Andre Morua. Tarjimai hol (hikoya)

Mo‘lgina yemakxonani yoritib turgan chiroqlarning piligi pastlatib qo‘yilgan — bu yil Londonda nimqorong‘ida o‘tirib ovqatlanish rasm bo‘lgan. Erve Marsena joyini topib o‘tirganda ko‘rdiki, uni juda keksa bir xonimning — ledi Xemptonning yoniga o‘tqaziptilar. Erve keksa xonim bilan bir stolda o‘tirishga e’tirozi yo‘q edi. Yoshi o‘tinqirab qolgan xonimlar odatda ochiq ko‘ngil bo‘lishadi. Va ko‘pincha g‘aroyib voqealarni gapirib berishadi. Ko‘zlarida porlab turgan istehzo yolqinlariga qaraganda esa, ledi Xempton hazil-mutoyibaga moyil ayolga o‘xshab ko‘rinadi.
— Qaysi tilda so‘zlashmoqni ma’qul ko‘rasiz, janob Marsena? Frantsuzchami yo ingliz tilidami?
— Yo‘q demasangiz, ledi Xempton, men frantsuz tilini afzal ko‘rardim.
— Lekin yozganda ingliz mavzularida yozasiz-ku! “Jozef Chemberlenning hayoti” degan kitobingizni o‘qiganman. Uni o‘qib ancha ko‘nglim yozildi. Negaki, men bu odamlarning hammasini tanir edim. Hozir nima ustida ishlayapsiz?
Frantsuz yigit chuqur tin oldi.
— Men Bayron haqida kitob yozmoqni orzu qilaman. Lekin uning to‘g‘risida juda ko‘p yozilgan… Rost, yangi materiallar topilipti — Meri Shellining maktublari, grafinya Gvichcholining qog‘ozlari. Ammo bularning bari e’lon qilinib bo‘ldi. Men biron-bir noma’lum hujjatlarni topsam derdim, ammo hech narsa topolmayapman.
Kampir jilmaydi.
— Bayronning batamom noma’lum bir sarguzashtini sizga aytib bersam, nima deysiz?..
Erve Marsena to‘satdan changalzorda kiyikka ro‘para kelgan ovchiday yoki birjada qaysi aktsiyalarning narxi ko‘tarilishidan xabar topgan gumashtaday birdan sergaklandi.
— Bayronning mutlaqo noma’lum sarguzashti deysizmi? Aql bovar qilmaydi-ku, ledi Xempton? Axir, tog‘-tog‘ tadqiqotlar yozilgan bo‘lsa…
— Uni “batamom noma’lum” deb jinday mahobat qildim, shekilli. Chunki bu sarguzashtga aloqador xonimning nomi tadqiqotchilarning tiliga tushib bo‘lgan. Men ledi Spenser-Sviftni nazarda tutyapman…
Ervening tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, lablarini bujmaytirdi.
— E, e, bunaqa demaysizmi!.. Ha, ha, eshitganman. Ammo bu voqeaning taf-silotlarini hech kim aniq bilmaydi.
— Azizim Marsena, axir bunaqa voqealarning tafsilotlarini, umuman, bironta odam aniq bilishi mumkinmi?
— Albatta, ledi Xempton. Ko‘p hollarda ixtiyorimizda maktublar, hujjatlar bo‘ladi. Rost, ba’zan maktublarda ham yolg‘on gaplar uchraydi, ayrim guvohliklarga ham ishonib bo‘lmaydi. Lekin tadqiqotchining tanqidiy tuyg‘usi bor…
Ledi Xempton suhbatdoshiga o‘girilib, unga qadimiy lorneti orqali qaradi.
— Agar men sizga ledi Spenser-Sviftning kundaligini bersam, nima deysiz. Uning ismi Pandora edi. Bu kundaligini Bayron bilan muloqotda bo‘lib yurgan kezlarida yozgan. Pandoraning undan olgan maktublarini ham ixtiyoringizga beraman.
Yosh frantsuz yigit mamnuniyatdan yayrab ketdi.
— Nima derdim, ledi Xempton? Hindularga o‘xshab, otam ham siz, onam ham siz derdim. Sizning sharofatingiz bilan kitob yozilib qolardi… Sizning qo‘lingizda chindan ham shu hujjatlar bormi? Shunaqa savol berganim uchun ma’zur tutasiz… Sira aqlim bovar qilmayapti-da..,
— Yo‘q, — deb javob berdi u. — Bu hujjatlar mening qo‘limda emas, lekin ularning qayerda ekanidan xabarim bor. Ular hozirgi ledi Spenser-Sviftning, ya’ni mening pansiondagi dugonam Viktoriyaning qo‘lida. Viktoriya bu hujjatlarni hozirga qadar hech kimga ko‘rsatgani yo‘q.
— Undoq bo‘lsa, nega endi menga ko‘rsatsin?
— Chunki bu to‘g‘rida undan men iltimos qilaman… Siz hali bizning mamlakatimizni yaxshi bilmaysiz, janob Marsena. Bu yerda siz har qadamda sirlar-u kutilmagan voqealarga ro‘para bo‘lasiz. Shahar tashqarisidagi qasrlarimizning yerto‘lalari va chorbog‘larida chinakam xazinalar yotibdi. Ammo egalari ularga zarracha qiziqmaydilar. Birorta odam xonavayron bo‘lib, uyi kimoshdida sotilgan taqdirdagina arxivlar yorug‘ dunyoga chiqadi. Agar tutgan joyidan kesadigan tadbirkor amerikalik Bosvellning mashhur qog‘ozlarini topmaganida ular kroket sharlari solingan qutida umrbod qolib ketgan bo‘lardi.
— O‘ylaysizki, tutgan joyidan kesadigan tadbirkor frantsuz yigitning ham ishi o‘ngidan keladi? Amerikalik Bosvellning qog‘ozlarini bir necha ming dollarga sotib olgandi. Holbuki, frantsuz yigitda bunaqa pul yo‘q.
— Viktoriya Spenser-Svift dollarga uchadiganlardan emas. U mening tengdoshim, saksondan oshib qolgan. O‘zining daromadlari unga bemalol yetib ortadi. Siz uning ko‘nglini topolsangiz bas — ma’qul bo‘lsangiz sizga qog‘ozlarini ko‘rsatadi. Undan tashqari, erining katta buvisini kitobingizda chiroyli qilib tasvirlaysiz deb umid qiladi…
— Lord Spenser-Svift o‘tib ketganmi?
— Lord emas, baronet… Ser Aleksandr Spenser-Svift ularning urug‘ida shu unvonga sazovor bo‘lgan so‘nggi shaxs edi. Viktoriya hali ham o‘sha — Bayron mehmon bo‘lgan uyda yashaydi… Bu Gloster grafligidagi Yelizaveta zamonlaridan qolgan juda bejirim qasr… Baxtingizni sinab, bir o‘sha joyga bormaysizmi?
— Bajonu dil… agar meni taklif qilsalar…
— Buni men bo‘ynimga olaman. Bugunoq Viktoriyaga maktub yozaman. U sizni, albatta, taklif qiladi… Agar maktub keskin ohanglarda yozilgan bo‘lsa, bundan cho‘chimang. Viktoriya qariligimiz muayyan ustunlik beradi deb hisoblaydi — xayolimizga kelgan gaplarni ro‘yi-rost, ochiqchasiga aytmasak, qariligimiz qayoqqa boradi? Nimaning ham andishasini qilmoq kerak? Zarurati bormi?
Bir necha kundan keyin Erve Marsena ushoqqina mashinasida Gloster grafligidagi xushmanzara qishloqdan ketib borardi. O‘tgan yoz odatdagidek seryog‘in bo‘ldi va bu daraxtlar bilan gullarga juda qo‘l keldi. Eng kamsuqum xonadonlarning derazalarida ham chappar urib turgan gullarni ko‘rish mumkin edi. Mahalliy oltin rang toshlardan qurilgan imoratlar Shekspir zamonasida qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shundayligicha turardi. Ingliz manzaralarining nafis go‘zalliklarini yaxshi ko‘radigan Erve Vindxerst parkini ko‘rib qoyil qoldi. Ledi Spenser-Sviftning qo‘rg‘oni shu yerda joylashgan edi. Qing‘ir-qiyshiq yo‘lni qalin o‘t-o‘lan bosgan edi. Maysazorlar hafsala bilan tarashlab qo‘yilgan. Ularning tevaragini baquvvat eman daraxtlari o‘rab olgan. G‘ovlab ketgan qirqquloqlar va qirqbo‘g‘inlar orasida hovuz yaltirab ko‘rinadi. Nihoyat, Erve qasrga yetib keldi va yovvoyi uzum bilan qoplangan darvoza oldida mashinani to‘xtatdi. So‘ng yuragi o‘ynagan ko‘yi qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Ichkaridan hech qanday javob bo‘lmadi. Erve besh daqiqacha kutdi. Keyin ohista eshikni itarib ko‘rdi. Eshik ochiq ekan. Dahliz nimqorong‘i. O‘rindiqlarda sharflar va paltolar uyulib yotipti. Dahlizda hech kim yo‘q. Ammo qo‘shni xonadan yod olingan matnni g‘o‘ddirab aytayotganday ovoz eshitildi. Frantsuz eshik oldiga kelib, devorlariga katta-katta portretlar osilgan cho‘zinchoq zalni ko‘rdi. Bir guruh sayyohlar frak kiygan ulug‘sifat eshik og‘asining tevaragini qurshab olishgan. Eshik og‘asining fraki ostidan to‘q siyohrang jileti va yo‘l-yo‘l shimi surinib turipti.
— Mana bu, — deydi eshik og‘asi suratni ko‘rsatib, — ser Uilyam Spenser-Svift (1775—1835). U Vaterloo yonidagi jangda ishtirok etgan va Vellingtonning shaxsan do‘sti bo‘lgan. Suvratni ser Tomas Lourens chizgan. U kishining asli ledi Spenser-Sviftning surati ham ser Tomas Lourensning mo‘yqalamiga mansub.
Tinglovchilar o‘rtasida pichir-pichir eshitildi.
— O‘sha xonimning o‘zimi…
Eshik og‘asi yuziga sirli tus berib, sezilar-sezilmas bosh irg‘ab qaradi. U sipoligini qo‘ldan bermaslikka urinayotgani sezilib turardi.
— Ha, — deya ilova qildi eshik og‘asi shivirlayotganday past ovozda, — bu o‘sha xonim. Bayronning ma’shuqasi bo‘lgan. Bayron unga “Pandoraga” degan mashhur sonetini bag‘ishlagan.
Ikkita turist sonetning birinchi misrasini yoddan aytdi. Eshik og‘asi sipolik bilan bosh irg‘adi:
— Xuddi shunday, — deb tasdiqladi u. — Bu esa ser Robert Spenser-Svift. Avvalgi Spenser-Sviftning o‘g‘li (1808—1872). Portretni ser Jon Milles ishlagan.
Keyin tinglovchilar tomon bir oz egilib, sir aytayotganday ohangda dedi:
— Bayron Vindxerstda mehmon bo‘lib ketgach, to‘rt yil o‘tgandan so‘ng ser Robert dunyoga kelgan.
Yoshgina juvon so‘radi:
— Bayron bu yerga nima uchun kelgan edi?
— U ser Uilyamning do‘sti edi.
— E, shunaqami? — dedi juvon.
Har ikki portretni yaxshilab ko‘rib olmoq uchun Erve Marsena sayyohlardan ajralib qoldi. Ledi Spenser-Sviftning eri ser Uilyamning yuzi yapaloqroq, ichaverib shishinqiragan, durustgina shamol yegan edi. Uning yuziga qzras serjahl va mutakabbir odam bo‘lganini taxmin qilish mumkin edi. Xotinining nafis husnida esa ulug‘vorlik bilan bokiralik mujassam edi. Ammo tikilibroq qaraganda ledining sof nigohidagi yashirin hischanlikni ham, bag‘ritoshlikdan holi bo‘lmagan tamannoni ham ilg‘ab olish mumkin edi. Sayyohlar tomoshani tugatib, eshik tomon yo‘l oldilar, yigit esa hamon xayolchanlik bilan suratlarni tomosha qilishda davom etmoqda edi.
Eshik og‘asi u tomonga engashib, andisha bilan dedi:
— Kechirasiz, ser, biletingiz bormi? Siz boshqalardan kechikibroq keldingiz… Hamma kirish haqini to‘lab bo‘lgandi. Shuning uchun izn bersangiz..
— Men sayyoh emasman. Ledi Spenser meni lutfan taklif qilib, shu yerda dam olib ketishga undagan. U meni qiziqtirgan hujjatlarni ko‘rsatishga va’da bergan…
— Afv etasiz, ser… Bundan chiqadiki, ledi Xempton tavsiya etgan yosh frantsuz siz ekansiz-da? Bir daqiqa, ser. Men bu odamlarni kuzatib qo‘yay, shu zahotiyoq xonim-afandiga xabar qilaman… Sizga ajratilgan xona muntazir, ser. Yuklaringiz mashinadami?
— Mening bittagina chemodanim bor.
