Pulitser ochgan Amerika

An’anaviy matbuotning muayyan ma’noda «nonini yarimta qilgan» «sariq matbuot» qanday yuzaga kelganiga hech qiziqib ko‘rganmisiz? Bugun Nyu-York ostonasida savlat to‘kib turgan mashhur «Ozodlik» haykali homiysi aynan gazeta ekanidan boxabarmisiz? Kolumbiya universitetidagi jurnalistlar tayyorlovchi nomdor markaz haqida bilasizmi? Adabiyot, drama, matbuot, musiqa, ta’lim yo‘nalishlaridagi ijodiy ishlarni rag‘batlantiruvchi nufuzli mukofotni-chi?..

Bu olamshumul hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi nimada? Ehtimol, hech ikkilanmay Amerika Qo‘shma Shtatlari, deya javobga oshiqayotgandirsiz? Bu javob ham mantiqan to‘g‘ri. Shunday bo‘lsa-da, ular boshqa bir nom ustida tutashadilar. Xo‘sh, Amerikani ana shunday yutuqlarga «vatan» qilgan kim?

Mediabiznes ixlosmandlari hamda xususiy matbuot egalarining ko‘pdan beri diqqat markazida bo‘lgan ulkan media-imperiya oxir-oqibat shiddatli raqobatga bardosh bera olmadi. Yo‘q, gap bugungi kunning eng katta media­hukm­roni Merdoklar haqida emas. (Bu sulola faoliyati hamon izchil davom etmoqda.) Aksincha, so‘z Sent-Luisda joylashgan «St.Louis Post-Dispatch» va «Arizona Daily Star» kabi ikki yirik gazeta, yana AQSh hududidagi o‘n ikki kundalik, bir necha haftalik nashrlarni o‘z ichiga olgan Pulitser kontserni xususida.

U endilikda Merdoklar korporatsiyasi kabi matbuot olamining gigantlari bilan bellasha olmay qoldi. Shunday bo‘lsa-da, uning yaxshigina tushumbaror «o‘lja» bo‘lishiga ishongan «New York Times» va «Gannett Newspapers» («USA Today» egalari)ning kontsernga qiziqishi katta edi. Aynan ular «Pulitser»ning bo‘lajak xo‘jayinlari sifatida taxmin qilinib, jamoatchilik og‘ziga tushishga ham ulgurdilar. Biroq, Amerikaning eng keksa va mashhur bu davriy matbuot kontserni «Lee Enterprises» kompaniyasi tomonidan 1,46 milliard dollarga sotib olindi. Afsonaviy jurnalist, noshir Jozef Pulitser asos solgan ushbu kontsern qachonlardir zamonaviy jurnalistikaga tamal toshini qo‘ygan edi va u qariyb bir asr­dan ziyodroq vaqt mobaynida avlodlarining asosiy daromad manbai bo‘lib keldi.

Mashhur sulola faoliyatining barham topayotgani achinarli hol, albatta. Vengriyalik yahudiy muhojir Jozef Pulitser asos solgan kompaniyaga vorislikni uning o‘g‘li, keyinroq esa nevarasi davom ettirdi. Shuni ta’kidlash joizki, ularning har ikkalasiga serdaromad kompaniya bilan bir qatorda, bobosining ismi ham meros bo‘lib o‘tgan edi. 1993 yili Jozef Pulitser III vafotidan keyin kompaniya aktsiyalarining katta qismiga (49,6 foizi) uning 71 yoshli bevasi Emili Rauh-Pulitser egalik qiladi. Shundan so‘ng oilaning kompaniyadagi faoliyati deyarli sezilmay qoldi. Marhumning o‘g‘li Jozef Pulitser IV esa, oilaviy biznesdan 1995 yiliyoq voz kechgandi.

