26 iyul, dushanba

Aziz dugonam Kitti!

Kecha yana bir vahima ko‘tarildi, haligacha o‘zimizga kelolmayapmiz. Aslida, bu yerda tinch o‘tgan biror kun bormi o‘zi, deb o‘ylarsan. Tongda sirena ovozini eshitdik, lekin e’tibor bermadik. Bu faqat dushman samolyoti yaqinlashib qolganini bildirardi. Boshim qattiq og‘rib, nonushtadan keyin bir soatcha cho‘zildim, so‘ng soat ikkida ofisga tushdim.

Soat ikki yarimda Margo yozuv-chizuvini tugatib, daftarlarini yig‘ishtirayotganda yana sirena chalina boshladi. Ikkovimiz ham yuqoriga o‘qdek otildik. Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas otishmalar shunchalik kuchaydiki, hamma yo‘lakka yig‘ilib oldi. Uy larzaga kelar, bombalar esa portlashda davom etardi. Safar xaltamni jon-jahdim bilan changallab oldim, qochish uchun emas, shunchaki, yashirinish uchun. Bilaman, bu yerdan chiqib ketolmaymiz, shunday bo‘lgan taqdirda ham, ko‘chaga chiqishimiz bilan bombaga yo‘liqqandan ham battarroq bo‘lamiz. Yarim soatlardan so‘ng to‘polon tindi, chordog‘imiz yana jonlandi. Piter chordoqning old tomonidagi kuzatuv postidan tushdi, Janob Dyussel ofisda o‘tirdi, van Dan xonim shaxsiy ofisdan chiqmadi, janob van Dan bilan biz boloxonada turib tomlardan o‘rlayotgan tutunni tomosha qildik. Hammayoq burqsiydi, go‘yo butun shahar olov ichida qolgandek. Biroq, shukurki, biz uchun dahshatlar tugadi, hammamiz ishimizga qaytdik. Endi dasturxon atrofiga yig‘ilgan ham edikki, yana sirena chinqirdi. O‘q tovushlari, harbiy samolyot ovozlari!

Ishtahamiz g‘ippa bo‘g‘ildi, shaharning narigi tarafida yana kimlarningdir ustiga bomba tushayotgandi, o‘qlar yog‘ilayotgandi.

Britaniya yangiliklariga ko‘ra, Skipxol aeroporti portlatilibdi. Samolyotlar goh pasayar, goh balandlar, motorlar tinmay gurillardi. Juda-juda qo‘rqinchli edi. Har safar: “Ana, bomba boshimizga tushyapti, ana, hozir portlaydi!” deb o‘ylardim.

O‘lay agar, soat to‘qqizda to‘shakka kirganimda ham oyoqlarim qaltirardi. Yarim kechada yana uyg‘onib ketdim: samolyotlar! Janob Dyussel yechinayotgan ekan, e’tibor ham bermay turib ketdim, ilk o‘q uzilganidayoq uyqum qochdi. Dadamning oldida soat birgacha yotdim, o‘zimning yotog‘imda soat bir yarimgacha arang chidab, ikkida yana dadamning pinjiga kirdim. Lekin samolyotlar sira chekinishmasdi. Nihoyat jang tugab, o‘z joyimga qaytib bordim. Soat ikki yarimda uxlab qolibman.

Soat yetti. O‘rnimdan sakrab turdim, dadam janob van Dan bilan gap­lashayotgan edi. Xayolimga birinchi bo‘lib o‘g‘ri keldi. Janob van Danning “hammasi” degani qulog‘imga chalindi, hamma narsamizni o‘g‘irlashibdi deb o‘yladim. Biroq adashibman, bu ajoyib yangilik ekan, oylar davomida, balki urush boshlangandan beri eshitgan eng ajoyib yangiligimiz edi. Kechagi dahshatlardan so‘ng oxiri xushxabar eshitdik, u bizda… umid uyg‘otdi! Urush tugashiga, tinchlikka umid uyg‘otdi!

Janob Kugler kelib, “Fokker” aviasozlik korxonasi qattiq hujumga uchraganini aytib ketdi. Bu payt yana bir marta ogohlantiruvchi sirena chalindi. Rosti, mana shu sirena deganlari hiqildog‘imga keldi. Kecha amallab uxlagan edim, ko‘zlarim yumilib ketyapti. Ammo Italiya haqidagi yangilik, shu yil oxirigacha urush tugaydi, degan umid sabab ko‘zlarimizga uyqu kelmayapti…

Annang

1943 yil, 29 iyul, payshanba

Azizam Kitti!

Van Dan xonim, janob Dyussel va men idish yuvayotgandik. Men churq etmasdim. O‘zim uchun ham noodatiy bo‘lgan bu holatni ular ham sezishdi, har xil savollardan qutulish uchun uncha muhim bo‘lmagan mavzuda gapira boshladim. “Ro‘para uydagi Genri” kitobi tayyor mavzu bo‘ladi, deb o‘ylovdim, lekin qattiq adashibman; bu safar van Dan xonim bilan emas, janob Dyussel bilan qattiq aytishib qoldim. Janob Dyussel “shu kitobni o‘qinglar, u haqiqiy san’at asari” deb Margo ikkimizga tavsiya qilgan edi. Bizningcha, u sira unday emas. Kichkina bola yaxshi tasvirlangan, lekin qolganlari… aytmay qo‘ya qolay. Idish yuvayotganimizda shuni vaysab qo‘ydim, janob Dyussel esa tutaqib ketdi: “Erkak kishining psixologoyasini qaydan ham tushunarding?! Yosh bolani tushunish oson! Bunaqa kitoblarni o‘qishga yoshlik qilasan! Yigirmaga to‘lgan kishining ham bunga tishi o‘tmaydi!” Unday bo‘lsa, nega bizga o‘qinglar, deya tavsiya qildi?

Van Dan xonim va janob Dyussel ikkovlashib meni haqorat qila ketishdi: “Yoshingga mos kelmaydigan ko‘p narsalarni bilasan. Sening tarbiyang buzuq. Keyin, ulg‘ayganingda, hech narsaning qizig‘i qolmaydi. Buni yigirma yil oldin o‘qiganman deysan! Tirrancha, sevib, erga tegish niyating bo‘lsa, shoshil! Hammasini allaqachon bilasan-ku! Faqat amaliyot yetishmaydi-da!”

Qay ahvolga tushganimni bir tasavvur qil. Og‘ir-bosiqlik bilan:

– Sizningcha, tarbiyam buzuqdir, ammo hamma ham bunday o‘ylamaydi! – deya javob berganimga o‘zim ham hayronman.

Bola tarbiyasi haqida gapirishni ularga chiqargan! Ular bolalarni ota-onasiga qarshi qayrashdan boshqasini bilmaydi. Mening yoshimdagi qizlar bilan jiddiy mavzularda suhbatlashmaslik esa maqsadlariga muvofiq. Bunday tarbiyaning natijasini keyinroq ko‘ramiz. Darvoqe, ikkovlari ham shunday tarbiya ko‘rgan-ku! Qaniydi, ustimdan ayovsizlarcha kulgan bu ikki maxluqning yuziga shapaloq tortib yuborsam! Bu yerda yana qancha qolishimizni aniq bilganimda edi, qachon shu kasofatlardan qutulaman, deb quvonchimdan kun sanab yurardim. Afsuski, ular bilan bitta chordoqda yana qancha yashashimizni ham bilmayman.

Van Dan xonim haqida soatlab gapirish mumkin! Uning “yomon ayol” degan nomga to‘laqonli “haqi” bor! Xonim manman, xudbin, ayyor, hisob-kitobchi, doim norozi yuradigan mavjudot. Ustiga-ustak ko‘z suzadi, qosh qoqadi − chidab bo‘lmaydi! Van Dan xonim haqida butun boshli kitob yozishim mumkin, kim bilsin, bir kun kelib yozarman ham. Begonalar, ayniqsa, erkaklar oldida u niqobini taqadi; muloyim, xushmuomala xonimga aylanadi-qoladi. Birinchi marta ko‘rgan odam u haqda, albatta, yomon xayolga bormaydi.

Oyimning fikricha, u haqda gapirish – shunchaki vaqtni suvga oqizish. Margo esa uni odam o‘rnida ko‘rmaydi. Dadamning aytishicha, u alvasti (ko‘rinishdan ham, ichdan ham!). Uchovlarining ham fikriga qo‘shilaman, aslida xonimning qusurlari sanoqsiz. Shunchalar ko‘pki, bir-ikkitasini muhokama qilishning foydasi yo‘q, shu sabab, boshlamay qo‘ya qolay!

