Mansurxon Toirov. Venger sayyohining so‘nmas sevgisi

http://n.ziyouz.com/images/vambery.jpg

Ulug‘ sayyoh Arminiy Vamberining “O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat” nomli asari vatanimiz tarixi xolis yoritilgan bebaho manbalar sirasiga kiradi. A.Vamberidan oldin ham yurtimiz tarixiga oid manbalar ko‘p va ular necha ming yillik davlatchilik tarixi, milliy o‘zligiga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi haqida mangu guvohlik berib turadi.

Vamberi o‘z zamonasining kuchli faylasuf olimi, professor, Vengriya fanlar Akademiyasining akademigi edi. Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohati davomida Vamberi uchratgan odamlarning aksariyatini o‘zbeklar tashkil qilgan va u biror marotaba ham o‘zbek millatiga mansub odamlardan, ularning kattayu kichigidan hech bir yomonlik, adolatsizlik ko‘rmagan. Ikki buyuk daryo oralig‘idagi o‘zbek diyoridan chiqib ketgach, Eronga yaqin o‘lkalarda qiyinchilik mashaqqatlari uni tushkunlikka tushirishi mumkin bo‘lgan pallalarda bu yerlarda ham o‘zbeklar bor-ku, o‘zbek xonadoni meni och va yalang‘och qo‘ymaydi deb, o‘zbeklarning saxovati, olijanobligiga suyangan va ishongan. O‘zbek millati odamlariga, yevropaliklar ta’biri bilan aytganda, “turkiy xalqlar dvoryani, ritsari”, deya qaragan.

Arminiy Vamberi 1832 yilning 19 martida Dunay daryosidagi (Vengriya) Shyutt orolida joylashgan Duna-Sherdageli qishlog‘ida dunyoga kelgan. U otasidan juda erta judo bo‘ladi. Besh yoshidanoq tirikchilik g‘ami boshiga tushib, uyi atrofidagi botqoqliklardan zuluk teradi, onasi esa zuluklarni dorixonaga sotib, oila a’zolari shundan kun ko‘rishadi. Botqoqda ko‘p yurish Vamberini og‘ir kasalga duchor etadi va u bir umrga oqsoq bo‘lib qoladi. Og‘ir hayot sharoitida, yarim och bo‘la turib o‘qimoq unga juda ham mashaqqatli edi. Shu bois u o‘spirin yillaridanoq ma’lumotini oshirish uchun o‘z ustida mustaqil ishlaydi va badavlat odamlarning bolalarini o‘qitish orqali kitob, daftar, kiyim-bosh, osh-ovqatiga pul topadi. Yosh bolalik yillaridayoq u venger, nemis, slovak, yahudiy, lotin, frantsuz, ingliz, ispan, daniya va shved tillarini puxta o‘zlashtirib oladi. Yigirma yoshlarga kirganida rus, qadim yunon, turk, arab va fors tillarida ham bemalol gaplasha oladi. Vamberi 20 tilda, shu jumladan, o‘zbek tilida so‘zlashishni mukammal o‘zlashtiradi. U 1861 yili, ya’ni 29 yoshida Vengriya fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi etib saylanadi.

