Ming to‘qqiz yuz o‘n to‘rtinchi yili – biz tomonlarni qiyomat qoyimday qurg‘oqchilik balosi bosgan, beadoq yaylovlarda suruv-suruv qo‘y va sigirlar ochlik va suvsizlikdan yer tepinib-tirishib tosh qotgan. Shu paytlarda Dan Mennion amaki yetmish sakkiz yoshda edi. Yetmish sakkizga chiqquncha, eh-he, nimalarni ko‘rib ulgurmagan deysiz. Bechora, so‘qqaboshlikda o‘zi bilan o‘zi gaplashadigan bo‘lib qolgan, ba’zan-ba’zan tunlari serbarg qarag‘aylarni arang yorib o‘tib, uyini xiragina yoritib turgan yulduzlarga yoki cherkov darvozasi ustida pashshalarni charx urishga majburlayotgan fonusga qarata allanimalarni aytib qichqirardi. Dan amakining chehrasi esa tuganmas urushda vayronaga do‘ngan o‘ydim-chuqur uyga o‘xshar, katta-katta ochilgan ko‘zlarida mangu savol alomati qotib qolgan edi.
U eski-tuski yog‘ochlardan, yo‘l-yo‘l bo‘rtma chiziqli zanglagan temir tunukalardan o‘ziga tiklab olgan kulbada yolg‘iz yashar, kulbasi mana man deb turgan to‘rtta bahaybat qarag‘ayning tagida, cherkov ortidagi yaylovga yopishibgina turardi. To‘rtta qarag‘ayning shoxlari bir qarasang kulba ichidan o‘sib chiqqanga o‘xshar, yana bir qarasang xuddi ayqashib kurash tushayotgan pahlavonlarning qo‘liga o‘xshab ketardi. Pahlavonlar ham biri birini quchoqlab, qotib qolganday, endi ajrasholmay, faqat shamol esgan paytlarida uzundan uzoq oh tortib, chayqalar edi, xolos. Qarag‘aylarning ildizi botgan tuproqqa qalin va yumshoq ignabargli qatlam to‘shalgan; kuzda, yomg‘ir tinmay sevalagan paytlarda ignabarglar orasidan kattakon qalpoqlarini boshga ilib ulkan zamburug‘lar paydo bo‘lardi.
Bunday paytlarda, ayniqsa tongsaharda kulbaning o‘zi ham yer ostidan chiqqan zamburuqqa o‘xshab qolardi. Uy atrofini mog‘or qoplab olar, tomdan to yergacha hamma joyni xirmon-xirmon ignabarglar uyumi bosib ketardi. Eshik oldida yog‘och o‘rindiq turar, g‘arb tomonda ufq qip-qizil bo‘lib lovullardi. Shunday dim kechalarda Dan amaki yerda o‘tirib zichlangan tamakidan bir bo‘lak ushatib olib, trubkasiga tiqar, ezib-ezib bosar, keyin gugurt yoqib tutatganicha, qachonlardir o‘zi sotib olajak fermasi haqida shirin xayollarga berilardi. Uning nazarida, bu ferma atrofida qishin-yozin bir xil issiq havo barqaror turadi, yoqimli yomg‘irlar yog‘adi, qalin maysalar ustida semiz nasldor sigirlar va merinoslar o‘tlab yuradi, vaqti-vaqti bilan jonivorlar bosh ko‘tarib, Dan amaki ishlab yurgan daryo tomon qarab-qarab qo‘yadilar – bu paytda Dan Mennion epchil va qudratli qo‘llari ila devor qurib yurgan bo‘ladi: endi ham bu mustahkam devordan biron-bir yirtqich sakrab o‘tib ko‘rsin-chi! Ha, u o‘ziga tegishli bo‘lgan mulkni, yaylovlarni ana shunday qo‘riqlash uchun lom bilan o‘ra qazib, mustahkam devor o‘rnatib yurgan bo‘ladi…
Dan amaki ishlab charchamas, topganlarini naq ellik yillardan buyon yig‘ib kelmoqda edi. Shu paytgacha Dan amakini yollab ishlatganlar ham uning qilgan ishidan norozi bo‘lgan emas, aksincha, uning vijdonli odamligini og‘izdan bol tomizib maqtashar, baraka topsin, qo‘li gul, halol usta derdilar. “Mana, ishonsa bo‘ladigan kasb-korli hunarmand, derdi ish bergan odamlar, aldamaydi, qing‘ir ish qilmaydi, vijdonan ishlaydi, bayram demaydi, begim kun demaydi, kechayu kunduzi faqat ish, ish, ish…”.
