Lui Jermenga
Sizlarning erkin akademiyangiz menga munosib ko‘rgan mukofot uchun menda uyg‘otgan minnatdorchilik hissi shunchalar chuqurki, u mening shaxsiy xizmatlarimdan yuqori turishini tushunaman. Har qanday odam, ayniqsa, san’atkor obro‘ orttirishni istaydi. Men ham shuni xohlayman. Biroq, sizlarning qaroringizni eshitib, uning qimmatini o‘zim bilan taqqoslamay qololmadim. To‘g‘ri-da, hali yosh odam, uning yagona boyligi shubhalariyu yozilmagan kitoblari bo‘lsa-da, bu odam ishda ham, birodarlikda ham yolg‘izlikka o‘rganib qolgan bo‘lsa, qo‘qqisdan uni osmonga olib chiqib qo‘yadigan qarorni eshitganda sarosimaga tushmasinmi? Buning ustiga, Yevropada yirik, ammo sukut saqlashga majbur etilgan va tug‘ilib o‘sgan yurtidagi tuganmas musibatlarga chidab kelayotgan yozuvchilar turganida, bu yosh odam o‘ziga ko‘rsatilgan ehtiromni qanday his-tuyg‘ular bilan qabul qilishi mumkin?
Men sarosimaga tushdim, ichimda bir hayajon uyg‘ondi. O‘zimni tinchlantirish uchun menga bunchalik saxiylik qilgan qismat bilan hisob-kitob qilishga to‘g‘ri keldi. Va men o‘z xizmatlarim bilangina unga loyiqman, deb hisoblay olmaganimdan, butun hayotim davomidagi turli vaziyatlarda madad bergan bir narsaga tayandim. Bu — san’at va yozuvchining roli haqidagi tasavvurlarim edi. Minnatdorligim va birodarligim jo‘sh urgan bir paytda bu tasavvurlarimni baholi qudrat izhor etishga ruxsat so‘rayman.
Men o‘z san’atimdan tashqarida yasholmayman. Biroq hech qachon uni butun dunyodan ustun qo‘ymaganman. Aksincha, bu san’at menga shuning uchun ham kerakki, u o‘zini hech kimdan, hech narsadan chetga olmaydi, men san’atkor va bir inson sifatida hamma odamlarning hayoti bilan nafas olishimga imkon beradi. San’at men uchun yolg‘iz ijodkorning ermagi emas, umumiy azob-uqubatlar va quvonchlarning qamrovli manzarasini chizish orqali iloji boricha ko‘proq odamlarga ta’sir etish usulidir. San’at ijodkor o‘z qobig‘ida o‘ralashib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi, uni eng oddiy va eng umumiy haqiqatga bo‘ysundiradi. Ko‘pincha, o‘zini o‘zgalardan boshqacharoq his qilib, san’atkorlik qismatini tanlaganlar tez orada o‘z san’atlarini va originalligini nima bilan oziqlantirishni bilmay qoladilar-da, o‘zlari boshqalardan hech nima bilan farq qilmasligini tan olish zarurligini tushunib qoladilar. San’atkor, mana shunaqa, o‘zi bilan boshqalar orasidagi — o‘zi chetlab o‘tolmaydigan go‘zallik va uzilib ketolmaydigan insoniy umumiylik orasidagi yo‘lning o‘rtasida zir yuguraverib shakllanadi. Shuning uchun ham haqiqiy san’atkorlar hech narsani e’tibordan soqit qilmaydi, ular hukm chiqarishni emas, tushunishni o‘z burchlari deb biladilar. Mabodo, ular bu dunyoda nimanidir tanlaydigan bo‘lsalar, Nitsshening ulug‘ bir ifodasiga ko‘ra qozi emas, kim bo‘lishidan qat’i nazar — mehnatkashmi yo ziyoli — ijodkor boshqaradigan jamiyatni ko‘zda tutadilar. Shuning uchun ham yozuvchining roli eng murakkab masalalar bilan bog‘liq. U o‘z tabiatiga ko‘ra, tarix yaratuvchilarga emas, uni o‘z boshidan kechiradiganlarga xizmat qiladi. Aks holda u o‘z san’atini yo‘qotib, yolg‘iz qoladi. Istibdodning millionlab askardan iborat lashkari ham uni yolg‘izlikdan tortib chiqarolmaydi, hatto ular bilan yonma-yon qadam tashlasa ham. Biroq dunyoning olis burchagidagi begona bir tutqunning sukuti yozuvchini odamlar orasiga qaytara olish kuchiga ega; hech bo‘lmasa, erkinlikning barcha imtiyozlari ichida bu sukutni eslash va san’ati yordamida uni ovozlar bilan to‘ldirish imkoni bo‘ladi-ku.
Bunday iste’dodga yetishish uchun hech kim yetarlicha avliyo bo‘lolmaydi. Biroq, hayotiy hamma holatlarda noma’lum yoki muvaqqat mashhur istibdod zanjirbandi yoki bugun o‘z fikrlarini erkin ifoda eta oladigan yozuvchi odamlar bilan hamjihatlik hissini tuyishga qodir. Bu hissiyot uning san’atiga mazmun beradi, faqat u o‘z kasbining ulug‘vorligini belgilaydigan ikki vazifani baholi qudrat bajarishga rozi bo‘lishi kerak: bular — haqiqat va ozodlik uchun xizmat qilish.
Modomiki, uning iste’dodi odamzodni birlashtirish ekan, u yolg‘on va qullik bilan chiqisholmaydi, chunki bular hukm surgan joyda yolg‘iz odamlar soni keskin oshib ketadi. Bizning shaxsiy ojizliklarimiz nima bo‘lishidan qat’i nazar, kasbimizning olijanobligi zimmamizga oladigan ikki majburiyatga — bilganlar haqida aldamaslik va zulmga qarshi kurash — majburiyatlarimizga ildiz otgan, biroq bularga amal qilish qiyin.
Tariximizning aqldan ozgan yigirma-o‘ttiz yilida hamma tengdoshlarim qatori davr talvasasi oldida butkul esankiragan va ojiz holda qolarkanman, bu kunlarda yozuvchi bo‘lish sharaf degan elas-elas hissiyotdan o‘zimga tayanch topdim, shunga ko‘ra bu tayanch majburiyat yuklaydi va faqat yozish majburiyatini emas. Xususan menga, bizning umumiy tariximiz zarbalarini o‘ziga qaratganlar taqsimlab olgan baxtsizlik va umidlar yukini kuchim va imkonim qadar olish majburiyatini yukladi. Birinchi jahon urushi boshlarida tug‘ilib, Gitler hokimiyat tepasiga kelganida va stalincha qatag‘onlar boshlanganida yigirmaga kirgan tengdoshlarim ma’lumot olishni yakunlayman deb turganida, hayot ularni balolarga giriftor qildi. Ispaniya urushi va ikkinchi jahon urushi azoblar, qamoqxonalar va kontslagerlar qit’asiga aylangan Yevropa muammosi oldiga qo‘ygan bo‘lsa, bugun ular o‘z o‘g‘illarini tarbiyalashi va yadro halokati oldida turgan dunyoda ijod qilishlari kerak. O‘ylaymanki, hech kim ulardan ko‘tarinki kayfiyatni talab qilolmaydi. Shuning uchun, menimcha, o‘ta tushkun ahvolga tushib qolganidan shon-sharaf, or-nomusni unutib ko‘yib, zamonaviy nigilizm botqog‘iga kirib qolganlar bilan kurasha turib, ular aldashayotganini tushunishga harakat qilishimiz kerak. Biroq mening yurtimdagi va Yevropadagi ko‘pchilik nigilizmni rad etgan va tarixni oqilona davom ettirishga kirishib ketgan. Bu odamlar halokatlar davrida yoppasiga o‘z-o‘zini qirib tashlashga qaratilgan intilishlarga qarshi ochiq-oydin kurashmoq va qayta tushlmoq uchun yashab qolish san’atani ishlab chiqishlariga to‘g‘ri keldi.
Har bir avlod o‘zini dunyoni qayta qurishga mas’ul deb hisoblaydi. Men mansub bo‘lgan avlod esa bunday qilolmasligini biladi. Biroq uning vazifasi, ehtimol, undan kattaroqdir. Bu vazifa yer kurrasi yo‘q bo‘lib ketishiga xalal berishdan iborat.
Nosog‘lom tarixni, inqiloblar tanazzuli, quturgan texnikayu tugab bitgan mafkuralar davrini, bevosita hukmronlik qilayotganlar hamma narsani oppa-oson qirib tashlay oladigan, biroq hech kimni o‘z gapiga ishontirolmaydigan, ziyolilari esa tubanlashib, nafrat va zulm malaylariga aylangan davrni o‘ziga meros qilib olgan avlod sodir bo‘layotgan voqealar bilan kelisholmasligining bir o‘ziga tayanib, o‘zida va o‘z atrofida hayot va o‘limga munosib sharoitni tiklashi kerak bo‘ladi. Bu avlod, bizlarning ulug‘ inkivizitorlarimiz istalgan daqiqada o‘lim saltanatiga aylantirib yuborishi mumkin bo‘lgan dunyoning halokatga uchrashi xatari oldida turib tushunadiki, davr bilan poyga o‘ynab telbalarcha yugurishlarda xalqlar o‘rtasida qullikdan nari tinchlikni tiklashi, mehnat va madaniyatni yana kelishtirishi, odamlar orasida totuvlik ko‘prigini qurishi lozim. Bu ulkan vazifani u qachondir bajara oladimi, yo‘qmi, noma’lum, lekin dunyoning har burchagida haqiqat va ozodlik bo‘lishiga umid bog‘lagan, zarur bo‘lsa, bu umidlar uchun nafratlanmasdan o‘lishga tayyor. Bu avlod hamma yoqda, ayniqsa, u o‘zini qurbon qiladigan joylarda olqishlarga va madadlarga sazovor. Shuning uchun men, sizlarning chuqur xayrixohligingizga shubha qilmagan holda, sizlar menga ko‘rsatgan iltifotingizni shu avlodga tegishli deb hisoblashni istardim.
Yozuvchilik kasbining cho‘qqisi haqida gapirganda, men, o‘zining jangovar do‘stlari bilan o‘rtoqlashish uchun, unvondan bo‘lak hech vaqosi yo‘q yozuvchining kimligi haqida bir necha so‘zni aytishni istardim. U o‘jar va ko‘ngli nozik, insofsiz va adolatga chanqoq, o‘z asarlarini hammaning ko‘z o‘ngida uyalmasdan va mag‘rurlanmasdan yaratadi, azob va go‘zallik o‘rtasida mangu ovvorayi sarson va o‘zining mana shunaqangi ikkiga ajralishidan tarixning yemiruvchi harakati yo‘liga qat’iy to‘g‘anoq bo‘ladigan ijodi uchun mavzuni cho‘michlab olishga mahkum.
Undan tayyor javoblarni va nasihatlarni kutish mumkinmi? Haqiqat sirli-sinoatli, ko‘z ilg‘amas, uni har doim yangitdan kurashib qo‘lga kiritishga to‘g‘ri keladi. Ozodlik xatarli, mashaqqatli va orombaxsh. Biz haqiqat va ozodlikka qiyinchilik bilan, biroq qat’iy ilgarilab va bunday olis yo‘lda uchraydigan zaiflik daqiqalarini oldindan ko‘ra bilgan holda borishimiz kerak. Shularni bilgan qaysi yozuvchi, sof vijdon bilan yaxshi fazilatlarning targ‘ibotchisi bo‘lishga jazm eta oladi?
Mening o‘zimga kelsak, tan olishim kerakki, hozir men aytgan fazilatlardan birontasiga ega bo‘lolmadim. Men hech qachon dunyodan, borliqning quvonchlaridan, bolaligimdan o‘rganib qolgan erkin hayotdan voz kecholmaganman. Biroq, bu narsalarning hammasiga intilish mening xatolarim va adashishlarimga sabab bo‘lgan esa-da, bu intilish o‘z kasbimni yaxshi tushunishga yordam berdi, hozirda ham sukut saqlab, o‘zlariga zo‘rlab qabul qildirilgan turmush tarziga, erkinlik baxti yoki u haqidagi xotiralarning ora-chora qisqagina yilt etishi tufayli chidab kelayotganlar bilan instinktiv ravishda yonma-yon turishimda yordamlashyapti.
Nihoyat, mening kimligim, nimalar bilan bog‘langanligim, mening qarzlarim va qiyin e’tiqodim masalalari atrofida mavhum hech nima qolmagan ekan, sizlar menga munosib ko‘rgan bu yuksak mukofotning o‘zim uchun ahamiyati haqida qiynalmay xulosa qilishim mumkin. Aytolamanki, mukofotni, men olib borgan kurashlarda ishtirok etib, hech qanaqa imtiyozlarni qo‘lga kiritmagan, biroq baxtsizlik va qatag‘onlarning tuzini totganlarning xizmatlarini tan olish ramzi deb qabul qilishni xoxdardim. So‘zimning nihoyasida sizlarga chin dildan minnatdorchilik bildirib, har qanday san’atkor har kuni o‘ziga-o‘zi jimgina aytadigan qadimiy sodiqlik qasamini minnatdorchilik sifatida baralla aytaman.
1957 yil
Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi