Bu janob umrida qo‘liga qalam tutib qog‘oz qoralamagan va hech qachon ko‘nglini yorib birovga biror voqeani hikoya qilib bermagan. Osoyishta, halol yashadi, qarigan chog‘ida ro‘zg‘orini tebratishga yetarli mablag‘ jamg‘arib, shahar chekkasidan uy-joy qildi, o‘sha yerda tinch-osuda umrguzaronlikni davom ettirdi. Yangi uyga ko‘chib o‘tgach, nima bo‘ldiyu, almisoqdan qolgan xat-qog‘ozlarni ko‘zdan kechirib tartibga keltirib qo‘yishni ko‘ngli tusadi. G‘aladonlarni kavlashtirayotib allaqachon unutib yuborgan — sarg‘ayib, titilib ketgan qo‘lyozmalarni topdi. Hayotda ko‘pni ko‘rgan odam emasmi, eski yozuvlarga birrov-birrov ko‘z yugurtirdiyu ularning bahridan o‘tib, yirtib tashladi. Ayrim qog‘ozlardagi yozuvlarda u dunyoyu bu dunyo tilga olib bo‘lmaydigan, og‘iz ochib boshqalarga aytilmaydigan ko‘ngil sust ketish damlari haqida so‘z yuritilgan edi. Mana, ulardan biri, 19.. yil mart oyining 13-kuni deb boshlangan varaq…
“Ertalabdan havo aynidi. Osmon irkit tusda, zamin esa tor va haddan tashqari biqiq. Allaqaylarga bosh olib ketish kerakmikan?.. Qayoqqa, qay tomonlarga ketaman?.. Boshpana topish ilinjida tanish-sinashta joylarni bir-bir xotiradan o‘tkazasan, biroq ularning bari xira va sovuq ranglarga burkangan noxush joylarga o‘xshab tuyuladi: daraxtlar qilt etgan havo to‘lqini sezilmaydigan fazoda beso‘naqay bir alfozda qotgan; tog‘lar begona, dengiz xomush va bo‘zarib ko‘rinadi. Odamlar esa gap-so‘zlari, dard-tashvishlari bilan chuchmal va beta’sir tuyuladi. Bunday paytda ko‘ngil goh u, goh bu xotiralardan panoh istaydi, xayol qadim xotiralar orasida sarson-sargardon izg‘iydi, tanish go‘shalar ko‘z o‘ngingda gavdalanadi va shu asnoda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan kashfiyot qilish kerak, degan qarorga kelasan. Inson hayotida yuz beradigan bundayin lahzalar behad xatarli: axir, taqdiri tavakkal qilyapsan-a! Tasodifiy uchrashuv, qo‘qqisdan ogzingdan chiqib ketgan bir og‘iz so‘z butun turish-turmushingni ostin-ustun qilib yuborishi hech gap emas; shu bois bunday paytlarda og‘ir dardga duchor bo‘lgan bemordek uyingda, to‘rt devor orasida biqinib o‘tirishdan afzalroq chora yo‘q.
Hamma gap, mana, nimada: atrofimizdagi odamlarga qanday inson sifatida ko‘rinishni istasak, shunga harakat qilamiz, aslida qanday inson ekanimizni o‘zimiz bilamiz va illo-billo asl qiyofamiz ko‘z-ko‘z bo‘lishini istamaymiz. Aksari boshqalarning nazarida qanday odam bo‘lsak, o‘zimizni shunday odam deb hisoblab yuramiz. Shunga qaramay, ba’zan o‘zgalarning o‘zimiz haqimizdagi tasavvurini eshitib hayron bo‘lamiz. Aqlni ishlatib ko‘raylik: biz o‘zimizning tashqi qiyofamiz haqida ham aniq tasavvurga ega emasmiz-ku, odatimizga aylanib ketgan xatti-harakatu imo-ishoralarimizni ham durust bilmaymiz, kulganimiz va so‘zlashganimizda yuz-ko‘zimizda kuzatiladigan ifodalarni ko‘rmaymiz. Vaholanki, boshqalar ayni shu alomatlardan kelib chiqib qanday inson ekanimiz haqida muhokama yuritadilar va bizni baholaydilar.