Daryo yoqasidan yer sotib olib, semiz-semiz qo‘y-sigirlarni o‘tlatib qo‘yishni orzu qilib yurgan Dan Mennion amaki mana shunday odam edi!
Ba’zan boy fermer odamlar uni bir oy, bir yarim oyga yollab olib ketishar, Dan amaki borib, xo‘jayinning gapi bilan kartoshka chopig‘imi, devor tiklashmi, qishga o‘tin g‘amlashmi – nima ish buyurishsa, kirishib ketaverar, ko‘ngillari to‘lgan xo‘jayinlar ham unga himmat bilan mo‘l-ko‘l qo‘lhaqi berardi, beli bukilmagan chekdaftarlarini qo‘yindan chiqarib, uning ko‘zi oldida, turgan joyning o‘zida katta-katta raqamlarni yozib berishardi. Garchi Danning o‘zi o‘qish-yozishni bilmasa ham, qaysi chek qog‘ozini kimdan olganini nomma-nom aytib berardi, bo‘lmasa-chi, bu qog‘ozlardagi har bitta imzo – uning mehnatiga berilgan baho, qilgan ishlarining ustiga gultoj bo‘lib qo‘ngan mukofot edi-da! Imzo chekilgan yerda qatorlashib yil, oy va kun sanalari turar, Dan amaki bu sanalarni ham adashmasdan aytib berar, negaki bu sonlarning har biri muhim bir xotirani yodga solib turardi. Bunaqa qog‘ozlardan nechtasi uning doimo qulflog‘li turadigan temir sandiqchasidan joy olmagan deysiz? Bu sandiqchaning kalitiyam begona bo‘lmasdan, shundoqqina ipga bog‘lanib, sandiqchaga yopishibgina turar, ya’ni kalitni izlab yurmayoq g‘aznaqutini ochsa bo‘laverardi. Dan Mennion ferma sotib olish haqidagi shirin xayollarga berilib ketgan kunlari kechasi albatta shu sandiqchani ochib, to‘plangan cheklarni nazardan o‘tkazib olardi. Bunday paytlarda u avaylab bog‘langan chiroyli qog‘ozlarini birma-bir varaqlar ekan, qulog‘i ostida chek yozib bergan odamlarning olqishlari ham eshitilganday bo‘lardi:
– Rahmat-e, Dan, sen bo‘lmaganingda bizning qo‘limizdan nimayam kelardi-ya!
– Devormisan-devor bo‘pti-da o‘ziyam, Dan. Qo‘llaring oltin sening!..
