Ubaydulla Uvatov. Alloma Taftazoniy Samarqandda

Qadimiy, hamisha navqiron Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz Islom Karimov so‘zlagan nutqlarini eshitgan har bir vatandoshimizning qalbida cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulari uyg‘ondi. Shu bilan birga, eng avvlo, shunday buyuk, har qanday odam havas qiladigan benazir, go‘zal yurtda yashash nasib etganligiga shukronalik, unga chin qalbdan, fidoyilik bilan xizmat qilib, uning obodligi va yanada ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shish kabi yuksak orzular barq urganligi muqarrardir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz tarixchi, sharqshunos olimlar yurtimizning o‘tmishini: ko‘p asrlik shonli tarixini hali chuqur o‘rganishimiz zarur ekanligini yanada teran anglaymiz. Ayniqsa, qariyb uch ming yillik tarixga ega ko‘hna Samarqandning obodligi va ko‘rkamligi yo‘lida buyuk ajdodlarimiz, xususan, XIV asrda saltanat yuritgan Sohibqiron Amir Temur hazratlari amalga oshirgan ulug‘vor ishlar «bugun ham barchamiz uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz». Yana Prezidentimiz nutqida alohida ta’kidlaganidek, «Ilmu fanni yuksak qadrlagan Amir Temur bobomiz o‘z poytaxti Samarqandga dunyoning turli mintaqalaridan yetuk olim va ulamolar: me’mor va muhandislarni jalb etgan. Buni Samarqand zaminida ko‘rsatgan Balxiy va Damashqiy, Bag‘dodiy va Marvaziy, Taftazoniy va Jurjoniy, Jazariy va Shomiy kabi yuzlab allomalarning nomlari ham isbotlab turibdi».

Mavridi kelganda aytish kerakki, mustaqillik yillarida bu yo‘nalishda e’tiborga molik ulkan ishlar amalga oshirilgani bilan hali-hanuz mamlakatimizda ularga o‘xshash ko‘plab olimlarning hayot yo‘llari, ular qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy meros yetarli darajada o‘rganilgani yo‘q. Davlatimiz rahbarining tabrik nutqida zikr etilgan olimlardan biri Sa’duddin Taftazoniy bo‘lib, uning aksar faoliyati Samarqandda, Amir Temur saroyida o‘tgan. Hayot falsafasini qarangki, aynan shu olimning Sohibqiron Amir Temur homiyligida Samarqandda salmoqli faoliyat ko‘rsatib, muhim asarlar yaratgani haqida bundan uch oy muqaddam Buyuk Britaniyaning poytaxti Londonda bo‘lib o‘tgan bir suhbatning ham guvohi bo‘lgan edik. Gap shundaki: xizmat safari yuzasidan shu yil may oyida Buyuk Britaniyada bo‘lganimizda, London universiteti qoshidagi islom tadqiqotlari markazining direktori, taniqli olim, professor Muhammad Abdulhalim janoblari bilan muloqotda bo‘lan edim. Asli misrlik bu olim Sharq mamlakatlari tarixi, islom dini ta’limotlariga doir ko‘plab asarlar yaratgan yirik mutaxassis, ayniqsa, Qur’oni Karimning ingliz tiliga tarjimoni sifatida ham dunyo ilmiy doiralarida katta nufuzga ega (bu tarjima 2004 yilda Angliyadagi Oksford universiteti tomonidan nashr etilgan). Shular bilan birga, suhbatimiz chog‘ida professor janoblari Movarounnahr tarixi, yurtimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ulkan ilmiy-ma’rifiy jarayonlardan ham yaxshi xabardor bo‘lib, shular jumlasidan 2007 yilda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkiloti (AYSESKO) tomonidan mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrining Islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinganligi, qadimiy shaharlarimiz Samarqand, Marg‘ilonning yubileylari, o‘rta asrlarda yurtimizdan yetishib chiqib, islomiy ilmlar va madaniyati ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk allomalar va yirik arboblar, xususan, Amir Temur va temuriylar davri tarixi va madaniyati bo‘yicha har tomonlama chuqur ma’lumotga ega ekanligini ham namoyon qildi. Muloqotimiz oxirida Muhammad Abdulhalim janoblari menga esdalik sifatida Amir Temur taklifi bilan poytaxt Samarqandga kelib, samarali faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ allomalardan biri Sa’duddin Taftazoniyning aynan Samarqandda 1382 yilda arab tilida yozgan «Sharh al-Maqosid» asarining 1984 yili Qohiradagi al-Azhar universiteti nashriyotida chop etilgan besh jildlik ulkan asarini sovg‘a qilgan edi. Samarqandning tabarruk to‘yi munosabati bilan Yurtboshimizning yorqin nutqlarida zikr etilgan ana shu allomaning hayot yo‘llari va ijodiy faoliyati haqida aziz jurnalxonlarga mufassalroq ma’lumot berish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.

