Andre Morua. Xayrli kech, jonginam… (hikoya)

— Qayoqqa, Antuan? — so‘radi eridan Fransuaza Kesne.
— Pochtaga. Xat jo‘natmoqchi edim. Bahonada Mauglini ham aylantirib kelaman. Yomg‘ir tindi. Mentona osmonidan bulutlar aridi. Havo ochilib ketadiganga o‘xshaydi.
— Ko‘p qolib ketma, tezroq qayt. Men tushlikka Sabina Lamber-Leklerkni eri bilan aytib qo‘yganman. “Eklerer”da Nitstsaga bir necha kunga kelishganini o‘qidim… Shundan keyin Sabinaga xat yozib yubordim…
— O, Fransuaza, nega bunday qilding? Uning eri yuritayotgan siyosat odamlarning nafratini qo‘zg‘ayapti. Sabinaning o‘zi bo‘lsa…
— Ko‘p javrama, Antuan… Sabinani yoqtirmayman deb ishontirishga ham urinmay qo‘yaqol… Biz sen bilan tanishgan kezlarda u sening qallig‘ing hisoblanarmidi?
— Hamma gap shunda-da! Senga uylanganim uchun u meni kechirib yuborgan deb o‘ylayman… Buning ustiga uni ko‘rmaganimga ham o‘n besh yilcha bo‘ldi. Allaqachon pishib yetilib, o‘tib ketgan bo‘lsa ham ajab emas…
— Qanaqasiga yetilib o‘tib ketar ekan?! U mendan atigi uch yosh katta, xolos… Lekin, baribir, endi bahslashishning hojati yo‘q… Sabina eri bilan kechqurun soat sakkizda shu yerda bo‘ladi.
— Men bilan maslahatlashsang bo‘lmasmidi?.. Nega taklif qilding ularni? Norozi bo‘lishimni bilarding-ku…
— Yaxshi aylanib kel… — dedi Frantsuaza quvnoqlik bilan va shosha-pisha xonadan chiqdi.
Antuan oralarida janjal qo‘pmaganiga afsuslandi. Bu xotinining har doimdagi ustomonligi edi — u hamisha bahslarga chap berib ketardi. Antib burunining xiyobonlarida beso‘naqay o‘sgan qarag‘aylar oralarida odimlar ekan, u o‘ylardi:
“Frantsuaza sirkasi suv ko‘tarmaydigan bo‘lib qoldi. Bu eru xotinlar bilan uchrashishga toqatim yo‘qligini u juda yaxshi bilardi. Shuning uchun ham u rejalari to‘g‘risida menga hech narsa demagan… Ko‘pincha Frantsuaza qilg‘iliqni qilib qo‘ygandan keyin meni xabardor qilayapti. Axir, Sabina Lamber-Leyuedjni chaqirib nima qilardi? Faqat menu bolalardan boshqa hech kim bilan uchrap may siqilib ketgani uchun shunday qildimikin? Shundoq ham bo‘laqolsin. Lekin bu yerlarga kelib qolishni kim xoxlagan edi? Kim meni Ponde-l Erni tark etishga, shplarni yig‘ishtirishga, qarindosh-urug‘lardan uzoqlashib, o‘zim istamagan holda iste’foga chiqishga ko‘ndirgan edi?”
Har gal u o‘zidan o‘tgan alamlarni o‘ylay boshlasa, ularning ro‘yxati ancha uzun bo‘lib chiqardi. Antuan xotinini yaxshi ko‘rib uylangan edi. Hozirgacha u ham erkak sifatida, ham rassom sifatida xotiniga talpinishdan to‘xtamagan. U xotinining bejirim burnini, makr to‘la nurli ko‘zlarini, husnda tanho chehrasini soatlab, ko‘z uzmasdan tomosha qilib o‘tira olardi. Ammo gohi-gohida shunaqa g‘ashiga tegar ediki… Uyga jihoz olishda, libos tanlashda, gullar xarid qilishda Frantsuazaning didi juda baland edi. Ammo odamlarga munsabatda unga odob yetishmay qolardi. Agar Frantsuaza uning do‘stlaridan birini tahqirlab qo‘ysa, Antuan qattiq iztirob chekar edi. Bunaqa tahqir uchun u o‘zining javobgarligini ham, nochorligini ham his qilardi. Avvaliga u xotinini ta’na-dashnomlarga ko‘mib tashlardi. Bu ta’na-dashnomlarni Frantsuaza ranjib tinglar va ularga e’tibor bermas edi. Chunki bilardiki, kechasi tomirlarida xohish jo‘sh urganda Antuan xotinining hamma gunohini kechib yuboradi. Kefshchalik xotinining fe’lu-atvoriga ko‘na boshladi. O‘n yil birga o‘tkazilgan turmushdan angladiki, xotinini boshqacha qilib bo‘lmaydi.