Ko‘pincha o‘zimiz o‘zimizni o‘rab-chirmab tashlagan qobiqni yorib-ochib tashlashni va uzoq yillardan buyon o‘zgalarning nazaridan pinhon tutib kelgan siru sinoatlarimizni oshkor qilishni ko‘ngil tusab qoladi. Odatda bunday niyatlar o‘zimizdan ko‘nglimiz to‘lmagan, qoniqish hosil qilmagan va avvalgi yashash tarzimizni bas qilib butkul yangicha yashash istagi tug‘ilgan daqiqalarda paydo bo‘ladi. To‘g‘ri, es-hushli odam uchun yarashmagan odat bu. Shunga qaramay, aynan shu qabilda ish tutadiganlar bor. Ahyon-ahyonda quloqqa shunday gaplar chalinadi: “Eshitdingmi, shu-unday boobro‘, boodob, xushahloq N. yolg‘on-yashiq bilan yuz ming lirni gumdon qilib yuboribdi-ya!” Yana, nima emish, “O‘zidan naq yigirma yosh kichik qiz bilan topishib, allaqayoqqa bosh olib ketibdi”. Qarabsizki, N. mutlaqo boshqa odamga aylanadi, u haqdagi burungi tasavvuringdan asar ham qolmaydi; turish-turmushi va butun umri aldam-qaldamdan ortmagan, muttahamlik yoxud juftakni rostlab qolishdan bo‘lak murod-maqsadi yo‘q odam bo‘lib chiqadi.
Men muttahamlik bilan kun ko‘rish va allaqayoqlarga bosh olib ketib yashash haqida gapirdim, xolos. Ammo-lekin birmuncha jo‘n usullar bilan ham boshqa odamga aylanish mumkin, misol uchun, kasb-kor o‘zgartirilsa bas, odatu mayllaring, qiliqlaring ham o‘zgara boshlaydi. Boshqa odam bo‘lasan-qolasan, hech kimsa tanimaydiyam. Axir, tanamiz ham muttasil o‘zgarib turadiyu! Aytishlaricha, insonning tanasidagi hujayralar har yetti yilda to‘lasicha yangilanadi, eski hujayradan birortasiyam qolmaydi.
Xullasi kalom, kishilar yetti uxlab tushiga kirmagan tarzda, hech bir reja-pejasiz o‘z hayotini o‘zgartiradilar: bunday o‘zgarish tuyqus yuz bergan dilning ravshanlashish onlari, o‘z hayot tarzini favqulodda yangilash va o‘zga qiyofaga kirish istagining mahsulidir.
Muhimi, hayot tarzini o‘zgartirish mayliga ko‘ngil sust ketmasligi lozim. Buning qiyin joyi yo‘q: birgina imo-ishora yoki qiliq bilan ham ko‘p narsani chappasiga aylantirib yuborish mumkin. Inson zoti bir narsani zinhor unutmasligi darkor: har kas o‘ziga buyurilgan tor qobiqqa moslashib, joylashib olmog‘i hamda o‘z chekiga bitilgan yumushni ado etib yurishdan a’loroq yo‘l yo‘q. Shunda hammasi joyida — hammayoq osoyishta, kimning qanday inson ekanligi, to‘qimtabiatmi yo xushmuomalami, mug‘ambirmi yo soddadilmi — hamma-hammasi besh qo‘lday ayon bo‘ladi. Shundagina fe’lingiz shaxsiyatingizning o‘zgarmas va muqim qismiga aylanadi, u bo‘lar-bo‘lmasga o‘zgaravermaydi. Shunday ham bo‘ladiki, artistga ayrim qiliqlar mutlaqo o‘tirishmagani kabi, muayyan kishiga butkul yot qiliqlar, imo-ishorapar, xatti-harakatlar ham uchraydi. Va aql-hushimiz to‘lishib-tirsillab turgan daqiqalarda ham barcha amallarimiz o‘zgalar nazarida shakllangan fe’l-atvorimizga mos kelishi haqida hisobot bermaymiz.
