Nasimxon Rahmonov. Qora kvadratdagi odam

Mashhur rassom Kazimir Malevichning “Qora kvadrat” asari XX asrning miflashtirilgan va hanuzgacha turli talqinlarga sabab bo‘lib kelayotgan buyuk tasviriy san’atidir. “Qora kvadrat”ni maqolamiz avvalida tilga olishimizga sabab shuki, uning turlicha talqinlari maqolamiz ob’ekti bo‘lgan boshqa millatga mansub ma’rifatli bir shaxs haqidagi turli talqinlardir. Boshqa millat vakilining o‘zga biron xalq adabiyotiga yoki ilm-faniga qo‘shgan hissasini anglab yetganimizda, o‘sha begona millat vakiliga hurmatimiz va muhabbatimiz ortishi tabiiy. Jumladan, shu o‘rinda rus olimlari V.V.Bartoldning O‘rta Osiyo tarixi va qo‘lyozma manbalarini o‘rganishdagi tengsiz ishlarini, Ye.E.Bertelsning Sharq mumtoz adabiyot borasida amalga oshirgan sermahsul, chuqur tadqiqotlarini eslash kifoya. Shubhasiz, bu olimlar yaratgan tadqiqotlarga yaqin bir asrdan beri murojaat etib kelamiz. Ammo ba’zan ehtiroslarga berilgan holda, ularni qoralaymiz. Sababi – ular bosqinchi, O‘rta Osiyoga bostirib kelganlar, O‘rta Osiyo madaniyatini, tarixini soxtalashtirgan emishlar. Mayli, kim soxtalashtirgan, kim bor haqiqatni ro‘y-rost ko‘rsatgan – bu  haqda o‘rni kelganda aytilar. Bunday nojoiz gaplar faqat bizda emas, boshqa mamlakatlarda ham bo‘lgan, chamasi. Amerikalik fantast yozuvchi Ayzek Azimovning quyidagi gapi aynan biz o‘rtaga tashlayotgan bahs va vaziyatga mos ekanini alohida ta’kidlamoqchimiz: “Parhezkorlarning birinchi qoidasi: agar qandaydir taom lazzatli bo‘lsa, demak, biz uchun o‘sha taom zararli”.

Ehtiros, xuddi parhezkorlarning o‘zlari to‘qib chiqargan qoidalari singari, ilm ahli uchun faqat zarar keltiradi. Yuqorida nomlari aytib o‘tilgan va aytilmagan jahonshumul olimlar, ziyolilar qatorida Nikolay Petrovich Ostroumovning nomi ham e’tibordan chetda qolib keldi. Biz uni ko‘klarga ko‘tarib, sha’niga madhiyabozik qilish maqsadidan uzoqmiz. Ostroumovning nomi yaqin 130 yildan beri Turkiston ziyolilariga ma’lum. U “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri sifatida Turkiston xalqlariga ma’rifat ulashish uchun ko‘p mehnat qilgan. Faqat shugina emas, N.Ostroumov ayni paytda adabiyotshunos, folklorshunos va etnograf sifatida ham diqqatga sazovor ishlarni amalga oshirgan. Turkiston o‘lkasida istiqomat qiluvchi o‘zbek, qozoq, qirg‘iz xalqlarining uzoq asrlik badiiy tafakkuri mahsuli bo‘lgan xalq og‘zaki ijodining turli janrlariga mansub asarlarni, etnografiyaga oid materiallarni yozib oluvchi, to‘plovchi fidoyi folklorshunos va etnograf sifatida o‘z xizmatlarini ko‘rsata oldi. Ostroumovning O‘zbekiston Markaziy arxividagi biz o‘rganayotgan boy fondida saqlanuvchi turli janrga oid materiallar da’volarimizga dalil bo‘la oladi. N.P.Ostroumov arab, fors tillarini, arabcha xatni va o‘zbek, qozoq tillarini juda yaxshi bilgan, o‘zbek adabiy tilinigina emas, balki o‘zbek shevalarini ham mukammal o‘zlashtirgan tilshunos ekani u yozib olgan folklor materiallarida aniq namoyon bo‘ladi. Ostroumovning bu fazilatlari, tabiiyki, o‘z davrida boshqa sharqshunoslar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.

