Qudrat Do‘stmuhammad. Zakiy (esse)

Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on (1890, Ishemboy tumani, Boshqirdiston – 1970, Istanbulb Turkiya)

Buyuk shaxslarning hayoti, ijodi va qilgan ishlarini o‘rganish qimmatli ma’lumotlar berishi bilan birga, o‘ziga yarasha ilmdir.

Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on ismini mamlakatimiz mustaqilligi yo‘lida kurashib, jon fido etgan Behbudiy, Munavvar qori, Avloniy, Fitrat, Usmon Nosir, Cho‘lpon singari ma’rifatparvarlar qatori o‘qib, eshitib yurardim, lekin yaqinroq tanishtiradigan bironta manba qo‘limga tushmagan ekan, o‘zim ham maxsus o‘rganishga kirishmaganman.

Internetning ma’rifiy saytlaridan biri – “ziyouz.uz” ning kutubxonasidagi kitoblarni ko‘zdan kechira turib, Ahmad Zakiy Validiyning “Bo‘linganni bo‘ri yer” nomli kitobi diqqatimni tortdi, ko‘chirib oldim. Katta bir hazina topganimni hali bilmasdim. Kitob “Xotiralar” nomi bilan dastlab, 1969 yili Turkiyada, turk tilida nashr etilgan ekan. O‘sha kezlari Rossiyada rus tilida bosilganida bormi… kommunistlar tildan qo‘ymay aytib yurgan “jahon inqilobi” (mirovaya revolyutsiya) o‘sha paytlardayoq ro‘y berib qo‘ya qolardi…

Ufa shahrida chiqadigan “Agidel” jurnalining 1991-92 yillar sonida kitob boshqird tilida bosiladi. Men topgan hazina ana o‘sha variantdan o‘zbekchaga o‘girilgan. Tarjimonlar Sherali Turdiyev va Sharif Xolmurod. Kitobni “Adolat” nashriyoti 1997 yili chop etgan. Sharif Xolmurod yozgan so‘zboshida aytilishicha, “Xotiralar”dan asosan, Turkistonga tegishli qismlari o‘zbekchaga o‘girilgan, chunki o‘sha paytdagi “siyosiy kayfiyat” shuni taqozo qilgan ekan.

Kitobga so‘zboshi yozganlardan yana biri – atoqli adib Asqad Muxtor tarixiy voqealar tahlilini mutaxassislarga havola qilib, Validiyning shaxsiyatiga e’tibor qaratgan va kitobning o‘zidan qisqa-qisqa iqtiboslar keltirib, bu shaxsning buyukligini ko‘rsatib bergan.

Men ham shu yo‘lni tutib, asosiy e’tiborni Validiyning shaxsiga qaratdim va 1958-60 yillari oliy o‘quv yurtida “KPSS tarixi” fanini o‘qib o‘rganganlarim va talabalikdan keyin olgan siyosiy bilimlarim asosida ba’zi nazariy qarashlarimni bayon qildim.

Bu kitob menga ajdodlarimizning milliy ozodlikni qo‘lga kiritish yo‘lidagi kurashlari haqida, talabalikda men eshitgan bilimlarga butunlay teskari ma’lumotlarni berdi. Haqiqat bilan yolg‘onni bir-biridan ajratib olish, albatta, o‘quvchining o‘ziga bog‘liq.

Validiyning shaxsiyatini yaxshi o‘rganish uchun “Bo‘linganni bo‘ri yer” kitobi ozlik qilishi aniq edi, shuning uchun “Xotiralar”ning to‘liq variantini topishga ahd qildim. “KH-Davron.uz” saytida bor ekan, to‘liq nomi: “Vospominaniya. Borba narodov Turkestana i drugix vostochnыx musulman-tyurkov za natsionalnoye bыtiye i soxraneniye kulturы”, Ufa shahri, “Kitap” nashriyoti, 1994 yil (ikkinchi jildi – 1998y.).

Birinchi jild Tatariston, Boshqirdiston va yaqin atrofda (Ural, shimoli-g‘arbiy Qozog‘iston) kechgan voqealarga bag‘ishlangan, ikkinchisi – Turkiston hududlaridagi janglar, kurashlar va nihoyat, chet ellarga hijrat va o‘sha yoqlarda “Turkiston milliy birligi”ning ishlari, Validiyning ilmiy faoliyati haqida.

Validiyning shaxsiyati haqida bir nimalar yozish niyatimni hamkasblardan biriga aytsam, “Xotiralar” kitobi bor ekan (o‘qiganman, demadi), lekin Validiyning o‘ziga nisbatan salbiy munosabat bildirdi: “U odam O‘zbekistonga kelib, ko‘p nodir kitoblarni Rossiyaga obketib qolgan.” Nazarimda, Validiyning obro‘si tushib ketgandek bo‘ldi, lekin bu tuyg‘u bir soniya davom etdi. Hamkasbimning fikrini ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida: “Validiy bilan yonma-yon yurib Sovetlarga fidokorona xizmat qilgan arboblarning hammasi oldinma-keyin otilib ketibdi, Validiy esa omon qolibdi-ya!”- dedim. Buning javobi oldingisidan badtar mensimaslik bo‘ldi: “Ha-a, Lenin bilan Stalinning o‘z odami bo‘lgan-da! O‘shalarning topshirig‘ini bajarib yurgan.”

Bu mavzuda boshqa gap ochmadim. Hamkasbimning Validiyga munosabati meni o‘z oldimga qo‘ygan niyatimda qat’iy qilib qo‘ydi: yozishim kerak ekan! Validiyning kimligidan xabardor odamning qarashlari shunaqa bo‘lsa, u haqida o‘qimagan, eshitmagan odamlarning fikri nima bo‘lishi mumkin?

* * *

Taassurotlarimni hamkasbimning munosabatlariga javob berishdan boshlayman.

Validiy Turkistonga kelgach, qadimiy qo‘lyozmalarni topib, Rossiyaning arxeologiya va etnografiya jamiyatiga oborib bergani juda yaxshi ish bo‘lgan ekan-da! Aks holda, u qo‘lyozmalar nos o‘rashga ishlatilaverib, umuman, yo‘qolib ketgan bo‘lardi. Bunga “Xotiralar” dan bitta misol.

1911 yilda Validiy Turkistonga ikkinchi marta safar qiladi. Qarshi bozorlarini aylanib yursa, bir attor ziravorlarni qog‘ozga o‘rab sotayapti. Bu qanaqa qog‘oz bo‘ldi ekan, deya attordan olib qarasa, qadimiy turk yozuvlari bilan bitilgan Qur’on ekan!

Bu qog‘ozlarni qayerdan olgansiz, deb so‘rasa, eski bir kitobdan ajratib oluvdim, debdi attor. Validiy uning hamma qog‘ozlarini sotib oladi. Arxeologiya va etnografiya jamiyati bu qog‘ozlarni juda nodir topilma deb baholaydi. Ma’lum bo‘lishicha, bu topilma X asrda turkiy tilga tarjima qilingan Qur’onning yettidan bir qismi ekan. Shu Qur’ondan XSh-XIV asrlarda ko‘chirilgan nusxalar keyinchalik Turkiyadan topiladi.

Qarang, Qur’on X asrdayoq turk tiliga tarjima qilingan ekan! Men bo‘lsam, shayx Alouddin Mansur boshlab bergan, deb o‘ylab yurarkanman.

O‘sha qadimgi tarjima qo‘lyozmasi bundan bir yuzu olti yil ilgari topilibdi. Shuncha vaqt o‘tib ham Turkistonda, ya’ni hozirgi O‘zbekistonda qadimiy kitoblarga, osori-atiqalarga munosabat o‘zgarmabdi. Buning isboti uchun istalgan bir bozorga kirib, attordan ziravor so‘rang-chi, u yog‘i nima bo‘larkin? Attor oldindan tayyorlab qo‘yilgan, karnay shaklli qog‘oz idishga so‘ragan narsangizni o‘rab beradi. Sotib olgan narsangizni nima qilsangiz, endi, sizning ixtiyoringizda. Ziravorni bir idishchaga ag‘darib, karnay shakl qog‘ozni ochib ko‘ring-chi, nimani ko‘rar ekansiz? Yo allaqaysi kitobdan yirtib olingan varaq bo‘ladi yo qaysidir bir tashkilot, idora, muassasaga tegishli eski bir hujjat bo‘lib chiqadi. Attor oppoq qog‘oz sotib olib ishlatsa, foydasi kamayib ketishi yoki zarar ko‘rishi mumkin-da.

Hozirgi vaqtlarda nashr etilayotgan ba’zi kitoblar yoqib yuborish, yirtib tashlash yoki makulaturaga topshirishdan boshqasiga arzimaydi, eski hujjat esa hech qanday amaliy ahamiyatga ega bo‘lmasligi mumkin, lekin ikkovi ham tarix nuqtai nazaridan qandaydir qimmatga ega bo‘lishi muqarrar. Mana buni biz hanuz tushunib yetganimiz yo‘q, tushunsak ham ahamiyat bermay kelamiz. Eski-tuski narsalar joyni band qilib, chang bosib yotaverganidan ko‘ra, ozgina bo‘lsa ham foyda keltirsin, deymizda, sotib yuboramiz.

Yaqin o‘tmishimizni eslaylik. Lotin grafikasiga o‘tdik, deb kutubxonalardagi kirill alifbosida bosilgan kitoblarni makulaturaga topshirdik. Sovet imperiyasi parchalanib, kommunistik nazariyaning misi chiqib qolgach, siyosiy kitoblarni yo‘qotib yubordik. Leninning qirq tomlik asarlar to‘plami ozmuncha nashr qilinganmidi? Mark, Engels va kommunistik jamiyat nazariyachilarining kitoblari-chi?

Kitob, hujjat – makulatura ekanku, lekin eski buyumlar-chi? Shaharlardagi tijorat do‘konlariga kirib qarang-chi, qanaqangi osori atiqalarga ko‘zingiz tushmaydi! Bular – qozonning tagida qolgan qirmoch, asosiysi – mazali “ovqatlari” alaqachon sotilib, chet ellardagi muzeylarga qo‘yilib bo‘ldi!

Yaxshiyamki, tarixiy ahamiyatga ega buyumlarni, san’at asarlarini tushunadigan, qadrlaydigan boy odamlar Yer yuzidan yo‘qolib ketmagan ekan. Yurtimizda san’atni qadrlaydigan odamlar ko‘p, lekin ularning moliyaviy imkoniyatlari katta emas, puldor odamlar esa, o‘zlari uchun judayam zarur bo‘lmagan qasrlarni qurib yotishibdi. Ular ham chet ellarga nimalarnidir tashib ketishayapti, lekin muzeylarga emas, banklarga qo‘yishmoqda.

