Ahdiat Karta Miharja. Axloq posboni (novella)

Shunday damlarda Hamid xotinini juda qo‘msab qolardi. Aslida, gap uning xotinida ham emasdi. Kechqurun ishdan qaytib kelib, ishxonadagi hangomalarni zavq bilan gapirib berganda, kim bo‘lsa ham quloq soladigan odam bo‘lsa, bas, Hamidga boshqa narsaning keragi yo‘q.
Xotini Mimi meros bilan bog‘liq bir ish tufayli Bandungga ketgan. Uch haftadirki, xizmatkori Salim uning yagona ovunchog‘i. Ammo Salim – bir oddiy xizmatkor, uy-ro‘zg‘or, tirikchilikdan boshqa gaplar uning miyasiga sig‘maydi. Hamid – katta bo‘lmasa ham kichikroq davlat xizmatchisi, zimmasida o‘ziga yarasha mas’uliyati, javobgarligi bor. Salim ming qiziq gaplar aytmasin, bu tezda Hamidning joniga zig‘ir yog‘day urar edi. Goho azbaroyi ensasi qotganidan Salimga baqirib berardi:
– Hoy, jag‘ing o‘chadimi, yo‘qmi o‘zi? Shunaqayam ezma bo‘ladimi odam? – Bo‘lmasa-ku, ulfatchilikka, suhbatdoshlikka Hamiddan yaxshi odam yo‘q, davrani naq qizitib yuboradi, gaplarini tinglagan sayin ting-laging kelaveradi. Faqat xotini Mimi ketganiga sal odamovi bo‘lib, yolg‘izlikka tobi yo‘qligi sezilib qoldi, Mimini eslayverib, yuragiga qil sig‘mayotgandi.
To‘satdan Hamid o‘tirgan joyidan sapchib turdi. Yo‘q, ortiq chidolmaydi. U shoshib yotoq bo‘lmaga kirdi, pijamasini yechib, o‘zini karavotga tashladi, kiyim ilgichdan ko‘ylagini yulqib oldi va kiyina boshladi. So‘ng shosha-pisha paypoq, shim va tuflisini kiydi. Kiyinib bo‘lgach, qichqirdi:
– Salim, hoy Salim! Eshikni yopib ol! Men ketyapman… Tag‘in chiqib ketma, eshitdingmi? Men ketishim bilan sen ham juftakni rostlaydigan yomon odating bor. Uqdingmi?
Shunday deya Hamid ko‘chaga otildi. Riksha chaqirib, o‘zini o‘rindiqqa tashladi.
– Qayoqqa, janob? – so‘radi rikshachi.
– Qayoqqa bo‘lsa, o‘sha yoqqa!..
Rikshachi yelka uchirib qo‘ydi.
– Tanah Abangga!
– Yaxshi janob. – Rikshachi pedalni kuch bilan bosib, aravasini yeldirib ketdi. – Kayf-safo qilganimi?
– Ha, bir kabob yegim keldi. O‘sha yerning kabobi zo‘r bo‘ladi-da.
Rikshachi (uning ismi Amat edi) o‘nqir-cho‘nqir joylarda ham tezlikni pasaytirmasdi. Hamid uni ora-sira ogohlantirar edi:
– Ko‘zingga qara, tag‘in bir falokat ro‘y bermasin.
– E, qo‘yavering, janob. Yangimasman, o‘n yildan ko‘p bo‘ldi riksha haydaganimga. Hali biron marta halokatga uchramaganman. Anovilarga o‘xshab, dovdir emasman, – maqtana ketdi Amat.
– Qo‘y, ko‘rganmiz sendaqa chaqqonlarni. Katta gapirma.
– Olloh o‘zi madadkor bo‘lsin, janob…
Shu payt riksha qattiq silkinib ketdi, Hamidning shlyapasi uchib, o‘rindiqqa tushdi.
– Aytmaganmidim senga ehtiyot bo‘l deb, galvars. Menda qasding bormi?
– Bezovta bo‘lmang, janob! Hech nima bo‘lgani yo‘q. Shundan so‘ng anchagacha jim ketishdi. Bir vaqt Amat yana so‘z qotdi:
– Bittasi bor, janob! Sukabumidan yaqinda kelgan. Ko‘rib, og‘zingizning suvi keladi. Yoshgina, do‘ndiqcha.
Bu gapni eshitib, Hamidning chaparasta jahli chiqdi:
– Meni kim deb o‘ylayapsan, padar la’nati?! Mening kimligimni bilasanmi o‘zi? Toza xulq-atvor haqida ma’ruzalar o‘qiyman, odamlarni axloqli, ayollarni sharm-xayoli bo‘lishga chorlayman, men – davlat odamiman bilsang!
Kerakli joyga yetib kelgan riksha bir chetga chiqib to‘xtadi. Hamid rikshadan tushdi-da, Amatga yo‘l haqini uzatdi.
– Atigi ikki yarim rupiyami? Ey Olloh, odamlarda insof qolmabdi. Shuncha yo‘ldan olib kelib qo‘ysam-da, bor-yo‘g‘i …
Ammo Hamid bunga parvo qilmay, o‘zini olomon ichiga urdi.
– Puling bo‘lmasa rikshaga chiqib nima qilarding? Uyatsiz, ablah! Tuf, senday odamga…
Tanah Abangda tanga tashlasang yerga tushmaydi. Hammayoqni chumoliday odam bosgan. Shovqin-suron avjida. Qahvaxona va restoranlar ichidan radio quloqni qomatga keltirib yangraydi. Bir reproduktordan mashhur xonanda ijrosidagi og‘izga tushgan bir axloq tanazzuli haqidagi qo‘shiq sadosi taralardi. Biroq olomon oqimiga dosh berolmay Hamid olg‘a qarab ketdi. Nihoyat, bir amallab kabobxonaga yetib keldi-da, maza qilib kabob tanovul qildi. Ovqatlanib bo‘lgach, Hamid yana odamlar oqimi ichida olg‘a yurib ketdi. U o‘zini daryo olib ketayotgan cho‘pday his qilardi.
Bir joyda erkagu ayollar juft-juft bo‘lib raqs tushar edi. Hamid olomonni yorib, raqs maydoniga yaqinroq bordi. Oyoq uchida ko‘tarilib, maydonchada hammasi bo‘lib sakkiz nafar raqqosa borligini ko‘rdi. Shulardan beshtasi charx urib raqs tushar, uchtasi juft kutib turardi.
Raqqosa qizlar barchasi yosh bo‘lib, galma-galdan qo‘shiq kuylar edilar. Egnidagi kiyimlari kamalakning yetti rangida tovlanardi. Juftlar topilib qolgach, uchala raqqosa ham oldingilarga qo‘shilib, eshila ketdilar. Birdan raqqoslardan biri sherik qizining yuzidan o‘pib oldi. “Obbo surbet-ey!” o‘yladi Hamid va o‘zini orqaga oldi. Ammo yuragi tipirchilab ketdi. U tupugini yutdi. Shu top kimdir orqasidan qisilib kelayotgandek tuyuldi. Hamid yonida og‘zi angishvonadek, qop-qora ko‘zlari chaqnagan chiroylikkina ayolni ko‘rdi. Uning qaraganini ko‘rib, ayol jilmaydi.
Hamidning yuragi battar duk-duk ura boshladi. Ayol unga mahkamroq yopishdi. Hamid uyatdan yuzi cho‘g‘day yonib, beixtiyor qo‘li ayolning qo‘li bilan to‘qnashdi. Bamisoli tok urgan kabi Hamidning a’zoyi badani shirin jimirlab ketdi. Hamid ayolning qo‘lini mahkamroq siqdi. Ortidan ayolning sehrlovchi mayin ovozi qulog‘iga chalindi:
– Ketdik, janob… – Ayol uning yerga tushib ketgan shlyapasini olib, asta boshiga kiydirib qo‘ydi.
– Dilxushlik qilayapsizmi, janob? – sal nariga borgach, Hamidning qulog‘iga tanish ovoz kelib urildi. U qo‘lini shartta ayolning bilagidan oldi. Bu undan bir haftacha burun mamlakatda axloq buzilib borayotgani xususida intervyu olgan jurnalist Sanusiy edi. Hamid yer yorilmadi, yerga kirib ketmadi. Agar ayol uning qo‘lidan ushlab tortmaganda, kim bilsin, Hamid qachongacha serrayib turavergan bo‘lardi.
– Nima bo‘ldi sizga, janob?
Hamid lablari pirpiragancha, tili kalimaga kelmay, qo‘lini ayolning qo‘lidan bo‘shatdi. So‘ng cho‘ntagidan karmonini olib, bitta o‘ntalikni sug‘urdi-da, ayolga tutqazdi. Buni ko‘rib, ayol kinoya bilan dedi:
– Choychaqami? Ana saxiyligu! Yo‘lkiraga chaqangiz qoldimi, ishqilib? Nega jahl qilasiz, janob?
Hamid ayolga e’tibor bermay, Sanusiyning ortidan yugurdi.
– Hoy, to‘xta, Sanusiy! – uzoqdan ovoz berdi u. Sanusiy to‘xtab, ortiga burilib qaradi.
– Menga qarang… – harsillab yetib kelgan Hamid unga yalina boshladi. – Buni aytib yurmang… e-e, yozib yurmang yana ro‘znomaga…
Sanusiy gap nimadaligini anglab, qah-qah urib kulib yubordi.
– Men hech bir unaqa… – tutilib dedi Hamid.
Sanusiy battar qah-qah urdi.
– Xotiringiz jam bo‘lsin bu yog‘idan, – dedi u kulgisini bosolmay. – Hammasi joyida bo‘ladi, ha!
– Rahmat, rahmat… – Hamid qayta-qayta ta’zim qildi. – Menga qarang… shoshmay turing… Tuya ko‘rdingmi – yo‘q, o‘zingiz tushunasiz-ku… – u shosha-pisha cho‘ntagidan bitta elliktalikni sug‘urib, Sanusiyning shimi cho‘ntagiga suqdi.
– Ellik rupiyami? – hiringladi Sanusiy.
“Obbo xumpar-ey! – ko‘nglidan o‘tkazdi Hamid. – Rozi bo‘lmadi-ya!” U yana bitta elliktalikning bahridan o‘tdi. Bunga javoban yana hiringlash eshitildi. Hamid bunga chidayolmadi. Eski raqibining hiringlashiga e’tibor bermadi, azbaroyi nomus va g‘azabdan Sanusiyga yeb qo‘ygudek qarab qo‘ydi-da, shartta burilib, u yerdan uzoqlashdi. Sanusiy ikkita ellik rupiyalikni bir-biriga urib, tirjaydi:
– Yuz rupiya – chakki emas, Xudo beraman desa, tomni teshib tashlaydi, deganlari shu bo‘lsa kerak!
Yo‘l bo‘yi Hamid ming xil xayollarga bordi, bir qo‘rqdi, bir xotirjam bo‘ldi, bir Sanusiydan qattiq g‘azablandi. Kichik bo‘lsa ham amaldorlik yomon bo‘lar ekan-da, hamma bilganini qilib yuribdi – yo‘qotadigan narsasi yo‘q. Bu-chi, har qadamni o‘ylab bosmasa bo‘lmaydi, aks holda axloqi buzuqqa chiqib…
Soat tungi o‘n birga zang urdi. Hamid rikshadan tushib hayron bo‘ldi: dahliz chirog‘i yoniq edi.
– Salim! – qichqirdi u eshikni tepib. Eshik tezgina ochildi va…
– I-e, senmisan Mimi? Qachon kelding?
Hamid talmovsiraganday ostonada bir zum turib qoldi, zarurat bo‘lmasa ham tuflisini yerdagi bo‘yraga qayta-qayta ishqaladi.
– Yaqinda keldim, azizim, soat sakkizda, – javob berdi xotini. – Punchakda avtobus buzilib qoldi. Siz qayerda edingiz?
Bu savolni kutmaganidan Hamid dovdirab qoldi. Sir boy bermaslik uchun burnini uzun-uzun tortib qo‘ydi.
– Yig‘ilishda edim, Mimi, – dedi oxiri bahona topib.
Mimi jilmaydi-da, uning qo‘lidan ushlab, uyga olib kirdi. Yotar chog‘da Mimi erining Sanusiyga bergan intervyusidan suyunganini aytib qoldi.
– Oyimga intervyungizni ro‘znomadan so‘zma-so‘z o‘qib berdim, – dedi u.
Hamid jilmaydi-da, xotinini erkalab qo‘ydi. Tun bo‘yi Mimi Hamidning og‘ushida osuda uxladi. Uning lablarida baxtiyor damlardagidek yengil, shirin tabassum o‘ynardi.

Rus tilidan Dildora Ro‘zimahamadova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 8-son