Tohir Muhamedov. Savod tarixiga oid hujjat

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining  boy qo‘lyozma xazinasida “Sayyid Amir Haydar Bahodirxon maktuboti” nomli bir nodir qo‘lyozma saqlanadi. Unda Buxoroyi sharif taxtini 1799 – 1800 yildan to 1826 yilga qadar egallab turgan Amir Haydarning turli xil rasmiy maktub va hujjatlarining nusxalari (jami 963 ta[1]) jamlangan. Ular amir hukmronligi yillarida bitilgan. Maktublar fors-tojik tilida bo‘lib, ularning asosiy qismi Buxoroning mashhur zodagonlaridan biri bo‘lmish Sayid Ahmad xoja naqib nomiga yo‘llangan (Sayid Ahmad xoja – Amir Haydarning suyukli jiyani, Jo‘ybor xojalaridan birining rafiqasi bo‘lgan singlisining o‘g‘li).

Qo‘lyozmada jamlangan hujjatlar XIX asr boshida Buxoro xonligidagi ijtimoiy-siyosiy hayotning turli jihatlari, ya’ni amalga oshirilgan har xil ma’muriy tadbirlar, harbiylar tabaqasining ahvoli, turli lavozimdagi davlat arboblarining vazifa va haq-huquqlari, Buxoro va uning atrof viloyatlarida umumiy ta’limga oid qimmatli va qiziqarli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, mazkur hujjatlarda amirning ma’naviy dunyosi, uning madaniyatga, saroy va umuman xonlikning maishiy turmushiga munosabatini ham kuzatish mumkin. Shuning bilan birga, Sayyid Haydar Bahodirxonning Buxoro xonligida yuz berayotgan barcha ishlardan yaxshi xabardorligi va ularga munosabati, islom dini aqidalari va bayramlari, nikoh, oilaviy munosabatlar va hokazolarga tegishli masalalardagi bilimdonligi diqqatni o‘ziga jalb etmay qolmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, bu qo‘lyozma vositasida biz amir hamda uning yaqinlari hayoti va faoliyatining umumlashma tasvirini beruvchi boy va xolis ma’lumotga egamiz.

Amir Haydarning shaxsi, hukmronlik tarixi, amir saroyida hukm surgan muhitga bag‘ishlab yozilgan boshqa risolalar ham mavjud. Ma’rifatparvar shoir Ahmad Donish (1827–1897)ning bir risolasida quyidagi satrlarni o‘qiymiz: “Tinch va osoyishta kunlarda amir poytaxtda ekanida ulamolar guruhi uning huzurida to‘planar va o‘z suhbatlari bilan ko‘nglini xushnud qilar edi. Buxoro maxdumlarining mashhur va izzatli farzandlari guruh-guruh bo‘lib arkka chiqar va amir qoshida ta’lim olishar va ilmiy bahslar yuritar edi. Hech kim bir davrda bunday hukmronlik tartiboti haqida so‘z yuritmaydi. Uning ovozasi barcha musulmon o‘lkalariga tarqaldi va zaminning turli yerlari va yurtlaridan mardumlar Buxoroga ta’lim olish uchun kela boshladi. Ilm va shariat qonunlari shu qadar ravnaq topdiki, islomiyatda ilgari o‘tgan bironta hukmdor davrida ulamolar bu kabi izzat va shuhratga erishgan emaslar”[2].

Sof ilmiy va boshqa turli xil adabiyotlarda bu davr haqida biz uchratishimiz mumkin bo‘lgan ma’lumotlar nihoyatda umumiy tarzdadir. Amir Haydar hukmronligiga oid har bir tarixiy manba uni tadqiq etishda ma’lum ahamiyatga ega, albatta. Biroq, o‘sha davrga mansub rasmiy tarixlar asosan ma’lum qonun-qoidalarga bo‘ysungan va bu qonun-qoidalar talablarini deyarli chetlab o‘tolmagan, shu tufayli ular ham Buxoro xonligi ijtimoiy-siyosiy hayotining haqqoniy tasvirini to‘laqonli bera olmaydi. Biz so‘z yuritayotgan nodir qo‘lyozma manbaning shakl va mazmuni, ya’ni, uning Buxoro amirining suyukli jiyaniga yo‘llagan sof va qisman rasmiy hamda yarim shaxsiy maktub – hujjatlaridan tashkil topganligi shu bilan e’tiborliki, ulardan boshqa hech bir rasmiy tarixlarda aks etmagan ma’lumotlarni (garchi ular ayrim o‘rinlarda bir-biriga hamohang bo‘lsa-da) o‘qish va anglash mumkin.

