(?-1918 yillar)
(1910-1918)
Xiva xoni. Qo‘ng‘irotlardan. 1910 yil otasi Muhammad Rahimxon II vafotidan so‘ng rus podsho hukumatining yordami bilan taxtga chiqdi. 1910, 1914 yillarda Peterburgda bo‘ldi. Asfandiyorxon davrida ma’rifatparvar vazir Islomxo‘ja tashabbusi bilan Vxiva va boshqa shaharlarda pochta-telegraf, kasalxona, ikki madrasa va yangi tipdagi maktablar, xatto rus maktablari qurildi. Asfandiyorxon Islomxo‘jani xazinadagi mablag‘ni behuda sovurishda ayblab qatl etdi (1913 yil), butun yerlarni qayta o‘lchatib, mehnatkash xalqqa og‘ir soliqlar soldi. Uning zulmiga qarshi 1915 yil Mang‘itda, 1916 yil yanvarda Xo‘jaylida xalq chiqiqshlari bo‘lib o‘tdi. 1905-1907 yillarda tashkil topgan “Yosh xivaliklar” tashkiloti 1917 yil fevral inqilobidan so‘ng oshkora ish boshladi. Bu tashkilot 1917 yil 5-aprelda xonni burjua islohoti o‘tkazish haqidagi manifestga qo‘l qo‘yishga majbur etd.
Shu tariqa xon boshliq konstitutsion monarxiya tuzildi. Davlatni idora etuvchi “Idorai mashvarat” tashkil topdi. Lekin islohot mehnatkashlar ahvolini yaxshilamadi. Asfandiyorxon ko‘p o‘tmay “Idorai mashvarat”ni tarqatib, yana mustabid hokimiyat o‘rnatdi. Asfandiyorxon 1918 yil 22-yanvarda yuqori martabali amaldorlar va din ahllari ishtirokida davlatni birga boshqarish hamda bolsheviklarga qarshi kurashish uchun Junaidxon bilan Xivada muzokara olib bordi. Natijada Asfandiyorxon Junaidxonni qo‘shin boshlig‘i (sardori karim) etib tayinlanib, hokimiyatni unga topshirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Junaidxon hokimiyatni butunlay qo‘lga olish uchun Asfandiyorxonni yashirin ravishda o‘ldirtirdi. Junaidxon taxtga o‘z ta’siridagi Sayid Abdullaxonni o‘tqazdi.