Barcha xalqlar ziyolilari ma’lum bir xalq madaniyatini o‘zining ularga bo‘lgan samimiy munosabatida ifoda eta olganlar.Jumladan, taniqli tilshunos Konstantin Kuzmich Yudaxin o‘z xotiralarida yozishicha, Nikolay Ostroumov hech qachon yerli xalqqa bepisand munosabatda bo‘lgan emas, aksincha mahalliy xalqlarga hurmat-ehtirom har doim uning diqqat markazida bo‘lgan. Bu gap Ostroumovni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, hamkor va hamfikr olimniki bo‘lgani bois izoh va sharhlarga hojat yo‘q. Shuningdek, Ostroumovning ilmiy bisotida “Islomshunoslik”, “Shariat”, “Qur’on va progress” kabi o‘nga yaqin asarlari asosiy o‘rin egallagani ma’lum. Mana shu kitoblari ham Ostroumovning Turkiston musulmonlariga samimiy va xolis munosabatidan dalolat beradi, bizningcha.

Agar N.Ostroumov missionerlik maqsadi bilan Turkistonga kelganda edi, islom haqida  kitoblar yozmagan, Oktyabr to‘ntarishidan keyin Rossiyaning Tambov gubernyasidagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan Sasovo qishlog‘iga ketib, 1921 yili u yerdan yana Toshkentga qaytib kelib o‘qituvchilik faoliyatini davom ettirmagan, umrining oxirigacha shu yerda yashab qolmagan bo‘lardi. Qadim Toshkentning, Turkiston xalqlarining tabiatiga, odamlariga bo‘lgan chuqur hurmat va muhabbat uni yana Toshkentga qaytarib olib keldi va umrining oxirigacha – 1930 yilgacha shu yerda yashab qoldi, shu yerda vafot etdi va Botkin qabristoniga dafn etildi.

Yana bir dalilni alohida ta’kidlashni istardik: Ostroumovning bilim doirasi faqat islom yoki xristianlikka oid ilmlar bilan chegaralanib qolmagan. O‘zbekiston Markaziy arxividan joy olgan Ostroumov  fondidagi hujjatlar orasida buddaviylikka oid materiallar ham mavjud. Jumladan, burxan, bo‘dxisatv, Shakyamuni kabi buddaviylik terminlari izohiga oid bir necha sahifa materiallarning qo‘lyozmasi kirill alifbosida yozilib batafsil tahlil qilingan. Kirill alifbosidagi bu qo‘lyozma husnixat bilan bitilgan. Bu materiallardan shuni anglash mumkinki, N.Ostroumov O‘rta Osiyoning qadimiy diniy madaniyatini har tomonlama, chuqur o‘rganishni va dinshunoslik sohasida maxsus lug‘at tuzishni maqsad qilgan ko‘rinadi. Qolaversa, Ostroumov to‘plagan turli dinlarga oid materiallardan anglashiladiki, diniy bag‘rikenglik aynan uning faoliyatida namoyon bo‘lgan. Bizning maqsadimiz Ostroumovning islomshunoslikka yoki boshqa dinlarni o‘rganishga qo‘shgan hissasiga baho berish emas, zotan, bu ishni islomshunos olimlar amalga oshirishlari lozim. Biz O‘zbekiston Markaziy arxivida N.Ostroumov fondidagi o‘nlab yig‘ma jilddagi hujjatlar asosida bu zotning Turkiston o‘lkasi xalqlari ma’naviyatiga qo‘shgan hissasini qisman bo‘lsa-da, ko‘rsatishni maqsad qildik. Xususan, N.Ostroumovning o‘zbek va boshqa turkiy xalqlar og‘zaki ijodini o‘rganish va to‘plash ishlarini sidqidildan olib borgani bizning e’tiborimizni tortdi.

