Buvim dadamni omadsiz, ishi yurishmagan odam deb hisoblardi. Buni ochiq aytmasa ham, vaqti-vaqti bilan dadamning hamma kursdoshlari allaqachon bosh vrach, professor yoki kamida tibbiyot fanlari nomzodi bo‘lib ketganini eslab turar edi. Buvim har safar dadamning do‘stlarining yutuqlaridan shu qadar baralla quvonardiki, undan keyin uyda noqulay jimlik cho‘kardi. Biz dadam “qolib ketayotganini” tushunib turardik…
– Bir paytlar shular sening maslahatlaringni olishga kelardi. Sen ularga imtihonlardan o‘tishda yordamlashar eding! – deydi buvim.
– Hozir ham dissertatsiyalarini olib kelib turishadi, – deydi oyim ohista, dadam bilan faxrlangandek. – Ilmiy maqola yozish uchun ular ijodiy ta’tilga chiqishadi! Bu kishi bo‘lsa uch yildan beri oddiy mehnat ta’tiliga ham chiqmaydi. Har kuni shu kasalxona! Operatsiya, operatsiya…boshqa gap yo‘q. Bir hafta bo‘lsa ham ruhsat olsa bo‘lardi: bundoq, kasal bo‘lib, tuzalib deganday…
Tez orada oyimning tilagi ijobat bo‘lib, dadam gripp bo‘lib qoldi. Unga dori-darmon yozib berishdi.
– Yana, – dedi doktor, – tinchlik kerak, sokinlik…
Telefonimiz har ikki daqiqada jiringlar edi.
– Sog‘ligi yaxshimi? O‘zi tuzukmi? – deb so‘rardi notanish ovozlar.
Boshida bu mening jahlimni chiqardi: dadamga uxlashga berishmasdi. Kechqurun oyim ishdan qaytganda shunday dedim:
– Yigirma martalab qo‘ng‘iroq bo‘ldiyov!
– Qancha? – qayta so‘radi oyim.
– O‘ttiz martacha, – dedim oyim qandaydir yoqimli hayron bo‘lganini ko‘rib. – Dadam uxlashigayam xalaqit qilishyapti.
– Tushunaman. Demak, Xavotir olishibdida!
– Olganda qandoq! Ba’zilari yig‘lab ham berardi sal qolsa. Zo‘rg‘a yupatib o‘zlariga keltirdim!
– Qachon bo‘ldi bu? – so‘radi buvim.
– Doriga chiqib ketganingizda. Yo oshxonadamidingiz, aniq esimda yo‘q…
– Bo‘lishi mumkin…Qo‘ng‘iroqlar rostdan ham ko‘p bo‘lyapti. – dedi buvim dadam yotgan tarafga hayrat bilan tikilib.
Ikkovlari ham buncha ko‘p qo‘ng‘iroq bo‘ladi deb o‘ylashmagan edi.
“Dadamning kasal bo‘lgani qanday yaxshi bo‘ldi-ya! – deb o‘ylardim men. – Bilib qo‘yishsin. Ayniqsa oyim!” Ha, hammasidan ham oyim dadamdan mutlaqo begona insonlar xabar olayotganini ko‘rib qo‘yishini istardim.
– Talaba Yuraning sog‘ligi yomonlashganda qarab turgandim, esinglardami? Qo‘shni pod’ezddagi bor-ku, esinglardami? (Oyim bilan buvim bosh silkishdi). U ham gripp bo‘luvdi. Ungayam qo‘ng‘iroq qilishardi. Kuniga ikki yoki uch odam. Ko‘p emas. Buyoqda esa to‘xtay demaydi-ya!
Shu payt yana qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
– Kechirasiz, – dedi go‘shakdan sokin, qandaydir ma’yus ovozda bir ayol. – Kim bilan gaplashyapman?
– UNING o‘g‘li bilan!
– Xursandman… Unda meni tushunsangiz kerak. Mening ham o‘g‘lim bor. Uni ertaga operatsiya qilishlari kerak. Lekin men dadangizning tuzalishini kutmoqchi edim. Agar iloji bo‘lsa… Undan so‘rab ko‘rsangiz. Birgina o‘g‘lim bor. Judayam hayajondaman. Dadangiz, shaxsan o‘zi operatsiya qilsin, degandim…Iloji bo‘lsa. Ko‘nglim xotirjam bo‘lardi!
– Shuni u kishining ayollariga ham qaytarib yuborolasizmi, – dedim men – Ya’ni oyimga…Hozir chaqirvoraman.
Chaqirdim.
Yana bir soat-qirq daqiqalardan keyin go‘shakdan bir erkak kishi so‘radi:
– Kim bilan suhbatlashyapman?