Sayyohlarning kelib turishi ledi Spenser-Sviftni soliq to‘lashdan ozod qilardi. O‘z qasrining eshiklarini xorijiy turistlarga ochgan kunlarda ledi Spenser-Sviftning o‘zi ikkinchi qavatda joylashgan mehmonxonada istiqomat qilardi. Yosh frantsuzni o‘sha yerga taklif qilishdi. Keksa ledi o‘zini mag‘rur tutar, lekin unda mutakabbirlik yo‘q edi. Uning tik qaddi-qomatida» g‘urur yog‘ilar, lekin muomalasidagi to‘g‘rilik uni ancha yumshatib turardi.
— Minnatdorligimni qanday izhor qilishimni ham bilmayman, — deb gap boshladi Erve Marsena. — Yetti yot begona odamni qabul qilyapsiz…
— Noma’qul gapni qo‘ying, — dedi ledi. — Nega begona bo‘larkansiz? Siz eng yaxshi dugonamning tavsiyasi bilan keldingiz. Kitoblaringizni o‘qiganman. Men bu voqeani odamlarga odob bilan bayon qilib bera oladigan odamni ko‘pdan beri kutaman. Siz bu ishga har jihatdan to‘g‘ri kelasiz deb o‘ylayman.
— Aytganingiz kelsin, miledi. Lekin, sira ham omad menga kulib boqqaniga ishona olmayapman. Nahotki, Bayron hayotini tadqiq etgan sinchkov ingliz olimlaridan hech qaysisi qo‘lingizdagi hujjatlarni e’lon qilgan bo‘lmasa?..
— Buning hayron qoladigan joyi yo‘q, — deb izoh berdi ledi. — Mening marhum erim katta buvisining kundaliklarini bironta tirik jonga ko‘rsatishga ruxsat bermas edi. Bu masalada u eskicha qarashlarga qattiq rioya qilardi.
— Nahotki, bu qog‘ozlarda tilga olib bo‘lmaydigan… gaplar bo‘lsa?
— Bilmadim, — dedi u. — Men ularni o‘qigan emasman. Xat juda ham mayda — uni o‘qiyman deb ko‘zdan ayrilish hech gap emas. Bundan tashqari, yigirma yashar juvon birovga oshiq bo‘lib qolsa, kundaligida nimalar yozishi mumkinligini hammamiz ham yaxshi bilamiz.
— Miledi, men bu qog‘ozlar ichida Bayron bilan eringizning katta buvisi o‘rtasida… m-m… yaqinlik bo‘lganini isbotlovchi dalillarga duch kelib qolmaymanmi? Shunday bo‘lib qolgan taqdirda ham hech narsani yashirmaslikka haqqim bor deb hisoblayveramanmi?
Ledi frantsuzga taajjub bilan qaradi. Uning nigohida jinday ensasi qotgani sezilib turardi.
— Albatta-da! Aks holda sizni taklif qilmoqning nima hojati bor edi?
— Juda oliyhimmat ekansiz, ledi Spenser-Smit… Holbuki, ko‘p oilalar hamma narsa ayon ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, ota-bobolarining nomus-orini o‘ttizinchi bo‘g‘ingacha himoya qilishadi.
— Bema’ni gap, – deb takrorladi kampir. — Ser Uilyam to‘ngak edi, yosh xotinining ahvolini tushunmas edi. Buning ustiga unga xiyonat qilib, tevarak-atrofdagi kizlar bilan don olishib turardi. Ledi Spenser-Svift lord Bayronni uchratganda, u nafaqat ulug‘ shoir edi, balki farishtaning qiyofasiga va iblisning aqliga ega bo‘lgan erkak ham edi. Ledi juda zo‘r odamni tanlagan edi. Buning uchun kim ham unga dashnom berardi?
Erve bu mavzuni ortiq muhokama qilishga hojat yo‘qligini his qildi.
— Meni avf etasiz-u, ledi Spenser-Smit, siz, axir, bu kundaliklarni o‘qimagan bo‘lsangiz, Bayronning Vindxerstda faqat uy egasining do‘sti sifatidagina mehmon bo‘lib ketganini qayoqdan bilasiz?
— Oilaviy rivoyatimizda shunday deyiladi, — deb qatiy javob berdi u. — Mening erim buni o‘zining otasidan eshitgan, u ham otasidan eshitgan. Bunga siz o‘zingiz ishonch hosil qilishingiz mumkin, chunki, yana qaytarib aytaman, hujjatlar sizning ixtiyoringizda, hozir men sizga ularni ko‘rsataman. Siz esa qayerda ishlamoqchi ekaningizni aytsangiz.
Ledi Spenser-Svift serviqor eshik og‘asini chaqirdi.
— Miller, yerto‘ladagi qizil xonani ochib bering, u yerga shamlar olib bo-ring. Temir sandiqning kalitini menga bering. Janob Marsenani u yerga o‘zim kuzatib qo‘yaman.
Marsena tushib qolgan sharoit xayolot olamini qo‘zg‘amasligi mumkin emas edi. Imoratning pastki qavatida joylashgan, devorlariga qizil mato qoplangan yerto‘lada boshqa xonalardan farqli o‘laroq elektr chiroq yo‘q edi. Shamlar shu’lasi tevarak-atrofga titroq soyalar tashlab turipti. Devorlardan birining tagiga kattagina po‘lat sandiq qo‘yilgan. U o‘rta asrlar sandig‘iga o‘xshab bezalgan. Uning ro‘parasida kenggina divan turipti. Keksa ledi frantsuzning qo‘liga tayanib, viqor bilan yerto‘laga tushdi, kalitlarni qo‘liga olib, qulfning uchta teshigiga soldi-da, tezgina buradi. Shundan keyin sandiqning zalvarli eshiklarini Miller ochdi.
Marsenaning ko‘zlariga kumush qoshiq va sanchqilar yaltirab ko‘rindi. Uning nigohidan charmdan ishlangan allaqanday g‘iloflar lipillab o‘tdi, ammo beka qo‘llarini muqovasi oppoq saxtiyon teridan ishlangan qalin albomga uzatdi.
— Mana, Pandoraning kundaligi, — dedi u. — Mana bular maktublar. Ularni Pandora o‘z qo‘li bilan manavi pushtirang tasmalarga o‘rab bog‘lab qo‘ygan.
Ledi Spenser-Svift yerto‘laga ko‘z yugurtirib chiqdi.
— Shoshmang-chi… Sizni qayerga o‘tqazsak ekan? Manavi katta eman stolining yonida o‘tirsangiz sizga qulay bo‘larmikin? Labbay? Mayli, bo‘lmasa. Juda yaxshi… Miller, janob Marsenaning o‘ng va so‘l tomoniga ikkita shamdon qo‘yib bering… Endi sandiqni qulflang. Biz ketaylik. Mehmonimiz bemalol ishlasin.