* * *

Validiy hech qachon Lenin va Stalinning “o‘z odami” bo‘lmagan, ilmi nihoyatda boy, arab, fors, turk va rus tillarini, Qur’oni karimni bilgani va siyosatni nozik his qilgani uchun dohiylar uni qadrlaganlar, musulmon o‘lkalarga tegishli muammo yuzaga kelib qolsa, nuqul Validiyni chaqirtirishgan. Stalin uni bir necha marta suhbatga tortib, kishi bilmas tarzda, muammoni o‘zi uchun oydinlashtirib olgan, Lenin esa mug‘ambirlik qilib o‘tirmasdan, xuddi shunday mavzudagi tezislarini o‘qitib olgan, lekin Validiy bergan maslahatlarning hammasini qabul qilavermagan.

Validiy, o‘rni kelganda, Leninga ham, Stalinga ham gap qaytara olgan. Leninga ochiqdan-ochiq, siz rus shovinistlarining gaplariga ishonasizu, bizning gaplarimizga ishonmaysiz, degan. Boshqirdiston bilan Sovet hokimiyati o‘rtasida kelishuv tuzilayotganda, Stalin ko‘chib borgan ruslarga imtiyozlar yaratishga harakat qilgan, Validiy esa, ularga saylov huquqini bermaslikni talab qilgan. Stalin shu gapni ovoza qilib, Sovet Hukumati ko‘chib borgan ruslarga saylov huquqini berdi, deb maqtangan. Bu kamlik qilgandek, o‘sha ko‘chib borganlarga yashirincha qurol tarqatgan, vaholanki, bu paytda boshqirdlarni qurolsizlantirish ishlari borayotgan edi.

Stalin gap qaytargan odamni o‘ziga dushman deb bilgan, “o‘z odami” bo‘lsa ham bahridan o‘tib yuborgan. Tarixdan bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Validiy Sovet Hukumatining “o‘lim mashinasi”dan omon qolib, bu dunyoda sakson yil umr ko‘rgan ekan (1890-1970 yillar) bunga avvalo, Allohning marhamati sabab, qolaversa, o‘zining o‘tkir zehn-zakavoti – zakiyligi sabab bo‘lgan.

* * *

Ahmad Zakiy Validiy – boshqird milliy ozodlik harakati lideri

Validiyning ismi “Ahmad Zakiy”, otasining ismi esa “Ahmadshoh”. Ota-bolaning ismi birxil bo‘lishi bizga g‘alati ko‘rinadi. Demak, “zakiy” va “shoh” qo‘shimchalarining ahamiyati bor ekan-da? Ahmadsan (yoki Ahmadsoniy -?) degan ism ham bor ekan. O‘zbekchada ismlardagi qo‘shimchalarga urg‘u qilinmaydi.

Islomda chaqaloqqa ism qo‘yishda Allohdan muayyan bir nimalarni so‘rab, shularga mos ism tanlanadi. Boshqirdlarda “shoh Ahmad” bo‘lsin, “zakiy Ahmad” bo‘lsin (yoki boshqacha) deb so‘rash mumkin va ismlarni aytishda qo‘shimchasiga katta ahamiyat berilar ekan-da?

Ism inson taqdirida aks etishiga hayotdan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Validiyning ismi va taqdiri bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Keling, bu masalaga moddiyunchilik nuqtai nazaridan yondashib ko‘raylik.

“Xotiralar”ning ikkala jildida, so‘z yuritilgan shaxslarga tegishli fotosuratlar berilgan. Ahmad Zakiyning ota-onasi suratidan ko‘rinishicha, otasi – yumshoq tabiatli, lekin qat’iyatli, onasi – serjahl, tezkor va qahri qattiq. Ikkovlari iymonli inson, rus tilini bilishadi, sharq mutafakkirlari turk, arab va fors tillarida bitgan asarlarini o‘qishgan, yoddan ham bilishadi, kerak bo‘lib qolganda iqtibos keltira olishadi. Otasi madrasa ochib, ko‘plab bolalarning savodini chiqargan, ilm o‘rgatgan, onasi – katta xo‘jalikning bekasi. Keng yaylovlar, o‘rmonlardan iborat mulklari bo‘lgan, yilqichilik, chorvachilik, asalarichilik bilan shug‘ullanishgan. Shularning bari Ahmad Zakiyning shaxsida ajoyib tarzda omuxta bo‘lgan.

Ahmad Zakiy olti yoshidan boshlab ota-onasidan arab, fors tillarini baravariga o‘rgangan, keyin otasi uyiga o‘qituvchi chaqirib rus tilini o‘rgattirgan. Qo‘shni qishloqdagi maktabga bir necha marta qatnab, imtihon topshirgan, unga qandaydir guvohnoma ham yozib berishgan. O‘sha maktab rahbari, sen tillarni to‘rt sinfni bitirgan bolalardan ham yaxshi bilasan, deb maqtagan va, albatta rus maktabida o‘qishni davom ettirsin, deya otasiga maslahat bergan. Bu maslahat amalga oshmay qoladi, o‘rniga, boshqa bir ovulda joylashgan, tog‘asiga qarashli madrasada o‘qigan. O‘z uyidan ancha olis bo‘lgani sababli tog‘asining uyida, kutubxonaning bir burchida yashagan. Tog‘asi rus tilini bilmagan, lekin arab tilidagi kitoblarni ko‘p o‘qirdi, boshqird tiliga tarjima qilardi, siyosatdan xabardor bo‘lgan. Boshqa yurtlarda chiqadigan gazeta va jurnallarni olib turardi.

Tog‘asining madrasasida birmuncha vaqt o‘qigach, otasining madrasasiga o‘tib, davom ettiradi, Orenburg, Qozon, Peterburg, Boku, Astraxan, Qrimdan gazeta va jurnallar olib, madrasaning bir xonasida ko‘pchilik foydalanadigan kutubxona tashkil qilgan.

Ahmad Zakiyning bir hamyurti Bayrutdagi amerika kollejida o‘qir ekan, uni o‘sha yoqlarga borib o‘qishga undaydi. Shuni orzu qilib, uyidan chiqib ketganda, uchragan odamlarning hammasi, o‘z yurtingda qolib o‘qiganing yaxshi, deb maslahat berishadi. Shunday qilib, Ufa, Qozon, Astraxan shaharlariga borib, kimlarnidir xizmatini qilib kun ko‘radi, keyin otasi qayerda yurganini bilib, pul yuborib turadi, yakka tartibda rus tilini, matematikani, arab tili va adabiyotini chuqur o‘rganadi.

Uyidan chiqib ketganiga bir yil to‘lib, o‘qishlarda ta’til boshlanganda, Ahmad Zakiy ota uyiga qaytadi. Otasi gina-gudurat qilib o‘tirmay, birinchi ko‘rishgan zahoti savolga tutadi: “Qani, ruslardan nima yaxshiyu, nima yomonni o‘rganding?” Ahmad Zakiy o‘ylab o‘tirmay, shartta javob qiladi: “Oyog‘ostiga siymaslikni, birovga bo‘yinturuq ilishni.” Bu gap otasiga juda yoqib tushadi va tanishlariga aytib yuradi.

Otasi hajga ketayotganda, Turkiyadagi katta kutubxonalardan biriga kirib, qaysidir muallifning qo‘lyozmasi bor-yo‘qligini bilib kelishni iltimos qiladi. Ota bu topshiriqni bajaribgina qolmay, safardan ko‘plab kitob keltirib beradi.

Otasining do‘sti, Davlat Dumasi a’zosi ham Ahmad Zakiyga siyosiy kitoblarni sovg‘a qiladi. Xullas, Ahmad Zakiy bolaligidanoq ilmli odamlar bilan muloqotda bo‘lgan. Dorilfununlar bir yoqda tursin, gimnaziyaga kirish uchun imtihonlarga tayyorlangan, lekin kirmagan. Rus bo‘lmagan xalqlar uchun rus tili muallimligi ixtisosi bo‘yicha imtihon topshirib, o‘qituvchilikka ruxsat olgan. Qozonga yanagi borganida, o‘qituvchilik qila boshlaydi. Madrasalarni isloh qilish haqida gazetada maqola chiqarib, shoir Abdulla To‘qayning e’tiboriga tushadi. Sharqshunos Nikolay Ashmarinning “Tatarskaya literatura” nomli maqolasini tarjima qilib, maorif vazirligining jurnalida chop ettiradi. Yigirma bir yoshida “Turklar va tatarlar tarixi” nomli kitob yozib, taniqli tarixchilar va sharqshunoslarning e’tirofiga sazovor bo‘ladi. Qozon universitetining filologiya fakulteti professori Nikolay Katanov Ahmad Zakiyga erkin tinglovchi sifatida darslarga qatnashishni maslahat beradi. Shu tariqa u tarixchi, sharqshunos va etnograf olimlar davrasiga kirib keladi.

* * *

Ahmad Zakiyning yoshlik yillari, oilada qiziq bir voqea sodir bo‘ladi. Tataristonda o‘qituvchilik qilib yurgan kezlari, ta’til boshlangach, shogirdlaridan birini yoniga olib, o‘z yurtiga qaytadi. U bilan birga yaylovlar, o‘rmonlar, tog‘lar oralab, ov qiladi. Shogird ustozini islom bo‘yicha ko‘p savollarga tutadi, Ahmad Zakiy erinmasdan javob beraveradi. Shogirdi ba’zan ustozi so‘zlarini yozib oladi. Bir oyga yaqin vaqt o‘tgach, shogird uyiga ketishdan avval yana savollarni qalashtirib tashlaydi. Shunda Ahmad Zakiy, hamma savolingga javoblarni yozib beraman, deydi va yetti varaq qog‘ozga fikrlarini to‘kib-soladi. Javoblarni qo‘liga olgan shogird ehtiyotsizlik qilib, qog‘ozlarni ovul kutubxonasidan olgan kitob ichiga soladi-da, unutib, kitobni topshirib yuboradi va o‘z yurtiga ketadi. Kutubxona egasi u qog‘ozlarni o‘qiydi, islomga to‘g‘ri kelmaydigan gaplardan g‘azablanib, kimlargadir aytadi. Shu bilan ovulda shivir-shivir g‘iybat boshlanadi.Bu gaplar Ahmad Zakiyning otasi qulog‘iga yetadi. U o‘g‘li bilan gaplashmay qo‘yadi. Onasi buning sababini o‘g‘liga aytgach, Ahmad Zakiy kutubxonaga ot choptirib boradi-da, qog‘ozlarini oladi va otasiga keltirib beradi. Otasi ularni yirtib tashlash o‘rniga, saqlab qo‘yadi, o‘g‘lidan esa arazlagancha yuraveradi. Oradan o‘n besh kuncha o‘tib, otasi: “Tur o‘rningdan. Tog‘angnikiga boramiz”,- deydi.