Ostroumov fondida arab alifbosida yozib olingan o‘zbek tilidagi materiallar jamlangan yig‘ma jild birmuncha boy. Mazkur yig‘ma jilddagi ertaklar, Afandi latifalari, dostonlarning qo‘lyozmalari diqqatni tortadi. Jumladan, “Alfomish”, “Sayyod bacha”, “Cho‘lak botir” kabi nasta’liq xatida husnixat bilan bitilgan ertaklar mazmunan takrorlanmasligi va originalligi bilan ajralib turadi. Mazkur ertak syujet­lari shu paytgacha nashr qilingan o‘zbek xalq ertaklari orasida uchramaydi. Bu jihatdan ham Ostroumov fondi o‘zbek xalq og‘zaki ijodi fondini yangi ertak namunalari bilan boyitishga xizmat qiladi. Ayniqsa, fonddagi “Alfomish” nomli ertak diqqatni tortadi. “Alpomish” dostoni o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq, oltoy kabi turkiy xalqlarda qadimiy qahramonlik dostoni sifatida ma’lum.  Ammo bu nomdagi ertakning o‘zbek xalq ertaklari orasida borligi noyob hodisa. “Alfomish” ertagini N.Ostroumov yozib olgach, ertak so‘ngida “Bu afsona ertagi va hikoyani Xo‘qandli Ashurbibi Barotboy qizini(ng) so‘zidan yozildi. 1894 yilda 12 iyunda Toshkent shahrida” degan manba berilgan (“Alfomish” ertagini filologiya fanlari nomzodi Mahmudjon Shoniyozov joriy alifboga o‘girib nashrga tayyorladi). “Alfomish”, “Sayyod bacha”, “Cho‘lak botir” ertaklarining qo‘lyozmalarini solishtirish shuni ko‘rsatadiki, dastxatlar bir odamniki, ya’ni uchala ertak ham N.Ostroumov tomonidan yozib olingan. “Alfomish” ertagining syujeti “Alpomish” dostoninikidan tamomila farqli, xuddi sehrli ertaklar syujetiga o‘xshaydi. Ehtimol, bu ertak kontaminatsiyaning mahsuli bo‘lishi ham mumkin. Kelgusida olib boriladigan tadqiqotlar bu borada aniq bir fikrga kelishga imkon berar.

Ostroumov o‘zi sezmagan holda turkiy xalqlar dostonlari hamda doston qahramonlari nomi bilan ataluvchi ertaklarni kelgusida qiyosiy o‘rganishga yo‘l ochib bergan. “Alfomish” ertagi bilan “Alpomish” dostoni qiyosiy folklorshunoslikka asos bo‘luvchi bitta manba hisoblansa, o‘zbek, qoraqalpoq va tatar xalqlari dostoni “Edigey” bilan  Ostroumov fondida saqlanayotgan qozoq-qirg‘iz ertagi “Aqlli Idigey” (Idigey – etik demakdir) turkiy xalqlarda dostonchilik va ertakchilik an’analarini o‘rganishda muhim vositalardan biri bo‘ladi.

Qozoq-qirg‘iz ertagi “Aqlli Idigey”da hikoya qilinishicha, Idigeyning bo‘yi o‘smasa ham, aqli soat sayin o‘sib, g‘ayritabiiy obrazni o‘zida gavdalantiradi. Aqlli-farosatli Idigey haqidagi shov-shuvlar shohning ham qulog‘iga yetib boradi. Idigeyni shohning huzuriga olib kelganlarida, shoh uning aqlli va donoligini shunchalik yoqtirib qoladiki, shoh uni yonidan aslo jildirgisi kelmaydi. Idigeyning ota-onasidan iltimos qilib, uni saroyda olib qoladi. Idigey shoh saroyida bir necha yil yashaydi. Shoh vaqti-vaqti bilan uning aqlliligini sinashda davom etadi. Bir kuni shoh Idigeyga “Senga bir topishmoq aytaman, agar o‘sha topishmoqni yechsang, sen haqiqatan dono hisoblanasan.

Burungi zamonlarda bir malika bo‘lgan ekan. U shunchalik go‘zal ekanki, yigitlar uni bir ko‘rgandayoq oshiq bo‘lib qolar ekan. Malikaga uchta shahzoda oshiq bo‘lib qolibdi. Uchala shahzoda ham bir-biridan chiroyli bo‘lgani uchun, malika ularning qaysi birini tanlashni bilmay qolibdi. Natijada malika quyidagi shartni o‘ylab topibdi: “Menga shunday sovg‘a olib kelinglarki, boshqa hech kimda hozirgacha bo‘lmagan bo‘lsin. Kim eng yaxshi sovg‘ani olib kelsa, o‘shanga turmushga chiqaman”. Shahzodalar dunyoning turli tomonlariga tarqalib ketibdi. Bir yildan keyin ular bir cho‘lda uchrashib qolibdilar. Ularning bittasi sehrli oyna topgan ekan. Oynaga qarab qancha uzoq masofada bo‘lsa ham, yuz berayotgan voqeadan xabardor bo‘lish mumkin ekan. Ikkinchi shahzoda uchar otni qo‘lga kiritgan ekan. Uchinchisi bir olmani topibdi. Olmaning umr baxsh etuvchi xususiyati bor ekan, hatto inson jon berayotgan bo‘lsa ham, olma o‘sha odamni hayotga qaytarar ekan. Uchala shahzoda boshidan o‘tgan sarguzashtlarini bir-biriga aytib beribdi. So‘ngra “malika hozir nima qilyapti ekan” deb qiziqib, birinchi shahzodaning sehrli oynasiga qarabdilar. Uchalasi ham malikaning ahvolini ko‘rib dahshatga tushibdilar. Malikaning rangi oqarib ketgan, jon taslim qilar holatda to‘shakda yotgan ekan. Uning atrofida tabiblar, xizmatkoru cho‘rilar uymalashib turar ekanlar. Shahzodalar uchar otga minib, ko‘z ochib yumguncha malikaning vataniga yetib kelibdilar.

