1-tarjima
O‘RGIMChAK UYaSINING TOLASI
1
Kunlarning birida Budda jannat hovuzining bo‘yida tanho kezib yurardi. Hovuz yuzasi marvariddek oq nilufarlar bilan qoplangan, ularning gulkosalaridan chor atrofga zarif va muattar bo‘y taralar edi.
Jannatda tong pallasi edi.
Xayollar og‘ushiga cho‘mgan Budda to‘xtadi-yu, ko‘zi birdan nilufar gullarining enli yaproqlari aro jilvalanayotgan suv oyinasiga tushdi. Nilufar hovuzining tubida g‘alati manzara namoyon edi.
Jannat hovuzining chuqurligi do‘zaxgacha borib yetgandi.
Shaffof suvda Igna tog‘i va Sandzu daryosi xuddi zarrabin ko‘zchasidagidek, yaqqol, ochiq-oydin ko‘rinib turardi.
Tubsiz do‘zax osiy bandalar bilan to‘lib-toshgandi. Buddaning nigohi Kandata ismli bir osiyga tushdi.
Kandata ashaddiy qaroqchilardan edi. Qarangki, juda ko‘plab qabihliklar qilgan — o‘ldirgan, talagan, odamlarning xonumonini kuydirgan shu bandaning nomai a’molida ham bittagina xayrli ish bor ekan.
Kunlardan bir kun Kandata o‘rmon oralab yurganida, so‘qmoq ustida pildirab ketayotgan o‘rgimchakka ko‘zi tushadi. Kandata uni bosish uchun oyog‘ini ko‘taradi-yu, o‘ylanib qoladi: «Yo‘q, kichik bo‘lsa ham, baribir tirik jonzot-ku. Bekordan-bekorga o‘ldirib savob topmayman».
O‘rgimchakka tegmaydi.
Do‘zax tasvirlarini tomosha qilarkan, Budda qaroqchi Kandataning o‘rgimchakka rahm qilganini eslab, ilojini topsa, birgina shu xayrli ishi uchun bu osiy bandani do‘zax changalidan qutqarmoqchi bo‘ldi. Tasodifni qarangki, shu payt yonida jannat o‘rgimchagini ko‘rib qoldi. O‘rgimchakdan chiqqan ajoyib kumush tola chashma toshlaridek yam-yashil nilufar yaprog‘iga ilinar edi.
Budda ehtiyotkorlik bilan tolani qo‘lga olib, uning bir uchini marvariddek oq nilufarlar orasidan suvga tushirdi. Tola eshila-cho‘zila, axiyri do‘zax tubiga yetib bordi.
2
Kandata do‘zax tubidagi Qon ko‘lida boshqa gunohkorlar qatori goh yuqoriga suzib, goh girdobga cho‘kib, ayanchli qiynoqlarga chidashga majbur edi.
Qayoqqa boqmang, hammayoqni zim-ziyo qorong‘ulik qamrab olgan. Gohi-gohida nimadir qorong‘ulikda milt-milt yorishib ko‘rinardi, xolos. Bu — dahshatli Igna tog‘ining ignalari edi. Mazkur ko‘rinishning butun dahshatini tasvirlashga so‘z topish amri-mahol. Atrof go‘yo qabristondagidek jimjit. Faqat ora-sira osiylarning unsiz xo‘rsinishi quloqqa chalinadi.
Do‘zax tubida ko‘plab azob-uqubatlarga duchor bo‘layotgan bu gunohkor bandalarning ingrashu oh-voh qilishga ham majollari qolmagan edi.
Qon ko‘lining qonida cho‘milib nafasi qaytayotgan buyuk qaroqchi Kandata ham joni uzilayotgan qurbaqadek unsiz tipirchilab qo‘yardi, xolos.
U tuyqus boshini ko‘tarib Qon ko‘lining ustidagi qorong‘ulikka qaradi. Bu timqora bo‘shliq aro, uzoq-uzoqlardagi osmondan, o‘zidan zaifgina yog‘du taratib, go‘yo boshqa gunohkorlar sezmasin uchun ehtiyotkorona bir maromda, o‘rgimchak tolasi tushib kelayotgan edi.
Kandata quvonchdan qarsak chalib yubordi. Bu tolaga ilinib olsa bas, asta-sekin yuqoriga ko‘tarilaveradi. Qarabsizki, do‘zax azobidan forig‘ bo‘lib turibdi-da! Ajabmas, omadi chopib, jannatga ham tushsa. Unda hech kim hech qachon Igna tog‘ining cho‘qqisiga haydab, yana Qon ko‘liga tashlamaydi.
Shu umid yuragiga o‘t yoqib, o‘rgimchak uyasining tolasiga ikki qo‘li bilan qattiq yopishib olib, bor kuchi bilan tepaga tirmasha boshladi. Pixini yorgan o‘g‘ri uchun bu oppa-oson ish edi.