— Maugli, beri kel!
Antuan pochta bo‘limiga kirdi… Kaytayotganda u Frantsuaza to‘g‘risida o‘ylashda davom etdi va o‘ylagan sari kayfiyati tundlasha bordi. Loaqal xotini unga bevafolik qilmaganmikin? U bunga ishonardi. Lekin bilardiki, xotini ko‘pincha o‘zini ashaddiy tannozlarday tutar va ba’zan esa odob doirasidan ham chiqib ketardi. Sabinaga uylanganida baxtliroq bo‘larmidi? U Ponde-l Erdagi bog‘ni esladi. Sabina bilan yoshligida shu bog‘da uchrashardi. Butun shahar ularni unashtirilgan deb hisoblardi. Ularning o‘zlari ham bu to‘g‘rida hech og‘iz ochmasalar-da, ertami-kechmi turmush qurishlariga shubha qilishmasdi.
“U juda jo‘shqin tabiatli qiz edi-da”, — deb o‘yladi Antuan raqs tushganlarida Sabina pinjiga qanday suqilganlarini eslab.
Sabina bilan visol chog‘larida Antuan dadil harakat qilar, qizning qarshilik qilmasligini his qilib, dovdirab qolmas edi. Antuan yurak-yurakdan unga yaqin bo‘lmoqni xohlardi. Keyin Frantsuaza paydo bo‘ldi va butun dunyoning ayollari uning uchun yo‘qday bo‘lib qolishdi… Endilikda Frantsuazaga bir umr bog‘langan. O‘n yillik hayotni birga o‘tkazishdi. Uchta farzand. Bo‘lari bo‘lib bo‘dtsi.
Ammo u mehmonxonada xotinini yupqa guddor ko‘ylaqda, butun vujudidan nafosat ankib turgan bir holda ko‘rganida g‘ashligi darhol o‘tib ketardi. Axir, ular istiqomat qiladigan uy ham, mehmonlar hamisha qoyil qolib havas qiladigan bog‘ ham Frantsuazaning mehnati bilan bunyodga kelgan. 1929 yil bo‘hronidan bir necha yil avval Pon-de-l Er bilan zavodni tark etishga ko‘ndirgan ham ayni Frantsuaza bo‘lgan edi. Agar hammasiga adolat yuzasidan baho beradigan bo‘lsa, Frantsuaza unga baxt keltirdi.
— Mishlina bilan Bako biz bilan birga tushlik qilishmaydimi? — deb so‘radi u.
Shundan uning umidi katta edi, chunki mehmonlar bilan gap sotishib o‘tirgandan ko‘ra bolalarning chug‘ur-chug‘uridan rohatlanib o‘tirishni afzal bilardi.
— Yo‘q, — deb javob berdi Frantsuaza. — Menimcha, mehmonlar bilan o‘zimiz o‘tirsak yaxshiroq bo‘lardi… Bo‘yinbog‘ingni to‘g‘rilab ol, Antuan.
“Yaxshiroq emish!” — Antuan toqat qilolmaydigan yana bir so‘z shu edi. Yo‘q, “yaxshiroq” bo‘lmaydi, — deb o‘yladi u ko‘zgu oldida bo‘yinbog‘ini bog‘lar ekan. — Sabina mahmadanalik qila boshlasa kerak. Frantsuaza esa to‘ngakka o‘xshagan maqtanchoq ministrga nozu karashma qilishga tushadi. Antuanning o‘zi bo‘lsa og‘ziga suv solganday miq etmay o‘tiradi.
— Yaxshi bo‘ladi! »
U avtomobil kelib to‘xtaganini, g‘ijirlab, g‘ildiraklar qumda g‘iyqillaganini eshitdi. Eru xotin Kesnelar qomatlarini rostlashdi. Bir lahzadan keytn mehmonlar kirib keldi.
— Xayrli oqshom, jonginam, — deb xitob qildi Frantsuaza Sabinani o‘par ekan. — Xayrli oqshom, janob ministr!