Uchinchi shahzoda jon berayotgan malikani ko‘rib yig‘labdi. O‘zining hadyasi esiga tushib qolib, xasta malikaning qo‘liga beribdi. Malika olmadan bir tishlagan ekan, o‘sha zahoti ko‘zini ochib sog‘ayib qolibdi. Ey Idigey, seningcha, malika shahzodalarning qaysi birini ortiq deb bilishi kerak? Agar birinchi shahzodada sehrli oyna bo‘lmaganda edi, shahzodalar malikaning xasta bo‘lganini bilolmagan bo‘lardilar. Ikkinchi shahzodaning uchar oti bo‘lmaganda edi, xasta malikaga yordamga yetib kelolmasdilar. Uchinchi shahzodaning shifobaxsh olmasi bo‘lmaganda edi, oldingi ikkalasi ham hech narsaga arzimas edi. Qani, ayt-chi, va’daga binoan malika kimga turmushga chiqishi kerak va nima uchun?”

Mitti Idigey shohning hikoyasini diqqat bilan eshitib, bir oz o‘ylanib turibdi-da, shunday debdi:

– Taqsir! Menimcha malika olma olib kelgan yigitga turmushga chiqishi kerak. Chunki u ikkala shahzodaga qaraganda ko‘proq zarar ko‘rdi: chunki malika shahzodaning olmasini olib tishladi, uning butun sovg‘asiga zarar keltirdi, ayni paytda ikkala shahzodaning hadyalari zarar ko‘rmay butunligicha qoldi.

– Sen har doimgiday, haqsan, Idigey, –  deb javob berdi shoh. – Sen haqiqatan ham donishmand ekansan.

Shu voqeadan keyin, Idigey avvalgi vazirlarning fitna va ig‘volariga duchor bo‘ladi. Shoh uni o‘limga buyuradi. Idigey shohga “Ijozat bering, sizga bir afsona aytib beray” deb bir shoh va uning qizi Qarlig‘och haqidagi afsonani aytib beradi. Afsonaga ko‘ra, shoh o‘zining donishmand maslahatchisiga, qizim voyaga yetguncha erkak zotini ko‘rmay ulg‘aysin, buning uchun nima qilay, deb maslahat solganda, donishmand “Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi” deb shohga, qizingiz saroyda odamlar orasida ulg‘aysin, deb maslahat berdi. Ammo shoh donishmanddan g‘azablanib uni jallodga topshirdi.

Shoh Qarlig‘ochni kimsasiz orolga olib borib, o‘sha yerda qiziga mustahkam qal’a qurib berdi, Qarlig‘och o‘n yetti yoshga kirgunga qadar o‘sha yerda yashadi, ammo taqdirdan qochib qutula olmadi. Qarlig‘och  bir kun derazadan qarab dengizni tomosha qilib turgan edi, chiroyli bir yigit dengizdan chiqqanini ko‘rib qoldi, yigit ham qizni ko‘rdi. Ikkovi bir-biriga oshiq bo‘lib qolib, hatto boshlariga o‘lim kelganda ham bir-biriga sodiq qolish haqida qasamyod qildilar. Oradan bir yil o‘tgach, shoh amaldorlari bilan Qarlig‘ochni saroyga olib kelish uchun o‘zi qurdirgan qal’aga boradi. Qal’a eshigini ochib kirganlarida, yanada ochilib, go‘zal bo‘lib ketgan Qarlig‘ochni va uning yonidagi bir yigitni ko‘radilar. Qarlig‘och qo‘lida chaqaloqni ko‘tarib turardi. Shoh donishmandning “Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi” degan hikmatini esladi va donishmandni o‘ldirtirganidan pushaymon bo‘ldi. Shoh Idigeyning donoligidan yana bir marta mamnun bo‘ldi. Idigey shohning qiziga uylandi. Shohning vafotidan keyin Idigey mamlakat shohi bo‘ldi. Ertak so‘ngida “Kichkina demang bizni ko‘tarib uramiz sizni” va “Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi” hikmatlari ana shu tariqa paydo bo‘lgani aytiladi.