– O‘g‘li bilan!
– Juda yaxshi! Unda meni tushunsangiz kerak. Ayolimning o‘t pufagini olib tashlash kerak. Operatsiyani dadangiz o‘tkazadi, deb va’da qilishgandi. Aynan shuning uchun shu kasalxonaga joylashtiruvdim. Boshqa yo‘llarim ham bor edi! Birdaniga bunaqa xabar! Qanaqasiga bunday bo‘ldi? Oyoqqa turg‘izish kerak! Qanaqadir boshqacha dorilar kerakmikan? Noyobroq? Qo‘limdan kelardi… Qisqasi, men uni kutmoqchiman. Bu teatr emas, dublyorlar meni qoniqtirmaydi!
– Bu gaplarni o‘sha kishining ayoliga aytsangiz. Xuddi shunday, menga gapirganingizdek…So‘zma-so‘z! Balki yordam qilar.
Men yana oyimni chaqirdim.
Qolgan kunlari ham dadamning sog‘ligi bilan qiziqqan hammaga bir xil javob berdim:
– Hozir aniq bir gap aytolmayman. Kechki payt qo‘ng‘iroq qiling. Ayollari uyda bo‘ladi. Hammasini shu kishidan bilib olasiz…
Ishdan qaytib, oyim yo‘lakdagi telefon oldida o‘tirib olardi va tinmay kunduzi men qo‘ng‘iroq qilishini so‘ragan kishilar bilan suhbatlashar edi.
Ba’zida buvimga:
– Balki oyimga yordam berarsiz? – derdim.
Buvim oyim bilan “o‘rin almashardi”. Dadamga qo‘ng‘iroq qilgan kasallar, doktorlar, hamshiralar har safar:
– Harorati qanday? – deb so‘rashardi.
Afsuski, dadamning harorati baland emasdi. Men esa hamma uning sog‘ligi uchun ko‘proq qayg‘urishini istardim!
Bir kuni:
– Harorati? Bilmadim. Termometr sinib ketdi. Lekin peshonasi qaynoq! – dedim.
O‘sha kuni hammaga shunday javob berdim. Dadam eshitmasligi uchun shivirlab gapirardim.
Shivirlashim ularga qattiq ta’sir qilardi. Ular ham shivirlab javob berishardi:
– Ahvoli yaxshilanmayaptimi?
– Ha…Kechroq qo‘ng‘iroq qiling. Oyim uyda bo‘lganda!
Kechqurun biryo‘la uchta termometr keltirib berishdi.
– Harorati yaxshilansinda, – dedi dadam o‘g‘lining nimasinidir kesishi kerak bo‘lgan ayol. Menga termometr uzatdi. – Haliyam balandmi?
– Yo‘q, hozir yaxshi, – dedim men. – Ancha yaxshi. Xavotir olmang…
– Mana shu termometrni qo‘yinglar, – dedi u. Go‘yo hammasi termometrga bog‘liqdek!
– Menimcha, ancha yaxshilandi holati, – deb yana tinchlantirdim uni.
U yonidan ro‘molcha chiqarib, boshini egib, ketdi…
– Nahotki sizlar, – dedim onam bilan buvimga, – anavi violenchelchilaring kasal bo‘lib qolsa, unga shuncha qo‘ng‘iroq bo‘lardi, deb o‘ylasangizlar? Shuncha termometr sotib olisharmidi?
– Nimalar deyapsan! Taqqoslab bo‘larmidi? – dedi buvim. – Buyoqda inson hayoti haqida gap ketyapti!
– Ha, u odamlarga kerak! – dedim men.
– Shubhasiz! – dedi oyim.
Dadam kasal bo‘lmaganda hech qachon bunday demagan bo‘lardi. Aytgandayam bunchalik aniq, aminlik bilan, ishonch bilan aytmas edi.
Hamma gazetalarda yozilishicha, virusli gripp bilan ayovsiz kurashish kerak ekan. Men esa bu viruslarga ijobiy, va hatto mehr bilan qarardim… Nima ham qilardik? Menga shunday yordam berishgan bo‘lsa?!
O‘sha kuni men, agar uyda meni qadrlamay qo‘yishsa, og‘ir kasal bo‘lib olishga qaror qildim. O‘lib qolsamam zo‘r bo‘lardi…vaqtincha! Hamma qanday insonni yo‘qotganini bilib olardi. Afsuski, buning iloji yo‘q, demak, albatta, kasal bo‘lib qolaman! Butun sinf (naq 43 kishi!) qo‘ng‘iroq qiladi. Shunda hamma meni tushunadi…
Rus tilidan Odilxon Orifjonov tarjimasi