Jozef Pulitser o‘z saltanatini 1878 yili barpo etdi. Hech bir sulola bu qadar matbuot biznesining yaqqol timsoli bo‘la olmagan. Ha, o‘sha xira ko‘ruvchi daroz, jizzaki venger muhojiridan bo‘lak hech kim! Jozef Pulitser Uilyam Rendolf Hyorst bilan basma-bas jurnalistikaning yangi va munozarali namunasini yaratdi. U xalq tomonidagi jamoat ishlarining faol ishtirokchisi hamda demokratiya vakili sifatida o‘zini ko‘rsatdi. Monopoliyalar jabrdiydalari bo‘lmish mehnatkashlarni qo‘llab-quvvatlab, siyosiy korruptsiyani fosh etishda o‘z hissasini qo‘shdi. Jurnalistika tirikchilik uchun maqbul yo‘l hisoblanmagan bir paytda Pulitser bu sohaga bo‘lgan munosabatni, jamoatchilik fikrini butunlay o‘zgartirib yubordi.

Ofitsiant, podachi, hammol…

Baxt yoxud baxtsizlik Sizning kimligingiz, qaerda va nima qilayotganingiz, nimaga ega ekaningiz bilan emas, balki nima haqida o‘ylashingiz bilan belgilanadi.
Jozef Pulitser

Jozef 1847 yilning 10 aprelida Vengriyaning Mako shahrida dunyoga kelgan. G‘alla savdosi bilan shug‘ullanuvchi otasi venger yahudiylaridan, katolik diniga e’tiqod qiluvchi onasi esa olmon millatiga mansub edi. Taqdir taqozosi bilan ular Budapeshtga ko‘chib kelishadi va Jozef o‘sha yerda xususiy maktabda ta’lim oladi. 17 yoshida harbiylikka kuchli havas uyg‘onib, birvarakayiga Frantsiya, Avs­triya va Britaniya armiyalariga yollanishga urinadi. Biroq, ko‘rish qobiliyati va sog‘ligi zaif bo‘lgani uchun uni harbiyga olmaydilar. Lekin uch bora berilgan rad javobi ham Pulitserni shashtidan qaytarolmadi. O‘sha paytda Amerika Qo‘shma Shtatlarida Grajdanlar urushi ketayotgan edi. Ko‘pchilik badavlat amerikaliklar yollanma odamning haqini berib, harbiyga chaqiruvdan qutulish payida edilar. Jozef ham Shimol ar­miyasining ana shunday ko‘ngilli soldatlaridan bo‘ldi. U Birinchi Nyu-York otliq polkida oddiy askar sifatida jang­ga kirdi. Ammo bu bo‘z bolaning o‘z xomxayollari bilan vidolashishiga kemada o‘tgan bir necha oy kifoya qiladi. 1865 yili urush tugagach, uni armiyadan osongina haydab yuboradilar. O‘n sakkiz yashar yigitchaning nima qilishni bilmay boshi qotadi. Jozef olmon, frantsuz hamda venger tillarida ravon so‘zlardi-yu, ammo inglizchada oqsardi. Ing­liz tilini bilmay esa durustroq ish topish amrimahol edi. Kunlarning birida u o‘zining sevimli «Westliche Post» gazetasida Luiziana shtatining tamaki plantatsiyasiga ishchi kerakligi haqidagi xabarni o‘qiydi. Ishchilar u yerga Missisipi orqali yuborilar edi. Jozef pul topish umidida kemaga o‘tiradi. Lekin shahardan 50 kilometr uzoqlashganda kema kapitani endi ishchiga ehtiyoj yo‘q degan xabarni oladi. Yayov qaytishga majbur bo‘lgan alamzada Pulitser bu haqda «West­liche Post» gazetasiga achchiq kinoyali xat yozadi. Tahririyat yigitchaning maktubini e’lon qiladi. Bu — Jozefning gazetada chop etilgan birinchi «asari» edi.

PULISER MUKOFOTINI OLGAN MAShHUR INSONLAR

Prezident Jon Kennedi – biografiya (1957 yil).
Margaret Mitchell – “Shamollarda qolgan hislarim” asari (1937).
Sol Bellou – “Harton tuhfasi” asari (1976 yil).
Ernest Xeminguey – “Chol va dengiz” asari (1953 yil).
Edora Veltey – “Optimist qizi” (1973 yil).
Harper Li – “Maynaning o‘limi”(1961 yil).
Uilyam Folkner – “Masal”(1955 yil) va “Reyverlar”(1963 yil).
Toni Morrison – “Oshiq” asari (1988 yil).
Robert Frost – nazm.
Rojer Ebert – tanqid uchun.
Tennessi Uilyams – “Issiq temir tomdagi mushuk” pesasi (1955 yil).
Artur Miller – “Savdogarning o‘limi” pesasi (1949 yil).

