Sherali Turdiyev. Merosimizning bir sahifasi (1989)

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qayta qurish, demokratiya va oshkoralik barcha sohalar kabi madaniy merosni o‘rganish sohasida ham bizni yangi izlanishlar sari da’vat etmoqda. O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzi va A. S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot instituti qoshida tuzilgan Cho‘lpon, Fitrat hayoti va ijodini o‘rganish komissiyasi a’zolari ayrim maqolalar, yozuvchilar asarlalaridan namunalar e’lon qilmoqdalar. Ayrim tomliklarni nashr etishni rejalashtirmoqdalar. Lekin O‘zbekistonda Otajon Hoshimov, Bo‘lat Soliyev, G‘oziolim Yunusov. Ye. D. Polivanov, G‘ulom Zafariy, A. Zohiriy, Abdulla Alaviy, Rafiq Mo‘minov, G‘ozi Yunus, Tavallo, Elbek (Mashriq Yunusov), Vadud Mahmud, Lutfulla Olimov, Nasriddin Rahimiy, Yunus Latif, Xolid Said kabi falsafa hamda tarix fani asoschilari, adiblar hayoti va merosini o‘rganishga kirishilganicha yo‘q.

Miyon Buzruk Solihov ham ana shunday, hali yaxshi o‘rganilmagan ma’rifatparvarlarimizdan biridir. U 1892 yili Toshkentning mashhur Qashqar mahallasida o‘qimishli kishi — Solih aka xonadonida dunyoga keldi. Dastlab mahallasidagi eski maktabda o‘qib, savodini chiqargan zehnli Miyon Buzruk tez orada Degrezdagi madrasaga o‘qishga o‘tadi. 1905 yilgi birinchi rus inqilobidan keyin Turkistonda boshlangan maorif, matbuot, adabiyotga yangicha havas yosh Miyon Buzruk qalbini ham zabt etdi.

U madrasani bitirgach, Yevropacha yangi adabiyot namunalarini, matbuot va maorif yangiliklarini qiziqish bilan o‘qidi, ayniqsa, turk, ozaboyjon, tatar matbuoti va adabiyoti bilan muntazam tanishib bordi.

Ulug‘ Oktyabr g‘alabasidan so‘ng u dastlab maorif sohasida ishladi, keyinroq chet elga o‘qishga jo‘nadi. Avval Afg‘oniston, keyin Hindistonda bo‘lib u yerlardagi maorif, madaniyat yutuqlari bilan tanishdi, Turkiyaga borib Istambul universitetiga o‘qishga kirdi. Uning o‘g‘li, O‘zbekiston SSR xalq maorifi a’lochisi, mehnat veterani Mazhar Solihovning aytishicha, Miyon Buzruk 1927 yilda dorilfununni bitirib Odessa orqali Toshkentga qaytadi. SAGUning Sharq fakultetida o‘zbek tili va adabiyotidan dars beradi. Sharq fakultetida ta’lim olayotgan A. Borovkov, M. Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy kabi bo‘lajak olim va yozuvchilarga dars bera boshlaydi. Shu bilan birga 1931 yildan Toshkentda ochilgan yangi Tojikiston Davlat maorif institutida tojik tili va adabiyoti o‘qituvchisi, 1932 yil 1 sentyabrdan O‘zbekiston Madaniy qurilish ilmiy tekshirish instituti, so‘ngra 1934 yildan Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim bo‘lib ishlash bilan Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutida o‘qituvchilik qila boshlaydi. 1936 yildan Buxoro Davlat pedagogika institutining dotsenti vazifasida ishlaydi. U 1937 yil 7 avgustda repressiyaga uchragan, 1939 yil 17 dekabrda vafot etadi.

Miyon Buzruk Solihov turli yillarda Izzat Sulton, Hamid Sulaymon, Imomxon Husanxo‘jayev. Mumtoz Muhamedov, Shuhrat kabi yoshlarga o‘zbek va Sharq adabiyoti tarixidan lektsiyalar o‘qiydi. Professor Fitrat, Ye. D. Polivanov, G‘ozi Olim Yunusov, Abdulla Avloniy, ilmiy xodimlardan Qayum Ramazon, Shorasul Zunnun, Ulug‘ Tursunov, tarjimonlardan L. Sotserdotova va boshqalar bilan hamkorlikda ishlaydi, adabiyot, teatrimiz tarixi, folklor va etnografiya, o‘zbek tili va tarjima muammolariga bag‘ishlangan «O‘zbek», «Bedil» (1928 yil), «Mehrobdan chayon» haqida» (1929 yil), «Maqbaralar diniy ekspluatatsiya quroli», «O‘rta Osiyo va o‘zbek adabiyoti tarixiga umumiy qarash» (1930 yil), «Oktyabrgacha bo‘lgan o‘zbek folklori», «So‘fizoda va uning ijodi haqida» (1934 yil), «O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar» (1935 yil) kabi asarlar e’lon qiladi.

O‘zbekiston SSR FA arxivi materiallari ma’lumotlariga ko‘ra, Miyon Buzruk tojik sovet adabiyotining asoschisi Sadriddin Ayniy ijodi bo‘yicha ham tadqiqot olib borgan, «Doxunda» romanini tojik tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Roman 1932 yil Toshkentda nashr etiladi.

1930 — 1936 yillarda uning Qashqar mahallasidagi hovlisi hujralaridan birida A. Qodiriyning «Mehrobdan chayon», «Obid ketmon» va boshqa asarlarini ruschaga tarjima qilgan taniqli sharqshunos L. Sotserdotova yashagan. Miyon Buzruk u bilan o‘zbek va Sharq adabiyoti, tili, etnografiyasi va tarjima mahorati xususida suhbatlar qurgan.

Miyon Buzruk Solihov «O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar» kitobida ham umuman o‘tmish adabiy-madaniy merosi tarkibiy qismi bo‘lgan teatrimizning tarixiy manbalari, mavlaviylik, xalq teatri o‘yinlari, qo‘g‘irchoq o‘yinlari, kachal polvon, chodirxayol, xalq qiziqchiligi, O‘rta Osiyo Rossiya sostaviga qo‘shib olingandan keyin, ayniqsa, 1905 yilgi birinchi rus inqilobidan so‘nggi davrdagi ilg‘or rus, tatar, ozarboyjon teatrlari an’analarining Turkistonga tarqalishi, Furqat, Hamza, Avloniy va boshqalarning bu kontsertlar va teatrlarga munosabati ilk bor keng planda yoritiladi. «O‘zbek adabiyotida millatchilik ko‘rinishlari» (1933 yil) asarida esa garchi u Cho‘lpon, Fitrat kabi ayrim ijodkorlarning sotsializm g‘alabasi ta’sirida yangi-yangi g‘oyaviy sog‘lom asarlar ham yoza boshlaganini to‘g‘ri eslatsa-da, ba’zi o‘rinlarda (4, 58-betlarda) 20-30-yillardagi adabiyotshunoslik va tanqidchilikda vulgar sotsiologik hamda RAPP nazariyasining zararli ta’siri ostida, Hamza, S. Ayniy, Botu ijodidagi dastlabki ayrim namunalarga asoslanib, ularni umuman o‘zbek adabiyotida millatchilik ko‘rinishlari sifatida noto‘g‘ri baholaydi. Shunga qaramasdan, uning Mirza Abdulhodir Bedil, Muhammad Sharif So‘fizoda hayoti va ijodi, o‘zbek teatri tarixi hamda folkloriga oid materiallarni iloji boricha keng tahlil etib, kitob holida birinchi bor nashr etishi ham 20—30-yillarda muhim ahamiyatga ega edi. Shundan keyingi o‘tgan yillar davomida shaxsga sig‘inish oqibatida o‘sha davrning Fitrat, Otajon Hoshimov, G‘ozi Olim Yunusov kabi ko‘plab taniqli adabiyotshunos, tilshunos olimlari kabi Miyon Buzruk Solihovning ham ilmiy merosi o‘rganilmay kelindi. Faqat partiya XX s’ezdidan keyin o‘sha davrning salbiy oqibatlari tugatila boshlagach, 1937 yilda begunoh jabrlangan ko‘plab ziyolilar qatori Miyon Buzruk Solihov ham oqlandi.

Teatrshunos va adabiyotshunos olimlardan O‘zbekiston SSR FA muxbir a’zosi M. Rahmonov, professorlar S. Aliyev va M. Qodirov ulug‘ Oktyabr inqilobigacha va undan keyingi davrdagi o‘zbek teatri, uning tarixiy ildizlari, folklor manbalari, rus, tatar, ozarboyjon teatrlari bilan aloqalarga doir asarlarida Miyon Buzruk Solihovning nomini ham qayta-qayta eslab o‘tadilar. Folklorshunos olimlarimiz Mansur Afzalov, Komiljon Imomov, Bahodir Sarimsoqov va boshqalar ko‘p tomli o‘zbek folklori nashrlarida, ayniqsa ertaklarga oid kitoblarida Miyon Buzruk to‘plab, 1935 yilda nashr etgan «Oktyabrgacha bo‘lgan o‘zbek folklori» kitobidagi ayrim namunalardan bugungi kun folklorshunosligi nuqtai nazaridan tanqidiy foydalandilar. Filologiya fanlari kandidati To‘lqin Rasulov Miyon Buzruk Solihovning «So‘fizoda va uning ijodi haqida»gi she’rlar to‘plamini to‘ldirib «Taronalar» (1969 yil) nomi bilan qayta nashr etdi.

Bundan keyingi vazifa — Miyon Buzruk Solihovning hayoti va ijodi, ilmiy pedagogik faoliyati, merosini to‘plab o‘rganish, ularni bir joyga yig‘ish va u haqdagi arxiv, matbuot materiallarini topish, zamondoshlari, farzandlari, qarindoshlarining xotiralarini yozib olish, bu qimmatli materiallarning bugungi adabiyotshunoslik, teatrshunoslik va folkloristika tarixidagi ahamiyatini ob’ektiv yoritish, o‘larning bugungi kun uchun ahamiyatli bo‘lgan eng yaxshi namunalarini ilmiy izoh va so‘zboshilar bilan nashr etib, xalqimizga yetkazishdir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 3 mart