Anna

P.S. Dugonajon, yuqoridagilarni yozayotganimda jahldan tushmaganimni inobatga olishingni so‘rayman.

1943 yil, 3 avgust, seshanba

Azizam Kitti!

Siyosiy maydondagi ishlarimiz joyida. Italiyada “Fashistlar partiyasi” bekor qilinibdi. Ko‘p joylarda aholi fashistlarga qarshi jang qilmoqda, hatto armiya ham yordamga kelibdi. Nega hali ham Angliya bilan urush qilishda davom etishyapti? O‘tgan hafta chiroyli radiomizni olib qo‘yishdi. Janob Dyussel janob Kugler radioni belgilangan kunida topshirib kelganiga g‘azablandi. Nazarimda, Dyussel kundan-kunga tubanlashib ketyapti, mening o‘lchamimda u allaqachon noldan ham pastroqda turibdi. Siyosat, tarix va geografiya haqidagi gaplari shu qadar kulgiliki, qaytarishga jur’at qilolmayman: Gitlerning nomi tarixdan o‘chib ketadi; Rotterdamdagi port Hamburgdagidan kattaroq; inglizlar g‘irt kallavaram, ular Italiyani tag-tugi bilan portlatib yuborishlari kerak va hokazo.

Amsterdam uchinchi marta bombardimon qilindi. Tishimni tishimga qo‘yib, dadil turishga qaror qildim. “Mayli, portlayversin! Ajali yetgan o‘ladi!” deya katta ketgan van Dan xonim oramizda eng qo‘rqog‘i ekan. Bugun tongda yaproqqa o‘xshab titrab, yig‘lab berdi. Bir hafta oldin yarashib olgan eri uni tinchlantirdi. Bu manzarani ko‘rib biram ta’sirlandimki!

Mushuk boqishning yaxshi tomoni bilan birga yomon tomonlari ham borligining yaqqol guvohi bo‘ldik. Hamma yerni burga bosib ketdi, kundan-kun ahvol yomonlashyapti. Janob Kleiman har bir tirqishga sariq kukun sepib chiqdi, burga esa yo‘qolmadi. Hammamiz asabiylashamiz; burga chaqqanini sezdikmi, tamom, sakrab turib mashq qilamiz, shunda qo‘l-oyoqlarimizni yaxshilab ko‘zdan kechirish mumkin.

Hammamiz kam harakatlikdan egilib-bukilolmay qolibmiz. Jismoniy mashqlarni davom ettirsak bo‘larkan.

Anna

1943 yil, 4 avgust, chorshanba

Azizam Kitti!

Mana yashiringanimizga ham bir yildan oshib qoldi, hayotimiz haqida ancha narsa bilasan. Shunday bo‘lsa-da, senga hamma narsani bayon etolmayman. Bu yerda hayot ham, odamlar ham boshqacha. Ammo hayotimizni yanada yaxshiroq bilishing uchun ba’zi-ba’zida bir kunimizni tasvirlab turaman. Oqshom va tundan boshlay qolay.

Soat to‘qqiz. Uyqudan oldin chordoqda doim ag‘dar-to‘ntar bo‘ladi. Stullar ko‘tariladi, karavotlar tashqariga chiqariladi, ko‘rpalar yoyiladi − hamma narsa kunduzgi joyidan qo‘zg‘atiladi. Atigi besh qarichlik divanda uxlayman, uzunroq qilish uchun bir-ikkita stul qo‘shamiz. Ko‘rpa, choyshab, yostiqlar janob Dyusselning karavotida yig‘iladi.

Qo‘shni xonadan qarsillagan ovoz eshitildi: Margoning yig‘ma karavoti yoyildi. Biroz bo‘lsa ham, yumshoqroq bo‘lishi uchun qavat-qavat matraslar, yostiqlar to‘shaladi. Yuqoridan qattiq shovqin eshitildi: van Dan xonimning karavoti deraza tomon surildi – “zoti oliyalari” kechasi toza havodan bahra olishlari kerak.

Soat to‘qqizda Piter yuvinib bo‘ladi, endi mening navbatim. Oyog‘imdan tortib sochimning uchigacha tozalab yuvaman, ba’zida rakovina teshigidan qo‘ng‘iz chiqadi (faqat ba’zida, ya’ni havo judayam isib ketganda). Tishimni cho‘tkalayman, sochimni jingalak qilaman, tirnoqlarimni tekislayman, yuqori labim ustidagi mo‘ylarni teraman − bu parvarish oz emas, ko‘p emas, yarim soatga cho‘ziladi.

To‘qqiz yarim. Xalatimni kiyaman. Bir qo‘limda sovun, tuvak, soch to‘g‘nag‘ichlari, ichkiyimlarim, boshqasida paxta ko‘tarib, tezda hammomdan chiqaman. Keyin kirgan kishi esa rakovina teshigini “bezab turgan” soch tolalarimni olishga chaqiradi.

Soat o‘n. Pardalarni yopib, bir-birimizga xayrli tun tilaymiz. Keyingi o‘n besh daqiqa davomida karavotlar g‘ichirlab, singan prujinalar qisirlaydi, keyin yuqoridagilar yana janjal boshlab qolishmasa, tinchgina uyquga ketamiz.

O‘n bir yarim. Vannaxona eshigi g‘ichirladi. Xonaga chiroqning qiya nuri tushadi. Katta oyoq kiyim, undan-da keng palto ichida yo‘qolib ketgudek bo‘lib janob Dyussel janob Kuglerning kabinetidan qaytyapti, ishlarini tugatibdi. O‘n daqiqacha timirskilanadi, qog‘oz shitirlaydi (shaxsiy oziq-ovqatlarini o‘rab qo‘yyapti), yotog‘ini tuzatadi. Keyin uning sharpasi yana yo‘qoladi, hojatxonadan g‘alati ovozi eshitiladi, xolos.

Soat taxminan uch yarim. Ehtiyoj sabab uyg‘onaman, divanim ostidagi tuvakka o‘tiraman. Atrofiga tommasligi uchun ostiga rezina gilamcha to‘shalgan. Bu payt doim nafasimni ichimga yutaman, chunki tuvakdagi ovoz xuddi tog‘dan oqib tushayotgan sharsharaga o‘xshaydi. Tuvak joyiga qo‘yiladi, Margo “juldur!” deb ataydigan oq tungi ko‘ylak yana to‘shakka sho‘ng‘iydi. Chorak soat uxlamay, hamma narsaga quloq solib yotaman. Pastga o‘g‘ri tushmabdimikan, yuqoridagilar uxlashyaptimi, qo‘shni xonadagilar uyg‘oqmi yoki dong qotishdimi? Buning kulgili joyi yo‘q, ayniqsa, gap janob Dyussel haqida ketganda. Avval janob quruqlikka chiqib qolgan baliqdek nafas oladilar, to‘qqiz yoki o‘n marta. Keyin lablar yalanadi, cho‘lpillagan ovoz eshitiladi, so‘ng yostiq ezilib, janob goh u tomonga, goh bu tomonga ag‘dariladilar. Bu jarayon kamida uch marta qaytariladi. Va, nihoyat, “hazrati oliylari” uyquga ketadilar.

Ba’zida soat birdan to‘rtgacha otishmalar tinmaydi. Oldindan xabardor bo‘lmasam ham, sakrab turib ketaman. Ammo, baribir, uyqum ochilmaydi. Alahsirab, frantsuzcha noto‘g‘ri fe’llarni takrorlayman yoki yuqoridagilarning oxirgi janjalini eslayman. Uyqum tarqagachgina otishma allaqachon tugaganini, xonamga olib kirishganini payqayman. Lekin odatda uyg‘onib ketaman. Xalatim va shippagimni ildirib, dastro‘mol bilan yostiqni changallagancha dadamning oldiga yuguraman. Xuddi “Tug‘ilgan kun” she’rida Margo tasvirlagandek:

Otishmalar boshlanib,
Eshik qiya ochilib,
Qo‘lida yostiq, ro‘mol
Paydo bo‘lar qizaloq…

Katta karavotda uncha qo‘rqmayman, otishmalar tovushi quloqni qomatga keltirmasa bo‘lgani!