— Yo‘q, jonginam! — dedi Sabina. — Mening erimni “ministr” deb atay ko‘rma… Meni “Sabina” deb ataysan-ku. Uni ham “Alfred” deb chaqira qol… Xayrli oqshom, Antuan…
Oqshom iliqqina, havo ochiq edi. Frantsuaza kofeni ayvonga keltirishni buyurdi. Stol ortida gaplar uncha qovishavermadi. Ayollar zerikib qolishdi. Antuan esa o‘zidan ensasi qotib, o‘jarligi tutib, Lamber-Leklerkka gap qaytarib o‘tirdi. Ministr esa undan ko‘ra ko‘proq axborotga ega bo‘lgani uchun, bahsda osongina uning shoxini qayirib tashlardi.
— Siz optimistik kayfiyatdasiz, negaki, hokimiyat tepasidasiz, — dedi Antuan. — Aslini olganda esa, Frantsiya foje ahvolda…
— Undoq emas, azizim. Yo‘q, undoq emas, — javob berdi Lamber-Leklerk. — Moliyaviy qiyinchiliklar hech qachon fojiona bo‘lmaydi. Frantsuz byudjeti olti asrdan beri hamisha kamomadga ega!.. Ha, gapimga ishonavering! Vaqti-vaqti bilan qishloq zamindorlarini siqishtirib turmoq kerak. Aks holda, biz nimaga ega bo‘lardik? Rishele davridan boshlab bu sarmoyalarning katta foiz evaziga bankka qo‘yilganini tasavvur qilib ko‘ring.
— Ingliz byudjeti kamomad nimaligini bilmaydi, — deb g‘o‘dirladi Antuan. — Hatto unda daromad qismi hamisha xarajat qismidan ko‘proq bo‘ladi. Har holda, menga shunisi ma’lumki, bundan inglizlar sira aziyat chekishmaydi.
— Aziz do‘stim, — deb javob berdi Antuanga Lamber-Leklerk, — men sira tushunmadim-tushunmadi-da, frantsuzlar bu ikki mamlakatni taqqoslashga muncha o‘ch bo‘lishmasa?.. Axir, ularning tarixi boshqa-boshqa, rasm-rusumlari bir-biridan farq qiladi, ehtiyojlari ham har xil… Agar Frantsiya chindan ham bir muvozanatdagi byudjetga ehtiyoj sezganida, biz buni bir zumda to‘g‘rilar edik. Ammo Frantsiya mutlaqo bunga intilmaydi. Qolaversa, Frantsiya shu maqsadga erishishga olib keladigan vositalarga rozi bo‘lishdan unchalik manfaatdor ham emas. Byudjetning qanaqa bo‘lishi moliyaviy masala emas, siyosiy masala. Siz menga ayting — mamlakatni boshqarayotganda siz qaysi ko‘pchilikka tayanmoqchisiz? Shuni aytsangiz, men byudjetingiz qanaqa bo‘lishini aytib beraman. Moliya vazirligi istagan byudjetingizni tayyorlab berishi mumkin.
Allaqanday sezilar-sezilmas belgilarga, nigohi birdaniga qahrli bo‘lib qolganiga qarab Fransuaza sezdi: hozir birdaniga erining g‘azabi tutib qoladi. U suhbatga aralashmoqni zarur bildi.
— Antuan, — dedi u. — Sen Sabina bilan birga monastirga sayr qilib kelsang bo‘larmidi? U yerdan ochiladigan manzarani Sabinaga ko‘rsatasan.
— Mayli, u yerga hammamiz birga bora qolaylik, — deb taklif qildi Antuan.
— Yo‘q, Yo‘q, — deb e’tiroz biddirdi Sabina. — Fransuazaning gapi to‘g‘ri… Eru xotinlarni bir-biridan ajratish kerak… Shunda qiziqroq bo‘ladi…
U stol ortidan turdi. Antuan ham noiloj o‘rnidan turib, Sabinaga ergashishga majbur bo‘ldi. Turar ekan, u Fransuazaga zarda bilan qarab qo‘ydi, ammo Fransuaza uning qaraganiga parvo qilmadi.
“Xavotir olganlarim to‘g‘ri chiqayapti, — deb o‘yladi Antuan… — Endi kamida yarim soat Sabina bilan xilvatda yolg‘iz bo‘lmog‘im kerak. U sho‘rlik o‘n yildan beri kutadi — nega bunday bo‘lganining sababini aytishimni istaydi. Hozir shuni so‘rab qolmasa bo‘ldi. Nahotki, Fransuaza mana shu o‘ziga bino qo‘ygan ministrning ishqibozligiga o‘lib turgan bo‘lsa?!.”
