Ertalabki quyosh tog‘ yonbag‘rini isitdi, maysa va gullardagi shudring birpasda qurib qoldi. Qiyalikda butalar, yosh qarag‘ay va akaslar o‘sayotgandi. Ularning ustida ulkan qarag‘ay va emanlar ko‘kka bo‘y cho‘zgandi. To‘q yashil shox-shabbalar, zangori osmon, sariq granit va kul rang ohaktosh tog‘ni ulkan quroq ko‘rpaga aylantirgandi. Lekin kuz keladi, undan keyin qish boshlanadi, tog‘ bo‘zaradi, gullar so‘ladi, tog‘ bag‘rining xarsang toshlari sovuq va sirpanchiq bo‘lib qoladi – endi yalang‘oyoq yurolmaysan. Ona-er qat’iyatli, berahm, kutib turmaydi. Yoz o‘tganini sezmay qolasan.
Tosh yo‘ldan ayrilgan so‘qmoq bo‘ylab tepaga ko‘tarilarkan, Jonas g‘amgin o‘ylar bilan band edi. Koraning: “Qaniydi qandaydir bir boshpana topolsak edi”, – degan shikoyatomuz so‘zlarini eslar ekan, u o‘z-o‘zidan uyalib ketdi. Ha, biror boshpana va o‘choqsiz kun ko‘rib bo‘lmaydi. Qayoqqa bosh ursa ekan? Tog‘ning eng cho‘qqisida g‘orlar bor, lekin ular shahardan va tosh yo‘ldan ancha olis. Buning ustiga, Kora farzand kutyapti…
Jonas birdan to‘xtab qoldi. Maysazor o‘rtasida kattakon bir suv solinadigan bak yotardi. Ilma-teshik va hech kimga kerak bo‘lmagani uchun tashlab ketilganga o‘xshaydi. Qalin tunukadan yasalgan bunday baklarni binolarning tomlarida ko‘rish mumkin. Bakning tagi pachaqlangan bo‘lib, og‘iz tomoni ulkan konserva ochadigan pichoq bilan qirqib tashlangan edi. U zanglagan bo‘lsa-da, ko‘rinishidan ancha mustahkam edi. Bak baland o‘sgan o‘t-o‘lanlar orasida yotardi. Kimdir uni toqqa olib kelgan-u, shu yerda tashlab ketgan, shekilli. Yon tomonida kattagina dumaloq teshigi ham bor edi.
– Mana senga uy, – shivirladi o‘zicha Jonas.
U yaqinroq borib, bakning atrofini aylanib chiqdi, nihoyat, qo‘lini cho‘zib quyosh qizdirgan tunukani ushlab ko‘rdi. Keyin cho‘kkalab o‘tirib bakning ichiga qaradi. Uning ichki devorlari achimtir zang bilan qoplangan, burchaklariga o‘rgimchak in qo‘ygan, tagida sichqon qumaloqlari ko‘zga tashlanardi.
Jonasni quvonchli hayajon qopladi. Yuragi tez-tez ura boshladi. U tirjayib qo‘ydi, sarg‘aygan tishlari ko‘rinib ketdi, panjasi bilan bakning yonini shapatilab qo‘ydi. So‘ngra atrofga ko‘z yugurtirib chiqdi. Adirni ikki tomondan tepalik to‘sib turardi, ular butalar va archagullar bilan qoplangandi, uchinchi tomondan chuqur jarlik chetida qalin shoxlari gavjum baland eman o‘sib turardi. Maysazorning to‘rtinchi tomonidan toqqa qarab so‘qmoq boshlanardi. Yoz quyoshi nuriga cho‘mgan maysazor ertaklaridagiday go‘zal ko‘rinardi.
Mana, Jonas bilan Kora bakka o‘rnashib olishdi. Jonas eski botinkasining qalin poshnasi bilan o‘rgimchaklarni ezib tashladi va bakning tagini yaxshilab supurib-sidirdi. Ular – er-xotin bakning zanglagan devorlarini qirtishlab, tozalab artdilar. Nihoyat u ancha toza va silliq bo‘lib qoldi. Keyin unga mumlangan qog‘oz va karton yopishtirib chiqdilar. Jonas har kuni shahardan turli-tuman eski-tuskilarni – qop-qanor parchalarini, juldur kiyim-kechak, meva-chevalardan bo‘shagan qutilarni, bo‘sh konserva bankalarini, eski gazetalar taxlamlarini tashib keltirardi. U shahar bozorida hammol bo‘lib ishlardi. Kora qayerdandir dastasiz tova izlab topdi, to‘rt gallonli mashina moyining tunuka qutisi esa plita vazifasini bajarardi. Jonas tosh o‘choq yasab berdi, xotini unga bozordan olib kelgan sabzavotlardan ovqat tayyorlardi. Yoqilgan olovdan chiqqan tutun ko‘kka o‘rlardi.
Jonas xodalar yordamida bakni yerdan biroz ko‘tarib, tagiga xarsanglar qo‘ydi. U qo‘porilgan tunuka parchasini avaylab egib, eshikka aylantirdi. Dumaloq teshik esa darcha vazifasini o‘tardi. Kora har xil rangdor qiyqimlardan parda tikdi, eshik oldiga esa qanaqadir eski gilam parchasni to‘shadi. Er-xotin eski-tuski lattalar va qoplardan tikilgan to‘shakda yotishardi. Gazetalardan qirqib olingan qiyqimlar bilan yopilgan ikkita olma tashiladigan quti javon vazifasini bajarardi. Mana shu bakka ikkita odam zo‘rg‘a sig‘ardi, lekin baribir bu ularning boshpanasi – o‘z uylari edi!..
Har kuni Jonas bozordan biroz sabzavot olib kelardi. Bir safar esa tosh yo‘l yoqasidagi uylardan birida yashovchi ayol unga kechki ovqat qoldig‘i va non bo‘laklarini berdi!
Iliq yoz oqshomlarida tepalik ustida yonma-yon o‘tirib, tosh yo‘ldan g‘izillab o‘tib borayotgan mashinalarni kuzatishardi. Ularga butun shahar va yulduzlar shu’lasida miltirayotgan dengiz ko‘rinib turardi. Kechalari lattalardan tikilgan to‘shakda bir-biriga qisilib, uxlab qolgunga qadar shivirlashib yotardilar.
Ular bak ichida ana shunday yashar edilar. Kora ham to‘lishib borar, uning ko‘zlarida erta bahorda ona-erni charog‘on etguvchi nur chaqnar edi.
Lekin bir kuni katta yo‘ldan kelayotgan yuk mashinasi so‘qmoqqa qarab burilib, to‘xtadi. Undan mosh rangli politsiya kiyimidagi bir necha odam tushdi. Ulardan biri to‘pponcha qinli oq kamarbandda edi. Politsiyachilar so‘qmoq bo‘ylab tepaga ko‘tarila boshladilar, oldinda – past bo‘yli baqaloq – to‘pponchali zobit borardi. Ular maysazorga yetib kelganda zobit butunlay holdan toygandi. Shu bois haddan tashqari g‘azablangandi.
Jonas bilan Kora politsiyachilarni olisdanoq ko‘rishgandi. Zobit maysazorga qadam qo‘yganda Jonas Korani to‘sish niyatida bir qadam oldinga bosdi. Ikkita politsiyachi qo‘lida misrang olib kelishardi. Jonas ularning maqsadini tushundi.
Zobit nafasini rostladi, atrofga ko‘z yugurtirdi va Jonasga qarab:
– Zo‘r o‘rnashib olibsan-ku! – dedi.
Politsiyachilar “uycha” oldidagi o‘choqqa, eshik oldidagi gilam parchasiga, dumaloq darchaga tortilgan pardaga hayrat bilan tikilib turardilar.
Jonas ko‘zini pirpiratib:
– Bu bizning uyimiz! – dedi.
Zobitning yuzi bo‘zardi, kamarining mis to‘qasi yon tomoniga o‘tib ketgandi.
– O‘zingni jinnilikka solma! Sog‘liqni saqlash vazirligining ko‘rsatmasiga binoan bu yerda yashash taqiqlangan, sen buni juda yaxshi bilasan.
U o‘z odamlariga tomon burildi va buyurdi:
– Qani, boshlanglar!
Jonasning qahri keldi, oldinga bir qadam tashladi. Lekin zobitning hayqirig‘i uni to‘xtatib qoldi:
– Hoy, sen, boshingni baloga qo‘yma, bekorga o‘t bilan o‘ynashma! Aks holda o‘zingni anavi qizchang bilan zindonga tashlaymiz.
– Unda biz, sizning marhamatingiz bilan, qayerda yashaymiz, – to‘ng‘illadi Jonas.
Kora uning yengidan tortdi.
– Jonas, Jonas, keragi yo‘q, – dedi yalinib. – Agar seni qamab qo‘yishsa men nima qilaman?
U o‘zini yig‘idan zo‘rg‘a tutib turardi, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Shu asnoda ikkita politsiyachi yelkalarini bakka tirab, uni o‘rnidan jildirishdi. Bakning tosh ustida turgan bir burchagi gumburlab yerga quladi. Boshqa politsiyachilar misranglarni bak ostiga tiqib, ko‘tarishdi va u to‘ntarildi. Uning ostidagi qutilar g‘ichirladi, ilgakdagi parda uzilib ketdi.
Jonas yig‘lab yubordi, ko‘z yoshlari yonoqlari bo‘ylab oqib tushardi.
– Biz odamlarga o‘xshab yashashga urinib ko‘rdik, lekin mumkin emas ekan-da!
Zobit Jonasning so‘zlariga parvo ham qilmadi. Politsiyachilar yana misranglar bilan bakni yumalatib jarlik yoqasiga olib bordilar va itarib yubordilar. Va u pastga qarab gumburlaganicha dumalab ketdi. Jar tagiga qulab tushgan tunuka bak achchiq ingraganday bo‘ldi.
Politsiyachilar o‘choqni vayron qilib, toshlarni turli tomonga uloqtirdilar, misranglar bilan tovani va moy idishini maydalab tashladilar. Hamma ish tugallab bo‘lingach, zobit yana Jonasga qaradi va tishlari orasidan to‘ng‘illadi:
– Kechgacha bu yerdan qoralaringni o‘chiringlar. Butun tog‘ni bulg‘ab tashlabsizlar. Yana qo‘lga tushsang, turmadan qochib qutulolmaysan.
Jonas maysazorga ko‘z yugurtirdi. Tepkilab tashlangan o‘choq ustida qora pog‘alar uchib yurardi. Kora jimgina yig‘lardi, g‘azab va qayg‘udan karaxt bo‘lgan Jonas esa uning yig‘isini eshitmasdi ham.
Politsiyachilar so‘qmoq bo‘ylab pastga tushdilar, mashinaga o‘tirdilar va tosh yo‘lga chiqib jo‘nab qoldilar.
Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013 yil, 4-son.