Abu Nasr Forobiy. Aflotun falsafasi

I

1. Aflotun avvalo inson barkamolligini tadqiq etadi: insonda qanday fazilatlar bor va qaysi fazilat insonning saodatmand bo‘lishiga yordam beradi? Yetuk insonga xos fazilatlarning hammasi komillik (al-kamol), barkamollikdir. So‘ngra u, inson, go‘zal ruxsori, muloyim badani bo‘lgani uchungina yoki insonning shular qatori yana ota-onasi, urug‘-aymog‘i, mashhur qarindoshlari, do‘stlari va oshnolari ko‘p bo‘lgani uchun barkamolmi yoki yana u katta boylik egasi va ularga hukm o‘tkazadigan, jamoa yo shahar boshlig‘i bo‘lishi, ular (jamoa, shahar aholisi) esa uni yoqtirganlari uchun uni himoya qiladilarmi, degan masalalarni ko‘rib chiqadi. Inson barkamollikka erishishiga sabablarning eng yuksagi hisoblanmish saodat sohibi bo‘lishning o‘zi insonga yetarlimi, degan masalani ham o‘rtaga qo‘yadi.
Aflotun shu masalani ko‘rib chiqar ekan, bunday xulosaga keldi: Yo o‘sha, narsalardan biriga ega bo‘lishni odamlar baxt-saodat deb o‘ylab, yanglishadilar, yoki inson bularning hammasiga yoki bir qismiga erishsa ham, yana nimadir yetishmagani uchun baxti to‘liq bo‘lmaydi.
Keyin u o‘sha narsa nima bo‘lishi mumkinligini tadqiq qiladi. Insonning baxtga erishishiga sabab bo‘luvchi narsa, bu – qandaydir bilim va qandaydir hayot tarzi ekanligi Aflotunga ravshan bo‘ladi. Bularning hammasi uning “Birinchi Alkiviad” nomli kitobida bayon etilgan. Ushbu kitob yana “Inson tabiati haqida” nomi bilan mashhurdir.

II

2. So‘ng Aflotun Odamlar intilgan baxt-saodatga yetishuv ilmi bormi, bo‘lsa u nima va u qanday bilim ekanligini aniqlaydi Bu – atrofimizdagi narsalarning mohiyatini bilishdir, bu bilim – inson barkamolligining ibtidosi va uning eng buyuk maqsadidir. Bular uning “Teetet”, (Tolitiytus)1 nomli kitobida ifodalangan.
3. Aflotun yana haqiqiy baxt o‘zi nima, u qanday bilimga taalluqli, qanday xislat va harakat (faoliyat) insonga baxt keltirishini aniqlaydi va bularning hammasidan, baxt-saodat deb o‘ylaydiganlari nima va baxt emas deb o‘ylaydiganlari nima ekanligini ko‘rsatadi. U fazilatlarni kasb etish, fozillarcha yashashga erishish –haqiqiy saodat ekanligini tushuntiradi. Bularni u “Fileb” nomli kitobida yozgan.
4. Aflotun inson baxtining ibtidosi bo‘lgan o‘sha bilim va o‘sha hayot tarzi o‘zi nimaligini tushunganidan keyin u avval bilimni va inson mavjud narsalar haqida xohlagan maqom (daraja)da yoki Protagor aytgan darajada bilim ola biladimi, shuni o‘rganib chiqdi. Protagor esa bunday degan edi: inson mavjud narsalar haqida bilimni ola bilmaydi, u faqat tug‘ma bilimlarga ega bo‘lishi mumkindir. Ammo bu, bizni qurshab turgan atrofdagi narsalarni anglash tufayli o‘zlashtirilgan bilim emas.
Mushohada qiluvchilar ushbu masalani – ayrim-ayrim ko‘rib chiqadilar, toki ularning har biri haqida to‘la ishonch hosil bo‘lgunicha. Har bir ayrim (bilimda) ishonchga erishishga muvaffaq bo‘lgan narsaga insonning tug‘ma bilimi mos keladi. Protagor fikricha, bu bilimga intilish va unga erishish shart emas. Protagor aytganini, ya’ni ziddiyat muammosini ko‘rib chiqqanidan keyin, Aflotun “Teetet” risolasida xislatlari aytib o‘tilgan o‘sha bilimga yetishish va erishish mumkinliginii va Protagor aytgan bilim emas, balki boshqa bilim insoniy barkamollik ekanligini tushuntiradi. Bular uning “Protagor” (“Afrutog‘aris”) kitobida bayon etilgandir.
5. Aflotun yetishish mumkin bo‘lgan bilimni ko‘rib chiqadi: unga tasodifan erishiladimi yoki tadqiqot, o‘qitish yoki o‘rganish tufayli o‘rganiladimi va bu bilimga erishishga yordam beruvchi tadqiqot uslubi mavjudmi yoki Menon aytgan bilimga erishish uchun bunday tadqiqot, o‘qitish va o‘rganish mutlaqo mavjud emasmi? U, tadqiqot, o‘qitish va chuqur o‘rganish bekor ishdir, ular foyda keltirmaydi va bilimga olib kelmaydi, deb tasdiqlaydi. Aksincha, yo inson narsani tadqiq etish, o‘qish va chuqur o‘rganish tufayli anglaydi yoki u odam johil va unga na tadqiqot yordamida, na o‘qish yordamida va na chuqur o‘rganish yordamida o‘rgatib bo‘lmaydi hatto bilish haqida gapiruvchilar uchun balog‘atga yetishning usuli tadqiqot, o‘qish o‘rganish bo‘lsa ham. Johil odam doimo, umrbod johillik holatida qolaveradi, (So‘ngra u) tadqiqot va amaliy malakalar yordamida (baxt-saodat haqida) bilimga erishish mumkin, ushbu tadqiqot esa ana shu tadqiqot va amaliy qobiliyatlar tufayli yuzaga kelgan, deydi. Bular haqida uning “Menon” (“Monun”) nomli kitobida yozilgan.

