Ishtirok etuvchilar:
Busigin
Silva
Sarafanov
Vasenka
Kudimov
Nina
Makarskaya
Ikkita qiz
Qo‘shni
BIRINChI PARDA
Birinchi ko‘rinish
Oqshom. Chog‘roq hovli. Darvoza. G‘ishtin uyning pod’ezdlaridan biri. Derazasi hovliga qaragan, kiraverishda soyaboni bor yog‘och uy. Qator teraklar tagiga o‘rindiq qo‘yilgan. Ko‘chadan kulgi va g‘ala-g‘ovur eshitiladi.
Sahnaga Busigin, Silva va ikkita qiz kirib kelishadi. Silva o‘ynoqi harakatlar bilan gitara chalmoqda, Busigin esa qizlardan birini qo‘ltiqlab olgan. To‘rtalasining ham kechki salqindan eti junjikayotgani sezilib turibdi.
Silva (kuylab). “Chanada uchmoqdamiz – yetolmaysan,
Quyunday uchmoqdamiz – ko‘rolmaysan…”
Birinchi qiz. Mana, bolalar, biz uyimizga deyarli yetib keldik.
Busigin. “Deyarli”si hisobmas!
Ikkinchi qiz (Busiginga). Marhamat qilib, qo‘limni qo‘yib yuborsangiz. (Qo‘lini bo‘shatib olib.) Kuzatib qo‘yganingiz uchun rahmat, bu yog‘iga o‘zimiz ketaveramiz.
Silva (gitara chalishdan to‘xtab). Nima? O‘zimiz ketaveramiz, deganingiz nimasi?(Artistona.) Buni qandoq tushunmoq kerak? Ya’ni, siz – u yoqqa, biz – bu yoqqami?
Birinchi qiz. To‘g‘ri tushunibsiz.
Silva (Busiginga). Qadrdon do‘stim, bu gapga nima deysan?
Busigin (birinchi qizga). Demak, bizni qop-qorong‘i ko‘chaga tashlab ketasizlar?
Birinchi qiz. Nima deb o‘ylovdinglar?
Busigin(bechorasifat). Oyda-yilda bir kelib qolibmiz – uyga taklif qilib, “jiz-biz” qivorsalaring ham yo‘q demasdik.
Birinchi qiz. “Jiz-biz”? Yarim kechada-ya?
Busigin. Nima bo‘pti?
Birinchi qiz. Kechirasizlar, umidlaringni puchga chiqarishga majburman, bizning uyimizda tunggi mehmonlarga joy yo‘q.
Silva (Busiginga). Bunga nima deysiz, bo‘tam?
Busigin. Tuningiz xayrli bo‘lsin, deyishdan o‘zga choramiz yo‘q.
Qizlar (birgalikda). Yaxshi tushlar ko‘ringlar!
Silva (ularni to‘xtatib). Ie, shoshmanglar, ho‘, to‘xtanglar! Bu qanaqasi? Ne umidlar bilan shu yergacha kuzatib keldik. Aytib qo‘yay, o‘zlaringga qiyin bo‘ladi lekin! Haliyam kech emas…
Ikkinchi qiz. Nimaga kech emas?
Silva. Mehmondorchilikka-da!
Ikkinchi qiz. Mehmondorchilikka? Yana nima xohlaysiz? Biroz raqs tushdik, ozgina vino ichdik – shu bilan aziz mehmonimiz bo‘p qoldilaringmi? Voy, ko‘nglingizning ko‘chasidan!.. Chuchvarani xom sanabsizlar!
Silva. Ayollarning makri yetti vagonga yuk bo‘lishiga endi ishondim! (Ikkinchi qizning bilagidan ushlab.) Hech qursa, xayrli tun tilab o‘pib qo‘yishimga ruxsat berarsiz?
Qizlar qochib chiqib ketishadi.
Qizlar, qizlar, shoshmanglar! Hazillashuvdik biz!..
Yigitlar ham qizlarning ortidan chiqib ketishadi.
Qo‘lida klarnet bilan Sarafanov paydo bo‘ladi. Unga qarama-qarshi tomondan yoshi bir joyga borib qolgan qo‘shni chiqib qoladi.
Qo‘shni. Salom, Andrey Grigorevich!
Sarafanov. Yaxshimisiz, qo‘shni?
Qo‘shni. Ishdanmi?
Sarafanov. Nima?.. (Shoshib.) Ha-ha, ishdan-ishdan…
Qo‘shni (istehzoli). Ishdan, deng?.. (Tanbeh ohangida.) Eh, Andrey Grigorevich, menga yangi ish joyingiz yoqmadi-yoqmadi-da.
Sarafanov (uning gapiga ahamiyat bermay). Shunday bemahalda qayerga ketyapsiz, qo‘shni?
Qo‘shni. Qayerga bo‘lardi? Hech qayerga! Qon bosimim oshib ketyapti, shunga biroz ochiq havoda aylanib kelmoqchiman.
Sarafanov. Ha, ha… Aylanish kerak… Foydasi bor, juda foydasi bor… Bo‘pti, yaxshi dam oling. (Ketmoqchi bo‘ladi.)
Qo‘shni. Shoshmang…
Sarafanov to‘xtaydi.
(Klarnetni ko‘rsatib.) Kimni qo‘yib keldilaring?
Sarafanov. Tushunmadim?
Qo‘shni. Kim o‘ldi, deyapman.
Sarafanov (qo‘rqib ketib). Tsh-sh!.. Sekin!..
Qo‘shni qo‘li bilan og‘zini bekitib, “bo‘ldi-bo‘ldi” deganday bosh irg‘aydi.
Qo‘shni. Guldur-gup!.. (Shivirlab.) Kimni ko‘mdilaring?
Sarafanov (u ham shivirlab). Odamni.
Qo‘shni. Yoshmidi, qarimidi?
Sarafanov. O‘rta yoshlarda…
Qo‘shni ancha payt motamsaro qiyofada bosh chayqab turadi.
Kechirasiz, men uyga kirib biroz cho‘zilmasam bo‘lmaydi. Charchabman, shekilli…
Qo‘shni. Baribir, Andrey Grigorevich, shu ishingizni mutlaqo hazm qilolmayman.
Tarqalishadi. Bittasi pod’ezdga kirib ketadi, ikkinchisi ko‘chaga chiqadi.
Ko‘cha tomondan Vasenka kirib, darvoza oldida bir muddat to‘xtab qoladi. Uning xatti-harakatida qandaydir besaranjomlik va qisinib-qimtinish bor edi. Qadam tovushlari eshitiladi. Vasenka pod’ezdga qochib kirib ketadi. Darvozada Makarskaya paydo bo‘ladi. Vasenka go‘yo tasodifan uchrashib qolganday darvoza yoqqa yuradi.
Vasenka. O, uchrashganimizni qara-ya!
Makarskaya. Ha, bu senmiding?
Vasenka. Salom!
Makarskaya. Salom, kichkintoy, qalaysan? Bu yerda nima qilib yuribsan? (Yog‘och uy tomon yuradi.)
Vasenka. Shunchaki, aylanib… Birga aylanmaymizmi?
Makarskaya. Shu izg‘irinda aylanishga balo bormi! (Kalit chiqaradi.)
Vasenka(eshik bilan qizning o‘rtasida turganicha). Qo‘yvormayman.
Makarskaya (parvo qilmay). Uf-f, tag‘in boshlandi!
Vasenka. Sen ochiq havoda kam bo‘lasan.
Makarskaya. Vasenka, uyingga bor.
Vasenka. Shoshma, biroz gaplashib o‘tiraylik. Biron nima de.
Makarskaya. Xayrli tun.
Vasenka. Ertaga sen bilan kinoga tushamiz, de.
Makarskaya. Ertaga bo‘laversin-chi. Endi borib uxla. Qo‘yvor!
Vasenka. Qo‘yvormayman.
Makarskaya. Uydagilaringga aytib beraman, kuningni ko‘rsatishadi!
Vasenka. Nega baqirasan?
Makarskaya. E, Xudo, senga nima yomonlik qiluvdim-a?!
Vasenka. Baqiraver. Ehtimol, yoqayotgandir menga.
Makarskaya. Nima yoqayotgandir?
Vasenka. Baqirishing.
Makarskaya. Vasenka, meni yaxshi ko‘rasanmi?
Vasenka. Menmi?
Makarskaya. Yaxshi ko‘rasan. Lekin men yaxshi ko‘rishingga unchalik ishonmayapman. Qara, shu izg‘irinda bitta koftada sovuq qotib turishimga sen bez bo‘lib qarab turibsan. Yaxshi ko‘rish shunaqa bo‘ladimi?
Vasenka (taslim bo‘lib). Sovuq yedingmi?..
Makarskaya (kalit bilan eshikni ocha turib). Ana… Barakalla. Yaxshi ko‘rsang gapimga kirishing kerak. (Ostonada to‘xtab.) Menga qara, ikki qulog‘ing bilan ham yaxshilab eshitib ol, bundan buyon meni kutma ham, kuzatib ham yurma, itning dumiday menga ergashma ham! Negaki, bundan baribir hech narsa chiqmaydi… Endi uyingga borib uxla. (Uyga kirib ketadi.)
Vasenka (eshikka yaqinlashadi, ammo u yopilib qoladi). Och, eshityapsanmi, eshikni och! (Taqillatib.) Bir daqiqaga ochgin! Senda gapim bor! Eshityapsanmi, och deyapman!
Makarskaya (derazadan). Baqirma! Butun shaharni uyg‘otvorasan!
Vasenka. Uyg‘onsa uyg‘onib o‘lmaydimi?! (Eshik tagiga o‘tiradi.) Mening qanchalik ahmoqligimni bilib qo‘yishsin-da!
Makarskaya. Nega tushunmaysan, tentakvoy, men sendan o‘n yosh kattaman! Bundan tashqari, biz boshqa-boshqa odamlarmiz: orzularimiz boshqa, maqsadlarimiz boshqa, ideallarimiz boshqa! Bularning barini maktabda tushuntirishi kerak edi-ku. Bir-birimizga umuman to‘g‘ri kelmaymiz! Sen o‘z tengingni topishing kerak. Hozir maktabda sevgi-muhabbat mumkin, shekilli? Biz o‘qigan paytlarda mumkin emas edi…
Vasenka. Qo‘ysang-chi bo‘lmag‘ur gaplarni.
Makarskaya. Bo‘pti, odamga o‘xshab gapirsam tushunmaysan chog‘i. Sen jonimga tegib ketding! Charchadim sendan! Turqingni ko‘rishga toqatim yo‘q! Ertadan boshlab qorangni ko‘rmay bu yerda!
Vasenka (derazaga yaqinlashib). Yaxshi. Endi meni ko‘rmaysan. (Motamsaro.) Umuman ko‘rmaysan…
Makarskaya. Bolaning tomi ketib qopti!
Vasenka. Ertaga ko‘rishayli-ik?.. Bir martagina! Yarim soatga! Oxirgi marta! Mayli deyaqol, bir joying kamayib qoladimi?
Makarskaya (kesatib). Yana nima? Bir marta uchrashuvga ruxsat bersang, kanaday yopishib olasan. Men seni yaxshi bilaman.
Vasenka (to‘satdan). Iflos! Iflos!
Makarskaya. Ni-ma?! Nima deding?! Voy, jo‘jaxo‘roz-ey!.. Og‘zidan ona suti ketmagan-u, sapchishini qara! Yo‘q, erga tegmasam bo‘lmaydi! Onam to‘g‘ri aytgan ekan: er – qozonning qopqog‘i, deb! Qozon ochiq bo‘lsa it ham, mushuk ham burnini tiqib o‘tadi! Yo‘qol bu yerdan!
Sukut.
Vasenka. Kechir… Qizishib ketdim…
Makarskaya. Qani, bir tuyog‘ingni shiqillatib qol-chi, mishiqi! (Derazani sharaqlatib yopib qo‘yadi.)
Vasenka pod’ezd tomon yuradi. Busigin bilan Silva paydo bo‘lishadi.
Silva. Boplab ketishdi-ku, a?
Busigin. Biroz dam olaylik.
Silva. Lekin, anavi oqishdan kelgani chakkimas, a, nima deding?
Busigin. Bo‘yi pastroq ekan.
Silva. Axir, o‘shanisini yoqtiruvding-ku?
Busigin. Endi yoqtirmay qoldim.
Silva (soatiga qarab hushtak chalib qo‘yadi). Soat necha bo‘ldi ekan?
Busigin (u ham soatiga qaraydi). O‘n bir yarim.
Silva. Necha?.. Tabrigimni qabul aylang, oxirgi elektrichkaga kech qolibmiz.
Busigin. Rostdanmi?
Silva. Tamom! Ertalab soat oltigacha omon bo‘l!
Busigin hushtak chalib yuboradi.
Silva (sovuqdan qaltirab). U-u… Battar bo‘linglar, janob to‘nkalar! Kuzatib qo‘yish ana shunaqa bo‘ladi…
Busigin. Uygacha anchami?
Silva. Kamida o‘n ikki kilometr chiqadi. Nima jin urib o‘shalarga ilakishib qoldik?
Busigin. Qayerga kelib qoldik o‘zi, notanish joylar?
Silva. Qishloqning ham qishlog‘i!
Busigin. Bu yerda tanishlardan yo‘qmi?
Silva. Qayoqda! Na tanish bor, na melisa!
Busigin. Tushunarli. O‘tkinchilar bordir?
Silva. Qishloq deb qo‘yibdi buni – qorong‘i tushmasdan yotib olishadi. Hozir tushlarining yettinchi seriyasini ko‘rishayotgandir.
Busigin. Unda nima qildik?
Silva. Oting nimaydi sening? Kechirasan, hali kafeda yaxshi eshitolmay qoldim.
Busigin. Men ham eshitolmay qoldim.
Silva. Kel, bo‘lmasam, boshqatdan tanishamiz.
Busigin (qo‘l olishib). Busigin. Vladimir.
Silva. Sevostyanov. Semyon. Oddiy qilib Silva desang ham bo‘laveradi.
Busigin. Nega Silva?
Silva. Kim biladi deysan. Ko‘cha-jo‘ralar shunaqa deb laqab qo‘yishga qo‘yishdi-yu, lekin ma’nosini tushuntirib o‘tirishmadi.
Busigin. Seni qayerdadir ko‘rganman. Markaziy ko‘chadami…
Silva. Bo‘lmasam-chi! Men har kuni kechqurun soat sakkizdan o‘n birgacha o‘sha yerda bo‘laman-ku!
Busigin. Biron ish-pish qilasanmi?
Silva. Albatta-da. Hozircha savdoda. Agentman.
Busigin. Bu qanaqa ish bo‘ldi?
Silva. Ishdaqa ish. Hisob-kitob, nazorat. O‘zing-chi, nima ish qilasan?
Busigin. Talabaman.
Silva. Juda yaxshi. Menga yoqib qolding – do‘st bo‘lamiz. Mana ko‘rasan, men sadoqatli odamman.
Busigin. Shoshma, kimdir kelyapti.
Silva (sovuqdan qaltirab). Sovuq yeb ketdik, de.
Qo‘shni sayrdan qaytyapti.
Busigin. Salom.
Qo‘shni. Salom.
Silva. Bu yerda tunggi klub bormi, oqsoqol?
Busigin (Silvaga). Shoshmay tur. (Qo‘shniga.) Bu yerda avtobus bekati bormi?
Qo‘shni. Bekat?.. Ha, yo‘lning narigi tomonida.
Busigin. Oxirgi avtobusga ulguramizmi?
Qo‘shni. Ulgursalaring kerak. (Bir muddat o‘ylanib turib.) Endi ulgurolmaysizlar, shekilli.
Busigin. Menga qarang, qayerda bir kecha tunasak bo‘ladi. Mehmonga keluvdik, elektrichkaga kech qolib ketdik.
Qo‘shni (ularga gumonsirab qaragancha). Bo‘p turadi…
Silva. Biz bir amallab tong ottirib olsak bo‘ldi, ko‘rpa-to‘shak ham shartmas…
Qo‘shni. Tushunib turibman…
Silva. Issiqroq bo‘lsa bo‘ldi, dahlizmi, pechkaning orqasimi…
Qo‘shni. Yo‘q, yigitlar, yo‘q! Ilojim yo‘q!..
Busigin. Nega axir?
Qo‘shni. Menga-ku, baribir-a, uyda bir o‘zimmasman-da. O‘zlaring tushunasizlar-ku, xotin, qaynona, deganlariday…
Busigin. Tushunarli.
Qo‘shni. O‘zimga qolsa jon derdim.
Busigin. Eh, otaxon, otaxon…
Silva. Shimni yechib, lozim kiyib oling, oqsoqol!
Qo‘shni hadiksiragancha indamay g‘oyib bo‘ladi.
Bu shamol qayoqdan paydo bo‘ldi? Havo tuppa-tuzik edi, birpasda aynidi-qoldi!
Busigin. Yomg‘ir yog‘sa kerak.
Silva. Ha, shu yetmay turuvdi!..
Busigin. Qorga aylanishi ham mumkin.
Silva. Eh, xomkalla, issiqqina uyda o‘tirsam bo‘lmasmidi! Zerikmaysan. Dadam g‘irt masxaraboz – doim biron g‘avg‘oni boshlab yuradi. Mana, masalan, kecha. Bu qiliqlaring, deydilar, mening mana bu yerimga keldi, sening dastingdan ko‘chada bosh ko‘tarib yurolmay qoldim, deydilar. Mana senga oxirgi yigirma so‘m, qovoqxonaga bor-da, to‘yguningcha ichib to‘polon qil. Shunaqa to‘polon qilki, seni bir-ikki yilgacha ko‘rmay, deydilar!.. Qalay tarbiya, a?
Busigin. Ha, dadang aqlli odam ekan.
Silva. Senda-chi?
Busigin. Nima menda?
Silva. Dadang bilan kelishmovchiliklaringni aytyapman.
Busigin. Bizda hech qanaqa kelishmovchilik yo‘q.
Silva. Nahotki? (Intervyu olayotgan muxbirga taqlid qilib.) Ayting-chi, siz bunday muvaffaqiyatga qanday qilib erishdingiz?
Busigin. Juda oddiy. Mening otam yo‘q.
Silva (yuzidagi tabassum o‘chib).A-a, unda boshqa gap… Uying bormi?
Busigin. Yo‘q, yotoqxonada turaman.
Silva. Medinstitutnikimi?
Busigin. Topding… Chindan ham bu yerning ob-havosi rasvo ekan.
Silva. Shuyam bahor bo‘ldi-yu!.. Ustiga-ustak bir oydan beri uyquning tayini yo‘q.
Busigin. Bo‘pti, sen manavi pod’ezdni qara, men hovlilarni aylanaman. Joy beradigan biror rahmdil topilib qolar. (Makarskayaning derazasiga yaqinlashadi.)
Silva pod’ezdga kirib ketadi.
(Derazani taqillatib.) Ho‘, kim bor?.. (Yana taqillatadi.) Ho‘, biron tirik jon bormi?
Makarskaya (derazani ochib). Kim u?..
Busigin. Assalomu alaykum, yaxshi qiz. Sizdan bir iltimos, elektrichkadan qolib ketdim, sovuqda enamni ko‘rayapman.
Makarskaya. Xomtama bo‘lma, joy yo‘q!
Busigin. Shoshmang, avval “berdi”sini eshiting.
Makarskaya. “Oldi”sini ham, “berdi”sini ham eshitmayman! Uyda yolg‘izman.
Busigin. Yaxshi-ku.
Makarskaya. Nimasi yaxshi? Yolg‘iz ayolman, deyapman!
Busigin. Juda yaxshi! Demak, joy mo‘l!
Makarskaya. Jinni-pinnimasmisan! Bilmagan-tanimagan odamni qanday uyimga qo‘yaman?
Busigin. Buni darrov tuzatamiz! Marhamat! Busigin Vladimir Petrovich. Talaba.
Makarskaya. Nima bo‘pti shunga?
Busigin. Hech nima. Endi biz tanishmiz.
Makarskaya. Shuning o‘zi yetarli deb o‘ylaysanmi?
Busigin. Yana nima?.. Ha-ya… Oldindan fol ochmoqchi emasman-u, lekin siz menga yoqa boshlayapsiz.
Makarskaya. Surbet.
Busigin. Shunday chiroyli qizga bunday qo‘pollik sira yarashmas ekan. Siz, yaxshisi, ayting-chi, sovuq, kimsasiz qorong‘i uyda yolg‘iz yotgani qo‘rqmaysizmi?
Makarskaya. Yo‘q, qo‘rqmayman – itim bor!
Busigin. Kechasi to‘satdan mazangiz qochib qolsa, siz sho‘rlikka bir piyola suv beradigan odam ham yo‘q. Bu ishni itingiz qilib berolmaydi.
Makarskaya. Qo‘rqmang, kasal bo‘lmayman! Ko‘p gap – eshakka yuk! Boshqa safar gaplasharmiz, xayr!
Busigin. Boshqa safar – qachon? Ertagami? Ertaga xabar olaymi?
Makarskaya. Urinib ko‘ring-chi.
Busigin. Ertagacha yetib bormasam kerak – sovuqda tarasha bo‘p qolaman.
Makarskaya. Seni jin ham urmaydi.
Busigin. Menimcha, siz, yaxshi qiz, bizni sovuqdan qutqara olasiz.
Makarskaya. Bizni? Hali bir o‘zingmasmisan?
Busigin. Hamma gap shunda-da, sherigim ham bor…
Makarskaya. O‘zing bir qop tashvish bo‘p turibsan, sheriging bilan ikki qop tashvish bo‘larkansizlar-da! Xush kelibsizlar! (Derazani taraqlatib yopib oladi.)
Busigin. Ana, gaplashib ham oldik… (Hovlini kesib o‘tib, ko‘chaga chiqadi. U yoq-bu yoqqa alanglaydi.)
Silva paydo bo‘ladi.
Qalay bo‘ldi?
Silva. Bekorga ovora bo‘lyapmizmi, deyman-da. Uchta xonadonning qo‘ng‘irog‘ini bosdim – it ham akillamadi. Qo‘rqishyapti, menimcha…
Busigin. Shayton topmas joylar ekan… Bu yerlarda o‘ligimizni ham topisholmaydi.
Silva. To‘g‘ri. Yana bir soat tursam, haykal bo‘p qolaman. Ko‘nglim sezyapti.
Busigin. Pod’ezdda tunasak-chi?
Silva. U yer tashqaridan battar – yelvizak. Pod’ezdni isitadigan zamonlar o‘tib ketgan. Bu sovuqda ajalimizdan besh kun burun o‘lib ketish hech gapmas…
Busigin. Ha-a, atrofda yuzlab issiq uylar bo‘laturib, sovuqdan o‘lib ketish alam qilar ekan.
Silva. E, uylari boshidan qolsin! Atrofda qancha ichkilig-u, qancha gazaklar uvol bo‘lib yotibdi! Ustiga-ustak, qanchadan-qancha yolg‘iz ayollar! Bunga qandoq chidab bo‘ladi? Ketdik, hamma eshiklarni bir chekkadan taqillatib chiqamiz!
Busigin. Shoshma, nima deymiz?
Silva. Nima derdik, elektrichkadan kech qoldik, deymiz.
Busigin. Ishonishmaydi.
Silva. Sovuq yeb ketdik, deymiz.
Busigin. Nima bo‘pti? Kim bo‘psanki, sen uchun hamma kuyib-pishsa? Hozir qahraton qishmas, ertalabgacha o‘lib qolmaysan.