Goho shunaqasi ham uchraydi: biron mardumning o‘tmishini kavlashtiraverasan-kavlashtiraverasan-da, o‘sha banda haqidagi bor tasavvuring ostin-ustun bo‘lib o‘zgaradi: hamma u kishimni ko‘ngilchan va odamoxun hisoblab yurgan-u, u buzuq xayollarini pinhon saqlab yashagan pismiq nusxa bo‘lib chiqadi; yoxud, xotamtoyligi va samimiyati bilan nom qozongan odamning yaqin-atrofidagilarga nisbatan o‘lguday hasadgo‘yligi fosh bo‘ladi, qo‘pol va fe’li og‘ir kishining qalbi esa mehr-muhabbatga limmo-lim, o‘zi esa farishtatabiatligi ayonlashadi.
Misol tariqasida aytsam, kamina bosiq-vazmin odam sifatida obro‘-e’tibor topganman. Ehtimol, boshqalarning men haqimdagi tasavvuridangina kelib chiqib shunday xulosaga kelmagan bo‘lsam, aslida ham shunday. Bugunga o‘xshash havo tund va befayz kunlar bir zamonlar, ho‘-o‘ go‘dakligimda chekkan ozorlarimni eslab to‘satdan dilim siyoh bo‘la boshlayman. Gapirib o‘tirishning o‘zi kulgiliku-ya, toshoyna ro‘parasida qaqqayib soqolni qirtishlar ekanman, betimdagi har bir ajin yoki iz paydo bo‘lgani boisi o‘zimga, yolg‘iz o‘zimgagina ayon ekanligidan qalbimda og‘ir iztirob ko‘z ochadi. Qiyofamda sabr va toqat surati zohirlanar-zohirlanmas qulog‘imdan tomog‘im tomon ketgan sezilar-sezilmas ajin izi chuqur chandiqqa aylanadi. Umrning eng dilkash lahzalaridan biri — toshoynaga termilib turgan lahzalarimiz, o‘tmishimiz va ehtirosu hayajonlarimizdan hikoya qiluvchi shohid — o‘z qiyofamiz bilan yuzma-yuz qolamiz. Tongda o‘z-o‘zimiz bilan muloqot chog‘idagi eng ta’sirli joyi — chehramizga bitilgan nafosatni anglashdir. Men o‘tmishini tashkil etgan jismsiz, lekin tirik og‘riqdan xalos bo‘lishni orzu qilgandek ko‘rinayotgan ko‘zgudagi qiyofadoshimga loqayd qaragan emasman. “E, ha-a, bu, o‘zlarimi? Kim bo‘ladilar janoblari, ko‘ngillari nimalarni tusaydi? Istiqbolda nimalar kutmoqda, sizni?” degan savollar bilan sendan ko‘z uzmay turgan bu nigoh nimalarga qodir! Inson zoti borki, hamma-hammasini chin ko‘ngildan seva olging, tushunib yetging va ularning bariga butun vujuding bilan ishonging keladi. Ne boislardan hammasi aksincha va biz o‘zimizni tarbiyasiz va bebosh bolalardek tutamiz? Axir, bir og‘iz so‘z aytsak olam guliston-ku!.. Yo‘q, hech kim shu bir og‘iz so‘zni aytmaydi, ayta olmaydi…
Kunlarning birida g‘alati hodisa yuz berdi. Kiyinib ko‘chaga otlanayotib, bir zumgina hayallab stol yoniga o‘tirdim. Ko‘z o‘ngimda taqir, bo‘zrang devor, har qarichi tanish, suvoqchining andavasidan qolgan izlargacha tanish. Bu yorug‘ dunyoda devor qancha vaqt qaqqayib tursa, ushbu izlar ham turaveradi.