Ammo jahannamdan jannat makonigacha ming-minglab ri* masofa bor.
Harchand urinmasin, tog‘ tepasiga yetib olish oson bo‘lmadi. Yuqoriga tirmasha-tirmasha chiqayotgan Kandatani, ha-ha hatto shunday pahlavonni ham charchoq yengdi. Bir nafasda osmongacha chiqolmadi.
Bir muddat to‘xtab, nafas rostlashdan boshqa iloji yo‘q edi. U to‘xtab, o‘rgimchak uyasining tolasida osilgancha dam olarkan, pastga, chuqur jarlikka qaradi.
Ha, Kandataning chirmashishlari zoe ketmagan ekan. Hozirgina o‘zi azobdan qutulgan Qon ko‘li qorong‘ulik bag‘riga singib yotibdi. Jahannam tubida xira yiltirayotgan qo‘rqinchli Igna tog‘ining cho‘qqisi endi uning oyog‘i ostida. Agar yana shunday chaqqonlik bilan tirmashishda davom etsa jahannam changalidan qutulishi aniq edi.
O‘rgimchak tolasini mahkam qisgan Kandata ko‘p yillardan so‘ng yana birinchi bor inson ovoziga ega bo‘ldi va qah-qah otib kulganicha qichqirdi:
— Xalos bo‘ldim! Xalos bo‘ldim!
Ammo birdan, pastda boshqa son-sanoqsiz gunohkor bandalarning ham o‘rgimchak uyasining tolasiga tirmashib olganlaricha, xuddi chumolilardek saf-saf bo‘lib tobora balandga o‘rmalab chiqayotganliklarini ko‘rdi.
Bu manzaradan qo‘rquv va hayratga tushgan Kandataning ko‘z soqqalari o‘ynab, merovlarcha katta ochilgan og‘zi yopilmay qoldi.
Bu nozik tola uning o‘zini zo‘rg‘a tutib turibdi-yu, shuncha odamni qanday ko‘taradi?! Tola chirt uzilsa bormi, unda o‘zi ham — o‘ylayapsizmi, o‘zi ham! — shuncha azoblar bilan amallab ko‘tarilib olganida, oyog‘i osmondan bo‘lib yana pastga uchadi-ya!..
U o‘ylar ekan, osiy bandalar Qon ko‘lining tubidan mo‘rmalaxday o‘rmalab kelishar edi. Yuzlab, minglab gunohkorlar uzun zanjirdek cho‘zilib, shoshganlaricha ojizgina yog‘du sochayotgan o‘rgimchak uyasining tolasi bo‘ylab chiqishardi.
Tezroq, tezroq biror tadbir qo‘llashi kerak, bo‘lmasa, hozir tola uziladi-yu, jahannam qa’riga uchadi.
Shunda Kandata bor ovozi bilan hayqirib yubordi:
— Hoy osiylar! Bu tola meniki! Sizlarga kim ijozat berdi? Qani, tezda pastga tushinglar! Pastga tushinglar!
Ammo, o‘sha soniyada nima bo‘ldi deng?!
Shuncha vaqt bus-butun, hech bir shikastsiz turgan o‘rgimchak uyasining tolasi aynan o‘sha Kandata ilinib turgan joyidan chirt etib uzildi!
U oh-voh qilishga ham ulgurmay, chirpirak bo‘lib, shamoldek g‘uvillab pastga, qorong‘ulik tubiga uchib ketdi.
Faqat o‘rgimchak uyasi tolasining bir kichik bo‘lagigina, jahannamning yulduzsiz, oysiz osmonida ojiz shu’la taratib osilib turardi.
3
Budda Nilufar hovuzining chetida turib, nimalar bo‘layotganini boshdan-oyoq kuzatdi. Kandata xuddi uloqtirilgan toshdek, Qon ko‘lining tubiga cho‘kkanida Buddaning yuzi ma’yus tortib, yana o‘z sayrida davom etdi.
Kandataning yuragiga mehr-shafqat tuyg‘usi yot edi. U qanday qilib bo‘lsa ham faqat o‘zim jahannamdan qutulib qolay, degan edi. Shunga yarasha jazosini oldi: do‘zax girdobiga itqitib yuborildi. Budda uchun bu ayanchli va ezgin manzara edi.
Nilufar ko‘lidagi nilufarlar esa bularning bariga beparvo edilar.
Ularning marvariddek oppoq kosachalari Buddaning poyida ohista chayqalardi.
Buddaning har bir odimi bilan nilufarlarning gulkosalaridan chor atrofga zarif va muattar bo‘y taralardi.
Jannatda vaqt peshinga yaqinlashib qolgan edi.
O‘rischadan Dilshod Nurulloh tarjimasi.