Soat oltidan qirq besh daqiqa o‘tdi. “Jiring-jiring”… Soatning jiringidan, xohlaysanmi, yo‘qmi, uyg‘onib ketasan. “Chiq”… van Dan xonim uni o‘chirdi. “G‘achir-g‘uchur”… Janob van Dan o‘rnidan turdi, vannada suv shildiraydi.

Ettidan o‘n besh daqiqa o‘tdi. Eshik yana g‘ichirlaydi. Dyusselning yuvinish navbati keldi. Nihoyat, yolg‘iz qolaman, pardalarni ochaman… Chordog‘imizda yangi kun boshlandi.

Anna

1943 yil, 5 avgust, payshanba

Azizam Kitti!

Bugun tush payti haqida gaplashamiz.

Soat o‘n ikki yarim. Hammamiz ancha yengil tortib nafas olamiz: o‘tmishi juda qorong‘i bo‘lgan janob van Maren va janob de Kok tushlik qilgani uylariga ketishdi. Yuqoridan changyutgich ovozi eshitilyapti – van Dan xonim bitta-yu bitta sevimli gilamini tozalayapti.

Margo darsliklarni qo‘ltiqlab “sekin o‘zlashtirayotgan”larga qo‘shimcha saboq berishga chog‘lanyapti, menimcha. Bu talaba – janob Dyussel. Dadam biroz bo‘lsa-da, yolg‘iz qolish uchun Dikkens mutolaasiga kirishdi. Oyim yana bir uy bekasiga yordam berish uchun tepaga chiqib ketdi. Men esa vannaxonani yig‘ishtiraman, o‘zimga ham qarab olaman.

O‘n ikkidan qirq daqiqa o‘tdi. Mehmonlarimiz birma-bir kirib keladi: janob Giez, keyin janob Kleiman yoki Kugler, Bep, ba’zan hatto Miep ham keladi.

Soat bir. Radio atrofida yig‘ilib “BiBiSi” yangiliklarini tinglaymiz. Faqat mana shu payt hech kim bir-biriga xalal bermaydi, chunki hatto janob van Dan ham radioboshlovchiga qarshilik qilolmaydi-da.

O‘n uchdan o‘n besh daqiqa o‘tdi. Tushlik tarqatildi. Pastdagilar bir kosa sho‘rva, agar bo‘lsa, shirinlik bilan mehmondorchilikka chiqishadi. Janob Giez stol oldidagi divanda, tizzasida mushuk, gazeta o‘qib o‘tiradi. Agar bu narsalardan birortasi bo‘lmasa, o‘zini noqulay his qiladi. Janob Kleiman shahardagi so‘nggi yangiliklardan so‘zlaydi, bu ishda u ustasi farang. Janob Kugler shoshib kelib, eshikni bir marta chertadi. Qo‘llarini ishqalab kirib keladi, xushchaqchaq yoki xomush, kamgap: bu uning kayfiyatiga bog‘liq.

Birdan qirq besh daqiqa o‘tdi. Dasturxon yig‘ishtirilib, hamma o‘z ishiga sho‘ng‘iydi. Margo bilan oyim idish-tovoq yuvadi. Van Danlar divanda dam olishadi, Piter yuqoriga chiqib ketadi. Dadam va janob Dyussel ham mizg‘ib olishadi. Anna esa uy vazifalarini bajaradi.

Keyingi soatda hammayoq suv quygandek jimjit bo‘lib qoladi; hamma uxlaydi, hech kim bir-biriga xalal bermaydi. Ko‘rinishidan janob Dyussel ovqat haqida tush ko‘ryapti. Ammo vaqtimni uning turqiga qarab o‘tirishga sarflamayman. Har daqiqa g‘animat: hademay soat to‘rt bo‘ladi, janob Dyussel stolni qachon bo‘shatarkan, deya soat miliga tikilgancha tepamda qaqqayib turib oladi.

Qadrdoning Anna

1943 yil, 10 sentyabr, juma

Har safar senga xat yozganimda yaxshisidan ko‘ra yomon voqealar ko‘proq sodir bo‘ladi. Ammo bu safar ajoyib hodisa yuz berdi.

Chorshanba kuni, ya’ni 8 sentyabrda soat yettidagi “Yangiliklar”dan xushxabar eshitdik: “Urush boshlangandan buyon yuz bergan eng yaxshi voqealardan biri: Italiya ozod qilindi!” Italiya tamoman egallanibdi! Angliyadagi golland xabarlari soat sakkizdan o‘n besh daqiqa o‘tganda, suxandonning: “Tinglovchilar, bir soatu o‘n besh daqiqa oldin kundalik yangilikni yozib tugatgan ham edikki, Italiyaning ozod etilgani haqidagi xushxabarni eshitdim. Rostini aytsam, ilgarilari hech qachon bugungidek maroq bilan yozganlarimni chiqindi chelagiga tashlamaganman”, degan yangiligi bilan boshlandi.

Amerika milliy madhiyasi, “Qirolni Tangri asrasin” va Rossiyaning “Internatsional”i yangradi. Gollandiya eshittirishi har doimgidek balandparvoz bo‘lmasa-da, qalbga yaqin edi.

Britaniya Nepalga askarlarini tushirdi. Shimoliy Italiyani nemislar egallashdi. Yarashuv haqidagi shartnoma Britaniya askarlari Italiyaga tushgan 3 sentyabr – juma kuni imzolandi. Nemislar barcha gazetalarda Badolo[7] va Italiya qirolining sotqinligi haqida yozib, qarg‘ashyapti.

Afsuski, shumxabar ham bor. Janob Kleimanni naqadar ardoqlashimiz o‘zingga ma’lum. O‘zi kasal, tuzukroq ovqat yeya olmasligiga qaramay, o‘ta jasur, yuzidan tabassum arimaydi.

− Janob Kleiman kelganda quyosh charaqlab ketadi, − degandi oyim. Uning gapi to‘ppa-to‘g‘ri.

Boyoqishning kasali og‘irlashib, oshqozonini operatsiya qildirishiga to‘g‘ri kelyapti. Gospitalda kamida to‘rt hafta davolanadi. Biz bilan xuddi do‘konga chiqib ketayotgandek bamaylixotir xayrlashganini ko‘rsang edi…

Annang

1943 yil, 16 sentyabr, payshanba

Aziz dugonam Kitti!

Chordog‘imizdagi o‘zaro munosabatlar kun sayin yomonlashib bormoqda. Ovqatlanayotganda og‘iz juftlab biror gap aytishga haddimiz sig‘maydi (og‘zimiz faqat ovqat yeyish uchun ochiladi), chunki nimaiki gapirsang ham yo shubhalar girdobiga tushasan yoki kimdir aytganlaringni noto‘g‘ri tushunadi. Janob Voskuijl ba’zan bizni ko‘rgani keladi. Ming afsus, ahvolini yaxshi deb bo‘lmaydi. Oilasiga ham oson tutma, har narsaga: “Menga nima farqi bor! Baribir o‘laman!” qabilida qaraydi. Bizning asablarimiz dosh bermayapti-ku, oilasining ahvoli ne kechayotgan ekan?

Qo‘rquv va asabbuzarlikka qarshi har kuni yurak dori ichyapman, biroq qani nafi tegsa, battar qilyapti. Kulgi har qanday doridan afzal, ammo biz kulishni ham unutib qo‘ygandekmiz. Barcha g‘am-tashvishlar sababli yuzim salqib, og‘zim qiyshayib qolyaptimikan deb qo‘rqaman. Boshqalarning ham ahvoli tang. Hamma qahraton qishdek sovuq qo‘rquvlar ichida yashayapti.

Tashvish ustiga tashvish yuklayotgan holatlardan biri shuki, ombor ishchisi janob van Maren chordog‘imizdan shubhalana boshlabdi. Miep laboratoriyaga serqatnov, Bep arxivga, janob Kleiman asosiy omborga chiqib turadi. Janob Kugler esa binoning orqa qismi “Opekta” firmasiga emas, qo‘shni kompaniyaga tegishli deydi. Shubhali narsani payqash uchun biroz farosat bilan o‘ylansa, bas, shuning o‘zi yetarli. Janob van Marenning gumonlariga e’tibor ham bermagan bo‘lardik, biroq uning o‘tmishi biroz tushunarsizroq-da.