Otasi aravada, o‘zi otda, o‘n to‘rt kilometr yurib, qo‘shni qishloqqa, tog‘asi – Habibnazarning uyiga kelgach, qarasa, juda ko‘p qarindoshlar yig‘ilibdi, hammasi mullalar, imomlar, darrov tushunadiki, demak, uni – Ahmad Zakiyni muhokama qilish uchun yig‘ilishgan.

Otasi, o‘g‘li yozgan gaplar haqida qahr-g‘azab bilan aytib beradi. Majlis ahli birin-ketin, ehtiyotlik bilan gapga qo‘shiladilar. Habibnazar tog‘a katta mulla, mudarris, madrasa egasi emasmi, Ahmad Zakiyga nasihat qiladi: “Jiyan, sen yurt kezib yuribsan, ko‘p o‘qiysan, turli-turli odamlar bilan muloqot qilasan, tabiiyki, dunyoqarashlaring o‘zgarib turishi mumkin. Biz ishonamizki, sen har doim haqiqiy musulmon bo‘lib qolasan va Qur’onni sevishdan qaytmaysan. Lekin hamma gap shularning o‘zida emas. Odamlar gaplaringni tushunmasa, qabul qilolmasa, fikrlaringni izhor qilishga shoshilma, pishib yetilmagan fikrlaringni hech qachon qog‘ozga tushirma. Bundan dushmanlarimiz foydalanib qolsa, o‘zingga yaxshi bo‘lmaydi, otangga ham, menga va butun urug‘-aymog‘imizga zarar yetadi. Bizning sendan umidimiz katta. Odamlar, rus tilini yaxshi bilishingdan, arizalaru shikoyat xatlarini advokatlarga o‘xshab yozib berishingdan hayratlanishini eshitib xursand bo‘lamiz. Katta bo‘lganingda “Zemstvo”ga saylanishingni, hatto Dumaga a’zo bo‘lishingni orzu qilamiz va buning uchun hammamiz birgalashib harakat qilamiz.”

Shundan keyin jamoat bo‘lib namoz o‘qishadi, tog‘a imomlikka o‘tadi, namoz so‘ngida Ahmad Zakiyga tegadigan zamsuralar ma’nosini chaqib, yana nasihatlar qiladi.

Xullas, Habibnazar tog‘a Ahmad Zakiy qog‘ozga tushirgan fikrlarni yomonlamaydi ham, maqtamaydi ham, shu yo‘l bilan yashirincha himoya qiladi, otasini tinchlantiradigan va fikrlarini o‘zgartiradigan gaplarni ham aytadi.

Bu oilaviy majlis faqat Ahmad Zakiy uchun emas, qarindosh-urug‘lar uchun ham ta’sirli va unutilmas voqea bo‘lib qoladi.

Voqeaning yana bir ibratli joyi shundaki, Ahmad Zakiyning kufrga tortib ketadigan fikrlari yozilgan o‘sha yetti varaq qog‘ozni na otasi, na tog‘asi yoki boshqa bir johil odam yirtib yoki yoqib yubormabdi, aksincha, kimdir undan nusxa ko‘chirib olibdi, aslini esa, o‘ziga qaytarib berishibdi.

* * *

Ahmad Zakiy go‘zallikni nozik his qiladigan inson bo‘lgan. O‘n sakkiz yoshida uylanishni ortga tashlab, uzoq-uzoqlarga ketib, ilm o‘rganishni orzu qilib yuradi. Va, bir kuni uyda ota-onasi yo‘qligidan foydalanib, chiqib ketadi. Ukasi uni qishloq chekkasigacha kuzatib boradi. Qishloqma-qishloq o‘tib ketaveradi, tanish odamlar uchrab qolsa, sir boy bermasdan, bir bahonalarni aytib boraveradi.

Bir qishloqqa borganda, qorin to‘ydirish ilinjida xonadonlardan biriga kiradi. Kattalardan hech kim yo‘q ekan, o‘n to‘rt yoshlardagi bir qiz va ukasi bor ekan. Xonadon juda kambag‘al, ko‘zga tashlangani – eski kiyimlardan tikilgan, ko‘rpaga o‘xshash yopinchiqdan boshqa hech narsasi yo‘q. U ham bo‘lsa, vafot etgan bir kambag‘alning kiyimlaridan tikilgan ekan.

Qo‘noqni mehmon qilish uchun hech narsasi bo‘lmaganidan, qizcha suv qaynatib Ahmad Zakiyning oldiga qo‘yadi. U to‘rvasidan qotgan non chiqarib, suvga botirib yeydi. Qiz va ukasi nihoyatda chiroyli ekaniga e’tibor qilib, zavqlanadi va shunchalik kambag‘al yashashar ekan, deya achinadi Ular bilan xayrlashayotib, to‘rvasida qolgan qattiq non, qurut va bir bo‘lak qazini bolalarga qoldirib, ketadi. Tashqariga chiqib, Jaloliddin Rumiy aytgan: “Turkning kigiz o‘tovi qanchalik qorong‘i va g‘arib bo‘lsa ham, undagi go‘zalning chehrasi o‘n to‘rt kunlik oydek mo‘jizaviy nurlanadi” mazmunidagi baytlarini eslaydi. Yo‘lda davom etarkan, otasini taniydigan odam uchrab qoladi, unga bor haqiqatni aytadi. U odam Ahmad Zakiyning o‘qish niyatlarini ma’qullaydi, otasiga aytmaslikka so‘z beradi, yo‘l uchun biroz pul beradi. Shaharga borganingda durustroq kiyim tikdirib olgin, deya bir qirqim mato uzatadi.

Ahmad Zakiy pulni oladiyu, matoga kelganda: “Shuning o‘rniga ikkita adyol olib, falon qishloqdagi bir kambag‘alnikiga berib yuboring”, – deya iltimos qiladi, chiroyli qiz va uning chiroyli ukasi yashaydigan kulbani tushuntiradi.

Demak, Validiy go‘zallikni nozik his qilish bilan birga, oliyjanob va mehr-shafqatli inson ham ekan. Bu xislat unda qeksaygan paytida paydo bo‘lgan emas, o‘n sakkiz yoshidayoq bo‘lgan!

O‘n sakkizga kirgan yigitcha o‘n to‘rt yashar qizning go‘zalligini payqaydi-da, degan luqma tashlash mumkin, shuning uchun Validiyning hayotidan boshqa ikkita misol keltiraman.

* * *

Validiy Samarqand atroflarida harakat qilayotgan bosmachilar orasida edi, Toshkentga “Turkiston milliy birlashmasi” qurultoyiga borishi lozim. Payshanba degan qishloq yaqinidagi tog‘li yaylovda qo‘rboshilar turk zobitlari, Validiy va uning sheriklari uchun ziyofat uyushtiradilar. “Tandir do‘lmalari”ni tanovul qilib bo‘lishgach, bosmachilar qorli tog‘dan tushayotgan sharsharani tomosha qilgani borishadi. Mag‘ribga bosh qo‘yayotgan quyosh nurlariga cho‘mgan sharshara manzarasi hammani o‘ziga maftun etadi. Ayniqsa, Validiy mahliyo bo‘lish bilan barobar, tutqich bermas xayollar og‘ushida qoladi: “O‘tmishda shomonlar tog‘lar va daryolarga sajda qilgani, hozir ham odamlar shunday xushmanzara joylarga kelib, qurbonlik qilishlari bejiz emas…” Allohning qudratini, hikmatini dildan his qilgan Validiy beixtiyor sajdaga bosh qo‘yadi.

Go‘zallikni qanday his qilish odamning o‘ziga bog‘liq, hammayam Validiychalik bo‘lolmaydi.

Keyingi epizod ham Toshkentga ketayotganda, Zarafshon vohasida bo‘ladi. Botayotgan quyosh nurlarida daryo o‘zani, irmoqlari, tog‘u toshlar mislsiz go‘zal manzara hosil qiladi. Qadimgilar mana shunday manzaralar sababli daryoni Zarafshon, ya’ni “oltin purkovchi” deb atagan bo‘lsalar kerak, degan xayolga boradi Validiy, va, sheriklariga qarata: “Agar bu yerlardagi milliy ozodlik harakatlariga kelib qo‘shilmaganimda, bunday go‘zal manzaralarni hech qachon ko‘rmagan bo‘lardim”, – deydi.

Bunday gapni aytish uchun kamida rassom bo‘lish kerak, Validiy esa, bu vaqtda, siyosatchi va jangchi edi.

* * *

“KPSS tarixi” fani bo‘yicha o‘qiganlarimdan bir shingil…

Lenin boshlagan va u ta’riflagan “Ulug‘ Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasi” g‘alaba qilgach, bir nazariya paydo bo‘ldi: Leninning fikricha, proletariat diktaturasini faqat qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan o‘rnatish mumkin ekan. (Diktatura degan narsa, umuman, kerakmidi? Boylarning mavjud diktaturasi o‘rniga yo‘qsillar diktaturasini o‘rnatish –“ Ali Ho‘ja” – “Ho‘ja Ali”ning o‘zi-ku, deydigan odam topilmabdi-ya!). Keyinchalik, bolsheviklar o‘zlarini “kommunist” deb atay boshlagach, Leninning nazariyasini rivojlantirib, parlament yo‘li bilan ham proletariat diktaturasini o‘rnatish mumkin, degan g‘oyani kiritib qo‘ydilar. Ya’ni proletarlar o‘z farzandlarini ilm-hunarga o‘qitib, o‘rgatib, davlat va partiya mahkamalarida yuqori lavozimlarni egallab, asta-sekinlik va yuksak mahorat bilan, qonunlar chegarasida harakat qilib, parlamentda ko‘p ovoz olib, proletar diktaturasini o‘rnatish mumkin, degan fikrni Lenindan qolgan nazariyaga kiritib qo‘yishdi.