Bizga ma’lumki, Arminiy Vamberining biror asari olimning ona tili – venger tilidan yoki hech qursa, inglizchadan o‘zbekchaga o‘girilmagan. Uning faqat “Turkiy xalqlar” nomli asarigina ruschadan o‘zbekchaga tarjima qilingan. “O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat” kitobining ruscha tarjimasi esa Moskvada V.Romodin muharrirligida chop etilgan. Arminiy Vamberidek ulkan sharqshunos olim kitobining ruscha tarjimasida ko‘chmanchi o‘zbek jumlasi faqat bir marotaba ishlatilgan bo‘lib, unda ham bu jumla tarjimon yoki mas’ul muharrir tomonidan kiritilgani sezilib turadi. Vamberi har doim o‘zbek degan so‘zni yozganida o‘quvchiga o‘troq xalqni gavdalantirib beradi. Demak, Arminiy Vamberi O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohatida ko‘chmanchi o‘zbeklarni uchratmagan va o‘zbeklarni ushbu diyorning tub o‘troq xalqi, deb bilgan. Bizningcha, “ko‘chmanchi o‘zbek” jumlasini o‘zbek xalqi tarixiga noxolis yondashmoqchi bo‘lgan biror kimsa kiritib qo‘ygan va bu jumla Vamberiga tanish bo‘lmagan. Umuman, o‘zbek xalqi tarixida o‘zbek so‘ziga ko‘chmanchi iborasini ilk bor kim, qachon va nima maqsadda kiritgan, bilmadik. Kitobdagi “o‘zbeklarni ko‘chmanchilar himoya qilar edi”, degan ibora yanada ishonchimizni mustahkamlaydi.

Buyuk sayyoh Vamberi asarlarini rus tilidan o‘zbekchaga emas, balki vengerchadan yoki hech bo‘lmasa, inglizchadan o‘zbekchaga o‘girganimizda edi, o‘zbek xalqi tarixi va uning olijanobliklari haqidagi tarjimonlar chalkashtirgan yoki buzgan va balki qisqartirib yuborilgan bir qator tarixiy qimmatli misollar topgan bo‘larmidik, degan o‘ylar dildan kechadi.

Arminiy Vamberi O‘rta Osiyo bo‘ylab o‘sha mashhur sayohatini amalga oshirgan XIX asrning o‘rtalarida bu hududlar asosan uch xonlik – Xiva, Buxoro va Qo‘qon xonliklari tasarrufida bo‘lgan.

Ayni O‘rta Osiyoning Rossiya mustamlakasiga aylanishi arafasida Arminiy Vamberi kabi buyuk sayyohning bizning o‘lka bo‘ylab sayohat qilishi hamda xalqimiz hayot tarzi haqida bergan beg‘araz ma’lumotlari biz uchun bebaho tarixiy manbalarga aylangan, deb bilamiz. Mustamlakachilar o‘zining g‘ayriinsoniy ta’sirini ko‘rsatgunicha o‘sha davrlarda xalqimiz qadriyatlari, an’analari qanday bo‘lganligi haqidagi xolis ma’lumotlarga ushbu sayyoh qoldirgan manbalar asosida, qisman bo‘lsa-da egamiz, deya olamiz.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Hammamiz shu tuproqning suvini ichganmiz, non-tuzini yeganmiz. Hammamiz o‘zimizni o‘zbek sanaymiz. O‘zbekligimizdan faxrlanamiz, g‘ururlanamiz…

…Yana qaytarib aytmoqchiman: biz o‘zimizni millat deb bilar ekanmiz, o‘zbekchiligimiz haqida aniq tushunchaga ega bo‘lishimiz kerak”.

Arminiy Vamberi Makkadan qaytayotgan hojilarga qo‘shilib, darvesh kiyimida 1863 yilning 28 mart kuni Tehrondan ayni inglizlarning janub tomondan hamda Rossiyaning shimol tomondan uch o‘zbek xonligiga nisbatan tajovuz xavfi juda ham kuchga kirgan pallada O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohatini boshlaydi. U arab alifbosida venger so‘zlari bilan sayohati davomida ko‘rgan-kechirganlarini daftarga yashiriqcha yozib boradi. Bir oycha muddat ichida necha bora qaroqchilar to‘dalaridan, ochlik va ayniqsa, tashnalik mashaqqatlarini mardonavor yengib, hojilar bilan 31 may kuni nihoyat Xiva xonligidagi u ilk ko‘rgan o‘zbek qishlog‘iga — “Oqyop”ga kirib boradi.

Arminiy Vamberi Xiva xonligi va undan Buxoro xonligiga o‘tib, Samarqand orqali Amudaryoning chap qirg‘og‘idagi o‘zbeklar yashaydigan Chichaktu bilan vidolashgunicha bo‘lgan sarguzashtlarini bayon qilib borar ekan, unda 55 marotaba o‘zbek so‘zini ishlatadi. Sayyoh doimo o‘zbeklarni uy – hovli joyli qilib tasvirlaydi. Ularni doimo olijanob sifatlarini bayon qilib borar ekan, hattoki, chegaradagi boj yig‘uvchi, mabodo, o‘zbek bo‘lsa, u ham xushmuomala bo‘lganligini uqtirib o‘tadi. Buxoro va Xiva aholisi haqida so‘z yuritganida ularni ko‘pincha buxorolik yoki xivalik yoki qo‘qonlik yoki samarqandlik degan so‘zlar bilan ifodalab o‘tadi. Xiva, Buxoro va Samarqand xalqining aksariyat qismini o‘zbeklar tashkil qiladi, deydi u.

Biz esa ortiqcha tafsilotlarga berilmasdan, “ming eshitgandan bir ko‘rgan afzal” deganlaridek, A.Vamberining “O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat” asaridan ayrim parchalarni keltirishni lozim topdik. Shu orqali ulug‘ sayyohning o‘zi guvoh bo‘lgan o‘tmish hayotimiz lavhalarini tasavvurimizda jonlantirishni niyat qildik.

O‘rta Osiyo bo‘ylab sayohat[1]

Bu menga g‘oyatda qiziq edi, chunki men qachonlardir Aleksandr Makedonskiy o‘sha davrlardayoq qo‘rqinch solib turgan aylana atrof sahrosi aholisidan himoyalanish uchun qurdirgan tosh devorning talay qismini ko‘rishimga imkoniyat bo‘ldi.

* * *

Avvaliga yo‘qolgan narsani hamma yoqni ag‘dar-to‘ntar qilib uzoq axtarishdi. Hech narsa topilmagach, eshon(shayx) o‘g‘ri olgan narsalarini qaytarmasa, uni la’natlab duoibad qilishi haqida e’lon qildi. Oradan bir sutka vaqt o‘tar-o‘tmas, tavbasiga tayangan aybdor paydo bo‘ldi; u faqat o‘g‘irlagan narsalarinigina emas, balki yarashish orzusida sovg‘a-salomlar ham keltirgan edi. Men bizning Parij yoki London politsiyamizga bu usulda ishlashni tavsiya qilish mumkin emasligini ko‘z oldimdan o‘tkazdim.

* * *

Baxtimga uyqusizlikdan olgan azoblarim go‘zal bahor taassuroti ostida unutila boshladi va biz Xivaga yaqinlashganimiz sari bahor shukuhi ortib borar edi. Avvaliga men sahrodan kelganim uchun Xiva menga shunday go‘zal bo‘lib ko‘rinyapti, deb o‘ylagan edim. Lekin mana bugun yana Yevropaning go‘zal go‘shalarini ko‘rib tursam-da, Xiva atrofi va hovlilari tarovatini go‘zalroq deb bilaman… Mabodo, Sharq shoirlari o‘z ilhomlarini bu yerda sozlaganlarida edi, fors sahrolaridagidan ko‘ra arzigulik manbalar topgan bo‘lar edilar.

* * *

O‘rta Osiyoda bir odat bor, biroz vaqtga bo‘lsa ham oddiy bir ish bilan kishining uyiga bosh suqsangiz, oldingizga dasturxon yozishadi va mehmon ozgina bo‘lsa-da, tamaddi qilib olishi kerak bo‘ladi. Uy egasiga: “Men boshqa taom yeya olmayman”, deyishlik tarbiyasizlikning belgisi hisoblanadi. Mening hoji hamrohlarim ushbu borada ham o‘ta tarbiyali ekanliklarini obdan isbotlashdi.

* * *

O‘zbeklar konus shakliga o‘xshash mo‘yna telpak, katta, qo‘pol yumshoq ko‘n etik kiyishadi va shu bilan birga yozda uzun ko‘ylak kiyib yurishadi. Keyinchalik men ham shu kiyimni kiya boshladim, chunki ko‘ylakni ohori ketmasa, uni kiyish uyat hisoblanmaydi va hattoki, uni bozorga ham kiyib borish mumkin bo‘ladi.

* * *

Bundan tashqari, childirma va dutor bo‘lib, baxshi o‘z qo‘shiqlarini musiqaga soladi. Odatdagi hayotda ko‘proq qahramonlar kuylansa, qirol saroyida, aksincha, ko‘proq Navoiy hamda fors shoirlari g‘azallari tanlanadi, yosh shahzodalar musiqa chalishga o‘rgatilgan bo‘lishgani uchun xon ko‘pincha ulardan o‘zi yoki saroy trubadurlari (baxshilari) hamrohligida biror musiqani ijro qilib berishni so‘raydi. Tehron yoki Bosfor saroylaridagi kabi o‘yin-kulguni siz o‘zbek hukmdorlari saroyida topa olmaysiz, u bu yerdagilarga tanish emas va yoki odatga aylanmagan. O‘zbeklarning milliy xarakterida jiddiylik hamda qat’iylik ustun…

* * *

Undan chetroqda Munojot tog‘i ko‘rinib turadi. U yerni avliyo Anbar ona dafn qilingan joy, deb bilishadi. Islomning sunniylik mazhabida ayol-avliyolar ko‘pam uchrayvermaydi, lekin bunday avliyolardan bir nechtasi O‘rta Osiyoda mavjud. Bu – G‘arbdagi “islom insonning go‘zal bo‘lagiga nisbatan o‘gay ona kabi munosabatda bo‘ladi”, degan ma’nodagi dunyoqarashiga nisbatan yana bir muhim ziddiyatdir.

* * *

Kechki qo‘nog‘imizga ancha-muncha yegulik uchun narsalar ovlab oldik. Men sizga aytgan qushlar bu yerlarda mazaliroqdir va umuman olganda, o‘zbeklar ularni Mozandarondagi forslarga qaraganda mazaliroq qilib tayyorlashni bilishadi. O‘rmon tugagan yerda o‘zbeklar yashaydigan mustahkam Qizilchagala qal’asi ko‘rinadi.

* * *

Oksusning (Amudaryoning) qumli suvi suv sekinroq oqqani uchun tinib ulgurgan kanal va ariq suvlari kabi (to‘g‘ridan-to‘g‘ri – M.T.) ichish uchun judayam yaroqli emas. Oksusda esa suv go‘yoki qumdan tayyorlangan pirogni yegan kabi tishingda g‘ijirlaydi, lekin uning suvini biroz tindirilib ichilsa bo‘ladi. Mazasi haqida so‘z yuritilsa, Turkiston aholisi yer yuzida biror daryoning suvi, hattoki, muborak Nilning suvining mazasi ham Oksusning suvi mazasiga tenglasha olmaydi, deya tasdiqlashadi. Boshida men yoqimli ta’m suvsiz sahrodan kelganim uchun bo‘layotir, degan tushunchada yurdim, lekin men tan berishim kerakki, na Osiyoda va na Yevropada suvi Oksus suvidan ko‘ra mazaliroq daryo suvini uchratmadim.

* * *

Meni yangi hamrohlarimga ro‘para qilishar va iloji boricha, menga go‘yoki o‘g‘li yoki ukasiga beriladigandek eng yaxshi maqtovlarni ular oldida yo‘llashar ekan, hamrohlarim meni shahar darvozasi oldida Qarshigacha ketishga tayyor turgan karvon qoshigacha kuzatib borishdi. Men oxirgi quchoq ochgan do‘stimdan ajragan damim yosh boladek yig‘lar ekanman, karvondagi o‘z joyimni egallab oldim; mening do‘stlarim ham ko‘z yoshlari bilan yuzlarini yuvishar, ikki qo‘llarini osmonga ko‘tarib Ollohdan safarim bexatar kechishini so‘rashar edi. Men bir necha bora orqamga o‘girilib qarab bordim, lekin tez orada ular ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi va men faqat chiqib kelayotgan oy kabi yarqirab turgan Samarqand qubbalarini ko‘ra boshladim.

* * *

O‘rta Osiyo bo‘yicha pichoqsozlik keng tarqalgan bo‘lib, hojilar ulardan sotib olib, forslar yurtiga, Arabistonga va Turkiyaga olib borishar va uch-to‘rt barobar qimmat narxda pullashar edi. Pichoqlar o‘zining mustahkamligi va nafisligi bilan inglizlarning eng nodir mahsulotlari bilan bemalol bellasha olar edi.

* * *

Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki qoya orasidan oqib o‘tuvchi Oksusning kengligi Peshtam va Ofen orasidan oqib o‘tuvchi Dunayning kengligidan ikki barobar oshiq edi.

* * *

1862 yili qari Barakzoy hukmroni oxirgi bora qilichini Hirotning g‘ayridinlariga nisbatan yalang‘ochlaganida, butun O‘rta Osiyo zirilladi, lekin Maymana bu gal ham bo‘sh kelmadi hamda o‘zbeklarning mardlik va jasorati matalga, xalq ichida dostonga aylandi.

* * *

Bu – ushbu yerda izlarini haliyam topish mumkin bo‘lgan Pul Tabon tosh ko‘prigini qurishga farmon bergan mashhur sulton Husayn Mirzoning yozlik qarorgohidir. O‘rta Osiyoning eng o‘qimishli ushbu hukmdori davrida aylana atrofdagi barcha yerlar gullab-yashnagan va Murg‘obning sohilida yana bir nechta shahardan tashqarida qurilgan saroylar mavjud bo‘lgan.

* * *

So‘ngra men Kustenji orqali Peshtga jo‘nab ketdim va u yerda menga Samarqanddan ayrilmay hamroh bo‘lib kelayotgan qo‘ng‘irotlik Mulla Ishoqni qoldirib, Londonga jo‘nab ketdim (u Xivalik mulla Makka o‘rniga Vengriyaning poytaxtiga tushib qolganidagi hayratini o‘quvchi ko‘z oldiga keltirishi qiyin emas. Uni ko‘proq farangilarning oqko‘ngilligi, ular uni o‘ldirib qo‘yishmagani hayratga solar edi). Men yurtimda ko‘p qola olmas edim, chunki Angliya Qirolligining geografiya jamiyatida mavsum tugamasidan o‘z sayohatim haqida ma’ruza qilishim kerak edi va men buni do‘stlarimning qo‘llab-quvvatlashi orqali uddallay oldim. 1864 yilning 9 iyunida Londonga keldim va ikki bir-biridan mutlaqo farqli bo‘lgan shaharlar – Buxoroni Londonga almashishga ko‘nikishim uchun mendan g‘oyatda katta matonat talab qilindi.

* * *

O‘zbeklar bu – asosan, o‘troq xalq bo‘lib, dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi. Ular Orol dengizining janubiy chegarasidan to Komulagacha (Xivadan 40 kunlik yo‘l) bo‘lgan juda keng maydonda istiqomat qilishadi va uchala xonlikning hamda Xitoy Tataristonining (Qashqar nazarda tutilayapti – M.T.) eng ko‘p sonli xalqi hisoblanishadi. O‘zbeklar 32 qavm (urug‘ – M.T.)ga bo‘linishadi (Shu o‘rinda Vamberi ularning nomlarini birma-bir keltirib o‘tadi – M.T.).

1) qo‘ng‘irot, 2) qipchoq, 3) xitoy, 4) mang‘it, 5) noks, 6) nayman, 7) qulan, 8) qiyat, 9) as, 10) taz, 11) sayat, 12) jagatoy, 13) uyg‘ur, 14) oqbet, 15) do‘rmon, 16) yoshun, 17) qanjig‘ali, 18) nog‘ay, 19) bolg‘ali, 20) miten, 21) jaloir, 22) kenagas, 23) qonli, 24) ishqili, 25) bo‘yyurli, 26) alchin, 27) ochmoyli, 28) qorakursak, 29) birquloq, 30) turkush, 31) kallekesar, 32) ming.

* * *

“O‘zbek” nomi bilan doimo ko‘ngilga juda yoqimli ohang beruvchi, yaxshi muomalalilik haqidagi taassurot keladi. Shuning uchun qirg‘izlar, qipchoqlar, qalmiq va boshqalar shaharga yashash uchun ko‘chib borishlari bilanoq o‘z millatlaridan voz kechishib, o‘zlarini o‘zbek deya atay boshlashgan.

* * *

Poytaxt – Qo‘qon, (“Xobkent” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lishi, ehtimol – “go‘zal qishloq”, “go‘zal joy”) yoki yerli xalq Qo‘qondi – Latif, ya’ni “Maftun etuvchi Qo‘qon”, deya ataydi. U ajoyib vodiyda joylashgan bo‘lib, maydoni Xivanikidan olti barobar, Buxorodan uch barobar va Tehrondan to‘rt barobar kattadir.

* * *

Toshkentdan so‘nggi eng ahamiyatga molik shaharlardan biri Xo‘jand bo‘lib, unda 5 mingga yaqin uy va sholcha ishlab chiqaruvchi fabrika, 15 madrasa hamda 30 masjid bor; (Afsuski, Vamberi Toshkentda nechta madrasa bo‘lganligi xabarini qoldirmagan yoki bu yozuvlar mas’ul muharrir tomonidan keraksiz deb topilib, qisqartirib yuborilgan bo‘lishi mumkin. Toshkentdan kichik shahar – Xo‘jandda 15 madrasa bo‘lgan bo‘lsa, Toshkentda o‘sha paytda balki ular soni kamida 20-30 bo‘lgandir – M.T.) Marg‘ilon, Qo‘qon olimlarning o‘chog‘i bo‘lib, hozirda Mahdum A’zam tariqatining rahbari (bu to‘ra hozirgi Buxoro amiri shaharga g‘olib sifatida kirib kelganida unga o‘zining oq fotihasini berishdan bosh tortgan, lekin amir uni jazolashga botina olmagan) Buzrukxo‘ja katta yashayotgan joydir; Andijonda xonlikning og‘ir shoyi material – eng yaxshi adraslari ishlab chiqariladi. Qo‘qon xonligining siyosiy ahvoliga kelsak, uning mustaqilligi Buxoro va Xivaniki kabi qadimiydir.

* * *

Qo‘ylar hamma yerlarda quyruqli bo‘ladi va ular, ayniqsa, Buxoroda yaxshi bo‘ladi. Men Osiyo bo‘yicha uning go‘shtidan ko‘ra mazaliroq et yemaganman.

* * *

Buxoro aholisi Xiva aholisidan son jihatidan bir necha barobarga ko‘pdir va buxoroliklarning Xivani shu paytgacha bosib ololmaganligini faqat va faqat o‘zbeklarning mardligi bilangina izohlash mumkin. Mening eshitishimcha, Olloqulixon birinchi bo‘lib o‘z elchilarini Buxoro va Qo‘qonga yo‘llab, Russiya tomonidan bo‘layotgan tajovuz xavfining oldini birgalikda olish taklifini qiladi. Buxoro bu taklifni olgach, uni rad etibgina qolmay, balki ruslar tomonga og‘ib ham ketadi. Qo‘qon taklifni qabul qiladi va Buxoro bilan urush holatida bo‘lgan Shahrisabz va Hisor ham ularga qo‘shiladi. Lekin ittifoq yaxshi niyatligicha qolib ketadi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 1-son

———————-

[1] Asardan parchalar ushbu maqola muallifi tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan.