Odiljon Ja’farov. Chuguchaklik o‘zbeklar

Tarixiy hujjatlarda ko‘rsatilishicha, o‘zbeklar Sharqiy Turkistonning shimoliy qismiga, asosan chegaraga yaqin Chuguchak shahriga 1850 yildan kela boshlashgan. Hozirgi Chuguchak shahri o‘rnida qadimda olis safarga chiqqan savdo karvonlari dam oladigan qo‘rg‘on bekat bo‘lgan. Qorasuv bo‘ylaridagi bu ko‘rg‘on atrofida Toshkent, Samarqand, Marg‘ilon, Qashqardan kelgan savdogarlar o‘tov tikib, tijorat qilishar edi. Keyinchalik ularga qishin-yozin turadigan joy kerak bo‘ldi va Tarbag‘atoy amiridan 200 arshin yerga ruxsat olib, do‘kon, saroy va turar joylar qura boshlashdi.
1851 yili Chuguchakda “Rus savdo faktoriyasi” ochildi, Rusiya konsulxonasi ishlay boshladi. O‘zbeklar, tatarlar, ruslar Rusiya savdogarlari sifatida faoliyat olib borishdi. Dastlab toshkentlik savdogar Ibrohim Amirov Chuguchakka borib, choy savdosi bilan shug‘ullangan va har yili 15 ming kumush rublga teng mikdorda choy sotgan. Marg‘ilonlik Hoji Umar Chuguchakdagi savdo firmasiga rus tilini yaxshi biladigan jiyani Toji Usmonboyni ish boshqaruvchi qilib qo‘yadi. Ular Rusiyadan sanoat mahsulotlarini olib kelishadi, Rusiyaga esa qoramol, qo‘y, teri, jun jo‘natishadi. Ularning yillik tijorat moli 500 ming oltin rublga teng bo‘lgan.
1880 yili marg‘ilonlik Mansurjonboy Urumchida «Chili» savdo firmasini ochadi. U Turfondan paxta, teri sotib olib, Rusiyaga jo‘natar edi. Uning sarmoyasi 700 ming oltin rublga yetgan. 1881 yili qo‘qonlik o‘zbeklar Raimjonboy va Mirsolihboylar Tarbag‘atoyga kelib, “Dixi” tijorat firmasini ochishadi. Ular Rusiya mollarini keltirib, bu yerdan jun, teri, paxta, qo‘y va qoramol olib ketishni tashkil qilishadi. Keyinchalik Mirsolihboy xitoy tilini yaxshi biladigan yordamchisi G‘oziboy bilan tijorat ishlarini kengaytirib, Turfon, Urumchi va Tarbag‘atoyda ko‘p yerlarni, saroy, uy va yaylovlarni sotib oladi. Chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi va har bir shaharda savdo do‘konlari ochib, mol-mulkini bir million Rusiya oltin rubliga yetkazadi.
1883 yili toshkentlik Xonbobo (Xonbuva) qarindoshlari Azizxoja, Samug‘jon va Aminjonboylarni Tarbag‘atoyga yuborib, “Doshing” firmasini ochadi va o‘zi Maskovdan sanoat tovarlari yuborib turadi. Shu vaqtda Aminjonboy Chuguchakda, Azizhoji va Samug‘jon Urumchida savdo ishlarini yuritadi. Keyinchalik Samug‘jonboy ajralib, “Movshin” firmasini qurdi va Azizhoji bilan raqobatlasha boshladi. Azizhoji Urumchida ishxona qurib, sotib olgan qo‘y yunglarini yuvdirib-toylab, Maskovga jo‘natar edi. Uning mablag‘i bir yarim million oltin rublga yetgan edi.
Aminjonboy ham ishiga pishiq odam bo‘lgan. U yuborgan mollar Maskovda yaxshi qabul qilinib, yuqori baholanar edi. Rus savdogarlari va zavod egalari uni hurmat qilishardi. Aminjonboy bundan foydalanib, boshqalarning ham hojatini chiqarardi. Uning tavsiyasi bilan Maskov zavodlaridan nasiyaga xohlaganicha mol olish mumkin edi. Shuning uchun Chuguchakka kelgan o‘zbeklar avval uni yo‘qlab, yordam olishar edi.