Ostroumov yozib olgan va qo‘lyozma holida fondda saqlanayotgan “Sayyod bacha” qissasi (bu qissaning Ostroumov tomonidan qo‘yilgan sarlavhasi yo‘q, qissa mazmunidan kelib chiqqan holda biz “Sayyod bacha” deb nomladik) ham mazmunan va kompozitsiya jihatidan ertaklardan birmuncha o‘zgacha. Dostonning debochasi xalq qissalariniki singari quyidagicha jumla bilan boshlanadi: “Bismillohir rahmonir rohiym. Ammo roviyon axbor va naqlon afson va muhaddison dostoni bo‘ston va  xo‘sha chunon kirmon suxanro bosuxan zamkunem. Porai az xunem kelgar kash kunem. Ammo roviylar andog‘ rivoyat qilar erdilarki, bir sayyod bor ekan...” Ostroumov bu qissani biron qo‘lyozma yoki toshbosmadan ko‘chirgan bo‘lishi mumkin. Chunki xalq qissalarining debochasi yuqorida keltirilgan jumlalar bilan boshlanmaydi.

“Sayyod bacha” qissasida afsonaviy mazmun yetakchilik qiladi. Jumladan, sayyod bacha tug‘ilgandan keyin “bir kun bir yashar, ikki kun ikki yashar… o‘n kunda o‘n yashar bo‘ldi”. Qahramonning bu tasvirini bir qator dostonlar va qissalarda, masalan, “O‘g‘uznoma” dostonida ko‘ramiz: O‘g‘uz xon tug‘ilgandan keyin qirq kunda ulg‘ayib pahlavon yigit bo‘ladi.

Biz mazkur qissaning va Ostroumov fondidagi boshqa qissa va ertak­larning mazmuni va matn tuzilishiga oid  mulohazalarimizni boshqa bir safar tahlil qilish niyatimiz bor. Zotan, bunday tahlilni amalga oshirish uchun ko‘p manbalarni jalb qilishga zarurat bo‘ladi.

Ostroumovning mazkur qissasida Buxoro shevasining elementlari aniq ko‘zga tashlanib turadi. Jumladan, matnda tojikcha so‘zlarning va tojikcha jumla qurilishlarining uchrashi, -da o‘rin-payt kelishigi qo‘shimchasining o‘rnida jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi  -ga ishlatilishi shundan dalolat beradi.

Ostroumov fondida yozib olingan bir qancha Afandi latifalari, maqollar va hikmatli so‘zlar ham saqlanadi. Latifalarning mundarijasiga e’tibor bersak, keyingi davrdagi latifalardan bir oz farq qiladi.

Ostroumovning o‘zbek, umuman, Turkiston xalqlari og‘zaki ijodiga bo‘lgan muhabbatini boshqa yig‘ma jildlardagi afsona, rivoyat janrlari namunalari ham tasdiqlaydi.

Ostroumov fondining biz o‘rganayotgan yig‘ma jildlarida asosan adabiy materiallar ko‘proq o‘rin egallaydi. Bu materiallar orasida “Adabiy ilova” nomli qism alohida o‘rin tutadi. “Ilova”da bir qator rivoyatlar, afsonalar bor bo‘lib, asliyati qozoq tilida berilgan va rus tiliga tarjimasi ham ilova qilingan. Aksariyat rivoyatlar sharqona pand-nasihatga yo‘g‘rilgan bo‘lib, ayrimlarida buyuk donishmandlarning hali biz eshitmagan aql va tafakkuri tantana qiladi, ba’zi rivoyat va afsonalarda esa oddiy insonlarning zukkoligi  har qanday murakkab vaziyatdan chiqib ketishga imkon yaratadi.

“Adabiy ilova”dagi “Luqmoni hakim” nomli rivoyat e’tiborlidir. Rivoyatda aytilishicha, bir taqvodor so‘fi donishmand Luqmoni hakimga bunday e’tiroz bildiradi: “Odamlarning boshiga kelgan qazo-balosiga siz keltirayotgan tibbiy yordam – og‘ir gunoh, Xudoga shakkoklikdan boshqa narsa emas. Zotan, har qanlay xastalik Xudoning irodasi bilan keladi, odamlar Xudodan kelgan xastaliklarga qarshilik ko‘rsatmasdan, itoat etishlari lozim”. Luqmon taqvodorga, bu e’tirozingga shariat kitobidan dalil keltir, dedi. Ularning bahsini eshitib turgan olomon ham Luqmon tarafiga o‘tdi. Luqmon taqvodorning  nochor ahvolda qolganini ko‘rgach, xalqni tinchlantirib taqvodorga dedi: “Rahmat senga so‘fi, kuching yetmasa ham, zulmat gunohidan meni poklashga harakat qilding. Men senga foydali bir maslahat berishni o‘zimga lozim ko‘rdim. Agar biron niyatingni amalga oshirmoqchi bo‘lsang, avval niyatingni aql bilan mulohaza qil, mulohazalaring asosli ekaniga ishonch hosil qilganingdan keyingina tilingga va qo‘lingga erk bergin.  Sening so‘zlaringdan shuni angladimki, sen Allohni yaxshi bilmas ekansan. Alloh insonni  turli his-tuyg‘ular va tana a’zolari bilan qurollantirgan,  bularning har birining o‘z vazifasi bor. Xullas, qo‘l –  jismoniy ishlarni bajarish uchun, oyoqlar – yurish uchun, ko‘z – atrof olamni ko‘rish uchun, quloq – eshitganlarimizning qaysi biri yaxshi va qaysi biri yomon ekani to‘g‘risida hukm qilishimiz uchun  yaratilgan. Bu his-tuyg‘ularimiz va tana a’zolarimizni yetarlicha ishlatmaslik Yaratganning xohish-irodasiga xilofdir. Zotan, ko‘rmasdan, eshitmasdan va yurmasdan Xudoga sajda qilib bo‘lmaydi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, tabiatdagi hamma ashyolarning o‘z vazifasi bor. Masalan,  bir o‘simlikda zahar bor, boshqa bir o‘simlikda zaharni kesadigan kuch bor. Bularning hammasini biz bilishimiz va hayotga tatbiq qilishimiz kerak”. Shundan keyin taqvodor so‘fi Luqmoni hakim oldida taslim bo‘ldi.  Bu rivoyat orqali Luqmoni hakim inson aqli va tafakkurini qudratli kuch sifatida baholagani, har turli bid’atlardan ko‘ra insonning faoliyati va omiliga e’tibor berish, aqlga suyanish zarur ekani uqtiriladi.

Ostroumov fondi yangi ijodkorlarni yuzaga chiqarishda ham muhim manbalardan biri bo‘la oladi. Fonddagi qo‘lyozma sahifalari orasida  Ismat taxallusli shoirning nasta’liq xatida xusnixat bilan ko‘chirilgan “uch g‘alvir” radifli g‘azalining qo‘lyozmasi diqqatga sazovor. Bu qo‘lyozma satirik g‘azal bo‘lib, unda butun  og‘irligini xalqning zimmasiga ortgan turli toifa amaldorlarning qilmishlari, yulg‘ichliklari ochib beriladi. G‘azal sahifa bo‘ylab uch ustun qilib yozilgan:

Hazrat Zangi atoning betartib va beqoida oq­soqol­ va sarkoru mirzo, mirob arboblari xiroj xirmonidin kafsan bid’at olgonlari

Eshiting, aytayin men bir hikoyat boshi uch g‘alvir,
Qalandar xoja sarkoru qozoq mirzodin uch g‘alvir.

Xudo rahmat qilg‘ay avvalda o‘tgan oqsoqollarni,
Bu ikki ma’nisi yo‘q oqsoqollar bul ham uch g‘alvir.

Orig‘ni boshi qaysi desa besh kunda topolmaydur,
Bu ahvol birla, do‘stlar, hasrato mirob uch g‘alvir.

Temirchiyu podachi sartaroshu so‘fisi bir so‘z,
Imomi nonvoyidin  bo‘lsa qozi bori uch g‘alvir,

Masal ichra yana so‘z borda eshshak qolsa eshshakdin,
Qulog‘ini kesar degandek  bil oni arbobi  uch g‘alvir.

Bular birla mabodo birga xirmonga gado kelsa,
Olib ibrat u ham aytur: “Menga bergin uch g‘alvir”.

Agarchi xirmanini bori bo‘lsa chaksan Xo‘qand,
Bularga rasm ekan uydin qo‘shib olmog‘i uch g‘alvir.

Bular birla chiqib erdim rafoqat dalaga tanho,
Pir urgurlar qatorida manam ham oldim uch g‘alvir.

Bu Ismat xastaning so‘zini bovar aylasun balki
Agar ko‘rsa gunohni(ng) xirmanidin olgay uch g‘alvir.

Mazkur g‘azal Muqimiyning satiralarini eslatadi.

Ostroumov buyuk mutasavviflarga, xususan, Yassaviyga va Zangi atoga alohida hurmat bajo aylagani fonddagi hujjatlardan anglashilib turadi. Bir yarim sahifalik oq qog‘ozga Yassaviyning kimligi, ustozlari haqida bitilgan satrlar Ostroumovning Turkiston ma’naviyatiga qiziqishi alohida bo‘lganini yana bir bor isbotlaydi. Yassaviy va Zangi ato haqidagi mazkur sahifalar Ostroumovning dastxati degan fikrni qat’iy qilib aytmoqchi emasmiz. Ammo ular yuqorida biz  aytib o‘tgan ertaklar va qissaning xat uslubiga juda yaqin. Bu qo‘lyozmalarni ko‘chirgan odam boshqa kimdir bo‘lib, Ostroumovga taqdim qilgan bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lganda ham, Ostroumov buyuk mutasavviflar, xususan, Ahmad Yassaviy va Zangi ato shaxsiga va ta’limotiga, u orqali esa o‘zbek xalqining o‘tmish ma’naviy hayotiga qiziqish bildirganining bir isbotidir. Mana o‘sha sahifalarning debochasi: “Xoja Ahmad Yassaviy Xoja Yusuf Hamadoniyning uchunchi xalifalari ekanlar. Turklar ul kishini oto Yassaviy derlar. Ul kishining tug‘ulg‘on yeri Yassi shahri yeridurkim, turklarning mashhur shaharlaridindur va qabrlari ham ul shahardadur. Sohibi karomat va ulug‘ darajada ekanlar.  Ul kishi yosh vaqtlarida Arslonbob degan turk kattalarining mashoyixiga manzur bo‘lgan ekanlar va ayturlarkim Arslonbob hazrati rasulning ishoratlari birlan Xoja Ahmadning tarbiyatiga mashg‘ul bo‘lgan ekanlar va Xoja Ahmad Arslonbobning xizmatlarida baland martabalikni hosil qildilar va Arslonbobning tiriklarida doim… ul kishining xizmatlarida erdilar...” (F 10009. D. 143, sahifa 226) Mazkur parcha Ahmad Yassaviyning bugungi zamonlardagi kitoblarda yozilgan tarjimai holiga, ehtimol, ayrim yangi ma’lumotlarni qo‘shar, shu bilan birga tasavvuf ilmi XIX asrning oxirgi choragida Ostroumovning e’tiborini jalb qilgani ham mutaxassislarda ma’lum bir fikrlarga turtki berar. Yoki Ahmad Yassaviy haqidagi ma’lumotlardan keyin  Zangi ato haqida berilgan ma’lumotlarga e’tibor qarataylik. Zangi ato haqidagi ma’lumotlar rivoyat janrini eslatadi. Tasavvurlarimiz to‘liq bo‘lishi uchun Zangi ato haqidagi rivoyatni to‘liq keltirishni lozim topdik.

Zangi ato – ul kishini Zangi bobo ham derlar. Ul kishi Hakim atoning xalifalaridindur va tug‘ulg‘on va ko‘mulgan yerlari Shosh viloyatidadur va qabrlari ham ul yerdadur va xaloyiq ul kishining  qabrlarining ziyoratiga borodurlar va murodlariga yetadurlar. Mavlono Qozi  naql qilurlarkim, man bir vaqt Zangi atoning ziyoratiga kelsam muborak qabrlaridin bir vaqt ovoz “Olloh, Olloh” eshitaman. Ul kishi Arslonbobning nabiralaridindur va Toj Xojaning farzandlaridur. Va otolarining xizmatida tarbiyat topgonlar. Otolarining vafotidin so‘ng g‘ayb ishorati birlan Hakim atoning xizmatlarida erdilar. Hakim atoning vafotidan keyin ul kishining xotunikim, otlari  Anbar onadur va Baroqxonning qizidur, nikohlariga oldilar va Zangi atoga Anbar onadin ko‘p farzandlari bo‘ldilar va har qaysilari olim va komil va har qaysilari ko‘p xalqni yaxshi yo‘lga soldilar. Aytadurlarkim, Hakim ato qaro rang erdilar va Anbar onaning xotiri shariflariga kelgan ekankim, koshki Hakim qaro rang bo‘lmasa erdi va Hakim ato aytibdurlarkim, mundin keyin mandin qaro rangi oq odamga nasib bo‘lsin. Ul aytganlari rost kelib Zangi atoga xotun bo‘lgan ekanlar va ayturlarkim, Hakim ato Xorazm viloyatida vafot bo‘ldilar. Zangi ato Toshkandda erdilar. Shul zamon Xorazmga jo‘nadilar va hech yerda to‘xtamadilar va Hakim atoning qabrlarini  ziyorat qildilar va ahllarining ahvolini so‘radilar va Anbar onaning iddasi, ya’ni to‘rt oydur ul muddat o‘tgandin keyin bir odam Anbar onani nikoh qilmoq xususida yubordi va bul so‘zni eshitib Anbar ono ayttikim, man Hakimdin keyin erga tegmayman, xususan, Zangi atodek labi tuya labiga o‘xshagan. Shul zamon Anbar onaning gardani qiyshiq bo‘lib qolibdur va ul borgan odam bul hodisani Zangi atoga aytibdur.  Zangi yana ul odamni yiboribdur va aytibdurkim, ey Anbar, bir vaqtda sen xayolga keltirdingkim, koshki Hakim qarorang bo‘lmasa erdi, deb ul vaqtda Hakim ato senga aytdiki,  tez vaqtda mandin qaro rangg‘a hamsuhbat bo‘lursan deb ul borgan odam ul so‘zni  aytgan zamon Anbar onaning esiga keldi va  ko‘b yig‘ladi. Va ayttikim, roziman. Zangi atoni(ng) aytganlaridek bo‘lsun. Shul zamonki, uni tuz oldi va ul kishining nikohiga kirdi (F 10009. D. 143, sahifa 227- 233). Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida Zangi ato haqida bir jumlagina ma’lumot keltiriladi va “Aning bobida ham ko‘p so‘zlar manquldir” so‘zlari bilan yakunlanadi (Alisher Navoiy. MAT. Toshkent, 2001, 425-b.). Navoiyga ham Zangi ato to‘g‘risidagi yuqoridagi naqllar yaxshi ma’lum bo‘lgan, chamasi. Navoiyda Hakim ato haqidagi ma’lumotlar Zangi atoga qaraganda bir muncha kengroq (Alisher Navoiy. Yuqoridagi asar.420-b.)

Shuningdek, Ostroumovning mahalliy ziyolilar bilan o‘zbek tilida yozishmalari ham bor bo‘lib, bu materiallar XIX asr oxiridagi Turkiston adabiy va madaniy muhiti haqida tasavvur uyg‘otishga yordam beradi. Qolaversa, N.Ostroumovning ziyoli shaxs sifatidagi qiyofasini va salohiyatini, qiziqish doirasini ko‘rsatadigan omillar sifatida qimmatlidir. Jumladan, 143-yig‘ma jildda arab yozuvida va kirillcha harflarda  turli mavzudagi maktublar asosiy o‘rin egallaydi. Shulardan biri Ostroumovning Safo Ahmadjon o‘g‘li maktubiga qaytargan o‘zbek tilida arab yozuvidagi javob xatidir. Safo Ahmadjon bir materialini o‘zbek tilida bosib chiqarishni Ostroumovdan iltimos qilgan, Ostroumov Safo Ahmadjonning xatini e’tiborsiz qoldirmay, “…xatda o‘tunub yozib so‘rag‘oningizni qila olmayman, rusiyo tilinda bosilib chiqadur”, deb javob qaytargan. Rus tilida bosilib chiqishiga sabab qilib “sort tilinda bosilib chiqqan gazet juda oz bo‘lg‘oni”ni ko‘rsatadi. Ostroumovning javobi ancha mantiqli ekanini anglash mumkin. Rusiyada o‘zbek tilida bosilgan maqolani hech kim o‘qimasligi mumkin edi. Ostroumovning maqsadi – Safo Ahmadjonning rus tilida bosiladigan maqolasidan ko‘pchilik xabardor bo‘lishini istagan.

Biz ushbu maqolada Ostroumov fondidagi qo‘lyozma manbalarning va ayrim bosma asarlarning qisqa mundarijasini o‘quvchilar e’tiboriga havola qildik. Kelgusida bu ma’rifatparvar odamning arxivini to‘liqroq o‘rganib, ko‘pchilikning e’tiboriga havola qilish niyatimiz bor.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 9-son