Bir kuni janob Kugler yanada ehtiyotkorlik qilmoqchi bo‘ldi, soat o‘n ikkidan yigirma daqiqa o‘tganda paltosini kiyib dorixonaga yo‘l oldi. Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas, o‘g‘riga o‘xshab qo‘rqa-pisa bizni ko‘rgani chiqdi. Birdan o‘n besh daqiqa o‘tganda ketishga chog‘landi. Yo‘lda Bepni uchratibdi, u janob van Maren ishxonada ekanligini aytibdi. Janob Kugler ta’bi tirriq bo‘lib, biz bilan bir yarimgacha o‘tirdi. Keyin tuflisini yechib, paypoqchan (shamollaganiga qaramay) ayvondagi zinadan tusha boshladi, zina g‘ichirlamasin deya o‘n besh daqiqa imillab pastga tushdi, shunday qilib tashqaridan ofisga kirardi.

Bu payt Bep janob van Marendan bir amallab qutulibdi-da, janob Kug­lerni olib ketgani kelibdi. Lekin janob allaqachon ketib bo‘lgan, haliyam oyoq uchida pastga tushayotgandi. Direktor ko‘chada tuflisini kiyayotganini ko‘rgan o‘tkinchilar nima deb o‘ylashdi ekan?

Tuflisiz, paypoqchan!

Anna

1943 yil, 17 oktyabr, yakshanba

Azizam Kitti!

Xudoga shukur, janob Kleiman qaytib keldi. Rangi biroz siniq, ammo van Danlarning narsalarini sotishga g‘ayrat qilyapti. Afsuski, van Danlarning puli tugab qoldi. Janob oxirgi yuz guilderini yerto‘lada yo‘qotib qo‘yibdi. Bu hali ham hammamiz uchun muammolar tug‘diryapti: dushanba tongida yerto‘lada yuz guilder qanday yo‘qolib qolganiga hayronmiz. Shubha oraladi. Nima bo‘lganda ham pul yo‘qolgan. O‘g‘ri kim?

Darvoqe, iqtisodiy yetishmovchilik haqida gapirayotgandim. Ular puldan qisilib qolishdi; xonimning bir dunyo latta-puttalari, paltolari, oyoq kiyimlari bor, biroq ulardan ajralishga ko‘zi qiymaydi. Janob van Danning kostyumi umuman sotishga yaramaydi, Piterning velosipedi ham o‘tmadi. Qarabsanki, van Dan xonim mo‘ynali paltosidan voz kechishga majbur. Uningcha, xarajatlarimizni firma to‘lashi kerak, bu juda kulgili.

Hozirgina shu masala yuzasidan ro‘y bergan qattiq janjal yarashuv bilan nihoyasiga yetdi.

Oxirgi oy ichida bu yerda bo‘lgan janjallaru to‘s-to‘polonlardan boshim aylanib ketdi. Dadam lablarini burishtirib yuribdi, har safar ismini eshitganda, yana biror janjalni bostirish kerakligidan qo‘rqib turadi. Oyim xunobi chiqaverganidan yonoqlari qizaradi. Margo bosh og‘rig‘idan, Dyussel uyqusizlikdan noliydi. Van Dan xonim kun bo‘yi dod-voy qiladi, rostini aytsam, xotiram zaiflashib qolyapti. Ba’zida kim kim bilan urishgani, kim kim bilan yarashib olgani xayolimdan ko‘tariladi.

Chalg‘ishning yagona yo‘li – o‘qish, so‘nggi paytlarda juda ko‘p dars tayyorlayapman.

Annang

1943 yil, 29 oktyabr, juma

Dugonam Kitti!

Janob Kleimanning yana tobi qochdi; oshqozoni unga bir dadiqa ham tinchlik bermaydi. Qonashdan to‘xtaganmi, yo‘qmi, hatto shuni ham bilmaydi. Mazasi yo‘qligini, uyga ketayotganini aytgani biznikiga kirdi, birinchi marta uning kayfiyati tushkun holda edi.

Van Danlar yana bir ulkan janjalni boshdan kechirishdi: muammo esa o‘sha-o‘sha − pul. Janobning paltosini va kostyumini sotishmoqchi edi, biroq narx-navoni osmonga ko‘tarishgani uchun xaridor topilmadi.

Bir-ikki kun ilgari janob Kleiman mo‘ynafurush do‘sti haqida gapirib qoldi. Janob van Dan xotinining paltosini sotish payiga tushdi. Palto quyon terisidan tikilgan, xonim uni oz emas, ko‘p emas, o‘n yetti yil kiygan. Shunday bo‘lsa-da, 350 guilderga sotishga muvaffaq bo‘ldi. Pulni urushdan keyin biror qimmatbaho kiyim sotib olish uchun yashirib qo‘ymoqchi edi. Janob van Dan pul hozir ro‘zg‘orga zarurligini tushuntiraman, deya esdan og‘ayozdi.

Yuqorida yuz bergan dod-voylar, baqir-chaqirlar, depsinishlaru so‘kinishlarni tasavvur qila olmaysan. Dahshat! Bizning oila nafasini ichiga yutgancha zinaga tizilib oldi, agar zarur bo‘lsa, ularni ajratib olamiz deb o‘yladik. Urush-janjallardan shu qadar charchadimki, asabiy bo‘lib qoldim, kechalari hech bo‘lmaganda yarim soat xoli qolsam ham xursand bo‘laman, yig‘layverib yostig‘imni ho‘l qilganimcha uyquga ketaman.

Ishtaham yo‘qligini hisobga olmasak, ahvolim yaxshi. “Voy, tavba, rangingda rang qolmabdi!” degan gapni qayta-qayta eshitaveraman. Tan olishim kerak, og‘zimga bir luqma ovqat solish uchun hamma qo‘lidan kelganicha harakat qilyapti: vitaminlar, baliq yog‘i, kaltsiy berishyapti.

Tashqarida hatto qush sayramayapti, uyda jimjitlik, bu o‘lik sukunat meni ham tobora o‘z domiga tortib borayotganga o‘xshaydi. Bunday paytlarda dadam, oyim, Margo menga ahamiyat berishmaydi. Xonalarda tentirayman, zinadan yuqoriga chiqaman, pastga tushaman. Go‘yo qanoti qayrilgan, qorong‘ulikda qafasga urilib-turtilayotgan choliqushidekman. Qalbim “tashqariga chiqarib yuboring, toza havodan nafas olay, miriqib kulay!” deya unsiz yig‘laydi. Bu faryodga javob bermay, o‘rnimga yotaman. Uyquda jimjitlik ham, qo‘rquv ham yo‘qoladi, vaqt tezroq o‘tadi. Axir, uni yo‘q qilish ilojsiz-da.

Anna

1943 yil, 8 noyabr, dushanba

Dugonajonim Kitti!

Barcha maktublarimni bir o‘tirishda o‘qib chiqsang, ular turli xil kayfiyatlarda yozilganini payqaysan. Bu yerda kayfiyatimga shunchalar bog‘liq bo‘lib qolganimdan o‘zimning ham jahlim chiqadi, bir men emas, hamma shunday ahvolda. Agar biror asar menga ta’sir qilsa, o‘z tuyg‘ularimni yashirishim kerak, aks holda atrofdagilarim juda to‘lqinlanib ketibdi degan xayolga borishadi. Judayam chigal ruhiy holatga tushib qolganimni sezgandirsan. Nega bu holga tushganimni o‘zim ham tushunmayapman. Menimcha, har qadamimda ta’qib qiladigan qo‘rqoqligim sababdir. Bugun oqshom Bep hali biznikidaligida eshik qo‘ng‘irog‘i uzoq jiringladi. Qo‘rqqanimdan rangim dokadek oqardi, yuragim gupillab ura boshladi, oshqozonimda kapalak uchib yurgandek tuyuldi.

Kechalari dadamsiz, oyimsiz yolg‘iz o‘zim qamoqxonada yotganimni tasavvur qilaman. Tushlarimda chordog‘imiz yonib ketadi, yarim kechada bizni olib ketgani kelishadi, dahshatga tushib, ko‘rpaga burkanib olaman. Hamma narsani xuddi haqiqatda yuz berayotgandek aniq-tiniq ko‘raman. Tez orada xuddi shu ahvolga tushishimizni o‘ylash esa dahshat!

Miep ko‘pincha osuda hayotimizga havas qilishini aytadi. Balki u haqdir, ammo qo‘rquvlarimizni hisobga olmayotgani aniq. Hayotimiz yana iziga tushib ketishini sira tasavvur qila olmayman. “Urushdan keyin” deya gapiramanu, bu so‘zlarim hech qachon ro‘yobga chiqmaydigan, sarobdek tuyuladi.