Bu g‘oya, umuman, yomon emas. Validiy ham boshqird xalqini Sovetlarga qarshi kurashishda xuddi shunday yo‘lga targ‘ib qilgan, g‘alayon qilmanglar, bu qiyinchiliklar vaqtinchalik, o‘tib ketadi, deb dalda bergan. Bunday xislat faqat Validiyga emas, umuman musulmonlarga xos, chunki Qur’onda sabr tushunchasi takror-takror aytiladi, islomiy tarbiyaning o‘zaklaridan biri hisoblanadi. Hozirgi davrda turk islomchilari ham xuddi shu yo‘l bilan o‘z mafkuralarini yoyishga harakat qiladilar.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, kommunistlarning parlament orqali, tinch yo‘l bilan hokimiyatni qo‘lga kiritish g‘oyalari va islomiy xalqlar g‘alayon o‘rniga sabr-toqat bilan, ilm va qonunlar yordamida kurashishlari, ikkovi bitta narsa ekan!

Kommunistlar esa, o‘zlari to‘qigan nazariyaga o‘zlari qarshi chiqib, hokimiyatni o‘zgartirish maqsadida, tinch va qonunlar doirasida amalga oshiriladigan har qanday harakatlarni jinoyat (mavjud tuzumni ag‘darishga urinish!), deb qonunga kiritib qo‘yadilar va eng qattiq jazo choralarini qo‘llaydilar.

“Parlament yo‘li” bilan proletar diktaturasini o‘rnatish mumkin, degan kommunistik nazariya qayoqqa ketdi?

Demak, kommunistlar uchun hokimiyat tepasiga kelishdan maqsad – proletariatning manfaati emas, balki o‘zlarining to‘kin-sochin hayotini ta’minlashdan iborat. Shuning uchun bexatar hokimlik qilishga kerakli qonunlarni rasmiylashtirib, o‘zlarini ihota qilib oladilar, kerak bo‘lsa, yangi qonunlarni to‘qib tashlaydilar, hatto o‘zlari chiqarib qo‘ygan qonunlarni istagancha buzadilar. Bunaqa buzg‘unchilikni Lenin va Stalinning o‘zlari boshlab berishgan ekan. Mana, Validiy aytib turibdi, Sovet Hukumati Boshqirdiston bilan tuzgan Bitimga qanday munosabatda bo‘lganini.

Sovet Hukumati 1917 yil, 25 oktyabr (eski hisobdagi sana) inqilobidan bir hafta keyin chiqargan, millatlarning mustaqilligi haqidagi deklaratsiyasiga Rossiyaga qaram bo‘lib qolgan hamma xalqlar ishonishgan va Rossiyaga qaramlikni tan olgan holda, o‘zlarining hukumatlarini tuzishgan. Shu tahlitda Qo‘qon muxtoriyati, Xorazm respublikasi degan mustaqil davlatlar tuzilganidan xabarimiz bor. Lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Sovet Hukumati bunaqa mustaqillarning hammasini (jumladan, boshqa respublikalar hududida) yostig‘ini quritdi. Tantana bilan e’lon qilingan Deklaratsiya qayoqqa ketdi?

Sovet ideologlari Leninni ideal inson, hozirgi tasavvurlarga ko‘ra, komil inson deya ta’riflab, bizni tarbiyalashgan edi, aslida esa, Validiy aytganidek ekan. KPSS tarixini, qo‘rqqanimdan, tanlagan mutaxassisligimdan ham a’lo ko‘rib, o‘rganib yurgan vaqtimda Lenin, biz maqsadlarimizga yetish uchun hatto Iblis bilan ham shartnoma tuzaveramiz, deganini o‘qiganman. O‘sha vaqtlarda Leninning gapini muhokama qilish mumkinligini hayolimizga ham keltirolmasdik. Hozir esa, “Astag‘firulloh! Iblisni tan olib, Xudoni inkor etgan odamga qanday baho bersa bo‘ladi?” – deb, boshim qotib turibdi.

Kommunistlar Leninning o‘sha gapini minbarlarda turib aytdilar, ilmiy ishlarida iqtibos qilib keltirdilar va Iblisni nihoyatda xursand qildilar. 1991 yilga kelib, kommunistik g‘oyalarning puchligi butun dunyoga oshkor bo‘lganida, kommunistlar sharmanda bo‘lganida, ana-mana, kommunistik jamiyat qurib qo‘ydik, deb jar solgan Sovet imperiyasi parchalanib ketganda, Iblis, man sanlardan bezorman, sanlarni tanimayman, deb yuz o‘girib ketdi.

* * *

1917 yil 25 oktyabr revolyutsiyasi g‘alaba qilgach, bir hafta o‘tib, 2 noyabrda Sovetlar Rossiyadagi millatlarning mustaqilligi haqida deklaratsiya e’lon qildilar. Shundan keyin hamma o‘lkalarda, shuningdek, Turkistonda ham, mustaqil davlat tuzish ishlari boshlanib ketadi.

Boshqirdiston Sho‘rosi, bizga Sovetlar “in’om” etgan mustaqillik kerak emas, o‘zimiz mustaqil bo‘lamiz, deya maxsus Farmon (№ 1, 11 noyabr 1917 y.) qabul qildilar. Unda quyidagi so‘zlar ham bo‘lgan: “25 oktyabrda Rossiyadagi Muvaqqat Hukumat ag‘darib tashlangandan keyin fuqarolar urushi davri boshlandi. Biz Sovetlarni qabul qilmaymiz. O‘z huquqlarimizni o‘z kuchimiz bilan qo‘lga kiritishni xohlaymiz va avtonomiyani bolsheviklar qo‘lidan olishni istamaymiz, chunki inson huquqlari va erkinligini o‘z ixtiyorimiz bilan cheklab qo‘yishga rozi bo‘lmaymiz.”

Qaysidir o‘lkalarda, ana, deklaratsiya e’lon qilindi-ku, deya “ura-ura!” harakatga tushib ketishgandur, balki. Boshqirdiston bunday qilmadi, o‘z mustaqilligimizni o‘zimiz e’lon qilamiz, deya birinchi raqamli Farmon chiqarib, hammaga bildirib qo‘ydilar.

Ana zakiyligu, mana zakiylik! Bunga Lenin ham qoyil qolgan ekan. Keyinchalik, 1919 yil, 20 martda bolsheviklar bilan kelishuv imzolanayotganda, Lenin Validiydan, o‘sha farmonni kim tayyorlagan edi, deb so‘ragan ekan. Qoyil qolmaganda, so‘ramagan bo‘lardi.

Shunday qilib, Boshqirdiston 1917 yilning o‘zidayoq, 29 noyabrda mustaqillik e’lon qildi. Keyingi yilning 5 yanvaridan boshlab birinchi boshqird polkini tuzish ishlarini boshlab yubordi. Bu paytlarda general Dutov boshliq oqgvardiyachi kazaklar Orenburg shahri va Boshqirdistonning boshqa ba’zi shaharlarida hukmronlik qilishardi. Boshqird hukumati kazaklarga ham, Sovetlarga ham qo‘shilmay, kutib turishga qaror qildi. 18 yanvarda bolsheviklar Orenburgni ishg‘ol qildilar. Orenburg gubernatori Boshqird hukumati rahbarlariga: “Agar Sovetlarga qarshi urushmasanglar, mustaqil bo‘lib qolaverasizlar, lekin tashqi siyosat bobida Markaziy Hukumatga bo‘ysunasizlar”, – dedi. 27 yanvarda Boshqirdiston hukumati bunga rozilik bildirib, Moskvaga telegramma jo‘natdi. Shunga qaramay, Sovetlar Boshqirdiston hukumati a’zolarini qamoqqa oldi. Validiyni boshqalardan ajratib, alohida xonada saqladilar.

Validiy bekor o‘tirmaslik uchun tatarlar tarixi haqida boshlab qo‘ygan kitobini yozishda davom etdi. Tashqarida birinchi boshqird polkini tuzish boshlab yuborilgan, hukumat a’zolari qamoqqa olingandan keyin ko‘ngillilarning kelishi jadallashib ketadi. Bu, Sovetlar uchun xavfli edi. Orenburg gubernatori Svilling Validiyning kamerasiga kelib, odamlaringga ayt, bu ishni to‘xtatishsin, aks holda senga yomon bo‘ladi, deb ogohlantiradi. Validiy: “Qamoqdagi odamning gapi buyruq bo‘larmidi?” – deydi.

Gubernator: “O‘zing bilasan”, – deb chiqib ketadi.

3 apreldan 4 aprelga o‘tar kechasi kazaklar va boshqird ko‘ngillilaridan iborat otryad turmaga hujum qilib, Hukumat a’zolarini ozod qiladi. Ular Ufaga to‘planib, keyingi harakatlarni kelishib olishadi. Shu yerda Validiyning oldiga bir boshqird kelib aytishicha, uni Stalin yuborib, Validiyni qamoqdan ozod qilishni va Moskvaga olib kelishni buyurgan emish.

Validiy bu taklifga ko‘nmaydi.

Boshqirdistonda vaziyat og‘ir bo‘lishiga qaramay, Hukumat o‘z faoliyatini davom ettiradi, partizan otryadlari tuzila boshlaydi.

1918 yil 27 may kuni, birinchi jahon urushida ishtirok etib, Ural tomonlarda qolib ketgan chexoslovak armiyasi bolsheviklar hukumatiga qarshi isyon ko‘tarib, bir kechada Chelyabinsk-Omsk temir yo‘lini ishg‘ol qiladi.

Validiy chexoslovaklarning shtab-kvartirasiga kelib, Boshqirdistondagi vaziyatni tushuntiradi, isyonchilar Boshqirdiston Hukumatiga har tomonlama yordam berishadi, yana ishlar qizib ketadi, bir nechta shahar-qishloqdan qizillar quvib chiqariladi. Lekin Sovetlarga qarshi kurashayotgan kuchlar ahil emas, bir-biriga dushmanchilik qilib ham qo‘yardi. Masalan, doim yordam berib kelayotgan oqgvardiyachi general Dutovning qo‘lida Boshqirdiston va Qozog‘iston armiyalarini tarqatib yuborish, Validovni esa, uchragan joyida harbiy-dala sudiga tortib, yo‘q qilish haqida buyruq (Kolchakdan) borligi ma’lum bo‘lib qoladi.

Bunday kelishmovchilik va o‘zaro dushmanlikdan qizillar foydalanib, qo‘ldan ketgan shaharlarni yana tortib ola boshlaydilar. Boshqirdiston, Tatariston, shimoli-g‘arbiy Qozog‘iston, Uralatrofi viloyatlarida Sovet hokimiyati yana o‘rnatiladi.