— Muncha xushbo‘y hid? — dedi Sa,bina Lamber-Leklerk.
— Bu apelsin daraxti… Biz o‘tirgan joyning ham tomi apelsin va limon daraxtlarining navdalaridan, glitsiniy va atrgullardan to‘qilgan… Ammo bizning atrgullarimiz yovvoyilashib qoldi… Yangilarini ulash kerak… Bu yoqqa, Sabina, manavi so‘qmoqqa burilamiz. Undan pastlikka tushamiz…
— Siz o‘zingiz-chi, Antuan? Bu xilvatda o‘zingiz ham yovvoyilashib qolmadingizmi?
— Menmi? Men hamisha yovvoyi bo‘lganman… Qorong‘ida biron narsani ilg‘ay olyapsizmi? Ana, qarang, basseynning ikki yonida qishda gullaydigan gullar o‘sadi. Bog‘ni rejalashtirayotganda siyohrang yoxud gunafsharang to‘q ranglar bilan moviy yoxud sariq gullar o‘rtasidagi zidlik asos qilib olingan. Har holda, Fransuazaning niyati shunaqa edi. Mana bu yonbag‘irda esa u antiqa daraxtlardan qalin butazor o‘stirmoqchi edi.
— Siz bilan holi qolganimizdan manmunman, Antuan… Men sizning xotiningizni juda yaxshi ko‘raman, lekin shundoq bo‘lsa ham u bilan tanishmasingizdan oldin biz siz bilan qalin do‘st edik… Buni unutib yuborganingiz yo‘qmi?
Sabinaga hadtsan ziyod yaqinlab ketmaslik uchun ehtiyot yuzasidan qadamini sekinlatdi:
— Nega unday deysiz, Sabina? Unutib bo‘larkanmi, a?.. Yo‘q, siz to‘g‘riga yuravering. Hozir ko‘prikcha keladi. Ana, monastirga ham kelib qoldik. Plitalar orasida o‘sib yotgan gullarga qarang…
— Mening birinchi balim esingizdami? Meni bobongizning mashinasida uyimga olib borib qo‘ygan edingiz… Ota-onam uxlab qolishgan ekan. Biz kichkina mehmonxonaga kirdiq… Bir og‘iz gap aytmasdan meni bag‘ringizga bosdingiz. Shunda ikkovimiz yana raqs tusha boshladik.
— O‘sha oqshom sizni o‘pib ham olgandim, shekilli?
— O‘pib olgan emish… Rosa bir soat ezib o‘pishgandik… Juda ham zo‘r bo‘lgandi.
— Mendan rosa ko‘nglingiz qolgan bo‘lsa kerak?
— Aksincha. Urushning boshlarida jasoratingiz bilan meni butkul maftun etgan edingiz. O‘zingizni tutishingiz juda ajoyib edi. Men hamma mukofotlaringizni tutilmasdan aytib bera olardim. Ular hozirgacha esimda. Sanab ber desangiz, birma-bir aytib beraman… Keyin siz yarador bo‘ldingiz, tuzalganingizdan keyin esa Fransuaza Paskal-Bushega uylandingiz. Rostini ayt-sam, o‘shanda qattiq xafa bo‘ldim. Axir, boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas edi-da… Axir, men sizni juda yaxshi ko‘rardim-da… Men Frasuaza bilan avvaldan yaxshi tanish edim, biz Sen-Jan litseyida birga o‘qigandik. Meni kechirasiz-u, Antuan, Fransuazaning istarasi issiq, lekin biroz tentaksifatroq edi. Shu qizga uylanganingizni eshitib, hayron bo‘ldim va sizga achindim. Bir mengina emas, butun shahar achingan edi.
— Nega endi? Biz Fransuaza bilan bir tabaqaning odamlarimiz va bir-birimizga to‘g‘ri kelamiz… Bu tomonga bir qarang, Sabina: hov anavi qoyani ko‘ryapsizmi? Bag‘rida quyosh shu’lalari o‘ynayapti. Bu qoya — Monako… Juda ham qattiq engashmang — turgan joyimiz dengaz ustida. Ehtiyot bo‘ling, Sabina!
Antuan beixtiyor uning belidan ushladi. Sabina esa yashin tezligida unga o‘girilib, lablaridan qattiq o‘pib oldi.