Chordoqning sakkiz fuqarosi qora bulutlar halqasi o‘rab olgan bir parcha moviy osmon ostida yashayotgandekmiz. Moviy osmon osoyishta, biroq qora bulutlar halqasi tobora torayib bizni yanada jipslashtiryapti. Zulmat va xatar iskanjasida bir-birimizga tobora qattiqroq yopishayotgandekmiz. Pastda jang ketmoqda, tepadagi moviy osmon esa osoyishta. Lekin bizni qora bulutlar chulg‘ab olgan, tepaga ham chiqolmaymiz, pastga ham tusholmaymiz. Bulutlar bizni yo‘q qilishga chog‘langan, ammo hozircha buni uddalay olmayotgan baland devor kabi qarshimizda turibdi. “Ey, halqa, kengayib bizni qo‘yib yubor” deya yolvorib qichqirishdan o‘zga choram qolmadi.

Anna

1943 yil, 11 noyabr, payshanba

Azizam Kitti!

Bu maktubni “Avtoruchkamning yorqin xotirasiga bag‘ishlov” deb atayman.

Avtoruchkam men uchun juda bebaho xazina edi; uning uzun perosi bor, pero bilan juda chiroyli yozganim uchun uni shu qadar qadrlardim. Avtoruchka menga uzoq xizmat qildi, bu haqda quyida gapirib o‘taman. To‘qqiz yoshimda bu ruchka buvim istiqomat qiladigan Axen shahridan avval paxtaga o‘ralib, keyin qutiga joylangan holda yetib keldi, quti ustiga “Yagona nusxada” deb yozilgandi. Fevral izg‘irini hukmron edi. Shamollab, to‘shakda yotgan bo‘lsam-da, ruchkani dugonalarimga ko‘z-ko‘z qilib chiqdim. Men, Anna Frank, avtoruchkaga egalik qilayotganimdan faxrlanardim.

O‘n yoshimda ruchkani maktabga olib bordim, hayratlanarlisi, o‘qituvchi u bilan yozishimga ruxsat berdi. O‘n bir yoshimda esa xazina yana chetga olib qo‘yildi, chunki oltinchi sinf o‘qituvchim faqat maktab ruchka va siyohlarini ishlatishga ruxsat bergandi. O‘n ikki yoshimda yahudiylar litseyida o‘qishni davom ettira boshlaganimda, avtoruchkaga qalamdonimdan munosib joy topildi. Qalamdonim qulflanardi. O‘n uch yoshimda avtoruchkani chordog‘imizga olib keldim. Birgalikda sanoqsiz xatlaru insholar yozdik. Shunday qilib, o‘n to‘rt yoshimgacha ruchkam men bilan baxtli hayot kechirdi…

Juma oqshomi, soat beshlar bo‘lib qolgandi. Yozish uchun endi stol qarshisida o‘tirgandim hamki, dadam bilan Margoning lotin tili mashg‘ulotiga joy bo‘shatishga to‘g‘ri keldi. Avtoruchka o‘sha joyda qolib ketdi, men esa stolning bir burchagida loviya tozalab o‘tirishga mahkum etildim. Qirq besh daqiqa o‘tganda yengilgina supir-sidir qilib, chiqindilarni loviya po‘choqlari bilan birga gazetaga soldim-da, kaminga tashlab yubordim. So‘nggi kunlarda kaminimiz unchalik yaxshi yonmayotgandi, bu safar olov kuchayganini maroq bilan tomosha qildim.

Lotin tili darsi tugadi, men esa yozuvimni davom ettirish uchun stol qarshisiga o‘tirardim. Ammo avtoruchkam g‘oyib bo‘lgan edi. Hamma yerni qarab, qidirib chiqdim. Margo ham, dadam, oyim ham, hatto janob Dyussel ham qidirdi. Biroq avtoruchka hech qayerda yo‘q edi.

− Balki axlatga qo‘shib kaminda yoqib yuborgandirsan, − dedi Margo.

− Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas! − javob berdim men.

Shu kecha ruchka topilmagach, hammamiz rostdan ham yonib ketgandir degan shubhaga bordik, chunki kamindagi olov rosa kuchaygandi o‘shanda. Shubhalarimiz ertasi kuni o‘z tasdig‘ini topdi, dadam kamin kulini tozalayotganda, ruchka qopqog‘iga ko‘zi tushibdi.

− Ruchkaning qolgani erib ketgan, − dedi u.

Faqat bir narsa tasalli beryapti, ruchkam kuydirildi. Men ham o‘limimdan keyin biror kun jasadimning kuydirilishini istayman.

Anna

1943 yil, 17 noyabr, chorshanba

Dugonam Kitti!

Shu kunlarda bo‘lgan voqealardan butun chordog‘imiz tashvishda. Bep difteriya bilan og‘rib qoldi, unga olti hafta arantin qo‘yildi, endi ishga chiqolmaydi. Usiz oziq-ovqat masalasi ancha tanglashib qoladi, uni qanchalar sog‘inishimizni esa aytmasa ham bo‘ladi.

Janob Kleiman hali ham betob, uch haftadan buyon faqat suyuq atala ichayotgan ekan. Janob Kugler ishga ko‘milib qoldi.

Margo lotin tilidan uyga vazifalarini o‘qituvchiga jo‘natadi, u esa tekshirib qaytarib yuboradi. Kursga Bepning nomidan yozilgan. O‘qituvchi juda xushmuomala va aqlli. Shunday iqtidorli o‘quvchisi borligidan rosa xursand bo‘layotgandir.

Dyusselni jin uribdi, negaligini hech birimiz bilmaymiz. U van Danlar bilan umuman gaplashmay qo‘ydi. Buni hammamiz sezdik. Bu hol bir necha kun davom etdi, keyin oyim uni van Dan xonimning fe’l-atvori yomonligidan ogohlantirib qo‘ydi. Dyussel ularning o‘zi birinchi bo‘lib gaplashmay qo‘yishganini, o‘zi esa bu holatni buzmasligini aytdi. Kecha – 16 noyabrda Dyusselning ko‘chib kelganiga bir yil to‘ldi. Shu munosabat bilan u oyimga bir dasta gul sovg‘a qildi. Dyussel bu hodisani ziyofat bilan yuvishi kerak deb yurgan van Dan xonim esa quruq qoldi.

O‘n oltinchi kuni Dyusseldan tabriklaymi, hamdardlik bildiraymi deb so‘raganimda, unisini ham bunisini ham qabul qilishini aytgandi. Yarashtiruvchi vazifasini o‘z bo‘yniga olgan oyim hech qanday natijaga erisha olmadi.

Dyussel esini yeb qo‘ygan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Xotirasi juda past, umuman o‘z fikriga ega emas. Hozirgina eshitgan yangiliklarimizning boshdan-oyoq teskarisini qayta gapirib beradi. Birortamiz uni tanqid qilsak, bo‘m-bo‘sh va’dalarni qalashtirib tashlaydi. Aqli g‘ij-g‘ij, ishga kelganda esa, puch!

Anna

1943 yil, 22 dekabr, chorshanba

Azizam Kitti!

Qattiq shamollab qolganim sababli bugungacha senga xat yoza olmadim. Bu yerda kasal bo‘lish – dahshatning o‘zginasi. Har yo‘talganimda ko‘rpaga burkanar, yo‘talimni tutib, turishga urinardim. Ko‘pincha buni uddalay olmas, asalli sut, yo‘tal qoldiradigan dorilar ichardim. Yo‘talimni davolash uchun qilmagan ishimiz qolmadi: terlatish, bug‘latish, nam, quruq kompress, tomoq artish, kun bo‘yi yotish, issiq ichimliklar, limonad, ustiga-ustak har ikki soatda termometrli tekshiruv. Shunday tuzalib ketish mumkinmi? Eng yomoni esa Dyussel doktor-doktor o‘ynashga kirishdi, yog‘li boshini ochiq ko‘kragimga tutganda rosa qitig‘im keladi, uyalganimdan sholg‘omdek qizarib ketaman. U o‘ttiz yil ilgari maktabga qatnab, shifokor darajasiga erishgan bo‘lsa ham, o‘zimni juda noqulay his qilaman. Nega endi u mening ko‘kragimga bosh qo‘yadi? Axir, yigitim emas-ku!

Nima bo‘lganda ham u yurak urishimni baribir eshitmaydi; avval qulog‘ini yaxshilab tozalab olishi kerak.