Uning to‘liq ismi Mas’ud ibn Umar ibn Abdulloh Sa’duddin Taftazoniy bo‘lib, u 1322 yilda Xurosonning Taftazon qishlog‘ida, ziyoli bir xonadonda tavallud topadi. U yoshligidan o‘ta zehnli, aql-idrok sohibi, islomiy va dunyoviy ilmlarga tashnaligi bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan. Dastlabki bilimni Xurosonning yirik ilmiy markazlari Xirot, Sheroz, Balx, Saraxs kabi shaharlarida oladi. Keyinroq o‘z davrining yirik olimlari, jumladan Azudiddin al-Iyjiy, Qutbiddin Muhammad ar-Roziy, Nasimuddin Abu Abdulloh, Ziyouddin ibn Usmon al-Qazviniy, Ahmad ibn Abdulvahob al-Qo‘siy kabilardan ta’lim olib, o‘sha davrda keng tarqalgan kalom, mantiq, ilm al-usul, fiqh, astronomiya, matematika kabi ilmlar sohasida yetuk olim darajasiga erishadi. Manbalarda yozilishicha, Sa’duddin Taftazoniyning ilmiy-ijodiy faoliyati juda barvaqt – o‘n besh-o‘n olti yoshlaridan boshlangan. Yana shuni aytish kerakki, Taftazoniy hayotining aksar qismi Xurosonning yuqorida zikr etilgan shaharlari bilan bir qatorda Movarounnahrda – Samarqand, Xorazm, Buxoro, G‘ijduvon kabi shaharlarda o‘tganligi haqida ham yozma manbalarda aniq qayd etilgan. U 1390 yilda Samarqandda vafot etadi.

Hozirgi ma’lumotlarga qaraganda, uning ilmiy-ma’naviy merosiga mansub asarlarning soni o‘ttiztaga yetadi. Ulardan «Al-arba’in fil hadis», «Al-fatova al-hanafiyya», «Al-miftoh», «Irshod al-hodiy», «Tahziyb al-mantiq val kalom», «Al-mutavval ala at-talxis» va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Asarlarining aksariyati arab tilida, qisman esa fors tilida yaratilgan, olim faoliyatida turk va fors tillariga qilingan tarjimalar ham zikr qilinadi. Shular bilan bir qatorda uning ilmiy-ijodiy faoliyatida yurtimizdan chiqqan yirik olimlarning qimmatli asarlariga sharhlar bitish ham yetakchi o‘rin egallaydi. Jumladan, u yuzdan oshiq asarlar yozgan nasaflik taniqli olim Najmiddin Umar Abu Hafs an-Nasafiyning (1068 — 1142) aqida masalalariga bag‘ishlangan g‘oyatda muhim «Al-Aqoid» nomli asariga (bu mo‘jaz asar atigi 12 sahifadan iborat) keng ko‘lamda sharh yozgan bo‘lib, bu sharhning 2000 yilda Qohirada chop etilgan nashri 162 sahifadan iborat. O‘rni kelganda aytish kerakki, hajm nuqtai-nazaridan g‘oyatda kichik bo‘lgan bu risolada iymon-e’tiqod masalalari ahli sunna va jamoat aqidasiga muvofiq aniq va ishonchli tarzda bayon qilinganki, u o‘z davridan to hozirgi paytgacha musulmon davlatlaridagi dorulfunun va madrasalarda, jumladan al-Azhar universitetining o‘quv muassasalarida sunniy aqida bo‘yicha asosiy qo‘llanma – dasturlardan biri sifatida o‘qitib kelinmoqda. Asarning katta amaliy ahamiyatidan kelib chiqib, ko‘plab olimlar unga sharhlar bitganlar. Jumladan, Sa’duddin Taftazoniy ham bu asarga mukammal sharh yozgan mualliflardan hisoblanadi. Taftazoniy tomonidan xorazmlik buyuk alloma Mahmud az-Zamaxshariy (1075–1144) qalamiga mansub «Al- Kashshof» nomli Qur’oni Karim tafsiriga batafsil hoshiya ham bitilgan. Shuningdek, az-Zamaxshariyning odob-axloq va tarbiyaviy masalalarga oid «Navobig‘ al-kalim» («Nozik iboralar») nomli mo‘jaz asariga yozgan mufassal sharhi ham dunyo ilm ahllariga yaxshi ma’lum.

Tarixnavis olim Xondamirning «Habib as-siyar» nomli asarida yozilishicha, Amir Temur hazratlari Sa’duddin Taftazoniyning katta ilmiy salohiyati va yuksak insoniy fazilatlaridan yaxshi xabardor bo‘lganligi uchun 1380 yilda – bu paytda olim Xorazmda faoliyat ko‘rsatar edi – uni o‘z davlatining poytaxti Samarqandga taklif qiladi. Bu taklifni alloma minnatdorlik tuyg‘usi bilan qabul qiladi, lekin Makkaga, haj ibodatini ado etish uchun muborak safarga tayyorgarlik ko‘rayotganligi sababli saltanat sohibidan uzr so‘raydi. Biroq Amir Temurdan takroriy taklif kelgach, u Samarqandga, olampanoh saroyiga tashrif buyuradi. Sohibqiron hazratlari olimni Samarqandga kelishi bilan samimiy qutlab, unga alohida izzat-hurmat, kamoli ehtiromini izhor qiladi. Ular o‘rtalarida ko‘plab maroqli suhbatlar, samimiy muloqotlaru qiziqarli ilmiy-ma’rifiy tarzdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Sohibqiron tomonidan ko‘rsatilgan yuksak iltifot, iliq va samimiy munosabat, yaratilgan mukammal shart-sharoitlardan olimning ilmiy-ijodiy faoliyati yanada gurkirab rivojlanadi. U Samarqand madrasalarida mudarrislik faoliyatini olib borish bilan bimrga ko‘plab shogirdlarga ustozlik qiladi, o‘zining bir qator muhim asarlarini ham aynan shu shaharda yaratadi. Jumladan, olim ijodida muhim o‘rin egallovchi kalom ilmiga bag‘ishlangan asosiy, yirik asari – «Sharh al-Maqosid» («Maqsadlar» asariga sharh) ham 1382 yilda Samarqandda yozib tugatiladi. Bu asar «Maqosid at-tolibin» («Tolibi ilmlarning maqsadlari») deb ham atalib, islom dinida g‘oyatda muhim bo‘lgan kalom ilmiga, boshqacha ibora bilan aytganda, aqidaviy masalalar sharhiga bag‘ishlangan. Ma’lumki, o‘rta asrlarda aqida masalalarini noto‘g‘ri, g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab talqin qilish natijasida jamiyatni zalolatga boshlagan ko‘plab guruhlar paydo bo‘lgan. Shunday sharoitda qator olimlar islom dinining sofligi, uning asl manbalarini to‘g‘ri tushuntirib, talqin qilish orqali bu firqa va oqimlarga qarshi kurashganlar, jamiyatda nosog‘lom muhit, parokandalik va beqarorlik kelib chiqishining oldini olganlar. Taftazoniyning «Al-Maqosid» asari ham mana shu yo‘nalishda yozilgan qimmatli asarlardan hisoblanadi. Masalaning g‘oyatda muhim va dolzarbligidan kelib chiqib, muallifning o‘zi tomonidan ushbu asariga sharh ham yozilgan. Besh jilddan iborat «Sharh al-Maqosid»ni chuqur tadqiq qilib, ushbu ilmiy nashrni Qohiradagi al-Azhar universiteti ulamolar kengashi va islomiy tadqiqotlar akademiyasining a’zosi doktor Abdurrahmon Umayra amalga oshirgan. Unga kirish so‘z esa fazilatli shayx Solih Mussa Sharaf tomonidan yozilgan. Tadqiqotchi ushbu xayrli va muhim ishni amalga oshirishda «Sharh al-Maqosid»ning turli mamlakatlarda saqlanadigan oltita qo‘lyozmasidan foydalangan. Bu qimmatli ilmiy tadqiqotni arab tilidan tarjima qilib, keng o‘quvchilar ommasiga yetkazish va Sohibqiron Amir Temur davrida samarali faoliyat ko‘rsatgan bu allomaning ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish olimlarimiz oldida turgan muhim vazifalaridan hisobanadi.

 «Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 10-son