Eshik ochilib, xonaga ko‘k kamzulli bola kirib keldi. U g‘oyat biqqiligidan yurib emas, dumalab kirganday tuyuldi.
– Mening ismim Rimas. Senikiga mehmonga keldim.
Gitis xursand bo‘lganidan sakrab, chapak chalib yubordi.
– Kel, o‘ynaymiz. Mening ikkita poygachi moshincham bor, – deya mehmonga mulozamat qildi Gitis.
Rimas esa o‘yinchoqlarga qiyo ham boqmay, xonaga bamaylixotir ko‘z yugurtirdi.
– Gilamlaring qani? – deb so‘rab qoldi u.
Gitis boshini tebratib, javob berdi:
– Biz gilamni yoqtirmaymiz. Ular chang to‘playdi.
Rimas ishonqiramay kulimsiradi.
– Yo‘q, gilam chang to‘plamaydi, balki xonani bezaydi, – dedi u.
Gitis tortishib o‘tirmadi. U mehmonning ketidan yurib xonani aylanar, o‘ynash uchun payt poylardi. Rimas bo‘lsa, biror narsa axtaringan kishiday javonni ochib unga ko‘z yugurtirdi.
– Bizning javonda oltita billur qadah bor.
– Bizning yog‘och qoshiqlarimiz bor. Qo‘lda yasalgan. Yarmarkadan olganmiz.
Mehmon buni yaxshi yo yomonligining farqiga borolmagani uchun indamadi.
– Biznikiga mehmonlar kelganda, ularga ziyofat qilamiz, – deb qoldi Rimas.
– Biz ham, – boshni qimirlatdi Gitis.
– Nega unda meni mehmon qilmayapsan?
– Sen katta mehmon emassan-da. Faqat kattalargina mehmon qilinadi.
– Hech-da! Kichiklarni ham har xil shirinliklar bilan mehmon qiladilar, ular ham mehmon-da, – deya Rimas stolga yaqin bordi.
– Mayli! – degancha oshxona tomonga chopqilladi Gitis. Hech qancha vaqt o‘tmay, qulupnay to‘la taqsimcha bilan qaytdi. Qulupnaylar saralab olinganday to‘q qizil, katta-katta edi.
– Yarmi bizga, yarmi oyimga, – deya ogohlantirdi Gitis.
Bolalar bir-biriga qarama-qarshi o‘tirib oldilar. O‘rtadagi qulupnaylar cho‘g‘day, ko‘zni qamashtirardi. Ikkisining ham qo‘llari xuddi musobaqalashayotganday, idishdan og‘izga, og‘izdan idishga borib kela boshladi. Birpasda idishning tagi ko‘rinib qoldi.
Gitis yeyishdan to‘xtab, nafas rostladi – xo‘rsindi. Rimas esa o‘zini stul suyanchig‘iga tashladi-da, lablarini yalab:
– Biz qulupnay ustiga mehmon uchun shakar sepamiz! – dedi.
– Ha-ya, sepsak, sepibmiz-da! – rozi bo‘ldi Gitis.
U oshxonaga chopib borib, shakardonni keltirdi. Cho‘g‘day qulupnaylar ustini oppoq qorday shakar qopladi.
– Bo‘ldi! – deya saxiy mezbonni to‘xtatdi Rimas. – Shakarning ozi yaxshi.
Mehmondorchilik yana davom etdi.
– Mana bu boshqa gap! – Gitisga minnatdorlik izhor qildi mehmon.
Idishda barmoq bilan sanarli qulupnay qolganda, Rimas tumshayib oldi: unga Gitis qulupnaylarni tanlab-tanlab katta-kattalarini yeyayotganday tuyuldi.
– Bunchalik kattalarini yema – yorilasan!
– O‘zing-chi?
– Men?… men o‘rganib qolganman, – dedi Rimas og‘zini qulupnayga to‘ldirib.
– Men ham o‘rganib qolganman, – dedi og‘ringanini yashirmay Gitis.
Uzatgan qo‘li taqsimcha tagiga tekkach, Gitis qulupnaylarning yarmini oyisiga qoldirmoqchi bo‘lganini esladi. To‘g‘ri, u mehmon kelib qolishini bilmagandi. Mehmonga esa ziyofat qilish kerak.
Bo‘m-bo‘sh idishdan qulupnayning xushta’m hidi anqir, bolalar esa jimgina o‘tirishardi.
Jimlikni Rimas buzib:
– Biz mehmonlarimiz oldiga pishiriqlar va choy qo‘yamiz, – dedi.
– Pishiriqlar bilan mehmon qilasizlarmi? – dedi angrayib Gitis.
U stuldan o‘rmalab tushdi-da, yo‘lni yana oshxona tomonga soldi. Hamma yoqni ag‘dar-to‘ntar qilib ham istagan narsasini topa olmadi. Qaytib chiqqanida esa qo‘lida bir banka asal va ikkita qoshiqcha bor edi.
Mehmondorchilik yana davom etdi.
Endi qo‘llar bilan qoshiqlar ham avvalgi yo‘sinda harakat qila boshladi. Asal qiyomiga yetgan ekanmi, banka yarimlaganda mehmonga o‘tkirlik qilib qoldi.
– Men endi ketay, – qo‘zg‘aldi mehmon.
Gitis o‘yinchoqlarini ko‘z-ko‘z qilgisi kelsa-da, ularda mehmonga o‘yinchoq sovg‘a qilish odati bo‘lmasin, degan o‘yga borib, Rimasni indamaygina eshikkacha kuzatib qo‘ydi.
Ostonaga yetgach, Rimas mezbonga jiddiy tikildi va:
– Biz mehmonni kuzatayotganimizda, ularga esdalik uchun biror narsa sovg‘a qilamiz, – dedi.
– Aytmovdimmi! – kapalagi uchib ketdi Gitisning. Nahotki Rimas uning mashinachasini yoki samokatini olib ketib qolsa? U boshini xam qilgancha, indamay turaverdi. Shu payt birdan ko‘rdiki, Rimasning botinkasi loy, hamma yoq oyoq izi edi. Bundan Gitisning jahli chiqdi.
– Biznikiga kelgan mehmonlar oyoq kiyimini almashtiradilar. Kimki xohlamasa, biz unga latta beramiz, marhamat qilib oyoq izlarini artib chiqsin, – dedi qichqirguday bo‘lib.
Ko‘k kamzul kiygan bu semizgina bola shundagina o‘zining loyga bulg‘angan botinkasiga qarab qo‘ydi. Ammo yelkasini qisib, qo‘lini eshik tutqichiga uzatdi.
– Mezbonlik qilishni bilmas ekansan. Senikiga boshqa kelmayman! – deb eshikka ravona bo‘ldi.
– Kerak ham emas! Kelmasang kelma! – ostonadan qichqirib qoldi Gitis. – Kelmadi, deb yig‘lamayman ham!
Rimas avvaliga ohista qadam tashlab bordi, keyin tezlashdi, so‘ng yugura boshladi. U yugurayotganda to‘pga, haqiqiy to‘pga o‘xshardi.
Ruschadan Chori Avaz tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 6-son