Etar, kasallik mavzusini bas qilaman. Hozir yana soppa-sog‘man. Bo‘yim bir santimetrga cho‘zilib, bir kiloga to‘lishibman. Rangim siniqqan bo‘lsa ham, dars tayyorlashga chog‘lanib turibman. Boshpanamiz ancha tinchib qoldi, hech kim janjallashmayapti. Olti oydan beri uyimiz bunchalar sokin bo‘lmagan.

Bep hali ham karantinda, lekin tez orada kelib qoladi.

Rojdestvoga o‘simlik yog‘i, shirinlik, murabbo uchun talon olamiz. Hanuka bayramida janob Dyussel van Dan xonim va oyimga tort sovg‘a qildi. Tortni Miepga pishirtirgan, boyaqish shuncha yumush ustiga pishir-kuydir ham qilgan! Margo bilan menga tangadan yasalgan ajoyib to‘g‘nag‘ich sovg‘a qilishdi. Miep bilan Bepga atab men ham Rojdestvo sovg‘asi tayyorlab qo‘ydim. Bir oy davomida qandsiz bo‘tqa yedim. Yig‘ilgan qandlardan janob Kleiman taxtachada juda go‘zal naqsh yasab berdi.

Havoning avzoyi buzuq, kamin miltillab yonyapti, hamma og‘ir ovqat sababli oshqozonidan noliyapti.

Frontda jimjitlik, hammaning ruhi tushgan.

Annang

1943 yil, 24 dekabr, juma

Azizam Kitti!

Bu yerda kayfiyatning hamma narsaga ta’sir qilishi haqida ko‘p yozganman, oxirgi paytlarda bu narsa menga juda sezilyapti. Gyotening “Baxt cho‘qqisidan tushkunlik qa’riga” degan so‘zlari aynan shunga mos keladi. O‘zimni boshqa yahudiy bolalarga taqqoslasam, baxt cho‘qqisiga chiqaman. Janob Kleiman mehmonga kelib, “Yoppi” xokkey klubi, maktab spektakllari, kanoeda suzishlar, do‘stlari bilan tushki choyxo‘rlik haqida gapirganda esa tushkunlik qa’riga cho‘kaman. “Yoppi”larga hasad qilmayman, ammo miriqib kulgim, ko‘ngilxushlik qilgim kelyapti. Buning ustiga, qish o‘rtasida, Rojdestvo va yangi yil arafasida qamalib o‘tirishimiz alam qilyapti.

Aslida bularni yozishim g‘irt nonko‘rlik, lekin hamma narsani ichimda saqlay olmayman. Shuning uchun boshda aytgan so‘zlarimni yana qaytaraman: qog‘oz odamlardan sabrliroq.

Kimdir tashqaridan kiyimlariga qor tushgan, sovuqdan yanoqlari qizarib kirib kelishi bilan boshimni ko‘rpaga burkab, “Biz qachon toza havodan nafas olarkanmiz?” degan xayoldan chalg‘ishga urinaman. Qanchalar urinmay, qanchalar sovuqqon bo‘lishga tirishmay, bu xayollar meni sira tinch qo‘ymaydi. To‘rt devor ichida bir yarim yildan ortiq o‘tirsang, sabr kosang ham to‘lar ekan, ishonaver. Naqadar noshukur, beqaror bo‘lsa-da, tuyg‘ulardan voz kechib bo‘lmaydi. Velosiped uchsam, raqsga tushsam, hushtak chalib, dunyoni tomosha qilsam, o‘zimni yosh va erkin his etsam deyman. Ammo bularni baralla ayta olmayman. Tasavvur qil, sakkiz kishi o‘zimizga achinib, xo‘mrayib yursak, nima bo‘ladi? Bundan nima foyda? Ba’zan o‘ylab qolaman: biror kishi meni tushunarmikan, noshukurligimni kechirib, yahudiymanmi, boshqami, erkinlikka, quvonchga muhtoj o‘smir qiz qalbini ko‘ra olarmikan? Bilmayman, biror kishi bilan hasratlasholmayman, ha, yig‘lab yuboraman deya qo‘rqaman. Dardkashing bo‘lsa, ko‘z yosh g‘amni yengillatadi.

Barcha qarashlarimu aqidalarimga qaramay, har kun, har soat meni tushunuvchi ona yetishmayotganini sezib turaman. Shuning uchun har qadamimda, har bir xatimda o‘z bolalarimga o‘zim istagandek ona bo‘lishim haqida o‘ylayman. Tasavvurimdagi ona atrofdagilarga parvo qilmaydi, ammo meni jiddiy qabul qiladi. Nimani nazarda tutayotganimni tushuntirishga ojizman, lekin “ona” degan so‘z hammasiga yagona izoh. Bilasanmi, nimani odat qilib oldim? Oyimni kinoya bilan “oyijonginam” deb atayman, ya’ni nokomil ona. Yaxshiyamki, o‘zi buni sezmaydi, bilib qolsa, rosa xafa bo‘ladi. Mayli, bugunga yetar.

Bugun yozganlarim meni “tushkunlik qa’ri”dan chiqarib oldi.

Annang

1943 yil, 27 dekabr, dushanba

Juma oqshomi, umrimda ilk marotaba Rojdestvo sovg‘asi oldim. Janob Kleiman, Kugler, qizlar to‘satdan kelib, ajoyib sovg‘alar berishdi. Miep juda shirin tort pishiribdi, ustida “1944 yil, Tinchlik” deb yozilgan, Bep urushdan oldingi paytlardagidek mazali pishiriqlar olib keldi. Piter, Margo va menga bir qutidan yogurt, kattalarga esa bir shishadan pivo nasib qildi. Hammasi did bilan juda chiroyli gulqog‘ozlarga o‘ralgan, lentabandlar taqilgandi.

Rojdestvo ham ko‘z yumib-ochguncha o‘tib ketdi.

Anna

1943 yil, 30 dekabr, payshanba

Dugonajonim Kitti!

So‘nggi katta janjallardan keyin boshpanamiz ancha tinchib qoldi. Dyussel bilan yuqoridagilar, xonim bilan janob o‘rtasidagi munosabat o‘nglangandek. Lekin baribir, qora bulutlar suzib yuribdi, hammasi… ovqat tufayli. Van Dan xonim kulgili gap aytib qoldi. Nonushtaga kamroq kartoshka qovurib, qolganini kunning keyingi qismida yer ekanmiz. Oyim ham, Dyussel ham, qolganlar ham bunga rozi bo‘lishmadi. Yog‘ ham teng bo‘linmayotgandek. Oyim bunga nuqta qo‘ymoqchi. Voqea qiziq joyiga yetsa, senga hammasini gapirib beraman.

So‘nggi bir necha oydan beri go‘shtni bo‘layapmiz (ularniki yog‘li, bizniki yog‘siz), sho‘rva (ular ichishadi, biz esa yo‘q), kartoshka (ularniki tozalangan, bizniki esa tozalanmagan). Xaridlar ham alohida, endi qovurilgan kartoshka ham bo‘linadi. Qaniydi, butunlay ajralib ketsak!

Annang

P.S. Bep men uchun qirollik oilasi suratini olib keldi. Yuliana juda yosh ko‘rinadi, qirolicha ham. Uch jajji malika ham juda chiroyli ekan. Bep men haqimda o‘ylashi juda ajoyib, shundaymi?

1944 yil, 2 yanvar, yakshanba

Azizam Kitti!

Bugun tongda bekorchilikdan kundaligimni varaqlab, ona mavzusida juda ayovsiz xatlar yozganimni ko‘rib o‘zim ham hayratdan dong qotdim. O‘zimga o‘zim: “Anna, nahotki nafratga to‘la xatlarni sen yozgan bo‘lsang? Bunga qanday qo‘ling bordi?!” deya savollar berdim.

Daftarni ochib qo‘yib, nega bunchalar g‘azab va nafratga to‘lganimdan, nega tuyg‘ularimni senga ishonib bayon etganimdan ajablanib o‘tirdim. O‘tgan yilgi Annani tushunishga, uni kechirishga urindim. O‘z tuyg‘ularimga izoh va sabab topmagunimcha vijdonim tinchimaydi.

Kayfiyatimning tez o‘zgarishi ko‘zimni ko‘r qilib qo‘ydi, hamma voqealarni faqat o‘z tomonimdan kuzatar, boshqalarni ham hisobga olib, bamaylixotir o‘ylamay, darrov his-tuyg‘ularga berilar, oqibatda, hammani ranjitar, xafa qilardim.