Sovetlarning qamog‘idan yaqinginada qochib chiqqan Boshqird hukumati a’zolari kelishuv taklif qilishga majbur bo‘ladilar. Shu haqda Qozog‘iston vakillari bilan maslahat bo‘ladi, Toshkentga xabar qilishga qaror qilinadi.

Lenin va Stalin bu taklifga darrov rozi bo‘lishadi. Ishni Boshqirdiston polklarini Qizil Armiya safiga o‘tkazishdan boshlashadi. Bu ishlarning tepasida shaxsan Validiyning o‘zi turadi. Oson kechmaydi. Qizillar bosib olingan joylarda quturib ketib, odamlarni talay boshlaydilar. Oziq-ovqat bir yoqda tursin,

xotin-qizlarning taqinchoqlarini ham tortib oladilar, xalq orasida norozilik kuchayib ketadi, g‘azablangan ba’zi polklar oqlar tomoniga qaytib o‘tishadi. Nihoyat, tayyorgarlik ishlari tugab, 1919 yilning 20 martida Sovet xukumati bilan Boshqirdiston xukumati o‘rtasida bitim imzolanadi, uni sakkiz kishi imzolaydi.

Shundan keyin ham Lenin va Stalin Boshqirdistonga nisbatan ikkiyuzlamachilik siyosatini yurgizadilar, buni yashirmaydilar ham. Bitim imzonlangandan keyin bo‘lgan, kommunistik partiyaning VSh s’ezdida, Lenin Buxarin bilan bahsga kirishib, “Isxodya iz takticheskix soobrajeniy prixoditsya idti na soglasheniye s burjuaznыmi natsionalistami”, – deydi.

Kechagina sen bilan bitim imzolashgan boshqird vakillar shu yerda o‘tirishibdi, o‘shanda bir-biringni tabriklading, ehtimol, mehring jo‘sh urib, quchoqlashgandursan, endi bunaqa gapni aytib o‘tiribsan! Oddiygina insoniy hurmat, andisha degan tuyg‘ular qayoqqa ketdi?

Bu, hali, xolvasi ekan. S’ezd tugagach, Lenin maxsus komissiya tashkil qilib, Kalininni rais etib tayinlaydi. Boshqirdiston bilan tuzilgan bitim butunlay qayta yozib chiqiladi va oxirgi majlisga Validiyni taklif qilishadi. Ma’lum bo‘lishicha, Boshqirdiston avtonomiya sifatida bor-yo‘g‘i uchta masalada: maorif, adliya va qishloq ho‘jaligi ishlarida mustaqil ekan, hatto iqtisodiyot ham Markazning qo‘liga o‘tib ketibdi. Shuncha ko‘rgilik yetmaganidek, Boshqirdiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida, ularning yerlaridan ajratib, ikkita rus guberniyasi tashkil qilinar ekan.

Ana mustaqillik, mana mustaqillik! Mana, qanaqa bo‘lar ekan kommunistlarning davlatlararo kelishuvga munosabati!

Majlis tugagach, Validiy Leninga uchrashib, o‘tgan yili tuzilgan bitimni ro‘kach qiladi.

Validiy: “O‘shanda ezilgan sharq millatlari huquqlari to‘la bo‘lmasa-da, e’tirof etilgan edi. Oradan o‘n to‘rt oy o‘tib, hammasi puch bo‘pti.”

Lenin: “Siz qanaqa inqilobchisiz?! Nimaga o‘sha Bitimga yopishib oldiz? Bitim – bir parcha qog‘oz, hech kimni hech nimaga majbur qilmaydi.”

Validiy: “Biz o‘shanaqa bir parcha qog‘ozlarga rioya qilish kerak, deb o‘rganganmiz”.

Lenin: “Yanglishibmiz, xo‘p! Nima bo‘pti?! Bizning ishlarda shunaqasi ham bo‘p turadi. Nima qilasiz, mayda narsalarni bahs qilib? Men siz bilan umumrossiya muammolari ustida, butun dunyoga taalluqli mummolar ustida hamkorlik qilishni samimiy istayman. ”

Shunday qilib, 1919 yil, 20 martda imzolangan bitim avtomatik tarzda kuchini yo‘qotib, 1920 yil, 19 mayda e’lon qilingan Sovet hukumati qarori asosiy hujjat bo‘lib qoldi, unga

Lenin va Stalin imzo qo‘yishdi, xolos.

Davlatlararo kelishuvga nisbatan bunday munosabat xoinlikka, quchoqlashib turib, orqasiga xanjar botirishga o‘xshab ketadi.

Validiy, o‘shanda Lenin aytgan gaplardan va undan oldinroq Stalin aytgan gaplardan xulosa qilishicha, ikkala dohiy uni – Validiyni Boshqirdistondan uzoqlashtirib, Moskvaga, Markaziy apparatga olib kelishmoqchi bo‘lgan. Lekin u, bunaqa “xo‘rozqand”ga aldanadigan odam emasdi.

* * *

Lenin va Stalin chiqargan mash’um qarordan keyin, Validiy Boshqirdistondan bosh olib ketishga qaror qildi. Bu paytda u hukumat raisi edi, albatta, qabul qilgan qaroridan xukumatning boshqa a’zolari bexabar qolmagan bo‘lishi kerak. 1920 yilning 29 iyunida o‘n to‘rt hamrohi bilan mamlakatdan chiqib, Qozog‘iston va Turkistonning ma’lum shaharlarida uchrashishga kelishib olib, har tarafga tarqalishdi.

Validiy Astraxanga keldi, undan Bokuga o‘tdi, Sovetlarga qarshi kurashayotganlar bilan uchrashdi, Bokuda 1-5 sentyabr kunlari o‘tkazilajak musulmonlar qurultoyiga tayyorgarlik ko‘rdi. Aslida, bu qurultoyni Validiyning o‘zi tashabbus qilib, ko‘tarib chiqqan edi. Lenin va Stalinga juda ma’qul kelib, tashabbusni Sovet xukumati o‘z qo‘liga olgan edi.

Qurultoy yaqinlashgach, Moskva uch yuzta ayg‘oqchini Validiyni tutib keltirish uchun safarbar qiladi. Bu payt Validiy Turkmanistonda edi, qishloq odamlari qiyofasiga kirib, Toshkentdan kelayotgan poyezdga chiqadi, Turor Risqulov bilan uchrashib, kimlar delegat bo‘lganini bilib oladi, Bokuda qanday uchrashib, qurultoy ishlarida qanday ishtirok etishni kelishib oladi va Kaspiydagi port shahar – Krasnovodsk shahriga bir bekat yetmay, poyezddan tushib qoladi.

Qurultoy kunlari Validiy turk kommunistlarining markaziga kelib-ketib yurdi. Chekist ayg‘oqchilar shuni xayollariga ham kelirishmagan ekan, bu yer xavfsiz edi. Qurultoyda qanday masalalar ko‘rilsa, qarorlar qabul qilinsa, Validiy matnlarni tayyorlab berib turdi. Bundan tashqari, musulmon mamlakatlar yetakchilari bilan ilgari tuzilgan rejalar qayta ko‘rib chiqildi, keyingi uchrashuvlar uchun Buxoro tanlab olindi.

Validiy Bokudan Astraxanga o‘tib, undan Xorazmga qarab yuradi. Turkistonda shu yerlik ziyolilar va ularning yetakchilari bilan uchrashadi, jadidlar partiyasi, “Erk” partiyasi va qozoqlarning “Alash o‘rda” partiyasi dasturlarini tuzishda yordam beradi, uchala partiyani birlashtirib, yagona harakat – “Turkiston milliy birlashmasi”ni tashkil qilish taklifini kiritadi va shunday ham bo‘ladi. Validiyni shu Birlashma raisi etib saylashadi.

Ahmad Zakiy Validiy, Abdulqodir Inon va Galimjan To‘g‘on. Budapesht, 1925 yil

Validiy hamma viloyatlarda harakat qilib turgan bosmachilar orasiga kiradi, Turkiyadan kelib, milliy ozodlik kurashlarida faol ishtirok etayotgan zobitlar bilan suhbatlarda qatnashadi, hamma yerda Birlashmaning g‘oyalarini amalga oshirishga harakat qiladi.

* * *

Ahmadz Zakiy Validiy Boshqirdiston xukumati a’zosi bo‘lib yurgan kezlarda ham O‘rta Osiyo xalqlari uchun foydali ishlar qilgan…

Leninga toshkentlik Yusupov (tatar millatiga mansub) va hindistonlik Mavlaviy Barakatulloh degan shaxslardan bir xat tushadi. Ular gapni kommunizm g‘oyasi Qur’on bilan hamohang, degan xushomad bilan boshlab, O‘rta Osiyoda islom davlati barpo qilish kerak, degan taklifni ilgari surishadi. Bu davlat Afg‘oniston va sharqiy Eronni bosib olarmish-da, keyin Hindistonni inglizlardan ozod qilishga yordamlashar emish.

Lenin Boshqirdistonga telefon qilib, Validiyni chaqirtirib oladi. Validiy xat bilan tanishib, o‘z fikrlarini quyidagi mazmunda yozib beradi: “Kommunizm g‘oyasi bilan Qur’onning hech qanaqa mushatarakligi yo‘q, bunday gap bilan musulmon xalqlarning e’tiborini qozonib bo‘lmaydi. Islom davlati tuzib, xatda ko‘zlangan maqsadlarni amalga oshirish –xomxayoldan boshqa narsa emas. Bularning o‘rniga, podshohlik davrida shakllanib qolgan rus imperializmi siyosatidan voz kechish kerak. Sovet hokimiyati O‘rta Osiyoda muvafaqqiyat qozonishi uchun milliy mustaqillikni tan olish lozim. Buning uchun birinchi navbatda qilinadigan ishlar:

Toshkentdagi general Kaufman haykalini, Chu va Yettisuv daryolari sohilida qurilgan yodgorlik memoriallarni buzib tashlash;

mahalliy aholidan tortib olib, ruslarga berilgan yerlarni egalariga qaytarish;

davlat organlariga saylashda mahalliy aholi vakillariga ruslar bilan teng huquqlar berish;

temiryo‘l, pochta, telegrafda, sanoat korxonalarida ishlash uchun mahalliy aholini jalb qilish;

harbiy tuzilmalarga mahalliy aholi vakillarini qabul qilish;

yuqoridagi ishlarni amalda joriy etish uchun uch mahalliy aholi va ikki rus a’zolardan iborat “Turkiston favqulodda komissiyasi”ni tashkil qilish”.

Bu takliflarni Lenin Validiy bilan birga qayta ko‘rib, o‘z yo‘rig‘iga moslab chiqadi-da, radio orqali Turkistondagi Sovet rahbar xodimlarga buyruq tarzida uzatadi.

Yuqorida aytilgan ishlardan faqat birinchisi bajariladi, qolganlari o‘lda-jo‘lda bo‘lib, turli bahonalar ko‘rsatilib, amalga oshmaydi. Keyinchalik Lenin Validiyga, mahalliy aholi ichida aytilgan ishlarni bajara oladigan vakillar yo‘q ekan, deb qo‘ya qoladi.

* * *

1922 yilga kelib Turkistonda keng tarqalgan bosmachilik harakati birin-ketin yengila boshlaydi. Bunga, Validiy uchta asosiy sababni ko‘rsatadi:

  1. Turkiyadan yordamga kelgan zobit Anvar posho endi ish boshlamoqchi bo‘lib turganda Ibrohimbek qo‘rboshi uni hibsga oladi. Afg‘onistonga qochib ketgan Amir Olimxondan uni ozod etish uchun rozilik olguncha bir oy vaqt o‘tib ketdi, ruslar yordamchi kuchlarni tashlashga ulgurdilar.
  2. Buxoro amiri tarafdorlari bo‘lgan bosmachilar yordam uchun Boshqirdistondan kelgan, harbiy ilmga ega o‘n uch nafar zobitdan

o‘n ikkisini o‘ldirib, qurol-yarog‘ini tortib oladilar. Validiy bu xabarni eshitib larzaga keladi. O‘zi ham shu paytda Zarafshon vohasidagi bosmachilar orasida bo‘lib, janglarda qatnashayotgan edi. “Turkiston milliy birlashmasi” rahbariyatining boshqa a’zolari ham boshqa joylardagi bosmachilar orasiga tarqalib ketishgan edi. Validiy, bosmachilarga qo‘shilib yurish xatarli ekan, deb xulosa qiladi.

  1. Qizil Armiya Polsha bilan urushib g‘alaba qilgach, Sovet hukumati kuchlarni O‘rta Osiyoga tashladi.

Vaziyat og‘irlashgach, “Turkiston milliy birlashmasi” idorasi Toshkentda yig‘ilish o‘tkazib, keyingi ishlarni belgilab oladi:

birlashmaning rahbariyat a’zolari qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, bir-birlari bilan aloqa bog‘lab turish;

Validiyni chet ellarga safarbar etib, dunyo e’tiborini Rossiyaning bosqinchiligiga, vahshiyona ishlariga qaratish va O‘rta Osiyodagi musulmon xalqlarga yordam qo‘lini cho‘zish.

* * *

Validiy 1923 yilning 21 fevralida, yordamchisi – doktor Abdulqodir Inon bilan birga Ashxobod orqali Eron hududiga o‘tadi, bir haftadan so‘ng Muhammadobod viloyatiga keladi. Viloyat hokimi Hukumat roziligini olish uchun kutish lozimligi aytadi. To‘qqiz kundan keyin Eronning harbiy ishlar vaziri Rizo xon (bo‘lajak shoh Muhammad Rizo Pahlaviy)dan va Sharqiy Eron harbiy qo‘mondonidan ikkita telegramma keladi, ikkalasida “Xush kelibsiz” degan so‘zlar bor edi.

Abdulqodir Inon va Ahmad Zakiy Validiy turkmancha libosda. 1923 yil

12 mart kuni Mashhadga keliboq, Validiy tarixiy yodgorliklarni tomosha qiladi, devorlardagi bitiklarni yozib oladi, Alisher Navoiy qurdirgan Gavharshod machitiga boradi.

Mashhad tarixda nomi qolgan ko‘hna shahar bo‘lgani uchun Validiydek tarixchi olim uchun katta hazina edi, bozorlarni aylanib, eski kitoblar yig‘adi, kutubxonaga borib manbalarni izlaydi. Topgan bir qo‘lyozmasi Yevropa olimlari tomonidan yuksak baholanadi, Validiy esa shu topilma asosida, Vena shahrida doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

Mashhadda bo‘lgan vaqtida, Validiy, Rizo xonga ikkita maktub yo‘llaydi. Birinchisida o‘zini tanishtiradi, ikkinchisida Turkistondagi siyosiy axvoldan, Sovet hokimiyatining bosqinchiliklaridan, bu davlat keyinchalik qo‘shni mamlakatlarga nisbatan nima ishlar qilishi mumkinligidan xabar beradi. Rossiyaga chegaradosh mamlakatlar Turkistondagi axvolni xuddi o‘zlarining boshiga tushgan ish deb qabul qilishlari lozim, deydi. Shu bilan birga Anqara, Tehron va Qobul o‘rtasida radio aloqa o‘rnatishni maslahat beradi.

* * *

Turkiston milliy birlashmasi raisi Ahmad Zakiy Validiy Siotrai Mohi Xosada. Buxoro, 1921 yil

1923 yilning 24 aprelida Validiy Afg‘oniston hududiga o‘tayotganda, Mashhaddagi afg‘on konsuli o‘n nafar askarni qo‘riqchi qilib beradi. Hirotga kelib besh hafta turib qoladi, chunki bu shahar ham boy tarixga ega, buyuk insonlar yashab o‘tgan. Validiy, Alisher Navoiy qabrini izlab topadi. Afg‘onlar ul zotni “Shoh-i-g‘aribon” deyishar ekan. Navoiy qurdirgan masjidga borib, devorlaridagi bitiklarni yozib oladi. Qadimgi kutubxonalar yo‘qolib, bittasi saqlanib qolgan, u ham qarovsiz ekan. Islom huquqshunosligiga oid qo‘lyozma bilan tanishadi..

Validiy to‘xtagan mehmonxonada ikki rus kureri paydo bo‘lib, gaplashmoqchi bo‘ladilar, lekin buning imkonini topmay, otboqarni gapga tutib, Qobulga qachon ketmoqchisizlar, deb so‘rashadi. Validiy ularni bir ko‘rgandayoq maqsadlari nima ekanligini bilgan edi, vaziyatni Xirot hokimiga aytadi, u qo‘noq joyni o‘zgartiradi. O‘zlarini Qobulga ketayotgan chopar qilib ko‘rsatgan ruslar ham bir bahona topib, Hirotda yana qolishadi. Bundan ularning asl maqsadi ayon bo‘lib, hokim Validiyga qo‘riqchilar beradi. 17 iyunda Validiyning odamlari bildirmaslikka harakat qilib, Qobul tomon yo‘lga chiqishadi. Ruslar ularga yetib olishadi, endi ularning yonida ikkita askari ham bor, hammasi miltiqli. Kech bo‘lganda Validiyning odamlari bir shaharchada to‘xtab, mehmonxonaga qo‘nishadi. Endi ular o‘zlarini Validiyni tanimagandek ko‘rsatib, hamma bilan rus tilida gaplashaveradilar, hatto Anvar posho xalok bo‘lganidan xabardor ekanlarini yashirmaydilar. “Chopar”larning biri rus, narigisi – armani, ismi Karapet ekan, qo‘lida xaritasi ham borligi ma’lum bo‘ladi. Tong otgach, Validiy sheriklar va qo‘riqchilariga vaziyatni tushuntirib, “Bu shilqimlardan uzilib chiqish kerak, yo‘lda mening imo-ishoralarimga diqqat qilib yuringlar”, – deb tayinlaydi. Asosiy yo‘l qolib, daryo sohili bo‘ylab yurishadi. Bir joyga kelganda, sohil yo‘li tor ekan, aksiga olib, ro‘paradagi tog‘dan qo‘y, eshak aralash katta poda tushib kelayapti. Validiy, otlari chopqir bo‘lmagan ikki sherigiga otni qamchilab, tezroq yuqoriga chiqib olishni buyuradi. Ular mo‘ljalga yetib olgach, Validiy ruslarga qarata, “Qani, poyga o‘ynaymizmi?!” deb hayqiradi-da, otini daryo qirg‘og‘idagi toshloqdan yeldirib ketadi. Sheriklar ham shunday qilishadi. Izquvarlar esa tuproq yo‘lning o‘zidan ot choptirib, poda orasiga kirib ketadilar, yurolmay qolib, hammasi jarga ag‘dariladi. Validiy ularga qarata: “Endi Validiyga yetib bo‘psanlar!” – deya hayqirib, ot choptirib ketadi.

Qobulga kelib, sovet elchihonasiga qirganlarida, o‘zbek xodimlardan biri voqea davomini Valiyga aytib beradi. Izquvarlar otlar tagida qolib, tan jarhatlari olib, kiyimlari yirtilgan bir ahvolda Qobulga kirib kelishibdi.

Armani Karapet Tiflis shahrida Jamol poshoga qarshi uyushtirilgan qotillikda ishtirok etgan, navbatdagi topshirig‘i – Validiyni yo‘q qilish ekan.

* * *

Chet ellarda, Validiy “Turkiston milliy birlashmasi” nomidan har bir mamlakat hukmdoriga raport yozib, Sovet hukumati musulmon o‘lkalar xalqlariga o‘tkazayotgan zulmlar haqida so‘zlab beradi va bunday keyin qo‘shni mamlakatlar bilan qanday muomala qilishi mumkinligini bashorat qiladi. Bunday raportlar Turkiya, Eron, Afg‘oniston va Hindistonda tarqatildi. Hamma yerda Validiyni ehtirom bilan qabul qilishdi, bergan ma’lumotlari uchun minnatdorlik bildirishdi, shu mamlakatda qolib yashashni taklif qilishdi, Validiy taklifga rozi bo‘lmagach. yo‘l xarajatlarini ta’minlashdi, kuzatuvchilar, qo‘riqchilar berishdi.

Validiy bashorat qilgan ishlarning aksari, keyingi davrlarda amalda sodir bo‘ldi. Masalan, Sovet hokimiyati Afg‘onistonni istilo qilib, yigirma yil qirg‘in qildi, Yaponiya tashabbus ko‘rsatib, O‘rta Osiyo hududlaridan o‘tgan Buyuk ipak yo‘lini tiklash muammosini ko‘tarib chiqdi.

Amaliy faoliyati – siyosat va milliy ozodlik harakati bo‘lgan Validiy qayerga bormasin, olimlarga xos: qadimiy yodgorliklarni o‘rganish, aziz-avliyolar qabrini ziyorat qilish, qadimgi qo‘lyozmalar va kitoblarni topish, to‘plash, ilmiy izlanish kabi ishlarini kanda qilmadi.

1) Mustafo Cho‘qay. 2) Usmon Xo‘ja. 3) Ahmad Zakiy Validiy. 4) Abdulqodir Inon. 5) Mustafo Shohquli. Istanbul, 1926 yil

Afg‘onistondan keyin Hindistonga o‘tdi, Bombayda kemaga o‘tirib, Turkiyaga keldi, mamlakatga kirish uchun ruxsat olishda chigallik yuzaga kelib (bu chigallik Validiy yo‘l qo‘ygan bir xato tufayli bo‘lgan ekan), Frantsiyaga, undan Germaniyaga o‘tdi. Hamma mamlakatda siyosatshunoslar, davlat arboblari va olimlar bilan uchrashdi. Yevropaning tarixchi, sharqshunos olimlari uchun Validiy qimmatli “topilma” bo‘ldi. Ular shu paytgacha arab, fors, turk va rus tillarini, yozuvlarini, Qur’onni suvdek biladigan, qadimiy qo‘lyozmalarni to‘plab qo‘ygan, siyosiy faoliyati nihoyatda boy bo‘lgan “sharq odami”ni uchratishmagan edi. O‘zlari ham qadimgi manbalarni to‘plab qo‘ygan bo‘lsalar-da, ulardan unumli foydalanish imkoniga ega emasdilar. Shuning uchun Validiyni bir kun ham o‘z holiga qo‘ymay, uchrashuvlar va mehmondorchiliklarga taklif qildilar, suhbatini oldilar.

* * *

Validiy chet ellarda ikki yil yurib, “Turkiston milliy birlashmasi”ning raisi sifatida, idoraning boshqa a’zolariga, Sovetlarning zug‘umi ostida qolgan maslakdoshlariga xat-hisobot jo‘natib turdi. Rossiya musulmonlariga xayrixoh topish umidlari puchga chiqqani haqida alam bilan yozadi: “Sharq davlatlari qo‘rqoq, Yevropa loqayd, takabbur va o‘zi bilan o‘zi o‘ralashib qolgan… Yevropa davlatlaridan birontasi ham Rossiyaning qo‘li ostida qolgan musulmon xalqlarning haqlari tiklanishini talab qilmoqchi, Sovetlarga qarshi urush ochmoqchi emas… Angliyada esa, Sovetlar bilan muloqotga kirishish maqsadida, ishchi partiyasini ta’sis qilib, tayyor turishibdi… Yevropadagi ba’zi davralar Rossiyadagi musulmonlar taqdirini AQShda qirilib, yo‘qolib, hozirda kam sonlarda qolgan hindular taqdiriga o‘xshatishmoqda”.

* * *

Ahmad Zakiy Validiyning shaxsiyatini yanada oydinroq tasavvur qilish uchun “Xotiralar”dan parchalar o‘qiymiz.

  • 1917 yilning 25 oktyabrida, Validiy, Boshqirdiston vakili sifatida, Peterburgda yurganida, inqilobiy harakatlar boshlanib ketadi. Ko‘chada bir yurtdoshini ko‘rib qolib, gaplashib tursa, bir askar ularga yaqinlashib keladi, u ham boshqirdistonlik ekan. Uchraganlarning birinchisi ikkinchisi – askarga (Validiyga ishora qilib): “Taniyapsanmi?”- deydi. Askarning javobi: “Taniganda qandoq! Biz uni Ahmad Zakiy deymiz. Yoshligida naq qaroqchining o‘zi edi! Og‘zining ikki burchagida bittadan papiros qistirib yurardi, ko‘krak cho‘ntagida esa oppoq dasto‘mol o‘rniga yuz so‘mlikning bir cheti ko‘rinib turardi. Hech kim unga “Hoy!”deyolmasdi, ko‘chaning o‘rtasidan mag‘rur yurardi. Qayerda bir voqea bo‘lsa, odamlar: “Ha, bu Ahmadzakining ishi”, – deyishardi. Hozir podshohning ishlari chatoq ko‘rinadi, Ahmadzakiga o‘xshaganlarning kuni tug‘di, shekilli. U, podshoh bizdan olib qo‘ygan yaylovlar va o‘rmonlarni o‘zimizga qaytaradi”.
  • “Bosmachilik” aslida – milliy ozodlik harakati, partizanlik harakati deyish ham mumkin.
  • Islomda davlatchilik xususiyatlari yo‘q, lekin din har qanday davlat tuzumi bilan chiqishib keta oladi (Zakot mamlakatda joriy qilinsa, davlat idoralari kelib chiqaveradi, lekin buni “davlatchilik xususiyati” deyish mumkinmikin? – Q.D.).
  • Musulmon xalqlarda sinfiy tabaqalanish bo‘lmaydi, kambag‘allar boylarga qarshi qo‘zg‘olmaydi, bironta muammo yuzaga kelsa, boylar bilan birgalashib harakat qiladi.
  • Validiy Anvar poshoga: Yerlik aholining aksari “turk xalqlarining siyosiy birligi” degan gapni tushunmaydi, xayoliga ham keltirolmaydi, fikri-zikri mahalliy tashvishlardan nariga o‘tmaydi.
  • Xalqimizning eng dahshatli dushmanlari – nodonlik va ko‘r-ko‘rona ergashish.
  • Turkiy tillar ichida qozoq tilining kelajagi katta.
  • Biz Leninni yaxshi odam, Stalinni – iblis deb bilardik. Biroq, Lenin davlatni boshqarish ishlarini atrofidagi Frunze va Rudzutakka o‘xshagan odamlarga topshirmasdan, Stalinning qo‘liga tutqazib qo‘yishining o‘ziyoq iblislik emasmikin?
  • Islom xalqlarining birligiga diniy tuyg‘ularning umumiyligi asosida emas, iqtisodiy manfaatlar birligi asosida erishish mumkin. Birlashtiruvchi vosita dinga qaraganda kuchliroq.
  • Sovet hukumati sharqiy turk xalqlariga nisbatan ikkiyuzlamachilik siyosatini o‘tkazib kelayapti, ularning birlashishiga yo‘l qo‘ymaydi.
  • Validiy Siyosiy byuro a’zolari va markaziy Komitet kotiblari N.Krestinskiy va Ye. Preobrajenskiyga: “Sovetlarga va kommunistlarga ochiqdan-ochiq qarshi kurashish yo‘liga o‘tib, men sizlarni emas, balki Stalinga o‘xshagan ikkiyuzlamachi arboblarni va menga nisbatan xiyonatkor bo‘lganlarni aldadim”.
  • Ruslar Fayzulla Ho‘jayevni boshqa boylardan ortiq ko‘rib, uni o‘zlariga yaqinlashtirishga harakat qilar edilar. Fayzulla bir nechta yaqin do‘stlarini ularga “sotgan”dan keyin, xiyonatkorona aldanganini bilib qoldi, vijdoni qiynalganidan o‘zini osdi.
  • Tojiklarda, o‘zbeklardagi singari, ismga “bek”ni qo‘shib aytish odati yo‘q.
  • Samarqandda va uning atrof qishloqlarida, keyingi tarixiy davrda, turk aholisi tojiklar tomonidan “yutib yuborilgan” (assimilyatsiya hodisasi bo‘lgan – Q.D.).
  • Validiyning Afg‘oniston hukmdori Omonullaxonga yozgan raportidan: “Afg‘oniston mustaqilligi shu kungacha ruslar bilan inglizlar o‘rtasidagi ziddiyatga bog‘liq bo‘lib keldi. Bir kun kelib, bu ziddiyat yo‘qolsayu, Afg‘oniston o‘z holiga yolg‘iz qolsa, uning imperialistik Rossiya bilan munosabatlari qanaqa bo‘ladi? Bunday paytda Rossiyaning odati – bosib olishdir”.
  • Yana o‘sha raportdan: “Garchi Amerika va Yaponiya hozirgi vaqtda, Manchjuriya tufayli bir-biriga to‘qnash kelib qolgan bo‘lsa-da, bir kun kelib, Uzoq Sharq bilan Oldosiyo o‘rtasidan, O‘rta Osiyodan o‘tadigan “Ipak yo‘li” iqtisodiy aloqalar uchun foydali ekanini ko‘rib qoladilar va Rossiya bilan Xitoyning qarshiligini yengib o‘tishga harakat qiladilar”.
  • Yana o‘sha raportdan: “Afg‘onistonda yuk tashish texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerak”.
  • Bosmachilik harakati olti yil davom etdi. Uning muvafaqqiyatlari Rossiyaning boshqa frontlarda bandligi bilan bog‘liq bo‘ldi, hozirgi mag‘lubiyati esa, Rossiya boshqa kuchli dushmanlardan qutulib, asosiy kuchlarni bizning ustimizga tashlaganidan keyin ro‘y berdi.
  • Arab tarixchisi va ilohiyotchisi at-Tabari (839 – 923) turklarda quldorlik yo‘q, deb yozgan. Rim papasining vakili Plano Karpini (1182 – 1252), Frantsiya qiroli Rubruk Villem (1220 – 1293)ning vakili Mo‘g‘ulistonga safar qilishganda, ular ham shu haqda yozishgan. Sayohatchi Pallas Pyotr Simon (1741 – 1811) ham qozoqlar va boshqirdlar haqida yozayotib, shu gapni aytgan.
  • Islom turklarga juda yaqin va qadrdon, ularning ruhiyati bilan chuqur hamohang dindir.
  • Sovet partiya va hukumat arboblaridan biri Broydo (G.I.Zilberkveyt) yozgan raportdan: “Orenburg Rossiya sharqidagi musulmonlar yig‘iladigan joyga aylanib qoldi. Validovni u yerga yaqinlashtirmaslik, Murtazinni unga qarshi giz-gizlash kerak. Boshqirdlar bilan qozoqlar o‘rtasidagi munosabatlarni buzishni o‘zimiz uchun majburiyat qilib olishimiz lozim… Validovni boshqa turk xalqlariga yaqinlashtirmaslik kerak”.
  • Sovet hukumati tashqi ishlar Komissariati xodimi Mixail Pavlovich (Veltman Mixail Lazarevich, 1871-1927, sharqshunos) tayyorlagan varaqa mazmuni: “Yaqin Sharqda, arab mamlakatlarida, Turkiya, Eron va Afg‘onistonda kapitalizmga xos sinfiy ziddiyatlar yetilmagan, shuning uchun bunday ziddiyatlarni (jumladan, diniy va sektalarga oid) qo‘zg‘ash kerak. Bunday ziddiyatlar Sovet Rossiyasi musulmonlari orasida yo‘qolib ketsa ham, chegaradagi musulmon mamlakatlarda qo‘zg‘otib, kuchaytirish kerak. Buning uchun savdogarlar, dindorlar va boshqa mashhur shaxslar o‘rtasida bahs, hasad, fitna chiqarishdan ham toymaslik kerak. Sharq xalqlarining aksarida adabiy til hali shakllanmaganidan ham foydalanish, bir nechta xalqni birlashtiradigan baquvvat adabiy til yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak”. Bu varaqa musulmon mamlakatlaridagi rus kommunistlariga tarqatilgan, biroq, mahalliy aholidan chiqqan kommunistlarga berilmagan. (Kommunizm nazariyasi sinflar o‘rtasidagi ziddiyatga asoslangan. Ziddiyat yo‘q joyda uni qo‘zg‘ash kommunistik amal hisoblangan. Lenin ham Validiyga shu mazmunda gapirgan, keyingi iqtibosga qarang. – Q.D.).
  • Hindistonlik bir siyosatchi Lenin huzuriga keladi va suhbat mavzularini yozma ravishda topshiradi. Lenin bu nomani Validiy berib, fikr bildirishni so‘raydi. Validiy xatni o‘qib, so‘ngra, mehmon bilan suhbatlashib, Leninga hisobot beradi. Shunda, jumladan, aytadi: “Afg‘onlar Hindistonning Kvetta shahridan(hozirgi Pokistonda) Qandahor orqali Rossiyaning chegara shahri Kushkagacha temir yo‘l o‘tkazish uchun inglizlarga rozilik bermoqchi ekan. Temir yo‘l o‘tkazilgan viloyatlarda inglizlar va hindilarning madaniy va siyosiy ta’siri kuchayib ketib, Rossiyaning manfaatlariga zid kelmaydimi?” Lenin hech ikkilanmay javob beradi: “Nima bo‘pti? Demak, o‘sha joylarga kapitalizm keladi, afg‘on proletariati paydo bo‘ladi, proletariat esa, pirovardida, bizniki bo‘ladi” (To‘g‘ri, Xudoni tanimagan yerlarda paydo bo‘lgan boy va kambag‘allar orasida ziddiyatlar va urushlar kelib chiqadi, lekin odamzotning barchasi xudosiz emas-ku. Alloh, nozil qilgan Kitobida, ommaviy g‘alayonlar va qirg‘in-barotlarning oldini olib, zakot, ehson, sadaqa degan tushunchalarni farz va vojib qilib qo‘ygan. Lenin xudosiz bir banda bo‘lgach, bunday gaplarni qayoqdan bilsin?! – Q.D.).
  • Lenin Validiy bilan suhbatlardan birida marksistik adabiyotlardan nimalarni o‘qiganini surishtiradi (Yozgan asarlarimdan nimalarni o‘qiganiykin, Ilin taxallusi bilan yozgan kitobimni bilarmikin, degan o‘yda so‘ragan bo‘lsa, kerak? – Q.D.). O‘z navbatida, Validiy, unga XIX asr o‘rtalarida nashr etilgan, rus bo‘lmagan xalqlar etnografiyasi haqidagi bir kitobni ko‘rsatadi, muallifi Ulyanov bo‘lib, chuvash tilini yaxshi bilar ekan. “Sizning ajdodlardan emasmi? Ular orasida chuvashlar yoki tatarlar bo‘lmaganmi?” – deb savol beradi Validiy. (Lenin javob berishicha, o‘zining kelib chiqishi haqida hech o‘ylab ko‘rmagan emish, endi, kitob muallifi haqida qiziqib ko‘rarmish… Oldin o‘z ajdodlaringni o‘ylasang-chi!… Plexanovning gapi: “Lenin neiskrennen”, ya’ni yolg‘onchi. – Q.D.).
  • Berlin, 1924 yil, dekabr, Kongressda Validov so‘zlagan nutqdan: “Biz, osiyoliklar, Leninning nazarida hech qanaqa qimmatga ega bo‘lmagan “bir parcha qog‘oz”ga ishonib, aldanib keldik. Ilgari biz Leninni Toshkentga kelgan Kolesov, Orenburgga kelgan Svilling, Markaz odami Artyomga o‘xshamagan shaxs, deb tasavvur qilar edik, endi ma’lum bo‘lishicha, hammasi bir ekan”.
  • Rossiyaga qaram bo‘lib qolgan turklar ruslar tomonidan to‘la yutilib ketishiga hali ancha bor, rus millatiga xos hadsiz-hududsiz ochko‘zlik esa, o‘z boshiga ko‘p kulfatlar soladi… Sovetlar o‘z qo‘llari bilan o‘zlari uchun tayyorlab qo‘ygan “getto”lardan chiqib ketolmaydilar.
  • Demokratiya turli xalqlarda turlicha, lekin hammasiga xos bir shart bor: jamoat yoki xalq ichida ularga tegishli mas’uliyatni taqsimlay bilish va bajarish va shunga ko‘ra, mavjud qonunlarga bo‘ysunish.
  • O‘rta Osiyo turklariga nisbatan ruslashtirish bo‘yicha har qancha kuchli siyosat o‘tkazilsa ham, o‘ylaymanki, ular milliy an’analari va ajdodlarining urf-odatlariga sodiq qoladilar.

