Maqsud Qoriyev. Abulqosim Firdavsiy va Sulton Mahmud G‘aznaviy

Ko‘hna tarix sahifalarini varaqlar ekanmiz, Sharq olamida qudratli davlat barpo etganlardan Sulton Mahmud G‘aznaviy haqida to‘qilgan turli-tuman hikoyatlar, rivoyatlarga duch kelamiz. Bizga qadar yetib kelgan manbalarda u atoqli davlat arbobi, dinu diyonat himoyachisi, ilm-ma’rifat homiysi sifatida ulug‘lanadi. Ba’zi asarlarda esa zolim-qonxo‘r, bosqinchi, molu dunyoga hirs qo‘ygan o‘ta ziqna hukmdor deb ta’riflanadi. Ayniqsa, Sulton Mahmudning buyuk shoir Firdavsiy bilan munosabatlari haqida xilma-xil mulohaza-fikrlar hozirga qadar ilmiy kitoblar, maqolalarda uchrab turadi.

Ma’lumki, tuslik shoir Abulqosim Firdavsiy Sulton Mahmud dargohiga kelib, birinchi bor saroy malikushshuarosi Ahmad Unsuriy boshliq shoirlar davrasiga tushib qoladi va ana shu davradagi tahsin va maqtovga sazovor bo‘ladi. Shunda Ahmad Unsuriy shoirga «Zebo qilib aytding, magar senga saltanatning tarixlaridan vuquf bor erur» deydi.

Buyuk olim va mutafakkir Davlatshohiy Samarqandiy o‘zining «Tazkirayi Davlatshohiy» asarida ana shu voqealarni bunday hikoya qiladi:

«Alqissa, Firdavsiydin so‘rdikim, «sen «Shohnoma»ni nazm qila olurmusen». Firdavsiy aytdi: «Bale, inshoolloh».

Ustoz Unsuriy bu ma’nidan shod va xurram bo‘ldi, darhol arzg‘a yetkurdikim, bir javoni Xurosoniy kelibdur, bisyor xushta’b va suxandorlikka qodir turur. Gumoni banda uldurkim, tarixi salotini Ajamning nazmi uhdasidin chiqa olur»…

Shundan so‘ng Unsuriy uni Sulton huzuriga olib kiradi. Firdavsiyning oqilona so‘zlari podshohga yoqib qoladi, so‘ngra Firdavsiyga «Shohnoma» yozishni topshirib, har bir baytiga bir tillodan berishni va’da qiladi.

Sulton Mahmud shu kunning o‘zidayoq barcha masalayu muddatlarni belgilab, Firdavsiyga ko‘p e’tibor ko‘rsatdi. Shunday qilib, Firdavsiy devondagi shoirlar majlisidan o‘ziga munosib o‘rin egalladi.

Firdavsiy bir necha yil Mahmud G‘aznaviy dargohida istiqomat qildi. Shoirlar majlislarida, mushoira kechalarida, bog‘ sayllarida eng aziz, iqtidorli shoir sifatida izzat-hurmat ko‘rdi. U o‘zining nazm mulkida tengsiz shoiri zamon ekanligini ko‘rsatdi, tafakkurining tezkorligi, so‘z gavharlaridan mohirona foydalana bilishi, ayniqsa, qadim afsonalar, rivoyatlar, hikoyatlar bilag‘onligi bilan saroy ahli o‘rtasida obro‘-e’tibor qozondi, shoh saroyida ko‘p izzat-ikromda yashadi. Nazm-navo kechalarida, mushoira davralarida, bog‘ sayrlarida faol qatnashar, yangi yozgan ash’orlari, yo bo‘lmasa «Shohnoma»ning qalamga olingan ayrim dostonlaridan parchalarni vaqti kelganda Sultonga ham o‘qib berardi. Bunday paytlarda har safar Sultonning e’zoz va olqishiga sazovor bo‘lib, shohona tuhfalar olar erdi.