Asl yo‘rtoqi tulpor qo‘shilgan yaltiroq yengil aravachada yuruvchi odamlarning og‘zidan bunday maqtovlarni eshitgan Dan Mennion o‘zida yo‘q iljayib qo‘yardi. Uning nomiga yozilgan chek qog‘ozining birinchisiga bir ming sakkiz yuz oltmish yettinchi yilning birinchi oktyabr sanasi, so‘nggi chekka esa bir ming to‘qqiz yuz o‘n to‘rtinchi yilning o‘ttizinchi iyun sanasi darj qilingan. Ba’zan qilingan mayda-chuyda ishlar uchun unga naqd pul berishar, u bu pullarga tamaki va oziq-ovqat sotib olar, sandiqchadagi g‘aznaga qo‘shib o‘tirmas, g‘aznada bir kuni kelib Dan amakiga ozodlik va mulk bag‘ishlaydigan ishonchli cheklar saqlanardi. Fermerlar ham Dan Mennion nomiga yozilayotgan cheklar o‘zlarining bankdagi hisoblariga sira-sirayam ta’sir etmayotganligidan quvona-quvona, salgina ish topilguday bo‘lsa bas, hammalari Dan amakini izlab qolishardi. Dan Mennion esa ish topilib turganiga xursand, hech kimning so‘zini qaytargisi kelmas, aksincha, ish qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha lazzatlanar, oromdan, uyqudan voz kechib bo‘lsa ham iltimoschilarning ko‘nglini topardi.
Ana shunday kunlarning birida, to‘g‘rirog‘i, ming to‘qqiz yuz o‘n to‘rtinchi yilda biz tomonlarni qurg‘oqchilik bosdi. Tap-taqir havzalarda, yorilib, kesagi chiqib qolgan o‘zanlarda, qurib-qovjirab egilgan daraxtlarning soyalarida suruv-suruv qo‘y-sigirlar qatorasiga oyoq cho‘zib qotib qolgan, butun tevarak-atrofni suvsab, harom o‘lgan jonivorlarning badbo‘y hidi, qo‘zg‘almas-yitmas issiq chang isi tutib ketgandi.
Fermerlar, endi ishchi yollashga cho‘ntaklari dosh bermas, ularning hatto Dan amakini yordamga chorlashga ham pullari yo‘q edi. Ular jonivorlarning oyoq cho‘zib, tosh qotishlariga jovdiraganlaricha qarab turar, kun bo‘yi yomg‘ir yog‘ishini kutishar, ammo yomg‘irdan darak yo‘q edi. Nima qilish kerak? Do‘konlar bo‘shab qolgan, bir chaqa ham qarz bermaydi, banklar pul tarqatishni taqa-taq to‘xtatgan… Hammaning nazdida, kuyib kulga aylangan yaylovlarda faqat jonivorlargina emas, balki odamlar ham tomoqlari qurib jon taslim qilmoqda edi. Dan Mennionni ishlatib, maza topib yurgan xo‘jayinlar endi u kecha-kunduz yaylovlarni aylanib yurganligidan xabardor edilar. Qarag‘aylar ostidagi kulbadan necha chaqirim uzoqdagi yaylovlarda uni ko‘rganlar bor ekan. Dan amaki yaylovdan yaylovga o‘tib yurib, jonivorlarning chanqab o‘lishlarini soatlab kuzatar, qosh qorayganda fonus yoqib, qishloqdan qishloqqa o‘tar, u ko‘targan fonus yorug‘ida qaltiragan oyoqlari qadam tashlagani sayin mayishib-mayishib ketar edi. Uning ikki g‘ildirakli zambilg‘altak sudrab yurganini ko‘rganlar ham bor, ularning aytishlaricha, Dan amaki g‘altakning o‘qini lomdan yasab olgan, zambilga esa o‘lgan sigir va qo‘ylarning terisini joylab qo‘yarkan. Qaysi jonivor o‘lolmay qiynalayotganini ko‘rsa, yetib borib bo‘g‘ziga tig‘ tortib, o‘limini tezlatar, odamlar nazdida mana shuning o‘zi ham jonivorlarga nisbatan rahmdillik bo‘lib ko‘rinar edi. Lekin Dan amakining o‘zi zor qaqshab jon topshirayotgan hayvonlarga yuragi achib, to kulbasiga kela-kelguncha qulog‘i ostidan suv so‘rab ma’rayotgan qo‘ylarning ovozi ketmay, uyga kira-sola o‘zini karavotga otar ekan. Uxlasa, to uyg‘onguncha tushida ma’rayotgan jonivorlarning ovozini eshitib chiqar emish.