Bo‘lajak «Amerika jurna­lis­tikasining Kolumbi» ne ishlarga qo‘l urmadi deysiz: podachi, ofitsiant, vokzalda yuk ortuvchi, hammol, advokat yordamchisi, xullas, tirikchilik toshdan qattiq deganlaridek, neki qora ish bo‘lmasin, u bariga ko‘naverdi. Shaharma-shahar ish qidiraverib, vabo avj olgan Sent-Luisga borib qoladi va aslahaxona boshlig‘i o‘rniga ishga joylashadi. Vabodan vafot etganlarni ko‘mish ham uning zimmasida edi. Ishdan so‘ng kutubxonadan qo‘shimcha ish olib, birvarakayiga qonunlar hamda ingliz tilini o‘rganadi. O‘sha kutubxonaning shaxmatxonasida uning yelkasiga omad qushi qo‘nadi. Pulitser ikki o‘yinchining yurishini kuzata turib, ular suhbatiga aralashadi. O‘yinchilardan biri olmon tilida chiquvchi «Westliche Post» gazetasining xo‘jayini Karl Shurts, ikkinchisi esa, uning muharriri Emil Pretorius edi. Yosh yigitchaning taqdirini uning shaxmat ishqibozlariga bergan birgina jo‘yali maslahati hal qildi-qo‘ydi. Ular Pulitserga gazetada muxbirlik lavozimini taklif qiladilar.

Yangi hayot

Orzularni ro‘yobga chiqarish uchun uy­g‘oning!
J. Pulitser

Avvaliga ingliz tilini yaxshi bilmagani va turli mish-mishlarni tekshirmay shoshqaloqlik qilgani uchun muharrirlardan ko‘p dakki yedi. Hamkasblari esa, bu daroz yigitga hazillashishdan sira o‘zlarini tiya olmasdilar. Biroq, bora-bora, ish uni tamoman egallab oldi, o‘z ustida tinimsiz ishladi, o‘qib-o‘rgandi. Ko‘p o‘tmay u har qanday axborotni qo‘lga kirita oladi degan olqishga sazovor bo‘ldi. «Hammaga taalluqli bo‘l­gan narsani jurnalistlardan bo‘lak hech kim sezmaydi», derdi Jozef o‘z muvaffaqiyati sirini ochar ekan. Uch yildan so‘ng chapdast jurnalist sifatida u Sent-Luisning e’tiborli jamoat arbobiga aylandi. 1869 yili uni hatto Missuri shtatining qonun chiqaruvchi majlisiga saylaydilar. Jozef «Westliche Post» gazetasida muxbirlik bilan bir vaqtda banklar va bank ishi bo‘yicha qo‘mita kotibi ham bo‘lib ishlaydi. 1870 yili qo‘mita raisi iste’foga chiqqach, kutilmaganda Pulitser ushbu lavozimga tayinlanadi. Shu yerda qonunga xilof ish tutishga to‘g‘ri keladi. Qo‘mita raisligiga 24 yoshdangina qo‘yilardi. Jozef esa, o‘sha paytda bor-yo‘g‘i 23 yoshda edi…

1871 yili Karl Shurts unga «Westliche Post«ning hammuassisi bo‘lishni taklif qiladi. Shu orada uni Cent-Luisning politsiya komissari etib tayinlashadi. Pulitser endi batamom siyosiy hayotga sho‘ng‘ib ketadi. 1872 yili prezident­lik kampaniyasida liberal-respublikachilardan Horas Gril nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq, u saylovda mag‘lub bo‘lgach, Pulitserning siyosiy faoliyati ham nihoyasiga yetadi. Garchi o‘shanda u Demokratlar partiyasiga qarshi chiqqan bo‘lsa-da, o‘zi umrining oxirigacha demokratligicha qoldi.