Xonamdagi jihozlarni yanada yaxshiroq his qilish uchun ularni begona nazar bilan kuzataman. O‘z o‘rnida turgan yoki pala-partish sochilib yotgan har bir jihozu buyumdan sadoqatli va itoatkor jonzotning mayin va sokin tovushi eshitilayotgandek bo‘ladi. Ular o‘zgarmaydi, ular menga birday sadoqatli, men ham ularga befarq emasman. Axir, xonamdagi mo‘jaz koinot qasrining yaratguvchisi menman, bu yerda men tomonimdan o‘rnatilgan va abadul abad o‘zgarmas tartib-intizom, harqalay, uzoqqa bormaydi: men qancha umr ko‘rsam, shuncha davom etadi, tamom. Meni qurshab turgan hamma narsa sabr-toqat, xotirjamlik hamda mening donishligimga, fozilligimga va yana bir karra fozilligimga bo‘lgan ishonch-e’tiqod bilan nafas oladi. Hali uyquda yotgan oila a’zolarim ham shunday o‘ylaydilar. Hammaning fikri shu. Vaholanki, arzimas bir narsa… Deylik, salgina qo‘l uchi bilan…
Ko‘z o‘ngimdagi behad silliq va top-toza devor sathida kattagina siyoh dog‘i chaplashib, yoyilib bormoqda. Dog‘ning yoyilishiga va goh daraxt, goh sakkizoyoq, goho ertaklardagi maxluqotni eslatuvchi g‘alati-g‘aroyib shakl-shamoyillar hosil qilib pastga oqib tushayotganidan ko‘z uzmay o‘tiribman. Bu — mening ishim. Mening karomatim bu. Buning uchun ortiq aziyat chekmadim, qo‘limni salgina harakatga keltirdim, xolos — stolda turgan siyohdonni olib devorga qarab otdim va mutlaqo yangi voqelik kashf qildim. Demak, o‘zim yangilandim, yangi jonzotga aylandim. Aylangan zahotim xonamdagi barcha buyumlar, jihozlar o‘zining avvalgi qiyofasini o‘zgartirdi: nazarimda, kitoblar, mayda-chuyda lash-lushlar, stullar bir joyga uyulib, darg‘azab otalarining vajohatidan o‘takasi yorilayozgan bolakaylar kabi bir birovining pinjiga kirib ketdi. Ba’zi filmlarda ayni shunday manzaralar ko‘zga tashlanadi. Ko‘p o‘tmay xonaga oqsoch ayol kirib keladi, u boqiy hayotning sahar pallasidagi uyg‘onish lahzalarini har safar shu yerda qarshi oladi, men esa bu paytda stol yonida o‘ychan-xotirjam o‘tirgan bo‘laman. Oqsoch ayol bir menga qaraydi, bir devorga angrayadi, so‘ng yana bamaylixotir o‘tirgan men tomon o‘giriladi. So‘ngra menga, “Voy, sho‘ri-im, nima bo‘ldi-i?” yoki, “Tavba-a, janob…” desa kerak, hoynahoy. Lom-mim demasligi ham mumkin. Qahva ko‘tarib kelgan patnusini stolga qo‘yib, nafasini ichiga yutganicha bamaylixotir ko‘rinishga harakat qilib, xonadan otilib chiqib ketish istagini sezdirmaslikka urinib, o‘sha zahoti iziga qaytar. Aynan shunday manzaraning shohidi bo‘lgan odamdek, nazarimda, oqsoch ayol zumda qo‘shni xonaga chiqadiyu rang-quti o‘chib-gezarib hozirgina uyqudan uygongan janob nima ish qilib qo‘yganini aytadi va… tahlikali va xavotirli qiyofalarda tepamga qo‘rqa-pusa kirib kelayotgan odamlarning hayajonini tasavvur qilib turibman. Bu tong o‘g‘il-qizlarim men bilan xayr-xo‘shni nasiya qilib maktabga jo‘naydilar, ularga, otangiz juda bandlar, deb aytishadi. Men esa benihoya xotirjam, hatto mamnun, ruhim tetik va ko‘ngilchan bir kayfiyatda o‘tiribman. Xonaga ayolim kirib kelganini ko‘rib unga jilmayib qarayman, biroq bu jilmayishim bilan ahvolimni beshbatgar og‘irlashtirgan bo‘laman: bunday vaziyatlarda jilmayish aqlsizlik, ovsarlik alomati hisoblanadi. Ehtimol, darg‘azab qiyofada ko‘ringanim ma’qulroqdir? Shunday qilsam, ayolim, “Nima, mazang yo‘qmi? Toliqdingmi? Yotib, damingni olishing kerak”, deb qo‘yarda-qo‘ymay tepamdan ketmaydi. Ammo-lekin tirjayib, barini hazilga yo‘ysam — adoi tamom bo‘lganim shu, bu bilan o‘zimning o‘zgalarga tushuntirib bo‘lmas telba-teskari qilig‘imni beshbattar mavhumlashtirib yuboraman.