Davlatshohiy Samarqandiyning yozishicha, Firdavsiy to‘rt yil Sulton saroyida turadi, so‘ng hukmdordan ruxsat so‘rab, o‘z vatani Tusga ravona bo‘ladi, keyin yana G‘aznaga qaytib keladi. O‘shanda shoir «Shohnoma»ning to‘rt qissasini yozib bitirgan edi. Davlatshoh yozadi: «Arzga yetkurdi va Sultonning nazari kimyo asariga maqbul ayladi va Sulton goh-goh unga navozish va mehribonlik ko‘rguzur erdi… shoirga alohida e’tibor va iltifot bilan unga murabbiy etib, vazir xoja Ahmad Hasanni tayinlagan erdi».

Shu narsani alohida ta’kidlash lozimki, hukmdorning Firdavsiyga nisbatan ko‘rsatayotgan mehr-muruvvati ba’zi saroy ahllarining g‘ashiga tegar, adiblar majlisidagi ayrim shoirlar, amaldorlar ham unga hasad ko‘zi bilan qarashardi. Davlatshohiyning yozishicha, «Ayoz ul ma’nidin ichi kuyib, adovat yuzasidan arzga yetkurdikim, Firdavsiy rofizi turur. Sulton Mahmud din va mazhabda bag‘oyat mahkam erdi va aning nazarida hech toifa rofizidin dushmanroq ermas erdi. Sultonning xotiri ul sababdin Firdavsiyga mutag‘ayyir bo‘ldi…»

Albatta, saroydagi bunday muhit shoirning asablariga ham ta’sir qilmay qolmas edi. Davlatshohning yozishicha, hatto, Sulton Mahmud ana shu ig‘vo, fisq-fasodlarga berilib, bir kuni Firdavsiyni o‘z huzuriga chorlab: «…sen karomatiy erkansan, buyursam to seni fillarning ayoqi ostida halok qilsalar, to hama karomatiy, ya’ni rofiziyg‘a ibrat bo‘lsa», degan. Shunda Firdavsiy Sultonga: «Man karomatiy ermasmen va man ahli sunnat va jamoadin tururmen, menga bo‘hton qilib tururlar», dedi.

Mazkur bitiklardan ma’lumki, shoirni ko‘ra olmaydigan fitnachi guruhlar Sulton Mahmudni chalg‘itib, qanday qilib bo‘lmasin, hukmdorning shoirdan ko‘nglini qoldirmoqchi bo‘lgan edilar.

Firdavsiyga nisbat berilgan Sulton Mahmud haqidagi hajviyada Sulton Mahmudning tagi-taxti, nasl-nasabi haqida ham haqoratli so‘zlar borki, o‘qib, chuqur mulohaza yuritadigan bo‘lsak, uni Firdavsiy yozganligiga ishongingiz kelmaydi. Chunki bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, Mahmud G‘aznaviyning asl nasabi «tegin»lar avlodiga mansubdir. Uning bobosi pahlavon Alpteginning uch farzandi bo‘lgan: Ishoqtegin, Bilgategin va Sulton Mahmudning otasi Sabukteginlardir.

Ma’lumki, Sabuktegin Jayhun bo‘yidagi Somoniy lashkarlari bilan bo‘lgan qattiq jangda mingan tulporining qorniga o‘q tegib, oyog‘i ot ostida qoladi. Shunda somoniylarning bir lashkarboshisi uni asir etib, qo‘liga kishan solib, yana bir necha asirlar bilan Buxoro bozorida quljallobga arzon-garovga sotib yuboradi. Ana shu oz muddat ichida Sabuktegin zamon taqozosi bilan qullikka tushib qoladi. Quljallob ko‘p qullarini yo‘lma-yo‘l sotib, Sabukteginni oxiri Nishopur noibiga pullaydi. Shundan so‘ng Sabuktegin noibga jon-dildan xizmat qilib, bora-bora uning o‘g‘lidek bo‘lib qoladi va nihoyat noib og‘ir xastalik chog‘ida uni o‘ziga voris etib tayinlaydi. Shunday qilib, keyinchalik Sabuktegin G‘azna saltanatiga asos soladi. Bu haqda atoqli tarixnavis olim Abulfazl Bayhaqiy «Mas’ud tarixi»da batafsil hikoya qilgan.