O‘zgalarning saylovida mag‘lubiyatga uchragach, u yana jurnalistikaga qaytdi. Lekin ke­yinroq «Westliche Post» unga torlik qilib qoldi. 1874 yili u gazeta aktsiyalarini sotib, Vashington tomon yo‘l oladi. Cent-Luis kutubxonasidagi izlanishlari zoe ketmay, u advokatlik qilish huquqi uchun imtihon topshiradi. Pulitser uch yil mobaynida advokatlik bilan birga, «The New York Times» gazetasida muxbirlik ham qiladi. Advokatlik uning moliyaviy sharoitini ancha tiklab, u vashingtonlik Keyt Devis ismli qizga uylanadi. Shundan so‘ng uning turmush tarzi mutlaqo boshqacha tus oldi. Bir vaqtlar Cent-Luisning xaroba ko‘chalarida darbadar izg‘igan «yahudiy tirrancha», endilikda Amerika grajdani, notiq, yozuvchi hamda ing­liz noan’anaviy jurnalis­tikasining asoschisi sifatida tan olinadi. U mahalliy zodagonlar muhitiga osongina moslashib, bashang kiyinadigan, xiyobonlarda ot o‘ynatib, ziyofatlardan zavq oladigan bo‘ldi. Biroq, bunday hayotdan bahra olish ko‘pga cho‘zilmadi. 1878 yili unga sinish arafasida turgan «Dispatch» hamda «Post» gazetalarini sotib olishni taklif qiladilar. Pulitser ikki gazetani birlashtirib, uni «St.Louis Post-Dispatch» deb nomlaydi.

Bir inson inqilobi

Voqelik orzuni barbod etishi mumkin. Nega endi orzu voqelikka barham bera olmas ekan?
J. Pulitser

Mana, endi o‘z orzusidagi gazetani yaratish imkoniyati tug‘ildi! Pulitser yeng shimarib astoydil ishga kirishadi. Bir vaqtning o‘zida ham xo‘ja­yin, ham muharrir, ham jurnalist­likni eplaydi. U o‘zining jurnalistik surishtiruvlarida siyosiy faoliyati davomida tanigan kishilarni fosh etdi, zo‘r g‘ayrat bilan barcha mahalliy siyosiy kampaniyalar hamda janjallarga aralashdi. «St.Louis Post-Dispatch» shaharning eng mashhur nashrlarini ham ortda qoldirib, jangovar gazetaga aylandi. Shu tariqa, jurnalistika sahnasida yana bir kuchli shaxs paydo bo‘ldi. «The New York World» gazetasining muharriri Jeyms Uayman Barrett o‘zining «Jozef Pulitser va uning olami» biografik asarida shunday yozadi: «U erta tongdan to yarim tungacha, ba’zan undan ham kechroq ishlab, gazetaning har bir harfi ustida bosh qotirardi».

BIR NEChA BOR MUKOFOTNI QO‘LGA KIRITGAN MAShHURLAR

Devid MakKallou (ikki marta) – biografiya.
Robert Frost (to‘rt marta) – nazm.
Margaret Liich (ikki marta) – tarix.
Yujin O‘Neil (to‘rt marta) – drama.
Edvard Olbi (uch marta) – drama.
Avgust Uilson (ikki marta) – drama.
Uilyam Folkner (ikki marta) – roman.
Norman Meyler (ikki marta) – roman
Jon Apdayk (ikki marta) – roman.
Bus Tarkington (ikki marta) – roman. (Ushbu nominatsiya nomi 1948 yili romandan belletristikaga o‘zgartirildi.)

Pulitser mushtariylarini ko‘paytirish maqsadida gazetani shov-shuvli tekshiruvlar, ayovsiz sharhlar bilan boyitdi. Jurnalistik surishtiruvlar, davlat korruptsiyasi, soliq nayrangbozlari hamda muttahamlarga qarshi tahririyat hujumlarini e’lon qildi. Bunday chaqin chiqishlar ayni o‘quvchilarning chanqog‘ini qondirib, natijada gazeta adadi hayratomuz darajada ko‘tarildi.

Biroq, kuniga yigirma soatli uzluksiz mehnat o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. O‘ttiz besh yoshida ko‘zi keskin xiralasha boshlagan Pulitserni faqat birgina qo‘rquv — gazeta o‘qiy olmaslik xavfi dam olishga majbur etardi. U 1883 yili xotini bilan doktor ko‘rsatmasiga ko‘ra Yevropa safariga otlanadi. Biroq, Nyu-Yorkka kelganida fikridan qaytib, moliyaviy tang ahvolda qolgan «The New York World» gazetasini sotib oladi. Sog‘lig‘i jiddiy xavf tug‘dirayotganiga qaramay, u «World»ning ishlariga ko‘milib ketadi. Barret bu holatni: «Bu bir Inson inqilobi edi», deya izohlaydi.

«Bu ulkan va rivojlanib borayotgan shaharda gazeta uchun… yorug‘, katta va chinakam demokratiyabop joy bor… u barcha qalloblik va riyokorlikni fosh etadi; tahqir va jaholatga qarshi kurashadi; oshkoralikka xizmat qiladi». (Jozef Pulitserning «The New York World» gazetasiga egalik huquqini qabul qilish paytida so‘zlagan nutqidan.)

Jozef Pulitser Nyu-York tabloidida (kichik formatdagi gazeta) ilk bor illyustratsiyalardan keng foydalanadi hamda davomli maqolalar e’lon qiladi, eng asosiysi, yangiliklarni yetkazishda tezkorlikni ta’minlashga muvaffaq bo‘ladi. Gazetaning birinchi sonidayoq 1 million dollar ziyon keltirgan Nyu-Jersidagi dahshatli to‘fon haqidagi maqola, qotillikda ayblangan kishining qatli oldidan olingan intervyu beriladi. Pulitser o‘z jurnalistlaridan «shov-shuv tashish»dan ko‘ra, uni yorita bilishni talab qilardi. Katta-katta harflar bilan yozilgan: «O‘lim nafasi», «Uoll-stritdagi terror» yoki «Kichkintoy Lizaning mahbubi» kabi sarlavhalar o‘quvchilar diqqatini tortadi. Pulitserning sharofati bilan «World» bosh sahifada muntazam siyosiy karikaturalar e’lon qiluvchi birinchi gazetaga aylanadi. U o‘rta qatlamni qamrab olgan ommabop gazeta edi. Qolaversa, Pulitser asos solgan bu yangi usul keyinroq «yangi jurnalizm» nomini oldi. O‘n yil o‘tgach, «The New York World» mamlakatdagi eng katta — 600000dan ortiq nusxada chiquvchi gazetaga aylandi.

Pulitser o‘z jurnalistlari bilan «salib yurishlari»(reportaj janrida yozilgan tahririyat tekshiruvlari)ni tashkil etadi. Bunday «salib yurishlari»ning eng yorqin namunasi Nelli Blayning Nyu-York ruhiy kasalliklar shifoxonasi haqida yozgan maqolasi bo‘ldi. Shifoxonaga kirib olish uchun jurnalist o‘zini shunchalik jinnilikka soladiki, uni tekshirgan besh shifokordan to‘rttasi «shizofreniya» tashxisini qo‘yadi. Bir necha haftada «sog‘ayib ketgan» Nellining shifoxonadagi haqiqiy holat tasvirlangan reportaji «World»da bosiladi. Jumladan, unda kasallar sovuq xonalarda muolaja qilinishi, yeb-ichishning tayini yo‘qligi, ularga shafqatsiz munosabatda bo‘lishlari bayon etiladi. Bu maqoladan keyin meriya(hokimiyat) shifoxonani qayta jihozlab berdi. «Salib yurishlari» haqida Pulitser shunday deydi: «Aynan mavhumlik ortida jinoyat ildiz otadi. Uni yuzaga chiqaring, yozing, matbuotda e’lon qiling. Ertami-kechmi, jamoatchilik fikri o‘zining poklovchi ta’sirini ko‘rsatadi».