Tuzatib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yganimni yaxshi tushunaman. Oradan necha yillar o‘tmasin, ushbu vaziyatda kechgan lahzalar hayotimda qora dog‘ bo‘lib qolaveradi; endi odamlar menga boshqacha nazar bilan qaraydilar, bir marta quturguday bo‘lib egasiga tashpangan uy hayvoni ishonchni yo‘qotgani kabi, mana shu daqiqalar sabab, bundan keyin atrofimdagilar menga ehtiyotkorroq munosabatda bo‘ladilar. Burungi holatimga qaytsam, tabiiy, hech kim mendan ushbu qilig‘im sabablarini so‘rab-surishtirmaydi. Bundan qat’i nazar, ayni shu daqiqalarda hukm surgan holat bir umrga meni ta’qib qilaveradi, qo‘ni-qo‘shnilar, do‘konchilar bundan xabar topadilar, oqsoch ayol-qizlarning og‘zidan mening nomim tushmaydi. Yana ko‘-o‘p yillar kiroyi va sipo yashagan taqdirimda ham, oila a’zolarim meni xastaga, qo‘ni-qo‘shnilar esa ovsarga chiqaradilar. Hech narsadan hech narsa oppoq devorga siyohdonni uloqtirgan odamga kim ham ishonardi deysiz? Hech narsadan hech narsa stullarni sindirib tashlaydigan, dasturxonga terilgan chinnilarni sharaqlatib ag‘dar-to‘ntar qiladiganlar ham uchraydi. Faqat unday nusxalarda bunday qiliq odat tusini olgani uchun ham boshqalar bundan ortiq taajjubga tushmaydilar, ular uchun bu, oddiy hol hisoblanadi. Biroq, kimsan shu-unday jiddiy va sipo qiyofali janob…
Bu — shayton vasvasasi edi, xolos. Siyohdon joyida turibdi. Andavadan meros izlar elas-elas seziladigan sip-sipliq, top-toza devorda tangadek dog‘-dug‘ ham ko‘rinmaydi. Hikoya qilganlarimning bari xayolimda kechdi, xolos. Jar yoqasiga yaqinlashib qolgan ekanman. Oqsoch ayol qahva ko‘tarib kirdi, jihozlaru buyumlar joy-joyida, oqsoch ayol turqi-tarovatim odatdagidek ekanini ko‘rib xotirjam tortadi. U devorga ko‘z qirini tashpab ham qo‘ymaydi, hozirgina xayollarimni junbushga keltirgan o‘ylardan u xabarsiz. Dunyo go‘zal. Hamma narsa batartib. Mening ham es-hushim joyida. Xayollarimni bezovta qilgan daydi o‘ylarga kelsak, ular haqida hech kimga lom-mim deb og‘iz ochmaganim ma’qul, ularning barini qalbimning ko‘z ilg‘amas qa’riga ko‘mib tashlamog‘im kerak. Har bir kishi har kuni qilishi zarur bo‘lgan jasorat ham shu”.
Rus tilidan Xurshid Do‘stmuhammad tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 1996 yil, 2-son