Ushbu hikoyatni keltirishimizdan maqsad hajviyada yozilganidek, go‘yo Sulton Mahmud «qulbachcha» ham emas, «nopoklar naslidan» ham bo‘lmagan. Afrosiyob tarixini doston etib yozgan Firdavsiy Sabukteginning aslzodalar, pahlavonlar avlodidan ekanligini bilmasligi mumkin emas edi. Zero, pahlavon Afrosiyob aslida turkiy qavmlar avlodidan bo‘lgan, uning asli ismi sharifi Er To‘ng‘a edi. Eronliklar uni Afrosiyob deb atashgan. Sabuktegin bo‘lsa, Er To‘ng‘ani o‘ziga ustoz, pir deb bilgan, unga taqlid etgan, uning haqida yaratilgan xalq qo‘shiqlarini sevib kuylab yurgan. Shu bois Firdavsiy Sultonni bu darajada kamsitib yerga urishi, haqoratlashi mutlaqo quyushqonga sig‘maydi, mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi.

Sulton Mahmud «Shohnoma»ni bir necha kun davomida saroy qorisiga o‘qitib eshitadi. Hatto bog‘da dam olayotgan qizlari ham bo‘shagan varaqlarni o‘qib, eng ibratli satrlarini yodlab olganlar. Sulton «Shohnoma»ni boshdan-oyoq eshitgach: «Odam Atodin shu damgacha hech kim bunchalik ko‘p va xo‘b aytmag‘on va aytolmaydi ham» degan. Keyin va’da qilingan oltinlarni shoirga berib yuboringlar, deb amr-farmon etgan.

Sulton juda ham haq gapni aytgan, shoir mehnatiga juda katta baho bergan. Axir «Shohnoma» Firdavsiyning qalb qo‘ri bilan dunyoga keldi. Oltmish ming baytning har satri ko‘z nuri, yurak dardi bilan bitilgan. U shoir yigitligining qaymog‘ini oldi, butun umri, yoshligini Ajam tarixini nazmga solishga bag‘ishladi. Xalq bilgan afsonayu rivoyatlarni hech erinmay yig‘di, bormagan, ko‘rmagan joyi qolmadi. Axir o‘ttiz yildan ortiq davr — bir yigitning umri, buning uchun mustahkam iroda, chidam, o‘qish, tarix sahifalarini erinmay birma-bir sinchkovlik bilan varaqlash lozim edi. Bir satr she’rni yozib qo‘yib, keyin uni asoslash uchun tong otguncha erinmay kitob varaqlagan vaqtlari bo‘ldi. Hatto tushida ham o‘sha qalamga olayotgan qahramonlar siymosi ko‘z o‘ngidan o‘tar, keyin uyquni tark etib, tong otguncha qalam tebratar edi.

Shoir hukmdordan doim minnatdor bo‘lib yashagan. «Shohnoma»ning boshlanishida Sulton Mahmud sha’niga atab bitilgan qutlovda shunday go‘zal, chiroyli iboralar nazm etilganki, bunday so‘z gavharlari faqat Firdavsiy zabonigagina xosdir.

Mana endi, masalaga yana ham jiddiyroq yondoshadigan bo‘lsak, nima uchun sultonning buyrug‘i bajarilmay qolgan. Barcha muammo, noaniqlik ana shunda. Kim shoirni aldab, oltin o‘rniga kumush tanga berib yuborgan? Taniqli olim Homidjon Homidiy bir necha bor qayta nashr etilgan «Ko‘hna tarix durdonalari» asarida ta’kidlashicha, Firdavsiyning Sulton Mahmud haqidagi hajviyasi Firdavsiy hali G‘aznadan chiqib ketmasdan tezkorlik bilan yozilgani, bir necha nusxada shaharga tarqalib, mashhur bo‘lib ketishi va o‘sha kuniyoq Sulton Mahmud G‘aznaviyga yetkazilishi hech qachon aqlga sig‘maydigan bir jumboqdir. Yana qizig‘i shundaki, Firdavsiy «Shohnoma»ni yozib, tugallab G‘aznaga olib kelganda, saksonga kirib qolgan munkillagan chol edi. Uning G‘aznadan chiqib, tezda g‘oyib bo‘lib qolishi, shaharma-shahar qochib yurishiga madori ham, imkoni ham yo‘q edi.