Maktublar va hujjatlar amir devonxonasida maxsus daftarda hisobga olinib, ulardan nusxa ko‘chirilgani va bu ish biron buyruq asosida emas yoki amir uchun emas, balki devonxonadagi umumiy tartib va an’anaga ko‘ra amalga oshirilgani e’tiborga olinsa, mazkur qo‘lyozmaning XIX asr birinchi choragidagi ijtimoiy-siyosiy hayot tarzini haqqoniy aks ettiruvchi hujjat sifatidagi qimmati yanada oshadi. Sayyid Haydar Bahodirxon qo‘lyozma hujjatlari sahifalaridan taxt egasi bo‘lmish siyosiy arbob sifatidagina emas, balki ayrim o‘rinlarda kutilmagan, favqulodda sifatlarga ega bo‘lgan bilimdon shaxs kabi namoyon bo‘ladi.

Ma’lumki, bizning adabiyot va san’atimiz yaqin kunlargacha nihoyatda mafkuraviylashtirilgan va mashhur “realizm”imiz qonuniyatlari talabiga moslashtirib kelingan. “Tadqiqotchilar” biron hukmdor va uning atrofidagilarning hayoti, hukmdorlik tarixi va faoliyatiga bag‘ishlangan ishlarida tarixiy ma’lumotlarni shunday sharhlab berganlarki, bunda amir va zodagonlar muttasil aysh-ishrat bilan mashg‘ul bo‘lgan, haramlaridan chiqmagan, u yerdan chiqqan vaqtlarini esa mazlum xalqqa yangidan-yangi soliqlar solishga sarflagan. Bordi-yu, shunday bo‘lsa, bizning bu tabarruk zaminimiz qanday qilib O‘rta Osiyo va arab Sharq madaniyatining rivojini ta’minlagan, butun dunyoga mashhur olimlaru sarkardalarni, faylasuflaru muhandislarni, hunarmandlaru musavvirlarni, shoirlaru xattotlarni yetishtirib bergan, degan savolga bu “tadqiqotlar” javob bermagan. Endilikda esa mana shu qolipni buzib, adolatsizlikni bartaraf etmoq va asil haqiqatni ro‘yobga chiqarmoq uchun ancha-muncha sa’y-harakat  kerak bo‘ladi.

Amir Haydar o‘z maktublariga Qur’ondan ko‘plab oyatlar kiritadi, ayrim o‘rinlarda she’riy misralarga murojaat etadi (Ular xonning o‘zinikimi yoki boshqa biron ijodkornikimi, hozircha ma’lum emas). Maktublarda bayon etilajak maqsad ko‘p o‘rinlarda xonning o‘z jiyaniga qarata biron masala yuzasidan aytilgan otalarcha pand-nasihatlari bilan qorishib ketgan. Maktublar asosan quyidagi aniq masalalarga bag‘ishlangan: ularda xon qo‘l ostidagi yer-mulk haqida ma’lumot beradi; o‘z mulkidagi qabilalar soni va ularga munosabat haqida so‘z yuritadi; biron shaxs haqida konkret mulohaza bildiradi; o‘zbek qabilalarini urushga jalb etish tartibi haqidagi ma’lumotlarni jamlagan chizmani keltiradi; mamlakatning u yoki bu nohiyasiga solinajak soliq miqdorini ko‘rsatib o‘tadi; shaharlar ko‘rinishi va istehkom hamda qal’a devorlarini ta’mir etish borasida ko‘rsatmalar beradi; ma’muriy apparatni ushlab turishga ketayotgan mulk va boshqa sarflarni sanab o‘tadi; u yoki bu olim, muallim, fotih, shuningdek, qo‘shni o‘lkalardan kelgan mehmon va saroyning boshqa xodimlariga berilajak maosh va sovg‘alar miqdorini belgilaydi. Maktublarning adresatlari doirasi nisbatan cheklangan. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, ularning aksariyati Sayyid Ahmad xojaga yo‘llangan va juda oz miqdorigina ayrim sarkarda, faqih va muallim-olimlarga yozilgan.

Buxoro xonligida XVIII asr oxiridayoq ko‘zga tashlana boshlagan va davlat hokimiyatini mustahkamlashga qaratilgan jarayon amir Haydarning u hukmronlik qilib turgan davrda joriy etilgan yangi tartib-qoidalarda namoyon bo‘lgan umumiy islohotchilik faoliyati bilan to‘la mos tushadi (Amir Haydar o‘z otasi Shoh Murod (1785–1800)ning siyosatini davom ettirdi). U islohotchilarning yaratuvchisi va ilhomchisi, mahalliy zodagonlar esa ularni bajaruvchilari edi. Zotan, o‘z qo‘llarida yirik yer egaligidan tortib butun savdo-sotiq, hunarmandchilik va hokazolarni jamlagan mahalliy zodagonlarga tayanish amir Haydarga o‘zi ko‘zlagan islohotlarni hayotga joriy qilish imkonini berdi.

Sayyid amir Haydar Bahodirxonning Buxoro taxtini egallagan yillari mamlakatda anchayin notinchliklar davri edi. Unda bir viloyat ikkinchisiga urush e’lon qilar, boshqa bir viloyat o‘zini mustaqil deb e’lon qilib, shu yo‘lda o‘zaro nizolar olib borar edi. Marvda turkman qabilalari, Qarshi, Chorjo‘y va qator boshqa shaharlarda o‘zbek qabilalari qo‘zg‘olon ko‘targan edi. Shu tufayli Buxoro amiri mamlakatda osoyishtalik va tartib o‘rnatgunga qadar g‘alayonchi hokimlar va qabilalar qarshiligini yengishga ancha kuch va harakat sarflashga majbur bo‘ldi. Ammo bundan amir Haydar har qanday masalani ham kuch vositasida hal qilishga moyil degan fikr  kelib chiqmasligi kerak. Hujjatlar uning zodagonlar va oddiy xalqqa nisbatan turli vaziyatlarda turlicha va mos holda, nihoyatda o‘ylab faoliyat ko‘rsatganini ko‘rsatadi: bir o‘rinda viloyat hokimini almashtirish yo‘lidan borsa, boshqa o‘rinda bozordagi narx-navolarni pasaytiradi, yana bir vaziyatda u tinchlik va osoyishtalikka erishish uchun, xalqdan olinayotgan soliqlar miqdorini kamaytirganiga guvoh bo‘lamiz.

Quyidagi hujjat Buxoro amirining aholi o‘rtasida umumiy zaruriy ta’limni joriy etish haqidagi qonunni amalga oshirish borasidagi tadbir va ko‘rsatmalariga bag‘ishlangan[3]. U Qarshi viloyatining hokimi Amir Haydarning jiyani Sayyid Ahmad xoja Fayziy nomiga bitilgan:

“Abu-l-fath Amir Haydar Bahodir podshoh so‘zumiz Sayid Ahmad xoja Fayziyga.

Siyosat va shariat panohlari, faqohat va amorat dastgohlari, viloyatlarning posbonlari, fazilat va jalolat egalari, izzat va shijoat mansabdorlari bo‘lmish Oxund qozi mullo Muhammad Sharif, Oxund mullo Ashur Muhammad mufti, Oxund qozi mullo Shayx, Ahmadbiy Mirzo, Do‘stbiy dodxoh, Niyozbiy dodxoh, Mirzo Alibiy, Olimbiy, Ibodillobiy, Fozil eshikog‘aboshi, Oxund qozi Niyozali, Oxund qozi Qurbon, Oxund qozi mullo Qulmuhammad, Oxund qozi Abdurrahim xoja, Oxund qozi Podshoh xoja, Oxund qozi Amir, Oxund qozi Orif xoja, Barot to‘qsoba, Muhammad Nazarto‘qsoba, Turdi Ali Miroxur, Hayot miroxur, Mirzo Ali qorovulbegi – qaysiki o‘z aql-zakovotlariga ko‘ra oliy marhamatga sarafroz bo‘lganlarni aholiga zaruriy umumiy ta’lim berish qoidasiga muvofiq: Qarshi shahriga Mulla Ashur Muhammad, Mullo Fathullo, Mullo Qo‘zi, Mullo Tong Muhammad, Mullo Shermuhammad, Mullo Safar, Mullo O‘roz, Mullo Tangriberdi, Mullo Hayot Muhammad va Mullo Avaz Muhammadlarni.

O‘z jamoasi uchun Mullo Qul Muhammadni, Qasmi (jamoasi) uchun Mullo Avaz Muhammadni, Maymanak(jamoasi) uchun Mullo Rahimni, Koson (shahri jamoasi) uchun Mullo Xol Muhammadni, Qamashi (jamoasi) uchun Mullo Abdussalimni, Hisor (jamoasi) uchun Mullo Zokir xoja, Mullo Abdurahim, Mullo Rahmonberdi, Mullo Abdurrahim Qo‘shtamg‘ali, Mullo Boboy qo‘shtamg‘alilarni.

Chiroqchi (jamoasi) uchun Mullo Barotni, Qalarshayx (jamoasi) uchun Mullo Nurmuhammadni, Chorbog‘(jamoasi) uchun Mullo Ashir Muhammadni, Pistaxon (jamoasi) uchun Mullo Avaz Badalni, Irg‘ovul (jamoasi) uchun Qalandar xojani, Yangiqo‘rg‘on (jamoasi) uchun Mullo Bobo xojani, G‘urjob (jamoasi) uchun Mullo Niyoz xojani, Sherobod (jamoasi) uchun Mullo Niyoz Muhammad Elchinni, Saydobod (jamoasi) uchun Mullo Sayid Muhammadni, Kelif (jamoasi) uchun Ishoq xoja va Mullo Mirjamoliddinlarni, Panjob (jamoasi) uchun Mullo Boymurod va Mullo Xolmirzolarni, Pashaxurd (jamoasi) uchun Mullo Hasanni, Boysun (jamoasi) uchun Mullo Xolmurodni, Qo‘htar (jamoasi) uchun Mullo Abdukarimni yuborayotirmiz. Siz mazkur muallimlarga shuni tayinlab qo‘yingki, ular zaruriy umumiy ta’limni barcha tobe xalq puxta egallamog‘ini ta’minlasunlar.

Muhtasiblar ham ularga yordam ko‘rsatsunlar, toki zaruriy umumiy ta’limni o‘tamagan bironta ham balog‘atga yetgan kishi qolmasin. Barcha kishilar umumiy zaruriy ta’limni puxta egallasinlar.

Qarshi va Hisor shaharlariga yuborilgan mazkur muallimlarning ayrimlariga uchta mahram ham berdik – ularga boshchilik qilsinlar. Kelif, Sherobod, Saydobod, Poshxurd va Panjobga yuborilgan muallimlarga ham mahramlar yetib boradilar. Va ular o‘z xizmat joylarida istiqomat qilgunlariga qadar, mahramlar ham shu joyda ularning (ya’ni muallimlarning – T.M.) boshchiligida turmog‘lari lozim. O‘z xizmat haqlarini esa (mahramlar) qonunga muvofiq oladilar.

Ko‘rsatmaga muvofiq amal qiling va unga xilof ish tutmang. Vassalom. 1803–1804 yillar.”

Ushbu hujjatdan ko‘rinib turibdiki, hali XIX asr boshlaridayoq Buxoro xonligida aholi o‘rtasida umumiy majburiy ta’limni to‘la yo‘lga qo‘yish uchun davlat g‘amxo‘rlikni o‘z zimmasiga olgan. Shu bilan birga, umumiy ta’lim ishlari joylarda qanday yo‘lga qo‘yilgani hukumat tomonidan nazorat ostiga olingan. Farmondan ma’lum bo‘lishicha, Buxoro amiri joylardagi ta’lim masalalarining ahvolini bilish va shu asosda keyingi chora-tadbirlar belgilash maqsadida joylarga nazoratchilarni yuborishni o‘z suyukli va ishongan jiyaniga topshirishining o‘zi maorif masalalariga g‘amxo‘rlik nihoyatda mas’uliyatli ekanligidan dalolat beradi. Biz kichik bir maqolada savodxonlik tarixiga oid bir hujjat matninigina havola eta oldik, xolos. Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan shu kabi qator hujjatlar to‘liq tadqiq etilsa va o‘quvchilarga yetkazilsa, milliy maorif tizimimizning baquvvat ildizlari, tajriba va an’analari haqidagi bilimlarimiz yanada tiniqlashgan bo‘lar edi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 1-son

_______________

[1] O‘z R FA Sharqshunoslik instituti, 1961/II raqamli qo‘lyozma.

[2] Traktat Axmada Donisha. Istoriya Mangitskoy dinastii. Perevod, predisloviye i primechaniya I.A.Nadjafovoy. Dushanbe. “Donish”, 1967, S. 36.

[3] O‘zbekiston FA ShI qo‘lyozmalar fondi, inv, 1961/II hujjat, №91, 46-47 varaqlar.