Xidiraliyev Inomjon

(1891 yil 23 fevral, Namangan uyezdi Pop volostidagi Iskovat qishlog‘i – 1928 yil 31 dekabr, Moskva)

Davlat va jamoat arbobi, diplomat. 1903-1905 yillarda Popdagi, 1906-07 yillarda Qo‘qondagi rus-tuzem maktabida o‘qidi. 1909-1917 yillarda O‘sh va Jalolobod shaharlarida Bozorqo‘rg‘on va Qo‘rg‘ontepadagi pristavlarda kotiblarda kotiblik va tilmochlik qildi. 1917 yil noyabrida uni O‘sh shahar dumasiga a’zo qilib saylashadi.

I. Xidiraliyev 1919 yildan turli sovet idoralarida mas’ul lavozimlarda ishladi: Farg‘ona viloyati partiya qo‘mitasining kotibi (1920-21), Turkiston ASSR Yer ishlari xalq komissari (1922), Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Komiteti (MIK) raisi (1922-24). RSFSR Yer ishlari, federal komiteti Prezidiumi a’zosi (1923-24). Turkiston ASSRning RSFSRdagi muxtor vakili (1924 yil yanvar – noyabr). I. Xidiraliyev Turkiston respublikasi manfaatlarini himoya qilib, bolsheviklarning shovinistik siyosatiga qarshi kurashdi. Turkistondagi istiqlolchilik harakatiga xayrixohlik bilan qaradi. U “o‘n sakkizlar guruhi”ning tashkilotchilaridan biri edi (1925). Er ishlari xalq komissari (1925) sifatida I. Xidiraliyev O‘zbekistonda yer-suv islohotini amalga oshirishda faol qatnashdi. Paxtakor dehqonlarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish tarafdori bo‘lgan. 1926 yilda u O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi banki pravleniya raisi lavozimida ishladi.

I. Xidiraliyev O‘zbekistonda yer-suv islohatini amalga oshirishda xalq komissari sifatida faol qatnashdi. U bolsheviklar tomonidan o‘tkazilayotgan “quloqlarni sinf sifatida tugatish” siyosatiga qarshi chiqqan edi. Paxtakor dehqonlarni iqtisodiy jihatdan himoya qilishda jonbozlik ko‘rsatdi.

Biroq mustabid tuzumning unga o‘tkazgan ruhiy tazyiqlari va doimiy ta’qib ostiga olishlari ta’sir qilmasdan qolmadi. I. Xidiraliyev 1928 yil Moskvadagi “Natsional” mehmonxonasida o‘z joniga suiqasd qildi. Moskvaning Vagankovo qabristonida dafn etilgan. I. Xidiraliyev vafotidan keyin, 1937 yildagi ommaviy repressiya davrida “xalq dushmani” sifatida qoralangan edi. Andijondagi ko‘cha, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi maktabga I. Xidiraliyev nomi berilgan.