O‘z qobig‘imga o‘ralib olganman, quvonchimni ham, dardimni ham, alamimni ham kundalikka to‘kib solaman. Kundalik men uchun xotira daftariga aylangani sababli katta ahamiyatga ega, ammo ko‘p varaqlarini shunchaki yirtib tashlash kerak.

Onamdan jahlim chiqqandi, hozir ham shunday bo‘lib turadi. To‘g‘ri, u meni tushunmasdi, lekin men ham uni tushunishga sira urinmadim. U meni sevadi, mehr ko‘rsatgisi keladi. Men esa uni necha marotaba mushkul vaziyatda qoldirdim, shu sababdan u asabiylashar, ozorlanardi. Oqibatda munosabatlarimiz sovuqlashib borardi.

Men, ahmoq, bularni yuragimga juda yaqin olib, unga battar hurmatsizlik qilardim, yana ozor berardim. Bora-bora ko‘nglimizda gina-kudrat to‘planib qoldi. Bu jarayon ikkimiz uchun ham qiyin kechdi. Nimalar bo‘layotganini ko‘rishni istamas, o‘zimga achinardim, buni ham tushunish mumkin.

Qog‘ozdagi gaplar shunchaki alamzadalikdan. Yozmaganimda ham baribir xonamga qamalib olib, bir-ikki zarda qilardim, oyimning ortidan haqoratlardim.

Oyimni ko‘z yosh to‘kishga majbur qilgan paytlarim o‘tib ketdi. Endi ancha aqlim kirib qoldi, oyim ham ilgarigidek asabiylashmayapti. Jahlimiz chiqqanda ikkimiz ham tilimizni tishlayapmiz, tashqaridan qaraganda munosabatlarimiz o‘nglangandek. Ammo bir narsa sira qo‘limdan kelmaydi: oyimni chin farzanddek sira seva olmayman.

Jahlimni oyimga sochib xafa qilishdan ko‘ra, dardimni qog‘ozga to‘kib solaman deya vijdonimni tinchitayapman.

Annang

1944 yil, 15 yanvar, shanba

Azizam Kitti!

Urush-janjallarimizni ikir-chikirigacha tasvirlashimga ne hojat? Go‘sht, yog‘ni bo‘lib, kartoshkani ham alohida qovurayotganimiz hammasini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi-ku. Endi soat to‘rtlardan keyin ozgina arpa non yeb olyapmiz, kechki ovqatgacha qorin piyoz po‘sti bo‘lib ketyapti.

Oyimning tug‘ilgan kuni yaqinlashib qoldi. Janob Kugler oldindan qo‘shimcha shakar sovg‘a qildi, van Danlarning hasadi keldi, chunki van Dan xonim tug‘ilgan kuniga sovg‘a olmagan edi-da. Baqir-chaqir, ko‘zyoshlar, achchiq-chuchuk gaplar tafsiloti bilan seni zerktirmay. Ammo bu janjallar qanchalik jonimizga tekkanini tasavvur qilib ko‘r!

Oyim yaqin orada ro‘yobga chiqmaydigan niyat tiladi: van Danlarni ikki hafta umuman ko‘rmaslik. Hayronman, yonma-yon yashagan odamlar doim janjallashib, bir-biridan sovib ketarmikan? Yoki shunchaki bizning omadimiz chopmadimi? Ovqat payti Dyussel o‘ziga go‘shtli ovqatni mo‘l solib, bizga deyarli hech vaqo qoldirmaydi, mening ishtaham shu zahoti bo‘g‘iladi. O‘rnimdan sapchib turib, uni stuldan tepib ag‘dargim, tashqariga uloqtirgim keladi. Nahotki, ko‘pchilik shunay ziqna, xudbin bo‘lsa?

Bu yerga kelganimdan buyon inson psixologiyasini chuqur egalladim, biroq bu ham jonimga tegdi. Piter ham shunday deydi. Janjallarimizga, erkinlik va toza havoga zoriqishimizga qaramay, urush davom etyapti, shuning uchun odamga o‘xshab yashashga harakat qilishimiz kerak. Men hanuz mulohaza qilyapman, lekin bu yerda ko‘proq qolib ketsak, qurigan loviyaga o‘xshab bujmayib qolishim tayin. Qurib ketsin, men yana biroz o‘smirligimcha qolishni istayman!

Anna

1944 yil, 19 yanvar, chorshanba

Azizam Kitti!

Menga nima jin urganini o‘zim tushunmay qoldim, ammo o‘sha tushdan keyin o‘zim o‘zimga o‘xshamay qoldim. Kecha Piterni yana tushimda ko‘rdim, uning ko‘zlari yana menga tikilardi, lekin bu safargi tush ilgarigisidek aniq, go‘zal emasdi.

Bilasan, doim dadam bilan Margoning munosabatiga hasad qilganman. Hozir bu hasaddan asar ham qolmadi; dadam arzimagan narsaga menga asabiylashib, jahl qilganda hali ham og‘rinaman, lekin doim “Sizni ayblay olmayman. Bolalar, o‘smirlar ruhiyati haqida ko‘p gapirasiz, ammo ular to‘g‘risidagi eng oddiy narsalarni bilmaysiz!” deya o‘ylab ovunaman. Dadamning qo‘llab-quvvatlashini, quchoqlashi-yu o‘pichlarini juda sog‘indim. Faqat o‘zim haqimda o‘ylashim g‘ashingni keltirmayaptimi? Odobli va mehribon bo‘lishim uchun avval ularni kechirishim lozimmi? Men oyimni ham kechiraman, biroq har safar menga tanbeh berib, ustimdan kulganda zo‘rg‘a o‘zimni bosib turaman. Bilaman, o‘ylaganimdek inson emasman; o‘zi qachondir shunday bo‘larmikanman?

Anna Frank

P.S Oyimning tug‘ilgan kuniga ishxonadagilar xuddi urushdan oldingi paytlardagidek shokoladli tort sovg‘a qilishdi. Ajoyib kun bo‘ldi! Ammo hozir bunday narsalarni o‘ylab o‘tirolmayman.

1944 yil, 22 yanvar, shanba

Dugonajonim Kitti!

Nega odamlar asl qiyofalarini shunchalar yashirishini ayta olasanmi? Men nega o‘zgalar oldida o‘zimni mutlaqo boshqacha tutaman? Nega odamlar bir-birlariga ishonishmaydi? Bilaman, buning sababi bo‘lishi kerak, ammo o‘z yaqinlaringga ham ishona olmasliging juda yomon. O‘sha tushdan keyin go‘yo ancha ulg‘ayib, endi birmuncha mustaqil bo‘lgandekman. Van Danlar haqidagi fikrim ham o‘zgardi desam, hayron qolarsan. Barcha bahslarimizga faqat o‘z oilam tomonidan qaramay qo‘ydim. Bunday keskin o‘zgarishning sababi nima? Bilasanmi, agar oyim boshqacha bo‘lganda, haqiqiy ona bo‘lganda munosabatlarimiz ham batamom boshqacha bo‘lishini anglab yetdim. Van Dan xonimning fe’li og‘irroq, lekin oyim ham o‘jar, o‘jar bo‘lmaganida, janjallarning yarmi bartaraf bo‘lardi. Van Dan xonimning yaxshi tarafi ham bor, u bilan suhbatlashish mumkin. U xudbin, ziqna, toshbag‘ir bo‘lishi mumkin, lekin jig‘iga tegmasang, fikridan qaytarish oson. Bu usul har doim ham ish beravermaydi, ammo sabr qilsang, u bilan kelishish mumkin.

Bola tarbiyasi, erkalatmaslik, oziq-ovqat haqidagi barcha-barcha tortishuvlarimiz odamlarning faqat yomon tomonini emas, fazilatlarini ko‘ra bilganimizda, do‘stona munosabatda bo‘lganimizda mutlaqo boshqacha tus olardi. Nima deyishingni aniq bilaman, Kitti.

− Anna, bu gaplar rostdan sendan chiqyaptimi? Tepadagilardan qancha noxush dashnomlar eshitgansan, shuncha adolatsizliklarni ko‘ra-bila turib, nahotki, shu fikr sening og‘zingdan chiqsa?