— Nima bo‘lsa bo‘lar, Antuan. Juda ham shunday qilgim kelgan edi. Bir vaqtlar senga yaqin bo‘lgan odamdan o‘zingni olib qochishing qiyin bo‘lar ekan… Tennis maydonchasida o‘pishganlarimiz esingizdami? O, xijolat bo‘lyapsiz, shekilli? Haqiqiy Kesneligingizcha qolibsiz-da… Hamisha vafodor er bo‘lganingizga zarra shubham yo‘q…
— Haddan tashqari vafodorman… Bokiraman desam bo‘ladi…
– O‘n yildan beri shunaqamisiz? Sho‘rlik Antuan!.. Shu ahvolingizdan baxtiyormisiz?
— Baxtim to‘kis…
— Unday bo‘lsa, juda ham yaxshi, aziz Antuan. Faqat bir narsani tushunmayapman — undoq bo‘lsa, nega axvolingizdan baxtsiz odamga o‘xshaysiz?
— Nega bunaqa deyapsiz?
— Bilmadim… Shunchaki… Sizda allaqanday qoniqmaganlikni, allanechuk bezovtalikni sezyapman. Zardangiz qaynayotganga o‘xshaydi… Har nima deganingizda ham, Antuan, har qalay, siz Pon-de-l Erqdan chiqqan haqiqiy Kesne edingiz, ya’ni odamlarga peshvo bo‘lib o‘rgangan faol odam edingaz. Endi esa suygan ishingizni tark etib, do‘stlaringizni olisda qoldirib, bu yerda yashayotirsiz… Bilaman, siz xotiningizning didiga mos bo‘lish uchun hamma narsadan voz kechgansiz… Ammo hech qachon bunga afsus chekmayotganingizni tasavvur qilish qiyin.
— Ehtimol, boshda men ancha-muncha siqilgan bo‘lsam bordir… Keyinchalik o‘zimga boshqa mashg‘ulot topib oldim. Butun umrim davomida tarixga qiziqib o‘tganman. Endiliqda shu fan bilan jiddiy shug‘ullana boshladim… Men hatto bir nechta kitob ham yozdim. Ular birmuncha muvaffaqiyat qozondi.
— Bir muncha deysiz-da! Sizning kitoblaringaz juda katta muvaffaqiyat qozongan, Antuan. Ular ajoyib asarlar… Ayniqsa, Lyudovik XI haqidagi asaringiz…
— Siz kitoblarimni o‘qiganmisiz?
— “O‘qiganmisiz” deb so‘raysiz-a! Yuz martalab o‘qigandirman. Birinchidan, men ham tarixni juda yaxshi ko‘raman. Ikkinchidan esa, bu kitoblardan sizni izladim, Antuan! Men hamon sizga taalluqli nimaiki narsa bo‘lsa hammasiga qiziqaman. Men sizni juda yaxshi yozuvchi deb hisoblayman. Yo‘q, gapimda zarracha mubolag‘a yo‘q… Rostini aytsam, tushlik vaqtida hayotingazning bu jihati haqida Fransuaza biron narsa deb og‘iz ochmagani meni hayron qoldirdi. Ikki-uch marta erim kitoblaringiz haqida og‘iz ochmoqqa urinib ko‘rdi, lekin har gal Fransuaza uning gapini bo‘lib qo‘yaverdi… Menimcha, u sizning ijodingiz bilan har qancha g‘ururlansa arziydi.
— E, qo‘ysangiz-chi! Buning nimasiga g‘ururlanadi? Lekin gapingizning bir jihati to‘g‘ri — Fransuaza bunaqa kitoblarga qiziqmaydi… U romanlarni afzal ko‘radi… Muhimi shundaki, Fransuazaning o‘zi shoirona tabiatga ega. Kiyimlarini nechog‘lik did bilan tanlaganiga qarang. Uning barpo qilgan bog‘i qanday ajoyib! Har bir gulning joyini o‘zi tanlagan. Bo‘hron Pon-de-l Erni ham iskanjasiga olgandan keyin bizning daromadlarimiz kamayib ketdi. Endilikda Fransuaza hamma ishni o‘zi qilishga majbur bo‘lyapti.