Silva. Yo‘lto‘sarlardan qochib yuribmiz, bizni o‘ldirishmoqchi, desak-chi?
Busigin kuladi.
Nahotki shundayam qo‘yishmasa?
Busigin. Odamlarni yaxshi bilmas ekansan.
Silva. Sen bilasanmi?
Busigin. Bilaman. Oz-moz. Bundan tashqari men odam psixologiyasi haqida ma’ruzalarga borib turaman. Fiziologiya, psixoanaliz degan narsalarga qiziqaman. Buning oqibatida odamlar haqida nimalarni bilganimni aytaymi?
Silva. Ayt.
Busigin. Odamzodning terisi qalin bo‘ladi, shuning uchun ham uncha-muncha narsa ta’sir qilavermaydi. Rost gaping – bir tiyin, yolg‘on gapga ishonishga moyil bo‘ladi. Shunda hammaning rahmiyam keladi, joy ham beradi.
Silva. Hmm… Gaping to‘g‘ri. Avval ularni uyg‘otish kerak. (Baland ovozda qo‘shiq aytadi.) Tungi ko‘cha chiroqlar tebranganda,
Yolg‘iz yurmaganingiz ma’qul…
Busigin. Qo‘ysang-chi.
Silva (parvo qilmay). Qovoqxonadan kelyapman,
Manzilimga yetyapman.
Yiqilib, gandiraklab,
Uyim sari kelyapman.
1-qo‘shnining ovozi (tepadagi balkondan). E-ey, filarmoniya! Bemahal qichqirgan xo‘roz nima bo‘lishini bilasizlarmi? Sho‘rva bo‘ladi!
Silva (boshini ko‘tarib). Sho‘rvangiz issiqmi ishqilib?
2-qo‘shnining ovozi (boshqa balkondan). Qani, tuyoqlaringni shiqillatib qolinglar-chi! O‘zimizning bezorilarimiz ham yetib ortadi!
Silva. Yetib ortadi? Biz yetmay turibdi deb, shahardan gastrolga keluvdik.
Yana bir qo‘shnining ovozi. Ablahlar!
Derazaning taraqlab yopilgani eshitiladi.
Silva. Tanidingmi? Haligi otaxon. Ja yumshoq supurgi edi-yu, endi botir bo‘p qoptimi?
Busigin. Ha-a…
Silva. Insoniyatga nisbatan ishonch so‘ndi! (Sovuq yeb.) Uff…
Busigin. Pod’ezdga yur, shamol kamroq.
Ular pod’ezd tomon yurishmoqchi edi, shu payt derazalardan birida chiroq yonadi. Ikkovlon to‘xtab qolishadi.
Sen o‘sha eshikning qo‘ng‘irog‘ini bosganmiding?
Silva. Yo‘q. Qara, kimdir kiyinyapti.
Busigin. Ikki kishi ekan.
Silva. Bu yoqqa kelishyapti. Omadimizni bir sinab ko‘raylik.
Busigin va Silva bir chekkaga chiqadilar. Pod’ezddan Sarafanov chiqib keladi. U yoq-bu yoqqa qarab olib, Makarskayaning uyi tomon yaqinlashadi. Busigin bilan Silva kuzatib turishibdi.
Sarafanov (eshikni taqillatib). Natasha!.. Natashenka!.. Natasha, deyapman!
Makarskaya (derazani ochib). Qanaqa oqshom bo‘ldi-a? Sira tinchlik yo‘q! Tag‘in kim bo‘ldi?
Sarafanov. Natashenka! Ming bor uzr! Bu men, Sarafanovman.
Makarskaya. Andrey Grigorevich? Sizni tanimabman.
Busigin (shivirlab). Qiziq bo‘ldi-yu… Xonimcha bizni tanimas ekan-da, anovi cholni tanir ekan… Juda qiziq…
Sarafanov. Natashenka, azizim, bemahalda bezovta qilganim uchun kechiring, lekin siz menga hozir, shu topda kerak bo‘lib qoldingiz.
Makarskaya. Hozir ochaman. (G‘oyib bo‘ladi. Sarafanov ichkariga kiradi.)
Silva. Bu nimasi?! Menimcha, u yigirma beshdan oshmagan.
Busigin. Choli tushmagur kamida oltmish yoshni urib qo‘ygan bo‘lsa kerak.
Silva. Voy, qarib quyilmagan-ey!.
Busigin. Xo‘sh-xo‘sh-xo‘sh, bu yog‘i yanayam qiziq bo‘lyapti-ku… Cholning uyida, deyman, hech kim qolganmikan? Aftidan, kampiri bo‘lmasa kerak.
Silva. Uning uyida bitta bola ko‘ringanday bo‘ldi.
Busigin (o‘ychan). Bitta bola, deysanmi?
Silva. Ko‘rinishdan 14–15 larda.
Busigin. Demak, o‘g‘li… Yur, tanishib kelamiz.
Silva. Kim bilan?
Busigin. O‘sha yigitcha bilan.
Silva. Qaysi yigitcha bilan?
Busigin. Andrey Grigorevichning o‘g‘li bilan.
Silva. Nima deysan?
Busigin. Hech qursa, isinib olamiz. U yog‘i bir gap bo‘lar. Yur.
Silva. Hech baloga tushunmayapman.
Busigin. E, yur degandan keyin yuradi-da!
Silva. Bu kechani militsiyada o‘tkazamiz-ov. Ko‘nglim sezyapti.
Ular pod’ezdda g‘oyib bo‘lishadi.
Ikkinchi ko‘rinish
Sarafanovlarning odmigana uyi. Bir chekkada eski divan va tryumo turibdi. Uchta eshik bor: ko‘cha eshigi, oshxona eshigi, qo‘shni xonaga kiriladigan eshik. Hovliga qaragan pardali deraza ham bor. Stolda narsalar solingan ryukzak. Vasenka stulda o‘tirganicha xat yozayapti.
Vasenka (yozganlarini ovoz chiqarib o‘qiydi).“Seni hech kim, hech qachon menchalik sevolmagan! Sevolmaydiyam! Buni vaqti-soati kelganda tushunasan. Oxiri niyatingga yetding: seni ko‘rgani ko‘zim, otgani o‘qim yo‘q! Alvido. S. V.”
Narigi xonadan Nina chiqib keladi. Egnida uy xalati, oyog‘ida shippak. Vasenka xatni shoshib cho‘ntagiga bekitadi.
Nina. Vidolashuv maktubingni bitdingmi?
Vasenka. Ishing bo‘lmasin!
Nina. Endi yozganingni unga o‘z qo‘ling bilan topshirib kel-da, yotib uxla. Dadam ko‘rinmaydilar.
Vasenka. Men qayoqdan bilay!
Nina. Bemahalda qayoqda yuribdilar endi?.. (Ryukzakka ko‘zi tushib.) Bu nima?
Vasenka olmoqchi bo‘ladi, Nina olib qochadi.
Vasenka (engilib).Uxlab yotganingda baribir opqo‘yaman!
Nina (ryukzakdagi bor lash-lushlarni stolga ag‘darib). Bu nimasi? Qayerga ketmoqchi eding?
Vasenka. Sayohatga.
Nina. Pasportni nima qilasan?
Vasenka. Ishing bo‘lmasin!
Nina (yoniga o‘tirib). Menga qara, Vaska… Nega bunchalik yaramas bolasan-a? Seni o‘ldirib qo‘ysam ham haqim ketadi.
Vasenka. Men bilan ishing bo‘lmasin.
Nina. Mayli, men sen uchun bir tiyinman, lekin dadamni o‘ylasang bo‘lardi.
Vasenka. Nima, sen o‘ylayapsanmi? Nega men tashvishlarini qilishim kerak?
Nina. Ey, Xudoyim!.. (Turadi.) Shunaqa jonimga tegib ketdiki hammasi! (Stolda sochilib yotgan narsalarni yana ryukzakka joylaydi, keyin xonasiga olib chiqib keta turib to‘xtaydi.) Dadamga aytib qo‘y, ertalab meni uyg‘otib o‘tirmasinlar, to‘yib uxlamoqchiman. (Xonasiga chiqib ketadi.)
Vasenka cho‘ntagidan xatni olib, konvertga joylaydi. Konvert ustiga nimalarnidir yozadi. Shu payt eshik taqillaydi.
Vasenka (shosha-pisha). Kiravering, eshik ochiq.
Busigin bilan Silva kirishadi.
Busigin. Xayrli kech.
Silva. Salom.
Busigin. Bizga Sarafanov Andrey Grigorevich kerak edilar.
Vasenka. Hozir uyda yo‘q edilar.
Busigin. Qachon keladilar?
Vasenka. Bilmadim, yaqindagina chiqib ketuvdilar.
Silva. Qayoqqa ketuvdilar, sir bo‘lmasa?
Vasenka. Unisini bilmadim.(Besaronjamlanib.) Nima edi?
Busigin. Haligi… sog‘liqlari yaxshimi?
Vasenka. Dadamningmi?.. Yomon emas… Gipertoniya.
Busigin. Gipertoniya? Buni qara-ya… Anchadan berimi?
Vasenka. Anchadan beri.
Busigin. Umuman, o‘zlari qanaqa?.. Ishlari?.. Kayfiyatlari?..
Silva. Ha-ha, umuman, ahvollari durustmi?..
Vasenka. Nima gap o‘zi?
Busigin. Tanishib qo‘yaylik. Vladimir.
Vasenka. Vasiliy… (Dadilroq.) Vasiliy.
Silva. Semyon. Oddiyroq qilib Silva desang ham bo‘laveradi.
Vasenka (gumonsirab). Silva?
Silva. Silva. Internatda do‘stlarim shunaqa deb chaqirishardi. Nimaga… haligiga… haddan tashqari ruju qo‘yganimdan bo‘lsa kerak…
Busigin. Muzikaga.
Silva (sevinib ketib).Ha, topding, muzikaga!
Vasenka. Tushunarli. Xo‘sh, dadam sizlarga nimaga kerak bo‘p qoldi?
Busigin. Nimaga, deysanmi? Nima desak bo‘ladi?.. Xullas, biz shunchaki ko‘rishib ketay, devdik…
Vasenka. Ko‘rishmaganlaringga ancha bo‘ldimi?
Busigin. Nima deb tushuntirsam ekan… Eng afsuslanarlisi shundaki, biz umuman ko‘rishmaganmiz.
Vasenka (hushyor tortib). Tushunmadim…
Silva. Faqat sen o‘zingni bos.
Vasenka. Men xotirjamman. Dadamni qayerdan bilasizlar?
Busigin. Bu endi sir.
Vasenka. Sir? Qanaqa sir?
Silva. Dahshatli sir. Hayajonlanma, dedim-ku.
Busigin (boshqa ohangda). Bo‘pti. (Vasenkaga.) Ko‘cha sovuq – isinib olish uchun kirdik. Agar rozi bo‘lsang, birpas isinib olsak.
Borgan sari Vasenkaning xavotiri osha boradi.
Biz elektrichkadan qolib ketdik. Dadangning ismi sharifini esa pochta qutisidan bilib oldik. (Sukutdan so‘ng.) Ishonmaysanmi?
Vasenka (tashvishli). Nega endi?.. Ishonaman, lekin…
Busigin. Nima – lekin?(Vasenka tomon bir-ikki qadam qo‘yadi. Silva tomon xavotirli boqadi.) Qo‘rqayapti.
Vasenka. Maqsadlaring nima o‘zi?
Busigin. U bizga ishonmayapti.
Vasenka. Bir nima qilmoqchi bo‘lsalaring baqiraman.
Busigin (Silvaga). Ana, aytmovdimmi? (Isinib olish uchun vaqtni cho‘zayotgan edi.) Doim shunaqa: tunda eshik qoqsang – o‘g‘ri deb o‘ylashadi, sheriging ham bo‘lsa – g‘irt bosqinchisan. (Vasenkaga) Yaxshi emas. Odamlar bir-birlariga ishonishi kerak, deb o‘rgatishmaganmi? Sening tarbiyang chatoq ekan…
Silva (uh tortganday). Ha-a…
Vasenka. Nima kerak sizlarga o‘zi?
Busigin. Bizgami? Ishonch. Bor-yo‘g‘i shu. Odam odamga do‘st degan shiorni eshitgandirsan? Yo bundan ham xabaring yo‘qmi? (Silvaga.) Buni qara, o‘lasanmi, kuyasanmi? Tug‘ishgan akasi och-nahor, bir kecha tunashga joyi yo‘q, sovuqdan o‘lay deb titrab-qaqshab tursa-yu, manavi mishiqi loaqal o‘tirishgayam taklif qilmasa-ya!
Silva (bunga qadar Busiginningg gaplarini loqaydgina eshitib turgan edi, birdan yuzi yorishib ketdi). Shuni ayt!
Vasenka. Nimaga keldilaring, deyapman?!
Busigin. Shundayam hech baloga tushunmadingmi?
Vasenka. Nimani tushunishim kerak?
Silva (hayratda). Nahotki, yetib bormagan bo‘lsa?!
Busigin (Vasenkaga). Bilasanmi?..
Silva (gapini bo‘lib). Men aytay! Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu vazifani o‘z bo‘ynimga olaman. (Tantanavor) Bu dahshatli haqiqatni ro‘y-rost aytaman. Bu katta yigit bo‘p qolibdi – tushunadi. Barcha sukut saqlab, vujudi quloqqa aylansin! Bor haqiqat shuki, (Busiginni ko‘rsatib) manavi inson… sening tug‘ishgan akang bo‘ladi!..
Busigin. Nima?
Vasenka. Ni-ma?!
Silva (masxaralab). Ni-ma?
Sukut.
Ha, Vasiliy. Andrey Grigorevich Sarafanov – uning otasi. Nahotki, sen buni shu paytgacha anglamagan bo‘lsang?
Busigin bilan Vasenkaning hayratdan og‘zi ochilib qoladi.
Busigin (Silvaga). Menga qara…
Silva (gap bermay, Vasenkaga). Kutmovdingmi? Shunaqa, baxt kutilmaganda keladi. Bu qanchalik g‘alati tuyulmasin, sening dadang buning ham otasi.
Busigin (shivirlab). Nimalar deb aljirayapsan?
Silva. Qanday noyob lahzalar! Aka-ukalar uchrashuvi!
Vasenka (dovdirab). Men chindan ham… Nima deyishni bilmay qoldim…
Silva. Ming yilda bir ro‘y beradigan bunday tabiat hodisasini nishonlash kerak, jigarlarim!
Busigin (Silvaga). Jinnimisan? (Vasenkaga) Buning gaplariga parvo qilma.
Silva. Hecham-da! Menimcha, aylantirib o‘tirmay, gapning po‘stkallasini aytgan ma’qul! Mana bu mardning ishi bo‘ladi. (Vasenkaga) Nima deding, oshna? Gapni achchiq ichakday cho‘zishning nima keragi bor, a? Nishonlagani biror narsang bormi?
Vasenka (dovdirab). Nishonlagani?.. Albatta… Hozir… (Busiginga qaraganicha oshxonaga chiqib ketadi.)
Busigin. Esingni yedingmi?
Silva. Qarasam, gapingning nishabi shu yoqqa qarab ketyapti, men davom ettirdim, xolos!
Busigin. Bu fikr sen ahmoqning kallasiga qayoqdan kela qoldi?
Silva. Meningmas, sening kallangga keldi bu dohiyona fikr! Avliyosan, do‘stim, avliyosan!
Busigin. Sen, molfahm, nima qilib qo‘yganingni tushunyapsanmi?
Silva. “Darbadar akaning topilishi!” Qalay? Men bunaqasini ikki dunyodayam o‘ylab topolmasdim!
Busigin. Voy, xomkalla-a… Hozir anavi zumrashaning otasi kelib qolsa nima bo‘lishini tasavvur qilyapsanmi? O‘yla!
Silva. Xo‘sh… O‘yladim. (Eshik tomon shoshadi, yarim yo‘lda to‘xtaydi va qaytib keladi.) Yo‘q, ichishga ulguramiz. Dadajonimiz, yo‘q deganda, bir soatdan keyin keladi. (Qo‘llarini bir-biriga ishqalab.) Ungacha sabr qilib turamiz… Eh, dadajon, yomonsi-iz!.. (Taqlid qilib.) “Bu kecha visolingizga mushtoqman, yaxshi qiz!..” Xo‘roz bo‘p keting-e, boboy!.. Uydan yetti qadam chiqdimi, hammasi xo‘roz! Sening dadajoning ham shunaqalardan bo‘lsa kerak, nima deding?
Busigin. Ishing bo‘lmasin. (Eshik tomon yuradi.)
Silva. Shoshma, nima uchun u suvdan quruq chiqib ketaverishi kerak ekan? Shu qilig‘i uchun ozgina jazolab qo‘ysak, adolatdan bo‘lsa kerak.
Busigin. Yur, ketdik.
Silva (bo‘ysunmay). E, yo‘-o‘q, quppa-quruq ketadigan ahmoq yo‘q! Rizqimizni olib, keyin ketamiz. Men seni tushunmay qoldim, oshna. Kallangga kelgan shunday ajoyib fikr uchun nahotki qittay-qittay otishga haqing bo‘lmasa? Ana, rizqimiz kelyapti. Yaqinlashyapti… Ana-ana… (Shivirlab.) Yaqin jigarlardek bag‘ringga bosib, boshini sila.
Busigin. He, jin ursin! Boshimga bitgan balo bo‘lding!
Qo‘lida bir shisha aroq va qadahlar bilan Vasenka kiradi. Qo‘lidagilarni stolga qo‘yadi. U ham xijolatda, ham o‘zini yo‘qotib, nima qilishini bilmaydi.
Silva (qadahlarga ichkilik quyib). Sen ko‘p siqilaverma. Aslini olganda hammamizning qarindosh-urug‘imiz biz o‘ylaganimizdan ko‘proq bo‘lib chiqadi… (Qadah ko‘tarib.) Bo‘pti, tarixiy uchrashuv uchun!
Ichishadi. Vasenkaning tomog‘idan zo‘rg‘a o‘tadi.
Hayot deganlari, Vasya, misoli qorong‘i o‘rmon – oldingdan it ham chiqib qolishi mumkin, bo‘ri ham. (Yana ichkilik quyib.) Poyezddan tushib, to‘ppa-to‘g‘ri shu yoqqa kelyapmiz. Kirsammi-kirmasammi deyverib, meni ham ja qiynavordi, ammo. Men aytdim, “kir” dedim! “Hozir kirmasang, hech qachon kira olmaysan”, dedim! Zamonni ko‘rib turibsan – it egasini tanimaydi.
Busigin (Vasenkaga). Nechchiga kirding?
Vasenka. Menmi? O‘n yettiga.
Silva. O‘-o‘, katta yigit bo‘p qolibdi. Salkam erkak!
Busigin (Vasenkaga). Bo‘pti, sening sog‘liging uchun! (Ichmoqchi bo‘ladi.)
Silva. Stop! Ichish shunaqa bo‘ladimi? Madaniyatsizlarcha ichayapmiz! Nima, ko‘chada dumalab yotgan alkashmidik? Gazak qani?
Vasenka. Gazak?.. Albatta-albatta… Oshxonaga o‘taylik!
Silva (Vasenkani to‘xtatib).Sen nima deysan, balki hozircha unga dadasini ko‘rsatmay turarmiz? Tomdan tarasha tushganday, “Men sizning o‘g‘lingizman”, desa bo‘lmas? Balki biroz o‘tirib, anavi zormandadan ozgina tortganimizdan keyin… aytarmiz? Yoki bu tanishuvni ertaga qoldirarmiz?
Vasenka (Busiginga). Rostdan ham yuraging betlamayaptimi?
Busigin. Nima desa bo‘ladi… Bir hisobda uning uchun xavfli – asabi dosh berolmasligi mumkin. Axir u bu dunyoda mening borligimdan mutlaqo bexabar!
Vasenka. Nimalar deyapsan? Axir, sen borsan-ku! Mana, qarshimda turibsan! Bekitishning nima keragi bor?
Uchalasi oshxonaga chiqib ketadilar. Ostonada Sarafanov paydo bo‘ladi. Narigi xona eshigini qiya ochadi, so‘ng ohista yopib qo‘yadi. Shu payt oshxonadan Vasenka chiqadi va u ham eshikni zich yopib qo‘yadi. U ozgina shirakayf va tinmay jilmayadi.
Sarafanov (Vasenkani ko‘rib). Uydamiding?.. Men ochiq havoda aylanib keldim. Yomg‘ir yog‘a boshladi. Yoshligim esimga tushib ketdi…
Vasenka (betakalluf). Qarang-a, juda vaqtida eslabsiz!..
Sarafanov. Yoshlik – beboshlik deganlariday, men ham yoshligimda ko‘p nomaqbul ishlari qilganman, lekin senga o‘xshab es-hushimni yo‘qotadigan darajada jazavaga tushmaganman.
Vasenka. Dada…
Sarafanov (quloq solmay). Vasenka, ojiz odamlargina shunday yo‘l tutishadi. Undan keyin, imtihonlaringga atigi bir oy qolganini ham unutma. Dod deysanmi, voy deysanmi, maktabni tugatishga majbursan!
Vasenka. Dada, siz toza havo olaman deb yurgan paytingizda…
Sarafanov (gapini bo‘lib). Ikkoving birdaniga ketishlaring sog‘ odamning ishimas. Ham sen, ham Nina. Yo‘q-yo‘q, hech qayerga bormaysan. Ruxsat bermayman!
Vasenka. Dada, mehmon bor. Aniqrog‘i, mehmon va yana bitta odam…
Sarafanov. Vasenka, “Mehmon va yana bitta odam”, ikkita mehmon degani bo‘ladi. Kim keldi, tushuntiribiroq gapir.
Vasenka. Sizning o‘g‘lingiz. To‘ng‘ich o‘g‘lingiz.
Sarafanov (birpas sukutdan so‘ng). Nima deding?.. Kimning o‘g‘li?..
Vasenka. Sizniki, deyapman-ku. Faqat siz hayajonlanmang. Masalan, men buni to‘g‘ri tushunaman, yuzingizga ham solmayman, hayron ham bo‘lmayman. Men, umuman, hech nimaga ajablanmaydigan bo‘p qolganman…
Sarafanov (sukutdan so‘ng). Nima, sizlarda shunaqa hazillashish rasm bo‘lganmi? Shuni to‘g‘ri deb o‘ylaysanmi?
Vasenka. Qanaqa hazil? Ishonmasangiz o‘zingiz kirib qarang, oshxonada ovqatlanib o‘tiribdi.
Sarafanov (quloq tutib ). Kimdir ovqatlanayotgan bo‘lishi mumkin. Nima bo‘pti? Menga qara, bugun sen g‘alatiroqmisan? (Tikilib.) Shoshma, g‘irt mastsan-ku!
Vasenka. Ha, ichdim! Shunday kunda ichmay bo‘ladimi?
Sarafanov (qahr bilan). Yosh narsa – ichishga kim ruxsat berdi!?
Vasenka. Nimalar deyapsiz, dada! Olamshumul voqea! Akam borligi yetti uxlab tushimgayam kirmagan edi… Mana, birdan topilib o‘tiribdi! Kirib qarang, sizning ham ichmaganingizni ko‘raman!
Sarafanov. Sen, muttaham, ustimdan kulayapsanmi?
Vasenka. Yo‘q, men jiddiy aytayapman. Yo‘li shu yoqlarga tushgan ekan, “Ke, bir dadamdan xabar olib ketay”, deb kelibdi. Sizni judayam ko‘rgisi kelgan ekan…
Sarafanov. Uni kim deding?
Vasenka. Sizning o‘g‘lingiz.
Sarafanov. Unda sen kimsan?
Vasenka (qo‘l siltab). A!.. Chiqib o‘zingiz gaplashing!
Sarafanov (oshxona yoqqa yuradi, ichkaridan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gap-so‘zlarni eshitib, yana Vasenkaning yoniga qaytib keladi). Necha kishi?
Vasenka. Ikki kishi dedim-ku.
Sarafanov. Ikkinchisi-chi? Uyam o‘g‘il qilib olishimni xohlayaptimi?
Vasenka. Dada, ular kap-katta odamlar. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, kap-katta odamlarga ota-onaning nima keragi bor? Nasihatlar, tergashlar, umuman, turgan-bitgani tashvish!
Sarafanov. Seningcha, ulg‘ayganda ota-onaning keragi yo‘qmi?
Vasenka. Kap-katta odamga birovning ota-onasi kerak emas, demoqchi edim.
Sukut.
Sarafanov (quloq tutib). Qiziq… O‘zingning bolalaring ketyapti, begona bolalar kelyapti. Yoshi nechalarda bor?
Vasenka. Yigirmalarda.
Sarafanov. Yigirmalarda, deysanmi?.. (Beixtiyor xotiralarga berilib.) Yigirma yil… Yigirma yil oldin… (Stulga o‘tirib qoladi.) Yigirma yil muqaddam… Yigirma yil burun… nima bo‘lgan edi?..
Vasenka. Xafa bo‘lmang, dada. Hayot deganlari bir qorong‘i o‘rmon – qarshingizdan it chiqadimi, bo‘ri chiqadimi – yolg‘iz Yaratganga ma’lum.
Busigin bilan Silva oshxona eshigini ochib endi chiqmoqchi bo‘lganida Sarafanovga ko‘zi tushib, orqaga qaytishadi. Qiya ochiq eshikdan bu yerda nimalar bo‘layotganini kuzatib turadilar.
Sarafanov. Yigirma yil… Armiyadan qaytayotuvdimmi?.. Yigirma yil oldin… Yigirma to‘rt yoshda edim… (O‘rnidan turadi.)
Busigin eshikni sekin yopadi.
Vasenka. Tushunaman, dada…
Sarafanov (to‘satdan asabiylashib). Shuniyam eslab o‘tiramanmi?!. Xizmatni tugatib ozod qush misol erkinlikka chiqdim. Axir, men askar edim, bunaqa narsalarni gunoh deb biladigan ruhoniymas!(Xona bo‘ylab yura boshlaydi.)
Vasenka. Sizni juda yaxshi tushunib turibman, dada.
Sarafanov. Nima?.. Menga qara, keyingi paytlarda sen juda ko‘p narsani tushunadigan bo‘p qolibsanmi? Shuniyam hisobga olib qo‘y, unda biz onang bilan tanish ham emasdik!
Vasenka. Men bir nima deyapmanmi? Dada, siz xijolat bo‘lmang, aslini olganda…
Sarafanov (gapini bo‘lib). Yo‘q-yo‘q, meni yupatma! Qanaqasiga qarama, baribir nodonlik! Uchiga chiqqan ahmoqlik desayam bo‘ladi…
Sarafanov oshxona bilan ko‘cha eshigining o‘rtasida turadi. Shu sababdan Busigin bilan Silva ko‘chaga qochib chiqib ketolmasdi.
Vasenka. Nima, aldayapti deb o‘ylaysizmi? Aldashning nima keragi bor ularga?
Sarafanov. Aldayapti, deyayotganim yo‘q, u nimanidir chalkashtiryapti. Mana ko‘rasan, adashibman deb, uzr so‘raydi. Tavba, tavba qildim-ey!.. Mening zurriyodim bo‘lsa, menga o‘xshagan bo‘lishi kerak-ku! Bu birinchidan.
Vasenka. U sizga o‘xshab ketadi.
Sarafanov. Nima?.. Bo‘lmagan gap! Bu qanday bema’nilik? Senga shunday tuyulgandir… Yo‘q-yo‘q, buning bari uydirma! Mana ko‘rasan, uning yoshini so‘rashim bilan hammasi kunday ravshan bo‘ladi-qoladi! Bu bozordagi pistachi xotinlarning gapiday narsa… Deylik, shunday bo‘lgan taqdirda ham uning yoshi… yoshi…
Busigin eshikdan mo‘ralaydi.
Yigirmada… yo‘q, yigirma birda bo‘lishi kerak! Ha, yigirma birda! Ko‘rdingmi? Yigirma birda, yigirma yoki yigirma ikkida emas! (Eshik tomon o‘giriladi.)
Busiginning boshi g‘oyib bo‘ladi.
Vasenka. Agar u yigirma birda bo‘lsa-chi?
Sarafanov. Bo‘lishi mumkin emas!
Vasenka. Deylik, mabodo-da?
Sarafanov. Tasodifan, demoqchisan-da, a? Nima qilibdi, shunday tasodif bo‘lishi mumkin… (O‘ylanib.) Unday bo‘lsa… Unday bo‘lsa… Onasi bilishi kerak-ku. Onasini chaqirishga to‘g‘ri keladi…
Busigin mo‘ralaydi.
Sarafanov (Ko‘zi yarq etib ochilib.) Galina!
Busigin g‘oyib bo‘ladi.
Sarafanov. Bo‘ldi-bo‘ldi, Galina dedim-ku! Tatyanayam emas, Tamarayam emas, Galina! (Kerilib.) Bunga nima deysan?
Vasenka. Familiyasi, otasining ism-chi?
Busigin mo‘ralaydi.
Sarafanov. Otasining ismi… (Ikkilanib.) Menimcha, Aleksandrovna edi-yov…
Busigin g‘oyib bo‘ladi.
Vasenka. Yaxshi. Familiyasi-chi?
Sarafanov. Familiyasi… Familiyasi… Familiyaning nima keragi bor, ismining o‘zi yetarli!
Vasenka. Bo‘lishi mumkin. Axir, oradan shuncha vaqt o‘tib ketdi-yu…
Sarafanov. Shuni ayt. O‘ziyam shu paytgacha qayoqda yurgan ekan? Yurib-yurib, endi ota kerak bo‘lib qolibdimi? O‘z-o‘zidan “Nega?” degan savol tug‘iladi. Shu savolga javob topib ko‘rsin-chi! Yo‘q, chuchvarani xom sanabdi! Mana ko‘rasan, men u lo‘ttivozni fosh qilaman!.. Ismini nima deding?
Vasenka. Volodya. Bo‘sh kelmang, dada. U sizni yaxshi ko‘rarkan.
Sarafanov. Yaxshi ko‘rarkan?.. Nima uchun?..
Vasenka. Kim biladi, qon bo‘lsa kerak-da.
Sarafanov. Qon?.. Yo‘q-yo‘q, bo‘lmagan gap… (O‘tiradi.) Poyezdda kelishdi, dedingmi?.. Ularga ovqat-povqat berdingmi?
Vasenka. Ha, berdim. Ovqat ham, ichkilik ham, gazak ham berdim.
Busigin bilan Silva bildirmay chiqib ketmoqchi edi, ammo shu payt Sarafanov o‘tirgan joyida o‘girilib qaraydi va ular ilgarigi joylariga qaytadilar.
Sarafanov (o‘rnidan turib). Nima deysan, menam ozgina ichib olsammikan, a?
Vasenka. Bo‘sh kelmang, dada.
Busigin va Silvalar yana paydo bo‘lishadi.
Sarafanov. Shoshma, tugmamni qadab olay… (Teskari buriladi va Busigin bilan Silvani ko‘rib qoladi.)
Noiloj qolgan yigitlar o‘zlarini hozirgina chiqib qolgandek tutishadi. Uzoq sukut.
Busigin. Yaxshimisiz?
Sarafanov. Xayrli oqshom.
Sukut.
Vasenka. Ana, shunaqa qilib, tanishib ham oldilaring… (Busiginga.) Men unga hammasini tushuntirdim… (Sarafanovga.) Hayajonlanmang, dada…
Sarafanov. Qani bo‘lmasam, o‘tiringlar… Shuncha yo‘l bosib kelgansizlar… (Yigitlarning goh unisiga, goh bunisiga tikiladi.)
Busigin va Silva o‘tiradilar.
Sizlar… poyezddan tushganlaringga ko‘p bo‘ldimi?..
Busigin. Ha, ko‘p bo‘ldi… Uch soatcha bo‘p qoldi…
Sukut.
Sarafanov. Haligi… Bir kirib o‘tay, debsizlar-da?
Busigin. Ha, sport musobaqasidan qaytayotuvdim… Shunga… bir ko‘rib ketay, dedim…
Sarafanov (butun e’tiborini Busiginga qaratib). O! Demak, sportchisiz? Yaxshi… Ayniqsa, sizning yoshingizda sport bilan shug‘ullanib turish kerak… Endi qayoqlardan so‘raymiz? Yana musobaqagami? (O‘tiradi.)
Busigin. Yo‘q. Institutga borishim kerak.
Sarafanov. O! Talabaman, deng?
Busigin. Ha, medinstitutda o‘qiymiz. Bo‘lajak shifokorlarmiz.
Sarafanov. Mana bu ishlaring durust. Sport – o‘z yo‘liga, fan – o‘z yo‘liga! Yaxshi qilibsizlar… Meni ma’zur tutasizlar, mana shu yerda o‘tirsam… (Busiginga yaqinroq o‘tiradi.) Yigirma yosh – ajoyib yosh, vaqting ko‘p bo‘ladi, hamma narsaga ulgurasiz, sportga ham, o‘qishga ham… (Nihoyat, jazm qilib.) Menimcha, siz yigirma yoshda bo‘lsangiz kerak?
Busigin (ma’yus, bilinar-bilinmas o‘pkalash bilan). Yo‘q, esingizdan chiqib ketibdi. Men yigirma birga kirdim.
Sarafanov. Nima?.. Aytdim-ku, yigirma bir deb! Men nima dedim? Yigirma, dedimmi? Yo‘q, aniq bilaman – yigirma bir!
Silva. Siz xafa bo‘lmang. Mundoq o‘ylab qaralsa, bunday bo‘lib chiqqaniga sevinish kerak! Menimcha, shunday.
Vasenka. Bo‘lmasam-chi, dada!
Sarafanov. Menmi? Judayam xursandman… Hammamiz xursandmiz, to‘g‘rimi?
Busigin. Albatta-da… Hammadan ham mening xursand bo‘lganimni aytmaysizmi?!
Sarafanov (ma’qullaganday). Vasenka, ichgani biron nima bormi? Tortib qoldi…
Vasenka. Hozir tashkillashtiramiz-da! (Oshxonaga chiqib ketadi.)
Sukut. Busigin bilan Sarafanov hayajondan bir-biri bilan bab-baravar gapirib ketishadi. So‘ng gapdan to‘xtab, suhbatdoshidan uzr so‘raydilar.
Busigin. Kechirasiz, gapiring…
Sarafanov. Yo‘q-yo‘q, siz gapiring…
Vasenka chiqib, yegulik va ichkiliklarni stolga qo‘yadi-da, o‘zi ham o‘tiradi. Sarafanov shosha-pisha qadahlarni to‘ldiradi.
Busigin. Men shuni aytmoqchi edimki… Nihoyat, biz orziqib kutgan vaqea sodir bo‘ldi…
Nina kirib keladi.
Nina (jahl bilan).Uxlagani qo‘yasizlarmi-yo‘qmi? Nima bu?.. Bu yerda nimalar bo‘lyapti o‘zi?
Vasenka (arang boshini ko‘tarib). Sen faqat hayajonlanma, o‘zingni bos… (Boshini stolga qo‘yadi.)
Ninaning paydo bo‘lishi Busigin va Silva uchun kutilmagan hol bo‘ladi.
Nina. Bu yerda nima tomosha bo‘lyapti? (Sarafanovga.) Odatda siz tunlari yolg‘iz o‘zingiz ichardingiz. Nima balo bo‘ldi?
Sarafanov (ikkilanib). Nina, bugun uyimizda xursandchilik!.. Nihoyat sening akang topildi!
Nina. Nima?
Sarafanov. Tanishib qo‘y. Akang!
Nina. Nimalar bo‘lyapti?.. Kim topildi?.. Qanaqa akam?..
Silva (Busiginni qiz tomon itarib). Mana u. Akadaqa aka-da .
Nina (Busiginga). Sen akammisan?
Busigin. Ha… Nima edi?
Silva. Nimasiga hayron bo‘lasan?
Vasenka (boshini ko‘tarmay). To‘g‘ri-da, nimasiga hayron bo‘lasan?..
Sarafanov (Ninaga). U haqda senga aytmovdim… Bundan afsuslanaman… (Busiginga.) Sengayam indamadim… Ochig‘ini aytganda, unutvorgansan deb qo‘rqdim…
Vasenka. Ana. Qo‘rqqan, dedim-ku…
Busigin. Nimalar deyapsiz, qanaqasiga unutishim mumkin?..
Sarafanov. Meni kechir, men nohaq edim.
Nina. Shoshmanglar, hammasini bir boshdan tushuntiringlar. Demak, siz otasisiz, bu sizning o‘g‘lingiz, shunaqami?
Sarafanov. Ha…
Nina (sukutdan so‘ng). Nima bo‘pti, bo‘lishi mumkin.
Vasenka. Albatta mumkin!
Nina (Busiginga). Qiziq, shu paytgacha qay go‘rda eding?
Vasenka. To‘g‘ri, shu paytgacha qay go‘rda eding?..
Nina (uning boshiga bir urib). Sen aralashma!
Sarafanov. Nina! Nega tushunging kelmaydi, axir, sening akang topildi!
Nina. Yo‘q, men tushunib turibman, faqat qiziqyapman-da, ilgari qayerda edi?
Vasenka (boshini ko‘tarib). Sen hayajonlanma ham, qo‘rqma ham, bu gap dadamiz onamiz bilan uchrashganidan ancha oldin bo‘lgan… To‘g‘rimi, dada?
Sarafanov. Jim bo‘lasanmi-yo‘qmi?!
Nina. Ha-a, uzoq kutilgan uchrashuv. Bu o‘g‘lingiz ekaniga ishonchingiz komilmi? (Busiginga.) Nechaga kirding?
Vasenka avval mudrab, so‘ng uyquga ketadi.
Silva (Busigin bilan Sarafanovga ishora qilib). Ularga yaxshilab bir qarang: ikki tomchi suvday o‘xshab turibdi! Nahotki, ko‘rmayotgan bo‘lsangiz?
Nina (biroz taqqoslab turib). Yo‘q, o‘xshamayapti.
Silva (Busiginga, xafa bo‘lib). Nazarimda, bu yerda bizni nimadadir gumon qilishyapti.
Nina (Sarafanovga Silvani ko‘rsatib). Bu tag‘in kim bo‘ldi? Buyam qarindoshimizmi?
Busigin. Bu mening oshnam. Ismi Silva.
Nina. Shunday qilib, yoshim nechada deding, yaxshi eshitmay qoldim?
Busigin. Yigirma birda.
Nina (Sarafanovga). Siz nima deysiz?
Sarafanov. Nina! Men o‘zim ham yoshini surishtirdim, hammasi aniq bo‘lgan. Yaxshi emas, axir…
Nina. Bo‘pti. (Busiginga.) Unda onangning ko‘rinishi qanaqa edi, ismi nima, dadam bilan qayerda uchrashgan, nima uchun aliment talab qilmagan, bizni qanaqa qilib topding, shu paytgacha nimaga dom-daraksiz ketding – hammasini bir boshdan gapirib ber-chi.
Silva (xavotir aralash). Tergovchiga o‘xsharkan.
Nina. Sizlar nima deb o‘ylovdilaring? Menimcha, sizlar qip-qizil firibgarsizlar.
Sarafanov. Nina!
Busigin. Nima, o‘xsharkanmizmi?
Nina (sukutdan so‘ng). O‘xshaysizlar. (Busiginga.) Qani, boshla ertagingni, biz jon qulog‘imiz bilan eshitamiz.
Silva (Busiginga, qo‘rqoqlarcha). Men sening o‘rningda bo‘lganimda, bunaqa gapdan keyin dilim og‘rib, shu zahoti chiqib ketgan bo‘lardim.
Busigin. Otam haqida men yaqindagina bilib qoldim…
Nina. Kimdan?
Busigin. Onamdan. Onamning ism-shariflari Galina Aleksandrovna, otamiz bilan bundan roppa-rosa 22 yil muqaddam uchrashgan ekanlar.
Sarafanov (hayajonda). O‘g‘lim!..
Busigin. Otajon!..
Ular quchoqlashib ketishadi.
Silva (Ninaga). Qon-da, qon! Tortadi…
Sarafanov. Nina! Endi ishondim, mutlaqo shubham qolmadi! Bu sening akang! Nega anqayib turibsan, ko‘rishmaysanmi?! Akang, axir!..
Busigin. Singiljonim, topilganingdan xursandman!.. (Borib Ninani loqaydgina quchadi.) Judayam xursandman.
Silva (havasi kelib). Sekin aytasanmi?..
Sarafanov (dovdirab). Ey, Xudoyim!.. Sira ishongim kelmayapti!..
Nina (haliyam quchib turgan Busiginga). Qo‘yvorish niyating yo‘qmi, aka? (Quchog‘idan ozod bo‘ladi. Nihoyatda xijolatda.)
Sarafanov. Bunaqasi yetti uxlab tushimgayam kirmagan! Sevinchdan hushimdan ketib qolay deyapman…
Busigin. Men ham.
Nina. Ha… Men ham hayratdan hushimni yo‘qotay deyapman…
Silva. Ura-a! Buni nishonlashni taklif qilaman!
Sarafanov (Busiginga). Eshitdingmi? Nima deysan, o‘g‘lim?
Busigin. Nima derdim? Bunday taklifni ikki qo‘llab tasdiqlayman!
Nina. Ichish masalasida o‘xsharkansizlar…
Kulishadi.
Silva (qadahni yarimlatib, Nina bilan Busiginga). Qani, yaqin turinglar-chi. Endi qo‘l ushlashinglar… Ana shunday… (Sarafanovga.) Ko‘ryapsizmi?
Nina qo‘lini bo‘shatib oladi. U xavotir aralash xijolatda.
O‘xshashligini qarang! Ko‘ryapsizmi?..
Sarafanov. Ha… albatta o‘xshaydi…
Silva. Ko‘nglim to‘lib yig‘lavoray deyapman… Ichamiz, o‘rtoqlar!
Sarafanov. Men… men shunaqa baxtlimanki!..
Silva (Sarafanovga, qadah ko‘tarib). Siz uchun va sizning ahil oilangiz uchun!
Busigin. Sizning sog‘ligingiz uchun, dada.
Sarafanov (hayajonda). Rahmat, o‘g‘lim…
Chiroq o‘chadi. Quvnoq musiqa eshitiladi. Musiqa to‘xtab, chiroq yonadi. O‘sha joy. Derazadan tong otayotgani ko‘rinib turibdi. Sarafanov va Busigin stol atrofida o‘tirishibdi. Shishalar bo‘shatilgan. Silva divanda uxlab yotibdi.
Sarafanov. Meni kapitan unvoni bilan armiyada olib qolishdi. Bir amallab iste’foga chiqib oldim. Artilleriya qo‘shinlarida xizmat qilganman, ertadan kechgacha – “gum-paq”, “gum-qars” – musiqachining eshitish qobiliyati pasayib ketar ekan. Zambarak bilan klarnet, xohlaysanmi-yo‘qmi, boshqa-boshqa narsa-da. Avval raqs maydonchalarida, keyin restoranda, undan ham keyin istirohat bog‘i va kinoteatrlarda chaladigan bo‘lib ko‘tarilib ketdim. Baxtimga shahrimizda simfonik orkestr tashkil bo‘p qoldi-yu, mening yaxshi eshitmasligimga qaramay, qabul qilishdi… Eshityapsanmi?
Busigin. Eshityapman, dada.
Sarafanov. Shunaqa qilib, umr ham o‘tib ketdi… Hammasi emas, albatta, lekin asosiy qismi o‘tib bo‘ldi. Sen agar dadam yoshlikdagi ideallaridan butkul voz kechgan deb o‘ylasang, qattiq yanglishasan. Diydasi qotib, turmush ikir-chikirlari bilan o‘ralashib qolgan, degan o‘yga borgan bo‘lsang undan battar adashasan. (Busigin tomonga engashib.) Men ijod qilyapman!.. (Qaddini to‘g‘rilab.) Hamma odam o‘z kasbi bo‘yicha ijodkor bo‘lib dunyoga keladi. Baholi qudrat, qo‘lidan kelguncha-da. O‘zidan keyin bir nima qoldirish uchun ham ijod qiladi, bir nima yaratadi. Shuning uchun men ham yaratyapman.
Busigin (ajablanib). Nima yaratyapsiz?
Sarafanov. “Nima yaratyapsiz”, deganing nimasi? Musiqadan boshqa nimayam yaratishim mumkin?
Busigin. A… Tushunarli.
Sarafanov. Nima – tushunarli?
Busigin. Haligi… musiqa yaratishingiz-da.
Sarafanov (shubhalanib, araz ohangida). Sen… sen bunga qanday qaraysan?
Busigin. Menmi? Nimayam derdim, yaxshi hunar.
Sarafanov (shoshib, qiziqqonlik bilan). Katta ketyapti demanglar-u, men bir narsani tugatishim kerak, bi-ittagina narsani! Eng asosiy narsani to‘kib solishim kerak, eng asosiy narsani! Buni faqat va faqat o‘zim qilishim kerak, boshqa hech kim emas! Bu bo‘ynimdagi qiyomatli qarz va farz!.. O‘zimdan boshqa hech kim eplayolmaydi, tushunyapsanmi, qo‘lidan kelmaydi!
Busigin. Tushunyapman, tushunyapman… Ming bor uzr-u, dada, sizdan bir narsa so‘ramoqchiman…
Sarafanov (hushyor tortib). So‘ra, yetsa molim, yetmasa jonim!
Busigin. Nina bilan Vasenkaning onasi ko‘rinmaydi?
Sarafanov. E, so‘rama… Bundan o‘n to‘rt yil muqaddam u bilan ajrashganmiz. Uningcha, men kechasi bilan klarnet chalishdan boshqasiga yaramasmishman. Bu orada tuni bilan klarnet chalmaydigani chiqib qoldi. Injener. Jiddiy odam. Shunday qilib, yo‘llarimiz ayri ketdi… Yo‘q, sening onang bilan munosabatimiz boshqacha edi! Onang boshqacha ayol edi… E, Xudoyim! U davrlarni unutib bo‘larkanmi?! Chernigov… Desna… Kashtanlar… Sen muyulishdagi ustaxonani bilarmiding? Tikuvchilik ustaxonasini-chi?
Busigin. Bo‘lmasam-chi!
Sarafanov. Onang xuddi o‘sha yerda ishlardi!..
Busigin. Kichkina ustaxona hozir kattakon fabrika bo‘p ketgan. Onam o‘sha fabrikaning direktori.
Sarafanov. Tasavvur qilayapman… Onang o‘sha-o‘sha bir gapirib, o‘n kuladigan, bir qop yong‘oqdir-a?
Busigin. Ko‘pchilik hecham o‘zgarmagan deyishadi.
Sarafanov. Rostdan-a? Yashavor!.. O‘ziyam yosh, qirq beshdan ham oshmagan!
Busigin. Qirq to‘rtdalar.
Sarafanov. Atigi-ya?.. Haligi… boshqa turmushga chiqmadimi?
Busigin. Yo‘q. Yolg‘iz ikkovimiz yashaymiz.
Sarafanov. Shunaqa de?.. Vaholanki, onang har qanday baxtga loyiq ayol.
Busigin. Onam juda mag‘rur ayol, uncha-munchaga noliyvermaydi.
Sarafanov. Ha, nimasini aytasan… O‘shanda qismimizni Gomelga ko‘chirishdi, u Chernigovda qoldi… Haliyam ko‘z oldimda… Chang ko‘chada qo‘l silkib qolaverdi… Yoppa-yolg‘iz…
Busigin. Ko‘rib turganingizdek, unchalik ham yolg‘iz emas ekan…
Sarafanov. Ha-ha, albatta… Shoshma-shoshma… Ha, esladim! Meni kechirasan-u, uning farzand ko‘rish niyati yo‘q edi!
Busigin. Tasodifan bo‘yida bo‘p qolishi mumkin-ku.
Sarafanov. Lekin nega shuncha paytdan beri sen haqingda lom-mim demadi? Yigirma yildan beri bekitib yurish osonmas-ku!
Busigin. Yigirma bir yil…
Sarafanov. Ha, yigirma bir yildan beri. Sabr-toqatiga qoyil-e!
Busigin. Aytdim-ku, onam juda mag‘rur ayollar, deb.
Sarafanov. Shunaqa bo‘lganiyam ma’qul… Men nihoyatda xursandman.
Busigin. Tilim chiqishi bilan, “Otam qani?” deyaverib onamning quloq-miyasini yevorgan ekanman.
Sarafanov. Chindan ham meni shunchalik ko‘rging keldimi?
Busigin. Sizni izlab topishga ahd qilganimda hali pioner edim.
Sarafanov (ko‘ngli bo‘shab). Sho‘rlik bolaginam!.. Aslida, meni yomon ko‘rishing kerak edi-ku…
Busigin. Nimalar deyapsiz, dada, odam o‘z padarini ham yomon ko‘rishi mumkinmi?
Sarafanov. Mard, azamat yigit bo‘libsan. Ukangga o‘xshab yig‘loqi bo‘lsang nima qilardim? Uning haddan tashqari ko‘ngli bo‘sh – salga ko‘ziga yosh keladi. Qat’iyatliroq bo‘lishi kerakmikan, deyman.
Busigin. Ha, to‘g‘ri, bo‘sh-bayov bo‘lish doim ham yaxshi bo‘lavermaydi.
Sarafanov. To‘ppa-to‘g‘ri! Shuning uchun ham sevgi-muhabbat bobida sira ishi yurishmayapti. O‘sha qiz bilan bitta hovlida qo‘shni bo‘lib tinchgina yashab yuruvdi, birdaniga qars etdi-yu, o‘rtalarida qisqa tutashuv bo‘lib, desang… Qip-qizil jinni bo‘ldi-qoldi! Uydan bosh olib ketaman deydimi-ey…
Busigin. U qiz kim?
Sarafanov. Sudda kotibalik qiladi. Hamma balo shundaki, yoshi katta – o‘ttizlarga borib qolgan, ukang bo‘lsa endi maktabni bitiryapti. Gap shundaki, o‘sha qiz bilan gaplashib qo‘yay, deb uyiga bordim…
Busigin. Nega?
Sarafanov. Kecha kechqurun uyga kelib, “Bosh olib ketaman”, deb qoldi. Qiznikiga borgan bo‘lsa, uyidan haydab solgani shundoqqina ko‘rinib turardi. Men nima qilishim kerak edi? Balki qizni yoshidagi farqdan xijolat bo‘lar yoki balog‘atga yetmagan bolani yo‘ldan urgani uchun javobgarlikka tortilishidan qo‘rqar, deb o‘yladim. Bu masalada mening tish-tirnog‘im bilan qarshi ekanligim uni hovuridan tushirar, degan maqsadda qizning uyiga boruvdim… Menga qara, sen gaplashib ko‘rmaysanmi, a? Har qalay akasisan. Balki sening yo‘rig‘ingga yurar?
Busigin. Mayli, urinib ko‘raman.
Sarafanov. Ochig‘ini aytsam, sening topilganingdan juda-juda xursand bo‘p ketyapman! Shodligim ichimga sig‘may ketyapti!
Busigin. Menikiyam… sig‘may ketyapti.
Sarafanov. Rostdanmi, o‘g‘lim?
Busigin. Bo‘lmasam-chi.
Sarafanov. Ke, bir o‘pay… (Otalarcha mehr bilan peshonasidan o‘pib qo‘yadi. Chuqur uh tortib.) Kechirasan-da endi… juda ziq bo‘p ketganman.
Busigin. Nima bo‘ldi?
Sarafanov. So‘raysan-a!.. Bittasi baxtsiz muhabbat tufayli uydan ketmoqchi, ikkinchisi baxtli muhabbat tufayli… ketmoqchi.
Busigin. Yana kim ketyapti?
Sarafanov. Nina. Turmushga chiqyapti.
Busigin. Turmushga, deng?
Sarafanov. Shunaqa deyapti. Erta-indin Saxalinga ketmoqchi bo‘p turibdi. Anavi mishiqi bo‘lsa taygaga bosh olib ketaman, deydi. Qurilishda ishlamoqchimish! Endi tushunayapsanmi, sen eshik qoqib kelganingda bu yerda ne savdolar ro‘y berganini?
Busigin. Tushunyapman…ne savdolar…
Sarafanov (eshitmay). Mo‘jizaning o‘zi! Bundan ortiq mo‘jiza bo‘ladimi? Yana men omadsiz odammishman!
Busigin. Demak, Nina turmushga chiqyapti… Kimga ekan, sir bo‘lmasa?
Sarafanov. Bo‘lajak kuyovimiz uchuvchi, jiddiy odam! Erta-indin bilim yurtini tugatadi. Yo‘llanmasi Saxalinga ekan. Nina bugun bizni tanishtirib qo‘ymoqchi bo‘lyapti.
Busigin. Xo‘sh… Nina nechiga kirdi?
Sarafanov. O‘n to‘qqizga.
Busigin. Rostdanmi?
Sarafanov. Nima bo‘pti – yoshdaqa yosh! Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi. Ammo-lekin u nihoyatda jiddiy qiz. Haddan tashqari jiddiy! Ba’zan, bunchalik jiddiy bo‘lish kerak emasmikan, degan o‘ygayam boraman. Ko‘p qiynaldi bechora. Osonmi, butun ro‘zg‘orning tashvishi uning bo‘ynida. Supur-sidir, pishir-kuydir, tik-yama… Ha, aytganday, u tikuvchi – topishi yaxshi. Buning ustiga institutga kirish uchun tayyorlanyapti. Yo‘q, qoyil qolmay iloj yo‘q.
Busigin. Shunaqa deng… Unday bo‘lsa, nega sizni birga olib ketmayapti?
Sarafanov. Yo‘q-yo‘q, men borolmayman, shu yerda tug‘ildim, shu yerda yashadim… umuman, bu shaharcha mening hamma narsam – xotiralar va hokazo… Yo‘q-yo‘q, u yoqda men ularga ortiqcha tashvish bo‘lib nima qildim? Tasavvur qilyapsanmi, Nina bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan uchrashib yurganiga uch oy bo‘ldi, erta-indin jo‘nab ketishadi-yu, hali men uning turqiniyam ko‘rganim yo‘q! Ko‘cha-ko‘yda uchrashib qolsak tanimayman ham! Menga nima bo‘ldi – noliganim noligan! Bo‘pti, tong yorishib qoldi, birpas yotib damingni ol, o‘g‘lim. Joyingni do‘sting bilan yonma-yon solsam maylimi?
Busigin. Mayli.
Sarafanov. Mayli, yaxshi yotib tur. (Uning peshonasidan o‘pib qo‘yadi.) Mendan xafa bo‘lma, bolam, hayajondan o‘zimni bosolmayapman… Uxla.
U boshqa xonaga chiqib ketadi. Busigin Silvani bir amallab olib keladi.
Busigin. Silva, tur! Tursang-chi, kasofat!..
Silva (uyg‘onib). Qayerdamiz?..
Busigin. Ochiq mozorda! Tur!
Silva. Bir oydan beri uyquda tayin yo‘q. Yakshanbada bir kungina to‘yib uxlab olay desam, Xudoyim buniyam ko‘p ko‘rdi. Menga qara, singiljoning chakki emas, a? Bir kechaga jon derdim!..
Busigin. Bo‘ldi-bo‘ldi, ko‘p laqillama! Qimirla tezroq! (Unga ko‘ylagini otadi.) Bo‘l!..
Silva xohlamaygina o‘rnidan turadi.
Sen o‘likday qotib uxlading, biz bo‘lsak ertalabgacha dardlashib o‘tirdik!
Silva. Nima?.. Sezib qolishdimi? Fosh bo‘ldikmi? (Tez kiyinadi.) Shunaqa deysan-u, bu jinoiy ish – “firibgarlik”! Uch yildan sakkiz yilgacha! (Botinkasini chala kiyib.) Quyon!
Busigin o‘ylanganicha turib qoladi.
Nega simyog‘och bo‘p turibsan? Qimirlamaysanmi?
Busigin (o‘ylanib). Lekin qariya farishta odam ekan…
Silva. O‘ziyam sen uni zo‘r tushirding. Qotirib tashlading – gap yo‘q!
Busigin. Lekin og‘zingdan chiqqan har bir so‘zga bolalarcha ishonadigan odamning ko‘ziga baqrayib turib yolg‘on gapirish oson emas ekan…Mayli, ketdik.
Ular endi eshik tomon yurmoqchi bo‘lib turgan ham edilarki, yon eshikdan qo‘lida yostiq bilan Sarafanov chiqib kelib qoladi.
Sarafanov. O‘g‘lim!
Busigin turgan joyida qotib qoladi. Silva esa eshik dastasini tutganicha tosh qotadi.
Yo‘l bo‘lsin, bolam?
Busigin (sekin u tomon o‘girilib). Men, haligi, biz…ning ketadigan vaqtimiz bo‘ldi…
Silva. Ha, ha, ketmasak… sira iloji yo‘q!.. Erta-indin sessiya – imtihonlar boshlanadi.
Busigin. Afsuski, shunday…
Sarafanov. Nima, shaharga ketmoqchimisan? Bugun, hozir, shu topdami?
Busigin. Ha, dada. U-bu bo‘lib shundog‘am ko‘p darslarni qoldirib yubordik…
Sarafanovning qo‘lidagi yostiq tushib ketadi.
(Uni yerdan olib.) Siz noto‘g‘ri o‘yga borib yurmang, imtihonlar tugashi bilan bu yoqqa qarab g‘izillayman!
Sarafanov. Yo‘q-yo‘q, men tushunaman… Albatta-da… Bundan ortiq nimaniyam kutish mumkin, axir?.. Shunisigayam shukur, uchrashdik, gaplashib oldik…
Busigin. Men kelaman… Iyunning oxirlarida albatta kelaman…
Sarafanov sukutda.
Nima, menga ishonmayapsizmi?
Sarafanov. Nega endi, ishonaman, lekin men bilan xayrlashmay jo‘nab qolmoqchi bo‘lganingga sal g‘alati bo‘p turibman.
Busigin. Men, haligi… uxlab yotgan bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylab… Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, siz bilan xayrlashish men uchun nihoyatda og‘ir. Ko‘nglim bo‘lmadi…
Sarafanov. Chindanmi?.. (O‘rnidan turib.) Nachora, yuradiganga yo‘l yaxshi! Bo‘lmasa, iyunning oxirigacha xayrlashamiz?
Busigin. Ha…
Sarafanov. Iyungacha hech narsa qolmabdi – bor-yo‘g‘i bir yarim oy… Lekin… Hozir ketishlaring shartmi? Shu topda-ya?
Silva. Ha, poyezdimiz soat o‘nlarda jo‘naydi.
Sarafanov (o‘ylanib turib). Bo‘pti, nimayam qilardik… (Silvaga qo‘l uzatib.) Mayli, yaxshi boringlar. Siz bilan tanishganimdan juda xursandman. Iyunda birga kelinglar.
Silva. Albatta kelamiz.
Sarafanov. Nimayam derdim, institut – jiddiy masala! Qo‘yvorgim yo‘g‘-u, lekin nachora. Eng muhimi, topishdik, tanishdik, miriqib suhbat qurdik. (To‘satdan.) Shoshma. Senga bir narsa sovg‘a qilmoqchiman. Qutlug‘ uydan quruq ketma, degan gaplar bor…
Busigin. Qo‘ysangiz-chi, dada, nima keragi bor…
Sarafanov. Iya, judayam kerak-da! O‘zi arzimagan narsa-yu, lekin olmasang bo‘lmaydi. Hozir! (Boshqa xona tomon yuradi, ostonaga yetganida chaqiradi.) Vasenka! (Chiqib ketadi.)
Biroz jimlik.
Silva. Ha? Endi nimani kutyapsan?
Busigin. Sen ketaver, orqangdan yetib olaman.
Silva. Menga qara, bechora cholning shunchalik boshini aylantirganing yetar – endi ketdik!
Busigin. Ketsang ketaver, hech kim seni ushlab turgani yo‘q.
Silva. Nima qilmoqchisan o‘zing, ayt, menam baxtimni sinab ko‘ray?
Busigin. Yo‘q, yaxshisi sen ketaver.
Silva. To‘g‘risini aytaver, u-bu narsa o‘marmoqchimisan – unda men pas! Bunaqa ishlarga tarbiyam yo‘l qo‘ymaydi.
Busigin. To‘nka. Juftakni rostlab qolsak, chol nima o‘yga boradi? (Boshiga barmog‘i bilan nuqib.) Manavi oshqovoqni ishlatmaysanmi?!.
Silva. Xo‘p, ishladiyam deylik, nima bo‘pti?
Busigin. Men qolaman, sen o‘zing bilasan. Hozircha qolaman.
Silva. Nimaga?
Busigin indamaydi.
Ehtiyot bo‘l, og‘aynichalish, tag‘in o‘g‘rini qaroqchi urib ketmasin. Do‘stona maslahatim, esing borida etagingni yop.
Yon tomondagi xonadan Nina chiqib keladi. U xalatda bo‘lib, yelkasiga sochiq tashlab olgan.
Nina (Silvaga). Salom. (Busiginga.) Salom berdik, akaginam…
Busigin bilan Silva bosh irg‘ab alik olishadi.
Yaxshi yotib turdilaringmi?
Silva. Yaxshi, rahmat.
Nina. Nimaga ostonada turibsizlar?
Silva. Kim?.. Bizmi?.. Xona ja dim bo‘p ketdi, ochiq havoda…
Nina. Shamollab qolaman demasalaring, derazani ochib yotishlaring ham mumkin. (Chiqib ketadi.)
Silva. Ko‘rdingmi? A? Bu ko‘zlar, bu sochlar!.. Oyoqlarini aytmaysanmi, oyoqlarini! Meni ushla, jinni bo‘p qolaman!
Busigin. Jinni bo‘p qolasanmi, tentak bo‘lasanmi – u baribir senga nasib qilmaydi!
Silva. Balki sen o‘sha janonni deb qolmoqchidirsan? Nima, boshini aylantirmoqchimisan? Qara, sen uning akasi bo‘lasan. Senga mumkinmas. Menga bo‘lsa boshqa gap.
Shu payt qo‘lida tamakidon bilan Sarafanov kirib keladi.
Sarafanov. Mana, o‘g‘lim! O‘zi arzimas narsa – kumush tamakidon. Lekin bu oilamiz uchun juda qimmatli buyum. Mana bir necha avloddan buyon bu doim to‘ng‘ich o‘g‘ilniki bo‘lib kelgan. Bobomning otasi bobomga hadya qilgan, bobom – otamga, men – senga! Ana shunaqa…
Sukut.
Busigin (birpas dovdirab qoladi, tamakidonni olib stolga qo‘yadi). Rahmat, dada… Bilasizmi, biroz muddat qolishga qaror qildim. Ertaga samolyotda ketarman.
Sarafanov. Buning iloji bormi?
Busigin. O‘limdan boshqa hamma narsaning iloji bor!
Sarafanov. Ajoyib fikr! Ikkovimiz kun bo‘yi birga bo‘lamiz… Bugun yakshanbami?.. E, jin ursin! Soat yettida filarmoniyada bo‘lishim kerak-ku! Lekin ishim tez bitadi, bir soat, ko‘pi bilan bir yarim soat. Ha, aytganday, kim samolyotni o‘ylab topgan bo‘lsayam otasiga ming rahmat! (Silvaga.) Siz-chi, Semyon? Sizam qolasizmi?
Silva. Mendan so‘rayapsizmi?.. Men, haligi…
Shu payt Nina chiqib, boshqa xonaga o‘tib ketadi. Silva uni nigohi bilan kuzatib qoladi. Busigin bir Silvaga, bir qizga qarab qo‘yadi.
Men ham qolaman! U qayerda bo‘lsa, menam shu yerdaman-da! Axir, u bilan kindigimiz bitta-ku! (Kuladi.)
Sarafanov. Juda soz! Sizlar haqiqiy do‘st ekansizlar.
Qo‘shni xonadan Vasenka chiqadi. Shashti past, tushkun kayfiyatda. Divanga kelib, boshini changallaganicha o‘tirib oladi.
Kichkina Sarafanovning kayfiyati dabdala-yu!.. Suv ichib ol.
Silva. Bunga sut ham bo‘laveradi.
Busigin. Issiq-issiq choy ichsa o‘ziga keladi.
Sarafanov. Yaxshiyam bugun maktab yo‘q.
Vasenka. Kim aytdi sizga meni o‘qishga boradi, deb? Ikkinchi qadamimni bosmayman!
Sarafanov. Yana shu gap!
Vasenka. Ha, yana shu gap! Ketaman dedimmi, ketaman!
Busigin. Men sening o‘rningda bo‘lsam, avval o‘qishni bir yoqlik qilardim. So‘ng keraklicha bilim bilan qurollanib yangi hayotga kirib borardim. “Tayga” degan maktabga hali ulgurasan, u o‘qishga yil – o‘n ikki oy qabul qilaverishadi.
Sarafanov. Bilishimcha, u yerga daraxt kesuvchilaru duradgorlar kerak bo‘larkan.
Vasenka. Nima bo‘pti? O‘rganaman, shogird tushaman.
Nina kiradi.
Umuman, lo‘nda qilib aytganda, hamma olim bo‘lsa podani kim boqadi. Kimdir qora ishlarni ham qilishi kerak-ku.
Nina. Bu “qora ishchi” yana qayerga ketmoqchi ekan?
Vasenka. Sening ishing bo‘lmasin!
Sarafanov. Ey-ey, o‘z tug‘ishgan opasiga ham shunaqa deydimi odam! Har qalay sendan besh-olti ko‘ylak ortiq yirtgan.
Vasenka. Dada, men farzandlaringizning ichida eng aqli noqis, eng to‘nkasiman! Bu isbot talab qilinmaydigan haqiqat. Mana, qizingiz bor, u har jihatdan aqli raso, besh-oltita ko‘ylak va boshqa narsalarni mendan ortiq yirtgan. Bundan tashqari, yana bitta o‘g‘lingiz paydo bo‘ldi, uyam bir balolarni mendan ortiq yirtgan. Xudo xayrlaringni bersin, meni tinch qo‘yinglar! Aqli noqis va to‘nkaligimcha qolishga imkon beringlar!
Sarafanov. Yo‘q, bu bola bilan gaplashib bo‘lmaydi!
Nina (Busiginga). Jinnixonaga xush kelibsiz, akaginam!
Busigin (Vasenkaga). Men sening o‘rningda bo‘lsam, dadam va opamga quloq solgan bo‘lardim.
Vasenka. Siz ja vaqtida topildingiz, aka, endi o‘zingiz to‘yganingizcha quloq solaverasiz!
Busigin. Afsuski, men ketaman.
Nina. Ketasiz?.. Qachon?
Busigin. Ertaga.
Silva. Institutga borishimiz kerak, baxtga qarshi.
Nina. Chindanmi?.. Men endi ketmaysiz, deb o‘ylovdim.
Vasenka. Ha, dadamga qarab turadigan tekin xizmatkor topildi, deb o‘ylovdi!
Sarafanov. Vasenka, ko‘p haddingdan oshma! Bilsang, Volodya yozda meni ko‘rgani tag‘in keladi.
Nina. Bundan chiqdi, sen bu yerga shunchaki… yo‘l-yo‘lakay kiribsan-da?
Busigin. Bundan chiqdi, o‘zing ham yo‘lga otlanayotgan ekansan-da?
Vasenka. Kallamga bir fikr keldi.
Sarafanov. Ana, kenjatoyimizning miyasi g‘imirlab qoldi!
Vasenka. Dadam uylanishlari kerak!
Sarafanov. Nima?.. Nima deding?
Vasenka. Uylanishingiz kerak, deyman.
Nina kuladi.
Sarafanov (Ninaga). Kulma. Hazillashyapti, buning hech kuladigan joyi yo‘q.
Nina. Kimga, Vasenka, sir bo‘lmasa?
Vasenka. Kimga bo‘lardi, Volodyaning onasiga-da.
Sarafanov. Sen, bola, umuman quloqsiz bo‘p ketyapsan!
Nina (masxaraomuz). O‘ylab ko‘rishga arziydigan fikr lekin, a, dada? (Busiginga.) Bunga akajonimiz nima derkinlar?
Busigin. Menmi?.. Bir nima deyishgayam hayron bo‘p qoldim.
Sarafanov. Sen, o‘g‘lim, parvo qilma, bular shunaqa tarbiyasiz bo‘p ketishgan.
Vasenka. Siz bekorga mendan xafa bo‘lyapsiz, dada. Xo‘sh, taklifim-ning nimasi yomon? Keyin menga rahmat deysiz.
Sarafanov. Jim bo‘l. Sen, masxarabozga gapni kim qo‘yibdi? (Silvaga, kesatib.) Semyon, bizning masxarabozlar oilamiz haqida nima deysiz?
Silva. Zo‘r oila, boshqa bunaqasi yo‘q! (Busigin tomonga iyak qoqib.) Buning omadi bor ekan.
Sarafanov. Nina, akang ertaga ketadigan, men ishda biroz ushlanib qolaman. (Busiginga.) Bugun biz murakkab narsalarni chalamiz – Glinka, Berlioz. (Ninaga.) Shuning uchun sen ertaroq kelishga harakat qil.
Nina. Xo‘p.
Sarafanov. Endi… Soat necha bo‘ldi? O-o, vaqt bo‘p qopti-yu…
Nonushta qilib olsak bo‘larmidi?
Nina (derazani ochib). Avval bu yerni biroz tartibga solib olish kerak ekan. Hamma narigi xonaga chiqib tursin! (Derazadan qarab.) Vasenka, bu yoqqa kelgin, Natashang chiqibdi, xirom aylab!
Silva, Busigin, Sarafanov derazadan qaraydilar.
Sarafanov (Busiginga). Bu o‘sha.
Busigin. Nima qipti, yoqimtoygina ekan.
Silva. Kim o‘zi u?
Sarafanov. Qo‘shnimiz.
Nina. Qishlog‘imizning malikasi. (Vasenkaga.) Qani, yugurib borib bo‘yniga osilmaysanmi? Bor, vidolash u bilan. Bugun xayrlashmading-ku.
Vasenka. Qoch-e!
Nina. Yo xat orqali vidolashdingmi?
Vasenka. Bo‘ldi, dedim! Mendan nima istaysan o‘zi?
Nina. Bitta xolang tengi juvonni deb aqldan ozmasligingni istayman, hech bo‘lmaganda, aqldan ozishdan oldin manavi qovoq o‘lgurni sal-pal ishlatishingni xohlayman!
Busigin. Menimcha, aksincha bo‘lishi kerak.
Nina. Shunaqa ekanmi?
Busigin. Menimcha, shunday.
Nina. Ahmoqona fikr.
Sarafanov. Menimcha, Volodya haq. O‘ylash, fikr qilish yaxshi narsa, albatta, lekin…
Nina. Qani, qani, oqlanglar uni, himoya qilinglar! Toki butunlay tarbiyasi dabdala bo‘lguncha!
Vasenka (o‘rnidan turib, Ninaga). Sen istaganingcha o‘yla, fikr qil, men esam o‘ylab bo‘ldim! Aqldan ozgim kelyapti, tushundingmi?! Aqldan ozmoq va hech narsa haqida o‘ylamaslik – mana, mening shiorim! Meni tinch qo‘y! (Boshqa xonaga chiqib ketadi.)
Busigin (Ninaga). Bekor qilding.
Sarafanov. Juda to‘g‘ri. Nima qilarding olovga kerosin sepib, Nina?
Nina. O‘zini ko‘rmaysizmi?! Qanaqadir bir juvonning oldida o‘zini xor qilyapti!
Sarafanov. Gaping noto‘g‘ri, Nina, u yomon qiz emas.
Busigin. Vasenkani tushunsa bo‘ladi, u ko‘zga yaqin qiz ekan.
Nina. Shunaqa ekanmi?
Busigin. Ha, nima? Ko‘rinishdan chakki emas, men senga aytsam.
Nina. Unday bo‘lsa, sizning didingizni qarg‘a cho‘qib ketibdi. Nega derazaga yopishib oldilaring, qochinglar, men bu yerni yig‘ishtirishim kerak! Katta xolasining uyiday yalpayib o‘tirib olishganini-chi…
Silva. Menimcha, hech nima haqida o‘ylamaslik, shu bilan birga aqldan ham ozmaslik kerak. Eng ma’qul yo‘li shu.
Nina. Quloq bormi, men bu yerni yig‘ishtirishim kerak, deyapman!
Sarafanov. Yaxshi, yaxshi. Ketdik, Volodya.
Busigin. Siz boravering, men hozir chiqaman.
Sarafanov. Yaxshi. (Chiqib ketadi.)
Silva (derazadan uzoqlashmay). Bilasizmi, Nina, men sizning fikringizga to‘la qo‘shilaman. Bu Nataliya deganlarining hech qaraydigan joyi yo‘q.
Nina. Bo‘pti-bupti, qani, narigi xonaga – marsh! (Oshxonaga chiqib ketadi.)
Silva (zavq va hayajonini bekitolmay). Singilchang olov-ku!.. Bir unga yordamlashvoray.
Busigin. Yo‘q, men u bilan gaplashib olishim kerak.
Silva. Menga qara, axir sen akasisan, aka-singil o‘rtasida qanday gap bo‘lishi mumkin?
Busigin. Oilaviy, oilaviy gap. (Silvani eshik tomon itaradi.)
Silva (o‘jarlik bilan). Men uni yaxshi ko‘rib qolgan bo‘lsam-chi?
Busigin. Bor-bor, boboyni birpas ushlab tur.
Silva. Kimni?
Busigin. Xo‘p, mayli, dadamni. Bor-bor, tezroq chiq… (Uni itarib chiqarib yuboradi va orqasidan eshikni yopib qo‘yadi.)
Qo‘lida supurgi va latta bilan Nina qaytib kiradi.
Senga yordamlashvorsam, qarshimasmisan?
Nina. Mayli… Supurishni bilasizmi?
Tag‘in Silva paydo bo‘ladi.
Silva. Men sizga qarashvoraman.
Nina. Yo‘q, rahmat, ikkovimiz eplaymiz.
Silva. Men og‘ir ishlarni aytayapman: mebel-pebelni u yoq-bu yoqqa surish, deganday…
Busigin. O‘zing bu yerdan sursang yaxshi bo‘lardi, halaqit berasan, xolos.
Silva (pafos bilan, artistona). Bolalarim! Qo‘zichoqlarim! Qaranglar! (Busigin bilan Ninani ko‘zgu oldiga itarib borib.) Ikki tomchi suvday o‘xshashlaringga qarab turib, yig‘lavoray deyapman! Odam ham bir-biriga shunaqa o‘xshaydimi? Oh!..
Busigin. Jo‘na-jo‘na. Narigi xonada yig‘lagin. (Silvani eshik tomonga itarib.) Singlim bilan ikki og‘iz gaplashib olishga haqim bormi-yo‘qmi? (Uni chiqarib, orqasidan eshikni yopib qo‘yadi.)
Nina (ko‘zguga qarab). Menimcha, hecham o‘xshashlik joyimiz yo‘q…
Busigin. Bo‘lishi mumkin…
Nina. Qiziq, dadamdan har narsani kutsam ham bunaqasini kutmovdim. Bu dunyoda akam borligi yetti uxlab tushimga ham kirmagan edi!
Busigin. Meni aytgin! Bu dunyoda shunaqa yoqimtoy singlim borligi xayolimga ham kelmagandi!
Nina. Yoqimtoy, dedingizmi?
Busigin. Ham yoqimtoy, ham chiroyli!
Nina. Tushunmadim, chiroylimanmi yo yoqimtoymanmi?
Busigin. Ikkalasiyam… Xullas, sen bilan gaplashib olishim kerak.
Nina. Eshitaman?
Busigin. Demak, ketyapsan?
Nina. Ha. Nima, dadam aytmadimi?
Busigin. Butunlay ketyapsanmi?
Nina. To‘g‘ri, lekin bu sizni nega qiziqtirib qoldi?
Busigin. Menimi? Men senga aytsam, dadamizning yoshi ham bir joyga borib qoldi, sog‘ligiyam unchalikmas, fe’l-atvoriyam ja shakarmas. Ota, nima bo‘lgandayam – ota. Vasenka ham ketib qolsa… unda nima bo‘ladi?
Nina. Nima-nima bo‘ladi?
Busigin. Unda yolg‘iz qolib ketadi-ku!
Nina. Keyin-chi?
Busigin. Axir, sen…
Nina. Axir, sen bilan ketishi mumkin-ku, demoqchimisiz?
Busigin. Ha. Yoki shu yerda qolib, issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lib bo‘lib turishing ham mumkin.
Nina. Shunaqa ekanmi? Boyadan beri o‘ylayman, bunaqa g‘amxo‘rimiz qayerdan paydo bo‘lib qoldi, deb.
Busigin. Biz g‘amxo‘rlik qilmasak, kim qiladi? Axir, u begonamas, dadang-ku!
Nina. Bugun ma’lum bo‘ldiki, siz ham begona emas ekansiz. Shunchalik ekan, mehribon va g‘amxo‘r o‘g‘il sifatida siz ham uyingizga olib ketishingiz mumkin!
Busigin. Menmi?
Nina. Nega hayron bo‘lasiz? Siz – to‘ng‘ich o‘g‘ilsiz, burchingiz. Yo noto‘g‘rimi?
Busigin. To‘g‘riku-ya… Lekin men kechagina paydo bo‘ldim… To‘satdan… Eng asosiysi sen oyimni unutib qo‘yyapsan, ular nima derkinlar?
Nina. Siz esa mening qaylig‘imni unutib qo‘yyapsiz, u nima derkin? (Xona yig‘ishtira turib.) G‘amxo‘rlik qilish aytishgagina oson. Uni hech kim tashlab ketayotgani yo‘q, tez orada bo‘ladigan to‘yimizda mehmon bo‘ladi, qo‘limizdan kelgancha yordam berib turamiz, xat-xabarlashamiz, yaxshilab o‘rnashib olganimizdan keyin, olib ketamiz. Bir yil, uzog‘i bilan bir yarim yil o‘zini-o‘zi eplab turar. Bugun sizlarni tanishtirib qo‘yaman – ajoyib yigit!
Busigin. Tasavvurimda u polvonkelbat va mehribon. Yirik odamlar, odatda, mehrli va ko‘ngli bo‘sh bo‘ladi.
Nina. Ha, topdingiz.
Busigin. Uncha chiroyli bo‘lmasayam istarisi issiqqina?
Nina. Xuddi o‘zi!
Busigin. Quvnoq, e’tiborli, odamlar bilan tezda chiqishib ketadigan?
Nina. Hammasi to‘g‘ri! Irodali, tirishqoq. Buning nimasi yomon? Uning maqsadi aniq. Adashib-tentirab yurmaydi. Birso‘zli. Aytdimi – albatta gapining ustidan chiqadi. Ba’zilarga o‘xshab bekorga laqillamaydi.
Busigin. Balki hech qachon yolg‘on gapirmaydigan farishtadir?
Nina. Chindan ham yolg‘on gapirmaydi.
Busigin. Shundaymi? O‘shaningni bir ko‘rsam devdim.
Nina. Ko‘rasiz. Faqat kechqurun.
Busigin. Kechqurun? Kunduzi iloji yo‘qmi? O‘sha rostgo‘y avliyongni quyosh yorug‘ida ko‘rmoqchi edim. Kechqurun qorong‘ida u yer-bu yerini ko‘rmay qolishim mumkin-da!
Nina. Menga qarang! Sizga nima bo‘ldi – piching qilasiz, kesatasiz! Nima qilibdi? Sodda, qishloqi yigit. Osmondagi oyni va’da qilgani yo‘g‘-u, lekin ishonchli. Menga shunisi ma’qul. Hozir nima ko‘p – gap desang qop-qop, ish desang Samaradan toplar ko‘payib ketgan!
Busigin. A-a, shunaqa demaysanmi?! Unda tushunarli.
Nina. Nima – tushunarli?
Busigin. O‘zingga bundan mosini topolmaysan, deyman.
Nina. Shoshmang-shoshmang! Siz uni mutlaqo bilmaysiz-ku? Qayerdan bilasiz, mosmi-mos emasmi?
Busigin. Nima bo‘pti? Uni bilmasam, seni bilaman.
Nina. Meni-ya? Qachon ulgura qoldingiz?
Busigin. Mana, hozirgina bildim.
Nina. Folbin bo‘p keting-e, besh daqiqa gaplashib, mirimdan sirimgacha biladigan!
Busigin. Yo‘q, hammasini emas, miringni bila oldim-u, siringni bila olganim yo‘q.
Nina. Xo‘sh, nima ekan, o‘sha “mirim”?
Busigin. Senga nima kerakligini bildim.
Nina. Xo‘sh, nimani xohlarkanman?
Busigin. Erga tegishni. O‘zing shunday deding.
Nina (og‘rinib). Siz kim bo‘libsizki, menga bunaqa narsalarni gapirasiz?!
Busigin. Qanaqa narsalarni?
Nina. Axir, siz uni umringizda ko‘rmagansiz-ku! Buncha osilib qoldingiz? U sizdan ko‘ra durustroq odam bo‘lsa kerak?
Busigin. Kim yomon odam deyapti?
Nina. Har qalay u ba’zilarga o‘xshab ichiqoralik qilmaydi!
Busigin. Gap yo‘q! Albatta, ichi oq. Qorday oppoq!
Nina. Gapning po‘stkallasini aytadigan bo‘lsam, u sizdan yelkador va novcharoq. Bir kalla baland!
Busigin. Balki, ikki kalladir?
Nina. Surbet! Surbet va qallobsiz!
Busigin. Yo‘g‘-e?
Nina. Savdoyi bo‘lib qolibsiz? Sizga qo‘shilib dadam ham savdoyi bo‘lib qolgan!
Busigin. Rahmat!
Nina. Arziydi!
Nina jahl bilan xonani supura boshlaydi, Busigin bo‘lsa mebel artishga kirishadi. Ular stol oldida tasodifan to‘qnashib ketadilar va birpas ishdan to‘xtab qolishadi.
Xafa bo‘ldingizmi?
Busigin. Yo‘q, bo‘lib turadi…
Nina. Asabiylashib ketdim… Siz ham bo‘sh kelmadingiz…
Busigin. Mendan ham o‘tdi, yigitingga nisbatan har xil bo‘lmag‘ur gaplarni gapirib…
Nina. Demak, yarash-yarashmi? (Qo‘l uzatib.) Qizishib ketdim… Xafa bo‘lmadingizmi?
Busigin. (birdan qizni o‘ziga qaratib). Yo‘q dedim-ku, yo‘q!..
Ular yuzma-yuz turib qoladilar. Lablar bir-biriga intilgan ham ediki, birpas to‘xtab qolishadi. Keyin keskin uzoqlashishadi.
Busigin (Notabiiy yo‘talib). Dadamiz haqida bir nima deganday bo‘ldingmi?
Nina (hozirgina bo‘lib o‘tgan holatni nazarda tutib). G‘alati ekansiz…
Busigin. Menga qara, singiljonim. Bu yog‘iga bir nima qilish kerak.
Nina. Juda g‘alati…
Busigin. Dadamizni aytaman, uylanish masalasini, bir nima qilish kerak. Nega g‘alati? Shunchaki tun bo‘yi uxlamadim, dovdirashim shundan…
Sarafanov va Silva payda bo‘ladi. Silvaning qo‘lida gitara, kuylab kiradi.
IKKINChI PARDA
Birinchi ko‘rinish
Hovli. Makarskayaning uyi, teraklar tagida yog‘och skameyka, lekin ko‘cha ko‘rinmaydi. U skameykada o‘tirganicha darvozaga qarab turibdi.
Vasenka paydo bo‘ladi. Dovdiragancha to‘xtab qoladi, so‘ng yasama tetiklik bilan darvoza tomon yuradi.
Makarskaya (uni ko‘rib qolib). Vasenka!
Vasenka qotib qoladi.
Bu yoqqa kel. Kechagi qilig‘ing uchun jazoyingni beraman.
Vasenka (u tomonga qaramay). Ovora bo‘lasiz!
Makarskaya. Qo‘rqma, kelaver.
Vasenka. Dilxushlik qilgingiz kelib qoldimi? Men bilan mushuk-sichqon o‘ynamoqchimisiz? Bundan buyon sichqon rolini o‘ynamoqchi emasman.
Makarskaya. Bu yoqqa kel, dedim, jinnivoy.
Vasenka (sabri chidamay o‘girilib qaraydi va yaqinlashadi). Mana, keldim. Xo‘sh? Meni tushlikda yeysanmi yo nonushtaga olib qo‘yasanmi?
Makarskaya. Biram kulgilisanki… Men bilan kinoga borasanmi?
Vasenka (birpasdan so‘ng). Rostdanmi?.. Qachon?..
Makarskaya. Durustroq kino bor ekanmi?
Vasenka. Bor! Italyanlarniki! Klubda ketyapti.
Makarskaya. Nima haqda ekan?
Vasenka. “Italyancha ajrim”, degan kino ekan.
Makarskaya. Er-xotinning qo‘ydi-chiqdisi haqidami: Bormayman. Ishxonadayam qo‘ydi-chiqdi, jonga tegib ketdi. Ko‘riladigan har uchta ishdan ikkitasi ajralishlar haqida. Nima, Italiyada ham shu ahvol ekanmi?
Vasenka. Yo‘q-yo‘q, bu kino umuman boshqa narsa haqida!
Makarskaya. Senga bu qo‘ydi-chiqdilar (tomog‘ini ko‘rsatib) mana bu yerimga kelgan, deyapman! Shunaqa jonimga tegib ketganki, turmushgayam chiqqim kelmay qoldi!
Vasenka. Yana boshqasi bor-u, uyam ajralish haqida-da… “Baxtli kun” deb ataladi.
Makarskaya. Unda nimasi baxtli kun ekan?
Vasenka. Bitta ayol zolim erdan yaxshi erga ketib qoladi.
Makarskaya. O‘sha ayol shunday deb o‘ylaydi, lekin erning yaxshisi bo‘lmaydi. Tag‘in qanaqa kino ketayotgan ekan yo bo‘ldimi?
Vasenka. Bo‘ldi. Bu yer shahar emas-ku, bor-yo‘g‘i bitta klub bor…
Makarskaya. Italyanlarnikini ko‘ra qolaylik, har qalay bizning qo‘ydi-chiqdilardan farqi bordir?
Vasenka. Bo‘lmasa, men biletga yugurdim?
Makarskaya. Mayli, kichkintoy, yugura qol.
Vasenka. Nechchiligiga olay?
Makarskaya. Baribir.
Vasenka. Unda ketma-ket hammasiga olaman! Kun bo‘yi kino ko‘ramiz! Yugurib chiqib ketadi.
Makarskaya. Bechora bolaning tomi ketib qolibdi.
Silva paydo bo‘ladi.
Silva. Salom, Natasha.
Makarskaya. Yaxshimisiz?
Silva. Xalaqit bermadimmi?
Makarskaya. Menimcha, yo‘q.
Silva. Mening ismim Semyon.
Makarskaya. Juda yaxshi. Ismimni qayoqdan bilasiz?
Silva. Men anchadan buyon sizni kuzatib yuribman.
Makarskaya. Nechuk? Shunday qilib, meni qayerda ko‘rgansiz?
Silva. Kechirasiz, buni aytolmayman.
Makarskaya. Sir, deng? Unday bo‘lsa o‘zim aytaman.
Silva. Qanaqasiga? Biz ilgari uchrashganmizmi?
Makarskaya. Siz qayerda ajrashgansizlar?
Silva. Nima-nima?
Makarskaya. Xotiningiz bilan qachon va qayerdagi sudda ajrashgansizlar, deyman.
Silva. Bu nima deganingiz?! Hecham-da! Men o‘zimning shaxsiy ishlarimga davlatni aralashtirmayman. Uning mendan boshqayam muammolari boshidan oshib yotibdi!
Makarskaya. Men sudda kotiba bo‘lib ishlayman. Biz o‘sha yerda uchrashmaganmizmi, mabodo?
Silva. Yo‘q! U yerda emas, mabodo!
Makarskaya. Menga dunyodagi hamma erkaklar bizning sudda ajrashgan bo‘lib tuyulaveradi. Qizig‘-a?
Silva. Yo‘q, boshqa narsa qiziq. Shunday ketvorgan qiz shunaqa kir ishda ishlab yurishi… Sizning uyingizmi?
Makarskaya. Ha.
Silva. Menimcha, yolg‘iz yashaysiz? Hayotimga aralashyapti demang-u, bilsak bo‘ladimi – sabab?
Makarskaya. Yolg‘iz yashashimning sababimi? Sababi yo‘q. Yoqadi – tamom! Yo, siz qarshimisiz?
Silva. E, yo‘g‘-e, Xudo saqlasin! Qaytanga yaxshi-ku, romantika!.. Judayam-judayam mehmoningiz bo‘lgim kelyapti.
Makarskaya. Nima sababga ko‘ra?
Silva. Nima, men sizga yoqmayapmanmi?
Makarskaya. Sizmi? (Bosh-oyoq kuzatib.) Yomonmas. Kelishgangina surbet ekansiz.
Silva. Bu gapingizga qo‘shilaman. Lekin surbetlar ham mehrga muhtoj.
Makarskaya. Dunyoning qoq yarmi kuyovlardan, teng yarmi surbetlardan iborat. Kuyovlar bilan zerikib o‘lasan, surbetlar bilan yig‘lab o‘tasan – o‘zing tanla!
Silva. Kechqurun bo‘shmisiz?
Makarskaya. Kinoga tushmoqchi edim.
Uyi tomon yuradi.
Silva (orqasidan ergashib). Kino yaxshi narsa, albatta. Shuni boshqa kunga qoldirishning iloji yo‘qmi?
Makarskaya (ostonada to‘xtab). Sabab?
Silva (ichkariga mo‘ralab). Qanaqa yashayotganingiz bilan tanishishga ruxsat eting.
Makarskaya. Marhamat. Aftidan, ruxsat bermasam ham kirib oladiganga o‘xshaysiz. Bezbetlarcha.
Silva. To‘ppa-to‘g‘ri!
Uning ketidan uyga kirib oladi. Nina bilan Busigin pod’ezddan chiqadilar. Nina plash kiyib olgan, qo‘lida sumkacha.
Busigin. Yo‘q-yo‘q, o‘zing ketaver. Yaxshisi, men dadam bilan ishxonasiga boraman. Glinka, Berliozlarni eshitib kelaman.
Nina. Senga maslahat bermasdim.
Busigin. Nega?
Nina. Hech qanaqangi Berlioz-merlioz yo‘q.
Busigin. Nega axir, dadam aytuvdilar-ku?
Nina. Dadajoningiz aytaveradilar. Hech qanaqangi filarmoniya-pilarmoniya ham yo‘q, bo‘shaganlariga yarim yil bo‘ldi.
Busigin. Rostdanmi?
Nina. Ha. Buni hisobga olib qo‘ysangiz zarar qilmaydi.
Busigin. Hozir qayerda ishlayaptilar?
Nina. Kinoteatrda ishlar edilar. Endi temir yo‘lchilar klubiga o‘tganlar. Raqs maydonchasida musiqa chaladilar.
Busigin. Shunaqami?
Nina. Lekin, bundan sizning xabardorligingizni dadam bilmasligi kerak.
Busigin. Tushunarli.
Nina. Bu, albatta, hammaga ma’lum narsa, faqat biz, Vasenka ikkalamiz, bilmaganga olamiz. Go‘yo haliyam simfonik orkestrda ishlayotganday… Bu bizning oilaviy sirimiz.
Busigin. Nimayam derdim, agar dadamga shunisi ma’qul bo‘lsa…
Nina. Men onamni eslolmayman. Yaqinda onamning dadamga yozgan xatlarini o‘qib qoldim, u dadam bilan o‘tkazgan damlarini “xushbaxt onlar” debdilar. Dadam haqida “yorug‘ inson” deb yozibdilar. “O‘zingizni ehtiyot qiling, yorug‘ligim” yoki “nurliginam” deb murojaat qilgan ekanlar. Bilasizmi, onam haq ekanlar… Ishlarida, desangiz, turli ko‘ngilsizliklar ro‘y beradi. O‘zlari yaxshigina sozanda, lekin ana shu iste’dodini himoya qila bilmaydilar. Shundanmi, kim bilsin, ko‘p ichadigan bo‘lib qoldilar. Shunday qilib, yaqinda shtat qisqartishga tushib, desangiz…
Busigin. Shoshma, o‘zim kuy bastalayman, deganday bo‘luvdilar?
Nina (istehzo bilan). Ha, bastalaydilar!
Busigin. Qanaqa musiqa?
Nina. Zo‘r, qiyomat musiqa! Kantatami-ey, oratoriyami-ey, ishqilib, ikkalasining o‘rtasidagi bir narsa-da! Nomiyam zo‘r: “Odam odamga do‘st!” Esimni taniganimdan buyon shu, bitta oratoriyani yozganlari-yozgan!
Busigin. Xo‘sh, tugay deb qolgandir?
Nina. Ha, endi bir varaqni tugatdilar!
Busigin. Bir varaq?
Nina. Yo‘q, bulturmidi, bir marta ikkinchi varaqqayam o‘tuvdilar! Ammo, yana birinchi varaqni qayta yozayaptilar!
Busigin. Ha, dadam bir ishni qilsa, vijdonan qiladilar.
Nina. Ha, nimasini aytasiz!
Busigin. Balki musiqa deganlari shunaqa yaratilsa kerak? Ayniqsa, oratoriya, a?
Nina. Dadamga o‘xshab fikr qilyapsiz… Baribir, afsuslanyapman.
Busigin. Nimaga?
Nina. Sizlarni tashlab ketish afsuslanarli. Hech narsani tushunmay qoldim: bu kunni shuncha vaqt kutdim, endi jo‘nashimga bir necha kun qolganda afsuslanib o‘tiribman… Vasenka bilan xayrlashish, siz bilan xayrlashish… Kuni kecha sizning bu dunyoda borligingizni ham bilmasdim… Menga qarang, akajon, shuncha vaqtdan beri qayoqlarda yuruvdingiz? Ertaroq kelsangiz bo‘lmasmidi?
Busigin. Lekin, men…
Nina. Ertaroq kelganingizda meni kinolarga olib tushardingiz, himoya qilib, kerakli paytda yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatar edingiz. Siz bo‘lsangiz, ataylab qilgandek, bugun kelib o‘tiribsiz. Ketadigan kunimda. Bu xiyonatday gap, men sizga aytsam…
Busigin. Nimayam qilardik… Xohlasang, qolishing mumkin. (Darrov gapini tuzatib.) Bir kunga qolishing mumkin, demoqchiydim…
Nina. Nima uchun?
Busigin. O‘zing aytding-ku, kino-pinoga tushib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatardim…
Nina. Siz ertaga ketasiz-ku.
Busigin. Men… haligi… qaytib kelaman.
Nina. Yo‘q, endi kech. Hammasi hal bo‘lgan.
Busigin. U bilan qayerda uchrashasizlar?
Nina. Odatdagiday, markazda. Kinoga tushamiz. Bu yerga soat sakkizlarda qaytamiz. Istasingiz birga borishingiz mumkin.
Busigin. Men nima qilaman u yerda, mastavaga qatiq bo‘lib? O‘sha uchuvching bilan, yaxshisi, kechqurun uyda tanishaman.
Nina. O‘ylaymanki, u bilan birpasda chiqishib ketasizlar. U yaxshi odam… Shuncha odamning ichidan bekorga uni tanlamaganman-da.
Busigin. Nega? Boshqalardan yaxshi bo‘lgani uchunmi?
Nina. U meni sevadi… Orqamda bir ishonchli odam bo‘lishini istayman. Suyansa bo‘ladigan, mustahkam. Hozir unaqasini topish qiyin. Aytadilar-ku, ishq boshqa, havas boshqa, deb.
Busigin. Tushunarli…
Uy tomondan Makarskayaning kulgan ovozi eshitiladi.
Baxtiyor ayolmi, deyman?
Nina. Nimasin aytasiz, ikki marta baxtiyor deyavering! Bitta-yarimtasini ilashtirib olsa shunaqa baxtiyor bo‘p ketadi.
Busigin. Bekorga u haqda yomon o‘yga boryapsan. U bama’ni ayol.
Nina. Siz uning bama’niligini qayoqdan bilasiz?
Busigin. Biz tanishmiz.
Nina. Darrov-a?
Busigin. Kecha sizlarning uyingizni qidiraturib gaplashib qoluvdik.
Nina. Qarang-a!
Busigin. U menga ma’qul bo‘ldi.
Nina. Ma’qul bo‘ldi?
Busigin. Ha. Nima bo‘pti?
Nina. U-ya?
Busigin. Nima qilibdi, yoqimtoygina ekan.
Nina. Yoqimtoy kampir!
Busigin. Mallagina ekan. Malla soch qizlarni yoqtiraman.
Nina. Sochi bo‘yalgan, afti bo‘yalgan!
Tag‘in Makarskayaning kulgisi eshitiladi.
Busigin. Quvnoqqina ekan. Quvnoq qizlar yoqadi menga.
Nina. Ko‘rgani ko‘zim yo‘q uni!
Busigin. Yolg‘iz ekan sho‘rlik. Yolg‘izlarga rahmim keladi.
Nina. Nafratlanaman undan!
Busigin (ataylab, uning asabiga tegish uchun). Chala qolgan suhbatimizni tugatib qo‘ya qolay…
Makarskayaning uyiga kirmoqchi bo‘ladi.
Nina. Yo‘q! Kira ko‘rmang!
Busigin. Menga qara, nima, rashk qilyapsanmi?
Nina (hayrat bilan). Nima?..
Busigin. Rashk qilayotganga o‘xshaysan.
Nina (qo‘rqib ketib). Rashk?.. (Dovdirab.) Haligi… Bo‘lmasam-chi, albatta rashk qilaman. Nima, singil akasini rashk qilmaydimi?
Busigin (beixtiyor). E, qanaqa aka-singil?.. (Gapini o‘nglab.) Ha-ya, aka-singilmiz-a? Albatta, singil akasini qizg‘anadi. Agar u… Agar u o‘z jigariday yaxshi ko‘rsa.
Nina (ikkilanib). Bo‘lmasam-chi…
Busigin. Bu jiddiy masala. Ba’zi musulmon mamlakatlarida, hatto pichoqvozlik bilan ham tugashi mumkin… Sen bora qol, kechikib yurma…
Nina (o‘ziga kelib). Ha-ya, borishim kerak… Ketdim… (Ketadi va qaytib keladi.) Menga qarang, o‘sha ba’zi mamlakatlarda singil o‘z akasini sevib qolishi mumkinmi?
Busigin. Yo‘q, mumkin emas.
Nina. Yo‘g‘-e?.. (Asabiy kulib.) Men ahmoq o‘ylovdimki…
Busigin (uning kulgisiga qo‘shilib). O‘ylashimcha, mumkin emas.
Nina (kulishda davom etib). Mumkin emasmi?
Busigin. Menimcha, taqiqlangan.
Nina (kulib). Afsus… (Kulishdan to‘xtab.) Hazilga ham usta ekansiz.
Busigin (kerilib). Nimasini aytasan.
Nina. Bo‘pti, men ketdim. Soat ikkilarda dadamni uyg‘otib qo‘yarsiz. Ovqat muzlatkichda, isitib yersizlar. Vasenkaga ko‘z-quloq bo‘lib turarsiz, qochib ketishi mumkin.
Busigin. Qochmaydi, u bilan kelishganmiz.
Nina. Esingizda bo‘lsin, dadamning ishongani, suyangan tog‘i sizsiz. Mayli… (Unga juda yaqin kelib.) Anovidan (Makarskayani nazarda tutib) uzoqroq yurganingiz ma’qul. Kelishdikmi?
Busigin. Kelishdik. Bo‘pti, yaxshi bor.
Nina. Mayli, yaxshi qoling, akaginam. (Ketadi.)
Busigin (qo‘l silkib, judayam sekin). Omadingni bersin, singilginam.
Ostonada Silva va Makarskaya paydo bo‘lishadi. Makarskaya kuladi. Busigin ularga ko‘rinmaydigan joyda turadi.
Silva. Shunday qilib, quyosh nurlari daraxt uchlarida jilvalangan bir paytda…
Makarskaya ( ostonada kulganicha). Yaxshi, juda yaxshi… Xayr…
Silva (ishchanlik bilan). Demak, soat o‘nda…
Makarskaya. Bo‘pti, bo‘pti… (Ichkaridan eshikni yopib qo‘yadi.)
Silva eshik soyabonidan tushar ekan, ko‘zi Busiginga tushadi.
Silva. Ha, mse Sarafanov! (Yaqin kelib.) Hayot buloq kabi qaynamoqda! (Makarskayaning uyi tomon iyak qoqib.) Eshitdingmi?
Busigin. Eshitdim.
Silva. Sening nega peshonang tirishib qopti? Nima bo‘ldi? Cholning o‘g‘limisan yo o‘gay qarindoshimisan?
Busigin. Senga bu yerdagi mehmondorchilik cho‘zilib ketganday tuyulmayaptimi?
Silva. Yo‘g‘-a, hammasi joyida. Menga bu yer yoqib qoldi. Bilishimcha, sening ham ishlaring yomon ketmayapti.
Busigin. Qanaqa ishlarim?
Silva. Ko‘ngil ishlari, deyapman.
Busigin. Hech qanaqangi ko‘ngil ishlari yo‘q!
Silva. Aldama, ko‘zim ko‘r emas-ku. Ikkovingning ko‘zlaringda qandaydir yovvoyi alanga ko‘rdim. Sizlarga qarab turib, odamning yig‘lagisi keladi.
Busigin. Qo‘ysang-chi, u turmushga chiqayapti.
Silva. Eshitdim, lekin…
Busigin (gapini bo‘lib). Erta-indin jo‘nab ketyapti. Ana senga alanga. Bu yerda yaxshigina mehmon bo‘ldik, endi izzatimizni bilaylik. Narsalarni yig‘ishtir, do‘konni bekitamiz!
Silva. Qayoqqa?
Busigin. Qayoqqa bo‘lardi, uyga-da.
Silva. Shoshma… Ie, soat o‘nda uchrashuvim bor-ku.
Busigin. Hech qanaqangi uchrashuv-puchrashuv bo‘lmaydi! Keraksiz joyga burningni tiqma! Bu ayolni deb Vasenka jinni bo‘lib yurganini ko‘rmayapsanmi?
Silva. Bunga mening nima aloqam bor?
Busigin. Jinni bo‘lma! Uchrashuvni kallangdan chiqarib tashla – tamom. Uyga ketamiz.
Silva. Bekor aytibsan. Men ko‘rishamiz deb lafz qilib qo‘yganman, ayol kishiga nomardlik qilmoqchi emasman.
Busigin. Nomardlik qilasan! Hozir borib xayrlashib kel. Borib ayt, “quyosh nurlar daraxt uchlarida jilvalangan bir paytda” sen bu yerdan uzoqlarda bo‘lasan.
Silva. Menga qara, sen yana nimalarni reja qilyapsan?.. Hozir ketib, tunda yana qaytib kelamizmi?
Butigin. Nimaga?
Silva. Shunaqami? Unda o‘zing ketaver, men esam…
Busigin. Birga ketamiz!
Silva. Menga qara, sen bir baloni rejalashtiryapsan, buni tushunaman. Lekin o‘sha “bir balo” nima? Bu men uchun qorong‘i. Yaxshimi shu? Do‘st degani bunaqa bo‘lmaydi.
Busigin. Yaxshi. Vaholanki biz do‘st ekanmiz, do‘stona taklifim: yur, ketamiz.
Silva. To‘g‘ri, do‘stlikka do‘stmiz. Lekin mening ustimga haddan oshiq yuk ortayapsan-da. Singling bilan gaplashish mumkin emas, begona bilan tanishish mumkinmas. Bu qanaqasi bo‘ldi? Nafas olish mumkinmi?
Busigin. Qisqasi, agar manavi eshikni (Makarskayaning eshigi tomon ishora qilib) yana bir marta taqillatsang, mendan ko‘radiganingni ko‘rasan. Oqibati juda yomon bo‘ladi. Tushundingmi? Endiyam qolaman, deysanmi?
Silva. Bo‘pti-bo‘pti, bitta ayolni deb ikkovimiz jiqqamusht bo‘lib o‘tirsak uyat bo‘lar. Mayli, ketamiz. Bilib qo‘y, bu ishni sendan qo‘rqqanimdan qilayotganim yo‘q, shunchaki do‘stligimiz hurmati qilyapman.
Busigin. Mayli-mayli…
Silva. Birpas shoshmay tur, ichkarida gitaram qolib ketibdi.
Busigin. Men ham kiraman.
Silva. Yo‘q, sen shu yerda kutib turganing yaxshi. Chol uyg‘onib qolsa, gap sotib, yana ikki soat qolib ketamiz.
Busigin. U uxlab yotibdi. Xat qoldiramiz unga.
Kutilmaganda Vasenka paydo bo‘ladi.
Silva. Ana, bo‘rini yo‘qlasang, qulog‘i ko‘rinarkan!
Vasenka. Ana, ovchini yo‘qlasang, qo‘ndog‘i ko‘rinarkan!
Busigin. Yo‘l po‘stak, og‘aynichalish?
Vasenka. Ishlaring bo‘lmasin, po‘stakboshlar!
Silva.O‘h-ho‘, zo‘r-ku!
Vasenka. Dadam uydamilar?
Busigin. Ha, uxlab yotibdilar.
Vasenka. Bu yerda nimaga ivirsib yuribsizlar?
Silva. Nega bo‘lardi. Sening akaginangning mehribonligi tutib qoldi, meniyam sudrayapti… Tomoqni ho‘llab olishga biron nima bo‘lsaydi.
Vasenka. Unda uyga boringlar. Oshxonaga kirib, isitgich batareyaning orqasida bir nima bo‘lishi kerak. Dadamning “qora kun”ga asrab qo‘ygan zahirasi.
Silva. E-e, biz unaqa narsalardan uzoq yuramiz.
Vasenka. Hali “qora kun” bilan “qora dori”ning farqiga bormaydigan galvarslar osh-qatiq bo‘lib yuribmanmi?!
Busigin (Vasenkaga). Bo‘pti-bo‘pti, ko‘p o‘zingdan ketaverma! (Silvaga) Sen boraver, men hozir…
Silva pod’ezdga kirib ketadi.
Xo‘sh, nima qildik endi?
Vasenka. O‘sha gap – gap. Hech qayerga ketmayman.
Busigin. To‘g‘ri qilasan. Men – boshqa gap, bormasam bo‘lmaydi. O‘zing tushunasan – imtihonlar… Meni uyaltirib qo‘ymaysanmi?
Vasenka. Qolaman, dedim-ku. Chin erkaklik so‘zim!
Busigin. Zo‘r yigitsan-da, lekin. Barakalla!
Vasenka. Qo‘ysangiz-chi. Siz bemalol ketavering.
Busigin. Xo‘p bo‘ladi, akasining ukasi!
Pod’ezdga kirib ketadi. U borib Makarskayaning eshigini qoqadi.
Ayol chiqib keladi.
Makarskaya. Bilet oldingmi?
Vasenka. Bo‘lmasam-chi! Qiyomat ur-yiqit bo‘p yotibdi. Arang oldim.
Makarskaya (boshdan-oyoq razm solib). Ko‘rinib turibdi. Tugmalaring qani?
Vasenka (cho‘ntagidan tugma chiqarib). Bittasi mana, ikkinchisi o‘sha yerda qolgan bo‘lsa kerak.
Makarskaya. Bo‘pti, shu bittasini bo‘lsayam qadab qo‘yaman. Men hozir… (Ichkariga kirib ketadi. Vasenka cho‘ntagidan xat chiqarib, yoqib yuboradi. Chiqib kelib) Nima qilyapsan?
Vasenka (quvnoqlik bilan). Hech nima. Bitta xatni yoqib tashladim.
Makarskaya. Kostyumingni ber.
(Ular bir muddat yonma-yon o‘tirishadi. Qiz tugma qadashga tutindi. Vasenka kutilmaganda qizning yelkasiga boshini qo‘yadi.)
Bu nima qilganing?
Vasenka. Bilmadim…
Makarskaya. Bo‘ldi, bo‘ldi… (Onalarcha g‘amxo‘rlik bilan uning boshini silab qo‘yadi.) Sho‘rlikkina… Qiynalib ketdingmi?
Vasenka. Meni kechir… Hozir o‘tib ketadi.
Makarskaya (tugmani tikib bo‘lib, kostyumni qaytarib beradi). Ma. Shu qadagan tugmam uzilib tushsa, ikkovimiz o‘rtamizdagi rishta ham uzilib tushadi. Shunaqa irim bor… Shoshma, biletni soat nechchiga olding?
Vasenka. Soat o‘ndagisiga, oxirgi seansga. Nimaydi?
Makarskaya. O‘ndagisiga?! Jinni bo‘ldingmi?
Vasenka. “Nechchidagisiga olay” desam, o‘zing “menga baribir” deding-ku.
Makarskaya. Vasenka! Soat o‘nda borolmayman, sirayam ilojim yo‘q!
Vasenka. Nega, axir, nega?
Makarskaya. Borolmayman, tamom – vassalom! Sen bilan kinoga tushushimni istasang, oyog‘ingni qo‘lingga olib yugur. Biletni boshqa vaqtga almashtirib kel.
Vasenka. Sababini aytmasang, turgan joyimdan bir qadam ham jilmayman. Negaligini bilishim kerak.
Makarskaya. Bilishing kerak? Nimani bilishing kerak? Sen o‘zi kim bo‘psanki, mening hayotimga burningni tiqasan? Menga unaqa o‘qrayib qarama.
Vasenka. Nima, bitta-yarimtasi bilan uchrashmoqchimisan?
Makarskaya. Topding – uchrashuvim bor, nima deysan?
Vasenka. Nega bunday qilyapsan?
Makarskaya. Nimani nima qilyapman? Ha-ya, sen biletga ketganingda bu yerda ba’zi narsalar o‘zgarib qoldi.
Vasenka. Nima o‘zgardi?
Makarskaya. Meni so‘roq qilishni yig‘ishtirasanmi-yo‘qmi?
Vasenka. Men savol berdim.
Makarskaya. Bir yigitni yoqtirib qoldim, gaping bormi?
Vasenka. U so‘loqmon shuncha paytdan beri qayoqlarda yurgan ekan?
Makarskaya. Ey, Xudoyim! Shunaqa jonimga tegib ketdingki!..
Vasenka. Shunaqa ekan, nimaga meni biletga jo‘natding, qonxo‘r?
Makarskaya. Rahmim keldi. Senga ham, dadangga ham.
Vasenka. Dadamga? Dadamning nima aloqasi bor bunga?
Makarskaya. Aloqasi shundaki, dadang kecha kechqurun biznikiga sendan sovchi bo‘lib keldi.
Vasenka. Yolg‘on! Bunday bo‘lishi mumkin emas!
Makarskaya. Otasi nima, bolasi nima – hammasi bir go‘r! Manavi so‘takdan sovchi bo‘lib kelibdi!
Vasenka (qizning qo‘lidan qattiq tutib). Dadamga til tekkizma! Yo‘qsa, o‘ldiraman seni!..
Makarskaya. Kim, senmi? Ja qo‘rqib ketdim! Tovuqniyam so‘ya olmaydi-yu, odam o‘ldirarmish! (Bir siltab qo‘lini ozod qiladi.) Tamom, kontsert tugadi! Kaltak yemasingdan bir jo‘nab qol-chi, jo‘jaxo‘roz! (Ichkariga kirib, uning naq burni oldida eshikni qarsillatib yopadi.)
Pod’ezddan Busigin va qo‘lida gitarasi bilan Silva chiqadi. Vasenka ularning ko‘z o‘ngida Makarskaya qadab bergan tugmani uzib olib, yerga uloqtiradi.
Busigin. Vasenka, nima bo‘ldi?
Vasenka jahldan gezarib turardi.
Busigin. Kim xafa qildi? (Makarskayaning uyi tomon ishora qilib) Umi?
Silva (Vasenkaga). Bir maslahat-da, qariya. Men sening o‘rningda bo‘lsam, aytaymi nima qilardim? Qo‘limni yuvib, qo‘ltiqqa urardim! Vaqtincha, albatta. O‘zing o‘yla, sen joningni jabborga berib uni sevasan, kechalari uxlamaysan, u bo‘lsa shunchaki boshingni aylantirib yuribdi. Bir-ikki oy sevmay qo‘y, ko‘ramiz uning holini!
Busigin. Bas qil, nimalar deb aljirayapsan.
(Vasenka kutilmaganda pod’ezdga yugurib kirib ketadi.)
Nima qilib qo‘yding, ahmoq?
Silva. Senga nima bo‘ldi, isitmang yo‘qmi? Menga qara, u senga kim bo‘ladi o‘zi? Chindan ham ukangmi? Yetti yot begonasan-ku, axir!
Busigin. Eh, jin ursin! Nima qilish kerak?..
Silva. Bu yerdan iloji boricha tezroq juftakni rostlash kerak!
Sarafanov paydo bo‘ladi.
(Sekin.) Ana, uyg‘onibdi… Ivirsishning oqibati bu!..
Sarafanov. Volodya.
Busigin. Labbay, dada.
Sarafanov (yolvorganday). U narsalarini yig‘ishtiryapti!..
Pod’ezdga kirib ketadi.
Silva. Yur, vaqt g‘animatda quyon bo‘laylik.
Busigin (chorasiz). Yo‘q, men qolaman.
Silva. Assalomu alaykum. (Gitarasini chalib qo‘yadi.)
Busigin (tushkun kayfiyatda). Vaalaykum…
Ikkinchi ko‘rinish
Sarafanovning uyi. Kechqurungi soat o‘n. Busigin narigi xonaga kiriladigan eshik yonida turibdi. Silva divanda cho‘zilganicha gitara chalib, allaqanday qo‘shiqni xirgoyi qilyapti.
Busigin. Yig‘ishtir!
Silva. Menimcha, u tushining yettinchi seriyasini ko‘ryapti-yov.
Busigin. Yo‘q, uxlamayapti. Shunchaki shiftga qarab yotibdi. (Soatga qarab qo‘yib.) Soat ham olti bo‘lyapti.
Silva. Balki o‘lib qolgandir?
Busigin (eshikdan mo‘ralab). Ko‘zing g‘ilaymi, nima balo? (Eshikni ohista yopib qo‘yib.)
Silva. Menga qara, senga singling yoqadi, a?
Busigin. Xo‘sh?
Silva. Bir narsani tushunmayapman, singlingni sevsang, unda Vasenkaga sen kim bo‘lasan? Pochchami?
Busigin (o‘ylanib). Demak, shunaqa bo‘lib chiqadi…
Silva. Bu senga g‘alati tuyulmayaptimi? Men sening o‘rningda bo‘lsam, singlim bilan yaxshilab gaplashib, munosabatlarga aniqlik kiritib olardim.
Busigin. Ishing bo‘lmasin. (G‘ijimlab tashlangan kino biletini olib.) Balki kinoga borarmiz? Mana, tayyor bilet. Vasenka tashlab yuboribdi.
Silva (biletni olib). Yaxshi, o‘ylab ko‘raman… Bu uyda nimalar yo‘q deysan. (Tryumoning ustidagi suratlar solingan albomni varaqlab.) Qara, bir paytlar dadang ham yosh bo‘lgan ekan. (Albomni varaqlashda davom etib.) Mana, singiljoningning yoshligi. Qarasang-chi!
Busigin. Ko‘rdim.
Silva (ko‘rsatib). Bunisi-chi? Maktabni bitirish kechasi… Ko‘chada sayr… (Varaqlab.) O-o, sohil bo‘yi!.. Mana, eng qizig‘i – cho‘milish kiyimida! Ko‘rdingmi?
Busigin. Afsuski, ko‘rdim…
Silva. Bir kuni plyajda yursam, bitta ofatijon cho‘kayotganini ko‘rib qoldim. Darrov o‘zimni suvga tashlab, chiqarib oldim.
Busigin (parishonxotirlik bilan). Keyin-chi?..
Silva. Suvdan chiqarib qarasam, hech qanaqangi ofatijon emas ekan! Oddiygina qiz. Menga (suratga barmog‘ini nuqtab) manavinaqasi bo‘lsaydi, qo‘shilib cho‘kib ketishga ham rozi edim!
Busigin. Menga qara, sen o‘sha kinoyingga borsang-chi, a? Turqingni ko‘rmas edim. (Shu payt eshik taqillab qoladi.) Kiravering, eshik ochiq!
Qo‘lida guldasta va ikki shisha shampan vinosi bilan aviatsiya bilim yurtining kursanti Kudimov kirib keladi.
Kudimov. Salom.
Busigin. Salom.
Kudimov. Bu Sarafanovning xonadonimi?
Busigin. Ha.
Kudimov. Hali Nina kelmadimi?
