Markaziy qamoqxona, Haydarobod
1951 yil 7 iyun
…Mana endi senga ochig‘ini aytsam bo‘ladi: panjara ortida o‘tkazgan vaqtlarim ichida Lohurdagi o‘sha uch-to‘rt kun men uchun eng og‘iri bo‘ldi. O‘shanda men sen uchun katta ahamiyatga ega, ammo ular uchun bir tiyinga qimmat ishni deb seni sevuvchilarni azoblash naqadar adolatsizlik ekanini birinchi marta angladim. Hatto g‘oyaga ishonish ham anglab bo‘lmas xudbinlikka aylanarkan, xudbinlik esa boshqalar uchun aziz bo‘lgan va ularga azob beradigan narsani unutishga majbur etarkan. Ammo kurashni to‘xtatish bilan ahvolni o‘nglab bo‘lmaydi – hayotning tub mag‘izi xuddi shunda-ku, aslida – balki yaqin odamlaringni buni tushunishga o‘rgatmoq kerak, vassalom.
Men o‘zimda va boshqalarda ko‘plab kutilmagan kashfiyotlar qildim, bular: o‘zimda yo‘qligiga yuz foiz ishonib yurgan zaiflik, ilgari atrofdagilarning men payqamagan olchoqliklariyu oliyjanobliklari. Xoh ishon-xoh ishonma, yangi sinov uchun taqdirimdan roziman va shu narsaga ishonchim komilki, bu yerdan chiqqach, yanada butun odam bo‘laman. Yanada butun deganimga sabab shuki, bu yerda men bir narsani tushunib yetdim: o‘zingda boridan iloji boricha yaxshiroq foydalanish eng to‘g‘ri yo‘l ekan, sen o‘zingni aslingdagidek emas, boshqa birov deb tasavvur etishga harakat qilsang, umring zoye ketdi. Bu muqarrar ravishda og‘ir xatolar va o‘z-o‘zini aldashga olib keladi. Ilgari senga yozgan edim – men qamoqxonada har qanday tavakkalchilik yoki xavotir sezgisini yo‘qotib ulgurganman (darvoqe, bundan u qadar qayg‘uga botganim yo‘q), chunki men bir narsani aniq bilardim – men nainki jinoyat sodir etmaganman, balki loaqal shart bo‘lgan narsaga tirnoqcha shak keltirmaganman!
1951 yil 24 iyun
…Turib-turib insonning aqliga ham qoyil qolasan-da, kishi! Keyingi uch oy ichida men nuqul boshlanay-boshlanay deb turgan sud borasida o‘ylab, o‘yimning tagiga yetolmayman, endi esa, sud boshlangach, u zarracha parvoyimga kelmayotganidan o‘zim hayron qolaman. Men bu juda jiddiy narsa, u bilan hazillashib bo‘lmaydi deb o‘zimni harchand ishontirishga harakat qilamanu, biroq aqlim, qani, o‘ylarim yo‘rig‘iga yursa – “yo‘q, undoq emas, bundoq” deb o‘zinikini ma’qullaydi. Menga qandaydir aql bovar qilmas ko‘zboylag‘ich o‘yini o‘ynalayotgandek, u qanday boshlangan bo‘lsa, o‘shanday tuyqus uzilib qoladigandek tuyulardi, u nihoyasiga yetganda esa, mening tutqindaligimdan ko‘ra ortiqroq ma’no va mantiq kasb etmaydi.
1951 yil 30 oktyabr
Bugun to‘yimizning o‘n yilligi. Kel, men senga yoki, kel, bir-birimizga kundan-kun oilaviy baxt tilaylik, azizam. O‘tgan o‘n yil ichida ozmuncha baxt ko‘rmadikmi, biz qayg‘uni ham ko‘rdik, lekin vijdonimizda sobit qoldik, bu esa yashashimiz uchun eng kerakli narsa. Bu o‘n yil abadiy ikkovimizniki bo‘lib qoldi, ularni bizdan hech kim tortib ololmaydi.
Sen uyda yolg‘izlanib qoldim, deb yozibsan. Buni tushunaman. Ayriliq haqida o‘ylaganingda azobi chandon oshishini bilaman. Hozir haqida muttasil o‘ylash imkoni yo‘qdir, ammo undagi hamma narsamni birdek qabul qilmaslik mumkin. Buning uchun fikrni xotiralarga – o‘tmishimiz baxtli edi va kelajakdagi o‘ylarga – kelajagimiz yanada baxtli bo‘ladi – jamlash kerak. Men shunday qilaman ham. Men har doim o‘tmishni boshqatdan boshdan kechirishga harakat qilaman; men uni daqiqalarga maydalab chiqaman-da, boshqatdan to‘playman. Men kelajakning qaysidir ulushini boshdan kechirishga ulgurdim, har gal uni yangicha tasavvur qilaman. Bu xiyla behuda mashg‘ulot ekanini tushunaman, voqelik talabi orzu parvozi bilan hadeganda chiqishavermaydi, ammo bu jilla qursa mendan hozirdan qochishimga imkon beradi. Bo‘lmasa-chi, voqelikdan qochishga harakat qilish – uncha maqtagulik ish emas, ammo seni qo‘l va oyoqlaringdan bog‘lab tashlashgach, bu ozodlik sari yagona yo‘l bo‘lib qoladi – ozodlik esa har doim ajoyibdir! Nima bo‘lganda ham shu yo‘l bilan men qamoqxona panjaralarini mutlaqo novoqe’ va nomoddiy narsalarga aylantira oldim va ularni esdan chiqardim.
Ammo bular bari dahshatli ravishda balandparvoz yangraydi, shu bois, kel, yaxshisi, boshqa narsalar haqida gaplashaylik.
1951 yil 9 noyabr
…Hayot menga bergan hamma narsa haqidagi, tanti erkaklar va oqko‘ngil ayollar haqidagi, barcha qish kunlari va yoz tunlari, yomg‘irlar, quyosh chiqishiyu botishi haqidagi, yangi oy o‘rog‘i, oylar, tovushlar, bo‘ylar va gullar haqidagi esdaliklar, yerdagi quvonchlar beshumorligi haqidagi fikr bu yerda, rangi sovuq qamoqxonada goho yuragimni ilgari men hech bilmagan betinim shod-xurramlikka to‘ldirib yuboradi. Bizni sotgan barmoq bilan sanarli do‘stlar, har zamon-har zamonda xurram qiluvchi sog‘inch, goho hayot bizni olabo‘ji qilib qo‘rqitadigan badbashara ko‘lkalar biron nimaga arziydimi o‘zi? Bir chaqaga ham arzimaydi. Buni oxirigacha tushunmoq uchun bir qur bo‘lsa ham qamoqqa tushmoq kerak. Bilasanmi, qamoqxona – mutlaqo alohida, qariyb narigi dunyo: atrofdagi narsalar birdan dahshatli darajada olislab ketadi va o‘tib bo‘lmas qamoqxona devorlaridan ro‘parangda bepoyon olam o‘zining bor jilvasi bilan namoyon bo‘ladi va sen beixtiyor orziqib yer haqida o‘ylay boshlaysan. Albatta, yer agar ko‘nglingga zig‘ir yog‘dek urmagan bo‘lsa.
Xatlarimda to‘lib-toshgan bunday be’maniliklar yuragingga dahshat solmas deb umid qilaman (bizga odatda ob-havo to‘g‘risidagina yozish yo‘l qo‘yilgan, ishlar haqida yozish mumkin emas). Ammo bu men faqat o‘z kechinmalarim haqidagini o‘ylay boshlaganimni bildirmaydi. Aksincha. Nazarimda, dunyoda nimalar ro‘y berayotganini har doimgidan yaxshiroq tasavvur hosil qilayotgandayman, mutolaa va xayol surishga bu yerda vaqtim anchagina.
1951 yil 28 noyabr
Menga Chexovni yuborganingdan behad xursandman va men uni huzur qilib o‘qiyotirman. U yozgan har bir narsa chuqur mehr bilan yo‘g‘rilgan. Fojia haqida yozganda ham u o‘zining bor yurak qo‘rini to‘kib soladi va sho‘rpeshona qahramonlari hayotini ham o‘ta hamdardlik va kelajagiga umid bilan tasvirlaydiki, ular o‘z go‘zalligi bilan kishini hayratga soladi.
1952 yil 15 yanvar
Sevgilim!
Bugun havo ochiq, ajoyib kun. G‘ir-g‘ir shabada esib turibdi. Shabada chang ko‘tarmaydi, badanga ninaday sanchilmaydi… Shabada va quyosh zindonim panjarasiga to‘qinib o‘ynayapti, deraza quyosh nurlariga ko‘miladi va nurlar yozayotgan satrlarim uzra jilvalanadi. Allaqayerda radio yangraydi, kinofilmlardan berilayotgan qo‘shiqlar qamoqxona ortidagi bola-baqralarning shodon qiy-chuviga qo‘shilib ketadi. Bular bari shu qadar go‘zalki, kulging ham, yig‘laging ham keladi. Menga berilgan romanni oxirigacha o‘qib qo‘yishga intiqman. U “Siyosiy arbob” deb ataladi, muallif – Jeyms Oldrij. Men yaxshi kitob o‘qimaganimga juda ko‘p, juda ko‘p vaqtlar bo‘ldi. Iloji bo‘lsa, uni topib kel menga, sen bilan baham ko‘rsam deyman. Sirasini aytganda, romanda inglizlarning Erondagi g‘alamisliklari haqida hikoya qilinadi, ammo gap mavzuda emas. Kitob insonning hayot bizni muqarrar tarzda ichiga olib kirib ketadigan ijtimoiy va axloqiy ziddiyatlarga munosabatidan kelib chiquvchi muammolarga bag‘ishlangan; u har birimiz o‘z yalovimizni qanday ko‘tarib borayotganimiz haqida hikoya qiladi. Nazarimda, “Siyosiy arbob” bizni vaqti-vaqti bilan qamrab oladigan umidsizlik va behudalik tuyg‘usining paydo bo‘lish sabablarini izohlab beradi, inson baxti uchun kurash og‘ir va so‘ngsizday ko‘rinadi, o‘zimiz esa nochor, benavo, luzumsizdaymiz, kurash ko‘lami esa koinot singari bepoyonday tuyuladi. Bordi-yu, kurash shaxs nuqtai nazaridan qarab chiqilsa (biz shunday qilamiz ham), o‘sha tuyg‘u paydo bo‘lmay qolmaydi. Ahvolning tuturuqsizligi ana shundan iborat – kurash bir ayolni sevib qolganday yoki tobi qochgan bolakayday qandaydir shaxsiy narsa emas. Uni faqatgina jamoatchilik nuqtai nazaridan qarab chiqish kerak va o‘shanda bu kurash nechog‘li to‘laqonli, nechog‘li maqsadli va nechog‘li unda g‘alabaga ishonch sobit ekanligini tushunasan, kishi. Bu nuqtai nazarda barqaror turishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta: shaxs sifatida dunyoda hech nimaga arzimaymiz deb o‘zingga o‘zing uqtirish uchun g‘ururimiz yo‘l qo‘ymaydi.
Men har doim kibr, bu – o‘z shaxsiyatingga va u bilan bog‘liq muammolarga nisbatan oshirib-toshirilgan e’tiboring bo‘lib, odamzoddagi barcha musibatlarning o‘q tomiri deb hisoblaganman. O‘zingga ishonmaslik, o‘zingga achinish kabi tuyg‘ular shundan kelib chiqadi – go‘yo Koinot sen xohlaganingday qilib yaralmaganday.
Butunligi bilan maqtana olmaydigan va o‘z “men”ining qandaydir katta, ijtimoiylikka mengzashini anglashga ojiz sen va men kabi odamlar uchun shaxsiy baxtning kemtikligini, ishimizning o‘nglanmasligini va o‘zimizga achinishimizni his etish – tabiiy va muqarrar narsadir. Men, xususan, bu borada o‘zimni sendan ko‘ra gunohkorroq deb bilaman, bu ham kibrning bir zuhuri – faqat sal boshqacharoq va ehtimolki, tuban xili…
1952 yil 22 yanvar
Umrning odamga qanday ta’sir qilishini tavsiflash qiyin. Biz asta-sekinlik bilan va kishi bilmas qarib boraveramiz, shu bois yigirma yil oldingidek ko‘rinmasligingni tasavvur qilish haddan tashqari mushkul. Qandayligimiz haqidagi bizning shaxsiy tasavvurimiz shu qadar sekin o‘zgaradiki, atrofdagilar uchun biz ilgarigidek qolib ketgandek bo‘lib tuyulamiz, shunda o‘tgan umrimiz yuzimizga qarishning yaqqol alomatlari bilan chuqur-chuqur qilib chizib tashlaydi…
1952 yil 2 fevral
Jonginam!
Yana bir oy o‘tdi. Havo yana o‘zgardi. Endi osmon bulutli, shamolu, ammo sovuq emas. Tushki quyosh ham qandaydir jonsizday, bulutlar orasiga singib ketgan. Bunday havoda atrofdagi hamma narsa soxtadek ko‘rinadi, narsalar g‘ubor qa’riga chekinadi va o‘zingni tushda yashayotganday his qilasan, go‘yo; bundan mungli yuragim hilja-hilja bo‘lib ketadi, ammo undan chinakamiga hayajonlana olmayman.
…Darvoqe, “Pakistan tayms” uchun radio eshittirish haqidagi maqolani kim yozyapti? Chakki emas! Bu yerga kelib tushganimgacha men radioeshittirishimizni biron marta ham tinglamaganman va ularning bu qadar yomonligini bilmasdim ham, holbuki, umuman olganda, buning nima ekani bir Xudogagina ayon. Endi uni tinglay boshlaganimda ular mening eng ma’yus umidlarimdan ham oshib tusharkan. Balki bu bilan jiddiyroq shug‘ullanishni tanqidchilardan bitta-yarimtasiga topshirgan ma’quldir? Umrim bino bo‘lib bunaqa narsalarni tinglamaganman! “So‘nggi axborot”larning to‘rtdan uch qismi falon vazirning allaqachon minglab marta aytgan va ta’kidlagan narsani “aytgan” va “ta’kidlagan”iga bag‘ishlangan. Bizning radiomiz shunchaki “So‘nggi axborot” bilan rasmiy kommyunike[1] o‘rtasidagi farqni bilmaydi, xolos.
…Oldin yozganimdek, qamoqxona hayoti bizning mayda xudbinona zaifliklarimizni yuzaga qalqitib chiqaradi va yanada yaqqolroq qilib namoyon etadi. Haramdagi kanizaklar ahvoli ruhiyasini ilgari hech qachon bu qadar yaxshi tasavvur etmagandim. Dunyochasini to‘ldirib turuvchi va undan barcha katta va haqiqiy narsani siqib chiqaruvchi bir chaqaga qimmat g‘ussalar tufayli paydo bo‘lgan ularning maydakashliklarini, umrbodlik iztiroblarini endi tushunaman; men ularning xudbinligi va o‘zlariga achinishlarini, badbinligi va injiqliklarini, isyonkorligi va qullarcha itoatkorligini, ishsizlik jazavalari va o‘lib-tirilib chop-chop qilishlarini, odatda, qullik va mahbuslikda hamroh bo‘luvchi bu barcha hodisalarini tushunaman. Erkinlikdagi odamlar buni qayoqdan ham tushunsin. Baribir bu yerdagi hayot ham tasodiflarga to‘la. Tunov kuni radioni qo‘ydim – Dehlidan hind musiqasini tinglagim kelib qoldi… xo‘sh, nima deb o‘ylaysan: men nimani tingladim? Ikki dunyoda ham topolmaysan! Mening bilishimcha, barcha zamonlarning buyuk skripkachisi bo‘lmish Ieguda Menuxin[2] Bax va Paganini asarlarini chalardi.
…Keyin bu tugagach, men o‘yga cho‘mdim va juda xafa bo‘lib ketdim, tinglaganlarimga havasim ortdi. Mamlakatimiz besh yoshga to‘ldi, biz esa xalqimizni haqiqiy san’atga, madaniyatga, oliy lazzatga biron marta ham oshno tutintirolmadik. Holbuki, bizda “ko‘ngilochar” degan narsalar Xudo urib yotibdi. Bizning qo‘limizdan kelgan yagona narsa bu – hech kimning bir chaqalik ishi bo‘lmagan muammolarni muhokama qilish uchun butun dunyodan bir hovuchgina keksa ahmoqlarni to‘plash, ularni yeb-ichirish, keyin esa tomoq yirtib ma’ruzalar qilish, so‘ng… hammasini birvarakayiga unutish. Hindiston Pokistondan katta, ammo madaniyat darajasi miqyos bilan emas, balki hayot tarzi va tafakkuri bilan belgilanadi. Modomiki, biz o‘z xalqimizga madaniyat berishning uddasidan chiqolmas ekanmiz, unda nima uchun loaqal uning qanday narsa ekanini ko‘rsatib qo‘ymaylik?! Umuman olganda esa ertami-kechmi shunday bo‘ladi ham.
Men hayot tasodiflarga to‘la deb yozgan edim. O‘tgan haftada o‘z zindonxonasida indamay shirinlik urayotgani uchun biz yaxshigina dashnom bergan bir yigitcha uyiga xat yozibdi va unga sabzi holvasidan yuborishlarini so‘rabdi. Unga bir aravachada holva keldi va bu mubolag‘a emas. Uchta katta-katta kastryulda holva – ana kerak bo‘lsa! Ko‘z oldingga keltirayapsanmi? Qancha sabzi, shakar va yog‘ ketdi ekan bunga? Biz qishloqda holvani qanday pishirishlarini ta’riflashga harakat qildik – aravadagi sabzilarni tushirish, yog‘ qizdirilgan qozonlar, bir dunyo o‘tin va butun nohiyada duv-duv gap-so‘zlar. Bu voqea afsonaga aylanishi va avloddan-avlodga o‘tishi mumkin, u haqda qo‘shiqlar to‘qilib, ertaklar so‘zlaydilar, chunki bashariyat tarixi bu qadar ko‘p holva pishirilishini boshqa hech joyda hech qachon ko‘rgan emas. Biz nonushtada ham, tushlikda ham va kechlikda ham yeganimiz faqat holva bo‘lib qoldi.
1952 yil 25 mart
… Xatingni o‘qib qattiq ezildim, o‘n dardimga yana bir dard qo‘shildi. Bilaman, qanchalik ezilganing uchun senda sabablar to‘lib-toshib yotibdi, ammo bu kayfiyat bilan kurash olib borishing uchun sendan ozmuncha iroda kuchi talab etilmaydi. Bunday noteng jangda o‘zingni urintirib qo‘ymasliging kerak, hammasi o‘rniga tushgandagi charchoq boshqacha bo‘ladi. Mening fikrlarim senga erish tuyulishi mumkin, ammo bu bor gap: shunchaki kurashish kamlik qiladi, o‘zingni ayamay, jon-jahding bilan olishishing kerak – buni uddalash g‘oyat muhim, aks holda kurash og‘ir kechadi va yengib chiqishimga umid kamroq bo‘ladi. Bilaman, hammasi insonning fe’l-atvoriga bog‘liq va keraklicha ish tutish uchun har doim ham imkon bo‘lavermaydi, ammo bunga intilish har holda zarur. Qamoqxonada o‘tirib senga yordam berishim amrimahol, mendan faqat yaxshi so‘zlaru samarasiz maslahatlar chiqadi, xolos. Senga ishonganim uchun shunga jahd qilayapman va senga o‘zimning muhabbatimnigina nisor etishdan o‘zga choram yo‘q hozir.
1952 yil 11 may
“Ayollar uchun va yoshlar uchun” rukniga doir o‘z fikrlarimni bayon qilgan edim. Nazarimda, bu ruknda, qolaversa, butun ro‘znomada dalillar va hujjatli ashyolar ozdek ko‘rinadi. Nima desang deyaveru, bu ma’noda yankilarning ishlashiga gap yo‘q va biz ulardan juda ko‘p narsalarni o‘rganishimiz mumkin. Dalillardan ishonchliroq asos yo‘q, agar fikrni tasdiqlovchi dalillar bo‘lmasa, eng ajoyib mulohazalar ham suv betidagi pufakday paq etib yoriladi. Senga bir taklifim bor. Xotin-qizlar ijtimoiy hayotining har qanday jabhasini olib ko‘r – sog‘liqni saqlash jihatini, xohlasang. Avvalo uning umumiy holatiga nazar sol. Muayyan viloyatda nechta ayol yashaydi? …Barcha kasalxonalarimizda xotin-qizlar uchun nechta karavot, nechta ayol shifokor, yordamchi, doya, hamshira bor? Raqamlarni tegishli vazirlikdan olsa bo‘ladi. Qolganini chamalab chiqish qiyin emas. Bir karavotga bir ming yigirma nafar ayol to‘g‘ri keladi, bitta shifokorga esa… Keyin muammoni boshqa jihatga olib o‘tiladi. Xotin-qizlar asosan nimadan qiynalishayapti? Menimcha, sildan, ayollar kasalliklaridan, ko‘p bola tug‘ishdan ham. Sil kasalliklarga nechta karavot, nechta shifokor ajratilishini sen bilasan va h.k., bir oyda kasalxonaga nechta sil kasali bilan og‘rigan bemor kelishini ham bilasan. Keyin sil muolajasi qo‘yilishining o‘rtacha qiymatini olasan-da, uni sil eng ko‘p taraqalgan joydagi toifa oilasining byudjeti bilan solishtirasan. Shu tariqa har kuni nechta bola tug‘ilishini bilib olgach, nechta ayol tibbiy yordamsiz sog‘ayib ketishga majbur bo‘lishini hisoblab chiqish qiyin emas.
Xalq ta’limi haqida ham yozish kerak. Ayniqsa, shuni ta’kidlash kerakki, har bir yosh avlod maktablar yo‘qligidan savodsizlikka mahkum. Misol uchun ikkita raqamni ol – yosh qizlar miqdori va qizlar maktabidagi o‘rinlar miqdori. Mening hisob-kitoblarim bo‘yicha, qizlarning o‘n foizga yaqini savodli bo‘lishga umid bog‘lashi mumkin. Davlat maktablari haqida, deylik, qizaloqlar oftob tig‘ida o‘tirib o‘qiydigan va muallimlar taglariga g‘isht qo‘yib o‘qitadigan Lohurni olaylik. Aytganday, bordi-yu, sinfda o‘quvchi qizlar me’yordagidan ortiqroq bo‘lsa, muallima buning uchun “shohona” ustama oladi – bir oyga sakkiz anna[3]!
Universitetda nechta talaba qiz bor hamda ularning o‘rta maktablar va kollejlar bituruvchilari miqdoridan necha foizini tashkil etishlarini bilsa bo‘ladi. Qizlardan nechtasi har yili universitetni bitiradi – ulardan nechtasi o‘ziga ish topa oladi – besh-o‘n foizdan ortiq bo‘lmasa kerak! Faqat maktabni bitirganlar haqida esa gapirib o‘tirmayman!..
…Katta yangilik – mushugimiz yana bolaladi.
Uch egizak – ikkitasi oq, bittasi – ola-bula. Mushuklarni (har qanaqasini) xush ko‘rmasligim chatoq-da, o‘rtoqlarim esa, mushuk desa jonini bergudek bo‘lishadi…
1952 yil 29 may
Kunlar shunaqangi uzaygan-ey, bamisoli do‘zax. Xuddi nasha kabi jazirama issiq jism bilan jonni bir-biridan ajratib tashlaydi va ularni so‘ngsiz, behuda, masxaraomuz bahslar girdobiga uloqtiradi… Baribir ham jazirama issiq na-da judolik va g‘ussa tuyg‘ularini, na-da narsalarning umumiy silsilasidagi sa’y-harakatlar samarasizligi sezgilarini, na-da umid qilmoq va ishonmoqlikka intilishni chekintira oladi. Goho g‘ussa suv devoriday ustingdan bosib, nafasingni bo‘g‘adi, ammo hayot hali ko‘rkini yo‘qotmaganligi haqidagi o‘y devorni million rangli kamalaklarga parchalab tashlaydi.
1952 yil 2 iyun
Jazirama sal qaytdi, mana, to‘rt kundan beri havo benihoya yaxshi. Tunlari oydinda qamoqxona devorlari bir-biriga qovushib ketadi, zindonxonaning yeridan yashil soyalar sirg‘alib o‘tadi va shamolda uchgan yaproq shitiri olis tog‘ jilg‘asining shildirashini esga soladi. O‘tgan tunda uzoq vaqtgacha mijja qoqmadim va Kashmirni, Simladagi oqshomni eslab yotdim, yoshligim o‘tib ketganiga hech ishongim kelmasdi, men bo‘lsam qamoqdaman. Akbarxon shu haqda o‘ylagan bo‘lsa kerak, karavotimga yaqin kelib, dedi:
– Hayot – bu zo‘r narsa-da, a, shunday emasmi?
– Ha, – deb javob berdim men.
Biz jimgina uzoq chekdik.
Goh-goh hayotda ochiladigan go‘zallik betakror va o‘tkinchi bo‘ladi, u balchiqli tor ko‘chada chimmat yopingan va sen kutmagan holda chimmatini yuzidan olib tashlagan qiz bilan uchrashib qolishingga o‘xshaydi. Balki, shuning uchun ham u go‘zal bo‘lib ko‘rinar?..
1952 yil 21 iyun
…Men hozir jismoniy qiyinchiliklar haqida gapirmayapman, holbuki ularga chidash ham anov-manov narsa emas. Jismoniy charchoq hayotga ishonchni egovlaydi va hayotning shirasini yo‘qotib, yurakni huvillatib qo‘yadi, insonning hayot go‘zalligidan lazzatlanish imkonini yo‘qqa chiqaradi. Go‘zallik ham eng og‘ir tirikchilik evaziga qo‘lga kiradi…
Albatta, dunyo nechog‘li adolatsizlarcha tuzilganini ko‘rib alaming keladi, ammo borliqning “baxti va hayajoni”ni qayg‘u qoplab olishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, zero, borliqning zamirida yaxshilik va go‘zallik xazinasi berkinib yotibdi.
1952 yil 30 iyun
Banne[4] ham, men ham bir narsani o‘ylab, sal g‘ashimiz keladi, biz bu yerdan chiqqunimizcha xotinlarimiz bizdan ancha ilgarilab ketgan bo‘ladi. Buni sizlar yaxshi tushunmaganingiz o‘zingizga koni foyda! Men Roziyadan xat oldim, u deyarli shoirona so‘zlar bilan yozilgan:
“Qachonlardir kelajakda zuryodlar sizlarni tarannum etgaylar. Ular sizlarning xotinlaringizni bu yo‘lni boshdan-oyoq siz bilan kim bosib o‘tganini eslaydilarmi-yo‘qmi, shuni bilmoqchiydim. Sizlar oldinda borar edilaringiz, biz esa – sizlardan bir qadam ortda. Sizlar bizdan e’tirof kutar, bizga dam-badam umidvor o‘girilib qarar edilaringiz va biz sizlarga har doim tabassum bilan javob qaytarar edik. Yuragimiz og‘rig‘iga chidolmay faryod urganimizda ham biz jilmayar edik”. Bu satrlarni o‘qiganimda, yuragim bir tutam bo‘lib ketdi…
1952 yil 16 iyul
…O‘tgan tunni faqat yozish bilan o‘tkazdim. Bordi-yu, she’rni qoq ikkiga bo‘lib yirtilsa, keyin oxirini ulash qiyin bo‘lishini bilardim. Men ko‘chada otib tashlangan Misr va Eron talabalari haqida yozayapman. Qamoqqa tushganimdan buyon men birinchi marta o‘z qo‘lbola ishimdan mamnun bo‘ldim – ham to‘g‘ri shaklni, ham ma’nodorlikni topgandek bo‘ldim.
1952 yil 17 iyul
Sevgilim!
Men senga kecha tunda xat yozgan edim, xat hali yo‘l boshida yotgan bo‘lsa kerak. Men akamni ko‘rishga intiq edim, buning o‘rniga uning o‘lganini eshitdim[5].
Hammalari meni yaxshi ko‘rishardi. Ular eng yaqin odamlarimdan birini tirik emas, o‘lik ko‘rishim uchun hatto hovliga olib chiqishgandi. Keyin akamni olib ketishdi.
Qayg‘u meni mag‘rur bo‘lishga majbur etdi. Men boshimni baland ko‘tarib yurishga harakat qilardim, ammo bu menga og‘irlik qilardi. Shunaqangi og‘irki! Endi men yana o‘zimning zindonimdaman, qayg‘u bilan yakkama-yakka; men boshimni ko‘tarib yurib ham nima qilardim, dahshatli zarba ostida boshimni egishdan uyalmay qo‘ygandim.
Men onam, xotinim va ukamning bolalari haqida o‘ylamaslikka harakat qilaman. Bu ham juda og‘ir. Men onamga xat yozaman, ammo hozir emas.
Unga nimani ham yozardim? Hayot uni to‘ng‘ichidan mahrum qilganinimi? Chunki uni men o‘ldirgan edim.
Xat yozish uchun sira-sira yaramay qoldim. Ammo baribir meni deb tashvish chekmanglar. Bunga ham o‘zimda kuch topa olaman. Men faqat bir narsani xohlar edim – ozod bo‘lsam va mendan ko‘proq azob tortayotganlarga yordam bersam.
1952 yil 9 avgust
Haqiqiy ijodiy va mukammal mushohada yuritishga vaqt qolmayapti. Atrofdagilardan loaqal bir daqiqa ham xoli qolgudek bo‘lsam, buni she’rga bag‘ishlayman. Nima bo‘lganda ham mening chinakam vazifam –she’riyat. Faqat bir yomon tomoni shundaki, komillikka yetishishdagi intilishda oxiri yo‘q o‘pka-ginalardan charchaganman va she’rlarimga ilgarigidek qunt bilan pardoz berishdan tiyilganman. Yaxshi chiqadi yo yomon – bilmayman. Bu yerda sohasini yaxshi bilgan va jo‘yali fikr ayta oladigan hech kim yo‘q…
…Kecha kechqurun Rashidaning[6] Moskvada o‘lganini o‘qidim. Agar qamoqda bo‘lmaganimda, men ko‘z yoshimni tiyolmagan bo‘lardim – uning o‘limi menda g‘alati bir sovuqqonlik uyg‘otdi. Balki, bu shuning uchun shunday bo‘lganki, bu gal ajal o‘g‘rilarday tunda bildirmay kirib kelmagandi va uning halokatli zarbasi azaldan ma’lum edi. Balki, bu shunday bir tuyg‘u ediki, Rashidaning botir yuragi qayg‘uning samarasiz qo‘rqoqligidan nafrat qilardi. Uning o‘lim to‘shagida yotganini birinchi marta eshitganimda men ozod bo‘lganimdan keyin uni loaqal yana bir marta ko‘rishni astoydil xohlagandim… Ammo shoiraning ajal bilan uzoq jangi haddan tashqari erta tugadi… Uning ketishi bilan Hindiston sarzamini insoniylik va ezgulik bobida juda ko‘p narsa yo‘qotdi. Shoira o‘z hayotini hotamtoylarcha saxiylik bilan ulashib chiqqan uning do‘stlari undan-da ko‘p narsa yo‘qotishdi.
1952 yil 28 avgust
…Bugun xating bilan fotosuvratingni oldim. Zo‘r! Ikkalamizning tilla qizlarimiz bor-da! Ular balog‘atga yetganga o‘xshab ko‘rinishadi, ayniqsa, Mizi. Menga hammadan alam qiladigan tomoni shundaki, bu yerda o‘tirib, men qizlarimning balog‘atga yetayotgan eng ajoyib vaqtini o‘tkazib yuboryapman.
Agar ularni men o‘zim tarbiyalaganimda, ularni bitta narsaga – baxtli bo‘lishga o‘rgatardim va albatta, erkalatardim. Ular xudbin, ochko‘z va xasis jonlar bo‘lib o‘smasliklari kerak va shu narsaga ishonchim komilki, ular hech qachon bunaqa bo‘lmaydilar – biz ularni xunukdan chiroylini farqlashga, go‘zallik va oliyjanoblik sari moyillikka o‘rgatgan bo‘lar edik, hayotlarini qanday yashashga ahdu qaror qilish esa – bu ularning ishi. Tashqaridan keluvchi barcha musibatlar – ayriliq, yaqin odamlaridan judo bo‘lish, yo‘qotishlarga chidash mumkinligini men endi bilaman, basharti, ular o‘z aybini ich-ichidan his etish va iqror bo‘lish, sodir etilgan adolatsizlikni tan olish, o‘ziga ishonmaslik to‘g‘risidagi fikr – mana shu narsalarga qarshi kurashib bo‘lmaydi, chunki iqror tuyg‘usi senda abadiy yashaydi. Bordi-yu, haqligingni bilsalar – xuddi hozir ikkalamiz bilib turganday – behuda azob-uqubatlar hatto qo‘llab-qo‘ltiqlayotgandek bo‘ladi.
…Yana “Pakistan tayms”ni olaman va yo‘qotgan zuryodimni boshqatdan topganday bo‘laman. Endi, ro‘znoma meni ortiq zulukday so‘rmay qo‘ygach, shu narsani tushuna boshladimki, bu, umuman olganda, yomon varaqa emas, biroq nuqul siyqa gaplar!.. Buning uchun bir qulog‘ini cho‘zib qo‘ymasa bo‘lmaydi!
1952 yil 2 oktyabr
…Ancha vaqtdan beri xat yozmaganimdan xafa bo‘lma. Buning sababi xat-jildning ichidan topiladi. Shu kunlar ichida men ijodga mukkamdan tushdim yoki tushishga harakat qildim… Bu she’r mening o‘zimga juda yoqadi, uni “Qamoqxona tongi” deb atadim va senga hech kim menday yozolmasligini va yana ko‘p zamongacha hech kim bunday yozmasligini dangal ayta olaman. Bu iste’dodim bilan kibrlanib ketganimni anglatmaydi – iste’dodim o‘rtamiyona va mendan ko‘ra iste’dodliroqlarning ko‘pligini bilaman. Buning siri tirishqoqlikda, ayniqsa, eng kam darajada qarshilik ko‘rsatish yo‘lidan borish va dastlab uchragan sal-pal to‘g‘ri keluvchi qolipga rozi bo‘lish – mazasi juda kuchli bo‘lgan ta’rif-tavsiflarda bu yaqqolroq ko‘rinadi. Bu so‘zlarni qidirib topishga shoir qanchalik ko‘p kuch sarflaganini o‘quvchi bilmaydi, holbuki, o‘sha asosiy so‘zni deb shoir yuzlab boshqa so‘zlardan voz kechgan edi!
1952 yil 25 oktyabr
…Yana qamoqxonaning uyqusizlik dardiga mubtalo bo‘lganman, ilhom parisi mendan yuz o‘girgan, kuzgi g‘amdan kunlar va tunlar zilday. Qachon o‘tarkan bu tun deya kutganim-kutgan. Ertalab yengil tuman tushadi, kechqurunlari erta qorong‘ilik cho‘kadi. Kechki osmon g‘alati kumush rangda tovlanadi, so‘ng kumush rangi sarg‘ayib, o‘chadi. Men kechqurunlari ishlashni tashladim – chiroq yaxshi yonmaydi va ko‘zlarim og‘riydi – kechqurunlar uzoq va ma’nosiz kechadi. Yozishga hafsalam yo‘q, bir o‘zim xayol surishni esa istamayman. Ular g‘amgin va mo‘rt xotiralarni olib keladi. Men hech narsani o‘ylamaslikka va soat o‘ndan yotib uxlashga harakat qilaman. Beshga yaqin soqchilar almashadi. Men uyg‘oq yotgan holda qamoqxona devorlarining narigi yog‘idan kelayotgan xo‘rozlar qichqirig‘iga va muazzinning azoniga quloq tutaman. Tong haqida bir necha satr she’r yozdim va tashlab yubordim. Senga yuborayotganlarim she’r ham emas o‘zi, qofiyabozlik mashqi: qurol zanglab qolmasin deyman…
…Hamma narsa sehrli ertangi kun uchun – dard, ko‘z yoshlari, yo‘qotishlar, azob-uqubatlar. Toki bugun bor ekan, ertaga, albatta, keladi, kechagi kun endi abadiy qaytmaydi. Har bir og‘ir kun o‘zi bilan yupanch olib keladi – u o‘tib bo‘ldi, u boshqa hech qachon qaytmaydi, boshqa kunlar boshqa bo‘ladi va ehtimolki, yaxshi bo‘lar. Kel, olg‘a qaraylik, kechagi kun esa o‘z o‘liklarini ko‘msin.
Men soppa-sog‘man, demak, hammasi joyida. Qizlarimizni o‘pib qo‘y. Men faqat sizlarni o‘ylayman va sizlarni juda sevaman.
1952 yil 1 noyabr
Haddan tashqari cho‘zilgan tomosha tugaganini va parda tushirilganini sen bilishing kerak. Endi hammasi Egamning ixtiyorida… (tsenzor o‘chirib tashlagan)… yana bir necha hafta. Garchi bizni o‘nqir-cho‘nqirli yangi yo‘l va yangi ayriliq kutib turgan bo‘lsa (albatta, shunday bo‘lishiga shubha qilmasam-da), umid va qattiq turmoq bu yerda ham jonimizga ora kirishiga shunchalik kam shubha qilayapman. Asosiysi, o‘lmay qolish. Hayot – oliy baxt, barcha umidlarning ro‘yobi mana shu va umidlarimizning ro‘yobga chiqishiga ishonganman.
1952 yil 10 noyabr
…Shunday qilib, biz uchun g‘irt majoziy bo‘lgan bolalar va sevishganlar pallasi boshlandi: na unisi, na bunisining joyi bu yer. Lekin baribir yaxshi va men o‘zimni a’lo darajada sezayapman. Yilning yangi fasli boshlanishi sharafiga yozilgan bir arzimagan narsani yuborayapman senga. Men xursandman, chunki fikrlarimni ko‘cha tili bilan ifodalash malakamni asta-sekin orttirmoqdaman. Hozircha bo‘lmag‘ur narsalar yozayotganimni tushunib turibman – bu she’riyatdan ko‘ra uslub sohasidagi mashq – ammo shu bilan bir vaqtda, Xudo xohlasa, mavzusi jiddiyroq bir narsa tomon yo‘l ochayapman ham.
1952 yil 26 noyabr
So‘zimda turish va senga birdaniga ikkita she’rni yuborish umidida bu xatga javob yozmadim, ammo ilhom parisi bir ketgancha badar ketdi va sen o‘qiydigan she’rlar ilhom mevasidan ko‘ra aql nayranglariga dalolat. O‘ylaymanki, qamoqxona taassurotlarimni oxirigacha qirib-sirib oldim va endi mening aytar gapim deyarli qolmadi. Aql va ko‘ngil yangi taassurotlar, odamlar bilan yangi uchrashuvlar kutib yashaydi, hozir biz turgan to‘la yakkalanish holatida, aql va ko‘ngil o‘sha yangilarini olmasa, ular asta-sekin quriydi va besamar bo‘ladi. Biroq agar men boshqa hech narsa yozmaganimda ham baribir o‘zimdan ko‘nglimni to‘q tutishga haqim bo‘ladi: qamoqxona devorlari ortida hozir yozayotganlarimni o‘qir ekanman, nihoyat, yorqin fikr va majozlarga boy adabiyot paydo bo‘lganini ko‘rib turibman. Men bundan faxrlanaman, chunki hozir va ilgari yozganlarim qaysidir darajada ozgina bo‘lsa ham shoirlarga ta’sirini ko‘rsatdi va ularning biz ikki yil muqaddam kirib qolgan boshi berk ko‘chadan chiqib olishlariga yordam berdi. Men iloji boricha ko‘proq iste’dodga ega bo‘lishni va ortimdan ergashtira olishni juda-juda istayman, chunki, ming afsuslar bo‘lsinki, hech kim hozircha mendan o‘zib ketganicha yo‘q. Maqtanchoqlik qilib yubordimmi? Biroq xotiningning oldida har qancha maqtanma, u baribir pinagini buzmaydi!
1952 yil 28 noyabr
Eshagidan tushovi qimmatligini bilish, bu – asosiy narsa emas. Toki nafas olarkansan, toki boshingni baland ko‘tarib yurar va boshingga balo yog‘iladimi, yo toj kiydiriladimi, o‘zingni risoladagiday his qila olar ekansan, bu hayot yashashga arziydi. Boshqasining keragi ham yo‘q.
1953 yil 5 yanvar
Mening yagonaginam!
Qayg‘uli xabarni, albatta, eshitgan bo‘lsang kerak. O‘tinaman sendan, xafa bo‘lma, mening dovyurak yorim. So‘nggi ikki yilda ko‘p narsalarni boshdan kechirganimiz kabi bunisiga ham chidaymiz. Yomon gaplar boshda, ular o‘tib turganida dahshatli, ulardan qo‘rqqanimiz har doim g‘alati tuyuladi. Bizning hozirgi ko‘ngilsizligimiz, ehtimol, juda nari borganda yana ikki yillik ayriliqni anglatishi mumkin. Atrofga boq va shunga imoning komil bo‘ladiki, butun Pokistonda va butun Hindistonda inglizlar davrida shuncha vaqt o‘tirib chiqqanu (agar undan ko‘p bo‘lmasa), unga hech nima qilmagan loaqal bittagina risoladagiday odam topilmaydi. Afsuski, ozodlik va adolat yo‘liga hargiz gullar to‘shalmagan va men tanlagan yo‘limiz uchun boshqalardan ko‘proq tovon to‘layapmiz deb o‘ylamayman.
1953 yil 6 yanvar
Hayajondan ushbu xatni yozib tugatmaganim uchun kechir. Kechagi kun voqealari bugunning o‘zidayoq arzimas, bema’ni va haddan tashqari olis bo‘lib ko‘rinadi. Yagona muhim narsa shuki, men jinoyat sodir etmadim, hech kimga yomonlik qilmadim va vijdonim toza. Yigitlarning hatto mendan jahllari chiqdi – ular mening hujramda tungi to‘qqizgacha o‘tirishdi, bugun ertalab esa ular ketgandan keyin rosa o‘n daqiqa o‘tgach, men shunaqangi xurrak otibmanmi, ular uxlay olishmabdi. Ishonmay-chi – men quyosh deyarli tikkaga kelganda uyg‘ondim, kecha nima bo‘lgani esa esimda ham yo‘q, eslagach esa, bo‘lib o‘tgan bema’niliklar ustidan rosa kuldim.
Keyin men falsafa so‘qib ketdim. Agar inson tirik va sog‘lom bo‘lsa, kasal odamga qaraganda u o‘zini yaxshi his etadi. Kasal, ammo tuzalib ketishga umid qilgan odam dardi bedavoga uchragan odamdan ko‘ra yaxshi. Dardi bedavoga uchragan odam baribir ham o‘lganga qaraganda avlo. O‘likni esa bezovta qilish qiyin, shuning uchun unga baribir. Bundan kelib chiqadigan ma’no mana bunday – bordi-yu, tirik bo‘lsang, boshqa ko‘plarga qaraganda senga yaxshi va demakki, sendan xafa bo‘lishlariga o‘rin yo‘q. Mulohazalarning silsilasi menga ikki yo‘l haqidagi qadimgi latifani eslatdi va men yana kulib yubordim.
Meni kechir – o‘ta jiddiy narsalarga haddan tashqari yengiltaklik bilan qarayapti deb o‘ylayotgandirsan? Lekin bir narsani tushun – bu barcha gaplar aslida bir chaqaga qimmat! Kulgi, albatta, ko‘nglingga sig‘may turibdi, gap shundaki, busiz ham yag‘iri chiqqan yelkangni tog‘day yuk bosib turibdi…
Men sho‘rlik onamni eslamay turolmayman… men tufayli chekayotgan azoblari uchun undan nima deb va qanday kechirim so‘ray: Ona – uning qarshisida o‘zimni aybdor deb bilaman va bu yuragimni toshday bosib turibdi, meni tinch qo‘ymayapti…
1953 yil 12 yanvar
Sevgilim!
Bugun ertalab senikiga javoban xat yubordim va shu zahotiyoq “Shamol qo‘llari” kitobidan olti nusxani oldim. Qamoqxonadagi zuryodim – azob-uqubatlar va umidlarim samarasini ko‘rish naqadar yoqimli…
Xursandchiligimning dastlabki soatlaridan keyin meni kutib turgan bo‘m-bo‘sh kunlarimning uzun silsilalarini o‘ylashdan qo‘rqardim, ammo bunday bo‘lmadi. Aksincha, kunlar o‘tgan sayin men xotirjamroq, sobitroq bo‘lib borayotgandek, kamroq tashvishlanayotgandekman. Bu, ehtimol, shuning uchun ediki, ertaga meni nima kutayotganini bilardim, kunlar o‘tgan sayin so‘nggi bekatgacha bo‘lgan masofa tobora qisqarib borayotgandi. Masalan, indinga yangi hukm bo‘yicha o‘tirganimga bir hafta bo‘ladi. Yana uch hafta o‘tsa – bir oy bo‘ladi. Men barini xomcho‘t qilib qo‘yganman. Bordi-yu, meni muddatidan oldin ozod etmasalar va muddatni to‘liq o‘tab chiqishimga to‘g‘ri kelsa – bu 30 oy yoki 120 hafta bo‘ladi. Indindayoq bor-yo‘g‘i 119 hafta qoladi, o‘zim esa hali uzoq o‘tirganim yo‘q…
1953 yil 16 yanvar
…Hozir dahshatli kitob o‘qiyapman – Epton Sinklerning “Jungli” romani. Unda Chikago kulbalarida yashovchi ishchilar hayoti tasvirlangan. O‘qiyapman-da, nazarimda, biz hali chinakam qashshoqlik nima ekanini bilmaydigandek tuyulayapti. Unga nisbatan bizning barcha musibat va ofatlarimiz o‘yinchoqqa o‘xshaydi.
Ko‘p ishlayapman va aftidan, yomon ishlamayapman. Yana farang tilini o‘rganishga kirishdim…
1953 yil 19 yanvar
…Ikki hafta g‘irillab o‘tdi-ketdi (demak, 118 kun qoldi) va kunlar garchi tez bo‘lmasa-da, tinimsiz o‘tib turibdi. Sen alpinistlarning mashhur qoidasini bilasan: uzun va aylana tepalikka chiqib borayotganingda oldinga bir qadamdan ko‘pga qaramaslik va hech qachon ko‘zingni tepaga ko‘tarmasliging kerak. Hali yetib bormagan cho‘qqi juda uzoq ko‘rinadi, bu esa iroda kuchingni susaytiradi. Qadam-baqadam zo‘r berib odimlayver va marraga qanday yetib kelganingni o‘zing bilmaysan. Faqat keyingi odimni o‘yla, bu seni qo‘rquv va tushkunlikdan qutqaradi. Senda kuch-quvvat yetarli ekanini bilaman va shuni anglab, o‘zimni bardam his etaman. Buning uchun qanaqa to‘lovlar to‘layapmiz, deb so‘raysan mendan. Yoshlik evazigami, hayotiy shodliklar evazigami, go‘zallik evazigami? Bilasanmi, qamoqxonada men o‘zim uchun buyuk haqiqatni kashf etdim: bizning yoshimiz va tashqi ko‘rinishimiz faqat odamlar uchun ahamiyatga ega, biroq boshqalarning qiziqishini qozona boshladingmi, sen ularga qiziqmay qo‘yasan. Ular bilan munosabatlar dunyosi cheklanib boraveradi, biroq bizning o‘z dunyomiz to‘laroq va boyroq bo‘lib boraveradi.
O‘zni saqlashning eng yaxshi yo‘li insonni unga qadrdon bir hovuchgina odamlar bilan yaqinlashtiradi, ular mehr va iliqlikning yagona manbai bo‘lib qoladilar, ayni vaqtda sovuq xulq-atvorlar olami unga yot bo‘lib boraveradi. Shundayin, tabiat uzoq davom etmaydigan yoshlik uchun insonga tovon to‘laydi – yoshi kattalashgandagina inson umri yoshlik yillari undan nimani tortib olib ketganini anglamaydi. Nazarimda, faqat katta yoshdagi odamlargina bir-birini chinakam sevadi, shekilli, ular yoshlikning olovli mayllari so‘nib bitgan va xomxayollar ketidan ortiq quvlamaydigan odamlar. Yoshlikdagi muhabbat esa har doim sarob, barcha saroblar kabi go‘zal va shu boisdan ham huzurbaxshdir.
1953 yil 8 fevral
…Yana bir hafta o‘tdi. Havo g‘uborli, quyosh asta-sekin kuydira boshladi – hamma narsa yoz kelganidan darak beradi. Bizdagi jaziramaga nisbatan “yoz” so‘zini qo‘llash ahmoqonadir, xuddi jazirama fasl oxirlarida “kuz” so‘zini ishlatish kabi ahmoqona. “Yoz” va “kuz” – yomg‘irlar va jazirama bilan juda kam bog‘liq bo‘lgan yurakni orziqtirish timsoli. Bu so‘zlar – azoblar boshi va uning oxiri, dilgirlik va sevish pallasi, tishni tishga bosish va yengil nafas olish mavsumi. Bizda yoz bo‘lmaydi, faqat jazirama issiq bo‘ladi. Sen uning boshlanishini qo‘rquv bilan kutasan, men esa – betoqat shodlik ila. Biz havoning har qanday o‘zgarishidan quvonamiz, chunki bu yerda faqat ugina o‘zgaradi. Yilning yangi fasli o‘zi bilan ko‘p yangiliklar olib keladi: yer, osmon, dov-daraxtlar boshqacha ko‘rinadi, hayot va xayol tarzi o‘zgaradi. Bordi-yu, hayratlanish va quvonish qobiliyatingni saqlasang, bular bari shu qadar dahshatli va yaxshiki…
…Menga xat yozib, rosa ustimdan kulibsan, unda kimdir meni qahramon deb ataganini yozibsan. O‘zing yaxshi bilasan-ku, men va qahramonlik – bir-biri bilan chiqisholmaydigan narsalar. O‘tmishni eslar ekanman, men unda faqat bironta ham qahramonona ishni ko‘rmaymangina emas, hatto uni sodir etishga qachondir harakat qilganimni eslolmayman. Mening hozirgi holatim – hecham mening aybim emas, u ustimdan bosib tushdi, xolos; qolaversa, men bunga harakat ham qilmaganman.
Yagona narsa – men har doim izchil, butun (loaqal qaysidir darajada) bo‘lishga harakat qilganman va hech qachon vijdonimni sotmaganman. Oxirgi fazilatga kelsak, millionlab odamlar shunday fazilatga ega, nazarimda, bashariyatning mag‘zini yaxshi odamlar tashkil etadi, bunda mening alohida xizmatimni ilg‘ash qiyin. Undan ko‘ra sen o‘zingni qahramon ayollar sirasiga kiritishga ko‘proq haqlisan, garchi buni o‘z vaqtida tushunib yetmasalar ham bu bor gap.
1953 yil 3 mart
…Mening falsafamning zaif tomoni – undan ablahlar o‘z maqsadlarida osongina foydalanadilar, bu esa yurakka og‘ir botib, hafsalani pir qiladi, deysan. Mutlaqo to‘g‘ri. Ammo agar ablahlar voqelikni qanday bo‘lsa, shundayicha qabul qilganlarida va unga sog‘lom aql nuqtai nazaridan turib yondashganlarida edi, ablah bo‘lmay qolar edilar va o‘shanda odamgarchilik qilishga hojat qolmagan bo‘lurdi. Shu boisdan ham ablahlarni, iloyo, yer yutsin!.. Bir hovuch shunday odamlar borki, ular hammadan ko‘p narsani xohlaydilar va hamma narsaga burunlarini tiqadilar, chunki ularga bu kimningdir foydasiga ishlaydigandek bo‘lib ko‘rinadi, holbuki, ular ko‘pincha xato qiladilar. Ular nima uchun bunday qiladilar? Shaxsan men yorug‘ dunyoda iflos odamlar juda oz deb bilaman (men odamlar haqida gapirayapman, tashkilotlar yoki tizimlar haqida emas), ko‘pchiligimizda yaxshilikning ham, yomonlikning ham ildizi bor, biroq turli mutanosibliklarda. Yoshlik yillarida mutanosiblikni o‘zgartirish oson bo‘ladi, yosh kattalashgan sayin bu qiyinroq bo‘lib boraveradi. Vaqtincha bo‘lsa ham baribir u odamga ta’sir qilishi mumkin. Tepki bilan ta’sir o‘tkazish kerak, degan fikrga qo‘shilmayman, ahyon-ahyondagina mumkin. Zero, odamni aslidagidan yaxshiroq qilishga urinish har doim qiziq tuyulaveradi, biz buni yaxshi odamlar bo‘lganimiz uchun emas, ko‘proq kibr amriga bo‘ysunib shunday qilamiz…
Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 3-son
_____________________
[1] Kommyunike (frants. “communique”, lotincha “communico”dan — xabar beraman) – xalqaro munosabatlar (davlatlararo bitimlar, xalqaro shartnomalar va boshqalar) haqidagi rasmiy axborot.
[2] Ieguda Menuxin (1916–1999) – mashhur amerikalik skripkachi, dirijyor. 1963 yildan Londonda yashagan, 1985 yili Buyuk Britaniya fuqaroligini qabul qilgan. Iqtidorli bolalar uchun musiqa maktabi tashkil etgan, Buyuk Britaniya va Shveytsariyada musiqa festivallariga asos solgan. Vena Musiqa akademiyasi a’zosi.
[3] Anna – mayda chaqa pul.
[4] Banne – Sajjod Zohir, shoir. Roziya – uning xotini.
[5] Shoirning akasi uni ko‘rgani qamoqxonaga kelgan va yurak xurujidan shu yerda o‘lgan.
[6] Gap hind shoirasi Rashida Jahon haqida ketmoqda.