— Fransuaza hamma ishni o‘zi qiladi deng?! Fransuazaning didi baland deng! G‘aroyib joyi shundaki, bu gaplarning hammasiga o‘zingiz chippa-chip ishonasiz. Juda ham kamtar odamsiz-da, Antuan… Men Fransuazani qizlik chog‘idan beri bilaman. Unda didi hozirgiga qaraganda qiyos qilib bo‘lmaydigan darajada past edi. Har hodda, u ham Paskal-Bushe oilasining boshqa a’zolari kabi bezaklarga va boshqa mayda-chuydalarga juda o‘ch edi…
— Siz adashyapsiz, Sabina… Bu libosni Fransuazaning o‘zi tikkan, unga xizmatchi ayol ko‘maklashib turgan, xolos.
— Qo‘ysangiz-chi, Antuan, biz — ayollarni alday olmaysiz. Choklarini qarang, burmalarining nafisligini qarang… Bundan tashqari, bunaqa qimmatbaho matoni faqat Skyaparellidan topish mumkin… Lekin bularning uncha ahamiyati ham yo‘q.
— Unday demang. Biz siz o‘ylagandan muhimroq, Sabina! Men sizga aytdim-ku — biz hozir mablag‘ masalasida ancha-muncha qiynalganmiz. Avvalgi daromadlar qayda-yu, hozirgisi qayda! Pon-de-l Erdan hozir bir tiyin naf bo‘lmay qolgan. Bernarning yozishicha, bu ahvol bir necha yil davom etishi mumkin ekan… Kitoblarim ancha tuzuk tarqalib turipti. Ba’zan maqolalar ham yozib turaman… Shularning hammasiga qaramay, bechora Fransuaza eng zo‘r bichiqchilarga buyurtma bera olmaydi.
— Agar shundoq bo‘lsa, bu ayni mo‘jiza ekan, Antuan! Aql bovar qilmaydi-yu, lekin ajoyib. Fransuaza qoshida bosh egib ta’zim qilishdan boshqa ilojim qolmaydi… Sirasini aytganda, men hamisha unga yaxshi munosabatda bo‘lganman. Faqat hech tushuna olmayman — Fransuazani nega yoqtirishmas ekanlar?
— Uni yoqtirishmaydimi?
— Yoqtirishmaydi emas, uni ko‘rgani ko‘zlari yo‘q… Nahotki, bundan bexabarsiz? Meni lol qoldirgan narsa shu bo‘ldiki, bir zamonlar uni Pon-de-l Erda qanday yomon ko‘rishgan bo‘lsa, Nitstseda ham shunchali yomon ko‘rishar ekan.
— Nima sababdan yomon ko‘risharkan?
— O, avval nima uchun bo‘lsa, hozir ham o‘shaning uchun… Xudbinligi uchun, nozu karashmalari uchun, ayollar bilan muomaladagi makrlari uchun… Munoviqligi… Odob bilan narsadan uzoqligi uchun… Esimda, men uni hamisha himoya qilardim. Sen-Jan litseyida birga o‘qib yurgan vaqtlarimizdayoq men shunday derdim: “Fransuaza Paskal-Bushe aslida yaxshi ayol. Aftidan, gaplarining sun’iyliga, ovozining dag‘alligi tufayli sizlar uni yoqtirmay qolgan bo‘lsalaring kerak…”
— Siz uning ovozini dag‘al deb hisoblaysizmi?
— Nimalar deyapsiz, Antuan! Lekin o‘n yil birga turib, siz ko‘nikib qolgan bo‘lsangiz kerak-da! Aytgancha, bu uning aybi emas. Buning uchun ta’na qilmayman… Men boshqa bir qilig‘i uchun uni sira kechira olmayman: sizdek odamga turmushga chiqqan bo‘lsa-da, u ayni choqda…
— Ayni choqda?.. Nima demoqchisiz bu bilan?
— Yo‘q, hech narsa…
— Yo‘q, Sabina, sha’maga to‘la iborani boshlab qo‘yib, yarmidan uzib qo‘yishga haqqingiz yo‘q… Balki sizga shu ma’lumotlarning hammasini aytgan odamlar Fransuazaning o‘ynashlari ham bor deyishgandir?
— Siz astoydil so‘rayapsizmi, Antuan?
— Astoydil bo‘lganda qandoq. Ishonavering…
— O‘zingizdan qolar gap yo‘q, azizim, har qanday kelishgan ayolni g‘iybat qilmay qo‘yishmaydi… Kim bilsin… Ba’zan o‘tsiz ham tutun bo‘lishi mumkin… Fransuaza sira orqa-oldiga qarab yurmaydi. Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Pon-de-l Erda turgan kezlaringizdayoq og‘ziga kuchi yetmaganlar uni ukangizning o‘ynashiga chiqarib qo‘ygandi.