* * *

Yakuniy taassurotlarim: Rossiyada harbiy to‘ntarish qilib, proletariat diktaturasini o‘rnatgan Leninning Marksdan o‘rgangan kommunistik nazariyasi “jahon inqilobi” (mirovaya revolyutsiya) degan puch g‘oyaga tayanar edi. Ya’ni, sotsialistik inqilob butun dunyoda amalga oshib, odamzot kommunistik jamiyat quradi, degan xomxayollarga Leninning o‘zi chippa-chin ishonib, kommunist firqa pattasini olgan har bir a’zodan bu g‘oyaga shak keltirmaslik talab qilinar edi. Bunday maqsad hali ancha olisda ekanini bilsa ham, Lenin, joriy amallarini o‘shanga yo‘naltirar va nazariyasini rivojlantirar ekan, kommunizmda ham qaysidir bir millat gegemon bo‘lishi zarur, degan xulosadan uzilib ketolmasdi va o‘z-o‘zidan, rus shovinizmi yuzaga qalqib chiqaverar edi.

Xullas, barcha kommunistlarning ongi o‘sha, “jahon inqilobi” degan g‘oya bilan zaharlanib bo‘lgan edi. Kommunistlar bu g‘oyani sekin, imi-jimida, o‘zaro aytmadilar, “Hoy, sekinroq gapiringlar, qo‘ni-qo‘shni eshitsa nima deydi?” – demadilar. Aksincha, butun dunyoga jar soldilar, har tomonlama rivojlangan mamlakatlarga qarata: “Chirigan kapitalizm, imperializm!” – deya jirkanib, do‘q-po‘ppisa qildilar, hammangning dodingni beramiz, deb chirandilar. Oktyar inqilobi, deb atalgan voqea g‘alaba qilgan kunlardayoq, Voroshilov boshchiligidagi otliq qo‘shin Yevropaga bostirib kirgan, Polshada qaqshatqich zarbaga uchrab, orqaga qaytgan edi.

Shundan keyin “jahon inqilobi” keyingi kunlarga qoldirildi. Qo‘lga olingan mamlakatlardagi kundalik amallar o‘sha g‘oyadan uzoqlashmadi. Keyinchalik, urushlarsiz rivojlanish davrida ham, partiya s’ezdlarida, oliy minbarlardan turib, “jahon inqilobi” haqida jar solinaverdi. Shunchaki, quruq do‘q-po‘ppisalar bilan cheklanishmadi, har bir mamlakatda kommunistik partiyalar, kommunist gegemonlar (masalan, Ernst Telman) paydo bo‘ldi.

Ispaniyada 1936 yili, Gretsiyada 1949 yili davlat to‘ntarishiga urinishlar bo‘ldi. Ikkala mamlakatning mag‘lubiyatga uchragan kuchlari esa, butun armiyasiyu bola-chaqasi bilan Sovet Ittifoqiga ko‘chib keldi.

Qiziq, nima uchun aynan Sovet Ittifoqiga ko‘chib kelishdi ekan?

Oddiy hayotiy haqiqat beixtiyor yodga tushadi: ikki qo‘shnidan biri nuqul g‘alamislik qilaversa, ikkinchisi qarab turavermaydi. Bir indamaydi, ikki indamaydi, axir bir kun javob zarba berishi tayin.

Fashizm degan oqim paydo bo‘lib, ikkinchi jahon urushining boshlanishiga “jahon inqilobi” degan kommunistik nazariya va Sovet hukumatining g‘alamisliklari sabab bo‘lgani o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdi…

“Jahon inqilobi” nazarisini qanchalik qoralamaylik, inkor etmaylik, shunday inqilob 1991 yilga kelib, baribir, sodir bo‘ldi! Bu inqilob kommunizmning butun dunyoda g‘alaba qilishi emas, balki ag‘darilishi va tarixning axlat qutisiga tashlanishi ekan! Shundan keyin butun dunyo birdaniga yangilandi-da! Bu – revolyutsiya bo‘lmay, nima?!

Kommunistik nazariyaning puchligi oshkor bo‘ldi, unga amal qilgan imperiya parchalanib, butun dunyoni titratib turgan katta bir Davlat va uning qo‘g‘irchoq davlatlari yo‘q bo‘lib ketdi. Dunyo bir cho‘milib olib, qushdek yengil tortgan odamdek erkin nafas ola boshladi.

“KPSS tarixi” degan fan unutildi, go‘yo bunaqa fan umuman bo‘lmagandek, go‘yo hamma oliy o‘quv yurtlarida yoppasiga o‘qitilmagandek, go‘yo bu fan bilan talabalarning yuragiga qo‘rquv solinmagandek. Unga atalgan kitoblar, afsuski, makulaturaga topshirildi. Nomi – fan bo‘lgani uchun ham yashab qolishi kerak edi. O‘tmishda qanchalik qalbaki bo‘lgan bo‘lsa, shunday turishi kerak, yana yuz yildan keyingi avlod haqiqatni bilishi uchun KPSS tarixini boshqatdan yozib chiqish lozim. Bunday ishlarda Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on ismli bir insonning “Xotiralar” deb atalgan kitobi, 1991 yildan keyin yozilgan boshqa tarixiy asarlar qatori, dasturilamal bo‘lishi shubhasiz.

Qudrat Do‘stmuhammad

2017 yil, 26 avgust