III

6. Atrofdagi narsalarni bilish, anglashga yordam beradigan san’at va qobiliyatlar hamda yana tadqiqot, o‘qish va chuqur o‘rganish insonni barkamollikka erishtiruvchi bilimga yetishish vositasi ekanligi Aflotunga ravshan bo‘lgach, qanday san’at bunday bilimni berishi mumkinligi va bunday bilimga nimaning yordamida erishilishini tekshirib ko‘rishni o‘ziga maqsad qilib qo‘ydi. Aflotun ma’lum san’atlar va ma’lum tadqiqotlarni chuqur o‘rgana boshlaydi.
Avval u diniy nuqtai nazarlar va atrofdagi narsalar haqidagi diniy ta’limotlarni ko‘rib chiqishga kirishadi: ular o‘sha bilim va izlanayotgan (al-matlub) hayot tarzini beradilarmi? Atrofdagi narsalar va harakat (faoliyat) tarzini tadqiq etuvchi diniy sillogistik (al-qiyos al-shar’) (Farobiy shu atamani qo‘llagan. Tarj.) san’at ushbu bilimni beradimi yoki atrofdagi narsalar haqidagi o‘sha bilim va u beradigan o‘sha hayot tarzi yetarli emasmi? Shuning uchun u, atrofdagi narsalar haqidagi bilimlarning va faoliyat tarzi haqidagi bilimlarning qanchasini diniy ta’limotlar va diniy sillogistik san’at berishini tekshiradi. Va u o‘sha miqdor yetarli emasligini tasdiqlaydi. “Evtifron” risolasida bularning hammasidan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi…
7. Tilni bilish san’ati o‘sha san’atlarga kiradimi yoki kirmasligini Aflotun tekshirib chiqadi. Agar odam, ushbu tilda so‘zlashadigan xalqdagi ma’noga va o‘sha narsa haqidagi ta’limotga muvofiq ravishda narsalarning nomlarini va ularni tilshunoslar uslublariga mos holatda bilsa, o‘sha narsalarning mohiyati haqida u (ya’ni tilni bilish san’ati – Tarj.) xabardor etadimi; u tufayli inson izlanayotgan bilimga erishadimi? Ushbu san’at (til bilish san’ati – Tarj.) zaruriy bilimni bermasligi Aflotunga aniq-ravshan bo‘ladi. Aflotun ushbu bilimga olib boradigan yo‘lni topish uchun bilimning qancha miqdori kifoya ekanligini tushuntiradi. Bular uning “Kratil” («Iqrotalis») asarida bayon etilgan.
8. Sanab o‘tilgan san’atlar orasida zaruriy bilim bera oladigani bo‘lmagani uchun, ushbu bilimni beruvchi san’at, she’riy san’at bo‘la olishini; she’r yozish malakasi, she’riyatni va shoirona iboralarni yaratishga imkoniyat beruvchi narsalarni idrok etish qobiliyatini va o‘sha bilim bilan atrofdagi (bizni qurshab turgan) narsalarni bilish malakasini; dostonlar va ularda mujassam bo‘lgan ma’no va maslahatlarni tushunish atrofdagi tabiiy narsalar haqidagi bilimni hamda matlub hayot tarzi haqidagi bilimni beradimi yoki bermaydimi, shuni o‘rganadi.
She’riy san’atda mavjud bo‘lgan tavsiyalar yordamida agar inson o‘zini tuzatayotgan bo‘lsa, shoirona tarbiya uning mukammal insoniy hayot tarziga erishishi uchun yetarlimi, yo‘qmi? She’riyat yordamida atrofdagi narsalarni va hayot tarzini bilish, ushbu bilim va ushbu hayot tarziga erishish usuli topiladimi, yo‘qmi? Shu bilan birga she’riyat qaysi darajada bilim berishi va she’riyatning bashariyat uchun qanchalik yaroqli ekanligi Aflotunga ravshan bo‘ladi. Ma’lum shoirona (she’riy) yo‘l mutlaqo hech narsa bermasligini, aksincha, (maqsaddan) juda uzoqqa olib ketishini tushuntiradi. Bu haqda “Ion” nomli kitobida so‘z yuritgan.
9. Keyin u nutq san’atini tekshiradi: voizlik san’ati yoki ritorik uslubdan foydalanish atrofdagi narsalarni ko‘rib chiqishda o‘sha bilim va o‘sha hayot tarzini beradimi? Va ular bu narsalarni bermaydi, deb tushuntiradi (ya’ni notiqlik san’ati va ritorik uslubdan foydalanish o‘sha bilim va o‘sha hayot tarzini bermaydi, deb tushuntiradi – Tarj.). Shu bilan birga ritorik san’at qancha miqdordagi bilim berishi va ushbu miqdordagi bilim o‘zi yetarlimi, yo‘qmi unga ravshan bo‘ladi.
