Umed Barnoyev, Ibodat Rajabova. Bo‘rontepa yoxud Birulontepa

Yurtimiz tarixi juda boy. U ko‘p asrlarni bag‘riga olib, tarixiy, badiiy kitoblarni bezab turibdi. Biz Bo‘rontepa tarixini izlab, katta xazinaga duch keldik. Bu obida tarixining boshlanishi Pashang, Vega, Afrosiyob, Firdavsi-yu Bormonga borib taqalyapti. “Ashkol ul-olam” kitobining muallifi Abu Abdullo Muhammad binni Ahmad al-Jayhoniy g‘aroyib fakt keltiradi: “Ba Xorazm juz az qasaba va Jurjoniya shahroni digar ast. Chun Darom, Hazorasf, Xeva, Raxshimat, Sodarzan, Zamahshar, Navxost, Bartagin, Madinat, Murodxaxon”. Al-Jayhoniy nomlarini keltirgan bu shaharlarning ayrimlari buzilib ketgan. Chunki ular Islomdan oldin qad ko‘targan shaharlar bo‘lib, Afrosiyob, Pashang, Surxa, Vega davriga to‘g‘ri keladi. Raxshimat, Sodarzan kabi shaharlarning faqat xarobalari qolgan edi. Al-Jayhoniy davrida (IX–X asrlarda) Xorazm shahri bor edi…

Firdavsiy “Shohnoma” kitobida tilga olgan Bartagin shahri-chi? U nima ma’noni bildirar ekan? Balki Bormondir. “Shohnoma” kitobiga yozilgan lug‘atda: “Bormon, nomi pahlavoni turoniy, Pisari Visa” deb sharh berilgan.

“Shohnoma”dan shu narsa ayon bo‘ldiki, Birulon (Bormon, Piron) Afrosiyob va uning otasi podshohligi davrida katta siyosiy mavqega ega shaxs bo‘lgan. Oddiy askarlikdan bosh vazir darjasigacha ko‘tarilish yo‘lini bosib o‘tgan asl jangchi bu zamin haqqu hurmati uchun bir umr xizmat qilgan. Otasi Visa, ukasi Pilsam va ayoli Gulshahr bilan shu vatan, yurt obodligi uchun kamarbasta bo‘lgan.

Bo‘rontepa bizdan juda uzoq-uzoqda turgan o‘ta qadimiy xilqat. Tepalikning tuzilishi, qoramtir tuprog‘i, ustida o‘ynab yurgan shamollarning shiviri kishini maftun qilishi, shubhasiz. Tepalik – bu qadimiy shaharning istehkomi. Janub tomonda esa guzar, mahalla, dolonlar o‘rni xoktepa bo‘lib turibdi.

Shahar vaqtida qanday ko‘rinishga ega bo‘lgan?

Bo‘rontepa haqida rus arxeologi, jumladan, shunday yozgan: “Bo‘rontepa Varaxsha shahridan Xoja O‘bbonga borar yo‘li ustida, uning shimolida joylashgan. Bu joylashish 12 kilometrni tashkil etadi. Bo‘rontepa o‘rta guruhga kiruvchi shaharlarning eng shimoldagisi hisoblanadi. Shaharcha 2ta kvadrat qismdan iborat. Egallagan maydoni kichikroq. Lekin shimoli-g‘arbda joylashgan tepalardan baland. Tepalikning birinchi qismi bilan ikkinchi qismi yo‘lak (dolon) bilan tutashgan. Bu yerdagi sopol parchalari, koshin, ranglar Varaxshadan topilgan sopol parchalariga o‘xshaydi. Bo‘rontepa oldingi yillari (qadimda) aholi yashash joyi bo‘lgan” (Vasiliy Afanasovich Shishkin. “Arxeologicheskiye rabotы 1937 g. V zapadnoy chasti Buxarskogo Oazisa”, Moskva, 1969 g).

Birulon ko‘p dizalar tiklab, lashkarni u yerda joylashtirib, hududlar xavfsizligini ta’minladi. Ukasi Pilsam, otasi Visa, ayoli Gulshahr, katta qizi Jarira, yana ikkita kichik qizining hurmati uchun yoz oylarida bexavotir dam olib, ovga chiqish, naslli otlarni ko‘paytirish, o‘z qo‘li bilan bog‘-rog‘ yaratish uchun ana shu shaharchani tikladi.

Nomini esa o‘z ismiga qo‘ydi: “Birulon”. Chunki u otasi Visaning tug‘ilgan yurti Bartaginga bir necha marta borgan. Qarindosh-urug‘larini ko‘rgan. Bartagin shahrining tuzilishini tomosha qilib, ko‘nglida ana shunday shaharning takrorini o‘zim ham qachondir tiklayman, deb niyat qilgan. Sababi, Bartagin shahri o‘xshashi boshqa kentlarda yo‘q edi. Ichida suv arig‘i bor shahar go‘zal, oqar suv arig‘idan foydalangan shahar ahli sog‘ligi mustahkam, otashkada, suv to‘la xumlar qator turishi esa, g‘aroyib ko‘rinardi. Bartaginning qalin devori ustidan dehqonlar aravasi yurardi. Daladan yuborilgan don-dun, qovun, pichan kabi eng zarur mahsulotlar to‘g‘ri shahar markaziga olib kelingan, shahar bozorchalarida savdoga qo‘yilgan. Xususan, shinni to‘la xumlar atrofida bolarilarning mazaxo‘rak bo‘lib uchishlari xush ko‘rinardi. Shahar ko‘rinishi juda go‘zal bo‘lib, shinak, aylanma devori uchta edi.

Birinchi devor – xokrez, ikkinchi devor – yasovul joyi, uchinchi devor – zarba nomlari bilan atalar, xokrezning shundoq yoni bilan suv to‘la xandak, xandak ustidan tuttarnovli osma ariq o‘tib, qal’aga kirar, shaharning 80 gektarlik hududini aylanib, yana uch devor oralab osma ariq orqali chiqib, rabot, karvonsaroy, bog‘-rog‘larga quyilardi. Devorlar ustidagi shinak­larda chapdast qorovullar o‘tirib, to‘rt tomonni kuzatardi. Qorong‘u tushar-tushmas Bartagin shahri darvozalari yopilar, osma ko‘priklar ko‘tarilar, osma tut tarnovli ariq ham bir chekkada dam olardi. Bormon Bartaginga o‘xshash kent qurgandi.

Birulon shahrining asosini, shaharsozlik ko‘rinishini kunu tun yonib turuvchi otashkada belgilab berardi. Hammaga qulay bo‘lsin deb otashkada shahar o‘rtasida qad ko‘targan edi. Odamlarning ertalab-kechqurun olov cho‘g‘i olib ketishlari uchun maxsus odamlar xizmatda bo‘lardi.

Birulonda ichki qabriston, bir chekkarog‘ida mug‘xona, yana bir tarafida registon maydoni, shishapazlik, puxtapazlik xumdonlari bo‘lib, hunarmandlar, temirchilar, teri oshlovchilar guzarlari alohida-alohida, asosiy qayroq yo‘lning o‘rtadan kesib o‘tishi g‘aroyib edi. Ichki ariq labida qurilgan suv tegirmoni havoncha, qo‘l tegirmonidan ko‘ra yaxshiroq ishlab, qal’adagilar og‘irini yengil qilardi.

Yovvoyi kiyik, arxar, g‘o‘rxarlarni tutib, xonakilashtirish uchun ham tajriba, imkoniyat mavjud edi.

Istehkomning maxfiy yo‘li ham bo‘lib, u o‘zga qal’alar bilan tutash emas edi. Birulon shahriga Afrosiyob, Siyovush tashrif buyurganlar. Uning mehmonxonalarida (jamoatxona) Xutan, Shoshkent, Xuroson, Xovarzamin, Xarlon, Usurushana shahristonlaridan keltirilgan noyob jihozlar turar, devoru tokchalari naqshinkor edi…

Jangu jadallar, yillar shamoli, yomg‘iru qor Birulon shahrini egasi vafotidan keyin vayronaga aylantirdi.

Bugun qadimiy kentdan faqat istehkomning ustki choponi qolgan, xolos.

Ammo kunchiqar qavatida dam olish maskani qad rostlab turibdi. Bu dam olish joyi sobiq viloyat hokimi O‘ktam Barnoyevning tashabbusi bilan tiklandi. “Yangi Birulon” shaharchasi bag‘riga necha asrdan ke­yin suv keltirildi. Buxoroning qadimiy gujum ko‘chatlari o‘tqazildi. Yemakxona, muzey, dam olish maskanlari birin-ketin joy oldi. Faqat kulxona, ma’bad, otashkada yo‘q, o‘sha hudud bor. Suvlar kelgan ariq izi bor. Qum, kul, devorlar gardini olib ketgan shamol ham o‘sha-o‘sha. Birulontepa yo‘qlik sari yo‘l olganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Istehkom esa hamon to‘rt eshigi borligidan sir boy bergani yo‘q.

2022 yilning boshida qadimiy qal’a tarixini topishga muyassar bo‘ldik. Xalq tili bilan Bo‘rontepa deb atalmish qadimiy shahriston sirini “G‘iyos-ul-lug‘ot” ochdi. Birulon – Afrosiyob vaziri. Siyovush o‘ldirilgach, oradan ko‘p yillar o‘tmay, Afrosiyobning Farangiz ismli qizidan tug‘ilgan o‘g‘li otasi xunini talab qilib keladi. Afrosiyob Romtin qal’asiga yashirinadi. Nabira Afrosiyobni ta’qib qiladi. Afrosiyobning yengilishini bilgan Piron (Birulon) dushmanning 700 nafar askarini bir kechada o‘ldiradi. Ana shu xabar Birulon ismli turk pahlavonining bu yorug‘ dunyoda ko‘p xayrli ishlar qilib ketgani xabarining kaliti bo‘ldi.

2022 yil biz bu tepalikka kelganimizda, bizga mazkur qadimiy shahar qoldiqlarini “Bo‘rontepa” deb tanishtirgan edilar. Go‘yoki bu shahar osmoni g‘aroyib iqlimga ega bo‘lib, bir tomonida quyosh charaqlab tursa, boshqa tomonida sharros yomg‘ir yog‘ib turar ekan. Shu bois ham uning nomi Bo‘rontepa emish. Bahorda qadimiy Bo‘rontepa qoldiqlari yoniga borib, ko‘p kuzatib turdik.

Yuqorida aytilganidek, o‘sha iqlimiy holat bo‘lgani yo‘q. Quyosh charaqlab turdiyu, lekin bo‘ron bo‘lganini ko‘rmadik. Xotiramizga “G‘iyos ul-lug‘ot”ning ushbu sharhi tushdi: “Birulon – Afrosiyobning xos vaziri. U otasining xunini so‘rab lashkar tortib kelgan Siyovush o‘g‘lining 700 nafar lashkarini bir kechada mag‘lub etdi. Xuntalab jangchilarni kallasidan judo etdi”.

Ana shu xabar izidan borib, tarix titdik. Narshaxiydan qoniqarli ma’lumotga ega bo‘lolmadik. Narshaxiydan oldin yashab, ijod etgan nazmu tarix bilimdoni Abulqosim Firdavsiyga yuzlandik. “Shohnoma” bizga eng yaqin ko‘makchi bo‘ldi. Firdavsiyning “Shohnoma” asaridagi mana bu bayt bizni hushyor torttirdi.

Yake turk bud, nomu o‘ Bormon,
Hame xuftaro guft: “Bedor mon!”

Tarjimasi:

Biri turk edi, ismi Bormon,
Hamma uxlaganga buyurdi: Uyg‘on! Uyg‘on!

Birinchi tugun ochildi. “Shohnoma” kitobiga yozilgan sharh-lug‘atda: “Nomi Pahlavon Turoniy, Pisari Visa” deb yozilgani ikkinchi tugun ochilganidan darak berdi. Shunday qilib, Turon mamlakati uchun bir umr fidoyilik ko‘rsatgan Afrosiyob vaziri — Birulon dostonlar ichidan chiqib kelaverdi. “Pahlavonning otasi kim?”, “Ukalari kimlar?”, “Qizlari, ayoli, Siyovushga uzatilgan qizining ismi nima?” Hamma-hammasi birin-ketin ma’lum bo‘laverdi. Siyovush yasama qahramon emas, uning Turon zaminida qurgan birinchi shahri qoldiqlari Varaxsha ekanligi ham ayon bo‘ldi. Turon bag‘ri qadimiy voqealarga boy zamin. Nega Muhammad Narshaxiy “Buxoro tarixi” kitobini, Abulqosim Firdavsiy 35 yillik umrini sarflab “Shohnoma” asarini yozganlari isbotlandi. Bu dunyoning g‘aroyibligini qarangki, oddiy tepalik, qadimiy shahar qoldig‘i qavatlarida boy tarix o‘tmish changga belanib yotgani ko‘ngilni og‘ritadi. Nima bo‘lganda ham biz o‘tmishda qahramon bo‘lgan Birulonni topishga muyassar bo‘ldik. Sharhu izoh, isbotu taqqoslashlar orqali u bilan yuzma-yuz turibmiz. Uning jasorati, bunyodkorligiyu elparvarligidan ibrat darsini o‘qiyapmiz. Movarounnahrning shimol tomonida joylashib, yashab kelayotgan Xarlukxon turklari avlodi bo‘lmish Birulonday jasoratli sarkarda, bosh vazir, qadrdon do‘st o‘tmishi – bugun ko‘zguday yorug‘ bo‘lgani bizning yutug‘imiz, tarixparastligimiz nishonasidir.

Birulon (Piron, Bormon) vaqtida ariq qazib, cho‘l tomonga suv keltirgan Pirmast (Birmas) arig‘idan hali-hanuz suv oqib turibdi. Uning nomi bilan bog‘liq Burqi sarmast xokjoyida duogo‘ylar qadami uzilgani yo‘q.

Birulon oldin o‘zi uchun diza qurdi. Bu diza Buxoro shahristoni ichida edi. Keyinchalik Romishmetan, Turonshahardan keyin Birulon shahrini tikladi. Turonshaharga yaqin Birulon shahri bo‘lakcha dunyo edi. Otasi Visaday, u ham ko‘m-ko‘k kenglik, suvi har bahorda mast bo‘lar Rudi Mosafni yaxshi ko‘rardi. Xovarzamin hududiga tutash yer, qal’alarda suvsizlik hukmini ko‘p o‘tkazganidan aholi qiynalardi. Nima qilmoq kerak? U yarim kecha uyqusidan uyg‘onib ketdi. Qulog‘iga Rudi Mosafning shar-shar oqishi eshitildi. Xo‘sh, u yashayotgan Kohgacha Rudi Mosafning sersuv irmoqlari kelgan. Nega bu irmoqlar qanotini kengaytirish, uzaytirish mumkin emas ekan? Shu o‘y-xayollar bilan ertasi ertalab Afrosiyobga bu fikrni aytadi. Afrosiyob mamlakatining kunbotar tomonini ko‘rsatadi: “Piron, nimaiki xohlasang qil. Qo‘lingdagi 100 mingdan ortiq lashkar qiynalmasa bo‘lgani”. Bu ko‘rsatma uning dilu joniga aylandi. Otasi Visa, ukasi Pilsam bilan maslahatlashib, ariq qazishga tushib ketdi.

Rudi Mosafning Buxoro hududidagi sersuv irmog‘i o‘sha paytda 300 kilometrdan ortiq masofani o‘z ichiga olgan suv mahzani bo‘lib, “ming shahar” ahlini suvdan shodkom qilgan xazina edi. Bu oqar xazinani Birulon Xorazmga tutash hududlarga olib borish uchun ko‘plab ishchi, jangchilarni jalb etdi. Har 100, 80, 90, 50, 60 kilometr oralig‘ida bitta rabot, koh, diza, metan ham tikladi. Shu tariqa suv arig‘i qurilishi sabab mustahkam yashash manzili, ko‘plab kohlar qad rostlagani haqiqatdir.

Rudi Mosafdan kunbotar tomondagi bu kohni Birulonning odamlari bunyod etdilar. Koh o‘rtasi aniqlangach, uning baland va qalin devori tiklandi. Yuztacha hududni o‘z ichiga olgan koh o‘rtasida ma’bad ham tiklandi. Keyin birin-ketin hovli-joylar, bog‘-bog‘chalar qad rostladi.

Ma’bad (otashkada) ikki vazifani bajarardi. Dija ahlini cho‘g‘-olov bilan ta’minlash va sajdagoh. Har kechqurun, ertalab dija ahli o‘choqlari uchun ana shu yerdan cho‘g‘ olib ketib, tirikchilik qilardilar. Sababi, hammada ham chaqmoqtosh yo‘q edi.

Suv esa muammo emas, Koh(qal’a)ning ikki tomonidan aylanib o‘tib, duoba hosil qilib, yana yo‘lini davom ettirgan Birmas arig‘i bo‘yida qad ko‘targan kohlar soni ortib borardi.

G‘azni Birulonda bosh vazir o‘z g‘aznasini joylashtirdi. Birmas arig‘ini qazuvchilar ana shu mustahkam qilib tiklangan maskanda kechalari dam olib, kunduzlari ish bilan band bo‘lardilar. Birmas arig‘i ustida osma ko‘prik qurildi.

G‘azni Birulon kohi to‘rt tomonida to‘rtta darvoza ham tiklandi. Kechalari darvozalar yopilgach, osmako‘prik ham ko‘tarilardi. G‘azni Birulonga Afrosiyob ko‘p marta mehmon bo‘lib, vazirning bunday bunyodkorligidan shod bo‘lib qaytgan.

Yillar, asrlar ketidan asrlar o‘tib koh nomining shakli o‘zgardi. G‘azni Birulon – G‘ijduvon ko‘rinishini olgani ham g‘aroyib. Shunday qilib, G‘azni Birulon – G‘ijduvonday katta tuman poyostonasiga Buyuk Turon mamlakatining shohi Afrosiyobning bosh vaziri, jasur jangchi, oqil maslahatchi Birulon asos solganiga tarix guvoh.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 11-son