Busigin. Yo‘q…
Kudimov (stolga yaqinlashib). Ha, jin ursin! Shoshayotgan edim-ku!.. (Shishalarni stolga qo‘yadi.) Gastronomda bir-birimizni yo‘qotib qo‘ydik. (Servantdan qadahlarni oladi.)
Busigin (xushmuomilalik bilan). Bu yerga birinchi kelishingizmi?
Kudimov (gullarni vazaga qo‘yib). Topdingiz, birinchi marta.
Busigin. Bu yerga… birinchi marta kelganga o‘xshamaysiz.
Kudimov. Albatta-da! Tanish joylar… (Tabassum qilib. Yuzida tabassum qotib qolganday doim jilmayib yuradi.) Shunday qilib, bolalar, tanishamizmi?
Busigin. Tanishamiz.
Ular qo‘l berib tanishadilar.
Kudimov. Mixail.
Busigin. Vladimir.
Kudimov. E-ha, bu senmiding? Eshitganman, eshitganman… Xursandman.
Busigin. Men ham xursandman.
Kudimov (Silvaga). Mixail.
Silva (rasmiyroq). Sevostyanov Semyon Paramonovich.
Kudimov. Paramonovich? Kulgili ekan.
Silva. Nimasi kulgili? Familiyadaqa familiya.
Kudimov. O‘zingiz ham qiziqchi ekansiz! (Uning yelkasiga qoqib qo‘yadi.)
Silva (sovuq).Siz esa qip-qizil rasmiyatchi ekansiz!
Kudimov. E, qo‘ysang-chi!.. (Bilagidagi soatga qarab qo‘yadi.) Jin ursin, men soat o‘n yarimda kazarmada bo‘lishim kerak-ku. Xo‘sh, yigitlar, tanishganimizni nishonlayveramizmi yo Ninani kutamizmi?
Silva. Menimcha, boshlayverganimiz durust.
Kudimov. Dadamiz qayerdalar?
Busigin. “Dadamiz” deganda sen kimni nazarda tutyapsan?
Kudimov. “Kimni” deganing nimasi? Albatta, Nina bilan sening dadangni-da.
Busigin. Notanish odamni to‘satdan “dada” deganing meni biroz hay-ron qoldiryapti. Mayli… Darvoqe, (ta’kidlab) dadamiz ishda edilar!
Silva. Siz o‘tirib olsangiz bo‘lardi.
Kudimov. Jin ursin, sen meni nega hadeb “siz”laysan?
Silva. Jin ursin, siz bizni nega hadeb “sen”laysiz? Bu do‘stimiz ikkovimizga yoqmayapti.
Kudimov (quvnoqlik bilan). Yigitlar, yaxshisi, rasmiyatchilikni yig‘ishtiraylik. Bu narsa armiyada (barmog‘ini bo‘g‘ziga olib borib) mana bu yerimga kelgan. Oddiy bo‘lganga nima yetsin. Kelinglar, shuning uchun ichamiz!
Kudimov bilan Silva ichishadi.
Silva (Busiginga). Askar askar-da – o‘zgartirib bo‘lmaydi. (Divanga o‘tiradi, Kudimovni ham o‘tirishga taklif qiladi.) Marhamat qiling.
Kudimov. Yanami?! Menga qara, bu yer parlament emas!
Silva. Nega endi, judayam parlament-da! (Gitarani olib qandaydir kuyni xirgoyi qiladi.) Qiziq-da, sizning uylanishingizga qo‘mondonlik qanaqa qarar ekan?
Busigin (Silvaga). Qo‘ysang-chi.
Kudimov. Qanday qarardi, men shu yil o‘qishni tugataman. Keyin ixtiyorim o‘z qo‘limda bo‘ladi.
Silva. Juda qiziq…
Busigin. Jim bo‘l, dedim!
Kudimov. Qo‘yaver, menga masxarabozlar yoqadi.
Nina kiradi.
Nina (Kudimovga). E-ha, shu yerdamiding? (Qolganlarga) Salom. Tanishib oldilaringmi?
Kudimov. Yaxshi yigitlar ekan, birpasda chiqishib ketdik. Xo‘sh, ichamizmi? (Soatiga qarab olib.) Vaqtdan unumli foydalanib qolish kerak.
Silva. Manavi boshqa gap.
Nina. Shoshmanglar, dadamni kutmaymizmi?
Kudimov. Kutamiz-u, lekin mening faqat yarim soatgina vaqtim bor.
Silva. Shuyam hayot bo‘ldi-yu!.. Hammasi o‘lchab qo‘yilgan. Sal chetga chiqsang, tamom – gubax, tribunal! Turgan-bitgani azobdir?
Kudimov. Men o‘rganib ketganman.
Busigin. Sizlarda kechikkanlarga qanday jazo beriladi?
Kudimov. Bilmadim. Kechikib ko‘rganim yo‘q.
Busigin. O‘zim ham shunaqa bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim.
Nina. Bugun bir martagina kechiksang hech nima qilmas?
Kudimov. Kechikib nima qilaman? Biron ehtiyoj bormi?
Busigin. To‘g‘ri, kechikishiga sabab ham, ehtiyoj ham yo‘q.
Nina (Kudimovga). Bugun sen ozgina ushlanib qolasan. Harbiy bilim yurtingdagilar ushlanib qolish bilan kechikishning farqiga borishar?
Kudimov. Yo‘q, baribir bormasam bo‘lmaydi.
Nina. Sal kechroq borsang, oxir zamon bo‘p ketmas?
Kudimov. Jiddiyroq sabab bo‘lsa – boshqa gap, lekin bekordan-bekor kechikishda men biron ma’no ko‘rmayapman.
Busigin. To‘g‘ri qilasan, kursant, har xil provokatsiyalarga uchma! Armiyada intizom mustahkam bo‘lmasa, u armiya emas!
Kudimov. Gap undamas. Men o‘zimga hech qachon kechikmayman, deb so‘z berganman.
Nina. Bugun va’dangni buzasan – men shuni xohlayman!
Busigin. Uning gapiga parvo qilma, kursant. Muhimi – intizom!
Sarafanov paydo bo‘ladi. U charchagan bo‘lsa ham ruhi tetik.
Sarafanov. Salom, shovvozlar! (Kudimovni payqab) Kechirasiz…
Nina. Dada, tanishing…
Kudimov (qo‘l berib). Kudimov Mixail.
Sarafanov (viqor bilan, artistona). Sarafanov. Xo‘sh deganingizdan bilsak… juda xursandman… Va, nihoyat, sizni ko‘rish sharafiga muyassar bo‘ldik… Marhamat, o‘tiring. (Busiginga) Vasenka uydami?
Busigin. Ha, lekin shashti pastroq.
Sarafanov shlyapasini stolga tashlaydi. Plashini yechmasdan stulga o‘tiradi. Nina uning shlyapasini dahlizga olib chiqib ketadi.
Sarafanov (Kudimovga). Mening to‘ng‘ichim. Tanishgandirsizlar?
Kudimov. Ha. Tanishib oldik.
Nina qaytib keladi.
Sarafanov (Nina va Kudimovga). Endi yoshlarga nima deymiz?.. Sizlar hammasini yaxshilab o‘ylab, bir qarorga kelgansizlar, deb umid qilamiz. Vaholanki, ahdlaring qat’iy ekan, biz rozilik bermay ilojimiz yo‘q.
Kudimov (hammaga shampanskiy quyib). Ruxsatingiz bilan, siz uchun va tanishganimiz uchun ichsak.
Barcha o‘rnidan turadi.
Sarafanov. Men xursandman. Yo‘g‘-e, biz xursandmiz!.. Nima deding, Volodya?
Nina.(Busiginga). To‘g‘risini ayting, rostdan ham xursandmisiz?
Busigin. Sizning sog‘ligingiz uchun, dada.
Kudimov. Sizning sog‘ligingiz uchun.
Silva. Sog‘ligingiz uchun.
Sarafanov. Rahmat, azizlarim, rahmat… Lekin men boshqa narsa haqida gapirmoqchiman. Kechirasizlar, o‘tirib gapira qolaman… Bugun charchadim. Judayam charchadim, xuddi bir vagon yuk tushirganday horidim… Bilsanglar, Glinka klarnetni yoqtirgan va o‘z asarlarining juda ko‘p joylarida undan unumli foydalangan.
Sarafanov gapirayotgan vaqtda Kudimov uning yuziga diqqat bilan tikiladi.
Xo‘-o‘sh… Shunday qilib, bugun men uyga qaytayotib shunday mulohaza qildim. Kim nima desa desin-u, lekin hayot hammamizdan ko‘ra donoroq, aqlliroq. Ha-ha, hayot biz o‘ylaganimizdan ko‘ra adolatli va ezgulikka boydir. Biz qahramon deb o‘ylagan shaxs chindan-da qahramonmi? Nima uchun qahramon? Balki kamtarona mehnat qilib, bola-chaqasiga haloldan yedirgan odam qahramondir? Halollikda fazilat ko‘p, bolalarim. Bugun men bolalarim uchun, ularning halol odamlar bo‘lib yetishishi uchun ichmoqchiman. (Kudimovning o‘ziga diqqat bilan tikilib turganidan xijolat bo‘lib.) Menga qarang, kechirasiz-u, siz nimaga bunday tikilib qoldingiz menga?
Kudimov. Kechirasiz-u, sizni allaqayerda ko‘rgandayman. Yuzingiz juda-juda tanish. Ammo qayerda, qachon ko‘rganimni eslolmayapman.
Sarafanov (qandaydir xavotirda). Bo‘lishi mumkin… Shunday qilib, men bolalarim uchun qadah ko‘tarmoqchiman, sen uchun, Volodya… (Ninaga.) Sen va Vasenka uchun ham… (Kudimovga) Vasenka – mening kenjatoyim, u hozir dam olyapti. Bolalarim, sizlarning baxtlaringni ko‘rish bizga ham nasib etsin!
Busigindan boshqa hamma qadahlarini bo‘shatishadi.
Busigin. Sizning sog‘ligingiz uchun, dada! (Ichadi.)
Kudimov (Sarafanovning yuziga sinchkovlik bilan qarab). Sizni qayerdadir ko‘rganman-da. Aniq ko‘rganman.
Nina. Ko‘rgan bo‘lsang ko‘rgandirsan, nima bo‘pti shunga?
Kudimov. Lekin, qayerda, a?
Nina. Qayerda ko‘rgan bo‘lsang ham baribir emasmi?
Kudimov. Qayerda ko‘rganimni eslagunimcha shunaqa qiynalib yuraman. Eslasam, keyin tinchlanaman. Bolaligimdan shunaqa odatim bor. Qayerda ko‘rgan bo‘lishim mumkin, qayerda?..
Sarafanov (xavotirda). Men artistman. Estrada sahnasida ko‘rgan bo‘lishing mumkin.
Nina. Dadam musiqachilar, sen buni bilishing kerak edi.
Sarafanov (umidvor). Filarmoniyada ko‘rgandirsiz?
Kudimov. Yo‘q-yo‘q…
Sarafanov (shoshib). Demak, teatrda ko‘rgansiz.
Kudimov. Yo‘q, teatrda ham emas…
Nina. Ey, Xudoyim-ey, nima farqi bor qayerda ko‘rganingni – tog‘dami, bog‘dami!
Kudimov. Hozir, hozir, bir daqiqa…
Busigin (Kudimovga). Sen kechga qolmaysanmi? O‘n sakkiz daqiqa qoldi.
Kudimov. Rahmat, eslatganing uchun… Qayerda edi-ya?..
Nina. E, bo‘ldi qilgin! Bunaqada umringning oxirigacha ham eslolmaysiz!
Kudimov. Umrning oxiri… O‘lim… Esladim!
Silva. Hayriyat-ey.
Kudimov. Ko‘chada ko‘rgan ekanman!
Nina. E, Xudoga shukr-e, endi tinchlangandirsan?
Kudimov. Albatta-da! Sen “umringizning oxirgacha” deding, umrning oxiri nima? O‘lim.(Sarafanovga.) Sizni dafn marosimida ko‘ruvdim.
Noqulay sukut.
Nina. Qanaqa dafn marosimi?
Kudimov. Jin ursin, qanday qilib unutdim ekan-a?! O‘tgan haftada, qo‘lingizda anavi klarnet ham bor edi!
Nina. Boshqa birovga o‘xshatgandirsan.
Kudimov. Yo‘q, aniq ko‘rdim. Bitta haydovchining dafn marosimi ekan. Komintern ko‘chasi, kunduz soat to‘rtlarda…
Nina. Birovga o‘xshatgansan, deyapman!
Kudimov. Yo‘q, Nina, bir zumgina ko‘zim tushgan bo‘lsa ham yaxshi eslab qoldim. Bolaligimdan xotiram yaxshi.
Busigin. Bu safar xotirang pand beribdi. Kim bilandir adashtirib o‘tiribsan.
Kudimov. Hecham-da! (Sarafanovga) Axir, siz manavi plashda, haligi shlyapada edingiz-ku!..
Sarafanov. Nima desam bo‘ladi…
Busigin. Ko‘zingga ko‘ringan – o‘zingni o‘qitvor!
Kudimov. E, aniq ko‘rdim, deyapman! (Sarafanovga) Bularga o‘zingiz ayting.
Busigin. Aytmang, dada. (Kudimovga) Sen bir narsani tushungin, og‘ayni, ko‘zingga ko‘ringan, deyapman! Tushunmayapsanmi yo tushunging kelmayaptimi?
Kudimov. Qasam ichaymi?
Busigin. Yaxshisi, shampan ich! O‘sha kuni ham ichib olgandirsan. Bilsang, ichgan odamning ko‘ziga gohida u-bu narsa ko‘rinib turadi!
Kudimov. Ichganim yo‘g‘-e!
Busigin. Kim bilandir adashtirganingni o‘zing ham bilib turibsan. Lekin tan olging kelmayapti. Demak, yolg‘on gapiryapsan. Demak, yolg‘onchi-firibgarsan!
Kudimov (sakrab turib). Og‘zingga qarab gapir! Bu gaping uchun basharangga yaxshilab tushirib qolishim mumkin!
Silva (Kudimovning kamaridan kishi bilmas tortib, o‘tqazib qo‘yadi). O‘tiring, bo‘talog‘im!..
Busigin (o‘rnidan turib). Buning ustiga, kazarmangga borishing kerak, kech qolyapsan. O‘n uch daqiqa vaqting qoldi.
Nina. Bas qilinglar! Hoziroq bas qilinglar!
Sarafanov. To‘g‘ri, yigitlar. Janjalning nima keragi bor…
Kudimov. Men janjal qilayotganim yo‘q, mabodo gapim (Busigin tomonga qarab) ba’zilarga yoqmayotgan ekan, bu yerdan qorasini o‘chirishi mumkin, qarshilik yo‘q!
Sarafanov. “Ba’zilar” deganingiz nimasi? Bu mening o‘g‘lim va Ninaning akasi bo‘ladi. Shuning uchun og‘zingizga qarabroq gapirsangiz bo‘lardi!
Kudimov. Siz-chi? Siz nega dafn marosimlarida mashshoqlik qilishingizni bekitib yuribsiz? Nega mardlarcha tan olib qo‘ya qolmaysiz?
Sarafanov. To‘g‘ri, tan olishim kerakki… Mixail haq, bolalarim… Men dafn marosimlarida hamda raqs maydonchalarida chalaman.
Kudimov. E, xayriyat-e! Boshidanoq tan olganingizda shuncha gap-so‘z, janjal yo‘q edi!
Sarafanov (Busigin va Ninaga). Sizlarni to‘g‘ri tushunaman… Rahmat sizlarga… Lekin men dafn marosimlarida musiqa chalish unchalik ham katta jinoyat deb o‘ylamayman.
Kudimov. Kim shunaqa deb o‘ylayapti?
Sarafanov. Mehnatning aybi yo‘q.
Kudimov. Yo‘q, men bu gapni kasbingizni yoqtirmaganim sabab aytganim yo‘q. Sizning qayerda xizmat qilishingiz men uchun mutlaqo ahamiyatsiz.
Busigin. Sen uchun ahamiyatsiz.
Sarafanov. Rahmat, o‘g‘lim… Sizlarning oldingizda tan olib aytishim kerakki, filarmoniyada ishdan ketganimga olti oy bo‘ldi…
Nina. Qo‘ying, dada…
Kudimov (Nina va Busiginga). Nima, sizlar buni bilmasmidinglar?
Sarafanov. Bilishmasdi. Yashirgandim… Endi bilsam, bekor qilgan ekanman… Mendan daho musiqachi chiqmadi, taqdirga tan bermoqdan boshqa ilojim yo‘q…
Kudimov. Xo‘p, mayli, achchiq bo‘lsa ham haqiqat yaxshi, deyishgan.
Busigin (Kudimovga soatini ko‘rsatib). O‘n daqiqa qoldi, oshna. (Sarafanovga) Parvo qilmang, dada. Odamlarga yomon kunlarda ham, yaxshi kunlarda ham musiqa kerak. Chinakam musiqachi dafn marosimi va raqs maydonchasida chalmay qayerda chalsin? Siz nihoyatda kerakli ish qilyapsiz, dada.
Sarafanov. Baraka top, bolam… (Kudimovga, faxr bilan) Ko‘rdingizmi? Qani, ayting-chi, bunaqa farzandlari bor odam qanday qilib omadsiz bo‘lishi mumkin?
Shu payt qo‘shni xonadan yelkasida lash-lushlari solingan safarxalta bilan Vasenka chiqib keladi.
Vasenka. Eh-he, jamoat jam – faqat biz kam! Nimaga jim bo‘lib qoldilaring? Oilaviy plenumni davom qilaveringlar.
Sarafanov. Vasenka, sen biroz bemavrid chiqib qolding…
Vasenka. Yo‘q, dadajonim, bu safar meni to‘xtatib qololmaysiz!
Busigin (safarxaltasini olmoqchi bo‘lib unga yaqinlashadi). Menga qara, ukaginam, shoshmaganing ma’qulmi, deb o‘ylayapman.
Nina (Vasenkaning oldiga kelib). Yechin! (Uning plashini yechmoqchi bo‘ladi.)
Vasenka (Ninaga). Tegma menga! (Undan qutulmoqchi bo‘lib.) Nima kerak o‘zi senga? Nima yetishmayapti? Dadamga ishonaver, u yaxshi musiqachigina emas, quling o‘rgulsin sovchi ham ekan! Ersiz qolmaysan!..
Sarafanov. Vasenka!
Vasenka. Kecha kechasi kim unikiga borsin dedi?! Birov sizdan iltimos qildimi?
Sarafanov. Vasenka, men senga yaxshi bo‘lsin, devdim.
Vasenka. Jinnimisiz, dada! Uning oldida obro‘yimni bir tiyin qildingiz-ku!
Nina (baqirib). Jim bo‘linglar!
Silva (soatiga qarab qo‘yib). Endi tursam ham bo‘lar… Izzatim bitganga o‘xshaydi… Toza havoda aylanib kelay… Kinoga bilet olib qo‘yuvdim, qarshilar yo‘qdir? (Chiqib ketadi.)
Nina. Ha, kontsert tugadimi? Yo, boshidan boshlaymizmi?
Vasenka. Xayr! (Eshik tomon yo‘naladi).
Sarafanov. To‘xta! (Busigin Vasenkani to‘xtab turadi.) Shoshma. Men sendan kechirim so‘rashga tayyorman, lekin ketishingga izn bermayman.
Busigin (Vasenkaga). Axir, sen bilan kelishuvdik-ku, og‘ayni?
Vasenka (Busiginning changalidan chiqishga urinib). Qo‘yvor! Agar istasang dadang bilan sen qolishing mumkin! Hammang jonimga tegib ketdilaring! (Busiginga) Sen ham! Qo‘yvor, deyapman! Sizlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q!
Sarafanov (jahl bilan). Mayli, qo‘yvor uni! Ketmoqchimi, oq yo‘l! Uni hech kim kuch bilan ushlab turmoqchi emas! (Busigin Vasenkani qo‘yib yuboradi. U shu zahoti chiqib ketadi.) Hechqisi yo‘q. Bir yolg‘izlik azobini tatib ko‘rsin, mulla mingan eshakday muloyim tortib qoladi.
Nina (Sarafanovga). Siz ham yaxshisiz! Oilamizni tor-mor qilishingiz yetmay turuvdi!
Sarafanov (u yoqdan-bu yoqqa yurib). Ana, sen boshla endi! Erga navbat – sherga navbat! Bular otasini shunaqa hurmat qilishadi! Ota – bir tiyin, aka – bir tiyin!
Nina. Boshlandi! (Kudimovga.) Hozir orkestr bilan klarnet uchun kontsert eshitasan!
Kudimov. Hechqisi yo‘q, men e’tibor qilmayman…
Sarafanov. To‘ppa-to‘g‘ri! E’tibor qilmaysiz! Tupurasiz!.. (Yugurib yotoqxonaga kirib ketadi.)
Busigin (Kudimovga, shivirlab). Kursant, juftakni rostlash payti bo‘ldi…
Nina (Busiginga, baqirib). Bas qil! Nega kerak-kerak emas joyga burningizni tiqaverasiz?
Kudimov. Yo‘q, to‘g‘risi ham, men ketishim kerak.
Nina. Yo‘q, ketmaysan! Bu yerda hech qursa bittagina sog‘lom fikr qiladigan odam bo‘lishi kerak-ku!
Sarafanovning ovozi (baqirib). Men bu uyda ortiqchaman! Keragim yo‘q mening!
Nina. Dada, jim bo‘ling.
Kudimov. Ming afsusdaman, lekin men bormasam bo‘lmaydi.
Nina. Yo‘q, ketmaysan!
Kudimov. Meni to‘g‘ri tushun. Sening injiqliging deb men ahdimni buzolmayman! Axir, o‘zimga-o‘zim so‘z berganman.
Nina (kutilmaganda quruq ohangda). Mayli. Bora qol. Ahding buzilib qolmasin…
Kudimov. Yaxshi. Ertaga ko‘rishamiz.
Chiqib ketadi.Nina uning ketidan kuzatib chiqadi.
Sarafanov (chiqib). Qayoqqa ketishdi, qilar ishni qilib qo‘yib? Men bu uyda ortiqchaman! Men eski chelakman – tashlab yuborsa ham bo‘laveradi! Bularni hozirgina maqtab o‘tiruvdim. Ishongan tog‘da kiyik yotmas! Ustozim aytuvdi-ya, ko‘ngli bo‘shliging bir kuni boshingga yetadi, deb…
(Nina qaytib kelib, ostonada turib qoladi.)
Ha, men tuz ichib tuzlig‘iga tupiradigan xudbinlarni tarbiyalagan ekanman! Bag‘ritosh va xudbin!
Busigin. Tinchlaning, dada. Menimcha, siz nohaqsiz.
Sarafanov. Yo‘q-yo‘q, sen ularning yonini olma. Bolalarimni boqdim, o‘stirdim, (alamli) endi ma’lum bo‘ldiki, kerak emas ekanman… Endi ozod qushman! Qariganimda – to‘rt tomonim qibla!
Busigin. Siz yolg‘iz emassiz, dada. Agar rozilik bersangiz, siz bilan yashayman.
Sukut. Nina boshini ko‘taradi.
Sarafanov. Sen… qolaman, deysanmi?..
Busigin. Ha. Mabodo, yolg‘iz qoladigan bo‘lsangiz, ko‘chib kelaman. Bu shaharda ham medinstitut bordir.
Sarafanov (ta’sirlanib). O‘g‘lim… Bormisan, bolam, ja vaqtida topilding-da!.. Baxtimdan o‘rgilay!.. Sen bo‘lmaganingda nima qilardim-a?
Busigin. Dada, ozgina dam oling, bugun haddan ortiq asabiylashdingiz. Yuring, picha yotib oling, hammasi o‘tib ketadi. (Sarafanovni yotoqxonaga olib kirib ketadi. Birozdan so‘ng qaytib chiqadi.)
Nina. Sen chindan ham shu yerda qolmoqchimisan?
Busigin. Boshqa ilojim yo‘q. Dadamni yolg‘izlatib qo‘ya olmayman-ku. (Ninaga yaqinlashib.) O‘sha kursantni deb kayfiyating buzildi, a?
Nina. Keraksiz joyga burningni tiqma deb, hali aytuvdim.
Busigin. Men nima qildim?
Nina. Uni dadamning oldida bir tiyin qilding!
Busigin. O‘shaning menga boshidan yoqmadi.
Nina. Yoqmadimish! Unga erga tegadidan senmi yo menmi? Senga nima kerak o‘zi? (Biroz sukut saqlab.) Ha, senga o‘xshagan aqlli emas, anovi do‘stingga o‘xshagan chiroyli emas. Nima bo‘pti?
Busigin. Yo‘q, ja unchalik yomon yigitmas…
Nina. Unda gap nimada?
Busigin. Uni yoqtirmaganimga sabab seni yoqtirishim.
Nina. Nima?! Shuning uchun janjal chiqardingmi?
Busigin. Bo‘lishi mumkin.
Nina. Jinni bo‘p qopsan! Shu paytgacha dadamning o‘g‘li ekaningga shubha qilib turuvdim, endi yuz foiz ishondim – bu uyda hamma jinni! Bir tuking kammas!
Busigin. Tinchlan. (Uning yoniga o‘tirib, yelkasiga qo‘lini tashlab ovutadi.) Kursanting yaxshi yigit, o‘zingni bos.
Nina. Agar men uni sevsam, usiz yasholmasam-chi? Unda nima qilasan?
Busigin. Unda hammasi joyida, u seni kelishilgan joyda kutadi. Unga turmushga chiqasan va Saxalinga ketasizlar.
Nina (kutilmagan xotirjamlik bilan). Hech qayerga ketmayman.
Busigin. Nega?
Nina. Shunday. To‘g‘ri aytasan, dadamni yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Buni men endi tushunib yetdim. Yana shu narsani tushundimki, men dadamga o‘xshar ekanman. Meni dadam tuqqan bo‘lsalar kerak. Fe’l-atvorimiz bir xil. Saxalinda balo bormi?
Busigin. Bunga kursanting nima der ekan?
Nina. Bilmayman… Hech nima bilmayman… Balki meni tushunar, yo bir o‘zi jo‘nab ketar. Ko‘rishganimizda hammasi hal bo‘ladi. Hozir esa menga bu muhimmasday tuyulyapti.
Busigin. Xafa bo‘lma. Senday qiz daraxtni bir silkitsa yigit yog‘iladi.
Nina (xo‘rsinib qo‘yib). Hechqisi yo‘q… Mana, sen yordam qilasan.
Busigin. E, yo‘q, endi men yig‘ishtiraman… Sen qolsang, ko‘nglim xotirjam bo‘lib, men ketaman.
Nina. Assalomu alaykum! Qayoqqa ketasan, nimaga ketasan? Shoshma, nimani yig‘ishtirasan?
Busigin. Nimani?.. Nega desang… Nega desang, men ahmoq, o‘zim pishirgan oshni qanday qilib ichishning yo‘lini topolmayapman.
Nina. Qanaqa yo‘l, qanaqa osh? Ilgari ham shunaqamiding yo bu yerdagi jinnilarga qo‘shilib sen ham jinni bo‘p qoldingmi?
Busigin (jilmayib). Shunaqa, shekilli…
Nina. Nima bo‘ldi? Mundoq tushuntiribroq gapir!
Busigin (iymanib). Sevib qoldim, shekilli…
Nina. Kimni?
Busigin. Nima deb tushutirsam bo‘ladi… (Chaynalib) Unga boshqasi ega chiqmoqchi.
Nina. Sen tortib ol. Bu qo‘lingdan keladi.
Busigin. Aytishga oson.
Nina. Senga nima xalaqit beryapti? A? Nega indamaysan? Men sevgilingni bilmayman-u, lekin unga havasim kelyapti. Hatto, to‘g‘risini aytsam, aka-singil ekanimizdan afsuslanib ham ketyapman…
Busigin. Biz aka-singil emasmiz…
Nina. Nima?..
Busigin (chuqur xo‘rsinib). Men akang emasman… Hech qachon akang bo‘lmagan ham.
Nina (sekin o‘rnidan turib). Yolg‘on…
Busigin (sekin o‘rnidan turib). Chin so‘zim. Hech qachon mening singlim bo‘lmagan.
Nina. Yolg‘on… (Undan uzoqlashib.) Ishonmayman.
Busigin. Fakt – o‘jar narsa. Dadangni men tanimasdim, onam esa Chelyabinskda yashaydi, dadang u yerda umuman bo‘lmagan. Men sizlarni aldagan edim.
Nina. Nega?
Busigin. Bu tasodifan bo‘lib qoldi…
Nina. Shu paytgacha nega aytmading?
Busigin. Dadang meni o‘g‘lim deb ishondi. Uning hafsalasini pir qilgim kelmadi. Shundan keyin boshlandi: avval dadang, keyin sen… Xullas, hammasi chalkashib ketdi.
Nina. Sen… Sen jinni bo‘p qolibsan…
Busigin. Bo‘lishi mumkin, lekin endi men sening akang bo‘lishni istamayman.
Nina. Sen uchiga chiqqan lo‘ttivoz ekansan! Seni militsiyaga topshirgan savobga qoladi!
Busigin. Savobga qola qol. Senga shunaqa aka bo‘lgandan ko‘ra qamoqda o‘tirgan ming marta afzal.
Nina. Senga o‘xshagan odamni uydan haydab solish kerak! Yo‘q, oldin o‘lasi qilib kaltaklab, keyin haydash kerak!
Busigin. Yo‘g‘-e? Akang bo‘lib yurganimda bunaqa o‘ylamasding.
Nina. Jim bo‘l! Uyatsiz!.. Umrimda senga o‘xshagan tentakni ko‘rganim yo‘q!
Sarafanov chiqib keladi.
Sarafanov. Volodya! Men hammasini endi tushundim! Bu yerdan ketish kerak ekan! Kech bo‘lmasdan, iloji boricha tezroq ketish kerak! (Ko‘tarinkilik bilan.) O‘g‘lim! Men hammasini o‘ylab qo‘ydim! Chernigovga ketamiz!
Busigin tamomila lol bo‘lib qoladi.
Nina (ustidan kulib). Uylanmoqchisiz, shekilli?
Sarafanov (baqirib). Hamma narsa bo‘lishi mumkin! Bekorga kulyapsan. (Busiginga.) Men kelganingdan beri o‘ylayapman… Agar onang rozi bo‘lsa, albatta… Qisqasi, men u bilan ko‘rishib, gaplashib olishim kerak!
Nina zaharxandalik bilan kuladi.
Bas qil tirjayishni! (Busiginga.) Singlingning ahvoliga bir qara! Otasining hayoti hal bo‘lyapti-yu, buning parvoyi palak! Aytdim-ku, bu uyda mening bir chaqalik qadrim yo‘q, deb! Ko‘rib turibsan, bosh olib ketishdan boshqa ilojim yo‘q! Narsalarimni yig‘ishtiraman – bo‘ldi! Shu topda! Hoziroq! (Ichkariga kira turib, Ninaga.) Xotiring jam bo‘lsin, men faqat klarnet va notalarimni olaman. Poyezd qachon jo‘narkan?
Busigin. Bi… Bi… Bilmadim…
Sarafanov. Buning ahamiyati yo‘q! Men narsalarimni yig‘ishtiraman! Shu topdayoq! (Ichkariga kirib ketadi.)
Sukut.
Nina. Ha, endi nima qilmoqchisan?
Busigin (butunlay o‘zini yo‘qotib). Bilmadim…
Nina. Endi nima qilib qo‘yganingni tushunyapsanmi? Yo, haliyam tushunmayapsanmi? Dadam Vasenkani ham, meni ham o‘z farzandi o‘rnida ko‘rmayaptilar! Ishongan tog‘i faqat sen bo‘lib qolding! Ko‘ziga sendan boshqa hech kim ko‘rinmayapti! Haqiqat oshkor bo‘lsa dadamning holi nima kechishini tasavvur qilyapsanmi!?
Busigin (u yoqdan, bu yoqqa yurib). Nima qilish kerak?.. Indamay qo‘ya qolsammikan?
Sukut. Bir-biriga tikilib qoladilar.
Yo‘q, bunaqasi ketmaydi! Eng asosiysi, biz bir-birimizga mutlaqo begona ekanligimizni unga aytish, tushuntirish… Lekin, qanday aytaman?.. (G‘o‘ldirab) Ota… O‘g‘il… Ota… O‘g‘il… (Bir qarorga kelganday.) Xullas, munday, (ovozini pastlatib) agar sen ketsang, bu yerga men ko‘chib kelaman. U meni tushunsa, albatta. Lekin, unga qanaqa tushuntirishni bilmay boshim qotyapti…
Nina. Men ham bilmadim… Dadam jinni, sen jinni – o‘zlaring kelishib olarsizlar.
Bir qo‘lida kichikroq chamadon, ikkinchisida klarnet tutgan Sarafanov chiqib keladi.
Sarafanov. Volodya, men tayyorman!
Busigin bilan Nina unga jimgina tikilib turaverishadi.
Nina. Hamma narsalaringizni yig‘ishtirib bo‘ldingizmi? Hech narsangiz qolib ketmadimi? (Kuladi.)
Sarafanov. Manavini qara, ko‘rdingmi, qizimmish tag‘in?! Otasi ketyapti, do‘konga yoki ishgamas, uzoq-uzoqlarga ketyapti, bu qiz yo‘liga bo‘lsa ham xafa bo‘lsa-chi, a? Parvoyi palak! (Ninaga.) Hechqisi yo‘q, hali meni ko‘p eslaysanlar! Meni Xudo bir saqladi, bo‘lmasa shular bilan qolardim! Bularga menga o‘xshagan ishi yurishmaydigan, maishiy hayotga mutlaqo moslashmagan omadsiz odam emas, qo‘lini qayoqqa cho‘zsa yetadigan, toparmon-tutarmon odam kerak! Bilaman hammasini! Meni qanday bo‘lsam shundayligimcha qabul qiladigan yakka-yu yagona odam yigirma yil oldin Chernigovda qolib ketgan! Ey, Xudoyim, shunchalik ham ahmoq bo‘lamanmi?! Endi – tamom, hammasi boshqacha bo‘ladi!.. (Busiginga.) Mana ko‘rasan, hayotimni qayta boshlayman! Noldan boshlayman! Meni aytdi deysan hali, sening onangni baxtli qilaman! (Biroz past tushib.) Albatta, u meni kechira olsa… Baxtli yashaymiz! Sen shunga ishonasanmi?
Busigin. Men-ku, ishonaman-a… Lekin, shoshilishning nima keragi bor?..
Sarafanov. Yo‘q-yo‘q, bo‘ladigan ishning bo‘lgani yaxshi, o‘ladigan kasalning o‘lgani yaxshi! Qolgan ishga qor yog‘ar! Cho‘zishning nima keragi bor? Temirni qizig‘ida bosish kerak! Vokzalga ketdik!.. Senga nima bo‘ldi, o‘g‘lim? Yurmaysanmi?
Nina (kutilmaganda, muloyim). Tinchlaning, dada, o‘zingizni bosib oling… Sizga ortiqcha hayajonlanish mulaqo mumkin emas… Mundoq keling-chi… O‘tirib oling… Ana shundoq…
Sukut.
Sarafanov (hayron bo‘lib). Nima bo‘ldi?.. Volodya?.. Sen mendan nimanidir bekityapsanmi?
Nina. Dada, men hech qayerga ketmayman. Men qolaman. (Ostonada Vasenka paydo bo‘ladi. Barcha u tomon o‘giriladi. Sukut.) Tag‘in nima bo‘ldi?
Sukut.
Vasenka. Tamom. Men ularni yoqib yubordim.
Busigin. Yoqib yubording? Kimni?
Vasenka. Uni, o‘ynashiga qo‘shib.
Vasenkadan boshqa hamma deraza tomon shoshadilar. Eshikda aft-basharasi qorakuya, ust-boshining u yer-bu yeri kuygan Silva paydo bo‘ladi. Shimi hali ham tutab turardi.
Silva. Ahvol chatoq. Menga bitta shim kerak.
Makarskaya kirib keladi.
Sarafanov (Makarskayaga). Nima bo‘ldi? O‘zing tinchmisan?
Makarskaya. Ko‘rmayapsizmi? Seni o‘ldiraman, degan edi – ahamiyat bermovdim. Mana, ahvol!
Nina. Nahotki, shu o‘zimizning Vasenka bo‘lsa? O‘ldirib qo‘yaman deb, baliq ovlamas edi.
Sarafanov. Rostanmi? Bo‘lishi mumkinmas.
Makarskaya. Men ham bo‘lishi mumkinmas, deb o‘tiruvdim. G‘aflatda qoldim. Quturib ketdi!
Sarafanov. Sen?.. Qanday qilib?..
Makarskaya. Qanday qilib bo‘lardi? Juda oddiy. Deraza ochiq edi. Oldin pardalarni yoqib yubordi! Keyin yerdagi gilamga o‘tdi! So‘ng dahlizga, undan keyin xona bo‘ylab yoyilib ketdi!.. U meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi!
Silva. (Sarafanovga). Bitta shimingiz yo‘qmi? Qarzga yo ijaraga berib tursangiz, devdim.
Sarafanov. Shimmi?.. Hozir-hozir… (Qo‘shni xonaga chiqib ketadi.)
Busigin (Silvaga yaqinlashib). Xo‘sh, qalaysan endi, hurmatli o‘ynash janoblari!
Silva. Qanaqa o‘ynash? Men olov bilan o‘ynashib yotuvdim! E, Xudo ko‘tarsin bunaqa o‘ynashni!..
Makarskaya. Nima?.. Ie, hali boshqacha sayrayatuvding-ku?
Silva. Sen nima deb o‘ylovding! Sen bilan qo‘shilib yonib ketgim yo‘q, o‘zing yonaver kerak bo‘lsa!
Busigin. Afsus, faqat ishtoning yonibdi!
Silva. Nimalar deyapsan o‘zing?
Busigin. Seni ogohlantiruvdim, keyingi safar faqat ishtoningmas, o‘zing ham yonib ketasan.
Silva. Shunaqami?.. Cholga o‘g‘il, manavi hurliqoga aka bo‘lish joningga tegmadimi?!
Busigin. Basharangni bejab qo‘ymasimdan qani, sur-chi bu yerdan!
Salva (yalang‘och oyoqlarini ko‘rsatib). Shu ahvoldami? Esing joyidami?
Makarskaya (Vasenkaga). Sen chindan ham meni yoqvormoqchi bo‘ldingmi?
Vasenka (xotirjamlik bilan). Bo‘lmasam-chi? Lekin, o‘xshamadi.
Makarskaya (hayrat va qandaydir, hurmat bilan). Bandit. Tuppa-tuzuk bola, bir kunda jinoyatchiga aylandi-qoldi.
Silva. Bilmas ekansizlar, katta kallakesar bu yoqda. (Busiginga.) Meni shim bilan ta’minlasang bo‘lardi. Yo‘qsa, jinoiy ish ochilishiga yordam qilvorishim mumkin. Har qalay, qotillik yuz berishiga sal qoldi. (Makarskaya tomon ishora qilib.) Guvohim bor.
Makarskaya (Silvaga). Xomtama bo‘lma, men guvoh bo‘lmayman!
Silva. Ie, shunaqami? Balki unga rahmat ham dersan, seni butunlay yoqvormagani uchun?
Makarskaya. Ehtimol… (Vasenkaga) Rahmat-ku demasman-a, lekin undan bunday jasoratni kutmaganimni aytib qo‘yishim kerak. Seni esa turqingni ko‘rishga toqatim yo‘q!
Silva. Mening ham ko‘zim uchib turgani yo‘q. (Gitarasini oladi.) Nachora, bu yerda izzatimiz bitgan ko‘rinadi. Lekin shimsiz qayoqqa ketaman? Hech bo‘lmasa qarzga berib turinglar. Ertagacha.
Busigin. Shimning nima keragi bor senga? Shu ahvoling durust, qara, qandoq yarashib turibdi… Xullas, o‘zing ketasanmi yo kuzatib qo‘yaymi?
Qo‘lida shim bilan Sarafanov chiqib keladi.
Silva (ketaturib, Busiginga). Ming rahmat, og‘ayni, hammasi uchun. Sen chinakam do‘st ekansan. Men ketaman. Lekin undan oldin jamoatchilikning ko‘zini ochib ketishim kerak. Bo‘lmasa gap mundoq. Uyni Vasenka emas, (Busiginni ko‘rsatib) manavi yoqib yubordi! Bu yerda suvni loyqalatib yurgan ham shu. Aytib qo‘yay, bu militsiya qidirib yurgan ashaddiy jinoyatchi – retsidivist! (Ninaga.) U akang bo‘lsa, men Rim papasiman! Bu hammalaringni laqillatib yuribdi! (Sarafanovga.) Sizni ham! U o‘g‘lingiz emas, ko‘zingizni ochsangiz-chi, otaxon, uchiga chiqqan lo‘ttivoz, qallob! Yana shuni ham aytib qo‘yayki…
Sarafanov (baqirib). Yo‘qol ko‘zimdan, iflos!.. Daf bo‘l!..
(Silva qochib chiqib ketadi.) Yaramas…
Sukut.
Busigin. (sekin). U to‘g‘ri aytdi…
Sarafanov. Kim to‘g‘ri aytdi?..
Busigin. Men sizning o‘g‘lingiz emasman.
Sarafanov. Nima deding? O‘ylab gapiryapsanmi, sen bola?
Busigin. Men sizga yettiyot – begonaman. Hammasi yolg‘on edi.
Sarafanov. Nimalar deyapsan, Volodya?..
Busigin. Men bunaqa chuqurlashib ketadi, deb o‘ylamagan edim…
Tasodifan, sovuqdan qochib (Makarskaya tomon ishora qilib) manavi qizning eshigini taqillatdik. Undan ismi-sharifingiz va siz haqingizda boshqa ma’lumotlarni olib, uyingizga kirib oldik. Keyin ishlar bunaqasiga aylanib ketdi… Biz atigi birpas isinib olmoqchi edik.
Makarskaya. Shoshma. Bir kechaga boshpana qidirib yurgan sizlarmidilaring?
Busigin. Ha. Tasodifan bo‘p qoldi… Ertalab ketmoqchi edik…
Sarafanov. Bo‘lishi mumkin emas!.. Ishonmayman! Bunaqa bo‘lishi aqlga sig‘maydi…
Busigin. Meni… bizni kechirasiz degan umiddaman… Bir hisobda aynan sizning eshigingizni taqillatganimiz yaxshi bo‘ldi.
Sarafanov. Bundan chiqdi, men senga… Sen ham menga… Bu qanaqasi bo‘ldi? Yo‘q, yo‘q, bunga ishonib bo‘lmaydi! Hazillashdim de, Volodya! Sen mening o‘g‘limsan-a? Ayt! O‘g‘limmisan? O‘g‘limsan, to‘g‘rimi?..
Busigin. Yo‘q…
Sarafanov. Unda kimsan, kim?!
Nina. Kim bo‘lardi, lo‘ttivoz-da! Uchiga chiqqan lo‘ttivoz. Shunaqa ustamonki, uning oldida hech qaysimiz ip esholmaymiz.
Vasenka. Ana xolo-os…
Makarskaya. Birovga aytsang ishonmaydi…
Sarafanov. Men ham ishonmayman, ishonishniyam istamayman!
Busigin. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, sizning o‘g‘lingiz emasligimga mening ham ishongim kelmayapti. (Ninaga qarab olib.) Lekin fakt o‘jar narsa bo‘ladi.
Sarafanov. Ishonmayman! Tushunmayman, tushunishni ham istamayman! Sen Sarafanovsan – tamom-vassalom! Sen mening o‘g‘limsan! Eng suyukli o‘g‘limsan!
Nina (Busiginga). Men senga nima devdim… (Sarafanovga) Men-chi? Vasenka-chi? Bizni ham farzand o‘rnida ko‘rasizmi?
Sarafanov. Nina! Hammalaring mening bolamsizlar! Lekin… (Busiginni quchib) lekin bu to‘ng‘ichim-da…
Barcha yengil tortadi. Hamma mamnun.
Makarskaya (jilmayib). Hammalaring ajoyibsizlar.
Nina (kulib). Ha, shunaqa ajoyibki, uyimizni yoqvorishiga sal qoldi!
Makarskaya “E, uy nima bo‘pti”, deganday qo‘l siltab qo‘yadi.
Sarafanov. Nima bo‘lganda ham hammasi o‘z o‘rnida qoladi. Volodya, beri kel…
Busigin yaqin boradi. U, Nina, Vasenka, Sarafanov bir qator bo‘lib saflanadilar. Faqat Makarskaya bir chetda turib qoladi.
Kim nima desa desin, kim qanday hisoblashidan qat’i nazar sen mening o‘g‘limsan. (Busigin, Nina va Vasenkaga.) Hammalaring mening ko‘zimning oqu qorasisizlar, chunki men sizlarni sevaman. Yaxshi otamanmi, yomon otamanmi, ishqilib, sizlarni jonimdan ham ortiq ko‘raman. Eng muhimi ham shu!
Makarskaya. Meni kechirasizlar… (Busiginga.) Sendan bir narsani so‘ramoqchiman. Ota-onang bormi?
Busigin. Ha, onam borlar… Chelyabinskda.
Nina. Yolg‘izmilar? (Tabassum bilan.) Dada, mabodo deyman-da, siz bu masalaga sal qiziqib ko‘rmaysizmi?
Busigin. Onam akam bilan turadilar.
Nina. Sen-chi? Sen nima qilib yuribsan bu yoqlarda?
Busigin. Shu yerda o‘qiyman men.
Sarafanov. Qayerda turasan?
Busigin. Yotoqxonada.
Sarafanov. Yotoqxonada, degin… Yotoqxona uzoq… Buyam yetmaganday, noqulayligini aytmaysanmi. Yoshligimdan yotoqxonalarni yoqtirmayman… Shuning uchun, agar rozi bo‘lsang… xo‘p desang… biznikida yashashing mumkin!
Busigin. Nimalar deyapsiz, qo‘ysangiz-chi…
Sarafanov. Chin dildan taklif qilyapman… Nina! Nega indamaysan? Senam taklif qil, ko‘ndir.
Nina. (kesatib). Assalomu alaykum. Hozir ko‘ndiraman. Biznikida pishirib qo‘yibdimi? Men qarshiman.
Busigin. Men sizdan xabar olib turaman… Har kuni kelaman… Kelaverib jonlaringga ham tegib ketaman…
Sarafanov. Volodya! Biznikida turishingni istayman – gap tamom-vassalom!
Busigin. Men ertagayoq kelaman.
Nina. Qachon?
Busigin. Soat yettida… Yo‘q, oltida. Aytganday, hozir soat necha bo‘ldi?
Nina. O‘n bir yarim.
Busigin. Tabriklashlaring mumkin – men yana poyezddan kech qoldim.
TAMOM
Rus tilidan Sharof Boshbekov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 3-son