Toshkentlik Abduqodir buva Badalboyev, Ilhom hoji, Mirrashid hoji, Mirtoji hoji, Parpiboy, G‘ulomboy, Solihboy, Abduazimboy, Imomjon qozi, Yo‘ldosh hoji, Qodir hoji, To‘lagan, Zaynitdin xo‘ja, Mahmudxo‘ja, Obid va Orifxo‘jalar, marg‘ilonlik Orifhoji, Abduhakimboy, Raimjon va Rafiqjon kabi ko‘pgina savdogar o‘zbeklar 1900 yildan ilgari Chuguchakda turg‘un bo‘lib qolishgan. Ularning ishlari rivoj topib, hovli-joy qilib, o‘rnashib olganlaridan keyin o‘zlarining qarindosh-urug‘lari, tanish birodarlarini, hunarmandlarni va farzandlarini o‘qitish uchun muallimlarni taklif qila boshlashgan. Natijada 1900—1920 yillar orasida bir necha yuzlab o‘zbek Chuguchakda muqim bo‘lib qoldi.
Ular qatori buvalarimiz Shoakbar Shorustamboy o‘g‘li, Abdusalom, usta Shukur, Shosaidlar ham Chuguchakka borib, omadlarini sinab ko‘rishgan. Ishlari tezda rivoj topib, boyib ketishgan. 1906 yili buvam Orifjon Ja’far o‘g‘li Chuguchakda kichik qandolatchilik ishxonasi tashkil qiladi va parvarda, novvot, pashmak kabi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.
Shunday qilib, bir zamonlar “Jung‘oriya” deb nomlangan o‘lkaning Chuguchak shahrida “o‘zbeklar qatlami” vujudga keladi. Bu uyushmani Toshxo‘ja eshon va Hasan oqsoqollar boshqaradi. Ular orqali esa savdogarlar Rusiya konsuliga bog‘lanishar edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda o‘zbek savdogarlari bir tarafdan Maskov, Peterburg, Olmoniya va Xitoyning g‘arbiy o‘lkalarigacha, janubda Hindiston, Afg‘oniston, Arabistongacha borib, tijorat ishlarini yurgizishgan ekan. Bundan yuz-yuz ellik yillar ilgari ham o‘zbeklar orasidan haqiqiy ishbilarmonlar yetishib chiqqan va ular hozirgi mashhur savdogarlardan qolishmagan.
O‘zbeklarning Sharqiy Turkistonga ko‘chishlari O‘ktabr to‘ntarishi davrida va undan keyin ham davom etib turdi. Bu davrda Chuguchakka borganlar asosan o‘ziga to‘q oilalar, kommunistik tuzum qatag‘onidan jon olib qochgan ziyolilar va ulamolar edi. Ayniqsa, yigirmanchi yillar oxiri va o‘ttizinchi yillar boshida Stalin siyosati tufayli sodir bo‘lgan ocharchilikdan qochib necha minglab qozoq, tatar, o‘zbek Sharqiy Turkistonga o‘tib ketishdi. Bu yetmaganidek 30-yillar oxirida Stalin siyosiy qatag‘on boshladi, millatning ongli qatlami qamaldi, otildi yoki uzoq muddatga surgun qilindi. Shu davrlarda Chuguchakdagi qarindoshlarini orqa qilib borgan o‘zbeklar anchagina. Lekin sovetlarning «uzun qo‘li» bu yerga ham yetib, qanchadan-qancha begunoh odamlarni qirg‘in qildi.
Chuguchaklik o‘zbeklarning ma’naviy va madaniy hayotini, turmush tarzini alohida-ajratib o‘rganib bo‘lmaydi, chunki u yerda bir necha turkiy xalqlar — tatarlar, uyg‘urlar, qozoqlar, o‘zbeklar aralashib yashashgan. Shahar aholisining yetmish foizini musulmonlar tashkil qilgan. Bir asr davomida aralashib yashash tufayli tillari ham chatishib “o‘rta turkiy til” paydo bo‘lgan va bu tilda hamma bir-birini bemalol tushungan.
Nafaqat tili, balki urf-odati, madaniyati, ma’naviyati, adabiyoti ham bir-biriga singib ketgan. O‘zbeklar tatar adibi Abdulla To‘qayning she’rlarini yod bilishsa, tatar, uyg‘ur va qozoqlar Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» asarini sevib o‘qishgan. To‘ylarda o‘zbek ashulalari, tatar jirlari, qozoq o‘lanlari va uyg‘ur naxshilari ketma-ket aytila bergan. O‘zbek ayollari uyg‘urlardan lag‘mon, manti, mampar, qozoqlardan beshbarmoq kabi taomlarni tayyorlashni o‘rganib olishgan bo‘lsa, ularning to‘yu ziyofatlari o‘zbek palovi va norinisiz o‘tmas edi. Uzoq qish kechalari o‘zbeklar, tatarlar, uyg‘urlar gap-gashtak uyushtirib, qirdagi qozoq birodarlarini mehmonga taklif qilishar, yozda esa ular tog‘dagi yaylovlarga chiqib, qozoq o‘tovlarida qimizxo‘rlik qilishar edi.
Shahar aholisining ko‘pi islomiy tarbiyaga amal qiladigan halol, pok, sof vijdonli, to‘g‘riso‘z, muruvvatli, halol va haromni bilgan, ilm-ma’rifatli kishilar edi. Bunga sabab, bir tarafdan, Chuguchakda turkiy xalqlarning madaniyatli qatlami to‘plangani bo‘lsa, ikkinchidan u yerda Islom ilmining bilimdonlari, yetuk ulamolar yig‘ilgan edi. Ayniqsa, tatarlar ichida o‘qimishli, ziyoli odamlar ko‘p bo‘lgan va ular shaharning ma’naviy-madaniy hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishgan.
Ana shunday olimlardan ayrimlarini eslab o‘taman: 1. Shayx Mir Odil Makkiy. U asli qozonlik, Makkada mudarrislik qilgan, Chuguchakka borib turg‘un bo‘lib qolgan. 2. Hodi Mir Abdulloh Muftiy. Bu kishi ham Makkada mudarrislik qilgan, keyinchalik vatanga qaytib kelganida ruslarning siyosatidan norozi bo‘lib, Chuguchakka ko‘chgan. 3. Eshon Said. Uni asli bag‘dodlik deyishadi. Chuguchakka borib turkiy xalqlar orasida, ayniqsa, mahalliy qozoqlar orasida Islomni yoyishda ko‘p ishlar qilgan. Chuguchakdagi ajoyib me’moriy yodgorlik— «Qizil masjid»ni qurishga boshchilik qilgan va uzoq yillar shu masjidda imom bo‘lgan. 4. Saidkamol domla, asli toshkentlik, yoshligida Eshon Boboxon bilan bir madrasada ta’lim olgan yetuk Islom olimi, yoshlarga Qur’on va hadis, Islom tarixidan dars bergan, chuguchakliklarning ma’naviy hayotini boshqaruvchi oqsoqollar kengashini tuzishda faol qatnashgan. 5. Qurbong‘ali Hazrat 1874 yili tatar boylari taklifi bilan Chuguchakka ko‘chib keladi. U din olimi, yetuk tarixchi edi. “Tavorixi jaridai jadid” va “Tavorixi xamsai sharqiya” kabi asarlari ma’lum. 6. Umar Abdullin. 1910 yili Chuguchakda dunyoviy fanlar o‘qitadigan gimnaziya ochdi va mahalliy yoshlar savodini chiqarishda faol qatnashdi. U ochgan gimnaziyaga keyinchalik «Umariya» nomi berilgan. 7. Gulandomxonim Habibullina. Bu ma’rifatparvar ayol 1911 yildan boshlab chuguchaklik ayol-qizlarni dunyoviy fanlarga o‘qita boshlaydi va 1925 yilda ikkita gimnaziya ochib, biriga “Gulandomiya”, ikkinchisiga “Maqsudiya” deb nom beradi. Qirq yil muallimalik qilib, juda ko‘p ayol-qizlarga ta’lim bergan. Onamiz Mehriniso Shoakbar qizi boshlang‘ich ta’limni Gulandomxonimdan olganlarini faxr bilan eslaydilar. Ana shu ma’rifatparvar insonlar tufayli Chuguchakda ko‘plab ziyolilar, muallimlar, madaniyat xodimlari yetishib chiqishdi.
Padari buzrukvorimiz Karimjon Orifjon o‘g‘li o‘zbeklardan chiqqan birinchi o‘qituvchilardan bo‘lib, uzoq yillar “Umariya” maktabida o‘zbek, tatar, uyg‘ur, qozoq yoshlariga ta’lim berganlar.
Miryusuf Ilhomhoji o‘g‘li Chuguchakda birinchi teatr ochib, mahalliy xalqlar madaniyatini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi.
Bular kabi madaniyatli, ma’rifatli ziyolilarni ko‘plab sanash mumkin. Nafaqat ziyolilar, balki shaharning boy-badavlat kishilari ham ilg‘or fikrli ma’rifatparvarlar bo‘lishgan. “Turon”, “Gulandomiya”, “Hasaniya”, “Namuna”, “Maqsudiya”, “Umariya”, “Mahmud Qoshg‘ariy” maktab va gimnaziyalari, ming o‘rinli shahar klubi va bog‘i, elektrstansava boshqalar o‘sha ma’rifatparvar boylar mablag‘iga qurilgan.

«Hidoyat» jurnalining 2008-yil 9-sonidan olindi.