Aleksandr Kuprin. Nastarin voqeasi (hikoya)

Xotini eshikni ochishiga zo‘rg‘a sabri yetgan Nikolay Yevgrafovich Almazov palto va furajkasi bilan darrov xonasiga kirib ketdi. Uning chimirilgan qoshlari va asabiy pirpirayotgan pastki labiga ko‘zi tushgan xotini qandaydir noxush voqea sodir bo‘lganini anglab yetdi… Indamasdan erining orqasidan kirib bordi. Xonaning qaysidir burchagida Almazov tek qotib turardi. Keyin u qo‘lidagi portfelini polga itqitib, o‘zini kresloga tashladi va barmoqlarini asabiy qisirlatib qo‘ydi. Ochiq portfelning qog‘ozlari sochilib ketgandi.
Almazov bosh shtab akademiyasida ma’ruzalar tinglovchi yosh, o‘rtahol ofitser bo‘lib, hozirgina o‘sha yerdan qaytdi. Bugun u professorga o‘zining so‘nggi va eng murakkab amaliy ishini, ya’ni hududlarning chizmalarini ko‘rsatib kelgandi.
Almazov va uning xotini qanday qiyinchilik­larni boshidan kechirgani yolg‘iz xudoga va yolg‘iz o‘zlariga ayon. Harholda, barcha to‘siqlar yengib o‘tildi… Avval boshidayoq akademiyaga kirishning o‘zi imkonsizday ko‘ringan edi. Ikki yil mobaynida Almazov tantanali tarzda imtihonlardan yiqildi va faqat uchinchi urinishdagina hamma sinovlarni yengib o‘tishga erishgandi. Agar yonida xotini bo‘lmaganida, irodasi bo‘shlik qilib, qo‘lini qo‘ltiqqa urishi aniq edi. Biroq Verochka uni ruhan tushmaslikka undadi va doimo qo‘llab-quvvatlab turdi. U har qanday omadsizlikni ochiq chehra bilan qarshilashni o‘rgandi. O‘zini unutib, eri uchun odmi bo‘lsa-da, ziyoli odamga xos qulaylik yaratishga kirishdi. Eri uchun ham kotiba, ham qiroatchi, ham tarjimon va eslatma daftari vazifasini bajara boshlagandi.
… Og‘ir sukunat bilan besh daqiqa o‘tdi. Bu orada ikkalasigayam tanish bo‘lgan soatning chiqillashi, asabni o‘ynovchi o‘sha bir, ikki, uch-uch: bir juft tekis zarb, so‘ng uchinchi xirilloq bong jimjitlikni buzayotgandi… Almazov egnidagilarni yechmay teskari o‘girilib o‘tirardi. Undan ikki qadam narida esa Vera miq etmasdan, asabiy, go‘zal chehrasiga iztirob zuhur etib turardi. Nihoyat u og‘ir betob odamning karavotiga ehtiyotkorona yaqinlashgan kabi birinchi bo‘lib so‘z qotdi:
– Kolya, ishlaring qanaqa, o‘zi? Yomonmi?
U yelkasini qimirlatdi va indamadi.
– Kolya, ish rejangni qabul qilishmadimi? Aytaqol, baribir birga muhokama qilamiz-ku.
Almazov darrov xotiniga o‘girildi va yonib, toshib gapira boshladi.
– Ha, ha, qabul qilishmadi, juda bilging kelayotgan bo‘lsa, bilib qo‘y. Nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsang? Bari chappasiga ketdi! Bular endi hech narsaga yaramaydi, – deb portfelini oyog‘i bilan turtkiladi, – bularni pechkaga tashlab yuborsang ham mayli endi! Mana, ko‘rib qo‘y akademiyani! Bir oydan so‘ng tag‘in polkda bo‘laman, yana sharmandalarcha, shov-shuv bilan. Yana arzimagan shu la’nati dog‘ tufayli-ya… Jin ursin!
– Qanaqa dog‘, Kolya? Hech nimaga tushunmayapman.
U kresloning chetiga o‘tirib, Almazovning bo‘ynidan quchdi. Er qarshilik qilmadi, lekin hamon ma’yus qiyofasini burchakka tikib o‘tirardi.
– Qanday dog‘, axir, Kolya? – so‘radi xotini yana.
– E-e, haligi, oddiy dog‘-da, yashil bo‘yoq. Kecha soat uchgacha uxlamay ishlaganimni bilasan-ku, ishni oxiriga yetkazishim kerak edi. Rejam chiroyli qilib chizildi, bezaldi. Bu haqida hamma gapirdi. Biroq kecha tunda o‘tiraverib charchab ketdim, qo‘llarim qaltiray boshladi – va oqibatda rejani dog‘ qilib qo‘ydim… Ha, yana quyuq dog‘-a… kattaligini ayt. Tozalayman deb battar chaplashtirib yubordim. Keyin u haqida o‘ylayverib, boshim qotdi, axiyri undan nimanidir chizmoqchi bo‘lib, dog‘li nuqtada daraxtlarni chizib qo‘yaverdim… Juda yaxshi chiqdi, dog‘ borligini birov payqamaydigan darajada edi.. Bugun esa professorga olib borsam:
“Xo‘sh, xo‘sh, mm-yaxshi. Poruchik, manavi joydagi butalar qayerdan paydo bo‘la qoldi?”dedi.
Unga bor gapni aytishim kerak edi. Balki shunchaki ustimdan kulib qo‘yardi. Yo‘q, kulmasdiyam. Axir, u quruq, rasmiyatchi nemis bo‘lsa. Unga: “Bu joyda haqiqatan ham butalar o‘sadi” dedim. U esa: “Yo‘q, men bu hududni besh qo‘limday yaxshi bilaman. U yerda butalar bo‘lishi mumkin emas”, dedi. Shu tarzda suhbatimiz alanga ola boshladi. Yonimizda boshqa ofitserlar ham turgandi. “Mayli, siz bu gapni juda ishonch bilan aytayotgan ekansiz, unaqada ertagayoq o‘sha tog‘lar orasidagi joyga boramiz. Ko‘ramiz, butalar bormikan. Shubhasiz, behafsala ishlaganingiz yoki g‘ira-shira xaritadan ko‘chirib olganingiz fosh bo‘ladi.
– Ammo nega u butalar yo‘q deb ishonch bilan gapiryapti?
– E, xudo, nega deganing nimasi? Yana bema’ni savollarni beryapsan. Axir, u bu hududni yigirma yildan buyon yaxshi biladi. O‘z uyidan ham… Bunisi yetmaganday, u odam dunyodagi eng ashaddiy rasmiyatchi, yana millati nemis-a… Axir, men yolg‘on gapirib, behuda tortishyapman-ku… Undan tashqari…
U gapirayotganda kuldondagi kuygan gugurt cho‘plarini asabiy sindirib turar, jimib qolganda esa ularni polga itqitardi. Bu irodali odamning rosa yig‘lagisi kelayotgan edi.
Er-xotin og‘ir o‘yga cho‘mib, sukut saqlab o‘tiraverdilar. Ammo Verochka to‘satdan o‘rnidan irg‘ib turdi.
– Quloq sol, Kolya, hoziroq borishimiz kerak! Tezroq kiyin.
Nikolay Yevgrafovich ruhiy og‘riqdan aftini bujmaytirib tikildi.
– Eh, Vera, bema’ni gapni qo‘y. Nahotki, meni borib, xatomni tan oladi deb o‘ylasang. Axir, bu o‘zim o‘zimga hukm chiqarishim bilan teng-ku. O‘tinaman, tentaklik qilma.
– Yo‘g‘-e, tentaklikmas, – dedi Vera depsingancha qarshilik ko‘rsatib. – Hech kim seni uzr so‘rash uchun majburlayotgani yo‘q… Agar u hududda butalar bo‘lmasa, ularni hoziroq o‘tqazish kerak.
– O‘tqazish? Butalarni-ya?.. – Nikolay Yevgrafovichning ko‘zlari olayib ketdi.
– Ha, o‘tqazish. Agar haqiqatni yashirgan bo‘lsang, demak, uni tuzatish lozim.
“Qani otlanaylik, shlyapamni uzatib yubor… Koftochkamni ham… U yerda emas, shkafni qara… Soyabonimni ham!”
Almazov uning gapidan norozi bo‘lsa-da, beixtiyor harakatlanar, shlyapa va koftochkalarni qidirardi. Vera bo‘lsa stolning tortmalarini ochib yopar, qutichalarni bittama-bitta titkilab, so‘ng polga tashlab, nimanidir izlayotgandi.
– Ziraklar… lekin bular hech nimaga arzimaydi-ku… Ularga hech vaqo bermaydi… Ha, manavi, brilliant ko‘zli uzuk qimmatbaho… Darhol garovdan qaytarib olish lozim… Yo‘qolib qolsa, yaxshi bo‘lmaydi. Braslet… bungayam oz to‘lashadi. Chunki eskirib, qiyshayib qolgan… Kolya, kumush portsigaring qayerda qoldi?
Oradan besh daqiqa o‘tib, barcha qimmatbaho buyumlar ridikyulga joylandi. Vera tayyor bo‘lib, so‘nggi bor uyga qayta ko‘z yugurtirib chiqdi. Hech nimani unutmaganiga ishonch hosil qilgach:
– Ketdik, – dedi qat’iy ohangda.
– Qayoqqa boramiz, axir? – Almazov qarshilik qilmoqchi bo‘lib ko‘rdi. – Hozir qorong‘i tushadi, ishxonamgacha esa o‘n vyorst masofa bor.
– Shuyam gapmi?!. Ketdik!
Almazovlar dastavval lombardga kirib o‘tishdi. Garovchi, aftidan, odamlarning kundalik baxtsizlik­lariga duch kelaverib, bunday holatlarga ko‘nikkani yuzida aks etib turardi. U keltirilgan buyumlarni shunchalik sinchiklab tekshirdiki, Verochka o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. Ayniqsa, uni ranjitgan holat, brilliant uzugini o‘lchab, atigi 3 rublga baholagani bo‘ldi.
– Axir bu sof brilliant-ku, – e’tiroz bildirdi Vera, – u o‘ttiz rubl turadi, bilsangiz agar.
Garovchi horg‘in beparvolik bilan ko‘zlarini yumdi.
– Bizga buning farqi yo‘q, xonim. Biz qimmat toshlarni umuman qabul qilmaymiz, – javob qildi u, navbatdagi buyumni taroziga qo‘yib, – biz faqat metall buyumlarnigina baholaymiz.
Eski va qiyshiq braslet kutilmaganda qimmat baholandi. Xullas, jami 23 rubl to‘plandi. Bu pul esa ularga yetib ortardi.
Almazovlar bog‘bonnikiga kirib borishgan paytda allaqachon Peterburg uzra sutday tun pardasi yoyilib bo‘lgan edi. Tilla ko‘zoynakli bog‘bon, millatli chex bo‘lgan miqti qariya endigina oilasi bilan kechki ovqatga o‘tirayotgan ekan. U bemahaldagi tashrif va g‘alati iltimosga hayron bo‘lib, norozilik bildirdi. Aftidan, bog‘bon qandaydir firibgarlikdan shubhalanayotgandi, shu sababdan Verochkaning qat’iy savoliga quruqqina qilib javob qildi:
– Ming bor uzr. Biroq yarim oqshomda men ishchilarga ish buyura olmayman. Agar istasa­ngiz ertalabdanoq ixtiyoringizda bo‘laman.
Endi faqat bitta yo‘l qolgandi: u ham bo‘lsa bog‘bonga bor gapni yotig‘i bilan tushuntirish edi. Verochka shunday qildi ham. Ma’shum dog‘ bilan bog‘liq bu voqeani bog‘bon dastlab ishonqiramay, hatto yovsirab tinglab turdi. Ammo Veraning ko‘chat o‘tqazish haqidagi taklifi haqida eshitgach, uning qiziqishi ortdi va bir necha bor xayrixohlik bilan jilmayib ham qo‘ydi. Vera hikoyasini tugatgach:
– Xo‘p, nimayam derdim, – deb o‘zicha rozilik bildirdi bog‘bon. – Ayting­lar-chi, qaysi navdagi butani o‘tqazishni ma’qul ko‘rasizlar?
Bog‘bon bisotidagi butalarning hech qaysisi chizmadagi dog‘ga mos tushmas edi. Noiloj nastarin butasini tanlashdan o‘zga chora topa olmadilar.
Almazov rafiqasini uyga jo‘nataman deb behuda urinaverdi. U shahar tashqarisiga eri bilan birga yo‘l oldi, butalarni o‘tqazisharkan, o‘zicha kuyib pishar, ishchilarga xalaqit berardi. Nihoyat, butalar ostidagi chimlarga razm solib, ularni tog‘ yon bag‘ridagi chimlardan ajratib bo‘lmasligiga ishonch hosil qilgach, uyga ketishga qaror qilishdi.
Vera ertasi kuni hayajondan o‘z uyiga sig‘madi va eriga peshvoz chiqish niyatida ko‘chaga otlandi. Hali uzoqda turgan esa-da, erining irg‘ishlab kelayotgan gavdasidan buta voqeasi muvaffaqiyatli yakun topganini fahmladi… Haqiqatan ham, Almazov alanga bo‘lib yonar, horg‘inlik va ochlikdan oyoqda bazo‘r turar, biroq chehrasida qozonilgan g‘alaba yolqini aks etayotgandi.
– Hammasi a’lo! Juda zo‘r bo‘ldi! – deya o‘n qadam naridan shodon qichqirdi u bezovtalanayotgan xotiniga qarata. – Shunday qilib, biz ular bilan birga ko‘chatlar yoniga bordik. U butalarni ko‘rib hayron bo‘lib qoldi. Hatto barglarini yulib, chaynab ko‘ra boshladi.
“Bu qanaqa daraxt bo‘ldi?” – deb so‘radi.
Men: “Bilolmadim, janoblari”, deb javob qildim.
“Qayin, shekilli?” – so‘radi yana.
Men esa: “Qayin bo‘lsa kerak, janoblari”, dedim. Shundan so‘ng u men tomon o‘girilib, hatto qo‘lini uzatdi. “Uzrimni qabul qiling, poruchik. Modomiki, shu butalarni unutib qo‘ygan bo‘lsam, demak, rosdanam qariyapman”. Axir, u atoqli, zakiy professor edi. Ochig‘i, uni aldaganim uchun vijdonim qiynalyapti. U odam professorlarimiz orasida eng kuchlisi. Bilimi – dahshat! Hududlarni besh qo‘lday bilishini ko‘rib hayron qolasan.
Uning hikoyasi Veraga qisqadek tuyuldi. Professor bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni ipidan ignasigacha aytib berishini eridan qayta-qayta so‘rayverdi. Uni eng mayda ikir-chikirlar ham qiziqtirayotgandi: ya’ni professorning afti qanday alpozda bo‘lgani, o‘zining qariligini qay ohangda tan olgani, Kolyaning o‘zi nimalarni his etgani…
Nihoyat, ular go‘yo ko‘chada o‘zlaridan boshqa hech bir tirik jonzot yo‘qdek, sho‘x-shodon bir-birining qo‘lidan ushlab, tantanavor uyga qaytishardi. Yo‘lovchilar esa bu g‘alati juftlikka taajjub bilan qarab to‘xtab qolishardi…
Nikolay Yevgrafovich hali hech qachon bugungidek zo‘r ishtaha bilan ovqat yemagan edi. Tushlikdan so‘ng esa Vera erining xonasiga stakanda choy olib kirdi va kulib yubordi. Qizig‘i, u bilan bir paytda eri ham kulib yuborgandi.
– Nega kulyapsan? – so‘radi Vera.
– O‘zing-chi?
– Yo‘q, avval sen ayt, men keyin…
– O‘zim, shunchaki: Nastarin voqeasi esimga tushib ketdi. Senda-chi?
– O‘zim… Men ham shu… Nastarin voqeasini esladim. Bundan buyon nastarin mening eng sevimli gulim bo‘ladi, demoqchiydim…

Ruschadan Temur Tangriberganov tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 5-son