«Sharq yulduzi» jurnali, 1991 yil, 10-son.
________________________
Ri – masofa o‘lchovi
2-tarjima
O‘RGIMChAK TO‘RI
1
Kunlardan bir kun Budda yolg‘iz o‘zi jannat hovuzi atrofida sayr qilib yurardi.
Hovuzda marvariddek oppoq nilufarlar qiyg‘os ochilgan, ularning oltinday tovlanayotgan o‘zagidan dillarni sarxush etguvchi yoqimli is taralardi.
Jannatda subhidam edi.
Budda o‘yga tolgancha to‘xtab qoldi. Kutilmaganda uning nigohi hovuz oynasiga tushdi. Nilufargullarning ulkan yaproqlari orasida hovuzning tub-tubida nimalar ro‘y berayotgani ko‘zguda akslanganday aniq ko‘rinib turardi. Nilufargullar hovuzi shu qadar chuqur ediki, u do‘zax atalmish joyning tub-tubigacha yetib borardi.
Zilol suvda Igna tog‘u, do‘zaxning Sandzu daryosi durbindan qaraganday ko‘rinayotgandi.
U yerda, jahannam qa’rida osiy bandalar bijg‘ib yotishardiki… Nogahon Buddaning nigohi Kandata ismli bir osiyga tushdi.
Kandata deganlari uchchiga chiqqan qaroqchi bo‘lib, bir paytlar hammani qiyratgandi. U misli ko‘rilmagan qonxo‘rliklar qilib, odam o‘ldirgan, kemalarni talagan, xonadonlarga o‘t qo‘ygandi. Biroq shunga qaramay, o‘sha jallod ham umrida birgina yaxshilik qilgan ekan.
Kunlarning birida o‘rmon oralab ketayotib, uning ko‘zi mittigina o‘rgimchakka tushib qoladi. Uni bosishga shaylanib oyog‘ini ko‘taradi-yu, shashtidan qaytadi: “Bunday qilmaganim ma’qul. Kichkina bo‘lsayam jonli maxluq-ku! Bekordan-bekorga o‘ldirish uvol!”
O‘shanda u o‘rgimchakka rahm qilgandi.
Do‘zaxdagi voqealarni ko‘z o‘ngidan o‘tkazarkan Budda, bir paytlar Kandata o‘rgimchakka hayot in’om etganini xotirlab, agar imkoni bo‘lsa, birgina shu olijanob ishi uchun gunohkorni do‘zax qa’ridan chiqarib olishni istadi. Nogahon Budda jannat o‘rgimchagini uchratdi-yu, muammo hal bo‘la qoldi. O‘rgimchak yam-yashil nilufar bargiga ajoyib kumush to‘r solgandi.
Budda o‘ta nozik rishtani qo‘liga olib, oppoq nilufarlar aro suvga botirdi. Kumush rishta ohista tebrangancha jahannam qa’riga tusha boshladi.
2
U yerda, do‘zaxi a’lamda Kandata boshqa gunohkorlar qatorida Xun daryosida mislsiz azob chekayotgandi. U bir girdobga tushib qolar, xunga g‘arq bo‘lar, yana amallab tepaga qalqib chiqardi.
Qayerga qaramang, hamma yerda zulmat hukmron. Faqat onda-sonda qorong‘ulik bag‘rida xira nur paydo bo‘lardi. Bu Igna tog‘ vahshatini tasvirlashga til ojiz. Xira yog‘du ham asli ko‘z tushganda etni junjiktirguvchi shu ignalardan taralayotgandi. Atrof mozoristonday jimjit, faqat onda-sonda so‘ngagigacha o‘rtanayotgan gunohkorlar oh-vohi eshitilib qolardi.
Jahannam qa’ridagi osiy bandalar, ming yillardan buyon azoblanar, shu bois, ularning yig‘lashga ham, ingrashga ham majollari kelmasdi.
Shu bois hatto uchchiga chiqqan kallakesar Kandata ham qonli ko‘lda xun yutib, o‘layotgan qurbaqaday bemador to‘lg‘anardi.
Banogoh Kandata boshini ko‘tardi-yu, Xun daryosi uzra zulmatga boqdi. Ana shu so‘ngsiz zulmat qa’ridan, olis-olislardagi osmondan unga qarab, bilinar-bilinmas, xuddi uni boshqa osiylar ko‘rib qolishlaridan cho‘chiganday, o‘zidan xira nur sochib, kumush rishta, ohista tushib kelayotgandi.
Kandata quvonganidan chapak chalib yubordi. Ana shu ipga yopishib olsa bo‘lgani, keyin undan yuqorilayveradi. Ajabmas, shu bahona jahannam azoblaridan qutulib qolsa!