— Yarim kechadan ham kechroq qolib ishlasam maylimi, miledi? Vaqtim unchalik ko‘p emas, shuning uchun hamma narsani o‘qib ulgursam degandim.
— Muhtaram janob Marsena, — dedi ledi. — Shoshilish yaxshilikka olib kelmaydi, lekin, mayli, bilganingizni qiling. Tushligingizni shu yerga olib kelishadi. Boshqa hech kim sizga xalaqit bermaydi. Ertalab nonushtani sizning xonangizga olib kelishadi. So‘ngra yana ishlayverishingiz mumkin. Biz siz bilan kunduzi soat birda tushlikda ko‘rishamiz… Shunday qilsak sizga ma’qul bo‘ladimi?
— Juda ham yaxshi bo‘ladi-da, ledi Spenser-Svift. Minnatdorligimni qay tarzda…
— Qo‘ying, kerak emas. Xayrli tun.
Erve yolg‘iz qoldi. U portfelidan o‘zi yozar ruchkasini oldi, qog‘oz chiqarib stolga o‘tirdi va hayajondan yuragi hapriqib, saxtiyon albomni ochdi. Kampirning gapi to‘g‘ri edi — xat haqiqatan ham juda mayda va aji-buji edi. Aftidan, Pandora yozuvlarimni o‘qish qiyin bo‘lsin deb atayin shunday qilgan ko‘rinadi. Albom erining qo‘liga tushib qolishi mumkin edi. Ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘ygan yaxshi edi. Ammo Marsena har qanaqa aji-buji xatlarni o‘qishda ham ustasi farang bo‘lib ketgandi. U Pandoraning jimjimalarini ham unchalik qiynalmay o‘qiy boshladi. Birinchi satrlardanoq u o‘zini jilmayishdan to‘xtata olmadi. Bayon uslubida yosh juvonning qo‘li sezilib turardi. Pandora qiziqqonligini yoxud hayajonini ifodalagan so‘zlarni tez-tez ta’kidlab turardi. Kundalik 1811 yilda — nikohdan so‘ng bir necha oy o‘tgach boshlangan edi.
“1811 yil 25 oktyabr. Bugun juda toliqdim, betobman, egarda o‘tirolmayapman. Uilyam ovga ketdi. Nima bilan mashg‘ul bo‘lishimni bilmayman. Kundalik tuta boshlayman. Bu albomni menga padari buzrukvorim sovg‘a qilgan. Uni yurakdan, juda-juda yaxshi ko‘rardim. Uni bir umr yo‘qotganimga g‘oyatda afsuslanaman. Erim hech qachon mening ahvolimni tushuna olmaydi deb qo‘rqaman. Uning yuragida yovuzlik yo‘q, lekin u ayol kishiga yumshoq muomala, erkalatish kerakligini bilmaydi. Bilmadim, umuman, biron vaqt mening to‘g‘rimda o‘ylarmikin? U o‘zining xotinidan ko‘ra siyosat to‘g‘risida, otlar va fermerlar haqida ko‘proq gapiradi. To‘yimiz o‘tgandan beri u hali biron marta ham “sevgi” so‘zini tilga olmadi, shekilli. Yo‘q, yo‘q, olmadi. Yaqinda u Bridjitga dedi: “Xotinim meni biram jonidan yaxshi ko‘radiki…” Men ko‘zimni lo‘q etkazib turaverdim”.
Erve shikoyatlarga va istehzolarga to‘la sahifalarni birma-bir ko‘zdan o‘tkazdi. Pandora homilador edi. U hech qanday shodliksiz bolaning tug‘ilishini kutardi. Eri uniig qalbida jinday bo‘lsa-da ilinj uyg‘ota olgani yo‘q. Bola shu odam bilai Pandorani yana qattiqroq bog‘lamog‘i kerak edi. Juvonning jo‘ngina qaydlarida sekin-asta ser Uilyamning o‘ta yoqimsiz qiyofasi shakllana boshladi. Undan achchiq alam ko‘rgan xotini erining xudbinligi, shuhratparastligi, dag‘alligi namoyon bo‘lgan jinday hollarni ham go‘yo guvohday qog‘ozga bitib qo‘yardi. Bu orada kundalik satrlari zamiridan boshqa bir odamning — qo‘shnilari lord Petersonning siymosi borgan sari yaqqolroq ko‘rina bordi. Ser Uilyam qanchalik jirkanch bo‘lsa, Peterson shunchalik marhamatli ko‘rinardi.
“1811 yil 26 dekabr. Kecha mavlud bayramida lord Peterson menga juda bejirim kuchukcha sovg‘a qildi. Men har doimdagidek yolg‘iz edim, lekin lord Petersonni qabul qildim — axir, u mendan ancha ulug‘-ku! U men bilan adabiyot va san’at to‘g‘risida gaplashdi, qani endi men uning hamma ajoyib fikrlarini qog‘ozga tushira olsam! Uni tinglasang, rohat qilasan. Uning xotirasi juda ham zo‘r. U menga Valter Skott va lord Bayronning she’rlarini yoddan o‘qib berdi. Msn ularni eshitib, haddan ziyod lazzatlandim. Bildimki, men lord Petersonday odamning xotini bo‘lganimda juda katta muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lardim. Ammo u qari, buning ustiga men umrbod birovning hasmidaman. Evoh! Sho‘ring qursin, Pandora!”
Bundan keyingi qaydlardan ma’lum bo‘ladiki, Bayronning “Chayld Garoldning sayohatlari” dostoni Pandoraga juda katta ta’sir ko‘rsatgan. Pandora bu to‘g‘rida hatto eriga ham aytgan va eridan bunday javob eshitgan:
— Bayronmi? Ha, uni yaxshi taniyman. U ham menga o‘xshab jahongashta bo‘lib yurgan kezlarda uchrashganmiz. Biz Italiyada qanchadan-qancha maishatli tunlarni birga o‘tkazganmiz-u… Qaytganimizdan keyin u meni o‘zining yurtiga — Nyusted abbatligiga taklif qilgandi. Bu yerda uning ixtiyorida bir guruh farishta qizlar bor. Men ular haqida biri-biridan o‘tadigan g‘aroyib hikoyalar aytib berishim mumkin edi — faqat ularni mening bokira rafiqamga aytish gunohi azim bo‘ladi-da… Xa-xa-xa-xa!..
Shundan keyin oq albomni o‘qiyotgan odamning nigohi oldida Bayronni o‘zlarining huzuriga — Vindxerstga taklif qilishga erini majbur etmoqchi bo‘lgan Pandora biri-biridan makkorroq bahonalar to‘rini to‘qiydi. Avvaliga eri qarshilik qiladi.
— Bu yerga kelib nima bilan shug‘ullanadi u? — deya takrorlardi u. — Bu yerda zerikib qoladi. Oqsoqligi tufayli uzoq sayrlarda menga hamrohlik qilolmaydi. Buning ustiga, u ovchi emas…
Xotini o‘zinikini ma’qulladi:
— O‘zim uning ko‘nglini olishga harakat kilaman. Ser Uilyamning g‘azabi qo‘zidi:
— “O‘zim” deysanmi? Bu xotinbozning ko‘nglini sen olasanmi? Bir kamim — xotinimni Bayronga o‘xshagan odam bilan yolg‘iz qolishiga yo‘l qo‘yish qolgandi. Bu muttahamning uyimga kelib olib boyliklarimga ko‘z olaytirishini ko‘rishga sira toqatim yo‘q…
Ammo Londonda Bayronning shuhrati qancha yuksakka o‘rlagani sari bu qishloq zamindori shoir bilan do‘stligini aytib maqtanishni avj oldirdi. U bu to‘g‘rida qo‘ni-qo‘shnilariga ham og‘iz ko‘pirtirib gapirdi. Qizining tug‘ilishi munosabati bilan ledi Spenser-Sviftning miyasiga juda ajoyib bir fikr keldi — chaqaloqni cho‘qintirishda lord Bayronni vakil ota tarzida ishtirok etishga taklif qilishsa qandoq bo‘larkin? Kichkina ledining tarbiyasi-yu vasiyligi shunday mashhur shoirning qo‘lida bo‘lsa, qandoq yaxshi! Ser Uilyam taslim bo‘ldi: “Yaxshi, men unga yozib yuboraman, lekin u hech qachon rozi bo‘lmaydi. Busiz ham uning xotinlar-u she’rlar bilan bog‘liq tashvishlari boshidan oshib yotipti”. Biroq Bayron rozi bo‘ldi. U turfa xillikni yaxshi ko‘rardi. O‘ziday bir shoir odamni chaqaloqqa, yana buning ustiga qiz bolaga vakil ota qilmoqchi bo‘lganlari unga g‘alati tuyuldi va rozilik berdi.
Erve Marsena shu qadar o‘qishga berilib ketgan ediki, na och qolganini, na tashnalikni, na horiganini his qildi. Lekin serviqor Miller yonida tushlik ko‘targan xizmatkor bilan uning yoniga keldi.
— Ledi Spenser-Svift sizga o‘z ehtiromini izhor etadi va sizning biror narsaga muhtojligingiz yo‘qmi deb so‘raydi, ser?
— Hech narsa kerak emas. Lediga aytingki, hujjatlar shu qadar qiziqarli ekanki, men tuni bilan ishlashga ahd qildim.
Eshik og‘asining nigohida bu gapni uncha ma’qullamagani sezildi.
— Tuni bilan deysizmi, ser? Rostdanmi? Unday bo‘lsa, sizga yana sham kel-tirib berishim kerak ekan.
Erve olib kelingan ovqatdan nomigagina tamaddi qilganday bo‘ldi-da, yana albomni qo‘liga oldi. Bayronning kelishi zo‘r hayajon bilan tasvirlangan edi — Pandoraning yozuvi yanada aji-buji bo‘lib ketipti.
“Bugun ertalab soat 11 da lord B. keldi. U naqadar sohibjamol va rangi o‘chgan. Aftidan, u baxtsiz bo‘lsa kerak. U o‘zining oqsoqligidan xijolat chekadi. Shuning uchun ham u qadamlab yurmaydi, balki oqsashini yashirish uchun yugurib yuradi. Bekor qiladi. Oqsoqligi o‘ziga biram yarashganki… Qiziq… Uilyam meni ogohlantirgan edi. Go‘yo lord B. ayollarga juda beandisha muomala qilarmish. Holbuki, u menga ikki og‘iz ham gap aytgani yo‘q. Rost, vaqti-vaqti bilan sezdirmay menga qarab qo‘yayapti, hatto bir marta ko‘zguda uning menga qarab turganini sezib qoldim. Ammo gaplashganda u faqat Uilyamga va lord Petersonga murojaat qiladi, menga esa hech gapirmaydi. Sababi nima ekan?”
Tuni bilan mijja qoqmay Erve Marsena Pandora qanday qilib asta-sekin shoirning jozibasiga asir bo‘lib qolganini kuzatdi. Aftidan, yosh va tajribasiz qiz Bayronning nima sababdan bunaqa nobayronona ish tutganini tushunmagan ko‘rinadi. Bayron Vindxerstga o‘zini odob-axloq doirasida tutishga qattiq ahd qilib kelgandi, chunki, birinchidan, u boshqa bir juvonga mukkasidan oshiqu beqaror bo‘lib qolgandi, ikkinchidan esa, mezbonning xo-tinini io‘ldan urishni nomunosib ish deb hisoblardi. Buning ustiga Pandora unga shu qadar anoyi, g‘o‘r va nozik ko‘rindiki, uni iztiroblar ummoniga cho‘ktirishni istamadi. U his-hayajoni lovullab turgan odam edi va tabiiy hischanligi yuziga surbetlikni niqob qilib olgandi.
Shu sabablar hammasi bir bo‘lib Bayron Pandora bilan sevgi haqida gaplashmadi. Lekin asta-asta bo‘lsa-da, mashmashaning to‘rlari to‘qila boshladi. Ser Uilyam Bayronga Nyusted abbatligini va u yerda istiqomat qiluvchi gah desa qo‘lga qo‘nadigan pari qizlarni eslatdi. Bir vaqtlar ulardan biri bu qishloqi zamindorning didiga mos kelib qolgandi. Ser Uilyam uni yana bir ko‘rmoq istagini bildirdi.
— Menga qarang, Bayron. Meni yana bir bor Nyustedga taklif qilsangiz bo‘lmaydimi? Albatta, xotinsiz…
Bayron unga ta’na qildi.
— Uyaling-e! Axir, yaqindagina uylangan odamsiz-a! Xotiningiz voqif bo‘lib qolib, bevafolik bilan alamini olsa nima qilasiz?
Ser Uilyam xoxolab kulib yubordi:
— Mening xotinim-a? Xa-xa-xa! Axir, u baayni so‘fi-ku! Bundan tashqari meni jonidan ortiq ko‘radi!