— Bernarningmi?
— Ha-da, Bernarning!
— Rosa bema’ni gap-ku! Bernardan halolroq odam yo‘q dunyoda…
— Gapimga ishonavering, xuddi shuni men hammaning qulog‘iga tinmay quydim… Uni nechog‘liq matonat va bardosh bilan himoya qilganimni Fransuaza hatto xayoliga ham keltira olmaydi… Oy nurida kumushday tovlanib turgan anavi narsa nima?
— Umi? Zarpechak…
— Juda chiroylik-a! Gefsiman bog‘laridagi gullarni eslatar ekan… Nima dedingiz?
— Yo‘q, eslatmaydi… Qaytgingiz kelmadimi?
— Muncha shoshilmasangiz, Antuan?.. Bu bog‘da siz bilan bajonu dil tun bo‘yi qolardim…
— Etim uyushib ketyapti…
— Qo‘lingizni bering… Rostdan ham qo‘lingiz muzdan badtar sovib ketipti! Istasangiz, yelkangizga yogshng‘ichimni tashlab qo‘yay? Biz, axir, bir-birimizning pinjimizga kirib butun umrimizni o‘tkazishimiz mumkin edi-a! Siz shuni o‘ylab, hech qachon afsus chekkan emasmisiz, Antuan?
— Nima deb javob bersam ekan, sizga, Sabina? O‘zingiz-chi? Siz baxtlimisiz?
— Juda baxtiyorman… Men ham xuddi sizga o‘xshab noumidligimni yengishga harakat qilaman… Manavi so‘qmoqdan ko‘tarilishimiz kerakmi? Sizdan yashiradigan sirim io‘q. Ancha vaqtgacha men faqat tezroq o‘lishni orzu qildim… Endi biroz yengil tortdim… Taqdirga tan berdim… O‘zingiz ham taqdirga tan beribsiz-ku…
— Juda ziyraksiz-a, Sabina…
— Esingizdan chiqarmang, Antuan, bir vaqtlar men sizni yaxshi ko‘rganman… Mening ziyrakligim shundan… Qo‘lingizni uzating, suyanib olay… So‘qmoq juda ham tik ekan… Qani, ayting-chi, Antuan, Fransuazaning qanaqa odam ekanini siz qachon anglab yetgansiz? Qachon uning haqiqiy qiyofasini ko‘ra oldingiz? Axir, uylanayotganingizda sevgidan o‘zingizni butkul yo‘qotib qo‘ygan edingiz…
— Qo‘rqamanki, hozir biz siz bilan butunlay boshqa-boshqa tillarda gaplashyapmiz, Sabina… Meni tushunishingizni juda istar edim… Men hozir ham Fransuazaga haddan tashqari bog‘lanib qolganman. “Bog‘lanib qolganman” deganim nimasi-ya! Kulgili, ayanchli so‘z! Fransuazani yaxshi ko‘raman. Lekin gapingizda jon bor — turmushimizning dastlabki ikki yilida muhabbatimiz be-nihoya zo‘r va zavqli bo‘lgan edi. Men bu muhabbat Fransuazaning qalbida ham jo‘sh urgandi deb hisoblashga yetarli asosim bor.
— Shunaqami?!
— Bu gapingizni qanday tushunay? Yo‘q, Sabina, siz juda ham chegaradan chiqib ketyapsiz… Siz meni xotiralarimdan mahrum etolmaysiz… O‘sha yillarda Fransuaza menga sevgisining shunaqa dalillarini berganki, hatto so‘qir odam ham addanishi mumkin emasdi… Biz juda inoq edik… Holi qolganimizda baxtimizning cheki bo‘lmasdi… Ishonmaysizmi? Biroq har nima deganingizda ham Sabina, nima deyayotganimni men bilaman-ku! Axir, Fransuaza bilan birga bo‘lgan men edim, siz emas edingiz.
— Ammo men uni sizdan avval tanigan edim, qadrli do‘stim… Men sizning xotiningizni bolalik chog‘ida ko‘rganman. Fransuaza bilan uning singlisi Elen bilan birga katta bo‘lishgan… Fransuaza hozirgiday ko‘z o‘ngimda: u litsey hovlisida qo‘lida raketka bilan tik turgan holda Elen ikkovimizga murojaat qilib degan edi: “Men Kesnening katta o‘g‘liga turmushga chiqmog‘im kerak. Har nima bo‘lganda ham men bu niyatimga erishaman!”