Ha, bu so‘zlarni men aytayapman. Hozir bariga toza nigoh bilan, o‘z fikrim bilan qarayapman. “Hammaniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga”, degan naqldagidek ota-onamning tarafini olmayapman. Van Danlarni sinab ko‘rib, qay masalada haq, qaysisida haddan oshganliklarini bilib olmoqchiman. Agar ular nohaq bo‘lishsa, doim ota-onam tarafga o‘tishim mumkin, haq bo‘lishsa, oilamning fikrini ham o‘zgartirishga urinib ko‘raman. Agar bu qo‘limdan kelmasa, o‘z fikrim va qarorimda qat’iy turib olaman. Van Dan xonim bilan muammoli masalalarda gaplashishga imkon topaman, “bilag‘on” degan laqabimga qaramay, doim betaraf qolaman.

Albatta, oilam haqida yomon gapirmayman, doim uni himoya qilaman, ammo bundan buyon g‘iybatlardan yiroq turaman. Bugungacha barcha janjallarimizda van Danlarni ayblardim, biroq xatoning kattasi bizdan o‘tgan ekan. Bir masalada haq bo‘lganmiz, ammo ziyoli odamlar (biz o‘zimizni aynan shu safga qo‘shamiz!) boshqalar bilan muomala qilish haqida yaxshiroq tassavurga ega bo‘lishimiz kerak. Umid qilamanki, endi vaziyatni ancha tushunib qoldim.

Annang

1944 yil, 28 yanvar, juma

Bir necha haftadan buyon qirollik oilasi shajarasi, geneologik jadvaliga qiziqib qoldim. Izlanishni boshladingmi, tarix ichiga sho‘ng‘ib ketaverarkansan, yanada qiziqroq kashfiyotlar chiqib kelaverarkan.

O‘qishga kelganda ancha ilg‘orman, radioda “Bi Bi Si” eshittirishlarini bemalol tushunyapman. Yakshanba kunlari ancha kengaygan yulduzlar albomini varaqlayman. Janob Kugler har dushanba kuni “Kino va teatr” jurnalini keltirib, meni rosa xursand qiladi. Chordog‘imizda yashovchilar esa, bu kabi qiziqishdan ancha yiroq, ular uchun bu pulni ko‘kka sovurish. Shunday bo‘lsa-da, bir yil o‘tsa ham, kinolardagi barcha aktyorlarni birma-bir sanay olishimga hayron qolishadi. Oyim yaqinda bir gap aytib qoldi. Keyinchalik umuman kinoga tushmasam ham bo‘lar ekan, chunki barcha stsenariylarni, yulduzlarni, filmlarni yoddan bilaman.

Sochimni yangicha turmak qilib chiqsam, ularning yuzida istehzo payqayman. Aniq bilamanki, kimdir soch turmagini qaysi aktrisanikiga o‘xshatganimni so‘rab qoladi. O‘zim o‘ylab topdim, deya javob beraman, ular ham menga ishonishadi. Turmak esa yarim soat ham turmaydi. Bu paytga kelib, ularning ming‘ir-sing‘iri hiqildog‘imga keladi, hojatxonaga borib sochimni yoyib yuboraman.

Annang

1944 yil, 28 yanvar, juma

Dugonajon!

Bugun tongda o‘ylab qoldim, hadeb eskirgan, me’damga tekkan gaplarni yozaverib, ularni kavshashga majbur sigirdek qilib qo‘ymadimmikan seni? Albatta, Annadan biror yangilik eshitishga oshiqayotgandirsan?

Sening holingni yaxshi tushunaman, har kuni bir xil gap eshitaverish hiqildog‘ingga kelgan. Lekin men bechoraning ahvolini ham tushun. Agar dasturxon boshida birortamiz taom, siyosatdan gap ochsak, oyim yoki janob Dyussel ming martalab aytilgan bolalik xotiralarini chaynashadi. Keyin Dyussel poyga otlari, Sharlottasining kiyim-kechaklari, qayiqdagi sayohatlar, to‘rt yoshida suzib ketganlar, suyaklari zirqirashi-yu mijozlarining quyonyurakligi haqida vaysay boshlaydi.

Birortamiz gap boshladikmi, boshqalar tugatib qo‘yishadi. Latifa aytilmasdan turib qanday tugashi ma’lum, oqibatda aytayotgan odamning o‘zi kuladi, xolos. O‘zimiz tanigan sutchi, turmakchi, qassoblarni qartayib qolgandek tasavvur qilamiz, ularni sochidan tortib, tirnog‘ining uchigacha muhokama qilib bo‘lganmiz. Yo‘q, bu chordoqda munozaraga arziydigan biror yangilik topishning iloji yo‘q.

Kattalar janob Kleiman va Miepdan eshitganlarini har safar o‘zlaridan qo‘shib-chatib gapirishgani-gapirishgan. Shu sababli “notiq”ning gapini tuzatmay, gap talashmay deya ko‘pincha qo‘llarimni stol tagida musht qilib, arang chidayman. Kattalar qanday hato qilishmasin, tasavvurlariga erk berishmasin, Annaga o‘xshagan kichkinalarning aql o‘rgatishga haqqi yo‘q. Jan va janob Kleiman yashiringanlar haqida gapirishni xush ko‘rishadi. Biznikidek vaziyatga tushganlar haqida bilishni istashimizni, ularga hamdardligimizni, g‘amlariga sherik bo‘lishimizni, qamoqdan chiqqanlar uchun quvonishimizni tushunib turishadi.

Berkinish uzundan-uzoq ish soatlaridan so‘ng uyga qaytadigan xo‘jayinini kamin qarshisida kutib turgan shippak kabi odatiy hol bo‘lib qoldi. “Ozod Niderlandiya” kabi ko‘plab yashirin guruhlar tuzilgan, pasportlarni soxtalashtirishadi, yashiringanlarga moliyaviy yordam berishadi, yashirin joylar tashkil qilishadi, yashiringan yosh nasroniylarni ish bilan ta’minlashadi. Muruvvatpesha, saxiy odamlar boshqalarning hayotini saqlab qolish uchun o‘zlariga xavf orttirayotganlariga qoyil qolish kerak. Bizga g‘amxo‘rlik qilayotganlar bunga yorqin misol bo‘la oladi, ular bizga juda ko‘p yordam berishdi, ozodlikka chiqqunimizcha bizni tashlab qo‘yishmaydi deb umid qilaman. Bizni tutib olishsa, ularga ham jazo muqarrar. Biroq hech birlari bizga yuk bo‘layapsizlar, og‘irlaringni tashlayapsizlar, deya biror marta yuzimizga solishmadi. Har kuni kelib erkaklar bilan ish, siyosat haqida, ayollar bilan oziq-ovqat, urush qiyinchiliklari, biz bolalar bilan esa kitob, gazetalar to‘g‘risida suhbatlashishadi. Doim hushchaqchaq bo‘lishga tirishishadi, tug‘ilgan kun, bayramlarda sovg‘a, gullar ko‘tarib kelishadi, iltimoslarni yerda qoldirishmaydi. Bir narsani yodda tutishimiz kerak; boshqalar jangda, nemislarga qarshi urushda qahramonlik ko‘rsatishayotgan bo‘lsa, yordamchilarimiz har kungi dalda va g‘amxo‘rliklari bilan ulkan mardlik namunasiga aylanishgan.

G‘alati gap-so‘zlar bolalab ketgan. Shu gaplarning ayrimlari haqiqat ekan. Masalan, janob Kleimanning aytishicha, shu hafta Gelderlend viloyatida yashiringanlar va politsiyachilar o‘rtasida futbol matchi bo‘lib o‘tibdi. Xilversumda yangi talonlar chiqarilibdi, yashiringanlar tekin talon olishini boshliqlar ta’minlab berishibdi (chayqov bozordan talonni 60 guilderga sotib olasan). Gap-so‘zlar nemislar qulog‘iga yetib bormasin, ehtiyot bo‘lish kerak…

Dugonang Anna

Ingliz tilidan Munira Mengliyeva tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 5-6-sonlar

____________________________

[1] Guilder – pul birligi.

[2] Ping-pong – o‘yin nomi.

[3] Zelandiya – Daniya tarkibidagi eng yirik orol.

[4] Drente – Gollandiyaning shimoli-sharqidagi viloyat.

[5] Hanuka – qish faslida nishonlanadigan yahudiylar bayrami.

[6] Qora Pit – Avliyo Nikolas kuni sovg‘a ulashuvchi personaj.

[7] Petro Badolo (1871–1956) – italiyalik harbiy qo‘mondon. 1943–44 yillarda Italiya premer-ministri bo‘lgan. Ittifoqchilar bilan sulh tuzgan.