Har qadamida hushyor tortib yurgan Pandora uzoqdan turib bo‘lsa-da bu gaplarni eshitdi va kundaligiga yozib qo‘ydi. Yana buning ketidan o‘zining sharhini ham ilova qildi: “Meni jonidan ortiq ko‘radi!” emish. Voy tentak-ey! Nahotki, qismatimda butun umr shu to‘ngakning yonida yashash bor bo‘lsa! Nega endi uning shu qilig‘iga o‘xshash bir ish qilib, undan o‘chimni olmay? Shu gapdan keyin shunaqa g‘azabim qo‘zidiki, agar shu oqshom lord Bayron parqda meni quchib, lablarimdan bo‘sa olsa, hech narsa deb qarshilik ko‘rsatmagan bo‘lardim”.
Vaqt yarim kechadan oshib ketgan. Erve shosha-pisha sahifa ketidan sahifalarni qoralamoqda. Nim qorong‘i yerto‘lada yonib tugayotgan shamlar shu’lasi borgan sari xira tortib boryapti. Ervening nazarida uning tevaragini jonli soyalar o‘rab olayotganday tuyuladi. Qizil basharali qasr xo‘jayinining jarangdor “xa-xa-xa”si uning qulog‘iga chalinganday bo‘ldi. U ledi Pandoraning nafis chehrasidagi ifodani kuzatdi — bu chehrada nozik tuyg‘ular tobora kuchayib bormoqda edi. Qorong‘i burchaqda esa Bayron turganday edi. U yuzida istehzoli jilmayish bilan bir-biriga sira mos tushmagan eru xotinni kuzatib turardi.
Frantsuz yonib bitgan shamlarni almashtirdi. Keyin yana o‘qishga tutindi. Endi bu boshqa narsani kuzatardi — Pandora harchand urinib Bayronni xayolchanlik og‘ushidan tortib olmoqchi bo‘lyapti. U topqirlik bilan juda dadil harakat qilyapti. Bu juvonda shuncha g‘ayrat bor deb o‘ylash ham qiyin edi. Erining befarqligi uning jon-jonidan o‘tib ketgan ko‘rinadi. Pandora unga qasdma-qasdiga ish tutdi. Nihoyat, billiard o‘ynash bahonasida u shoir bilan yolg‘iz qoldi.
“Bugun oqshom men unga shunday dedim: “Lord Bayron, ayol erkakni yaxshi ko‘rsa, ammo erkak unga qayrilib ham qaramasa, sho‘rlik ayol nima qilmog‘i kerak?” U javob berdi: “Bundoq qilmoq kerak”. Shunday dedi-yu, meni haddan tashqari qattiq quchoqlab oldi va…” Shu o‘rinda bir so‘z hafsala bilan o‘chirib tashlangan edi, lekin Erve ko‘pda qiynalmasdan uni o‘qidi: “o‘pti”.
Erve Marsena yengil nafas oldi. U omadi yurishganiga ishonib-ishonmasdi. “Tushimmi, o‘ngimmi? — deb o‘yladi u. — Bizning eng ardoqli orzularimiz faqat tushdagina shunaqa to‘kislik bilan ro‘yobga chiqadi-ku!” U o‘rnidan turib, qo‘li bilan po‘lat sandiqni, divanni, devorlarni ushlab ko‘rdi — shu yo‘l bilan bo‘layotgan voqealarning chinligiga ishonch hosil qilmoqchi edi. Shubhaga o‘rin yo‘q — tevaragidagi hamma buyumlar chindan ham mavjud edi, kundalik ham haqiqiy edi. U yana boshi bilan o‘qishga cho‘mdi.
“Men qo‘rqib ketib, unga dedim: “Lord B., men sizni sevaman, lekin yaqinda farzand ko‘rganman. Bu farzand meni otasi bilan mustahkam bog‘lab turadi. Men sizga faqat do‘st bo‘lmog‘im mumkin. Biroq siz menga juda keraksiz. Menga yordam bering!” U hayron qoladigan darajada mehribon va rahmdil odam ekan. Shu daqiqadan boshlab, men bilan yolg‘iz qolganida, yuragidagi dardlarning hammasi ariganday bo‘ladi. Menga shunday tuyuladiki, men uning qalbiga malham bo‘lyapman”.
Frantsuz yigit tabassumini to‘xtata olmaydi. U Bayronni juda yaxshi o‘rgangan, shuning uchun uni yoshgina, himoyasizgina juvonning yonida sabr-toqat bilan unga taskin berib o‘tirgan qiyofada tasavvur qilolmaydi. Uning quloqlarida shoirning ovozi jaranglaganday bo‘ladi: “Axir u meni soatlab qo‘llarimdan ushlab o‘tirib, faqat she’r o‘qib berishga qobil deb o‘ylasa, juda adashadi. Biz tugunni yechadigan pallaga yetib bordik”.
Keyin frantsuzning xayoliga bir fikr keldi — ledi Spenser-Sviftning unga bergan bir bog‘lam maktublari ichida Bayronning haqiqiy kayfiyatidan dalolat beruvchi hujjat bo‘lishi mumkin. U shosha-pisha maktublar bog‘lamini yechdi. Haqiqatan ham, bular Bayronning maktublari ekan. Erve darhol shoirning ehtirosli dastxatini tanidi. Biroq bog‘lam ichida Pandoraning qo‘li bilan yozilgan yana qandaydir boshqa qog‘ozlar ham bor edi. Erve tezgina ularga ko‘z yugurtirib chiqdi. Bular ledi Spenser-Svift maktublarining qoralamalari edi. Juvon ularni ham saqlab qo‘ygan ekan.
Yozishmani o‘qishga kirishib ketgan Erve mamnuniyat bilan ishonch hosil qildiki, uning taxminlari to‘g‘ri ekan. Havoyi munosabatlar tez fursatda uning joniga tegibdi. U Pandoradan kechasi – hamma qasr ahli uyquga kirgan vaqtda uchrashishni iltimos qiladi. Pandora ko‘nmaydi. Ammo uning astoydil ekani sezilmaydi. Ervening xayolidan o‘tadi: “Qoralamasini hozirgina o‘qib chiqqanim mana shu maktub Bayronga yuborilgan bo‘lsa, u g‘alabaning yaqin ekanini his kilmagan bo‘lishi mumkin emas”, Chindan ham juvon anoyiligini namoyish qilib, faqat bitta qarshi dalil keltiripti: “Buning iloji yo‘q, chunki qasrdagi odamlarning e’tiborini jalb qilmagan holda qasrda uchrashishimiz mumkinligini tasavvur ham qilolmayman”.
Erve yana albomni qo‘liga oldi. Pandora Bayron bilan maktublar almashib turmoq uchun go‘yo o‘z kutubxonasidan unga kitoblar berayotganday bo‘lganini yozipti. Shunday qilib, u hatto erining huzurida ham hushtoriga kitoblar berar, ularning ichida esa sevgi maktublari bo‘lar ekan. “Bor-yo‘g‘i yigirma yoshda-ya!” — deb o‘yladi Erve.
“Bugun Uilyam ovga ketdi. Biz xizmatkorlarning ko‘z o‘ngida bo‘lsa hamki, uzzukun lord B. bilan birga bo‘ldik. U bag‘oyat jozibador edi. Kimdir unga qasrdagi yerto‘la haqida gapirib beripti. U yerto‘lani ko‘rmoq istagini bildirdi. Men u bilan birga tushmoqqa jur’at qilmadim, ammo murabbiya mistris D.dan mehmonga yerto‘lani ko‘rsatishni iltimos qildim. Qaytib kelib, u g‘alati ohangda shunday dedi: “Go‘zal kunlarning birida bu yerto‘la shunaqa bir go‘shaga aylanadiki, men butun umrim davomida zo‘r mamnuniyat bilan uni eslab yuraman!” Bu gapi bilan u nima demoqchi bo‘ldi? Uning gaplarining ma’nosini chaqishdan qo‘rqaman va, ayniqsa, yuragim zir-zir titragan holda o‘ylaymanki, uning mamnuniyati men bilan bog‘liq xotiralar tufayli bo‘lmasin, iloyim!”
Maktublar bilan albom frantsuz yigitga sarguzashtning yechimini tiklashga yordam berdi. Bir kuni kechasi Pandora Bayron bilan yerto‘lada uchrashishga rozi bo‘lipti. Bu paytda uning eri o‘zining xobxonasida xurrakni vang qo‘yib uxlab yotar, xizmatkorlar esa o‘zlarining uchinchi qavatdagi uylarida edilar. Bayron olovday jo‘shqin, aytganini qildirmoqqa urinardi. Pandora esa shafqat so‘rab iltijo qilardi.
— Lord Bayron, — dedi u shoirga. — Men sizning hukmingizdaman. Nima istasangiz shuni qilishingiz mumkin. Hammaning ko‘zidan yashirinmiz, hech kim ovozimizni eshitmaydi. O‘zimning ham qarshilik qilishga holim qolmadi. Men kurashmoqqa urinib ko‘rdim, ammo muhabbat irodamga qarshi o‘laroq meni shu yerga boshlab keldi. Mening xalos bo‘lishim faqat sizgagina bog‘liq. Agar siz chorasizligimni suiiste’mol qilsangiz, gapingizga ko‘naman, lekin keyin uyat va alamdan butunlay nobud bo‘laman.
Uning ko‘zlarida yoshi shashqator bo‘ldi. Juvonning iltijolaridan ta’sirlangan Bayron ko‘ngli erib ketganini his qildi:
— Siz mendan inson bolasining kuchi yetmaydigan narsani talab qilyapsiz, — dedi u. — Lekin men sizni shunchalar yaxshi ko‘ramanki, sizdan voz kechishga ham tayyorman.
Ular bir-birlarining pinjiga kirib, divanda yana ancha vaqt o‘tirdilar. Keyin Pandora o‘rnidan turib, o‘zining xobxonasiga ketdi. Ertasi kuni Bayron noshir Merey uni Londonga chaqirayotganini aytdi va Vindxerstdan jo‘nab ketdi. Shu kuni Pandora kundaligiga yozgan gaplar yosh frantsuzni chin ko‘ngildan zavqlantirdi.
“O, kallavaram! O, ahmoq! — deb yozadi u. — Hammasi tamom bo‘ldi, hammasi qo‘ldan chiqdi! Men endi bir umr muhabbat nimaligini bilmay o‘tib ketaman. Nahotki u tushunmadi? Men, axir, dabdurustdan bo‘yniga osilib ololmayman-ku! Menga o‘xshagan qat’iy axloq-odob qoidalari asosida tarbiya ko‘rgan ayol, buning ustiga, menday yosh juvon o‘zini hayoli satanglardek tuta olmaydi-ku! U siz — hozirgacha shunaqa satanglarni ko‘raverib pishib ketgan. Men yig‘lamog‘im kerak edi. U esa muhabbat bobida savodi chiqqan odam sifatida meni yupatishi, menga taskin berishi va butun vujudimni o‘rtayotgan tuyg‘uga yon berishga meni ko‘ndirmog‘i kerak edi. Biroq u hamma umidlarimni chippakka chiqarib jo‘nab ketdi! Umrimda hech qachon uning bu qilmishini kechirmayman”.
Bu voqeadan keyin ular yana ikkita maktub almashishadi. Bayronning maktubi juda ehtiyot bo‘lib yozilgan. Shubha yo‘qki, U Pandoraning erini o‘ylagan — qo‘liga tushib qolsa, konvertni ochib, xatni o‘qishi mumkin. Pandora maktubining qoralamasi juvonning nozik tuyg‘ulariga to‘la, ayni choqda, uning pinhona g‘azabi ham seziladi. Kundalikning bundan keyingi qaydlarida Bayronning nomi yana bir necha marta tilga olinadi. Bir gal uning yangi dostoni munosabati bilan, yana bir gal uning atrofidagi navbatdagi mashmasha tufayli Bayron eslangan. Kinoyali ta’nalar bor — ularda teran bir afsus-nadomat sezilib turadi. Ammo 1815 yildan keyin Bayron Pandoraning xotirasidan butunlay o‘chib ketgan ko‘rinadi.
Erto‘ladagi kichkina darchadan zaif tong nurlari shu’la tashladi. Erve go‘yo og‘ir bir darddan xalos bo‘lganday tevarak-atrofiga nazar tashladi va XX asrga qaytdi. O‘tgan tun davomida u juda go‘zal va g‘aroyib sarguzashtni boshidan kechirdi! Buni u zo‘r mamnuniyat bilan qog‘ozga tushiradi. Hozir esa ishni tugatib, uyqusiz o‘tkazgan tundan so‘ng ancha horiganini his qildi. U keridi, esnadi, shamlarni puflab o‘chirdi-da, o‘ziga ajratilgan xonaga yo‘l oldi.
Qo‘ng‘iroq jarangi tushlik vaqti bo‘lganidan ogoh qildi. Dahlizda purviqor Miller kutib turardi. U frantsuzni mehmonxonaga boshladi. Bu yerda ledi Snenser-Svift o‘tirgan ekan.
— Yaxshimisiz, janob Marsena, — dedi u erkakcha yo‘g‘on ovozi bilan. — Menga aytishdi — tuni bilan uxlamabsiz. Uxlamaganga yarasha, yaxshigina ishlagandirsiz?