— Bunday bo‘lgan bo‘lishi mumkin emas, Sabina! Paskal-Bushelar oilasi ancha zamonlardan beri mening oilam bilan chiqishmas edi. Fransuaza men bilan tanish ham emas edi. Biz u bilan 1917 yilda mutlaqo tasodifan tarzda uchrashib qolganmiz. O‘shanda yaralarim tuzalib, endi oyoqqa turayotgan edim…
— Tasodifan deysizmi? Aftidan, siz chindan ham bunga ishongansiz deyman? Holbuki, Elenning gaplari hozirgacha qulog‘imdan ketgani yo‘q. U oilasining ahvolini gapirib bergandi. Gap shundaki, urushning boshlanish chog‘larida janob Paskal-Bushe sinib, xonavayron bo‘lgan edi. U qimorboz edi. Ayni chog‘da kollektsionerlik bilan shug‘ullanardi. Buning ikkovi ham ko‘p pul talab qiladigan mashg‘ulot… Qizlari uni doimo “bizning sultonimiz” deb chaqirishardi. U, shubhasiz, shu nomga loyiq edi… Fleredagi ota-bobolaridan qolgan qasrni tiklash uni uzil-kesil tamom qildi. “Menga qaranglar, qizaloqlarim, — dedi u Fransuaza bilan Elenga. — Bizning o‘lkamizda faqat ikkita xonadon bor: Tianjlar xonadoni bilan Kesnelar xonadoni. Agar biz o‘zimizni xalos etmoq niyatida bo‘lsak, faqat shu xonadonlar bilan quda-anda bo‘lmog‘imiz kerak”. Qizaloqlar jangga tashlanib, qo‘shaloq g‘alabaga erishishdi.
— Bu voqeani sizga kim gapirib berdi?
— Boya aytdim-ku, opa-singil Paskal-Bushelarning o‘zi gapirib bergan.
— Bilib turib, meni ogoh qilmabsiz-da?
— Dugonamga pand berolmas edim-ku? Bundan tashqari, bir omadi chopgan-da, uni yakka-yu yagona imkoniyatdan mahrum qilaolmas edi. Axir, na Luveda, na Pon-de-l Erda sizga o‘xshagan anoyi Don-Kixotni mustasno qilganda, hech kim unga uylanmas edi-da… Bizning Normandiyada sinib misi chiqqanlarni yoqtirishmaydi.
— Nega bunday deysiz? Janob Paskal-Bushe hech qachon singan emas…
— To‘g‘ri. Lekin qanday qilib sinmay qolishga erishgan? Urush ketayotgan davrda uni hukumat qo‘llab turgan. Uning yana bitta kuyovi Moris de Tianj o‘sha paytlarda parlament deputati edi-da… Urushdan keyin esa… O‘zingiz mendan ko‘ra yaxshiroq bilasiz-ku, oxir-pirovardida sizning bobongiz unga yordam berishga majbur bo‘lgan… Qayin otangizning mo‘ljallari amalga oshdi… Oh, yana o‘sha muattar hid anqiyapti! Ayvonga yaqinlab qoldik, shekilli? Biroz to‘xtang, Antuan! Butunlay bo‘g‘ilib ketdim…
— Yuqoriga ko‘tarilayotganda gapirib keldingiz-da… Shuning uchun nafasingiz siqqan…
— Qo‘lingizni yuragimga qo‘yib ko‘ring, Antuan… Gursillab urayotganini sezyapsizmi? Mang, dastro‘molim bilan labingizni artib oling… Ayollar juda yaramas maxluq bo‘ladi, lab bo‘yoqning jinday izi bo‘lsa ham ular darrov sezadi… Voy, nima qilyapsiz? Labingizni o‘zingizning ro‘molchangiz bilan artib bo‘larkanmi? Ro‘molchada izi qoladi-ku? Risoladagi er bo‘lmaganingizda bunaqa narsalardan allaqachon xabardor bo‘lardingiz-a?.. Durust… Endi chap yelkangizni qoqib tashlang: unda upa izlari qolgan bo‘lishi mumkin… Juda yaxshi! Ana endi hammaga bemalol ko‘rinaverishingiz mumkin.
Bir necha daqiqadan keyin mehmonlar jo‘nab ketishdi. Ayollar bir-birlari bilan quyuq xayrlashishdi.

Rus tilidan Ozod Sharafiddinov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnalining 1998 yil, 12-sonidan olindi.