Ya’qub Charxiy (1359-1447)

XV asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashagan naqshbandiya ta’limotining yirik vakillaridan Xoja Ahrori Valiyning ustozi bo‘lmish mavlono Ya’qub Charxiy G‘azna (Afg‘oniston) shahriga tobe qishloqlardan biri hisoblangan Charhda tug‘ilganligi uchun Charxiy taxallusini olgandir. Manbalarning guvohlik berishicha, u o‘z davridagi ilmlarni egallagach, ko‘nglida tasavvufga nisbatan xohish paydo bo‘lib, Buxoroga keladi va Xoja Bahovuddin Naqshband bilan uchrashadi. Bu voqealarning tafsiloti uning “Risolai unsiya” (“Do‘stlik haqida risola”) nomli kitobida bayon qilingan.

Bir necha sinovlardan so‘ng, Xoja Bahovuddin Naqshband Charxiyni shogirdlikka kabul qilib, so‘fiylik ta’limoti bilan tanishtiradi va uni o‘zining shogirdi va kuyovi Xoja Alouddin Attorning tarbiyasiga topshiradi. Buxoroda Ya’qub Charxiy tasavvuf sohasida tez orada ma’naviy kamolot topadi va Chag‘oniyonda faoliyat ko‘rsata boshlaydi.

Ya’qub Charxiy Naqshband ko‘rsatmasiga muvofiq xalqni haq yo‘liga da’vat qila boshlaydi. O‘z asarlari va yetishtirgan shogirdlari bilan shuhrati har tomonga tarqaladi. U asosan Movarounnahrda Ulug‘bek va Xurosonda Shohrux davrlarida faoliyat ko‘rsatdi. Keyinchalik Naqshbandiya ta’limotining XV asrdagi eng yirik namoyandasi bo‘lib tanilgan Nasiriddin Ubaydulloh (Xoja Ahrori Valiy) Charxiyning shon-shuhratini eshitib, u bilan uchrashishga oshiqadi va oqibat-natijada uni pir tutib, unga shogird tushadi. Bu voqeaning tafsiloti “Rashahot”da bayon qilingan.

Mavlono Yoqub Charxiy maqbarasi. Tojikiston

Charxiy XV asrda Temuriylar davridagi tasavvuf, xususan Naqshbandiya ta’limotining yirik vakillaridan biri sifatida nom qozonadi. Bu haqda turli manbalarda ma’lumotlar keltiriladi. Mashhur Abdurahmon Jomiy o‘zining “Nafohot ul-uns” kitobida Ya’qub Charxiy faoliyatini va tasavvufni targ‘ib qilish sohasidagi xizmatlarini alohida ta’kidlab o‘tadi va Xoja Ahrori Valiy bilan ustoz-tolib munosabatlarini tilga oladi.

Mavlono Ya’qub Charxiy o‘z ustozi Xoja Bahovuddin Naqshbandning “mendan nimaiki senga yetgan bo‘lsa boshqalarga yetkaz”, degan amrlariga farmonbardor bo‘lib, hozir bo‘lganlarga xitob (so‘zlash) orqali, g‘oyibdagilarga kitob orqali yetkazishga harakat qildi.

Mavlono Ya’qub Charxiy Naqshbandiya ta’limoti, turli diniy ilmga oid bir qancha asarlar yozadiki, bu yerda ularning ro‘yxatini keltirib o‘tish maqsadga muvofiqdir:

  1. “Tafsiri Charxiy” (“Charxiyning Qur’onga qilgan tafsiri”).
  2. “Risolai unsiya” (“Do‘stlik haqida risola”).
  3. “Ar-risolat ul-abdoliya” (“Abdollar haqida risola”).
  4. “Risola dar siyrati Mustafaviya va tariqai mustaqimiya” (“Mustafoning siyratlari va to‘g‘ri yo‘llar haqida risola”).
  5. “Risola dar ilmi faroyiz” (“Farz narsalar haqida risola”).
  6. “Risola dar aqoid” (“Aqoid ilmi haqida risola”).
  7. “Risola fi-l-hisob va-l-faroyiz” (“Hisob va meros taqsimi haqida risola”).
  8. “Muxtasar dar bayoni silsilai Nahshbandiya” (“Naqshbandiya suluki haqida qisqacha risola”).
  9. “Sharhi asmoulloh” (“Alloh ismlarining sharhi haqida risola”).
  10. “Sharhi nuvadu nuh nom” (“Allohning to‘qson to‘qqiz ismining sharhi”).
  11. “Faroyizi manzuma” (“Nazmiy farz narsalar haqida”).

Charxiyni ko‘pchilik faqat Qur’oni Karimga tafsir yozgan olim sifatidagina taniydi. Haqiqatan uning maqbarasi peshtoqiga “tafsirchi olim” deb yozib qo‘yilgan. Asarlari ro‘yxatidan ko‘rinib turganidek, Charxiy Naqshbandiya silsilasini bayon qiluvchi aloxida risola ham yozgan. Bundan tashqari u “Risolai unsiya” (“Do‘stlik haqida risola”)ni yozdiki, unda Xoja Bahovuddin bilan uchrashgani, uning ta’lim-tarbiyasi va tariqat yo‘lida buyurgan ishlarini mukammal bayon qilib, o‘z ustozlarining nomi va shuhratlarini yoyishga xizmat qildi. Shuningdek, uning kalamiga meros haqidagi risola ham mansubdir. Charxiy hijriy 851, melodiy 1447 yili vafot etgan. U Movarounnahr va Xurosonda tasavvufning hayotiy yo‘nalishlaridan bo‘lmish Naqshbandiya ta’limotining keng yoyilishi va bu bilan umumiy madaniy yuksalish ishi yo‘lida xizmat qildi va bu yo‘lda o‘z hissasini qo‘shdi.

M. Hasanov, t.f.n. O. Bo‘riyev