1996 yilda Eron olimi Muhit Tabotaboyining «Firdavsiy va «Shohnoma» degan maqolalar to‘plami bosilib chiqqan. Olim to‘plamdagi «Sulton Mahmud va Firdavsiy», «Sulton Mahmud va «Shohnoma» maqolalarida, jumladan, shoh va shoir munosabatlariga baho berib quyidagi fikrlarni bildirgan:

«Sulton Mahmud bilan Firdavsiy munosabatini aniqlash bo‘yicha «Shohnoma» matnidan bo‘lak hikoya va afsonalarni qabul qiluvchi kishilar kitobning ko‘p joylarida yozilgan mana bu va shunga o‘xshash fikrlarga nazar tashlasa yaxshi bo‘lardi. Shunda (unga) Firdavsiy qay darajada Sulton Mahmudga va Sulton Mahmud esa uning asariga aloqadorligi ma’lum bo‘lardi. Shoir Sulton saroyida va xudo rahmati bo‘lganidan keyin esa u dunyoda shohning tuhfasi, ya’ni Sulton Mahmudning bergan sovg‘asini jahonda xotira sifatida qolishini orzu qiladi. Ittifoqan, qadimgi «Shohnoma» muqaddimasida yozilgan bu narsa amalda ham shunday bo‘ldi. Ya’ni, Sulton Mahmud shoir asarini oxiriga yetkazganidan keyin G‘aznadan Tusga yuborgan mablag‘i yetib keldi va qizining talabi hamda Mahmudning ko‘rsatmasiga binoan qabri ustida hashamatli maqbara qurishdi. Bu maqbara mo‘g‘ullar bosqinigacha Tusda o‘z joyida obod turgan. Maqbaraga sarflangan mablag‘dan ortiqchasiga bir qishloq sotib olindi va u maqbaraga vaqf qilindi».

Ikkinchi maqolada esa shunday deyiladi:

«Biz shoir asarini boshdan-oxir juda diqqat va sinchkovlik bilan o‘qib chiqdik. Shoir bilan Sultonning munosabati har doim bir-biriga yaxshi va muloyim bo‘lgan.

Bilmadim, «Hajvnoma» yozishga shoir qachon, qaysi zamonda majol topdi ekan. Chunki «Hajvnoma» yozilgan 402 hijriy yilida shoir 80 yoshli, kuch-quvvatdan qolgan chol edi. Ko‘zi ojiz va qulog‘i og‘ir, oyog‘i bo‘shashgan va u shuhardan bu shaharga qochib yurishga kuch-quvvati yetmasdi».

Mashhur chex sharqshunosi akademik Yan Ripka «Fors-tojik adabiyoti tarixi» kitobida (Moskva, 1970 yil) ham (bu asar rus, nemis, fors tillariga tarjima qilingan) Sulton bilan shoir munosabatlariga to‘xtalib, Firdavsiyning hukmdor haqida bitgan hajviyasi maxsus yozilgan alohida asar emas, balki u «Shohnoma»ning turli boblaridan olingan yuz satrlik sun’iy she’r degan fikrni ilgari suradi. Bundan maqsad mualliflar, aftidan, hajvnomaning yozilish usuli, go‘yo Firdavsiyga xosligini saqlab qolmoqchi bo‘lishgan.

Chex olimi Yan ta’kidlaydiki, Sulton Mahmud «Shohnoma»ning yuksak va tengsiz badiiy asar ekanligini tan olib, yuqori baholagan hamda buyuk asar tagida yotgan shia mazhabiga oid g‘oyalarini yoqtirmagan. Va saroy a’yonlari podshohning ana shu kayfiyatidan foydalanib, shoir bilan Sultonning yaxshi munosabatlariga rahna solishga uringanlar va bunga erishganlar.

Fikrimizcha, — deydi chex olimi, — hajvnomaning dunyoga kelishi ana shu kayfiyat bilan bog‘liq bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Atoqli sharqshunos olim Ye.E.Bertels «Istoriya kulturы i literaturы Irana» kitobida (Moskva, 1988 y.) ham ana shu munosabatlarga to‘xtalib, shoirning hajviyasi haqiqatdan o‘ylab chiqarilgan bir narsa, aslida Firdavsiy tomonidan yozilganligiga ishonib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

Biz Firdavsiy va Sulton Mahmud G‘aznaviyning o‘zaro munosabatlari xususida o‘z fikr va mulohazalarimizni bayon etdik. Masalaga chuqurroq yondashadigan bo‘lsak, Sultonning va’da qilingan aqchani bermaganligi, shundan keyin Firdavsiyning Sulton Mahmud haqida hajvnoma yozishi, har ikki buyuk siymoning obro‘-e’tiboriga soya solmaydimikan, axir biri ulug‘ shoir, biri buyuk hukmdor bo‘lsa! Sulton Mahmud g‘irrom, xasis, deb buyuk shoirga hurmatsizlik qilganlikda ayblanmoqda, Firdavsiy bo‘lsa, Sulton saroyida izzat-hurmatda yashab, undan ko‘p ma’naviy, moddiy madad olib, oqibat-natijada Sultonni hajv qilib, bu bilan go‘yo o‘z sha’niga ham yomon nom qoldirgandek. Hajvnomani yozib, Firdavsiyga ham, Sultonga ham tuhmat qilgan g‘iybatchi, g‘alamislar bo‘lsa, fosh etilmay, barcha siru asrorni o‘zlari bilan tuproqqa olib ketganday tuyuladi.

Sulton Mahmud G‘aznaviy Sharqda buyuk turkiy davlat barpo etgan atoqli davlat arbobi bo‘lsa, Firdavsiy g‘aznaviylar saltanati dargohida «Shohnoma»dek tengi yo‘q asar yaratgan ulug‘ shoir va mutafakkirdir. O‘sha davrdagi G‘aznada ijod qilgan, har biri butun dunyoga arziydigan shoiru allomalar, shu jumladan, Firdavsiy ham ana shu buyuk davlat doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy uyg‘onish davrining ijodkorlaridandir.

Yana shuni ta’kidlash lozimki, bizning ota-bobolarimiz G‘arbga emas, Sharq ma’rifiy-ma’naviy olamiga taqlid etganlar, hatto davlat ishlari ham, shoiru allomalarning asarlari ham ko‘proq forsiy, keyinchalik arab tilida yozilgan. Sulton Mahmud G‘aznaviy o‘z ona tili — turkiy tildan tashqari fors va arab tillarini yaxshi bilgan ma’rifatli hukmdor bo‘lgan. Ko‘p kitoblar mutolaa etgan, hatto g‘azallar bitgan. Musiqa, qo‘shiq, go‘zallik ixlosmandi bo‘lgan. G‘azna saltanatidagi mashhur shoirlarning she’r, doston, qissa-qasidalari ham asosan fors tilida yozilgan. Eng buyuk asarlar somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar davlati panohida, ularning ma’naviy-madaniy homiyliklari doirasida yuzaga kelgan. Jumladan, Firdavsiyning «Shohnoma»si ham Sulton Mahmudning panohida, uning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufayli yaratilib qolgan. Ming yillardan beri dunyo tarixshunoslari, adiblari tomonidan ikki ulug‘ zotning munosabatlari haqidagi bitiklarda «Shohnoma»dek buyuk asarning yaratilib qolishidek tarixiy voqeadan ko‘ra, Sulton «Shohnoma»ga va’da qilingan tilla tanga o‘rniga nuqra berib yuborgan degan ancha siyqasi chiqib ketgan qarashlar, ikki qadimiy iqtidorli xalqlar — forsiylar bilan turkiy xalqlar o‘rtasidagi azaliy hamdo‘stlik aloqalariga ozgina bo‘lsa ham rahna solmoqdaki, bu chiqishlar, ming afsuski, hanuz davom etib kelmoqda.

Davlatlarimiz mustaqil taraqqiyot yo‘liga kirgan, milliy an’analarimiz, tariximiz har tomonlama qayta tirilib, tilimiz, dinu diyonatimiz, o‘zligimiz qaytib kelgan nurli zamonda Sharq xalqlari tarixining biz qalamga olgan ana shu sahifalarini qaytadan ko‘rib chiqish vaqti yetmadimikin?

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 6-son