Dan Mennion o‘zi bilan o‘zi gaplashishni ham bas qilgan, endi u nuqul ibodat qilardi. Avaylab, chiroylikkina bog‘langan cheklarni har kuni yana bir bor tekislab nazardan o‘tkazardi. Bu pullarga u salqin daryo sohilidan yer sotib olib, ferma bunyod qilmoqchi edi-ya…
Teri sotishdan tushgan pullarni u sandiqchaga solmasdi, faqat yeb-ichish va tamakigagina sarflardi. Teridan tushib turgan pullar ham oz emas, negaki, o‘layotgan jonivorlar son-sanoqsiz edi-da. Jonivorlar har kuni o‘lib turibdi, ular o‘zlarini chanqov va ochlikka giriftor qilgan zaminni suruv-suruv bo‘lib tark etmoqdalar. Faqat jonivorlarning bo‘g‘ziga tig‘ tortib ulgursang, bas. Dan Mennion esa, o‘zini xuddi o‘layotgan bandaning gunohini avf etishga kelgan rohib singari tutib, hayvonlarning hali titrayotgan badanidan joni chiqib olishiga ko‘maklashardi. Bo‘g‘ziga tig‘ tortilgan bechora jonivor tinchib, oyoq cho‘zgani zahot Danning qo‘lidagi o‘tkir pichoq yana ishga tushar, endi hayvonlarning terisini badanidan ajratib olishgina qolardi, xolos. Dan amaki o‘lgan jonivorning u yog‘idan o‘tib, bu yog‘idan o‘tib, bir pasda ishni saranjomlab, loshni teridan chiqarib olardi. Terilarning pitiryog‘ tomonini ichga qaratib, avaylab-o‘rab zambilga joylar va kulbasi tomon uzoq yo‘lga tushardi. Uyida terilarni iylab-oshlab, tuz bilan ishlov berib, qarag‘aylarning tagiga bosib qo‘yadi. Olaman deb tayyor teri izlab yurgan ko‘nchilar ko‘p, ular ertasigayoq kelib, olib ketishadi.
Dim va badbo‘y havoda horib-charchab uyiga yetib kelgan Dan amaki tunlari nafasi siqib, ba’zan uxlayolmay qolardi. Shunday paytlarda, terilarga ishlov berishdan oldin u bir stakan suvga choy sodasini aralashtirib ichib yuborar, bu – bir vaqtlar onasi o‘ylab topgan “darmondori”, shuni ichsa damqismalik o‘tib ketar emish.
Kunlarning birida fermerlarning biri tong bilan kelib, hovuz kavlab berishni iltimos qilmoqchi bo‘ldi. Eshikni qancha qoqmasin, ichkaridan hech qanday sas-sado bo‘lmadi. Shundan keyin qo‘shnilar doktorga odam yuborishdi.
– Yuragi ko‘tarmabdi, – dedi kulbadan chiqib kelgan doktor. – O‘lgan.
Dafn marosimida cherkov atrofiga, qishloq yo‘llariga fermerlarning yaltiragan aravayu foytunlari to‘lib ketdi.
– Uning yiqqanlari ellik mingdan kam emas deyishyapti, balki undan ham ko‘proqdir, – dedi janob Pollard janob Kollinzga. Dan Mennionning sandiqchasidagi cheklarning anchaginasi mana shu ikki janob tomonidan imzolangan edi.
– Bunga ishonsa bo‘ladi, – dedi janob Kollinz uy orqasidagi yaylovni ko‘zdan kechirarkan. – Topgan-tutganini mana shu yerlarga ko‘mib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Odatda qari odamlar pulni hech kimga ishonmaydilar, yerga ko‘madilar. Xo‘sh, vaqt ham bo‘lib qoldi, men ketishim kerak. Yangi yilingiz xayrli kelsin!
– Rahmat, – dedi janob Gollard. – Sizga ham shuni tilayman.
Rus tilidan Muzaffar Ahmad tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son