«Ozodlik» homiysi

O‘zingiz yaxshi ko‘rgan narsaga ega bo‘lishga harakat qiling, yo‘qsa, ega bo‘lgan narsangizni yaxshi ko‘rishga majbur bo‘lasiz.
Pulitser

Frantsiyadan Amerikaga keltirishning imkoni topilmayotgan, bugun «Ozodlik» nomi bilan jahonga dong taratgan haykalning dastlabki tavsifi ham «World» gazetasida birinchi bo‘lib o‘z aksini topdi. Nyu-Yorkning mashhur timsoli bo‘lmish Ozodlik haykali aynan Pulitserning sa’y-harakati bilan shahar bandargohida qad rostladi. Ushbu haykalni o‘rnatish unchalik ommabop g‘oya emasdi, shu bois, hukumat uni moliyalashtirishni rad etadi. Shunda Pulitser hammani ayovsiz tanqid ostiga oladi: siyosatchilarni subsidiyadan bosh tortganlikda, boylarni pul bermaganlikda, tub aholini esa, birovlarga orqa qilishga o‘rganib qolganlikda ayblaydi. Zarur mablag‘ni yig‘ish uchun ommaviy obunani yo‘lga qo‘yadi va ikki oy ichida kampaniyaning «Ozodlik haykalini qurish fondi» qurilishga kerakli yuz ming dollarni to‘playdi. Haykalni shaxsan AQSh prezidentining o‘zi ochadi…

Pulitser ixtirolaridan biri — Ozodlik haykali atrofidagi mo‘jizaviy yorug‘lik gardishi bugun ham yog‘du taratmoqda.

«Sariq matbuot» otasi

Ijtimoiy hayotda eng katta ma’naviy kuch va omil oshkoralik, oshkoralik va yana oshkoralikdir!
Bu fikr ham Jozef Pulitserniki.

Pulitser «The New York World» gazetasini sotib olganida uning adadi 15000 nusxadan ortmagan edi. O‘n besh yil o‘tgach, 1898 yili uning tiraji 1 millionga yetdi. «St.Louis Post-Dispatch» hamda «The New York World» unga 20 million dollar miqdorida (bugungi hisobda 3 milliard) daromad keltirdi.

QIZIQ MA’LUMOTLAR

1917 yili Herbert Bayyard Svop “The New York World” gazetasida bosilgan maqolasi uchun mukofotning birinchi sohibi bo‘lgan.
Edit Varton o‘zining “Bokiralik yoshi” asari uchun 1921 yili mukofotni qo‘lga kiritgan birinchi ayol bo‘ldi.
1941 yili Ernest Hemingueyning “Qo‘ng‘iroq kim uchun chalinadi” asariga mukofot berishdan bosh tortgan qo‘mita 1953 yili uning “Chol va dengiz” nomli qissasini munosib taqdirladi.
“Nyu-York Tayms” gazetasi 1918 yildan buyon 98 marta Pulitser mukofotiga munosib deb topilgan.

Ammo uning muvaffaqiyatlari hammaga ham manzur bo‘lavermadi. Raqiblari uning biroz tanobini tortib qo‘yish uchun har narsaga tayyor edilar. Bunday zarbalar o‘z kuchini ko‘rsatib, uning sog‘ligiga ta’sir etadi. U 1890 yili 43 yoshida «World»ning muharrirligidan voz kechishga majbur bo‘ladi va tahririyatga boshqa qaytmaydi.

U dunyoning eng yaxshi shifoxonalarida davolansa-da, bu hech qanday naf bermadi. Birovning ko‘magisiz bir qadam ham tashlolmay qoldi. Ustiga-ustak, shovqinga o‘ta sezgirlik kasaliga mubtalo bo‘ladi. Jangovar jurnalistning so‘nggi yigirma yillik umri Nyu-Yorkda joylashgan hovlisining tovush o‘tkazmaydigan bunkeri va «Ozodlik» nomli yaxtasida o‘tdi.