10. Shu yo‘sinda u sofistik (“san’at as-sufistaniya”) san’atini tekshirib chiqadi. O‘sha – matlub bilimni bizga beruvchi tadqiqot sofistikami yoki yo‘qmi? Aflotun sofistika ushbu bilimni bermasligini va bunday tadqiqot ushbu bilimga olib bormasligini tushuntiradi. U xuddi shu ravishda sofistikaga bo‘lgan qobiliyatni tushuntiradi. Bular uning “Sofist” (“Sufistis”) va “Evtidem” (“Atudimas”) nomli kitoblarida yozilgan.
Aflotun o‘zining mashhur “Sofist” asarida sofistik san’at o‘zi nimaligini, “sofist” o‘zi kimligini, u qanday masalalar doirasini ko‘rib chiqishini, o‘zi sofistikani qanday qo‘llashini, undan o‘zi qanchalik manfaatdor ekanligini tushuntiradi. Insonga matlub bilimni beruvchi tadqiqotni ko‘rganini va haqiqatda bilim mavjud bo‘lgan masalalarni ko‘rib chiqmaganini u o‘zi uchun aniqlab oladi. “Evtidem” kitobiga kelsak, Aflotun ushbu asarida sofistik tadqiqot va sofistik o‘rgatish qaysi tarzda o‘yin (ermak) bo‘lishga yaqinligini tushuntiradi? Ular o‘sha bilimni va nazariy yoki amaliy san’atda foydalaniladigan bilimni bermaydilar.
11. U yana, dialektiklar san’ati va dialektik tadqiqot insonga o‘sha bilimni beradimi yo bermaydimi, o‘sha dialektik tadqiqot bilim berishga yetarli miqdorga egami yo yo‘qmi, degan masalani ko‘rib chiqadi. Dialektik tadqiqot ushbu bilimga yetishish uchun ulkan qobiliyatga ega ekanligini tushuntiradi: toki bilishga dialektik tadqiqot qo‘llanilmas ekan ko‘p narsalarning bilimiga erishib bo‘lmaydi, shunday bo‘lsa ham u, dastlabki asoslashdanoq o‘sha bilimni bermaydi, shuning bilan birga u (dialektik tadqiqot – Tarj.) to o‘sha bilimga erishmagunicha dialektik mashq qobiliyatini to‘ldiruvchi boshqa bir malakaga muhtoj bo‘ladi. Ushbu masalalar uning mashhur “Parmenid” (“Barmenid”) nomli asarida ko‘rib chiqilgan.

IV

12. Aflotun, nazariy yoki mushohada sifatida ma’lum bo‘lgan barcha san’atlarni ko‘rib chiqqanidan va mavjud narsalar haqida hamda baxtli hayot tarzi haqida bilimni beradigan hech narsa topa olmaganidan keyin u amaliy san’atlar va ularning hosilasi bo‘lgan faoliyatlarni o‘rgana boshladi. Bularning hammasiga yoki ularning bir qismiga ega bo‘lgan inson barcha mavjud narsalar haqida bilimni oladimi yo ololmaydimi? Ushbu san’atlar izlanayotgan baxtli hayot tarziga olib boruvchi faoliyatni beradilarmi? Modomiki, ushbu san’atlar ham bilimni, ham harakatni o‘zida birlashtirar ekan, Aflotun ushbu san’atlardan olinadigan bilim – o‘sha bilimmi, hosila harakatlar esa – baxtli hayot tarzimi – shuni tekshirib chiqadi. Aflotun ular ham o‘sha bilim va o‘sha hayot tarzini bermasliklarini tushuntiradi. Lekin haqiqatan ham bilim olayotganlar ularga (o‘sha bilim va o‘sha hayot tarziga – Tarj.) intiladilar, ammo bu benazir (eng yuqori) kamolot emas, bilim olayotganlar esa, ularning yordamida faqat foydali va manfaati tegadigan ishlarni bajarish uchun ularga intiladilar. Ehtimol foydali bilim zarur bo‘lar, manfaatliligi esa hammavaqt ham zaruriy va afzal bo‘lmas. Odamlar ushbu san’atlar vositasida yo zaruriy narsalarni yoxud afzal bo‘lgan manfaatni olish (o‘zlashtirish)ga intiladilar.
Shuning uchun ham ushbu barcha amaliy san’atlar haqidagi masala oydinlashganidan so‘ng, Aflotun o‘zi nima zaruru nima manfaatli ekanligini o‘rgana boshladi. Manfaatlilik va afzallikni u qanday tushunishi orasida hech qanday farq yo‘q, chunki ularning hammasi bitta ma’noga yetib boruvchi sinonimlardir. U, xalq orasida fazilat deb hisoblanadigan fazilatni, xalq foydali deb tan oladigan foydalilikni, haqiqatan ham ular fazilatlar va manfaatlarmi degan masalani o‘rganadi. Yana u foydalilikni xalq nuqtai nazaridan o‘rganadi, ya’ni foydali deb o‘ylaganlari u haqiqatan ham foydalimi yoki foydali emasmi?
Aflotun aslida bunday emasligini tushuntiradi va xalq orasida afzal va foydali deb hisoblanadigan barcha narsalarga shunday yondashadi. Bular uning “Alkiviad ikkinchi” asarida yozilgan.
13. Keyin u haqiqatan ham foydali va afzal ishlarni tekshiradi. Aflotun xalq orasida foydali va manfaatli deb hisoblanadigan narsalar va haqiqatda foydali va manfaatli bo‘lgan narsalar o‘rtasidagi nisbatni hamda ushbu nisbatning qandayligini tushuntiradi. Haqiqiy manfaatni yuzaki manfaatdan ajratib olish uchun vosita bo‘luvchi o‘sha bilim va o‘sha hayot tarzini tashkil etuvchi manfaatlar va munosib narsalar ma’lum amaliy san’atlarda yetarli emas. Bular haqida uning “Gipparx” kitobida so‘z yuritiladi.
14. Aflotun, bunday matlub barkamollik va izlanayotgan maqsadga munofiqlar va o‘z intilishlarida adashib yurganlarning hayot tarzlari orqali erishib bo‘ladimi degan masalani tekshirib chiqadi. Aytib o‘tish kerakki, ular iltifotga ana shu intilishlar yordamida muyassar bo‘ladilar va boshqa maqsadga chuqur kirib borishga harakat qiladilar. Hayotning bunday tarzi haqiqatan ham matonat bo‘lib, u xalq tomonidan qabul qilingan va inson ana shu hayot tarzi tufayli saodatli bo‘ladi (aslida bunday emasligini Aflotun quyiroqda tushuntiradi – Tarj.). Aflotun bular haqida xalq qanday fikrlashini chuqur o‘rganadi. Bularning hammasi, hayot tarzi va qilgan ishlari bo‘yicha sofistlar deb hisoblanuvchi ikki odam ismi bilan atalgan kitobida bayon qilingan. Bu odamlarning ikkalasi ham bahsda va so‘z bilan hamda faoliyat bilan sofistlarcha ishontirishda o‘z maqsadlariga erishdilar, ularning ikkalasi ham matonatli va mard odamlar edilar. Bu kitoblarning biri “Ion”, ikkinchisi “Sofist Even” deb atalgan. Aflotun, ushbu hayot tarzi bilan ezgu maqsadga erishib bo‘lmasligini, balki aksincha undan uzoqlashtirishini tushuntiradi.
15. Aflotun huzur sohibi bo‘lgan odamlarning hayot tarzini tekshiradi; inson ushbu hayot tarzi tufayli matlub barkamollikka erishadimi yo erishmaydimi? Aflotun, haqiqiy huzur va ko‘pchilik fikricha (zununi mashhura bo‘yicha) huzur nimaligi haqida so‘z yuritadi. Haqiqiy huzur – izlanayotgan barkamollik bilan bog‘liq huzurdir. Huzurlanish imkoni bor odamlar huzur-halovat topayotgan narsalar haqiqiy huzur keltiruvchi narsalar emasdir. Uning huzur haqidagi kitobi Suqrotga taalluqli deyiladi.

V

16. Qachonki ham nazariy, ham amaliy barcha umum qabul qilgan san’atlar (“san’ati mashhura”) hamda umum qabul qilgan hayot tarzi – bularning hammasi haqiqiy baxt-saodatga erish uchun zarur bilimlarni bermasligi Aflotunga ravshan bo‘lgach, u o‘sha narsani aniqlashga zarurat borligini his qiladi. U, mavjud narsalar haqida ushbu bilimni beruvchi mushohadaga asoslangan abstrakt mulohaza san’ati qanday bo‘lishi kerakligini va insonga o‘sha izlanayotgan hayot tarzini beruvchi amaliy san’at qanday bo‘lishi ma’qulligini tushuntiradi. U o‘zining mashhur “Bazm” kitobida ushbu tafakkur san’ati falsafa ekanligini, ushbu bilimni beruvchi odam esa – faylasufligini tushuntiradi. Aflotun “Faylasuf” so‘zining ma’nosini bayon qiladi.
17. So‘ngra u o‘zining mashhur “Ariston” kitobida falsafa faqat haqiqatan ham arzigulik narsalarnigina emas, balki insoniyat uchun nihoyatda zarur foydali narsalarni ham ko‘rib chiqishini tushuntiradi.
18. Aflotun o‘sha matlub hayot tarzini beruvchi amaliy san’atni o‘rganadi, bu san’at dillarni tuzatadi va to‘g‘ri yo‘l (hidoyat) ga yo‘naltiradi. U davlat va fuqarolik san’atini va “hukmdor”, “davlat arbobi” so‘zlarini tushuntiradi, keyin u, faylasuf va hukmdor– bir shaxsning o‘zi ekanligini (bir xil ma’noda ekanligini – Tarj.) va ularning ikkalasi ham bir malaka yordamida, aynan bir xilda mashq qilib barkamollikka erishishlarini; ularning har birida eng dastlabki asosdan boshlab matlub bilim va matlub hayot tarzini beruvchi umumiy mashg‘ulot borligini; va faqat ulargina (faylasuf va hukmdor – Tarj.) chinakam xalovat beradigan saodatga erishishlarini tushuntiradi.
19. Umumiy mulohaza (“zunun”) bo‘yicha fazilat deb hisoblanadigan ezgulikni va haqiqatan ham ezgulik bo‘lgan ezgulikni hamda odamlar ezgulik deb hisoblasalar-da, aslida soxta ezgulik nima ekanligini; haqiqatda ezgulik o‘zi nima va haqiqatan ham fazilatli (ya’ni ezgu ishlar, qiluvchi – Tarj.) odamlarning hayot tarzi qanday ekanligini Aflotun tekshirib chiqadi. U umum qabul qilingan mulohaza (“zunun”), haqiqatdagi ezgulikning o‘zi nimaligini bilmasligini aniqlaydi. Bu holatlar uning mashhur “Harmid” asarida bayon etilgan.
20. Aflotun yana shaharliklarga ma’lum bo‘lgan jasurlikni tadqiq etadi. U, umum mulohazasi bo‘yicha qabul qilingan jasurlik nimayu haqiqatan mardlik nimaligini tushuntiradi. Bu uning “Laxet” (“Loaxs”) kitobida bayon etilgan.
21. Aflotun muhabbat va do‘stlikni tekshirib chiqadi. U umum mulohazasi bo‘yicha qabul qilingan do‘stlik va muhabbat bilan haqiqiy muhabbat va do‘stlikni hamda nima haqiqiy muhabbatga loyiq narsa va umum mulohazasi bo‘yicha muhabbatga loyiq narsa nimaligini ko‘rib chiqadi.
22. Tahsinga loyiq ishlarni amalga oshirish uchun, taqdir tomonidan faylasuf yoki davlat arbobi bo‘lishga intilgan inson o‘zi qanday bo‘lishi kerakligini tekshirib chiqadi; bunday odam tahsinga loyiq ishlarga o‘zini safarbar etib va boshqa hech narsani o‘ylamay faqat ana shunday ishlarni ko‘paytirishi zarurligini ta’kidlaydi. Shuning uchun qachonki bunday ishlarga bo‘lgan moyillik yoki ularga xohish muhabbat turiga kirsa, bu holatda Aflotun muhabbatni, ana shu tur bo‘yicha nima ekanligini chuqur o‘rganadi, tekshiradi. Agar moyillik va xohish muhabbatning hosilasi bo‘lsa, u holda ulardan nima umum mulohazasi bo‘yicha nomaqbul, nima esa – umum mulohazasi bo‘yicha tahsinga loyiq hamda nima haqiqatan ham tahsinga loyiq? Xuddi shular uning tadqiq mavzusi bo‘ldi.
Nimagadir bo‘lgan moyillik va xohishdagi haddan oshib ketish vasvasa va jinnilik bilan bog‘liq bo‘lgani va ularning ikkisi ham dastlabki tushunchadayoq yomonlanganligi sababli boshqalar tanbehga loyiq deb hisoblagan vasvasa va jinnilikni ham tadqiq etadi. Aflotun vasvasa va jinnilikni yomonlaganlar haqida eslatib o‘tadi, garchi agar ilohiy narsalar tufayli vasvasaga tushadigan va jinnilik qiladiganlardan ko‘pchiligi tabiiy narsalarni istiqbolda bilib oladilar, ba’zilar esa ularga xayrli ish (nema’t) bo‘lgan muhabbat yordamida va masjid hamda ibodatxonalarda amalda bo‘lgan ezguliklarni afzal bilish orqali erishadilar, deb o‘ylab ba’zida maqtaydilar ham.
Aflotun maqtovga loyiq istak, moyillik, ehtiros, vasvasa, telbalik (aqldan ozish)ni tekshirib chiqadi. Agar ular ilohiy bo‘lsalar u holda ular qanday qilib inson va uning diliga yaqin bo‘ladilar? U, bunday deydiganlar haqiqatan ham bunga ishonadilar, deb eslatadi. Ilohiy dil sohibi bo‘lgan inson haqiqatan ham ilohiy narsalarga intiladi. Aflotun ushbu dilni, moyillik, niyat, ehtiros, aqldan ozish va vasvasani ulardan qaysi biri mohiyatan ilohiy va maqtovga loyiq, qaysilari – insoniy va tanbehga loyiq ekanliklarini tadqiq etadi. Aflotun jinnilikni arslonsimon, buqasimon va echkisimon jinniliklar deb tasnif etadi. Aflotun hayvoniy jinnilik bilan ilohiy narsalar tufayli kelib chiqadigan telbalik (devonalik)ni tahlil qilib chiqdi va ular orasidagi farqni ko‘rsatib berdi.
Keyin Aflotun, ilohiy deb hisoblanadigan xayrli narsalarga bo‘lgan vasvasa va moyillik darajalarini chuqur o‘rganadi. Aflotun, falsafa, madaniyat, barkamollik tufayli ezgu (xayrli) maqsadni izlovchi inson dili oqil bo‘lishi mumkinligini va ularsiz na faylasuf, na davlat arbobi, na boshqa har qanday odam ezgu maqsadga erishishga yordam beruvchi yoki o‘zi vasvasaga tushib qolishiga sabab bo‘luvchi ishni bajara olmaydi, deb tushuntiradi.
Keyin Aflotun inson faoliyatining xos yo‘llarini ko‘rib chiqadi va bunday yo‘llar ikkita: taqdir yo‘li va tartibot yo‘li ekanligini eslatib o‘tadi. Keyin u, ikki uslubdan – ritorik (notiqa) va u dialektik (al-jadal) deb ataydigan o‘qitish (ta’lim berish) usullarini tekshirib chiqadi. Bu ikkala uslubni yuzma-yuz suhbatda, muloqotda va maktub (yozuv)da ishlatish mumkin. So‘ngra u yuzma-yuz suhbatning yaroqliligi qanday va yozuvning yaroqliligi qanday ekanligini, o‘qitish jarayonida suhbatsiz faqat yozuvning o‘zi bo‘lishi yetarli emasligini, yozuv bilan nimaga erishish mumkinligini; yozuvsiz faqat og‘zaki suhbatning o‘zi yetarli emasligini tushuntiradi. Haqiqatan ham, o‘qitishning birinchi pog‘onalaridan biri og‘zaki nutq, yozma uslub esa undan keyingi pog‘ona bo‘lgan. U faylasuf bo‘lish uchun inson nimalarni bilishi kerakligini tushuntiradi. Bularning hammasi uning “Fedr” nomli kitobida bayon etilgan.
23. Ushbu san’at, ma’lum bo‘lgan san’atlarga kirmasligi va haqiqatda xayrli, ezgu bo‘lgan hayot tarzi emasligi hamda na barkamol faylasuf, na barkamol hukmdor o‘z harakatlari (faoliyati)ni ularning davrlarida mavjud bo‘lgan xalqlar va shaharlarda ishlata olmasliklari Aflotunga ravshan bo‘lgach, u kimda-kim ularni o‘z ajdodlaridan topgan bo‘lsa, o‘shalarning mulohazalari (zunun)ga asoslanish kerakmi yoki o‘z shahri aholisining mulohazasiga asoslanish kerakmi degan masalani hamda ularning hayot tarzlardan kelib chiqish mumkinmi degan masalani tekshira boshlaydi. Ularning chuqur tanqidiy o‘rganmay turib va o‘z shahri aholisining mulohazasi (zununi), ularning hayot tarzi va mulohazalarida mavjud ziddiyatlarga barham bermay turib, ularga asoslanib bo‘lmasligini tushuntiradi. Mulohazalardagi mavjud haqiqatga va haqiqatan xayrli, ezgu ish bo‘lgan xayrli hayot tarziga erishish zarur. Bular uning “Kriton” (“Iqritun”) va “Suqrot madhi” (“Ixtijoji Suqrot”) kitoblarida bayon etilgan.
24. Aflotun o‘zining keyingi kitobida inson xunuk hayot tarziga, qabih, yomon bo‘lgan johilona ishlarga ta’sir o‘tkazishi (chora ko‘rishi) kerakmi yoki ularga e’tibor bermasligi kerakmi degan masalani tadqiq etadi. Insonning qanday yashashi va mavjud bo‘lishi bilan, inson emas, boshqa hayvonlardan bo‘lgan qabih mavjudot qanday yashashi va mavjud bo‘lishi orasida farq bormi? Insonning o‘lishi va mavjud bo‘lmasligi bilan uning jaholatda yashashi va xunuk hayot tarzida yashashi orasida hamda eng vahshiy hayvondek bo‘lishi orasida farq bormi? Nima afzalroq: hayvonlarning eng vahshiysi bo‘lgan hayvonning hayot tarzidagi hayotmi yoki o‘lim? Agarda odam xayrli (ezgu) hayot tarzi va falsafaga muvofiq yashashdan umidini uzgan bo‘lsa va unga o‘zining hayoti chekkasi (so‘ngi)da turganini va shunga qaramay hayvon hayoti tarzida hayot kechirayotgani yoki hayot tarzi uni vahshiy hayvonga aylantirib qo‘yayotgani ma’lum bo‘lib qolsa, u holda ul odam shunday hayot bilan yashayversinmi yoki unga chora ko‘rish kerakmi? Ajalni afzalroq ko‘rish ma’qulmi?
Agar u odam kamtar, jasur yoki qandaydir xayrli ish sohibi bo‘lishni xohlasa, lekin xayrli ishlar, kamtarinlik va mardlik chindan ham ezgu ish bo‘lmasa, balki faqatgina soxta bo‘lsa, u holda inson o‘z hayoti yoki o‘limiga chora ko‘rishiga arzirmikin? Bu narsalarni Aflotun o‘zining “Suqrotning afinaliklarga qarshi noroziligi” (“Suqrot madhi”) va “Fedon” madhi asarlarida tahlil etdi.
Aflotun, yomon hayotga o‘lim bilan chora ko‘rish (ta’sir etish) kerakligini tushuntiradi. U, bunday tuban hayotga inson ikki holatda tushadi deydi: yo uning fe’lida faqat hayvoniy ishlar qilish bo‘lsa, yoki – hayvoniy ishlardan vahshiy, qabih ishlar unga xos bo‘lsa. Insonga hayvoniylikning hatto eng barkamoli xos bo‘lganidagi bilan u o‘zini go‘yo o‘lgan hisoblaganidagi yoki hayvonga aylangan va hayvonning tashqi ko‘rinishiga ega bo‘lganidagi holatlari orasida hech qanday farq yo‘q.
Qilmishlari hatto eng barkamol hayvon (baliq) ishiga o‘xshash bo‘lgan odam bilan tashqi ko‘rinishi insoniy (odam surat) va ishlari insoniyga o‘xshash hayvon (baliq) orasida hech qanday farq yo‘q. Odamning tashqi ko‘rinishi baliqning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash bo‘lsa, uning ishlari – baliqning ishlariga o‘xshasa, bu holat bilan o‘zining ishlarini tuzatishi borasidagi mulohazalar orasida farq yo‘q. Har qanday holatda ham insoniylikdan unda faqat mulohaza, fikrlash mavjud bo‘ladi va ana shu mulohaza yordamida u o‘sha hayvon ishini yaxshilaydi. Bu – inson ongidir.
O‘sha, hayvonning ishidagi hatto eng barkamol narsa ham insoniy ishdan juda uzoq turadi va tashqi ko‘rinishi hayvonning tashqi ko‘rinishiga o‘xshagan, lekin insoniy mulohaza (fikr)li va eng barkamol ishlari bilan bo‘lsa-da, agar ushbu hayvonning ishlari (qilig‘i) jonli jismdan chiqadigan bo‘lsa, shunda ham bu faqat hayvondan kelib chiqishi mumkinligini tushuntiradi. Va o‘sha narsa (eng barkamol narsa – Tarj.) ushbu hayvon ishida qanchalar barkamol bo‘lmasin, u baribir insoniy ishlardan juda yiroqdir. Shuning uchun Aflotun, insoniylikdan uzoq, hayvoniy hayot kechirayotgan odam xuddi Suqrotdek o‘lishga intilmaydi, deydi. Chunki Suqrot kelgusida faqat “yolg‘on nuqtai nazarlar”da yashashga majbur ligini bilardi va shuning uchun u adolat uchun (adolatni deb) o‘limini afzal ko‘rdi. Agar inson fozil xalq va shahar (shahar ham shahar hamda davlatni anglatadi – Tarj.) bilan nizo qilsa, u holda uning hayoti inson hayoti bo‘lmasligi Suqrotga ravshan bo‘ldi. Agar uzlatga chekinishni va ulardan (fozil xalq va shahardan – Tarj.) nari bo‘lib yolg‘izlikni xohlasa va barkamollikka erishishga intilsa, u holda uning hayoti baxtsiz va uning xohishi ro‘yobga chiqishdan uzoq bo‘lar edi. Shuning uchun u ikki yo‘ldan birini: yo o‘limni yoki haqiqatdan voz kechishni tanlashi kerak bo‘lardi.
25. Aflotunga o‘z davrida mavjud bo‘lgan o‘sha shahar va o‘sha xalqqa emas, balki boshqa shahar va boshqa xalqqa ehtiyoj borligi aniq bo‘lib qoldi. Chunki u o‘sha shahar qandayligini tekshirishi uchun shunday ehtiyoj bor edi. Aflotun adolatni ko‘rib chiqa boshlaydi, adolat o‘zi nima, adolat qanday bo‘lgani ma’qul, u shaharlarda qanday bo‘lishi kerak va undan (adolatdan) qanday foydalanish zarurligini chuqur o‘rganib chiqqach, bu adolat – oxir-oqibatda to‘laqonli va eng qabih adolatsizlikdir va adolat – o‘zining eng yuqori holatida, toki shaharlar o‘sha-o‘sha ahvolda qolsalar, ham kuchsizlanmaydigan, ham to‘xtamaydigan eng ulug‘ qabihlik yomonlik ekanligini aniqladi. Endi, hozir mavjud bo‘lgan bunday shahar emas, boshqa bir shahar haqiqiy adolatni va haqiqatan ham ezgulik (fazilatli) bo‘lgan ezgulikni yaratishi kerak bo‘ladi. Va bu shahar, uning aholisiga baxt nimani bersa, o‘sha narsadan benasib qolmaydigan shaharga aylanadi va faqat o‘sha shaharda ular uni (baxt-saodat beradigan narsani – Tarj.) topadilar. Va u shunday shahar bo‘ladiki, u yerda yashaydigan har bir odam, o‘sha shaharda nimaning yordamida baxtga erishilsa, o‘sha narsa bo‘lganligi uchun davlat faoliyatida qatnashishi kerak bo‘ladi; davlat faoliyatiga tom ma’nodagi falsafa kirgan bo‘lishi zarur va faylasuflar esa uning (davlat faoliyatining – Tarj.) eng buyuk qismi bo‘lishi zarur hamda ular (faylasuflar) boshqa fazilatli odamlarga ehtirom ko‘rsatishlari kerak. Keyin Aflotun bu shaharga qarama-qarshi shaharlar va ularning har birining hayot tarzini eslatib o‘tadi. Fozil shaharlarni o‘zgartirib yuboradigan va ularni qarama-qarshisiga aylantirib yuboradigan sabablar haqida eslatadi. Boshqa shaharda emas, aynan ana shunday (fozil) shaharda izlayotgan (matlub) saodatini topadi. U o‘zining “Siyosatchi” risolasida shularni bayon etgan.
26. Aflotun o‘zining “Timey” kitobida yozishiga ko‘ra ushbu shahar odamlarning aqliy mashg‘ulotlari haqida g‘amxo‘rlik qilib qonun chiqaradi, (ilohiy) fanlardan tabiiy fanlarni keltirib chiqaradi. Ushbu shaharda tartib o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan ilmning barcha nav (xil)laridan foydalanadi.
27. Bularni Aflotun ushbu shahar aholisi o‘ziga dasturilamal qilib oladigan “Xayrli hayot tarzi qonunlari haqida” kitobida ko‘rib chiqadi.
28. Keyin Aflotun, aqliy, madaniy va amaliy fanlarni o‘zida birlashtiruvchi insoniyat qanday barkamollikka erishishini va ushbu shaharga munosib bo‘lish uchun u (insoniyat – Tarj.) qanday darajaga yetishishini tushuntiradi. Bularni Aflotun o‘zining “Kritiy” nomli mashhur kitobida aytib o‘tgan. Ushbu kitobda Germokrat bayon qilganidek, Timey ta’rif qilgan odam qanday bo‘lishi kerakligi yozilgan, ya’ni “Timey” kitobida nima bayon qilingan bo‘lsa, o‘sha narsalarning hammasini Suqrot qanday qilib birlashtirganligi yozilgandir.

VI

29. Shundan keyin, ushbu shaharda bularning hammasiga amalda erishish qoladi. Aflotun, qachonki shahar barkamol hukmdor tomonidan boshqarilsa, o‘shanda shunday bo‘lishini eslatib o‘tadi. Shuning uchun ham u sohibi qonun (qonun chiqaruvchi) qanday odam bo‘lishi kerakligi va uning mavjud bo‘lishi uchun nimalar zarurligini tadqiq etib chiqadi. Bularning hammasi Aflotunning “Evtidem” nomli asarida bayon etiladi.
30. Aflotun ushbu masalani muhokama qilib bo‘lgach, shaharlar aholisini o‘sha bilimga o‘rgatish va buning uchun ularni o‘sha hayot tarzida tarbiyalash hamda qanday yo‘l bilan – Suqrot foydalangan yo‘l bilanmi yoki Frasimax yo‘li bilan borish kerakmi degan muammoni chuqur o‘rgana boshladi. Bu yerda u Suqrotning hikoyasini qaytaradi, unda (Suqrot) o‘zining zaruriy bilimlari yo‘qligidan g‘aflatda qolganligi uchun o‘z xalqidan uzr so‘raydi. Aflotun, Frasimaxning yo‘lini tushuntiradi va u (Frasimax – Tarj.) yoshlarni tarbiyalashda va xalqni ilmlarga o‘qitishda Suqrotdan iqtidorliroq deydi, garchi Suqrotda adolat va ezgu ish (fazilat)larni tadqiq etishga malakasi hamda muhabbatga qobilligi bo‘lsa-da, lekin unda (Suqrotda – Tarj.) yoshlarni va xalqni tarbiyalashga iqtidor yo‘q edi. Faylasuf, hokim va sohibi qonun ikkala yo‘ldan (ya’ni Suqrot va Frasimax yo‘lidan – Tarj.) foydalanishga iqtidorli bo‘lishlari zarur. Suqrot uslubi tadqiqot ishlariga, Frasimax uslubi esa – yoshlar va xalqni tarbiyalashga talluqlidir.
31. Aflotun, hokimlar, faylasuflar va eng munosib odamlarning fuqarolar orasidagi o‘rni qanday bo‘lishi kerakligi, fuqarolar ularni qanday hurmat qilishlari va munosib odamlar hamda hokimlarni qanday ardoqlashlari kerakligini tekshirib chiqadi. Buni u “Meneksen” kitobida hikoya qiladi. Aflotun o‘z salaflari bularning hammasini nazardan qochirganliklarini eslatadi.
32. Keyin o‘z zamondoshlari bo‘lmish shaharlar aholisi va xalqlarga qaytib Aflotun barkamol va eng fazilatli, mo‘tabar odam – tadqiqotchi inson ekanligini eslatib o‘tadi, bunday odam ulkan ahamiyatga ega, chunki u nafaqat o‘z ishlarini boshqaradi, balki ular (barkamollik va fazilat – Tarj.) unga qayerdan: hayot tarzi va haqiqatga bo‘lgan nuqtai nazarlaridan va ezgu, xayrli hayot tarzi yoki ularga yaqin bo‘lgani uchun kelganligini tushuntiradi. Aflotun, xalqlarning hayot tarzi va shaharlarda mavjud bo‘lgan buzilgan qonunlarni qanday barbod etish kerakligi, ularni qanday tuzatilishini, xalqlarning hayot tarzlarini qanday isloh qilish zarurligini risolalarda bayon qildi. Ushbu risolalarda u (Aflotun), ezgu xayrli hayot tarziga va to‘g‘ri qonunlarga asta-sekin olib boruvchi tadbirlar deb o‘ylagan o‘z fikrlarini bayon etadi. U, afinaliklar va ularning hayot tarzlarini eslatib, bunga misollar keltiradi, ular (afinaliklar – Tarj.) o‘z qonunlarini qanday buzganlarini, bu qonunlarni qanday qayta ishlaganlarini tasvirlaydi. Aflotun, ularni asta-sekin o‘zgartirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazishga doir o‘z mulohazalarini bayon qildi. Afinaliklar o‘z hayot tarzlari va o‘z qonunlarini o‘zgartirganlaridan keyin ularga xos bo‘lib qolgan nuqtai nazarlar va qonunlar haqida so‘zladi.
Aflotun falsafasini ko‘rib chiqish shu yerda tugaydi.

Rus tilidan Urfon Otajon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2009 yil, 6-son.