Baxti kulib, omadi chopsa, balki jannatga kirish ham nasib etar. Shunda uni Igna tog‘ga chiqishga majburlamaydilar yoki qon daryosiga botirmaydilar. Dilida umid uyg‘ongan on Kandata o‘rgimchak ipini ikki qo‘llab mahkam ushlab oldi-yu, undan yuqoriga ko‘tarila boshladi.
Tabiiyki, tajribali o‘g‘riga arqondan tepaga chiqish qiyin ish emas.
Biroq jahannamdan jannatgacha yo‘l minglab metrni tashkil etardi. Qanchalik urinmasin, tog‘ cho‘qqisiga yetish “oh”, qanchalar mashaqqat. Kandata yuqoriga chiqaverdi, chiqaverdi, nihoyat shunday baquvvat o‘g‘rining ham qo‘llari toldi. Osmonga qadar dam olmay chiqib bo‘lmadi. Yarim yo‘lda to‘xtab, o‘rgimchak ipiga osilgancha pastga, jahannam tubiga boqdi. Ipday ingichka rishtadan dovon oshib bekorga shunchalik qiynalmabdi. Yaqindagina uni chidab bo‘lmas azoblarga giriftor etayotgan Xun daryosi zulmat ichra qolib ketibdi. Igna tog‘ cho‘qqisi esa, jahannam qa’rida xanjar tishlarini yaraqlatgancha, oyoqlari ostida turardi. Agar u shunday chaqqonlik bilan tirishsa, balki chindanam jahannamdan quyon bo‘lar…
Ipga qattiq yopishgancha, Kandata necha yillardan keyin ilk bor tili aylanib, xoxolab kuldi-da, baqirdi:
— Qutuldim! Qutuldim!
U banogoh boshqa gunohkorlar ham chumoliday turnaqator bo‘lib, uning ortidan ergashayotganini, hisobsiz bandalar ojizgina ipga yopishib, yuqoriga intilayotganini ko‘rib qoldi.
Bu manzarani ko‘rib, Kandata ham qo‘rquv, ham hayratdan og‘zini ochgancha qoldi. Ko‘zlari kosasidan chiqayozdi.
Ingichka o‘rgimchak ipi uning o‘zini arang ko‘tarayotgandi-ku, bunchalik ko‘p odamga u qanday dosh bersin!
Agar ip uzilib ketsa bormi, unda uning o‘zi ham, bir o‘ylab ko‘ring-a, u ham, shunday tepaga chiqqanida to‘ppa-to‘g‘ri jahannamga qulaydi. Shunda ozodlik bilan vidolashaveradi!
Kandata o‘yga tolgan paytda, minglab gunohkorlar Xun daryosi tubidan chiqib, yuqoriga o‘rmalayotgandi. Yuzlab, minglab gunohkorlar osmonga osilgan uzun zanjirday bo‘lib ingichka nur ipdan shosha-pisha yuqoriga ko‘tarilardi. Tezroq nimadir qilish kerak, aks holda ip uzilib, uning jahannamga qulashi hech gapmas.
Kandata ovozini boricha bo‘kirib yubordi.
— Hey, do‘zaxiylar! Bu mening ipim! Unga chiqqani senlarga kim ruxsat berdi? Qani chaqqon-chaqqon tushlaring pastga!
Ammo xuddi shu daqiqada nima yuz berdi deng?
Shu paytgacha bus-butun turgan ip, aynan Kandata ushlagan joydan charsillab uzilib ketdi. U hatto “oh” deyishga ham ulgurmay, chirpirak bo‘lib aylangancha zulmat qa’riga quladi.
Faqat jahannamning oy-yulduzlardan mahrum qop-qora osmonida kumush rishtaning qolgan yarmi ingichka nurmisol chayqalib turardi.
3
Nilufar hovuzi qirg‘og‘ida Budda voqeani miridan-sirigacha ko‘rib, kuzatib turardi. Kandata suvga otilgan toshday bo‘lib, Xun daryosining eng tubiga tushgach, Budda g‘amgin qiyofada o‘rnidan turdi-yu, sayrni davom ettirdi.
Kandataning yuragida rahmdillikdan asar ham yo‘q ekan. U jahannamdan yakkash o‘zigina qutulmoqchi bo‘ldi va qilmishiga yarasha jazolandi: u qaytadan jahannam girdobiga itqitildi. Buddaning nigohida bu qanchalar achinarli, nechog‘li sharmandalik edi!
Ammo ko‘ldagi nilufargullar voqeaga nisbatan loqayd qoldilar.
Marjonday oppoq gulbarglari Buddaning poyi ostida ohista tebranar, u har qadam tashlaganida esa gullarning oltinday o‘zagidan jannatiy iforlar taralardi.
Jannatda peshin yaqin.
Mavluda Ibrohimova tarjimasi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 12-son