Shunga qaramay, u masofadan turib o‘z nashrlarining ham tahririy, ham tijoriy ishlarini boshqarishni uddaladi. 1896 yili Pulitser va Uilyam Rendolf Hyorst adad borasida qizg‘in raqobatlashadi. Kuchli sarlavhalar, olamshumul yangiliklar, shov-shuv ko‘taruvchi xabarlar, illyustratsiyalardan foydalanish orqali ishchilar hamda muhojirlar e’tiborini jalb etishga qattiq kirishadi. Gazeta kulgili ilovalarga katta e’tibor qaratadi. 1895 yili multiplikator Richard F.Autkolt (1863 — 1928) chizgan rangli «Sariq bola» nomli multiplikatsiya to‘la sahifada chop etiladi. Lekin o‘shanda bu nomning «sariq matbuot»ga hech qanday daxli yo‘q edi. 1898 yili Pulitser tez ishlovchi rangli bosma mashinasini sotib oladi va o‘z davri uchun tasvir orqali ta’sir etuvchi yagona gazeta yaratadi. Adad ustidagi jangda Pulitserga qaltis bir harakat xalal berdi: Autkolt Hyorstning nashrlaridan biri bo‘lgan «The New York Journal»ga o‘tib ketadi.

1898 yili Pulitser ham, Hyorst ham o‘z gazetalarining kuchini ko‘rsatishga kirishadilar. 16 fevralda Amerikaning «Mayn» nomli harbiy kemasi noma’lum sabablarga ko‘ra portlab, Havana bandargohida g‘arq bo‘lgach, ularning har ikkisi «kimo‘zarga» Ispaniyaga qarshi maqolalar bera boshlaydilar. «World» prezident Mak Kinliyga urush ochish to‘g‘risidagi da’vo bilan murojaat qiladi. Kongressmenlar gazetadagi bu taxlit e’tirozlarni inobatga oladilar. To‘rt oylik natijasiz urushdan so‘ng ularning har ikkovi «sariq matbuot»chilikda ayblanadi va Pulitser o‘z kontseptsiyasidan voz kechishga qaror qiladi. Endilikda «World» material uzatishda o‘zini cheklaydi va Demokratlar partiyasi manfaatlarini yoqlab chiqadi.

Garchi Pulitser «sariq matbuot»ga qo‘l siltagan bo‘lsa-da, «World» 1909 yildagi tekshiruvlari bilan jamoatchilik hurmatini qayta qozonadi. Gazeta Frantsiya kompaniyasining Panama kanaliga AQSh hukumati tomonidan to‘langan noqonuniy 40 million dollar haqidagi xabarni e’lon qiladi. Federal hukumat «World»ni prezident Teodor Ruzvelt hamda bankir J.P.Morganga tuhmatda ayblamoqchi bo‘ladi. Biroq, sud ayblov da’vosini bekor deb topadi.

Pulitser 1911 yilning 29 oktyabrida o‘z yaxtasida yurak xurujidan vafot etadi. O‘limidan oldin u qaysidir ma’noda kasbiy vasiyatini yozdirib qo‘yadi: «Faqat katta mas’uliyatgina jurnalistikani jamoatchilik manfaatiga zid keluvchi, muayyan sinflarning shaxsiy maqsadlariga qaram bo‘lib qolishdan qutqaradi».

O‘limdan keyingi hayot

Men jurnalistikaning yuksalishi hamda taraqqiyoti tarafdoriman, umrimni jurnalistikaga bag‘ishladim. Shuni ishonch bilan ayta olamanki, u kishilar ma’naviyati va dunyoqarashiga ta’sir etuvchi ezgu hamda beqiyos soha. Niyatim — layoqati va qobiliyati bo‘lgan yoshlarni bu kasbga tortish, ozmi-ko‘pmi, o‘zini bu yo‘lda sinab ko‘rganlarga ma’nan yuksak hamda zakiy ta’lim olishlarida ko‘mak berishdir.
Jozef PULITSER

1904 yili Pulitser o‘z vasiyatida 2 million dollarni Kolumbiya universitetiga xatlab beradi. Media-magnat bu pullarning to‘rtdan uch qismi oliy jurnalistika maktabini tashkil qilishga sarflanishini, qolgan qismi esa, Amerika jurnalistlari uchun maxsus mukofot ta’sis etishga yo‘naltirilishini istaydi. Bu bilan u dinamit ixtirochisi Alfred B.Nobel (1833 — 1896) yo‘lini tutadi.

U yoshlar yuragida uchqunlayotgan istak, ishtiyoq professional darajada shakllana olishi uchun zamin yaratib ketdi. Kolumbiyadagi jurnalistika maktabi Pulitser vafotidan bir yil o‘tgach, tashkil qilindi. Ushbu maktab bugungi kunda ham jurnalistlar tayyorlovchi eng yaxshi markaz sanaladi. U yaratgan Fond hisobiga 1917 yili maxsus qo‘mita boshchiligida Pulitser mukofoti ta’sis etildi. Pulitser o‘z vasiyatida mukofotni qanday taqdim qilinish tartibini batafsil tavsiflagan. Xususan, har yili jurnalistika hamda adabiyotning to‘rt yo‘nalishi, ta’lim sohasining bir yo‘nalishi bo‘yicha mukofot berishlarini so‘raydi. Uning xohishiga ko‘ra, eng yaxshi roman, drama, AQSh tarixiga bag‘ishlangan kitob va biografiyalarga alohida mukofot belgilandi. Ushbu ro‘yxatga qo‘shimcha yoki o‘zgartirish kiritishni qo‘mita kengashi a’zolarining hukmiga havola etadi.

1922 yildan ular qatoriga eng yaxshi karikatura, 1942 yildan esa, eng yaxshi fotosurat uchun (keyinroq u ikkiga: yangilik hamda badiiy fotosurat yo‘nalishlariga ajraldi) nominatsiyalari ham qo‘shildi.

Bugun Pulitser mukofoti nominatsiyalari soni yigirma bittaga yetdi. Hozirda ushbu mukofotning nufuzi baland. Har yili qariyb uch mingga yaqin da’vogar mukofot uchun kurashadi. Ishtirokchilar yil davomida AQShning kundalik, yakshanbalik, hech bo‘lmaganda, haftalik nashrlarida o‘z materiallarini e’lon qilgan bo‘lishlari lozim. Mart oyining boshida 77 muharrir, noshir, yozuvchi hamda pedagog ishtirokchilarni jurnalistikaning 14 kategoriyasi bo‘yicha saralash uchun Kolumbiyadagi jurnalistika maktabiga yig‘iladi. Garchi mukofotning qimmati, bor-yo‘g‘i, 10000 dollarni tashkil etsa-da, uni qo‘lga kiritish uchun katta kurash ketadi. Ayniqsa, «Jamoatchilik xizmati uchun» nominatsiyasi g‘olibiga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu yo‘nalish sovrindori oltin medal bilan ham taqdirlanadi. Mukofot rasman aprel oyida Kolumbiya universiteti prezidenti tomonidan taqdim etiladi. Ushbu sana Pulitserning xohishiga ko‘ra tanlangan. Mukofotning asosiy maqsad va vazifasi — Amerika ijodiy ishlarini dunyo hukmiga havola qilish.

Mana, 130 yildan ziyodroq Jozef Pulitser matbuot sohasida yo‘lga qo‘ygan o‘ziga xos usul jahon jurnalistikasida keng qo‘llanib kelinmoqda. «Sariq jurnalistika» nomi bilan millionlar e’tiborini tortgan media-magnat asli shunchaki havoyi «sariq» shuhratdan yiroq edi. U «sariq matbuot»ni bugun bizning tasavvurimizdagi yengil-elpi mavzular, oldi-qochdi ma’lumotlar, axboriy chiqindilar bilan emas, balki xalq manfaatiga xizmat qiluvchi, jamoatchilik fikrini o‘rganuvchi, oshkoralikni himoya etuvchi, adolat va haqiqatni yoqlovchi, jaholatga qarshi kurashuvchi chiqishlar bilan boyitdi. U boshlagan xayrli ish — jurnalistika, adabiyot, ta’lim, musiqa jabhasida ta’sis etilgan mukofot, mana, bir
asrdirki, mamlakatning eng yaxshi madaniy yutuqlarini saralabgina qolmay, ularni beminnat rag‘batlantirib ham kelmoqda.

Yangi ish boshlash oldidan «Amerika ochishga urinish» degan kinoyali qochiriqni tez-tez qo‘llaymiz. Mazmuni hammaga tushunarli… Ammo Amerikani dunyoga qayta tanitgan, sohada yangi yo‘nalishga asos solgan Jozef Pulitser kabi siymolarga nisbatan ushbu iborani o‘z ma’nosida ham baralla aytish mumkin!

Zabarjad Bobojonova
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.