— Juda yaxshi ishladim! Hammasini o‘qib chiqdim. Yigirma sahifani to‘ldirib yozib oldim. Bu — beqiyos voqea! Sizga minnatdorligimni aytib tugatolmayman.
Ledi uning gapini bo‘ldi:
— Sizga aytib edim-ku! Suvratiga qaraganda Pandora ushoqqina bo‘lsa ham, menga hamisha sevgi-muhabbat uchun yaratilgan ayolday tuyulardi.
— U chindan ham ishq-muhabbat uchun yaratilgan ekan. Biroq butun voqeaning latofati shundaki, Pandora hech qachon Bayronning ma’shuqasi bo‘lgan emas.
Ledi Spenser-Svift bo‘zarib ketdi:
— Nima? — deb so‘radi u.
Ko‘chirmalarini o‘zi bilan olib kelgan frantsuz yigit bekaga butun voqeani hikoya qilib berdi. Hikoya kilar ekan, har ikkala ishtirokchining fe’l-atvorini tahlil qilishga ham urindi.
— Mana shu tarzda, — deb tugatdi u, — lord Bayron umrida birinchi va so‘nggi marta rahmdillik tuyg‘usiga yon berdi. Eringizning katta buvisi esa butun umri davomida uning bu saxovatini kechirmay o‘tdi.
Ledi Spenser-Svift uning gaplarini bo‘lmay tingladi, ammo shu yerga kelganda chidab turolmadi.
— Bo‘lmagan gap! — deya xitob qildi u. — Yo matnni yaxshi o‘qiyolmagansiz, yo biron narsani tushunmagansiz… Pandora lord Bayronning ma’shuqasi bo‘lmagan emish. Uning lord Bayronning ma’shuqasi bo‘lganini butun olam biladi-ku! Bu graflikda bironta oila yo‘qki, bu voqeani gapirib yurishmagan bo‘lsin… Afsuslar bo‘lsin, janob Marsena, biroq sizning uzil-kesil xulosangiz shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, men bu hujjatlarni e’lon qilishga ruxsat berolmayman… Nima uchun, bilasizmi? Siz butun Frantsiyaga va bu yerdagi o‘lkalarga jar solib, bu buyuk muhabbat hech qachon bo‘lgan emas deb xabar qilmoqchimisiz? Sho‘rlik Pandora go‘rida tik turib ketadi-ku, afandim!
— Nega bundoq deysiz? Haqiqatni Pandora hammadan yaxshi biladi-ku! Axir, kundaligiga o‘z qo‘li bilan yozib qo‘yipti — uning bilan Bayron o‘rtasida aybsitadigan hech narsa bo‘lgan emas.
— Bu kundalik, — deb e’lon qildi ledi Spenser-Svift, — po‘lat sandiqdagi joyiga qaytib kiradi-da, u yerdan boshqa hech qachon chiqmaydi. Uni qayerda qoldirdingiz?
— Yerto‘ladagi stol ustida, ledi Spenser-Svift. Menda kalit yo‘q edi. Shuning uchun uni po‘lat sandiqqa solib qo‘yolmadim.
— Tushlik tugashi bilanoq ikkimiz pastga tushamiz va hamma narsani joy-joyiga qo‘yib chiqamiz. Oilaviy arxivni sizga ko‘rsatmasligim kerak edi. Sho‘rlik Aleksandr bunga qarshi bo‘lgan edi. Bu gal u haq bo‘lib chiqdi… Sizning masalangizga kelsak, afandim, sizdan mana shu… nima desak ekan… kashfiyotingiz to‘g‘risida lom-mim deb og‘iz ochmasligingizni talab qilishga majburman…
— Ha, albatta, ledi Spenser-Svift. Sizning ijozatingizsiz bir satr narsani ham bosib chiqarolmayman. Bundan tashqari, sira-sira sizni norozi qiladigan biron ish qilish niyatimda yo‘q. Lekin sizga aytmogam kerakki, men tushuna olmayapman…
— Tushunishingizga hojat ham yo‘q, — deb javob berdi u. — Men sizdan faqat bitta narsani o‘tinaman — hammasini unuting.
Frantsuz xo‘rsindi:
— Na iloj! Unutaman. Kundalikni ham, albomni ham…
— Mana bu gapingiz durust. Men sizga o‘xshagan odamdan boshqa narsani kutmagan ham edim. Endi boshqa biron narsani gaplashaylik. Ayting-chi, janob Marsena, ingliz iqlimi sizga yoqadimi?
Tushliqdan keyin ular yerto‘laga tushishdi. Miller ular bilan birga tushdi. Eshik og‘asi po‘lat sandiqning zalvarli eshiklarini ochdi. Kampir o‘z qo‘li bilan charm g‘iloflar va kumush qoshiqlar orasiga oq albomni hamda pushti tasma bilan bog‘langan bir dasta maktubni joylab qo‘ydi. Miller yana sandiqni qulfladi.
— Tamom, — dedi kampir quvnoqlik bilan. — Endi ular bu yerda mangu qoladi.
Ular yuqoriga ko‘tarilganda allaqachon avtobusda birinchi guruh sayyohlar kelib, dahlizda kirish chiptalarini va qasr tasviri tushirilgan suratni sotib olib ulgurishgan edi. Miller suratlar oldida, hikoyasini boshlash uchun o‘zini chog‘lay boshladi.
— Bir daqiqaga kiraylik, — dedi Spenser-Svift frantsuzga.
Ular sayyohlar guruhidan nariroqda to‘xtashib, Millerning gaplariga astoydil quloq sola boshlashdi.
— Mana bu, — deya tushuntira boshladi Miller, — ser Uilyam Spenser-Svift (1775—1835). U Vaterloo yonidagi jangda ishtirok etgan va Vellingtonning shaxsiy do‘sti bo‘lgan. Suvratni ser Tomas Lourens chizgan. U kishining ayoli ledi Spenser-Sviftning surati ham ser Tomas Lourensning mo‘yqalamiga mansub.
Suratni yaxshiroq ko‘rib olish maqsadida to‘pdan ajralib oldinroq chiqqan sayyoh juvon shivirladi:
— O‘sha xonimning o‘zimi?
— Ha, — dedi Miller ovozini pasaytirib. — Bu o‘sha xonim. Lord Bayronning ma’shuqasi bo‘lgan.
Keksa ledi Spenser-Svift frantsuzga tantanavor nigoh tashladi.
— Ana ko‘rdingizmi? — dedi u.

Rus tilidan Ozod Sharafiddinov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi.